Onamni otamdan himoya qilish uchun miltiq izlaganman – o‘zbek ziyolilarining gender zo‘ravonlikka qarshi fikrlari


Saqlash
17:11 / 25.11.2021 1096 0

Dunyoning faol ayollari tomonidan Zo‘ravonlikka qarshi kurashish kuni 1981-yildan beri o‘tkazib kelinadi. BMT Bosh assambleyasi 1999-yili rasman 25-noyabrni Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni deb e’lon qildi. Bosh kotibi Kofi Annanning murojaatida shunday deyilgandi: "Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik behisob azob-uqubatlarni keltirib chiqaradi, oilalarga qayg‘u olib keladi, yosh ham, qari ham aziyat chekadi va jamoalarni qashshoqlashtiradi. Bu ayollarning potensial imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishiga to‘sqinlik qiladi, iqtisodiy o‘sishni cheklaydi va rivojlanishga putur yetkazadi".

Ayrim erkaklar nima uchun ayollarga nisbatan zo‘ravonlik qiladi? Bunga asosiy sabab sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin: ilmsizlik, bolalikdagi ruhiy jarohatlar, oiladagi nosog‘lom muhit, ruhiy buzilishlar, ichkilikka berilish, ayollarga nisbatan nafrat va boshqalar. Afsuski, yurtimizda xotin-qizlarga nisbatan qayd etilgan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining 87 foizi oilada kechmoqda. "Zo‘ravonlik faqat jang maydoni bilangina cheklanmayman. Ko‘plab ayol-qizlar o‘zlarini xavfsiz sezishi kerak bo‘lgan joy – o‘z xonadonlarida doimo qo‘rquv ostida yashaydilar", deydi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.

Har yili 25
-noyabrdan 10-dekabrga qadar "Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashning 16 kuni" shiori ostida tadbirlar o‘tkaziladi. "Oyina.uz" portali ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish borasida ziyolilarning fikr-mulohazalari bilan qiziqdi.

Irina Matviyenko,
O‘zbekistonda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashadigan "Nemolchi.uz" loyihasi asoschisi:

– Ko‘pchilik bizni bu masalada nimalarnidir hal qila oladi, deb o‘ylaydi. To‘g‘ri, ba’zi keyslarni IIVga yuboramiz, lekin alohida hisobot yuritmaymiz, bizning aralashuvimiz bilan hal bo‘lgan muammolar va ular kimning foydasiga hal bo‘lganini ro‘yxatga olmaymiz.
Misol uchun, ayolini bolasining tuvakdagi axlatini yeyishga majbur qilgan erkakni bizning loyihamiz aralashuvi bilan qonun oldida javob berishga majbur qilishdi. Yoki pedofiliyaga uchragan sayxunobodlik 8 yoshli qizaloq. Shu masala yuzasidan Nigora Adizova ikkimiz qizchaning oilasi bilan uchrashgani bordik. Javobgar 10 yilu 1 oyga ozodlikdan mahrum qilindi. Shu ishni uch marta ko‘targanimizdan so‘nggina aybdorni jazolatishga erishdik.
Men alohida ajratib ko‘rsatib, falon ish o‘zimga qattiq ta’sir qildi, deya olmayman. Har bir jabrdiydaga yuragingizning bir parchasini bermaslikning, hodisani ko‘zu quloq ostidan shunchaki o‘tkazib yuborishning iloji yo‘q. Istardimki, butun dunyoda hech bir ayol zo‘ravonlikka uchramasin!

Maqsuda Xo‘janazarova,
Toshkent shahar IIBB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, mayor:

– Xotin-qizlarga nisbatan huquqbuzarlikning oldini olishda ularning muammolari haqida o‘z vaqtida xabar topish va tegishli idoralar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish juda muhim. O‘tgan yillarda biz yuzlab ayollarga yordam berdik: o‘z ishini tashkil etish, ishga joylashish, kasb egallash, moddiy yordam rasmiylashtirish, davolanish kursini qabul qilish... Ular orasida oilada tazyiqqa uchraganlar, qarindoshlari ishlashga ruxsat bermaganlar, kasalligi haqida ma’lum qilishga jur’at eta olmaganlar ham bor edi. Bu ish juda nozik, chunki o‘ta ehtiyotkor bo‘lish zarur. Aks holda, holat yanada og‘irlashishi mumkin.
Xotin-qizlar bizga darrov ishonib, muammolarini ma’lum qilishmaydi, shu bois ayolga qo‘l ko‘tarish kuchsizlarning ishi ekanini eriga, yangi kelinning ta’lim olishi kelgusida oilaga foyda bo‘lishini qarindoshlariga tushuntirolsak, buni muvaffaqiyat deb hisoblaymiz... Xotin-qizlarga qanday maslahat berishni xohlardik? Birinchi navbatda – chidab sukut saqlab yurmaslikni. Sizga nisbatan zo‘ravonlik qilayotgan kishini oqlashga urinmang va yordam so‘rashdan qo‘rqmang. 102 raqamiga yoki zo‘ravonlik qurbonlari va o‘z joniga qasd qilish holatlarini profilaktikasi – 1169 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qiling.

Aliya Temuriyzoda,
O‘zbekistonda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashajigan "Nemolchi.uz" loyihasi ko‘ngillisi:

– Bu loyihaga ko‘ngilli sifatida qo‘shilishim shu yilning may oyida yuz berdi. Umuman olganda, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish uchun, albatta, biror loyihaga a’zo bo‘lish talab etilmaydi. Atrofdagi barcha odamlarga insoniylik yuzasidan muomala qilishni, har bir insonni jinsidan qat’i nazar shaxs sifatida ko‘rib, huquq va manfaatlarini hurmat qilishni bilishning o‘ziyoq zo‘ravonlikka olib boruvchi yo‘llarda to‘siq bo‘la oladi.
Loyihamizda e’lon qilinayotgan maqolalar ko‘pincha anonim tarzida yuboriladi. Ba’zilar ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy xabar orqali yozib, maslahat so‘rashadi. Biz murojaatlarni tahrirlab, xatolarini tuzatib e’lon qilamiz. Umuman olganda, zo‘ravonlikni boshdan o‘tkazganlar bilan muloqotda bo‘lish, ularning dardini ko‘tarib yurish og‘ir. Ayrim murojaatlardan so‘ng o‘zimga kelishim shunchalik qiyin kechadiki...
Kaltaklangan ayollarning momataloq bo‘lib ketgan tan jarohatlari suratlari, videotasvirlari... Moliyaviy, emotsional zo‘ravonlikka, manipulyatsiyaga uchrayotgan xotinlarning chorasizligi... Ajrimni o‘lim bilan teng qatorga qo‘yib, qizlarning ongiga singdirilishi... Jamoat transportlaridagi tegajog‘liklar, zo‘ravonlik sodir bo‘lganda zo‘ravonni oqlab, jabrdiydani ayblash ortidan kelib chiqadigan jazosizliklar, sukut saqlashlar... Ayniqsa, zo‘ravonlik haqida xabar bergan jabrdiydaga nisbatan nafratini ochiq-oydin bayon etishlarini ko‘rib, anchagacha o‘zimga kelolmayman.
Loyihaga aralashganimdan so‘ng hayotimda juda ko‘p narsa o‘zgardi. Hamma narsaga to‘g‘ri rakursdan, real qarashni o‘rgandim. Tarbiya bilan singdirilayotgan juda ko‘p "qadriyat"lar, aslida, allaqachon kechib yuborish kerak bo‘lgan "ortiqcha yuk"dan boshqa narsa emasligini tushunib yetdim. O‘zimdagi mizoginiya – ayollarga nisbatan nafrat, viktimbleyming – zo‘ravonlik holatida qurbonning o‘zini ayblash, sheyming – bir kishini odamlar orasida (publichno) kamsitish va yerga urishga moyillikni yo‘q qilishga erishdim. Qisqacha aytganda, "Sukut saqlama" loyihasi mening hayotimni tubdan o‘zgartirdi, deya olaman.
So‘ngso‘z o‘rnida: Zo‘ravonlik qayerdan boshlanadi? Atrofingizdagi har qanday odam siz haqiqiy ma’noda haqli bo‘lgan moddiylik va ma’naviy olamingizdagi "sizniki"larga haqsiz ravishda qo‘l uzatganida boshlanadi. Sizning dunyongiz chegaralarini sizdan beruxsat kesib o‘tishganida boshlanadi bu zo‘ravonlik deganlari.
Buni sezishingiz bilan, o‘sha odamning o‘ziga hammasini bas qilishini ayting! Hech qachon sukut saqlamang!

Rahimjon Rahmat,
adabiyotshunos:

– Esimni taniganimdan buyon mahallamizdagi deyarli barcha ayollarning ko‘zining tagi ko‘karib yurardi. Nazarimda, o‘z umr yo‘ldoshini itday kaltaklash erkakning oilaviy burchi edi. Kichik sinfda o‘qirdim. Akam mendan bir yosh katta. Ikkimiz miltiq izlaganmiz. Bizga miltiq kerak, deganmiz. Kattalar: "Miltiqni nima qilasizlar?" deb so‘ragan. "Dadamni otib tashlaymiz", deganmiz. "Nega otmoqchisizlar?" "Dadam onamni ko‘p uradi", deganmiz akam ikkovimiz. Sakkizinchi sinfdaligimda dadam onamni urmoqchi bo‘lganida yo‘lini to‘sganman: "Onamni urmaysiz", deganman o‘ta qat’iyat bilan. Onamning himoyachisiga aylanganman. Hovlida telbaday qichqirganman: "Hech kim onamga qo‘l ko‘tarmasin. Ayamayman. Shafqat qilmayman!.." Ko‘plab o‘zbek oilalari bo‘ynigacha jaholatga botib yashaydi: ishlaydi, aroq ichadi, xotini va bolasini uradi. O‘zbek oilalariga diniy va dunyoviy ma’rifat yetishmaydi.

Aqida Xonim,
bloger:

– Kuch ishlatish na insoniylikka to‘g‘ri keladi va na musulmonlikka, umuman hech qanaqasiga bu narsani oqlab bo‘lmaydi. Ayollarni himoya qilish uchun birinchi navbatda qonunni mustahkamlab qo‘yish kerak, ularni qonunan muhofazalash zarur, zo‘ravonlikka qarshi normalarni kuchaytirish kerak. Zo‘ravonlik doimo bo‘lgan va davom etib kelyapti. Nafaqat O‘zbekistonda, butun dunyoda mavjud. Qo‘shni davlatlardan ham zo‘ravonlik bo‘yicha juda ko‘p yozishadi. Xullas, davlatda qonunlar qanchalik yaxshi ishlasa, zo‘ravonlik ham shuncha kamayadi.

Barno Sultonova,
jurnalist:

– Psixologlarning ta’kidlashicha, xotiradan eng qiyin o‘chadigan yoki yillar davomida azob beradigan holat bu inson hayotidagi zo‘rovonlik ekan. Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, o‘tgan 10 oy mobaynida respublikamizdagi Reabilitatsiya va moslashtirish markazlariga fuqarolardan jami 7 226 ta murojaat kelib tushgan, ularning 6 515 tasi xotin-qizlar, 272 tasi voyaga yetmaganlar hamda 439 tasi esa erkaklardan. Demak, zo‘rovonlikdan jabr chekkanlarning 90 foizi xotin-qizlar.
Nomusidan ajralgan ayollar, haqiqat topolmay o‘z joniga qasd qilgan qizlar, ana shu adolatsizliklardan fohishaga aylanayotganlar... "O‘z qiziga ruhiy zo‘ravonlik o‘tkazgan ota besh sutkaga qamaldi", "O‘quvchi qiz zo‘rlanishi bilan bog‘liq holat bo‘yicha jinoiy ish ochildi", "Bishkekda olib qochilgan qizning jasadi topildi", "Kaltaklangan kelin o‘z joniga qasd qildi", "Ayol mast eri tomonidan urib o‘ldirildi" – kunda-kunora mana shunday xabarlarning keti uzilmayapti. Qizbolani zo‘rlash, olib qochish, haqorat qilish, kelinni kaltaklash, qiz tug‘ding deb kamsitish... Bunday mavzularni muhokama qilayotganlar orasida "Bir o‘ziga dalada nima bor?", "Qiz bola kechasi ko‘chaga chiqmasligi kerak edi", "Kelin bekordan bekorga kaltak yemagan", deganlarning ko‘pchiligi ham ayollar ekani achinarli.
Nima uchun yigitlarni birovga zo‘rovonlik ruhida tarbiyalamaslik emas, qizlarni o‘shalardan qo‘rqib ko‘chaga chiqarmaslik haqida qayg‘urishimiz kerak? Aynan mana shunday "o‘zi aybdor", degan qarashlar ayollarimiz orasida uchrashi o‘g‘il tarbiyasida nuqsonni keltirib chiqarmayaptimi? Jamiyatimiz buning uchun juda og‘ir badal to‘layapti. Masalan, oilaga yangi kelin keldi. Uning ovsini, qaynopasi, qaynsinglisi, qaynonasi bor. Nimagadir yangi kelinni shu xonadonga moslashishi yo‘lidagi qiyinchiliklar aynan ayolni ayol tushunmasligi tufayli boshlanadi. Oqibatda yangi kelin yolg‘izlanadi, ruhiy stress oladi. Muammo chigallashgandan chigallashib, keyin bunga oilaning erkaklari aralashadi va eri tomonidan zulm ko‘radi. Aynan shunday zo‘rovonlik yuz berishiga jabrdiydaning atrofidagi ayollar sababchi ekanini unutib qo‘yamiz. Har qanaqa vaziyatdayam zo‘rovonlikni oqlab bo‘lmaydi.

Murod Najmiddinov,
yurist:

– Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi qonunlarni qabul qilish zamonaviy dunyoda 55 yil avval boshlangan. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (1948) 12-moddasida hech kimning shaxsiy va oilaviy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish, uy-joyi daxlsizligiga, uning yozishmalaridagi sirlarga yoki uning nomusi, sha’niga tajovuz qilish mumkin emasligi, har bir inson xuddi shunday aralashuv yoki tajovuzdan qonun orqali himoyalanish huquqiga egaligi ta’kidlanadi. Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt (1966) 17-moddasida ushbu norma yanada mustahkamlangan. Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha turlariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaning (1979) 3-moddasida davlatlarga barcha sohalarda, hususan, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda erkaklar va ayollarning teng huquqliligini ta’minlash, qonunchilikka tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish majburiyati yuklatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 27-moddasida har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzdan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turarjoy daxlsizligi huquqiga egaligi, hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turarjoyiga kirishi, tintuv o‘tkazishi yoki uni ko‘zdan kechirishi, yozishmalar, telefon so‘zlashuvlari sirini oshkor qilishi mumkin emasligi belgilangan.
Afsuski, bizda birovning shaxsiy yozishmalarini, telefonidagi suratlarini tarqatib yuborish bilan tahdid solish holatlari urchib bormoqda. Bu ayollarga nisbatan ma’naviy zo‘ravonlik deyiladi. Ba’zi davlatlar qonunchiligida ishqiy aloqalar siri alohida huquq sifatida talqin qilinadi. Jumladan, ikki shaxs o‘rtasidagi ishqiy va jinsiy aloqalar shaxsiy sirni tashkil qilib, ularning roziligisiz bu ma’lumotni to‘plash va tarqatish javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46-1-moddasiga asosan shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz, qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish BMHning 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Erkaklar va ayollar teng huquqliligi asrlar davomida turli jamiyat va davlatlarning og‘riqli masalalaridan bo‘lib kelmoqda. Ko‘p hollarda tarozi pallasi erkaklar tomonga yon bosishi sababli xotin-qizlar o‘z huquqlari uchun kurashishga majbur bo‘lishgan. Bu kurash hozir ham davom etmoqda.

Dunyoda ezgulik va yovuzlik kurashi to‘xtamaydi. Biroq ilm-ma’rifat oshsa, ma’naviy yuksalish kuchaysa, qonunlar ishlay boshlasa, zo‘ravonlik holatlari ham kamayib boradi. Zo‘ravonlikka qarshi kurash nafaqat 16 kun, balki yil 365 kun davom etishi, har bir inson yon-atrofidagi zulmdan azob chekayotgan insonlarga e’tiborsiz bo‘lmasligi zarur.

Nodira IBROHIMOVA
oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19453
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16796
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi