Zamonaviy oʻzbek she’riyatida an’anaviy yor obrazi qay darajada oʻzgardi? Suhrob Ziyo she’rlari tahlili


Saqlash
11:02 / 28.02.2024 560 0

Adabiyot uchun juda muhim boʻlgan tushunchalardan biri bu – badiiy obrazdir. Ijodkor oʻzining hayot haqidagi qarashlarini, mulohazalarini badiiy obraz vositasida koʻrsatib beradi. Ayni vaqtda tasvirlar oʻz holicha emas, bir-biriga bogʻlab, qiyoslab, oʻzgartirib yozilsa obraz paydo boʻladi. Buning uchun insonda obrazli tafakkur shakllangan boʻlishi kerak. Aynan shunday tafakkuri bilan ijodkor oddiy ommadan ajralib turadi. Badiiy obraz nafaqat adabiyotda, balki sanʼatning barcha turlarida muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, nazmda ham obraz sheʼrni ohorli qiluvchi xususiyatdir. Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: bugun adabiyot zamon bilan hamnafas oʻsayotgan bir paytda badiiy obrazlar ham takomillashdimi? Asrlar osha yashab kelayotgan obrazlar oʻzgardimi? Shu muammoni birgina yor obrazi misolida koʻrib chiqamiz.

 

Yor, mahbub adabiyotda eng yetakchi obrazlar desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Nazmning dastlabki namunalaridan tortib hozirgi modern sheʼrlargacha – barchasining bosh markazida yorga murojaat, yordan shikoyat, uning ayyor-u zulmkor tasviri koʻp uchraydi. Bu xususiyat zamonlar osha ham oʻzgarmadi. Mumtoz sheʼrlar kabi modern adabiyotda ham yor oshiqdan uzoqda. Yor obrazining kuchi, jilosi ham aynan oʻsha yiroqlikda namoyon boʻladi. Ayriliq va undan keyingi diydorgina ishqiy mavzudagi sheʼrlarning badiiyatini koʻtarib turadi. Zamonaviy sheʼriyat vakillaridan Suhrob Ziyo sheʼrlarida shu xususiyatni koʻrishimiz mumkin:

 

Juda olisdasiz, yetib boʻlsaydi,

Bellashib tolaman raqibim – vaqtdan.

Lekin sizni tashlab ketib boʻlmaydi,

Kechib boʻlmaydi-da bu achchiq baxtdan.

 

 

Oshiqning muddaosi shirin visol. Yor vasliga yetish uchun shoirning juda koʻp uringanini vaqt bilan bellashib tolganidan bilish mumkin. Oshiqning boshqa urinishga holi yoʻq. Lekin u yorining vasliga yetish uchun chekkan azoblaridan ham kecholmaydi. Shuning uchun oshiq hajrni ham baxti deb bilyapti. Shoir aytmoqchi boʻlgan mantiq esa taxminan bunday: ishqsiz yashagandan, azoblanib boʻlsa-da ishq bilan yashagan maʼqul. Shoirning yana bir sheʼrini tahlil qilsak:

 

Sen uzun xayolsan. Yetmay uzilsam,

Torning simlaridek, ado boʻlsa kuy,

Suygulim, koʻzim yop kipriging bilan,

Suygulim, ishqimni yuragingga quy.

 

Shoir sheʼrida yorini xayolimdasan demayapti, aynan xayolning oʻzisan deyapti. Nega? Chunki xayol doimiy, tuganmas, toʻxtamas jarayon. Inson xayolida ming xil oʻy-fikrlar boʻlishi mumkin. Agar shoir yorini xayolimdasan deganida, yor uning xayolida maʼlum payt boʻlgan boʻlishi mumkin edi. Lekin yor shoir uchun oʻsha xayolning oʻzi. Odam faqat tirikligida xayol surishi mumkin. Yor oshiq uchun shu qadar uzun xayolki, uni oxiriga yetib borishiga oʻzining koʻzi yetmaydi. Keyingi ikki satr oshiqning vasiyatidek oʻqiladi. Agar senga yetish tirikligimda nasib etmasa, oʻlganimdan soʻng ishqimni asra demoqchi boʻladi shoir.

 

Har bir shoirning yorga qiladigan oʻzining murojaati boʻladi. Suhrob Ziyo yorini “suygulim” deb ataydi. Soʻzning shakliga eʼtibor bersak, “suymoq” (sevmoq) feʼliga ot yasovchi “-gu” (-gi) qoʻshimchasi, “-li” sifat yasovchisi orqali otlashgan sifatga egalik qoʻshimchasi qoʻshilishidan yasalgan. Lekin soʻz “suymoq” feʼlining buyruq shakli “suy” va “gul” soʻziga egalik qoʻshimchasini qoʻshish bilan yasalgandek tuyuladi oʻquvchiga. Bu bilan shoir yor uniki ekanligini (suygulim) taʼkidlash bilan birga yoriga oshigʻi, yaʼni oʻzini suyishi kerakligini (suygil) eslatib turibdi. Suhrob Ziyoning “Ay suygulim” deb boshlanuvchi sheʼrini keltirib fikrimizni yanada mustahkamlaymiz:

 

Ay suygulim,

Bizning gʻam-u

bardoshimiz ham birgadir,

Ishq oʻti yondirgan sham-u

quyoshimiz ham birgadir.

Koʻzyoshimiz ham birgadir

Koʻzlar piyolasida lim,

Ay suygulim…

 

Bu sheʼrda ham shoir yoriga “suygulim” deb murojaat qilyapti. “Ay” soʻzi esa shoirning shevasida “ey” degan maʼnoni anglatadi. Sheʼrni oʻqigan oʻqirman bir qarashda yor bilan oshiqni birga ekan, baxtli ekan deb oʻylashi mumkin. Lekin satrlarga zimdan nazar tashlasak, oshiq va yor emas, ularning koʻz yoshlari, gʻam-qaygʻulari birga. Demakki, bu yerda yana ayriliq bor. Shu yerda shoirning sheʼrlaridagi ayriliqning sababi nima ekan, degan savol tugʻiladi. Bu savolning javobini boshqa sheʼrdan topishimiz mumkin:

 

Olisroq boʻlaylik, yaqinlik yomon

Laqma tillar uchun, koʻr koʻzlar uchun.

Mayli, bogʻimizga sochaylik xazon,

Dunyodagi hamma dilsizlar uchun

Olisroq boʻlaylik.

Yoki

Men uchun Haq sari eltguvchi yoʻldir,

Senga shakkoklikdek tuyulgan tuygʻu.

 

Bu misralar shoirning asl dardi ochilgan satrlari desak, yolgʻon boʻlmaydi. Inson yaralgandan buyon unga hamrohlik qilib kelayotgan ishq, muhabbat tuygʻusi XXI asrga kelib ilohiylikdan ijtimoiy holatga oʻtdi. Oshiqning diydor istab talpinishlari-yu, yorning noz-xiylalari jamiyat qolipida kechadigan boʻldi. Bizning davr kishilari ishqni oila, oshiqni kuyov, yorni kelin holida koʻrsagina buni muhabbat deb qabul qiladigan boʻldi. Vaholanki, Suhrob Ziyoning lirik qahramoni haliyam ishqni ilohiy deb bilyapti. Shu bilan birga jamiyat qoliplariga koʻnib, yorini “koʻr koʻzlar”dan asrashga majbur boʻlyapti.

 

 

Shu oʻrinda ahamiyat berish kerak boʻlgan yana bir jihat borki, mumtoz adabiyotda hamisha yor bilan yonma-yon yuradigan agʻyor, raqib obrazi endi maʼlum bir shaxsni emas, muayyan fikriy qolipga tushib qolgan odamlar jamoasini ifodalab kela boshladi. Buni shoir quyidagi misralari bilan ifodalaydi:

 

Ikki dilning bir suygisi ibodatdir,

Ishq olamni isitguchi haroratdir,

Yarim dunyo muhabbatdan iboratdir,

Qolgan yarim dunyolari adashtirdi.

 

Demakki, yorni adashtiruvchi 3-tomon muhabbatsizlar jamoasi ekan. Toʻrtlikning birinchi misrasidagi ibodat soʻziga eʼtibor qilaylik. Bu qanday ibodat? Shu oʻrinda Mirzo Kenjabekning “Agar Alloh uchun sevsang, muhabbat ham ibodatdir” degan misrasini eslash lozim. Bundan kelib chiqadiki, Suhrob Ziyo aytayotgan ibodat ham tana emas, qalb ibodati yaʼni muhabbatdir.

 

Suhrob Ziyo davrdosh shoirlari ichida yor obraziga ilohiyroq yondashgan, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Buning sabablaridan biri ijodkorning tasavvufiy shoir Mirzo Kenjabekka maʼnaviy shogird va maslakdosh ekani, sheʼrlarida Mirzo Kenjabekni koʻp bor eslashi dalil boʻla oladi.

 

Qachondir eslaysan vaslingga mushtoq,

Arzu hol aylagan suhbatlarimni.

Va Mirzo Kenjabek kitoblarining

Qatida asraysan suratlarimni.

 

Eʼtibor berilsa, Suhrob Ziyo sheʼrlaridagi oshiq va yor orasida noodatiy mutanosiblik bor. Ayniqsa, yorning tushunuvchanligi, zukkoligi oshiq bilan bab-baravar ekanligi sheʼriyatda, umuman, muhabbatda doim ham uchrayvermaydigan holat. Bugungi kunda adabiyot oʻz oʻlchamlarini oʻzgartirayotgan bir paytda sheʼriyat doirasining ichida qolish oson emas. Shunday pallada Suhrob Ziyoning ijod qilishdan toʻxtamayotgani shoirdan hali koʻp yangi sheʼrlar, obrazlarga oʻzgacha yondashuvlarni kutishimizga umid beradi. Adabiyotshunos Bahodir Karim yoshlar ijodiga baho berar ekan, shunday deydi: “Quvonarlisi shundaki, bugungi yoshlar orasida oʻz ovoziga ega, sheʼrlarida ramzlar, obrazlar sistema holiga kelayotgan umidli shoirlar bor. Bugungi navqiron sheʼriyat vakillari orasida mitti poetik olamini koʻrsatishga harakat qilayotganlari ham koʻzga tashlanadi. Bu olamda sukunat va shovqin suvratini, uygʻun tovushlar jarangidan yasalgan tiniq bir manzarani, yor ishqida yonayotgan lirik qahramon qiyofasini, tinimsiz “men”i bilan olishayotgan inson his-tuygʻulari tasvirini koʻrish mumkin; ruhiyat sadosini eshitish mumkin. Bundan beixtiyor dil yorishadi, albatta”. Xulosa qilib aytganda, zamonaviy oʻzbek sheʼriyati yangi bosqichga koʻtarilar ekan, undagi nazariy tushunchalar, shu jumladan, obrazlar ham oʻzgarishlarga uchrayapti. Bunda izlanuvchan shoirlarning va ilmni sevuvchan adabiyotshunoslarning xizmat katta.

 

Kumush Odina QARSHIBOYEVA,

Oʻzbekiston Milliy universiteti talabasi

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19334
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16426
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi