Jaholat qurboni bo‘lgan muallima nimaning obrazi, qashqirlar-chi? – Bir she’r tahlili


Saqlash
17:03 / 06.03.2024 1019 0

Matnazar Abdulhakimning “Darsdan so‘ng” degan she’ri qahramonlariga – daftar quchoqlagan muallima va sumka ko‘targan o‘quvchiga atab yurtimizda “Muallimga mangu ehtirom” nomi ostida haykal o‘rnatilgan. Qayd etish lozimki, badiiy asar qahrmonlariga bunday ehtirom nainki O‘zbekistonda, balki butun dunyoda ham kamdan kam ko‘rsatiladigan nodir hodisa. Ma’lumot uchun aytish kerakki, avar shoiri Rasul Hamzatovning “Oq turnalar” she’ri shunday, – hatto ortiqroq, – e’zozlangan. “Darsdan so‘ng” nomli she’rda qishloq muallimasining shom tushganda maktabdan chiqib, olis uyi tomon qirlar osha yolg‘iz yayov ketayotganda, yo‘lda och qashqirga duch kelib qolib, qo‘lidagi daftarlarni birin-sirin yoqib himoyalanishi, lekin shunda ham yetti o‘quvchining topshirilmagan daftari tufayli qo‘lidagi birdan bir quroli – olovdan mahrumlik oqibatida bo‘riga yem bo‘lishi g‘oyat ta’sirli aks ettirilgan. Bu yerda o‘z vaqtida vazifani bajarib, daftarni topshirmaslik, ya’ni o‘qimaslik halokatga yetaklovchi illat ekanligidek achchiq hayotiy haqiqat majoz darajasida kuylangan. She’rdan o‘qiymiz:

 

Kimnidir koyidi chekkani uchun.

Tortib olib qo‘ydi gugurtini ham.

Mashq daftarlarini yig‘di-da, so‘ngra

Bir-bir sanab ko‘rdi. Yetti daftar kam.

 

Ana shu kamlik-kemtiklik – fojianing bosh sababi. Zero, bu kemtiklikning boshqa oti maktabdagi, ta’lim-u tarbiyadagi bo‘shliqdir. Bo‘shliqning esa, ma’lumki, yutib mahv etguvchi tabiati bor. Bu o‘rinda qurbon – qishloq maktabining muallimasi:

 

Har gal shunday ahvol. Uyalmaysizmi?

Kelasiz o‘qishmas, qilish uchun sayr.

Bu safar ham ikki qo‘ymay turaman,

Ertaga qolganlar topshirsinlar. Xayr.

Qish kuni – bir tutam. Qoraygandi qosh.

Ikkilandi. O‘tmak kerak, axir, qirdan.

Eri ham kelmadi olib ketishga

Ko‘ngli sovidimi... – vahm etdi birdan.

Hamkasb dugonasi qistovga tutib,

Tunab keting, – dedi. – Kech bo‘lib qoldi

Ko‘nmadi. Qo‘ltiqlab mashq daftarlarni

Uyga yolg‘iz o‘zi yayov yo‘l oldi.

Ovul tugab, endi qirga chiqqanda

Oqshom quyuq edi, atrof sim-siyoh.

 

Atrofning sim-siyoh ekanligini, ayni damda, jaholatga ishora. Xo‘sh, u qayerdan kelmoqda? Dars qilib, daftarlarni vaqtida topshirmaslik sim-siyohlikni, ya’ni jaholatni tug‘ib bermoqda. Jaholat ichida esa xavf~xatar bor:

 

Yo‘ldan qaytmoqchi ham bo‘ldi bir o‘yi,

O‘g‘lim xastalanib qoldimikan yo...

Yuragini badtar vahima bosdi,

Qamradi tundan ham badtar bir qo‘rquv.

O‘nqirmi, cho‘nqirmi, o‘rmi, qir demay

Yana ketaverdi, ketaverdi u.

 

She’rning avvalida uni muallima o‘laroq tanidik. Keyin boshida eri borligini bilib oldik. Demak, u xotin, yor. Dugonasidan so‘z ochildi, ayni damda u o‘rtoq ham. Mana endi boladan xabar berilmoqda. Ko‘rinadiki, u ona hamdir. Bo‘lib ham o‘zbek onasi, sharqlik ona. Bas, shu gapda hammasi aytildi: bunday onaning yo‘li zim-ziyo bo‘lib, xatarga to‘lsa ham bolam deydi, uyiga shoshadi. Biroq...

 

Mudhish bir sharpani ilg‘adi nogoh,

Razm solsa qashqir. Qilardi ta’qib,

Esladi yirtqichning qo‘rqishin o‘tdan,

Iziga bir daftar tashladi yoqib.

 

Muallima tadbirni to‘g‘ri oldi: hayvonning olovdan qo‘rqishini esladi (chunki u johil emas!) va qo‘lidagi daftarni yoqib, bo‘rining oldiga tashladi:

 

Qashqir to‘xtab qoldi. So‘ng – yana, yana,

Muallima omon topgan bu olov

Yirtqichga berardi ilojsiz sabr.

Yo‘lovchi – yoqardi, qashqir – to‘xtardi,

Tin olardi ikkov har daftarda bir.

Yo‘l uzoq, tun qaro, qashqir esa och,

Och yirtqich bilarmi nadir sadoqat.

Uyga yaqin qolgan vaqtda tugadi

Muallimda daftar, qashqirda – toqat.

 

E’tibor bering, inson hayotining omon qolishi uchun qo‘ldagi resurs tugab bitdi. Buning sababini yuqorida eslab o‘tdik – dangasalikka berilib dars qilmaslik, daftar topshirmaslik. Natijada jaholat qurboni muallima bo‘ldi.

 

 

Savol tug‘iladi: muallima kim?.. Jamiyatning o‘qimishli qatlami mansubi, ziyoli. Xo‘sh, u nega qurbon bo‘ldi?.. Johil tufayli, uning jaholati tufayli. Daftar topshirmaslik she’rda jaholatning ramzi bo‘lib kelyapti dedik. Bas, shunday ekan, xulosa qilamiz: o‘qimaganlar o‘qiganlarning hayot yo‘llariga choh qaziydi. Bu xuddi qonuniyatdek jaranglaydi. Xuddi shu xulosa bilan kunimizga nazar tashlaymiz – she’r haqiqati hayot haqiqati bo‘lib xayollarimizni tog‘dek bosadi.

 

Uvvos fig‘on tutdi qishloqni tongda,

Zamin aza ochdi, zamon yig‘ladi.

Daftar topshirmagan yetti o‘quvchi

Hammadan ham yomon yig‘ladi.

 

Xayriyatki, bu yerda, ya’ni she’rda daftar topshirmagan dangasa yetti o‘quvchi o‘z aybini tushunib yetdi, pushaymonligi – hammadan ko‘p yig‘laganida zohir. Shundan so‘ng shoir o‘z qismatini she’rga olib kiradi. U ko‘ngildagidek she’rlar bitolmagani uchun o‘zini daftar topshirmagan bolalarning biriga qiyos etadi:

 

No‘noq nazmim uchun afv et, xalqim,

Na olim, na fozil, na so‘z piriman.

O‘z vaqtida daftar topshira olmay

Qolgan bolalarning biriman.

Men yaxshi bilaman, tumor qilmaydi

Yozgan she’rlarimni oshiqlar.

Men yaxshi bilaman, qo‘shiqlarim jo‘n,

Bilaman, bular bir oddiy mashqlar.

 

Nihoyat, muallif shoirning vazifasini aniq-tiniq qilib belgilab beradi. Hamda bu vazifa, kerak bo‘lsa, burch xalqning taqdiri bilan chambarchas bog‘liq. Uning nazarida shoirlik xalqning yo‘lini yoritguvchi o‘tdir, olovdir. Bas, uni yo‘lda duch kelguvchi qashqirlardan, ya’ni xavf-xatardan faqatgina mash’alaga aylanguvchi ana shu yozuvlar omon saqlay oladi:

 

Lekin... ketmakdasan kelajak sari

Tap tortmay qismatning dasht, qirlaridan.

O‘zimcha asragim keladi seni

Yovuzlik, xiyonat qashqirlaridan.

Men mashq bajaraman, yozaman har kun

Daraklar, so‘roqlar, xitoblarimni.

... Sen yo‘l bo‘yi yoqib tashlab ketaver

Qashqirlar qo‘rqquvchi kitoblarimni...

 

Demak, yo‘ldagi xavf-xatar deb atalgan qashqirlar xalqni yeb bitirmasligi uchun shoir tinimsiz ter to‘kib mehnat qilmog‘i – yaxshi she’rlar yozmog‘i shart. Bu degani shuki, nafaqat shoir, balki barcha kasb egalari o‘z ishini xuddi shunday bekam-u ko‘st ado etmog‘i kerak, toki ona Vatan bor va tinch bo‘lsin! Bas, shunday ekan, qorong‘ida qirda bir o‘zi uyi tomon shoshib ketayotgan muallima, ayni damda, ona Vatan obrazidir. Uni qashqirlarga yem qilsak, bilingki, dars qilib daftar topshirmagan o‘quvchilardan biri biz bo‘lamiz. She’r, aslida, shu haqda urilib gumburlagan bongdir. She’rda-ku kurashni qashqirga boy berdik, hayotda boy bermaylik. Boy berdikmi, mag‘lubiyat alam-u iztirobini she’rga solguvchi shoir ham topilmaydi... Demak, shoir Matnazar Abdulhakim bir she’r misolida ana shunday ayanch qismatdan xalqni – har birimizni oldindan ogoh etmoqda, qashqirlarga yem bo‘lmaslik uchun o‘qib, dars qil, demoqda...

 

Ulug‘bek HAMDAM

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19336
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16432
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi