“Sumalakdan tosh topdim...” Navro‘z bayrami dunyo bo‘ylab qanday nishonlanadi?


Saqlash
16:03 / 19.03.2022 2346 0

Yurtimizda Navro‘z shukuhi kezib yuribdi. Sumalak, halim, ko‘katli taomlar dasturxonlarimizni bezamoqda. Qardosh millatlar ham ushbu ko‘klam ayyomini nishonlashga kirishishgan. E’tiboringizga O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlarda nishonlanadigan Navro‘z bayrami va uning udumlari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etamiz.

 

Navro‘z qachon paydo bo‘lgan?

 

Abulqosim Firdavsiyning «Shohnoma»sida Navro‘z — yangi yil bayrami Eron shohi Jamshid nomi bilan bog‘lanadi. Jumladan, Jamshid yurtga yaxshilik qilish maqsadida odamlarga kasb o‘rgatadi, temir eritib qurol yasatadi, ip yigirtirib kiyim to‘qitadi, imoratlar barpo qiladi, tabiblik sirlarini ochadi, kema yasaydi, bog‘ bunyod qiladi. Nihoyat, «ishlari gurkirab berganda meva» bir kuni taxt yasatib, unda osmonga ko‘tariladi. Ushbu afsonaga ko‘ra xuddi shu kuni Navro‘z nishonlangan. 

 

Alisher Navoiy «Tarixi muluki ajam» asarida Jamshidning buyuk kashfiyotlari so‘ngida ulug‘ Navro‘z ixtiro qilinganligini bayon qiladi. Navoiy yozishicha: «...bu imorat tugandi, olam salomin va ashrof va ahbobin yig‘ib, anda azim jashn qildi. Ul vaqtkim, quyosh nuqta e’tidoli rabiyg‘a taqvil qilib erdi ul binoda taxt ustiga o‘ltirib, adolat savt va sadosin olamg‘a muntashir qildi va ul kunining otin navro‘z qo‘ydi».

 

Alisher Navoiyning o‘zi ham ushbu satrlarni bitgan:

Vasl aro ko‘rdim, teng emish bo‘yi-yu sochi,

Tunu kun emish, zohir o‘lur bo‘ldi chu Navro‘z

 

 

Qoraqalpoqlarda yetti xil donli taom

 

Orolbo‘yida yashovchi qoraqalpoqlar Navro‘z bayramini  bahorgi tengkunlik, to‘kin-sochinlik, baxtu-saodat, ezgu orzu-umidlar ramzi sifatida ardoqlab keladi. Navro‘z kirishi bilan dehqonlar yaxshi niyatlar bilan yerga urug‘ qadaydi, bog‘bonlar ko‘chat o‘tqazadi.  Ko‘pkari, kurash, qo‘chqor urishtirish singari xalq o‘yinlari har yilgi Navro‘z tantanalariga ayricha shukuh baxsh etadi. Araz va ginalar unutiladi, muhtoj kishilarga mehr-muruvvat ko‘rsatiladi. Baxshi-jirovlar do‘mbira chertib, barhayot dostonlar, o‘lan va laparlarni kuyga soladilar. Doshqozonlarda sumalaklar qaynaydi. Qoraqalpoqlarning sevimli bayram  taomlaridan yana biri navro‘z go‘jasi hisoblanadi. Bu taom yetti xil dondan tayyorlanadi. Har bir xonadonda ana shunday taom pishiriladi va qo‘ni-qo‘shnilarga, ovuldoshlarga tarqatiladi. Kishilar, ayniqsa qariyalar navro‘z go‘jasidan tatib, yilning barakotli bo‘lishini tilaydilar.

 

Qozoqlarda bo‘y qizlar va yigitlar sovg‘asi

 

Qozoqlarda ham  Navro‘z bilan bog‘liq ana shunday an’analar, urf-odatlar ko‘p. Xususan, Navro‘z nishonlanadigan oy ham ushbu bayram nomi bilan ataladi. Shuningdek, qozoqlar bayram arafasida birinchi bo‘lib uchib keladigan qushni "navro‘zko‘k”, birinchi bo‘lib ochiladigan gulni "navro‘zchechak” deb nomlashgan. Qadimda qozoqlarda Navro‘z tantanalari 3-9 kunlab davom etgan. Bo‘y yetgan qizlar bu kuni yigitlarga atab, "uyqi oshar” degan lazzatli taom pishiradilar. Yigitlar esa ularga bayram sovg‘alari tortiq qiladilar.  Turli tuman xalq o‘yinlari, sport musobaqalari tashkil etiladi. "Olti baqan", "qiz quu" musobaqalari ayniqsa, kattayu kichikda birdek qiziqish uyg‘otadi. Shu kuni doshqozonlarda beshbarmoq, sumalak, palovxonto‘ralar pishirilib, dasturxonlarga tortiladi. Kattalar kichkintoylarni ot va tuyalarda sayr qildirishadi.

 

Turkmanlarda milliy raqs shodiyonasi

 

Navro‘z turkman xalqining ham eng qadimiy, go‘zal va betakror bayramlaridan biridir.  Turkmanlar azaldan Navro‘zni tabiat qo‘ynida, xushmanzara go‘shalarda, qir-adirlarda nishonlab kelgan. Momolar tayyorlagan semeni – sumalak, dog‘rama, pishme, palov singari lazzatli milliy taomlar bayram dasturxonini bezaydi. Turkman elining to‘yu bayramlarini ot chopqi musobaqalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Mamlakat poytaxtida, viloyat va etrap (tuman) markazlarida tashkil etilgan milliy sport o‘yinlarida minglab chavandozlar, polvonlar o‘z kuch va mahoratlarini namoyish etadilar. Baxshilar, oqinlar navro‘z, bahor, tinchlik, totuvlik, hamjihatlikni tarannum etuvchi doston, aytim, laparlar ijro etadilar. Ayniqsa, tantanalarda kattayu kichik "Qush tepdi” milliy  raqsiga tushib, xursandchilik qiladi.  Daraxt shoxlariga osilgan halinchaklar xotirjamlik, farovonlik, baxt-saodat timsoli hisoblanadi. Ayniqsa, yoshlar, yigit-qizlar bayram arg‘imchoqlarida uchib, o‘zlariga omad, baxt so‘raydilar.  

 

Ozarboyjonlarda gulxandan sakrash udumi

 

 

Navro‘z qadim-qadimdan Ozarboyjonning ham  sevimli bayrami bo‘lib kelgan. Bu yurtda navro‘z taraddudi, u bilan bog‘liq tadbirlar ancha erta boshlanadi. Qish chillasi chiqishi bilan o‘tkaziladigan «Xizr Nabi» marosimi ham shular jumlasidandir. Navro‘zga bir oy qolganda ozarboyjonlar haftaning har chorshanba kuni gulxan yoqib, uning atrofida o‘yin-kulgi qilishadi.  Ayniqsa, yilning so‘nggi chorshanbasi kuni yoshu qari olov ustidan xatlab o‘tadi. Hatto uy hayvonlarini ham yonib turgan olov ustidan olib o‘tishadi.  Xalq aqidalariga ko‘ra, shu tariqa har bir kishining dard-alamlari, tashvishlari shu olovda yonib kul bo‘ladi. Shu kuni hech kim safarga chiqmaydi, kattaroq ish boshlamaydi. Marhumlar yodga olinib, ularning ruhi shod etiladi. Bayram kunlari xalq qiziqchilari «kal» va «ko‘sa»lar yelkalariga xurjun osib, an’anaviy milliy kiyimlarda ovul va mahallalarda, qishloq va guzarlarda ichakuzdi hangomalar aytib berishadi,  turli kulgili tomoshalar ko‘rsatishadi. Kichkintoylar hovlima-hovli yurib, devor osha bosh kiyim – papoqlarini irg‘itadilar. Uy egasi esa, bolalarning papog‘ini shirinlik, qand-qursga to‘ldirib qaytaradi.

 

Tojiklarda yetti xil taom

 

Navro‘z fors-tojik xalqlarining ham qadimiy bayramlaridan sanaladi. Eron, Afg‘oniston va Markaziy Osiyoda istiqomat qiluvchi forsiyzabon xalqlar ham ming yillardan beri bu bayramni katta shodiyonalar bilan nishonlab keladi. Bu xalqlarda Navro‘z bilan bog‘liq turli-tuman marosimlar va urf-odatlar hozirgacha saqlab qolingan. Masalan, afg‘onlar haft sin, ya’ni S harfi bilan boshlanuvchi yetti xil taom tayyorlab dasturxonga tortadilar. Qo‘shiq va g‘azallar kuylanadi.   

 

Zardushtlarda ikkita Navro‘zi olam

 

Zardushtlar dunyoning turli chekkalarida bo‘lsalarda, Navro‘zni albatta, nishonlashadi. Masalan, fors zardushtlari ayyomni Navroj deb atashib, 21-mart kuni o‘tkazishadi. Zardushtiylar taqvimiga ko‘ra, Navro‘z yilda ikki marta belgilangan. Birinchisi, Jamshidi navro‘z 21-mart – bahorning ilk oyida nishonlansa, ikkinchisi – Pateti iyul-avgust oyida o‘tkaziladi. Unda marhumlar yodga olinadi. Ammo ikkinchi Navro‘zni ko‘pchilik nishonlamaydi, asosan forsiylar o‘tkazadi. Eron zardushtlari Haft sin dasturxonini tuzaydilar. Haft sin stolida kumush idishlarda atirgul suvi, qovurilgan guruch, shakar, gullar, Zardusht surati bo‘lishi lozim.

 

Kashmir ayollari ro‘za tutadi

 

Kashmirliklar Navro‘zni Navrex deb ataydilar. Bayram hind taqvimiga ko‘ra, martning o‘rtasidan aprelning o‘rtalariga qadar davom etadi. Asosiy marosimlari Tal bxarun bo‘lib, bu Haft singa o‘xshab ketadi. Dasturxondagi patnislarda un, guruch, sutli puding, mevalar, yong‘oq, atirgul suvi, tangalar, siyoh va qalam, ko‘zgu, moychiroq bo‘lishi kerak. Odamlar yangi liboslar kiyib, o‘zaro sovg‘a almashishadi. Ba’zi yosh ayollar bu kunda ro‘za tutishadi.       

 

Afg‘onistonda lolalar bayrami

 

Afg‘onistonda sumalak samanak deb ataladi. Odatda, bayram ikki hafta davomida nishonlanadi. Navro‘zga tayyorgarlik ishlari bayramdan oldingi chorshanbada boshlanadi. Ushbu sana Chorshanba suri deb nomlanadi. Haft meva udumida yetti xil quruq mevadan salat tayyorlanadi, ichimliklar hozirlanadi. Mela gul surx nomli qizil gullar ayyomining malikasi – lolalardir. Bu qadimiy marosim asosan Mozori Sharifda yangi yilning 40 chi kunidan boshlab, ya’ni lolalar ochilgandan so‘ng nishonlanadi. Navro‘z kuni masjidlarda marosimlar uyushtirilib, marhumlar yodga olinadi. 

 

O‘zbekistonda xalq o‘yinlari o‘tkaziladi

 

Yurtimizda esa Navro‘z bayrami kecha bilan kunduzning tenglashgan payti, 21-22 mart kunlaridan boshlab bir hafta, o‘n kun davomida nishonlangan. Qadimda ajdodlarimiz Navro‘z kunlari qishloqlardan yozgi mehnat va hordiq maskanlari yozloqlarga ko‘chib o‘tishgan. Navro‘z bayramiga ular maxsus kiyimlar tayyorlashgan. Kitobxonliklar, turli jismoniy sovrinli o‘yinlar, musobaqalar tashkil etilgan. Ko‘pkari-uloq, kurash, turli hayvon va parrandalar janglari, xo‘roz, it, qo‘chqor urishtirish, masxarabozlik, askiyabozlik, dor o‘yinlari, xalq tomoshalari o‘tkazilgan. Masjidu madrasa, xonadonu mahalla, mozoru ziyoratgohlarda jonliqlar so‘yilib, doshqozonlarda osh damlangan va muhtojlarga tarqatilgan. Hozir ham qishloqlarda xalq o‘yinlari o‘tkaziladi, mahallalarda onaxonlar jam bo‘lib sumalak solishadi, sayllar o‘tkaziladi.

 

Ma’lumot uchun

 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2010-yilda 21-mart sanasini 3 ming yillik tarixga ega Xalqaro Navro‘z kuni deya e’tirof etdi. 2009-yil 28-sentabr-2-oktyabr kunlari Abu Dabida o‘tkazilgan marosimda Navro‘z ayyomi YuNESKOning Insoniyatning madaniy meroslari ro‘yxatiga kiritildi. Navro‘z so‘zi ingliz tili lug‘atlariga "nowruz" tarzida kiritildi.

                      

 

Nodira Ibrohimova tayyorladi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16810
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi