Hurlik istab... – bir ayol yozig‘i


Saqlash
14:03 / 05.03.2024 581 0

Yomgʻirmanmi yerga tushgan? 

Quyosh chiqsa-yu, yerga singgan tomchilarim-u daryolar toʻlqinida oʻynayotgan tomchilarim bilan osmonga koʻtarilsam-jamlansam, deya orzu qilayotgan yomgʻirmanmi?

 

1

 

***

“Omon qoraqoshning nevarasimisan?” – deb kampirlar kattaotamga oshkora qaray olishmaganining hissasidan chiqmoqchidek menga suqlanib qarashardi…

Choʻponlar yozning jazirama kunlarida ham chopon kiyishadi. Kattaotam podani haydab ketishdan oldin chopon kiyar, choponining etagini yelkasigacha qaytarib, ichiga meni oʻtqazib olardi. Chopon ichida kattaotamning keng yelkalarini quchgancha qirlarni tomosha qilib ketardim. Kattaotam tuytuk degan oʻsimlikning ildizini yerdan kavlab berardi, ularni mayda tishlarim bilan chaynashimni zavq bilan kuzatib oʻtirardi.

Boʻylari baland shu odam bir kuni gursillab yiqildi… va boshlarini yostiqdan koʻtarolmay qoldi. Men esa yaqiniga yoʻlolmay, igna yutgan itdek tipirchilab uyni aylanaverardim.

…Bir kuni uyimizni ayriliqning alamli faryodi tutdi.

…Namozshomda poda qaytayotganda koʻtariladigan gurros-gurros changni koʻrganimda xotiralar koʻchib, dardi-dunyomni sogʻinch gʻami qoplab oladi. Kattaotamning keng yelkalari tafti, choponining qadrdon isi, tuytuk taʼmini tuyaman. Ayriliqning yelkalari qoʻlyetmas baland, libosi azobning mashaqqat terlaridan qotgan, mazasi yerosti tuprogʻidek namchil va shoʻrxok...

Ayriliqdan ozod boʻlgim keladi.

Qizib yotgan tuproqqa suv sepilganda koʻtarilgan hovurdek ozod boʻlgim keladi ayriliqdan.

 

 

***

Bir qizning Toshkentga borib oʻqishi haqidagi orzusi qishlogʻimizdagilarga rosa qiziq hangama edi. Chunki u paytlari biz tomonlarda qizlar ota-onadan uzoqda oʻqimas, men esa orzularim bilan goʻyo ularni haqoratlar edim.

Ota-onam oʻqishimni istar, lekin odamlar ularni vahima gaplar bilan qoʻrqitib qoʻygan edi.

 

Onam oʻylab-oʻylab, oxiri kashtalarni tikib boʻlganimdan soʻng imtihon topshirishim mumkinligini shart qilib qoʻydi.

Qizlar bir-birinikiga borib, chaqchaqlashib, orzu-havaslarga berilib, oʻyin-kulgi qilib kashta tikishardi. Men esa imtihonga tayyorgarlik koʻrishim kerakligini oʻylar, kashtalarni tezroq bitirish uchun qizlarni uyimga yaqin yoʻlatmas, oʻzim ham birovnikiga bormas, deyarli uxlamas edim.

…Kashta tikyapman-u, ichimdagi boʻri: “Hozir shuni tikib oʻtirish vaqtimi?” deb uvlaydi. Gʻazab bilan qoʻlimga qaychi olaman-u, soʻzanalarni qirqib-qirqib tashlamoqchi boʻlib, noiloj karaxt turib qolaman.

Har qanday chiroyli, orzu-havasli ishni ham xohlamasdan bajarish gunoh (ish) qilayotgan kabi ekanligini oʻshanda tushundim. Nahotki ayolning qismati shunday: koʻzlaringdan oqayotgan yoshdan naqshlar chaplashib ketadi, tikishda davom etasan, yuragingda bir sher oʻkirib yotadi, sukut saqlashda davom etasan, qiyma-qiyma qilib qirqib tashlaging kelayotgan hayotning yirtiqlarini yamashda davom etasan…

Gullari lovullab, naqshlari jimirlab turgan kashtalarni bitirdim.

Oʻsha yili oʻqishga kirolmadim…

Agar bu dunyoga “ayol” tamgʻasi bilan kelmaganimda, oddiygina oliygohda oʻqish istagim uchun bunchalar qattiq kurashmagan, isyonning iztirobini uzoq yashamagan va har bir orzuyim uchun boshqalarning ruxsatini olish uchun yuragimni hovuchlab turmagan boʻlardim.

 

Goʻzal, lojuvard lahzalarni oʻsha lahzada yasholmadim. Hamisha xayolim qoʻlimdagi ishni tezroq tugatsam, vaqtni tejasam-u, orttirilgan vaqtga oʻzim bilan qolsam, kitob oʻqisam, yozsam, degan orzular bilan band boʻlgan. Uy tozalayotganda men kabi oshkora yigʻlaydigan, qogʻozga tushirolmagan soʻzlarini qozonda qovurib yuboraveradigan yana qancha ayol bor ekan? Shuning uchun vaqti faqat oʻziniki boʻlgan erkaklarga hasad qilaman. Shuning uchun kimningdir choʻntagidagi, qora kuniga atalgan sariq chaqa boʻlgim kelmaydi. Shuning uchun sevgi istagan qalbimga “Sevilish – birovning umri (ruhiy quvvati) hisobiga yashash” degan falsafam bilan taskin beraman.

…Hozir faqat yozishni istayman!

Erkin yozishni istayman!!

Ayollikdan tashqarida yozishni istayman!!!

Ogʻriqlar tinkasini quritgan bemor darddan qutulishni istagani kabi ayollikdan ozod boʻlishni istayman…

 

 

***

Rahmatli enam: “Qiz bola koʻp kitob oʻqimaydi, baxtsiz boʻladi, koʻp oʻqiganning xosiyati yoʻq”, – der edi. Bolalikda baxtsizlik nimaligini qaydan ham bilardim?! U paytlarda men uchun baxtsizlik Markesning “Yolgʻizlikning yuz yili”ni oʻqib, kitobda tasvirlangan yomgʻir tovushini tinglab oʻtirishimdan mahrum etishlari edi. Shuning uchun chordoqqa chiqib olib, chaqirishganini eshitmay, deb qulogʻimni paxta bilan berkitib olardim…

Shu enaginam meni chordoqdan – baland dunyolarimdan tushirib, koʻpkariga olib borishni yaxshi koʻrardi…

 

…Sovrinlar tikildi. Uloq tashlandi. Otlar yugurdi. Chang koʻtarildi. Manzara xiralashdi. Odamlarning shovqini koʻpaydi, soʻzlar chaplandi, urho-ur kuchaydi. Hamma bitta toʻlqinga tushgan, bitta maqsadda, bir xil jazavada. Faqatgina men ayovsiz tortqilanayotgan uloqqa achinib yigʻlardim. Nazarimda, chavandozlar – ogʻzilaridan oʻt purkab, bechora uloqqa hujum qilayotgan ajdarholar-u, shu zulmdan kuch olib rohatlanayotgan tomoshatalablar – qah-qah otib qiyqirayotgan olaboʻji yosumanlar edi.

 

Garchi oʻshanda bir dahshatning guvohi boʻldim, deb vayron xayollar bilan uyga qaytgan boʻlsam-da, keyinchalik ham koʻpkariga qayta-qayta boraverdim. Chunki kimdir bunga chiday olmay hayqirib yuboradi-yu, bularning bariga chek qoʻyiladi, deb umid qilardim.

 

Borgan sari uloqqa rahmim ozayib bordi. Endi men odamlarning umumiy kayfiyati Gʻalabaga intilish jazavasi ekanligini sezayotgan edim. Bu rohatbaxsh tuygʻuda mast boʻlish uchun, Gʻolib boʻlish uchun inson kuchli va shafqatsiz boʻlishi kerakligini anglayotgandim. Lekin hamon uloq erishilajak bir ramziy narsa-yu, uning haqiqiy ismi, maʼno-magʻzi nima ekanligini topolmayotgan edim. Hozir esa uloqning asl ismini bilaman. U Or edi, koʻpkari esa or oʻyini edi, biz esa or oʻyinini oʻynaydigan xalqmiz. Baʼzan oʻyinga shu qadar berilib ketamizki, qizlarimizni uyimizga sigʻdirmaymiz, sevgimizdan yuz oʻgiramiz, oʻz nasibamizni itlarga yediramiz. Hammaning, elning nazaridagi orni asrab qolish uchun odamlar nigohidan chetdagi, yashirin orsizliklar qilishdan zarracha orlanmaymiz.

 

…Hamon Gʻalabadan mast boʻlolmayman, hamon talashishni yomon koʻraman, hamon ulgʻaymaganman, chunki qachonlardir koʻpkarida uloqqa rahmi kelib yigʻlagan qizaloq bugun millatiga qarab yum-yum yigʻlaydi...

 

***

Uyimizdan ancha uzoqda uzumzorimiz, u yerda loydan tiklangan boʻyi-eni ikki metrlik chaylamiz bor edi. Pishiqchilik paytida uzumni qushlardan qoʻriqlash uchun biz bolalar navbatma-navbat chaylaga borardik.

Yelkamdagi odobli qiz, aʼlochi oʻquvchi, mehribon opa kabi masʼuliyatlar bilan ogʻir boʻlib yurgan men chaylaga ichimdagi asov shamollar bilan borardim.

 

Chayla oldidagi issiq tuproqqa uzala tushib, qushlarni, osmonni tomosha qilardim. Xudodan shu tuproq kabi mayin, shu tuproq kabi mehribon doʻstlar, shu tuproq kabi haroratli yor soʻrardim. Loydan uychalar yasardim, tuproq kechib yugurardim, chopayotganimda koʻtarilgan changlardan battar zavqim oshardi, yanada tezroq yugurish uchun oyogʻim tagiga enalarim aytgan chululi degan hasharotni topib surardim…

 

Keyin Vaqt oyogʻiga chululi surib oldi – shunday shiddat bilan yugurdiki, atrofimni chang-u toʻzon qoplab oldi.

Keyin chayladan ilon chiqdi, uning ichiga kirolmay qoldik. Nachora, neniki aziz bildik, ichidan ilonlar chiqdi.

Oʻlim qoʻrquvi, ozorlar, burchlar taʼqib etmaydigan biror goʻsha endi ham bormikin? Bormikin?! Nahotki, oʻsha soʻnggi manzilimiz – ikki metrlik chaylamizdek keladigan yer boʻlsa!

 

… Johiliyat davrida tugʻilganidayoq tiriklay koʻmilgan qizlarga ham shu ikki metr joy nasib etgan edi. Koʻrdim-ku, bugungi kunda bir matoh kabi, bir mulk kabi istasa egallanib, istasa tashlab ketilayotgan qizlar ham oʻz ixtiyori bilan Xudoyimning beminnat ikki metr boshpanasiga shoshib ketmoqda!..

 

 

…Oʻz sayyodini koʻrib qolgan hech bir ohu koʻkragini oʻqqa tutib bermaydi. Toshdan toshga sakrab qochadi. Qochayotib atrof tabiat goʻzalliklarini ilgʻamaydi, berkinish mumkin boʻlgan joylarni yoki qochish uchun qulay boʻlgan joylarnigina koʻradi. Shu kabi inson ham berkinishi mumkin boʻlgan chaylasi-qabriga ming bir nafsdan ozod ruhi bilan borgisi keladi...

 

Men anglagan ozodlik – qalbni zanjirlab turgan ogʻriq tuygʻularidan xalos etib, uni harakatga keltirish, kenglikka yoʻnaltirish, yuqorilash, bir oʻlchamdan kattaroq oʻlchamlarga yana va yana oʻtish.

Ozodlik – ayollik chegaralaridan poyonroq inson maqomiga koʻtarilish.

Ozodlik – bir millat darajasida turib qolmaslik – deraza ortidan koʻrgan dunyomiznigina butun olam deb bilmaslik.

Ozodlik – keta olish. Armonlarga, hoy-u havaslarga bandi boʻlmagan ruh bilan oʻz chaylasiga keta olish!

 

2

 

Sarkash tuygʻu sarhadlarini bosib oʻtib, fikrlashga, tahlil qilishga yetib kelganimizda muhabbat chegaralarini aniq koʻramiz. Tuygʻu tafakkurga doʻnadi – shu tariqa muhabbatdan ozod boʻlinadi. Lekin shu evrilishning oʻzida aqlga bandi tushamiz.

Chindan, aql juda qudratli. U avval koʻzlarimiz oldida harir parda kabi turib oldi, shuning uchun uzoq-uzoqlarni koʻrolmaymiz. U qalbimizni chirmab oldi, shuning uchun xudo bilan, borliqning qalbi bilan suhbatlasha olmay, bogʻlana olmay qoldik. Keyin aql yerda yuradigan, koʻkda uchadigan texnikalarni, kompyuter, internet, robotlarni yaratdi. Aql jamiyatni, uning temir qoidalari, odob-axloq chegaralari, qadriyat deb nomlangan inson qadrsizliklarini yaratdi.

 

Aqlning oltin qonuni – meʼyor! Chunki biz din meʼyorlari, millat meʼyori, omma belgilagan meʼyor, erkaklik meʼyorlari, ayollik meʼyorlari, farzandlik meʼyorlari ichida yashaymiz. Bizning baxtli yashashimiz uchun turmush oʻrtogʻimiz, farzandlarimiz risoladagidek boʻlishi shart, shuning uchun ularga oʻz istagidek yashash imkonini bermaymiz, bilib-bilmay qachonlardir qalbimizga quloq solgan boʻlsak, buning uchun bir umr oʻzimizni koyib, pushaymon boʻlib yashaymiz.

Aql yer bilan bogʻlangan. Shu bois u qalbga zanjir soladi, insonni zamin odamiga, jamiyat mulozimiga aylantiradi.

 

Qalb esa fazo bilan bogʻlangan…Faqatgina u jamiyat meʼyorlarini, sevgidagi shartlilikni, din chegaralarini, millat sarhadlarini, insoniy cheklanganlikni, aqlning qudratini tan ololmaydi.

Men – ozodlik istayotgan Ayol hayotimni qalbimga ishonaman.

 

 

***

Yomgʻirmanmi yerga tushgan?

Quyosh chiqsa-yu, yerga singgan tomchilarim-u daryolar toʻlqinida oʻynayotgan tomchilarim bilan osmonga koʻtarilsam-jamlansam, deya orzu qilayotgan yomgʻirmanmi?

Yoʻq! Men quyoshni kutgan yomgʻir emasman.

 

Men ozodlikka intilgan-u, lekin oʻzini yerga kishanlab boravergan odam-tana emasman.

 

Ruhman – Sevgiman – Cheksizman.

 

Kengayaman…

 

Qushlarning parvozi, sharsharalar kuyi, toshlarning sukuti qalbimda – Hamma Narsaman!

 

Kengayaman…

 

Insonlarning orzulari, ohlari, kulgilari qalbimda – Hammaman!

Kengayaman…

 

Zamin hamma fasllari bilan qalbimda – Yerman!

Kengayaman…

 

Osmonlar, olamlar qalbimda – Borliqman!

Kengayaman…

Ozodman!!!

 

Dilrabo MINGBOYEVA

Foto: Abdumannon MUHAMMAD

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19336
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16432
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi