YouTubeʻning bola ruhiyatiga taʼsiri qanday?


Saqlash
18:02 / 27.02.2024 448 0

Insonning bolalikdagi xotiralari uning kelajak hayotiga bevosita taʼsir oʻtkazadi. Olimlar kattalarning yodida qolgan 75 foiz taassurotlar ularning 3-5 yoshlarida sodir boʻlgan voqealarga tegishli boʻlishini aniqlagan. Demak, aynan shu yoshdan boshlab xotira nisbatan samarali ishlashni boshlaydi. Bu vaqtda oʻqib, oʻrgatilgan bilimlar, koʻrgan, eshitilgan maʼlumotlar va atrof muhit bola ruhiyatiga sezilarli darajada taʼsir koʻrsatadi.

 

2023-yilgi statistik maʼlumotlarga koʻra, YouTube platformasi dunyo miqyosida foydalanuvchilar faolligi boʻyicha eng mashhur ijtimoiy tarmoq sifatida ikkinchi oʻrinni egallagan. Tushunish mumkinki, platforma yildan yilga televizor tomoshabinlari, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, kichik yoshdagi bolalar, umuman, turli yosh qatlamidagi aholi va auditoriyani qamrab olmoqda.

 

Ayniqsa, kichik yoshdagi, baʼzan yoshga toʻlmagan bolalar ham koʻp vaqtini YouTubeʻda turli mulfilm va videolar tomosha qilib oʻtkazadi. Farzandiga qiziq va taʼlim beruvchi video izlaydigan ota-onalar esa koʻpincha, YouTubeʻda katta miqdordagi zararli kontent – gʻayrioddiy personajlar qatnashgan mulfilm, qoʻrqinchli va zoʻravonlik sahnalari aks etgan videolar mavjudligini inobatga olmaydi. Amaliyotda esa bularning bari bolaning ong ostiga joylashib, keyinchalik uning nutqi, ruhiyati va xatti-harakatlarida aks etishi mumkin.

 

Xarxasha qilayotgan bolasiga doimiy koʻradigan multfilmini qoʻyib bergan ona, kuni boʻyi oʻz ishida xotirjam davom etadi va koʻp hollarda, farzandi nima koʻrayotganini bilmay ham qoladi. Uning uchun ayni damda eng muhimi – bolaning injiqlik qilmay, onasini ish qilishiga imkon yaratib berishi. Bola esa oʻziga yoqmagan kontentdan boshqasiga oʻtkazishni juda yaxshi biladi.  Tanlov katta, ammo uning ongi hali nima toʻgʻri-yu qaysi notoʻgʻri ekanini saralay olmaydi.

 

Masalan, telefon ekranidagi videoga bir qarab, bolani oddiy, oʻyin bilan bogʻliq rolik koʻryapti, deb oʻylaysiz. Oʻyin esa eng kamida, boshqa ishtirokchilarni oʻldirish evaziga ragʻbatlantirishni nazarda tutadi. Ragʻbat ball yoki “pul” shaklida berilib, uning evaziga turli qurollar sotib olinadi, qurolning kuchlirogʻi – tezroq jarohatlaydi, bu boʻlsa, oʻyinchiga yanada koʻp “daromad” beradi. Bir soʻz bilan aytganda, ishtirokchilarni tezroq jarohatlab, oʻldirish – oʻyinning asosiy motivatsiyasi hisoblanadi. Video esa buning qulay va oson yoʻllarini tushuntiradi.

 

Kichik yoshdagi YouTube blogerlar bor, qandaydir eksperimentlar, prank videolar koʻrsatadi. Video soʻngidagi natija aslida, achinarli. Lekin tomosha qilayotgan bola uni koʻrib, kuladi, shu tariqa, diydasi qattiqlashib boraveradi. Undan ham yomoni, blogerlar oʻz chiqishlarida bolalarga xos boʻlmagan, oʻtkir mavzularda: ortiqcha vazn, depressiya, va hatto, suitsidlar haqida ham erkin gapira oladi. Uni koʻrgan bolalar esa hayotida duch kelgan arzimas muammolarda ham oʻz joniga qasd qilishni “yechim variant” sifatida koʻradi.

 

Yana bir holat: koʻpchilik bolalar shoʻx qoʻshiqlarni yaxshi koʻradi. Musiqasi juda yoqsa, qoʻllari bilan raqsga tusha boshlaydi. Ushbu yoqimli manzaradan quvongan kattalar, undan-da shoʻxroq qoʻshiq qoʻyib, farzandini koʻproq faollikka undaydi. Jaranglayotgan, bolani raqsga chorlayotgan qoʻshiq odatda, xorij estradasiga tegishli boʻlib, kliplari doim ham bizning madaniyat, mentalitet va ayniqsa, bolalarga xos boʻlavermaydi.

 

Mulfilmlar-chi? Rang-barang, ajoyib personajlar bilan kichik tomoshabinlar eʼtiborini tortayotgan multfilmlarning hammasi ham, afsuski, ijobiy voqealarni aks ettiravermaydi. Bosh qahramonlarning aksariyati qaysar yoki betgachoparligi bilan bola yodida qoladi. Undan-da achinarlisi, baʼzi multfilmlarda vahshiyona va hayosiz sahnalarni koʻrib, qahramonlarning bolalarga mos boʻlmagan mavzudagi suhbatlariga guvoh boʻlish mumkin.

 

Barchasining oqibati koʻp vaqt oʻtmay, bolaning oʻzini tutishi, xatti-harakatlari, va hatto, nutqida ham aks etadi – asosiy vaqtini salbiy maʼlumotlar oʻzlashtirmasi bilan oʻtkazgan bola ularni norma deb qabul qilib, shaxsiy sifatlari, hayotga qarash nuqtai-nazari va qadriyatlarini oʻsha maʼlumotlar asosida shakllantiradi. Koʻrgan-eshitganlarini avvaliga, taqlid qilib, keyinchalik, oʻzi bilmagan holda takrorlay boshlaydi.

 

Qoʻliga tigʻli ashyo tushishi bilan atrofidagilarga xuddi quroldek oʻqtalish, hayvonlarga vahshiyona munosabatda boʻlish, oddiy suhbatlarda ham agressiv javob qaytarish holatlarining bari – bolaning ong ostiga joylashgan negativ kontentlarning boshlangʻich taʼsirlari hisoblanadi.

 

Bundan tashqari, YouTubeʻdagi salbiy kontentlarni doimiy tomosha qilish bolaning ruhiyatiga ham taʼsir koʻrsatib, unda diqqat buzilishi, toqatsizlik, reallikni inkor qilish orqali barcha savollariga virtual olamdan javob topishga harakat qilish holati yuz beradi.

 

Bunday oqibatlarning oldini olish uchun nima qilish kerak?

 

Yodingizda boʻlsa, internet ham endi ommalashayotgan vaqtda aholining asosan, katta yoshli qatlami uning salbiy oqibatlari koʻpligi, internetga kirgan yoshlar goʻyoki “buzilib” ketayotgani haqida bot-bot takrorlab turardi. Lekin internet olami qisqa vaqtda ilm, tajriba va yangiliklar uchun foydali makon ekanini isbotlab ulgurdi. Shundan maʼlum boʻladiki, har bir platformaning taʼsiri – undan nima maqsadda foydalanishga bogʻliq.

 

YouTube platformasi ham xuddi shunday.

 

“Oyina.uz” portali YouTubeʻda negativ kontentlardan himoyalanish boʻyicha foydali tavsiyalari bilan boʻlishadi:

 

— Farzandingizning ekran qarshisida oʻtkazadigan vaqtini nazorat qiling: YouTube uchun bir kunlik limit oʻrnating;

Kontent tanlashda bolaning qiziqishlariga va shaxsiy sifatlarini shakllantirishga yordam beradigan videolarga koʻproq diqqat qiling;

  Videolarni bola bilan birga koʻrib, muhokama qiling: bu yoqimsiz kontentlarni cheklab oʻtish va koʻrilgan videoning samaradorligini oshirishga yordam beradi.

 

Shu tariqa, YouTube farzandingizning salomatligi va ruhiyatiga zarar beruvchi emas, fikrlash qobiliyatini shakllantirishga, foydali bilim va koʻnikmalarni oʻzlashtirishiga yordam beradigan ijobiy instrumentga aylanishi mumkin.

 

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19332
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16420
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi