Asabga koni zarar reklamalar – taniqli yozuvchi telekanallarni ko‘rmaslikka chaqirdi


Saqlash
10:01 / 18.01.2022 2062 0

Telekanallarda namoyish etilayotgan turli-tuman reklamalar borasida ijtimoiy tarmoqlarda keskin fikrlar ko‘paydi. Efir vaqtiga nisbatan reklamalar hajmining oshgani, davlat tiliga rioya qilinmasligi, oila davrasida hatto televizorni yoqish ham noqulaylik tug‘dirayotgani e’tirozlarga sabab bo‘lyapti.

 

 

Sharof Boshbekov,

yozuvchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi:

 

– “Guanjo” xitoy tibbiyot markazining reklamasini bir kunda turli kanallarda 70 martadan 120 martabagacha ko‘raverib-ko‘raverib, asablar butunlay tugab, qon bosimim falakka chiqib ketdi, qo‘lim qaltiraydigan bo‘lib qoldi.

 

O‘zingiz o‘ylang, men ko‘rmoqchi bo‘lgan kino, spektaklь, ko‘rsatuvlarni ko‘rolmasam, uning o‘rniga bir yoqimtoygina qizning: “Erkaklik kuchingizni tiklang va ayolingizni xursand qiling” degan “nasihat”ini eshitib o‘tirsam! Teledasturlar – yo‘liga, aslida it egasini tanimaydi.

 

Dardimga hech qanaqa laktavita, hech qanaqa laminalayflaru sedana yog‘lari foyda qilmadi. O‘zimizning poliklinikaga chiqdim. Vrach resept yozib berdi. Mana shu so‘zlar yozilgan ekan: “O‘zbekiston televideniyesini ikki oy ko‘rmay turing, otday bo‘p ketasiz”.

 

Aytganini qilgan edim, yoshim 70 dan oshgan bo‘lsa ham, o‘zimni 25 yashar yigitday sezyapman. Sog‘lom bo‘lay desangiz siz ham mendan o‘rnak oling!

 

 

Tog‘aymurod Ortiqov,

jurnalist:

 

– Televizorda ayollarning o‘zlari ham gapirishga istihola etadigan shaxsiy gigiyena vositasi tinmay reklama qilinyapti. Dasturxon atrofida o‘tirgan besh yoshli bolakay Aya, bu nima? deb so‘raydi. Onasi nima deb javob berishni bilmay, o‘zini eshitmaganga solib, gapni aylantiradi. Ammo ko‘zlari qiziqishga to‘lgan bolakay yana so‘raydi. Oxiri ayol nochor qolib “Ha, umi, kalishga solinadigan patak”, deyishdan boshqa javob topolmadi. Bu uydirma emas, hayotiy voqea!

 

Darhaqiqat, shu kunlarda patak ham holva bo‘lib qoldi. Televizor yoki radioni qo‘ysangiz, sharm-hayo pardasini sidirib tashlagan suxandonlar diydiyosini boshlaydi:

 

“Klinikamizda erkaklarning jinsiy kasallikliklari, jinsiy zaiflik, muddatidan oldin bo‘shalish, ayollarning...” – buyog‘ini aytish uchun odamning beti kamida bez bo‘lishi kerag-ov! Hoy, birodarlar biz qayerdan yashayapmiz. O‘zbekning xonadonida ota-ona, qaynota-qaynona, o‘g‘il-kelinlar, nabiralar jamuljam bo‘lib ovqatlanadi, suhbatlashadi, madaniy dam oladi. Oila a’zolari birga televizor ko‘rish, radio eshitishdan ham bezillab qoldi!

 

O‘zbekiston teleradiokompaniyasi rahbarlariga achchiq, ammo ochiq taklifimiz: shahvoniy reklamalarga ishqingiz tushib qolgan bo‘lsa, iltimos, faqat o‘z oilangiz davrasida ko‘ring! Xalqning peshona teridan yig‘ilgan byudjet mablag‘lari hisobiga tayyorlanadigan teleko‘rsatuv, radioeshittirishlarga harom-xarishni aralashtirmang! Agar bu reklamalarga talabgor ko‘p bo‘lsa, alohida reklama kanali oching!

 

 

Zuhriddin Isomiddinov,

adabiyotshunos olim:

 

– Rus tilida qalampir ham, murch ham birday “peres” deb ataladi. Farqlash uchun «krasnыy peres», «chyornыy peres» deb aniqlovchi qo‘shishadi. Ana endi o‘zbek tilida paydo bo‘lgan “qizil garmdori”, “qora murch” singari ta’viya iboralarga nima deysiz. Men kuyinib, TVdagilarga “qora sedana” – tavtologiya ekanini, til buzilayotganini aytsam, yelka qisishdi – reklama roliklari allaqaysi go‘rda tayyorlanar, o‘zgartirishga haqlari yo‘q ekan...

Ko‘ryapsizmi, reklama hatto bizning ona tilimizga ham zug‘um o‘tkaza boshlabdi, pul janobi oliylarining oldida onamiz – ona tilimiz bir cho‘ri maqomiga tushibdi. Ahvol shu darajada bo‘lgach, “davlat tili” deb gapirishning o‘rni bormi, o‘zi?

 

 

Otabek Yo‘ldoshev,

tarjimon:

 

– Bir misol aytaman. “Seoul Milk” sut ishlab chiqarish kompaniyasining reklamasi koreys jamiyatida katta norozilik keltirib chiqardi. Reklama syujeti mundoq: kamera ko‘targan yigitcha qalin o‘rmondan chiqa turib o‘tloqda yurgan oq libosli qizlarga ko‘zi tushadi. Zo‘r kadrni mo‘ljallab endi kamerasini qo‘lga olganida g‘irchillatib o‘t-o‘lanni bosvoladi va o‘girilib qarasa, qizlar sigirga aylanib qolgan bo‘ladi.

 

Koreys ziyolilari fikricha, ayollarni sigirga qiyoslash “o‘ta madaniyatsizlik”. Kimnidir yashirincha, o‘zining ruxsatisiz suratga olish ham qonunbuzarlikdir. Koreyada bunday ish uchun yaxshigina jarimaga tushasiz. Kompaniya jamiyatdagi norozi kayfiyat ortidan uzr so‘rab chiqdi va reklama roligini “Yutub” tarmog‘idan o‘chirdi. Bizda-chi, ziyolilar norozi bo‘lsa, biror telekanaldan nojoiz reklama o‘chirilganini eshitganmisiz?

 

 

Gʻiyosiddin Yusuf,

muharrir:

 

– Bugun TVda reklamalar juda ko‘payib ketdi, soni oshgani sari sifati pasayib bormoqda. Ayniqsa, odob-axloq, qadriyatlarimizga to‘g‘ri kelmasligi achinarli holat. Istaymizmi-yo‘qmi, ko‘pchilik hordiq chiqarish, biroz ko‘ngil yozish uchun oilaviy yig‘ilib TV ko‘radi. Ko‘rsatuvlar, kinoyu seriallar haqidagi gaplar o‘zi alohida mavzu, ammo o‘shalarning orasidagi oilaviy ko‘rib bo‘lmaydigan reklamalar ham bor.

 

Masalan, bir reklamaga ko‘zim tushdi: o‘g‘il va qiz bola kelin-kuyovdek kiyinib olgan. Go‘yo kuyov kelinga nikoh uzugi sovg‘a qilayotgandek reklama qilinayotgan mahsulotni taqdim etmoqda. Marketing jihatdan g‘oya yaxshi o‘ylangan, ko‘pchilikning e’tiborini tortadi, noodatiy yondashuv. Ammo bolalarni hali go‘dakligidanoq qarshi jins vakiliga qiziqishga, o‘zlarini kelin-kuyov sifatida tasavvur etishga undash tarbiyaga salbiy ta’sir qiladi. Odob-axloqi buzilishiga olib keladi. Shuning uchun bunday reklamalar olmaslik tarafdoriman.

 

 

Nigora Gʻaniyeva,

psixolog:

 

– Hozir telekanallarda berilayotgan aksariyat reklamalar biz bilgan mezonlardan ancha olisda. Katta yoshdagi insonlar hayot tajribasi boy bo‘lgani bois bunday reklamalar namoyishida boshqa kanalga olishi yoki umuman e’tibor qaratmasligi mumkin, lekin o‘smirlik davrida shaxs xulq-atvorida taqlidga moyillik hissi yuqoriligi kuzatiladi. TVda bir kunda yigirma martadan oshiqroq energetik yoki gazli ichimlik reklamasini tomosha qilgan o‘smir albatta tatib ko‘rishga intiladi va buni bajaradi ham.

 

Inson miyasi yangi axborotga o‘ch. Agar qaysidir ma’lumot hadeb takrorlanaversa, miya shuni to‘g‘ri deb qaror qabul qiladi. Shu bois ko‘p reklama qilingan vositalar har bir odamda qiziqish uyg‘otadi. Bunga misol tarzida dorilar reklamasini ko‘rsatish mumkin. Ko‘pincha odamlar reklama qilinayotgan dori vositalarini shifokor tavsiyasisiz ichaveradi va bu yaxshilikka olib kelmagan holatlarga ham guvoh bo‘lganmiz hayotda.

 

Sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, o‘z huquq va imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalana olish, tinch va osuda hayotimizni asrashga qaratilgan, ogohlikka da’vat etuvchi, insonlararo mehr-oqibatni kuchaytirishga yo‘naltirilgan ijtimoiy reklamalar ko‘payishi tarafdoriman.

 

Nodira IBROHIMOVA,

oyina.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16787
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi