Bibliotaf, bibliofil yoki biblioman: Siz qanday “kitobxon”siz?


Saqlash
16:03 / 07.03.2024 1165 1

Kitob oʻqish – dunyodagi eng keng tarqalgan, foydali va yoqimli mashgʻulotlardan biri boʻlsa, ajabmas. Bu mashgʻulot xotirani yaxshilab, stressdan xolos etadi va Alsgeymer kasalligining rivojlanishidan saqlaydi. Ammo kitoblarni sevib, toʻplaydiganlarning barchasini ham mutolaa ishqibozlari safiga qoʻshish notoʻgʻri. Chunki kitobni shunchaki, tashqi koʻrinishi uchungina haddan ziyod sotib oladiganlar ham topiladi.


Yana, kitob sahifalari orasidan keladigan “ifor”dan zavq oladigan va kitoblardan qoʻrqadigan odamlar ham anchagina.

 

Ular qanday nomlanishini bilasizmi? Oyina.uz kitob bilan bogʻliq qiziq, balki, siz bilmagan terminlar izohini jamladi.

 

Kitob hididan zavqlanish – bibliosmiya

 

Yomgʻir yoki yerning hidini yaxshi koʻradiganlar uchrab turadi. Xuddi shunday kitob hididan zavqlanadiganlar ham talaygina. Bu holatga asosan, kutubxonalarda guvoh boʻlish mumkin. Oʻquvchi oʻqiyotgan kitobining har yangi sahifasini ochganida, kitobni burniga tutib, rohatlanadi. Mana shu holat bibliosmiya deb nomlanadi.

 

Bibliosmiya termini kitob hidining oʻquvchiga taʼsirini ifodalaydi. Bibliosmiyaga “chalingan” odam elektron kitoblarning asosiy kamchiligi – bosma kitoblardagi kabi hidi yoʻqligida, deb aytadi.

 

 

Kitobning odamlarga zavq beradigan (ifori) hidi qogʻozlardagi kimyoviy reaksiyalar natijasida paydo boʻladi. Koʻpchilik kitob qancha eski boʻlsa, hidi ham shuncha kuchli va yoqimli boʻlishini taʼkidlasa-da, haqiqiy bibliosmillar har bir kitob yangi yoki eskiligidan qatʼi nazar, oʻz iforiga egaligini aytadi.

 

Bibliofobiya, mifofobiya, metrofobiyalarga qarshi abibliofobiya

 

Kimdir kitoblarning hajmidan choʻchiydi, yana kimdir uni qoʻliga olishga ham qoʻrqadi. Baʼzilar kutubxonaga shunchaki vaqt oʻtkazgani borsa, yana boshqalar tovush chiqarib kitob oʻqishdan hayiqadi: bu ularda titroq, ter bosishi yoki yigʻiga ham sabab boʻlishi mumkin. Shu kabi kitob va mutolaa bilan bogʻliq qoʻrquvlarning barini bibliofobiya termini birlashtiradi.

 

Bibliofobiyaga tegishli mifofobiya – yolgʻon maʼlumotlardan qoʻrqish yoki metrofobiya – sheʼriyatdan qoʻrqish holatlari ham aksariyat odamlarda kuzatilib turadi.

 

Bibliofobiyaga qarama-qarshi abibliofobiya tushunchasi ham mavjud boʻlib, oʻqish uchun hech nima qolmasligidan choʻchiydigan odamlarning holati shunday nomlanadi. Internet va axborot olami rivojlangan davrda bu fobiya mavjudligining oʻzi qiziq tuyulishi mumkin. Shunday boʻlsa-da, bir necha yil avval, aynan tarmoqlarda paydo boʻlgan Tatyana Tolstayaning “Kыs” romanida abibliofobiya xurujiga ilk bor misol keltiriladi:

 

“Bennedikt taxmin qilishdan qoʻrqib, qaltiragan qoʻllari bilan xazinalarni saraladi; ... Bularning hammasi boʻlgan, boʻlgan, boʻlgan, oʻqiganman, oʻqiganman, oʻqiganman... Xoʻsh, endi-chi: hammasini oʻqidim. Endi nima oʻqiyman? Ertaga-chi? Bir yildan keyin-chi?” – muallifning ifodasiga koʻra, aynan shu vaziyat abibliofobiya holatini aks ettiradi.

 

Kitob yigʻish ruhiyatdagi patologiya boʻlishi mumkinmi?

 

Kitob toʻplashga boʻlgan ishtiyoq baʼzan bibliomaniya deb nomlanuvchi psixologik holatga asoslangan boʻladi. Ushbu termin ilk marta Manchesterdagi qirollik shifoxonasi doktori Djon Ferriar tomonidan, uning muallifligidagi “The bibliomania” kitobida qoʻllanilgan.

 

 

Rossiyalik tarixshunos professor Mixail Kufayev bibliomaniya aql emas hissiyotlar mahsuli ekanini aytadi. Gap shundaki, biblioman chindan oʻqishni istagan kitoblarini emas, bir kitobning turli xil shaklini, masalan, ilk nashri, soʻngi nashri, qalin muqovadagisi yoki chiroyli jildligini sotib olaveradi. Kitob mazmunan emas, tashqi koʻrinishi, dizayniga koʻra qiziq va qadrli boʻlib boradi. Xaridlar bibliomanning mablagʻi qolmasa, qarz evaziga amalga oshiriladi. Bir soʻz bilan aytganda, kitob xarididan bibliomanlarni hech nima, hatto, pulsizlik ham toʻxtatib qololmaydi. Chunki bu holat ongli ravishda emas, boshqarilmas hissiyotlar natijasida yuzaga keladi.

 

Bundan tashqari, bibliotaf va bibliofil terminlari ham bor. Ular bibliomaniya bilan juda oʻxshash xususiyatga ega. Chalkashliklar yuzaga kelmasligi uchun kitobshunos Nikolay Lisovskiy bu terminlarni aniq tasniflar bilan izohlaydi:


Bibliofil
– “Kitoblarni nafaqat tashqi koʻrinishiga, balki, ichki mazmuniga koʻra sevib, qadrlaydigan haqiqiy kitobxon”.

 

Kelib chiqish mazmuniga koʻra termin grekchadan (biblion – kitob, philein – sevmoq) kitoblarni sevuvchi degan maʼnoni anglatadi. Bibliofillar asosiy mablagʻini kamyob va qimmatbaho kitob xaridi uchun sarflaydigan kolleksionerlar sanaladi.

 

Biblioman – “Kitoblarni asosan tashqi koʻrinishiga qarab yaxshi koʻradi. U oʻzining javonini kitob mazmunidan qatʼi nazar, uning bejirim dizayni yoki noyobligiga koʻra boyitadi”.

 

 

Yanada aniqroq farqlash uchun  Inlife Healthcare maqolasida bibliomaniyaning asosiy belgilari sanab oʻtiladi:

·        — kitoblarni maniya darajasida koʻp xarid qilish;

·        — foydasiz kitoblar jamgʻarish;

·        — uni toʻplash haqida kundalik rejalarga xalal beradigan darajada koʻp oʻylash;

·        — bir kitobning bir necha xil koʻrinishini toʻplash;

·        —bezovtalik, depressiya va kolleksiya haqida doimiy qaygʻurish

hamda shaxsiy hayot va munosabatlarga qiziqishning yoʻqligi bibliomaniyaning yaqqol belgilaridir.

 

Bibliotaf ham bir qancha sifatlari bilan bibliomanga oʻxshab ketsa-da, ularni asosiy bir jihat: bibliotafning kitoblariga nisbatan oʻta ziqnaligi ajratib turadi.

 

Bibliotaf termini grekchadan (biblio – kitob, tapho – berkitmoq, koʻmmoq) kitoblarni berkitaman, koʻmaman degan maʼnoni anglatadi. Bibliotaflar oʻzi toʻplagan noyob yoki soʻngi nusxadagi kitoblarni begonalardan shunday himoyalab, yashiradiki, qayerga qoʻyganini baʼzan oʻzi ham eslolmaydi.

 

 

Aniqroq tasavvur boʻlishi uchun: Aslida, bibliotaflar yomon inson boʻlmaydi. Ularni tartibsiz yoki oʻgʻri deyish ham haqorat. Xotirasi ham joyida boʻladi-yu, ammo sizdan, kutubxonadan yoki istalgan joydan olgan yaxshi kitoblarini qaytargisi kelmaydi. Odatda, ular kam nusxali yoki qimmatli, eski kitoblarni toʻplaydi va oʻz kitoblarini hech kim bilan boʻlishishni istamaydi.

 

Endi oʻylab koʻring, siz qaysi toifaga kirasiz?

1 Izoh

Malik Ali

19:03 / 08.03.2024

bibliosmiyaga uchragan bo'sam kerak

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19320
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16413
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi