Eng talabchan, eng qattiqqo‘l, eng mehribon – Mashhurlarning onalari qanday bo‘lgan?


Saqlash
18:03 / 07.03.2024 1828 2

Halima AHMEDOVA, shoira:

 

Xotiram zaiflashyapti. Bolalikning juda ko‘p xotiralari yodimdan chiqyapti. Ammo eng qizig‘i, onam bilan bog‘liqlari yanada yorug‘lashyapti. Nega bunday, – tushunmayman. To‘ng‘ich farzand bo‘lganimgami, erka, sho‘x edim. Buning aksi o‘laroq, onam juda sodda, kamsuqum ayol edi. Ba’zan bolaligimga borib qilgan sho‘xliklarim onamni ranjitardi, jahlini chiqarardi. O‘shanda u bilgan yagona qarg‘ishini ishlatardi:

 

– Hah, oyog‘ingga yara chiqmagur...

 

Bo‘ldi, ana shuning o‘zi menga kifoya edi. Darrov xafa bo‘lib, to‘nimni teskari kiyib olardim. Keyinroq, aqlimni tanigach, onamning bu qarg‘ishi duo ekanligini bildim.

 

 

Talabalikda miyamizni soxta mafkuralar bilan to‘ldirishgani bois (bu katta fojia edi) ruhoniy bilimlardan yiroq edik. Bobur g‘azallarini sevib o‘qir, shoir hayotiga qiziqardim. Bir kuni Humoyun Mirzo xastalikka chalinganda Bobur o‘g‘lining atrofini aylanib, kasalni o‘ziga Xudodan so‘rab olgani va natijada shahzoda sog‘ayib ketib, otasi og‘irlashgani haqidagi tarixiy voqeani o‘qib qoldim. “Bu axir afsona-ku, bunday bo‘lishi mumkin emas”, dedim, dugonalarim davrasida.

 

O‘tgan asrning 87-yillari shifokorlar menga saratonning birinchi bosqichi tashxisini qo‘yib, Moskva shahridagi onkologiya kasalxonasiga yuborishdi. U yerdagi jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganiga qaramay, men kundan kun og‘irlashardim. Oradan bir qancha vaqt o‘tgach ham o‘zgarish bo‘lmagach, shifokorlar ham sog‘ayishimdan umidini uzib, dadamga telegramma jo‘natishgan. Hushim goh kelib, goh ketib turgan kunlarning birida dadam men yotgan palataga kirib keldi. O‘sha vaqt gapirolmas edim. Dadam (juda o‘zgarib ketgan bo‘lsam kerak) meni tanimadi. Ularning ortidan g‘am tortgan, mung‘aygan onam ham kirib keldi. Ota-onam ahvolimni ko‘rib, o‘kirib-o‘kirib yig‘lashardi. Shifokor ularga vaqt tugaganini bildirgach, dadam mehmonxonaga ketdi. Onam qizim bilan qolaman, deb oyoq tirab turib oldi. Moskvaning kuzi juda sovuq keladi. Tashqarida gupillab qor yog‘ardi. Menga qaraydigan hamshira onamga ko‘rpa-to‘shak keltirib berdi. Palatada yolg‘iz o‘zim yotardim. Nazarimda, og‘irlashgan bemorlar uchun shunday tartib bor edi.

 

Vaqt allamahal bo‘lgach, negadir uyg‘onib ketdim. Onam men yotgan karavot atrofida tinimsiz aylanar, shivirlab nimalardir derdi. Holsizlik g‘olib kelib, yana uyquga ketdim. Ertalab uyg‘onganimda, onam to‘shak ustiga boshini egib, og‘ir o‘yga botgancha o‘tirardi. Bildim, u tun bo‘yi uxlamagan. Ilkis boshini ko‘tarib, men tomonga qaradi, o‘rnidan dast turib, tepamga keldi. Xuddi mendan suyunchi olmoqchidek jilmayib:

 

– Qizim, qo‘rqma, sen tuzalasan. Hali hech narsa ko‘rmagandek bo‘lib ketasan, – dedi. Men ham jilmaydim.

 

Onam aytganiday, olti oy deganda oyoqqa turdim. Ammo, onaginam bir yil o‘tmay saratonga chalindi. Bu kasallik bilan uzoq kurashdi. Men noshud farzand uning dardiga darmon bo‘lolmadim. Onajonim dunyodan o‘tayotib ham men uchun qayg‘urdi:

 

– O‘zingni ehtiyot qil, qizim!

 

 

 Zulfiqor MUSOQOV, rejissyor:

 

 

Oyimning ismi Oliyaxon edi. Dadamning juda erta vafotidan so‘ng uch farzandni o‘zlari tarbiyalab, oliy ma’lumotli qilganlar. Oyim butun umr Qorasaroy ko‘chasidagi mahallada, uyimiz oldidagi bolalar bog‘chasida tarbiyachi bo‘lib ishladilar. Yillar o‘tib, nabiralarini ham tarbiya qilishda ko‘maklashar, erkalab-suyardilar.

 

Oyim juda to‘g‘ri so‘z, mard ayol edi, kezi kelsa meni ham ayamasdi. Odamlarning mansabiga, lavozimiga qarab o‘tirmas, nohaq bo‘lishsa, haqiqatni tikka yuziga aytardi. Agar biz, farzandlarda nimaki yaxshi fazilat bo‘lsa, fakat ota-onam tufayli bor, deyolaman.

 

Oyim barcha filmlarimning premyeralarida birinchi qatorda o‘tirardi, ochig‘ini aytganda, eng talabchan kinoshunosim onam bo‘lgan. Eslayman, ular hamkasblarim bilan suhbatlashishni yoqtirardilar. Deyarli bironta hamkasbim yo‘qki, onamning duosini olmagan. Joyingiz jannatda bo‘lsin, onajon, bolalaringiz sizni va rahmatli otamizni hech qachon uyaltirmagan va uyaltirmaydi. Bizga qanday yashashni o‘rgatganingiz uchun rahmat!

 

 

Norqobil JALIL,  O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “XXI asr” gazetasi bosh muharriri:

 

 

– Barcha onalar kabi, mening onam ham farishtadek munis, mushtipar, kuyunchak, mehribon ayol bo‘lgan. Elas-elas esimda: 1973-yillar edi, shekilli. Kitobda Abduaziz degan rasmchi qishloqlarni oralab odamlarni suratga tushirib yurardi. Paxsa uyimiz soyasida o‘ynab yurgandik. Bir mahal haligi rasmchi amaki kelib qoldi. Onam ichkarida kuymalanib yurgandi.  Chaqirib chiqdim. Suratchi juda sodda, xokisor onamga nimalarnidir gapirib, rasmga tushishga ko‘ndirdi. Onam meni yoniga chaqirib, “Kattasi maktabdan kelmadi hali,  kenjam bilan tusha qolay”, dedi. Qayda, shu darajada uyatchan, bir qishloqi bola bo‘lganim uchunmi, “yo‘q, ena, tushmayman”, deb qochib ketdim. Onam bechora xijolat tortgancha mendan ikki yoshcha kichik Hayitmurod degan qo‘shnimizning o‘g‘lini yoniga olib rasmga tushdi...  O‘shanda suratga tushsam edi... Onam rahmatlidan faqat ana shu suratgina nodir xotira bo‘lib qoldi. Hozir ham shu rasmni ko‘rsam yig‘layman!...

 

 

Zamira SUYUNOVA, O‘zbekiston xalq artisti:

 

 

– Qashqadaryo viloyatining tog‘li “Shatri” qishlog‘ida 11 farzandli, katta oilada tug‘ilganman. Mening onam ham 11 farzandni dunyoga keltirib, katta hayotga yo‘llab, nabiralarni ham opichlashadigan, butun ro‘zg‘or yukini yelkalaydigan o‘zbek ayollarining biri bo‘lgan. Otam o‘qituvchi bo‘lib ishlar, onam esa uyda farzand tarbiyasi, ro‘zg‘or tashvishlariga umrini bag‘ishlagandi. Qishloqdagi uy bekasining tashvishi ko‘p, qo‘y-sigir, tomorqa degandek, buni hamma biladi. Ammo onalarimiz kun davomida qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni soat ko‘rsatkichidek aniq tartiblashgan. Oddiy misol, qishlog‘imizda 10 yoshimgacha elektr chiroqlari bo‘lmagan. Biror marta bo‘lsin kechqurun fonus shishasining qorayib turganini ko‘rmaganman. Bir kuni qo‘shniroq xonadondan uyimizga mehmon kelgan. Uyingizda shuncha yosh bolangiz bor ekan, tinchlik-osoyishtaligingizdan buncha  ko‘p yosh bolangiz bor deb o‘ylamas ekanman, degan.

 

Keyinchalik vaqti soati bilan o‘zim oilali, bola-chaqali bo‘lganimda bunday tartibni ushlolmaganman. To‘g‘ri, bizning turmush tarzimiz, ishimiz, boshqa vajlarimiz bo‘lgandir, lekin baribir har safar eslaganimda onamning tartibiga qoyil qolaman. 11 farzandning usti-boshi tozaligi, osh-ovqati, ro‘zg‘orning saranjom-sarishtaligi... Endi o‘ylayman, onalarimiz chinakam qahramon bo‘lgan ekan. “Qahramon ona” unvoni bekorga berilmagan ekan.

 

Toshkentga o‘qishga ketganimizda, onam qizlarim u yerda nima yeb-ichadi, deb osh-ovqatimizdan xavotir olib, xafa bo‘lgan ekanlar. Dasturxon boshida bolalarim nima yeyapti, deb yig‘lab ham olarkanlar. Biz uchun kech kuzgacha voyishlarda uzum saqlab qo‘yardilar. Bir holni har gal eslaganimda ko‘zim yoshlanib ketadi. Uyda o‘tirganimda eshik jiringlardi, ochsam, onam qo‘lida og‘ir paketlar bilan jilmayib turardilar. O‘zlari yopgan patir, qaymoqni shuncha yo‘l bosib ko‘tarib kelardilar. U paytlar telefonlar yo‘q edi, uyda bo‘lmasak, qaytganimizcha eshik tagida charchab kutib turgan bo‘lardilar. Onamning oq ro‘molda, qo‘llarida og‘ir sumkalar bilan eshik oldida turganlari hamon ko‘z o‘ngimda turadi, ilohim oxiratlari obod bo‘lsin.

 

 

Abduqodir TOSHQULOV, Termiz davlat universiteti rektori, professor:

 

 

Odamlar oldida tilingga, ulug‘lar oldida qalbingga ehtiyot bo‘l, deyishadi. Xuddi shunday, ulug‘ ustozlarning yonida xayolimizdan o‘tkazadigan narsalarga-da ehtiyot bo‘lib turamiz. Onam huzurida esa shundan yuz chandon ortiq hushyorroq bo‘lishimga to‘g‘ri keladi. Chunki onam fan doktori, professsor bo‘lmasalar ham, ichki sezgi bilan qalbimdan o‘tgan hislarni batamom bilib turadi. Shuning uchun onamni yupatmoqchi bo‘lsam, hech uddasidan chiqmaganman, ko‘nglini ko‘tarish uchun shirin yolg‘onlar aytib ishontirolmaganman.

 

Ona farzandini to‘qqiz oy yuragining ostida, bag‘rida ko‘tarib yurganigami yoki mening onam shunday zukkomi, har qanday vaziyatda ahvolimni bilib turadilar. Boshimdan juda og‘ir kunlar o‘tyotganda, kulib, o‘ynab borsam ham, bolam, tinchlikmi, deydilar. Mana bu salovatni aytib yuring, deb tavsiya beradilar. Makka va Madinaning imomlari butun hajdagi jamoa bilan haqingizga qilgan duodan ota-onaning duosi ustun turadi, degan gapning ma’nosini mana shu holatlarda ko‘raman.

 

Ona faqat madh etiladigan zot emas, u muqaddas. Qo‘shiqlarimizda ona, ona deb to‘tiqushdek hissiz takrorlaymiz bu so‘zni. Yo‘q, mana bunday nozik jihatlari bor onaning. Uning qalbi sizning ahvolingizni anglash, iztiroblaringizni bilish uchun masofa tanlamaydi. Yoki sizdagi kibrni, manmanlikni sezish uchun ko‘p vaqt sarflamaydi, darrov biladi. Ona eng nozik xilqatlardan biri deyilganda, shular nazarda tutilgan deb o‘ylayman.

 

 

Munavvara ABDULLAYEVA, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, aktrisa:

 

 

Aktrisa bo‘lishimga oilamdagilar baribir qarshi bo‘lardi, shuning uchun Toshkentga qochib kelishni reja qilgandim. Lekin yashirin rejamni onam sezib qolib, barcha narsamni – kiyim-kechaklarim, yig‘ib yurgan pullarimni ham olib qo‘yganlar. O‘zimni esa “tarbiyalanishim” uchun buvimnikiga yuborishdi. Ammo maqsadimdan qaytmagandim o‘shandayam, ishga kiryapman deb yolg‘on gapirib, hujjatlarimni olib, Toshkentga yo‘l olganman. Poytaxtga kelgach, uyga telefon qilib, Toshkentga kelganim va nima chora ko‘rishlaridan qat’i nazar o‘qimoqchiligimni aytganman. Onam bir so‘zli, qattiqqo‘l ayol edilar, shuning uchun g‘ururlari kuchlilik qilganmi, o‘qishimning boshida biror marta ham mendan xabar olmagan, yo‘qlamagan. O‘zboshimchaligim uchun jazolamoqchi bo‘lganlar balki... Shu orada talabalar paxta terimiga jo‘naydigan bo‘ldi. Men o‘sha vaqtgacha bitta ko‘ylakda yurardim. Noiloj uyga telefon qilib, bizni paxta terimiga jo‘natishayotganini, issiq kiyimlar kerak bo‘lishini aytdim. Bir necha kundan so‘ng onam qishki kiyimlar, bir dunyo oziq-ovqat olib keldi. Ammo хafaliklari hali to‘liq tarqalmagan ekan, “Mana, kerakli narsalarni olib keldim, lekin senga bir tiyin ham pul bermayman”, degandilar o‘shanda.

 

Onam bir so‘zli ayol edi, o‘qishni bitirgunimcha rostdan ham bir tiyin ham pul bermadilar. Faqat oziq-ovqat jo‘natib turar, qolgan xarajatlarimni stipendiyam bilan amallardim. O‘qishni tamomlab, Sirdaryo teatriga ishga joylashganimda, onam ko‘rishga kelgandi. Teatrimiz uncha obod bo‘lmagan, cho‘lroq hududda joylashgan edi. Shuncha o‘qib topgan joying shu yer bo‘ldimi, shu yerda ishlash uchun bizni shuncha norozi qilib o‘qidingmi, deganlar. Bu gaplaridan keyin o‘sha teatrda butun umr qolib ketishdan qo‘rqib, ustozlarim bilan keyingi rejalarimni maslahatlashish uchun institutimga bordim. Maslahatlashganimizdan ko‘p o‘tmay, ustozlarim meni xorijga o‘qishga yuborishdi. Rossiyadan pedagog bo‘lib qaytdim va institutda dars bera boshladim.

 

Hozirlar o‘ylab qarasam, onam motivatorim bo‘lganlar. Menga o‘qituvchilik qilish yoqa boshlagan, aktrisa bo‘lishni unutayotgandim. Ammo, taqdir hazilini qarangki, o‘zim istaganimdek, aktrisalik yo‘lini tutishimga bir vaqtlar norozilik bildirgan onam sababchi bo‘ldi. Bir kuni onam, sen ham aktrisa bo‘lib hech televizorga chiqmaysan-ey, shuncha vaqt o‘qiding-ku, dedilar. Shunda “Onam kutarkanlar-da”, degan o‘y o‘tdi ichimdan. O‘sha vaqt “Oq bino oqshomlari” filmidan taklif tushib yurgan edi. Shu kartinada birinchi marta rol ijro etdim. Filmning teleekranda uzatilish vaqtini onamga aytgandim. Kinoni hamma qishloqdoshlarim tomosha qilishgan. Qarabsizki, birpasda butun qishloqda mashhur bo‘lib ketdim, hamma gapirgan, maqtagan. Onam bundan xursand bo‘lgandilar, shu orqali qaysidir ma’noda onamning roziligini olgandim o‘shanda.

 

 

Mustafo BAFOYEV, O‘zbekiston san’at arbobi, kompozitor:

 

 

Onam oddiy qishloq ayoli edi. Nihoyatda mehrli, nihoyatda xokisor. Dalada ishlardi, ro‘zg‘or yumushlari, og‘ir sharoit, 3 farzandi bolalik chog‘ida vafot etgan, qolgan 7 nafarini parvarishlashning o‘zi bo‘lmaydi. Doim halim, munislik xislatlarini yo‘qotmaganiga, bizga zarda qilmaganlariga guvohman. Men bosh farzand edim. Shuning uchundir, onamni yaxshiroq bilaman. Ukalarimga aytgan allalarini eshitib sehrlanib qolardim. Juda yoqimli ovozlari bor edi. Ehtimol, musiqaga muhabbatim ham ana shundan boshlangandir.

 

Ba’zan onamni hozirgi ayollar bilan taqqoslab hayron qolaman. Bolasini sotdi, bolasini kaltakladi, o‘ldirib qo‘ydi, degan xabarlar chiqsa-ku, ko‘z oldim qorong‘ulashib ketadi. Qiz nevaralarimga onamning hayotlarini misol keltirib, ularning matonatli bo‘lishlarini, ayollik fazilatlarini yo‘qotmasliklarini aytaman. O‘zimga qadrli bo‘lgan asarlarimdan biri “Hajnoma” oratoriyasining ikkinchi qismini “Ona” deb nomlaganman. Onamni eslasam, taqdir sinovlarini bardosh bilan yenga olgan, oqko‘ngil ayol siymosi ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ladi. Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin!

 

Nargiza ODINAYEVA,

Oyina.uz

2 Izohlar

Sayfiddin

17:03 / 09.03.2024

Raxmat shunaqa ma'lumotlar berib turganligingiz uchun.

Роза Ниетбаевна Бахиева

11:03 / 09.03.2024

Жүдә тәсирли. Хакыйкый мотиваторлар аналарымыз.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19309
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16384
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi