Granata uloqtirolmagan shoir – Abduvali Qutbiddinning ruhiy olami tahlili


Saqlash
10:02 / 20.02.2024 521 0

Gap avvalida Abduvalining ajdodlari haqida aytmasam xato qilgan bo‘laman. U asli Urgut eshonlari shajarasidan bo‘lib, katta bobolari eshon Valixon(Abduvali bobokaloniga otdosh ekanidan faxrlanardi) Naqshbandiya tariqatining yirik vakili, Buxorodagi Mir Arab madrasasi mudarrisi va “qutbu zamon” rutbasiga ega bo‘lgan. U kishining farzandlari Muhiddinxon eshon ham ota yo‘lini tutib, Naqshbandiya tariqatida yuksak maqomni egallagan. Navbatdagi avlod Qutbiddinxon eshon ham nihoyatda ilmli, ma’rifatli inson bo‘lgan. Afsuski, hamma ilmdor eshon-u mullalar qabatida u kishi ham sho‘roning qatag‘on va va tahqirlariga ro‘baro‘ bo‘ladi. Abduvali bu shajarada beshinchi bo‘g‘in hisoblanadi.

 

Qutbiddin eshon zamonasining atoqli shoirlari, ulamolari, xususan, G‘afur G‘ulom bilan davradosh bo‘lgani, murakkab badiiy va tarixiy masalalarni yechganini eshitganman. Ijara uylardan quvilib, qo‘nishga qo‘nalg‘a topmagan paytlarimizda bir-ikki marta shoirning bobosi, Qutbiddinxon eshonning Olcha ko‘chasidagi kulbasidan beminnat boshpana topganmiz. Mana shu qutlug‘ dargohda men avvalo dunyoning buyuk shoirlari kitoblarini ko‘rganman. Yoshlik ruhiyati va kayfiyatiga ko‘ra, sharq emas, ko‘proq mag‘rib mualliflariga ishtiyoqim baland edi. Meni Federiko Garsia Lorka, Pol Elyuar, Artyur Rembo, Velimir Xlebnikov, Boris Pasternak, Andrey Voznesenskiy kitoblari, Moskovda chiqqan katta she’riy antologiyalar o‘ziga tortgan. Ammo ularga bo‘ylashga bo‘y qayda? Iddao shulki, biz o‘zimizning jaydari, tor qobig‘imizda o‘ralashib yurganimizda, Abduvali bu kitoblarni o‘qib, mag‘zini chaqqan edi.

 

Uning yana bir katta ustunligi, rus va fors tillarini mukammal bilardi. Hofiz, Sa’diy, Rumiylar bilan o‘sha paytdayoq yaqin oshno edi, bobosining Qur’oniy ilm hamda mumtoz adabiyotimiz donishmandi ekanini nazarda tutsak, u hazrat Alisher Navoiyni mukammal idrok etardi, degan fikrdaman. Abduvali o‘z bilim va dunyoqarashi darajasini oshkor etishga istihola qilganmi yoki hadiksiraganmi, harqalay, hamma narsani ochiqlayvermagan. Ammo fikrimcha, o‘z she’riy binosini shunday mustahkam poydevor ustida qurgani, taxayyul shoiri bo‘lib tanilishi bevosita yuqoridagi omillarga bog‘liq bo‘lsa ajabmas.

 

 

 ***

 

Shoirlar haqida gap ketganda ko‘pchilikning ko‘nglidan xayolchan, parishonxotir, uy-ro‘zg‘or ishlariga uquvsiz odamlar o‘tadi. Abduvali talabalik paytida qanchalik xayolchan, romantik bo‘lmasin, ro‘zg‘orning boshini ushlagandan keyin haqiqiy oilaparvar erkak, bolalariga mehribon ota bo‘ldi. Qay dargohda ishlamasin, astoydil mehnat qildi. Hayotining so‘nggi kunlarigacha ustoz  O‘tkir Rahmat bosh bo‘lgan “Xalq so‘zi” gazetasida ishladi. “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoniga sazovor bo‘ldi.

 

Ammo, birinchi kursda, Sirdaryo paxta dalalarida kechgan damlar butunlay boshqacha edi. Sentyabrdan paxtaga, Sirdaryo viloyati Oq oltin tumaniga jo‘naganmiz. Viloyatlardan kelgan aksar yigit-qizlar ishtiyoq bilan paxtazorga sho‘ng‘igan. Terim qanchalik mashaqqatli bo‘lmasin, kechqurun hamma mushoiraga shoshilardi. Eh, u paytlardagi mushoiralar... Barak oldidagi eski ballonlar taxlanib, katta gulxan yoqilardi. Olov yorug‘ida talabalar birin-ketin she’r o‘qishardi. Hamma shoir, bironta jurnalist yo‘q. Chamasi, bir oy mobaynida kursdoshlar o‘z she’rlarini, ustozlardan yod olgan bisotlarini ham o‘qib tugatishdi. Keyin xaltalar-u xurjunlar bo‘shadi. Ammo Abduvali dalada yurib, men choyxonachilikdan bo‘sh vaqtimda qoralagan she’rlarimizni kechki payt basma-basiga o‘qirdik.

 

Abduvali bilan Chirchiqdagi harbiy poligonda, uch oylik harbiy xizmatda yuz bergan voqea hech esimdan chiqmaydi. O‘shanda granata uloqtirish mashg‘ulotida edik. Ko‘pchilik granatasini otib bo‘lgan, navbat Abduvaliniki edi. U granata piltasini sug‘urib, tepaga ko‘targancha oniy bir lahza to‘xtab qoldi. Butun vzvod bir necha qadam masofada turibmiz, xolos. Polkovnik Boyarskiy ot, deb baqiryaptiyamki, shoir pinagini buzmasdi. Bilmadim, hayajonmi, qo‘rquvmi, juda qaltis vaziyatda edik. Harqalay, harbiylarda yurak bor-da, polkovnik bizlarga “lojis” deya komanda bergancha, chaqqonlik bilan Abduvalining qo‘lidagi granatani imkon qadar uzoqqa itqitib yubordi. Hammamiz yerga uzala tushib, yotib olganmiz. Xudo bir falokatdan asrab qolgan. O‘shanda Abduvalining nega bunday qilganini tushunolmaganmiz. Endi o‘ylasam, shoir granata ortida qanchadan-qancha begunoh insonlar, vayronagarchiliklar turganini, u odamlarga qiron keltiruvchi ofat ekanini xayol qilgan-u, shoirlik tuyg’ulari ustun kelib, bir lahza to‘xtab qolgandir balki.  Uning tabiati shunday toza edi.

 

 

***

Aytganimdek, Abduvali shunchaki taqir yerda paydo bo‘lib qolmagandi. U albatta, mumtoz adabiyotdan tashqari, jadidlar, jumladan, Cho‘lpon, Usmon Nosir she’rlarini yaxshi ko‘rardi. Cho‘lpon taqiqlangan o‘sha yillarda biz yashirincha uning she’rlarini o‘qirdik. O‘zbek mumtoz she’riyati xususida Cho‘lponning bir fikri bor: “O‘zimning yo‘lsizligimdan biroz so‘zlab o‘tayin: Navoiy, Lutfiy, Boyqaro, Mashrab, Umarxon, Fazliy, Furqat, Muqimiylarni o‘qiyman: bir xil, bir xil, bir xil... Ko‘ngil boshqa narsa qidiradir”.

 

 Aynan shu ma’noda o‘tgan asrning 70-80-yillari o‘zbek adabiyoti, xususan, she’riyatida tub burilish yuz berdi. She’riyat bir xillikdan tozalana boshladi. Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyevalar avlodi nazm bo‘stoniga yangi nafas olib kirdi. Jumladan, Erkin Vohidovning “O‘zbegim”, “Kelajakka maktub”, “Tirik sayyoralar” she’rlari, “Nido”, “Ruhlar isyoni” dostonlari, Abdulla Oripovning “Yuzma-yuz”, O‘zbekiston Vatanim manim”, “Birinchi muhabbatim”, “Onajon”, “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?” she’rlari davrining ulkan voqeligiga aylanganini bugungi avlod yaxshi biladi.

 

Ularni to‘la-to‘kis idrok qilishga, tahlil etishga ulgurilmay, yana bir avlod adabiyotda bo‘y ko‘rsatdi. Milliy ongdagi tub burilish, o‘zlikni qidirish, bu yo‘ldagi izlanish va adashishlar keyingi avlod zimmasiga tushdi. Usmon Azim, Shavkat Rahmon, Muhammad Rahmon, Xurshid Davron, Azim Suyunlar navqiron avlodning yetakchi vakillari edi. Bu shoirlar ijodida o‘tkir bir gap aytish, pand-u nasihat ustuvor bo‘lmay, balki inson ruhiyatining teran qatlamlarini inkishof etish, insondek murakkab, chigal xilqatni tushunish va tushuntirish ehtiyoji bor edi. Asosiysi, ular ijodida istibdod tuzumiga nisbatan keskin norozilik sezilardi. Ular milliy qobiqni yorib chiqib, dunyoni dunyo shoirlariga hamohang tarzda his eta boshladilar. Bir avlodga mansub bo‘lsalar-da, ularda ifoda usuli, shakl bir-birlaridan tubdan farqlanardi. Abduvali mansub avlod haqida bunday deya olmaymiz. Umuman, yuqorida qayd etilgan davrdan keyin o‘zbek she’riyatida avlodlar masalasi nisbiy bo‘lib qoldi. Bozor iqtisodiyotining ilk sinovlaridayoq gurullab adabiyotga kirgan shoirlarni zamon bo‘hronlari g‘arq qildi. Garchi Abduvali parokanda bo‘lgan mana shu avlod vakili bo‘lsa-da, u shakllanib bo‘lgandi.

 

Shoirning ilk kitobi “Nayson”ga yozgan so‘zboshida Rauf Parfi bu she’riyat haqida shunday deydi: “Daf’atan shoir kechinmalarini ilg‘ash qiyindek, tasavvuringizda bu ingichka holatlar bir-biri bilan bilan uzviy emasdek tuyulishi mumkin. Favqulodda o‘xshatishlar, kechinmalar istioralar... O‘qib ajablanasiz, bu she’rlar boshqalarning she’rlariga sira o‘xshamaydi. Hatto bir qarashda misralar “qovushmagandek”. Ammo hukm etishga shoshilmang! Yana bir bor sinchkov o‘qing, shunda bu notabiiyroq ko‘ringan satrlar bir-biri bilan pinhona bog‘lanib o‘ziga xos ruhiy iqlimni yaratayotganiga ishonch hosil qilasiz. Bu iqlimda siz tiriklikning teran qa’rlariga ildiz otgan xotirotning kuyunchak sadolarini tinglaysiz”.

 

 

Abduvali tug‘ma shoir edi. U dunyoni o‘ziga xos nigoh bilan ko‘rardi va uning shaklini so‘zda mohirona tasvir etardi. Shoir xayoloti mutlaq kutilmagan mo‘jizalar ilinjida. U bir she’rida: ninachi qanotin hijob qilganda, qil-ko‘prik yo‘l topib berganda, g‘am chekkanda binafsha ovuntirganda, to‘l-g‘o-na, to‘l-g‘o-na jon berishni istaydi. She’r davom etadi:

 

Qaldirg‘och ikkimiz olib ketsaydi,

Dunyodan-da yiroq yerga eltsaydi,

So‘ng sevib o‘lmoqdin saboq o‘tsaydi,

To‘l-g‘o-na, to‘l-g‘o-na

Jon

Berar edik.

 

 Semurg‘ ikki sevishganni bola qilib, muhabbat nahrida cho‘miltirsa va ularni bir lahza birlashtirsa, to‘l-g‘o-na, to‘l-g‘o-na jon berish bilan she’r yechim topadi. Shoirning istak va mayllari barcha odamlarnikidan mutlaqo farqli:

 

Istardim

Falakning qabog‘i bo‘lsa,

Va qaboq ichida bo‘lsa chimildiq.

Atrofim sabuhiy mushklarga to‘lsa,

Ham sen meni kutsang

Dilintiq.

 

 

Bu menga mantiqdagi serqatlamlilik bo‘lib tuyuladi. Muallif inson xayolining bir burchiga ham kelmagan tashbehlarni istifoda etib, she’rning hissiy ta’sirini kuchaytiradi. Falak qabog‘i va qaboq ichidagi chimildiq va u yerda lirik qahramonni kutayotgan kim?

 

Istardim

Yulduzlar chirog‘im bo‘lsa

Zulmat kechalarni kechsam adog‘in

Bir ajib sehrli chorbog‘im bo‘lsa

Va sen yolg‘iz bo‘lsang

Azobim!

 

 Bu azob nima? O‘zgacha kechinmalar. Bu azob o‘zgacha! Uni asl moyasi – muhabbat!

Istardim

Ko‘nglimni uloqtirsam-u

Seni o‘tirg‘izsam

Termilsam, termilsammm.

 

 Xulosaviy satrlar ham o‘zgacha. Istaklar nechog‘li ko‘p bo‘lmasin, imkoniyatlar boy berilgani, orqaga qaytishning iloji yo‘qligi ayon bo‘ladi:

 

Istardim

Va lekin oyog‘im botgan

Hayot bo‘g‘ib olgan girribonimdan

Bu yog‘i yoshim ham o‘ttizga ketgan

Bu yog‘i umid yo‘q qattiq jonimdan

Istardim.

 

Shoir she’rlarida so‘zlar qurilishi, ma’nolar oqimidan tortib, metafora va tashbehlar zichligiga qadar – hammasi o‘zgacha tarzda jilvalanadi. U bir qarasangiz firibgar, bir qarasangiz bozingar, bir qarasangiz jodugar timsolida. Abduvali she’rlarini o‘qiganimda sirli, jozibali “Ming bir kecha” ertaklarida yurganday bo‘laman. Yo‘q, yo‘q, Abduvalining ertaklari ulardan-da nafis, ulardan-da sirli!

 

Yuqorida aytganimdek, Abduvali o‘shanda odamkush granatani uloqtirolmagandi. Lekin shoirning afsungar satrlari insonlar qalbida hayotbaxsh granata bo‘lib portladi. U she’riyat mamlakatida o‘zining alohida, hech kimga o‘xshamagan tuyg‘ular poydevorida g‘aroyib imoratini ko‘tara oldi, shoir she’rlarida zamin-u osmon, g‘ayb va voqelik, tasavvuf va modernizm shunchalar qorishib ketgandiki, buni hali hech kim alohida ajratib, ko‘rsatib bera olmadi.

 

Abdumajid AZIMOV,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19334
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16425
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi