Ideali hurriyat bo‘lgan Shaxs


Saqlash
17:03 / 28.03.2024 559 0

Yoshligimdan to bugungacha mening idealim Hurriyat – Shaxs erkinligi.

Ibrohim Haqqul

 

Adabiyot – ko‘ngil mehvariga yuzlanish holi, ruhiyat gulshanining iforidan sarmastlik shukuhi. Uning Zavq, Ishtiyoq, Muhabbat, Hayrat, E’tiqod kabi nekbin manzillarida sayr etmay turib, tiriklik mohiyati-yu hayot matlabini bilishga urinish ham behuda bir ishdir. Adabiyotning zamirida ojizlik qiyofasi yo‘q – qudrat bor, mag‘lubiyat nafasi sezilmaydi – muzaffariyat mavjud.  Yaxshini yomondan, Haqni botildan, Rostni yolg‘ondan farq qila olishni o‘rganish va o‘rgatishda Adabiyotchalik ulug‘ yo‘lboshchi, murabbiy boshqa topilmaydi: “Adabiyot bo‘lmasa, millatning ko‘ngli va ruhi o‘ladi, eng yomoni, haqiqat hissi so‘nadi. Hamma qorin uchun g‘imirlab, mayda muvaffaqiyatlar bilan ovunib yuradigan bir to‘da, olomonga aylanadi” (I.Haqqul). Agar adabiyotning qadriyatlarida millatning shonli o‘tmishi, din va ma’rifatga ehtiyojmandlik bo‘lmasa, ijodkor ularning hayotbaxsh kuchiga tayanmasa, badiiy jihatdan qanchalik mukammal bo‘lmasin, har qanday asar umrboqiylikka daxldorlikdan butkul yiroqdir. Ya’ni, “Adabiyot dindan uzoqlashsa, shaxs tarbiyasida qo‘li kalta bo‘lib qoladi” (I.Haqqul).

 

So‘z – hikmat, uning ta’sir quvvati haqiqat tafti va ishq qudratidadir. Yirik adabiyotshunos, professor Ibrohim Haqqulning hayot, adabiyot va abadiyat haqidagi teran mushohadalari, xulosalarini o‘qib, beixtiyor ana shunday kechinmalar xotirga keladi. “Mushohada yog‘dusi” nomli uchinchi kitob yetuk olimning adabiy qarashlari, hayotiy kuzatishlari, inson va borliq, tiriklik va oxirat, zamon va zamondosh haqidagi o‘y-fikrlari ifoda topgan maqola, suhbat hamda ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlaridan saralab, saylab olingan. Mavzusiga ko‘ra ular o‘ndan ortiq bo‘limlarga ajratilgan. Ularda bir qator ijtimoiy, adabiy, ilmiy, ma’rifiy, axloqiy masalalar; davr, zamon va zamondosh inson tabiatidagi mushtarak hamda o‘ziga xos xususiyatlar olim, murabbiy, faylasuf va komil shaxs nuqtayi nazaridan talqin qilingan. Ustoz Ibrohim Haqqulning ulug‘vor shaxsiyati, qat‘iyat-u sobitqadamlik bilan haqiqat yo‘lida kurashchi o‘laroq namoyon bo‘ladigan bir qadar keskir, biroz to‘pori qiyofasi ham fikr salmog‘i, tafakkur qudrati, so‘zning shiddat va jozibasida yaqqol e‘tiborga tashlanadi.

 

Aslida qalb ko‘zi uyg‘oq, ruhiyati tiyraliklardan xoli odam borki, mushohadaga yon beradi, o‘tmish, bugun va kelajak haqida, ko‘rgan-kechirganlari xususida uning u yoki bu darajada o‘z bahosi bo‘ladi. Biroq murosasozlik, jur‘atsizlik, andisha hamisha ham ularni yuzaga chiqarishga, baralla ovoz chiqarib bayon etishga to‘la-to‘kis imkon beravermaydi. “Mushohada yog‘dusi”, eng avvalo, shaxsning o‘z-o‘ziga qarshi isyoni mahsulidir. Unda turfa maydaliklardan, o‘tkinchi g‘urur va manmanlikdan, soxta sha‘n-shavkat va obro‘talablikdan, qiyofasizlikdan qutilib, borlig‘ida hurriyat shamolining epkinini his etishni istagan bus-butun SHAXS qarashlari bor. Shu sababli, uning iqrori ham, inkori ham kitobxonni chuqur mushohadaga undaydi: “Inson tafakkurini to‘xtatib bo‘lmaganidek, uning taxayyul kuchi, tasavvur imkoniyatlarini ham cheklash mumkin emas. Shundoq ekan yolg‘on, uydirma va aldovga ham doimo yo‘l ochiq. Bu imkondan kimdir ko‘proq, kimlardir kamroq foydalanishi mumkin – ammo foydalanadi… Soxta ilm, subutsiz ommaviy adabiyot va san’atning oldi to‘silmas ekan, olomonchilik ildamlab boraveradi” (I.Haqqul).        

 

Haqiqiy talant – chinakam jasorat sohibi. Uning fitratida yetakchilik, boshqalarni o‘z ortidan ergashtira olish qobiliyati bo‘y ko‘rsatib turadi. Ruhoniyatidagi haqiqatparastlikka oshiqlik chin ma’noda uni xalq va millat dardi bilan yashashga, adolat va rostgo‘ylik yalovini baland ko‘tarishga ruhlantiraveradi. Kitobdagi ko‘plab talqinlar hikmat darajasiga yuksalganki, ularni o‘qib iste‘dodning kuchi, ilhom zavqiga shunchaki qoyil qolmaslik ham, diqqat qaratmaslik ham mumkin emas. Masalan: “Qalbi qayg‘u va alamga begona ijodkor yog‘siz, piliksiz chiroqqa o‘xshaydiki, uning siyratidan hech vaqt bir nur yoki iztirob yolqini balqib chiqmaydi” (I.Haqqul). Dard – irodani Haqqa bog‘laydigan najib tuyg‘u. Dard ilhomga qanot bag‘ishlaydi, ko‘ngilga harorat, ruhga yorqinlik baxsh etadi. Ammo uni kundalik turmushning mayda-chuyda g‘am-tashvishlari, o‘tkinchi hoy-u havaslari bilan siyqalashtirmaslik, ijod jarayonidagi yuksak mavqeyini zarracha pasaytirmaslik lozim. Xalq, Millat, Vatan taqdiri, Adabiyot va Shaxsiyatga daxldor ezgu orzu-umidlar zamirida ijodkorning tengsiz san‘atkorligigina emas, Sadoqat, Jasorat, Fidoyilik singari chin insoniy fazilatlari ham tajassum topadi. Ustoz Ibrohim Haqqul hikmatlari, shak-shubhasiz, ana shularni ong-u shuurimizga singdiradi, anglatadi.

 

Bugun boshqa sohalar qatori ma’naviy jihatdan ham yangilanib borayotgan jamiyatimizda kitobxonlikka har qachongidan-da ko‘proq e’tibor berilayotgani ayon. Mutolaa shukuhini o‘zida tarbiya qila olgan avlodning ertangi kunga qarashlari boshqacha bo‘ladi, ularning tabiatida yovuzlikka, adolatsizlikka, ojizlikka sira ham o‘rin qolmaydi. Kitobga muhabbat – adabiyotga, adabiyotga oshnolik esa ezgulik va bunyodkorlikka yo‘l ochaveradi. Ammo ustoz adabiyotshunosning bu borada ham o‘z iqrori bor: “Kitobxonlik madaniyatiga erishish juda qiyin. Men 70 yoshda ham shu ilmni to‘liq egalladim, deyolmayman. Biz “Mehrobdan chayon”dagi Ra’noning kitobxonlik darajasiga hali yetib borganimiz yo‘q” (I.Haqqul).

 

Kitobning “Tasavvuf va she’riyat”, “Navoiy va navoiyshunoslik”, “Axloq va komillik”, “Ilm va olimlik saodati”, “Buxoro xayoli” deb nomlangan qismlarida ham jonkuyar olimning qat’iyat to‘la ovozi jaranglab turibdi.      

 

Umuman, professor Ibrohim Haqqul tafakkuri ummonidan dur kabi terib, saralab olingan “Mushohada yog‘dusi” sodda va ravon uslubi, teran va ta’sirchan mulohazalari, hayotiy va haqqoniy xulosalari bilan kitobxonni befarq qoldirmasligiga aminmiz.

 

         Maqsud ASADOV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

 

“Mushohada yog‘dusi” 3-kitobidan namunalar:

 

Adabiyot bo‘lmasa, millatning ko‘ngli va ruhi o‘ladi, eng yomoni haqiqat hissi so‘nadi. Hamma qorin uchun g‘imirlab, mayda muvaffaqiyatlar bilan ovunib yuradigan bir to‘da, olomonga aylanadi.

 

***

Adabiyotning vazifasi boshqa san’at turlariga nisbatan ancha murakkab. Adabiyot millatni yangidan uyg‘otishi, xalq qo‘rquvini haydab, unga kuch berishi lozim.

 

***

Ma’lumki, har bir xalq yoki millatning o‘zligi, o‘ziga xos milliy, ma’naviy, axloqiy fazilat va xususiyatlari uning tilida aksini topadi. Tili taraqqiy etgan elning ruhi, tafakkuri, umumiy saviyasi ham, albatta, yuksaladi va gurkirab rivoj topadi. Tilshunos bo‘lish o‘z xalqining tarixi, e’tiqodiy qarashlari, fikriy kuch-quvvati va dil olamini bilishdan ayri bir qismat emas.

 

***

Dunyodagi hech bir xalqning adabiyoti o‘z-o‘zidan, ya’ni o‘zga bir xalqning adabiyotidan ajralgan holda rivojlanmagan va rivojlanmaydi ham. Shuning uchun dunyo badiiy tafakkuri tarixiga nazar tashlansa, bir millatning adabiyoti u yoki bu zaylda ikkinchisiga ta’sir o‘tkazib, ma’lum bir shakllarda o‘zaro aloqada bo‘lganligi ancha oson anglashiladi.

 

***

Adabiyotni – tarix, tarixni adabiyot xizmatiga safarbar aylab, ming-minglab odamlarning qalbi va ruhiga ta’sir o‘tkazadigan asar yaratish hazilakam layoqat emas. Buning uchun aql va idrok zamonning har turli ijtimoiy, siyosiy, mafkuraviy xas-xаshаklaridan tozalanib, “Mening ham ruhimda ajdodlar ohi, mening ham qonimda qilich zangi bor”, deydigan holatga yuksalish lozim. Ana shunda moziyda o‘tgan buyuklarni tiriltirish uchun o‘ziga xos botiniy quvvat, sohir bir nafas zarurligi ravshanlashadi. Ana shunda nomlar, joylar, odamlar o‘zgargani bilan tarix takrorlanaverishiga shubha qolmaydi.

 

***

Ulkan ijodkor ertadir, kechdir hech kimdan xafa bo‘lmaslik, shon-shuhrat va manfaat poygalarida qatnashmaslik, qo‘ldan kelganni beg‘araz, tamasiz bajarish kerak, degan qarorga keladi. Ana shunda u birovdan marhamat kutmaganidek,  turfa-turfa qabihlik va riyokorliklarga parvo ham qilmaydi. Bunday holat va xolislikka erishganlar bor, biroq juda sanoqli.

 

***

Adabiyot haqiqat va to‘g‘rilik uchun kurashni butun iztiroblari, azoblari bilan, faqat muvaffaqiyati emas, mag‘lubiyati bilan ham ko‘rsatib bera olishi kerak. Zamonaviy adabiyot yangi odamni tarbiyalayman desa, mana shu mezonlarga amal qilishi shart. Bugun adabiyot ichdan evrilishga mahkum.

 

***

Adabiyotning chorlaydigan manzili abadiyat. Adabiyot fanolik va baqolik chegarasi doirasida juda teran fikrlaydi.

 

***

Martaba, mavqe, mukofot yoki unvon ilinjida xalq, vatan, istiqlol mavzusida biri-biridan sayoz, so‘z va ifodalari farqlansa-da, mazmunda biri ikkinchisini takrorlaydigan she’r yozish keyingi paytlarda qandaydir urfga aylandi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, shoirlik bilan tamagirlik, fidoyilik bilan olchoqlik va maddohlik, yangilik bilan qaytariqbozlik boshqa-boshqa narsa ekanligini aytuvchilar soni ham keskin kamayib qoldi.

 

***

Har qanday qofiyabozning she’r deya ko‘klarga ko‘tarilgan narsalari o‘zi o‘lmasdan burun o‘ladi. She’rning uzoq yashashi yoki yashay olmasligi faqat va faqat she’rning o‘ziga bog‘liq. Tug‘ilishida tama, yolg‘on, riyo, sun’iylik aralashmagan bo‘lsa, she’rdagi har bir so‘z, har bir tashbih va timsol sof ruhiy quvvatga asoslansa, ifodada atayinlik, soxta pafos sezilmasa – bunday she’r o‘lmaydi. She’r shoir yashagan davr va zamonning o‘zgaruvchan va o‘tkinchi havosini emas, u tug‘ilib voyaga yetgan zaminning nurday toza, hayotbaxsh nafasini aks ettirmog‘i kerak.

 

***

Shoirning shoirligini ko‘rsatuvchi shaffof ko‘zgu – bu she’r. She’rdan boshqa hech nima shoirdan yodgor qolmaydi.

 

***

Yolg‘onchi, madhiyaboz shoirlar oddiy odamlarni shunchalik bezdirishganki, she’r – bu makr, hiyla, xushomad va kazzoblik timsoli, degan qarashlar ham paydo bo‘lgan.

 

***

Haqiqiy san’atkor na omma didi va saviyasiga moslab asar yozishni, na olomon dilini ovlab, shuhrat qozonishni xayolga keltiradi – boshqalarga maqbulmi, nomaqbulmi – u ko‘nglida ildiz otgan, ruhini munavvar qilgan ma’no va haqiqatlarni yozadi.

 

***

Bir paytlar maktab darsligida Abdurahmon Jomiyning “Jahonda kitobdan yaxshi yor bo‘lmas” satri bilan boshlanadigan ruboiysini o‘qiganmiz. Oradan qancha vaqt, qancha zamon o‘tdi, lekin men yuqoridagi misrada aytilgan fikrga bugun endi to‘liq ishonaman. Ishonaman deyish kamlik qilar – kitobdan beg‘araz, kitobdan beminnat musohib topilmasligiga iqrorim ham bor.

 

***

 

“Boburnoma”ni varaqlash men uchun dunyodagi eng maroqli ish.

 

***

Yaratilish e’tibori bilan inson garchi hamma narsadan keyinda bo‘lsa-da, mohiyat, salohiyat jihatidan baridan oldinda – yuksakda turadi. Zero, inson olamning ruhi, olam go‘zalliklarining mehvari.  Komillik uning matlabi va eng oliy shon-sharaf darajasi erur. Mavjud bu olamda Alloh komil inson vositasida tajalli aylaydi. Komillik nuri yo‘qolsa, olamni zulmat qoplagay.

 

***

Mumtoz adabiyotimizni o‘qib-o‘rganish zarur. Lekin Navoiyni chuqur bilish hammasidan muhim. Chunki Navoiyni anglash hayot, adabiyot hamda insoniyatning eng murakkab, dolzarb masala va muammolarini tushunishga keng yo‘l ochadi. Shu ma’noda, Navoiy shaxsi va she’riyatiga, xususan, yosh avlod qiziqishi uchun oz bo‘lsa-da, hissa qo‘sha olgan bo‘lsak, o‘zimizni maqsadga yetgan, deb hisoblaymiz.

 

***

Alisher Navoiy hech bir asarida – u xoh she’riy, xoh nasriy, xoh ilmiy bo‘lsin – qaysi millat nomidan gapirayotganini va qanday maqsadlarni ko‘zda tutganligini aslo esdan chiqarmagan.

 

***

Navoiy Shaxsining poydevori, hech shubhasizki – Iste’dod, harakat quvvati esa E’tiqod, Vijdon, maslak va ma’naviyat jabhasi: Ishq, Irfon, Haqiqat va Rostlikdir. Bularsiz ulug‘ shoir shaxsidan so‘z yuritishni xayolga ham keltirmaslik kerak. To‘g‘rilik, shijoat, butunlik va fidoyilik borlig‘idan muqim joy egallamasa, hech qaysi qalam sohibi millat tafakkuri, xususan, ruhoniyatiga sezilarli ta’sir o‘tkazolmaydi. Mana shu uchun ham Navoiy ilhomni kashfdan, kashfni ijodiy yangilik va o‘ziga xoslikdan aslo ajratmagan.

 

***

Navoiy adabiyot va xalq masalasini juda to‘g‘ri hal qilgan. Ya’ni haqiqiy yozuvchi va shoir, albatta, davlatiga xizmat qilishi, albatta, saltanat qudrati uchun kurashishi muhim, lekin u doim xalq tomonida bo‘lishi kerak. San’atkor shu yo‘ldan boshqasini tanlamasligi shart.

 

***

Navoiyni o‘rganish uchun u bilan yashash kerak. Navoiyni bilish uchun bu dunyoning o‘tar-ketar o‘yinlariga aralashmaslik lozim. Navoiyni anglash uchun uning ijodini amal, mansab, manfaatga vosita qilmaslik kerak.

 

***

Ham navoiyshunos bo‘lib, ham katta yolg‘onlarga bosh qo‘shib, ham amalning orqasidan quvib, ham ahli dunyo g‘avg‘olari ichida o‘zini ko‘rsatishga harakat qilish, yumshoqroq aytganda, uyat.

 

***

Navoiyning xayollari, rejalarini qarasangiz, o‘ylaysiz, bu odamda shaxsiy hayot bo‘lganmi, yo‘qmi? Navoiyda ijodkorga xos bo‘lgan xolislik, shaxsiyatparastlikdan kechish, bu dunyodan uzilish bir ilm darajasida bo‘lgan. Shu bois mol-mulk va boylikka shoirning munosabati boshqacha. U xalq, millat uchun o‘zini to‘liq safarbar qilgan.

 

***

Navoiy eng og‘ir paytda ham tilga suyangan. Shoir mana shu til mavjud ekan, bu millat ham bo‘ladi, davlat o‘laroq rivojlanadi, deb ishongan.

 

***

Ilm bu mushohada demakdir. Ma’lumot-u dalillarni qatorlashtirish bilan bu ish bitmaydi.

 

***

…eng katta va asosiy ilm manbai – hayot. Uni teran anglagan va mushohada eta olgan shaxs olimdir. O‘zining nafsi va shaxsini bilishga uringan esa ilmi zohirning mag‘zini chaqishga erishgan ma’rifatchi erur.

 

***

Yoshlik ruhi, yoshlik g‘ayrati va yoshlik shavqini yoshlar ilm-fanga olib kirmasa, ilm-fan kamida o‘zining bahoridan ajraladi. Shuning uchun navqiron va o‘spirin tadqiqotchilarning dadilligi, jur’atkorligini hamisha rag‘batlantirish kerak.

 

***

Yoshlar tarbiyasi – bu maktab, ilm-fan va komillikka g‘amxo‘rlik demak. Maktab ta’lim-tarbiya va ilm o‘chog‘iga aylantirilmas ekan, navqiron avlodga qaraganda yoshi ulug‘lar bundan ko‘proq zarar tortadi.

 

***

Tiriklik va o‘lim barobar davom etadi. Quvonch va fojea bir-biridan ajralmaydi. Biz shodlik deb turgan narsa ichida g‘am bosh ko‘tarayotgan bo‘lishi mumkin. Biz dard deganimiz orasida shodlik qanot yozayotgan bo‘lishi ehtimol. Buni zohirdan ko‘rib bo‘lmaydi. Holatni botindan anglaganlar esa qadarni xotirjam qabul qiladi.

 

***

Qo‘rquvning beshigi nafs. Nafsiga qul bo‘lgan odamning jasoratiga aslo ishonmaslik kerak.

 

***

Jonzotlar orasida yolg‘iz insongina yolg‘onni – haqiqat, haqiqatni esa yolg‘on, deya bayon aylay oladi.

 

***

Insoniyat hurlikni o‘ylaydi, u haqida ko‘p gapiradi. Lekin asosan qullik, mutelikda yashaydi.

 

***

Men bobomning nomlaridan faxrlanib yuraman. Haqqul – Haqning quli. Yillar o‘tib, shunga aqlim yetganidan keyin Xudo shu qullikdan benasib qilmasligini xayol qiladigan bo‘ldim. Bilmadim, bunga qanchalik erishdim, erishmadim…

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19278
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16345
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi