“Bir kuni onam...” Yurtdoshlarimizdan ta’sirli besh hikoya


Saqlash
09:03 / 09.03.2022 1355 1

 

O‘tmishga nazar solsak, ko‘plab buyuk insonlarning kamolotida ularning onalarining hissasi katta ekanini ko‘ramiz. Bugun ham volidasining mehru e’tibori va daldasi bilan el nazariga tushgan yurtdoshlarimiz ko‘plab topiladi. Oyina.uz ulardan ayrimlarini savolga tutib, onalari haqidagi xotiralarini yozib oldi.  

 

Komiljon SHAMSIDDINOV, jurnalist, siyosiy sharhlovchi:

        

–Ota-onamga bosh farzandman. Bolalikdan, nima desam ekan, aytganimiz – aytgan, deganimiz – degan, erkaroq, o‘jarroq bo‘lib o‘sganmiz. Boshqa tomondan, kaminani “papalab” o‘stirgan, tog‘dek suyanch bo‘lib turgan – buvimiz borlar: men tantiq bo‘lmay, kim bo‘lsin. Ayam o‘qituvchi edilar, ertalab ketib, tushlikda biz bolalarga biror yegulik qilib, keyin yana ishga ketardilar. Bolalar tashvishi, bu yog‘da qaynona-qaynota xizmati, ulfatsevar er, ikki stavkalik ish. Onam sho‘rlikning joni temirdan ekan, deyman.

Saksoninchi yillar o‘rtalari, “importniy” kiyim-bosh – anqoga shafe bo‘lgan kezlar ekan, shekilli, do‘konga biror taqchil matoh kelib qolsa, hamma sidirg‘asiga o‘shandoq kiyimga o‘tib olardi. Qish oylari bo‘lsa kerak, ittifoqo maktabning yarim bolasi hindcha sviter kiyib kela boshladi. Rangi haliyam esimda – och sariq aralash chiporroq tusda edi. “O‘shanaqasidan olib berasiz”, deb bizam ayamizga arillab yopishdik. Bu borada biz bilan olib borilgan “muzokaralar”ni-yu, ular naf bermagach, qilgan to‘polonlarimizni yozib o‘tirmay: masala bizning foydamizga hal bo‘ldi baribir. Aniqrog‘i, onam bir hamkasbidan nasiyaga, boz ustiga “podprilavka”, narxidan qimmatroq qilib o‘sha matohni opkelib berdilar.

Uch-to‘rt kun o‘tib, kechqurun ayam uyga kelib, etiklarini yechayotganlarida ko‘zim bir narsaga tushib qoldi: yechilgan poyabzalning har biridan bir hovuchdek suv to‘kildi. Keyin esa ko‘zim onamning – mening injiqliklarimni ko‘tarib, saksonta kiyim ustiga yana bir keraksiz matohni nasiyaga olib kelgan onajonimning oyoqlariga tushdi. Ular go‘shtdek qip-qizarib ketgan, hovur chiqib turardi. O‘ziga yangi etikni ravo ko‘rmay, taltaygan bolasining ko‘ngli deb, suv to‘la oyoq kiyimda kunu tun yugurgan onajonim-a!.. O‘sha kuni rosmanasiga, ayamni deb, uning qadri uchun izillab yig‘lab yuborganman...

Bunga necha o‘n yillar bo‘ldi. Bu orada balki o‘sha – qiynalgan kunlari unut bo‘lsin, deb va yoxud bolalik sabab qilingan xurmacha qiliqlar izini yuvish vajidan onamga olib berganlarim – birorta kiyim-bosh o‘sha hovur chiqib, qip-qizil go‘shtga aylangan oyoqning gardiga ham arzimasligini bilaman...

 

Faxriddin HAYIT, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir:

– Tengqurlarim hali-hamon bir voqeani eslaydi: o‘rta maktabda o‘qib yurgan kezlarim. Bo‘yim cho‘zilib, o‘spirinlik yuzimga nusxa bera boshlagan pallalar...

Enamning ta’biri bilan aytganda, oilada “jo‘ja birday jonmiz”. Hali opalarim, hali akalarimning kam-ko‘sti chiqib turadi. Kun kelib oyog‘imdagi poyabzalim to‘zib, titildi. Enam hafta so‘ngiga qadar “amallab turish” vazifasini zimmamga yukladi. Erkaligim tutib e’tiroz bildirdim: ikki kun maktabga bormadim. Enam ham bu holatga ikki kun chora izladi, chamamda. Uchinchi kun esa anorning ho‘l navdasidan pocham qizardi. Ko‘zimda yosh, enamning oldiga tushib oyoqyalang sinfxonaga kirib bordim. Sinfdoshlar oldida izza bo‘ldim, xafachilik qalbimni kunlab tark etmadi. Shu hadik sababmi, o‘qishga, dars tayyorlashga bo‘lgan ishtiyoqim ortdi. Bu “jazo” hayotim uchun ulkan saboq bo‘ldi.

Ba’zan uyquga yotganimda, sezdirmay kelib boshimni silab, peshonamdan o‘pib qo‘yardilar. Sergak yotganimda enamning qalbida yashirin mehrini his qilardim o‘shanda...

 

Mirzohid BOTIROV, FarPI  yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori:

–Ayam rahmatli bilan bo‘lgan quyidagi voqeani ming azob bilan  eslayman.    Yoshligimda, besh yoshimda taqdirning taqozosi bilan onam ortidan o‘zga xonadonga  ergashib bordim...

Kunlarning birida yangi otamning barcha qarindoshlari bolalari bilan  O‘sh shahriga, Sulaymon tog‘iga ziyoratga bordik. Kunimiz zavqli o‘tdi, bolalar bilan rosa quvlashib, tog‘larga chiqib miriqib o‘ynadik. Hamma bolalariga shirinliklar, o‘yinchoqlar, muzqaymoqlar olib berib siylar edi. Men esa  qimtinibgina o‘tirgan, hali to‘liq yangi qarindoshlariga  ko‘nikib ulgurmagan,  kamsuqum  ayajonimning pinjiga kirib, kattalar uchun yozilgan dasturxondagi non va choy  bilan siylandim, xolos, chunki uyda ayamning cho‘ntagida umuman puli yo‘qligi  haqida ogohlantirilgandim. Buning ustiga o‘gayligimni judayam yaxshi his qilardim, yangi otamning esa  hali mehrini qozonolmadim yoki xayolidan ko‘tarildim chog‘i, lekin baribir xursand edim...

Uyga qaytdik, yarim kechasi uyg‘onib ketsam, ayamning Yaratganga nola qilib “Robbim, bolamning martabasini ulug‘, rizqini baland qil, sabrli- sadoqatli qil deb”, yig‘layotganining guvohi bo‘ldim. O‘rnimdan shoshib turib, vaziyatga tushunar-tushunmas,  “Ayajonim, mehribonim, nega yig‘layapsiz?!” deb yuz-ko‘zidan o‘pib suykalandim, rahmatli ayajonim meni bag‘riga mahkam bosar ekan, “bolam, sen xafa bo‘lmagin, xo‘p,  men taqdirimdan, qismatimdan yig‘layapman, Sulaymon tog‘ida mo‘ltirab turgan ko‘zlaringni ko‘rib senga atigi bir donagina shirinlik yoki o‘yinchoq olib berolmaganim uchun yig‘layapman, bolam”, dedilar.

Onam 2005 yil Andijon viloyat  onkologik   dispanserida xos  kasallik bilan  bu dunyoni tark etdi... Ayamning duolari bilan hayotda o‘z o‘rnimni topdim, olim bo‘ldim, bir talay umrini men bilan bog‘lagan do‘stlarim,  ikki qiz,  ikki o‘g‘lim va to‘rt nafar nabiram bor. Rahmatli ayam Ochildin xoji  qizi Ximoyatxonning joylari jannatda bo‘lsin.

 

Shuhrat ORIF, “Qishloqqurilishbank” raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi, shoir:

 

– Bolaligimda ijodga endi qiziqish bildirgan paytlarim onam menga ishonch bergan eng birinchi muxlisim edilar. Har oqshom onam bilan “Tong yulduzi”, “Gʻuncha”, “Gulxan” nashrlariga xatlar yozardik, she’rlarimni yuborardik. Jurnal sahifalarida chop etilganda esa ikkimiz behad sevinardik.

Hayotimda burilish yasagan bir voqeani doim eslayman. Otam shoir va jurnalist bo‘lishimga qarshilik qilgan vaqtlari volidam doim mening tanlovimni himoya qilardilar. 1997 yil fevral oyida respublika miqyosida yosh ijodkorlarning anjumanida qatnashishim kerak bo‘ldi, chunki viloyat bosqichida o‘tkazilgan tanlovda g‘olib bo‘lgandim. Shunda onam sandiqlaridan bir kiyimlik atlas olib, meni Toshkentga olib boradigan inson ayol kishi bo‘lgani uchun ularga sovg‘a qilishimni tayinladilar.

Bugun o‘ylab ko‘rsam, Toshkentga kelishimda bu atlasning ahamiyati katta bo‘lgan ekan. Respublika bo‘yicha ham tanlovda g‘olib bo‘ldim va poytaxtdagi Nafis san’at maktabiga qabul qilindim. Onamning ichki sezgisi bilan tuhfa qilingan shu bir kiyimlik atlas tufayli o‘shanda hayotimda katta qadam bosilgan.

Keyinchalik onam Toshkentga kelganlarida yoki o‘zim vodiyga borganimda, turli bayramlarda ularga yangi kiyim olib bergan paytlarim shu voqeani doim eslab turaman. Meni Toshkentga kelishimga sababchi bo‘lgan bir kiyimlik atlas uchun onamdan umrbod minnatdorman. Onam mening eng buyuk ilhomim. Ulardan bir umr qarzdorman.

 

Javlon JOVLIYEV, O‘zFA doktoranti, yozuvchi:

– Singlim bakalavrga, men magistraturaga kontraktga o‘qishga kirganimizda  enam tilla sirg‘asini hech o‘ylab o‘tirmay, hech kimga aytmay  sotib yuborgandi.

Yaqinda onamga zirak tuhfa qildim, bu sovg‘am zarra, urvoq bo‘lsa-da  “qarzimiz”ning qaytishi bo‘lsin, Enajon. Suyunganingizni ertaga emas, bugun ko‘rgim keladi, bugun...

Men sizni va bugun yemay-ichmay, o‘zi kiymay, kasal bo‘lsa davolanmay bolasini o‘qitayotgan,  o‘qitgan barcha-barcha o‘zbek onalariga ta’zim qilaman! Siz sharafli ishni bajarmoqdasiz!

 

Nodira IBROHIMOVA,

Oyina.uz

 

 

 

 

1 Izoh

Сардор Сафаров

20:08 / 20.08.2023

Жуда гўзал! Жудаям таъсирли. Оналар фарзандлари учун доим ўзларини қурбон қилишади. 😔😔😔 🥺🥺🥺

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16792
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi