Xoja Samandar Termiziyning “Dastur ul-muluk” asari xususida


Saqlash
11:12 / 27.12.2021 2104 0

Milliy istiqlol yillarida  jahon  ilm-fani,  madaniyati  rivojiga, insoniyat  ma’naviyati  takomiliga  ulkan  hissa  qo‘shgan  buyuk  ajdodlarimizning ardoqli, bebaho merosini o‘rganish, ibratli  hayoti  va  ijodi,  benazir  kashfiyotlarining  jahonshumul  ahamiyati  haqidagi bilimlarni ommalashtirishga qaratilgan harakat bugun o‘z samarasini bermoqda. Qadimiy ilm-fan va madaniyat markazlaridan biri Termiz shahridan yetishib chiqqan Imom Termiziy va termiziy allomalarning boy merosini o‘zlashtirish va keng targ‘ib etish maqsadida xorijiy ilmiy markazlar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xalqaro konferensiya, simpozium, ko‘rgazma, ilmiy ma’ruzalar, seminar-treninglar, tanlovlar va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish bugun davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

 

Termiz shahrida 20 dan ortiq termiziy allomalar yetishib chiqqan bo‘lib, shulardan biri XVII asr tarixchisi Xoja Samandar Termiziydir. Uning o‘z ismi Muhammad Baqoxoja bo‘lib, asli nasaf (qarshi)lik, Mir Haydariy tariqati shayxlaridan biri oilasida dunyoga kelgan.

 

Bizning zamonimizgacha olimning ikki muhim asari yetib kelgan. Bulardan biri “Dastur ul-muluk” bo‘lib, u 1695-yili va ikkinchisi “Anis ul-fuqaro” (“Faqirlar do‘sti”) nomi bilan mashhur bo‘lib, 1735-yili yozilgan.

 

Malihning so‘zlariga ko‘ra, ”Dastur ul-muluk” Xoja Samandarning ilk yirik asari bo‘lishi mumkin. Ushbu asar, muallifning so‘zlariga qaraganda, qandaydir yosh odamning  iltimosi bilan yozilgan edi. Iltimos esa qandaydir nufuzli kishidan kelib chiqqan, zero muallif uning iltimosiga qarshi chiqa olmagan. Asar Subhonqulixonga bag‘ishlangan. U 1694-1695-yillarda tuzilgan bo‘lib, unda ushbu yillar voqealari haqidagi hikoyalar mavjud. Asar sharqda yaratilgan siyosatnomalar ichida mashhuri hisoblanadi. Mazkur asar tariximizni, axloqiy qadriyatlarimizni,  zamon ruhini chuqur o‘rganishda, sharqona davlat yuritish tamoyillari mohiyatini anglab yetishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

O‘zbekiston tarixini o‘rganishda Xoja Samandar Termiziyning “Dastur ul-muluk” asari zo‘r qimmatga ega. Asar Buxoro xonligining XVII asr 70–90-yillardagi ijtimoiy-siyosiy ahvolini, shuningdek, Buxoro bilan Xiva xonliklari o‘rtasidagi siyosiy munosabatlarni o‘rganishda katta ahamiyatga ega. “Dastur ul-muluk”da o‘zbeklarning etnik tarkibi haqida ham muhim dalil va ma’lumotlarni uchratamiz. 

 

Olima M.Salohitdinovaning so‘zlariga ko‘ra, bu asar tadqiqiotchilarni SSSR FA sharqshunoslik institutining fors va tojik qo‘lyozmalari qisqa katalogini tuzish vaqtida qiziqtiradi, chunki asarning uchdan ikki qismini tarixiy mazmundagi ma’lumotlar tashkil etadi. 1964-yil eron filologiyasi bo‘yicha IV Butunittifoq ilmiy konferensiyasida “O‘rta Osiyo tarixi bo‘yicha yangi manba” mavzusida ma’ruza o‘qildi. Ushbu ma’ruzada “Dastur ul-muluk”ning muallifi haqida qisqa ma’lumotlar berilib, asarning tarixiy manba ekanligini tushuntirishga harakat qilindi. M.Salohitdinova 1971-yili “Dastur ul-muluk” asarining forsiy matnining ruscha tarjimasini zarur izohlar bilan chop etdi. Asarning o‘zbekcha nashri 1997-yili Jabbor Esonov tomondan amalga oshirildi.

 

“Dastur ul-muluk” asari 22 bobni o‘z ichiga oladi. Asar mazmuniga ko‘ra ikki qismga: etika-didaktik va tarixiy qismga bo‘linadi. Etika-didaktik qismi deyarli oldingi etika-didaktik asarlardan kelib chiqqan holda tuzilgan. Ikkinchi tarixiy qismi esa muallifning shaxsiy kuzatuvlari asosida yozilgan. “Dastur ul-muluk”ning muqaddimasida muallif tomonidan foydalanilgan manbalar ro‘yxati berilmagan va ular faqatgina ko‘chirilayotgan vaqtda tilga olingan. Asarda mashhur mualliflarning asarlaridan ko‘chirmalar keltiriladi. Ular orasida asosan uchtasi keng qo‘llanilgan: 1) Husayn Voiz al-Kashifiyning “Anvar-i Suhayli”; 2) Xoji Yusufning “Ilm al-axloq”; 3) Sa’diyning “Bo‘ston”i. Xoja Samandar boshidagi ikki asardan ko‘plab hikoya va fikrlarni “Dastur ul-muluk”ga qo‘shadi.

 

Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, “Dastur ul-muluk”ning etika-didaktik qismi muallif tomonidan o‘zidan oldin o‘tganlarning asarlaridan keng o‘zlashtirilgan. Ammo ma’lumotlarning tanlangan hamda o‘zlashtirilgan qismlar o‘rtasidagi uyg‘unlik muvaffaqiyatli amalga oshirilgan va bunday san’at asari nafaqat muallifning zamondoshlari, balki undan keyin yashab o‘tganlarga-da manzur bo‘lgan. Buni quyidagi fakt ham tasdiqlaydi: “Gulshan ul-muluk” tarixiy asarining muallifi – Muhammad Yoqub mirzo ibn Muhammad Doniyolbiy otaliq “Dastur ul-muluk” yozilganidan 130 yil o‘tgach, o‘z asarining oxiriga Xoja Samandar asarining etika-didaktik qismidan katta parcha joylashtiradi. Mazkur qism XVII asr oxiri O‘rta Osiyo adabiyotining etika-didaktik yodgorligi sifatida muhim.

 

“Dastur ul-muluk”da quyidagi siyosiy voqealar bayon etilgan: Xiva xoni Anushaxonning Buxoro xonligining markaziy shaharlariga bosqini (1092/1681, 1095–1097/1683–1686), Subhonqulixonning Balxga ikki marta yurishi (1096/1685 va 1104/1693), Subhonqulixon qo‘shinining Xurosonga Bolo-Murg‘ob qal’asini egallash uchun yurishi (1100/1688-89), isyonkor rahbarlarning Subhonqulixonga qarshi g‘alayoni va shu bilan bog‘liq Xiva xoni Anushaxonning o‘g‘li Erengxonning Qorako‘l shahrining tumanlariga hujumi. Mazkur voqealar yuqoridagi “Muhit at-tavorix” va “Tarixi Muqimxoniy” tarixiy asarlarida o‘z aksini topgan. Biroq, Xoja Samandar bu asarlarda yozilmagan ko‘plab aniqliklarni keltirib o‘tadi. Shuningdek, Xiva xoni Anushaxonning Buxoroga 1092/1681-yili bosqini hamda uning Abdulazizxon tomonidan bu shahardan quvg‘in qilinishi nafaqat “Dastur ul-muluk”da, balki “Tarixi Muqimxoniy” va “Muhit at-tavorix”da juda batafsil yoritilgan. Ammo bu vaqtda Abdulazizxon huzurida bo‘lgan Xoja Samandar keltirib o‘tgan ma’lumotlaridan biz Buxoroning xorazmiklarning hujumiga qarshi yaxshi himoyalanmaganligini hamda Abdulazizxon tarafida bo‘lmish kurash ishtirokchilari haqidagi ko‘plab ma’lumotlarni, shu bilan birga yuqoridagi tarixiy asarlarda bo‘lmagan bir qator aniqliklarni bilib olishimiz mumkin.

 

Xulosa qilib aytganda, Xoja Samandarning “Dastur ul-muluk” asarining tarixiy qismi biz uchun ikki munosabatlarda muhim: bir tomondan, unda boshqa manbalardagi ma’lumotlarni to‘ldiruvchi O‘rta Osiyoning XVII asr oxiri tarixi bo‘yicha qimmatli ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, ikkinchi tomondan, unda o‘sha davr Buxoro aholisining  turmush tarzi hamda urf-odatini yorituvchi asl faktlar keltirib o‘tiladi.    

 

Sirojiddin ESHQURBONOV

Termiz davlat universiteti tayanch doktoranti

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16819
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi