U faqat siyosiy shoira emasdi – Zulfiyaga boshqacha rakurs


Saqlash
16:02 / 20.02.2024 637 1

***

1956-yil, kuz fasli. Venada oʻtadigan Umumjahon xotin-qizlar kongressiga ittifoqdosh respublikalardan taklif qilinganlar Moskvada, xotin-qizlar qoʻmitasida toʻplanadilar. Ular orasida Zulfiya Isroilova ham bor edi.

 

– Oʻzbekistonda uzum pishdimi? – deb soʻraydi qoʻmita xodimlaridan biri Zulfiya opadan.

– Ha, gʻarq pishdi.

Nahotki, ikki kilogina olib kelish mumkin boʻlmasa, – deydi savol beruvchi yana.

– Mumkin, lekin men koʻchada faqat ayollar sumkachasini koʻtarib yurishga odatlanganman. Ogʻir, katta yuklar koʻtarishni oʻzimga or deb bilaman, – deb javob qaytaradi Zulfiyaxonim.

 

Shu muloqotdan keyin unga moskvaliklardan ayrimlarining munosabati salbiy tomonga oʻzgaradi. Venada tadbir ishtirokchilari joylarda uchrashuvlar oʻtkazib kelishgach, faqat Zulfiya opadan hisobot soʻrashadi. Axiyri u: “Nima uchun men ikki karra ishlashim kerak? Ishonmasalaring, yonimga kuzatuvchi qoʻyinglar. Yoki men uchrashuvlarga bormay qoʻya qolay”, deydi. Shundan keyin Zulfiyaxonimdan hisobot soʻramaydigan boʻladilar.

 

***

1953-yil, urushdan keyingi ogʻir davr. Leningraddan Aleksandra Strelsova kelib, “Oʻzbekiston xotin-qizlari” jurnalida ishlay boshlaydi. Strelsovaning kiyimlari bir ahvolda, ayniqsa, poyabzali juda eskirib ketgandi. Jamoadagilar unga yangi tufli olib berishmoqchi boʻlardi-yu, lekin dilini ogʻritib qoʻyishdan andisha qilishardi. Bir kuni ayollarning oʻzaro suhbati paytida Zulfiya opa gapni aylantirib, hammaning nechanchi o‘lchamdagi oyoq kiyimi kiyishini soʻrab chiqadi... Sal oʻtmay, tugʻilgan sanasida ertalab ish stoli tortmasini ochgan Strelsova yangi tuflini koʻrib yigʻlab yuboradi. Shu zahoti Zulfiya opa:

 

– Shura, iltimos, xafa boʻlmang. Biz sizning dilingizni ogʻritmoqchi emasdik... – deb uzr ohangida soʻz boshlagandi, gapni Strelsova boʻladi:

– Men xafa boʻlganimdan emas, shunday olijanob, mehribon odamlar orasiga kelib qolganimdan xursand boʻlib koʻz yoshlarimni tiyolmayapman.

 

 

***

1970-yili shoira xalqaro “Nilufar” mukofotiga sazovorlar qatorida Hindistonga boradi. Fotomuxbirlar sovrindorlar orasida yakka ayol boʻlgan Zulfiyadan mukofotni Indira Gandi topshirayotganda quchoqlab koʻrishishni soʻrashadi. Ular shu holatni rasmga olishmoqchi edi.

 

– Indira Gandi – hukumat boshligʻi, men oddiy qalamkashman. Oʻz oʻrnim, mavqeyimni bilaman. Indira xonimning munosabatiga qarab javob qaytaraman, – deydi Zulfiya.

 

Shaxt bilan kirib kelgan Gandi xonim taqdirlash marosimida hamma qatori Zulfiya bilan ham qoʻl olishib koʻrishadi, mukofotni topshiradi va shoiramiz oʻz joyiga kelib oʻtiradi. Tadbir tugab, Indiraxonim yana shaxt bilan chiqib ketarkan, birdan toʻxtaydi, orqasiga oʻgiriladi, Zulfiyaxonim tomonga kulimsirab yura boshlaydi.

 

“Shunda men ham dast oʻrnimdan turib, unga peshvoz chiqdim. Ikki ayol quchoq ochib bir-birimizni tabrikladik. Fotomuxbirlarning niyati xolis ekan, oʻsha lahzalarni suratga muhrlashdi”, deya eslaydi shoira bu haqda keyinchalik.

 

 

***

Qayta qurish yillari bir ijodkor oʻz asarida shunday shoira obrazini yaratdiki, uni hamma Zulfiya opaga o‘xshatdi. Hatto badiiy qahramon hayot yoʻli, farzandining ism-u sharifidan tortib uyining pardalari rangigacha bir qolipdan chiqqanday edi... Ayrimlar tilida “Falonchi Zulfiyani bopladi!” degan gap ham aylandi. Asar bosilgan jurnalga tikilib oʻtirgan Zulfiyaxonim ohista aytgan soʻzlari qalbimga sanchilib qolgandi:

 

– Ijodkor xohlagan narsasi haqida yozishi mumkin, bundan sira xafa emasman. Meni boshqa narsa qiynayapti: u ijodkorni yaxshi koʻrganimdan yonimga, uyimga koʻp chaqirganman. Men haqimda shunday fikri boʻlgan odamni oldimda uzoq-uzoq oʻtirishga majbur qilib qiynab qoʻyganimdan juda xijolatdaman...

 

 

***

1944-yil, 31-may oqshomi. Kechki ovqatdan keyin hovli orqasidagi yerga ekilgan kartoshkalarni sugʻorayotgan Hamid Olimjon oldiga Zulfiya choy koʻtarib chiqadi.

 

– Tashna boʻlib turganingda choy koʻtarib chiqqan ayolingning sadagʻasi ketsang arziydi, – deydi shoir va choyni qoʻyib, oʻziyam maysa ustiga oʻtirib olgan ayoliga taajjublanib qaraydi. – Iy-y, shunaqayam boʻlarkanmi? – u ustidagi yengil korjomasini yechib, maysa ustiga toʻshaydi: – Marhamat!

 

Ertasi kuni Doʻrmonda qurilayotgan yozuvchilar bogʻidagi ishlarni koʻrib qaytayotgan Hamid Olimjon avtohalokatga uchrab vafot etadi. Oʻshanda 29 yoshda boʻlgan Zulfiyaning peshonasidagi ikki enlik sochiga bir kechada oq tushgan edi...

 

Muhtarama ULUGʻOVA,

Oyina.uz

 

1 Izoh

Muzaffar

09:03 / 01.03.2024

Mariya Antuanetta sindromi bo`lgan ekande Hamid Olimjon o`tib qolganda

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19335
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16428
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi