“Hamma rostgo‘ylar ham siddiq bo‘lolmaydi”. Payg‘ambarlik fazilatlaridan biri haqida Navoiy qarashlari


Saqlash
17:02 / 14.02.2024 514 0

Ma’lumki, Navoiy she’riyatida tasavvuf haqiqatlarini aks ettiruvchi talay bayt-u g‘azallar mavjud. U “G‘aroyib us-sig‘ar” devonidagi bir g‘azalda sidq ila ishq yo‘lida erishilgan gadolik hatto podshohlar taxt-u tojini, bor davlatini berib ham topa olmaydigan yuksak maqom ekanligini uqtiradi.

 

Navoiy, sidq ila bo‘lg‘il gado ishq ichrakim,

Taxt-u tojin bersa, bu davlatni topmas podshoh.

 

Tasavvuf rostlik va sidq-u sadoqat yo‘lidir. Navoiyning ta’kidlashicha, Shuayb alayhissalom Muso alayhissalomning qo‘liga hassa tutqazib, uni to‘g‘ri yo‘lga boshlab qo‘ygani kabi haqiqiy muallim – murshid ham muridiga rostlikdan ta’lim beradi va yo‘lga soladi.

 

 Rostlig‘ irshodi bu yo‘lda qilur tolibg‘a pir,

Rost ul yanglig‘ki, Musog‘a aso berdi Shuayb.

 

Boshqa bir she’rda esa tasavvuf sulukidagi eng yuqori maqom – faqrni qasd etgan solik bu yo‘lga sidq – komil ishonch, to‘g‘rilik ila kirsa, u ulug‘ insonlar nazdida ham, tuban kishilar nazdida ham e’tiborga ega bo‘ladi.

 

Davlati faqr istagil, nechunki bor, ul ko‘y aro

Sidq ila kirgach, agar a’lo-vu gar adno pisand.

 

Navoiy zarur deb bilgan haqiqatlarni, tushunchalarni kerakli o‘rinlarda rang-barang shaklda ifoda etaveradi. Jumladan, u “Lison ut-tayr” dostonining xulosa qismida yozishicha, qushlar aynan “ixlos” va “sidq” bilan Fano vodiysiga yetib keladilar. Semurg‘ zotini talab qilishda bu ikki xislatning  shart ekanini ta’kidlaydi:

 

Chun alarg‘a sidqu ixlos bo‘ldi yor,

Bu ikkilikning talabda daxli bor.

 

Ulug‘ shoir “Nasoyim ul-muhabbat” asaridagi ko‘plab shayx, mutasavviflarga bag‘ishlangan fiqralarida sidqning turli qirralarini yoritgan. Uning xabar berishicha, Abdulvohid ibn Zayd rahmatullohi alayhning Rasululloh s.a.v.dan: “Sidq Alloh subhonahuga amal ila vafo qilishdir” hadisini rivoyat qilgan. Yana shu asarda yozilishicha, Shayx Abulhasan Xaraqoniydan “sidq nima? deb so‘raganlarida, Sidq uldurki, ko‘ngul so‘z aytg‘oy, ya’ni oni degayki, ko‘nglida bo‘lg‘ay” deb javob bergan ekan.

 

Sidq tushunchasi ayrim so‘fiy va orifa ayollar hayotida ham alohida ahamiyatga molik bo‘lgan. Sufyon Savriy mashhur Robiya Adaviya rahmatullohi taolodan yig‘lashining sababini so‘raganida, u “... har nimaga samaraedur va ma’rifat samarasi yuz Tengriga kelturmakdur. Va ham ul debdurki, oz sidq ila astag‘firulloh demoqlikdan astag‘firulloh deyman” deb javob bergan.

 

Aynan yuqoridagi fikrlarga mushtarak qarashlar Navoiyning “Nazm ul-javohir” asaridagi ruboiylarda ham mahorat bilan davom ettirilgan. Jumladan, hazrat Alining Sidq ul-mar’i najotuhu” (Kishining to‘g‘ri so‘zlilik fazilati uning najotkoridir) hikmati shoir tomonidan quyidagi lirik ifodasiga ega bo‘lgan:

 

Sidq ichra qachonki chiqsa oti erning,

Fosh o‘lsa sadoqatda sifoti erning,

Xushroqki tavil o‘lsa hayoti erning,

Kim, sidqdino‘q durur najoti erning.

 

Yoki “Yablug‘ ul-mar’u bis-sidqi manozil al-kibori” – “Kishi rostgo‘ylik bilan ulug‘lar darajasiga yetadi” hadisi Navoiy tomonidan o‘quvchining qalbiga ham aqliga nihoyatda ta’sirli tarzda havola etilgan:

 

Norostki qoldi xor-u zor el yerga,

O‘lturdi laim-u xoksor el yerga,

Desang netay ahli e’tibor el yerga,

Sidq aylaki, yetgaysen kanor el yerga.

 

Sidq ila yuksak martabalar qozonish mumkinligining eng yorqin namunasini payg‘ambarlar tarixidan bilishimiz mumkin. Navoiy “Tarixi anbiyo va hukamo”da yozishicha, “...Ul vaqtdur Haq taolo maloikaga Ibrohim alayhissalomning sidq-u tavakkulin ko‘rguzub, har oyinakim o‘tni anga guliston qildi, Namrud gumrohg‘a asar qilmay, Ibrohim a.s.ni Bobil shahridin ixroj qildurdi”. Bizga ma’lum bo‘lganidek Ibrohim a.s.ning komil ishonch va sadoqati tufayli Alloh taolo ulkan olov maydonini gulistonga aylantiradi va bihishtdin Ismoil a.s. o‘rniga keltirilgan qo‘chqorni qurbonlik qilganida uni qabul qiladi.

 

Navoiyning “Mahbub ul-qulub”da yozishicha, aqlli odam yolg‘on gapirmas, ammo barcha rost gapni aytaverish ham to‘g‘ri emas. Birovning ko‘zi g‘ilay bo‘lsa, bunga uning o‘zi aybdor emas, bu Yaratuvchining ishidir. Uning nuqsonini yuziga solmoq, chin bo‘lgan taqdirda ham, nima lutfi borki, bu – Haqning yaratig‘iga e’tiroz bildirmoq va birovni nohaq xijolatga qo‘ymoq va o‘zining nodonligini oshkor etmoq va bir ko‘ngilni malomat qilmoqdir. Bunday vahshatli chin so‘z aytgandan ko‘ra, mulohaza bilan aytilgan (murosasoz) yolg‘on yaxshiroqdir[1].

 

Tilimizda o‘ta rostgo‘y va alohida fazilatga ega bo‘lgan kishilar siddiq deyiladi. Siddiqning turli ma’no tovlanishlari bor:

 

1. Siddiqlarga xos bo‘lgan asosiy xususiyatlardan biri rostgo‘ylik va sadoqatdir. Lekin bu degani hamma rostgo‘ylar ham siddiq bo‘lolmaydi.

 

2. Siddiq islomdagi avvalgi xalifa hazrat Abubakr sifati (Abubakri Siddiq)[2]: Siddiq haqidagi qarashlardan, badiiy matnlardan ayon bo‘ladiki, siddiqlar valoyatning a’lo va nubuvvatning adno (quyi) darajasida turadilar. Navoiy Abu Bakr Siddiq r.a. ta’rifida bitgan satrlarida u zotning sodiq va siddiq ekaniga diqqatni qaratadi:

 

Sodiq-u siddiq hamrozi oning,

Har yomon-yaxshida damsozi oning...

Muqtadoi zumrai tahqiq ul,

Sobiq islom ahlig‘a siddiq ul...

 

Ma’lumki, islom olamidagi ilk xalifa hazrat Abubakr r.a. isro va me’roj hodisasini eng birinchilardan bo‘lib tasdiqlagani uchun hazrat Payg‘ambarimiz unga Siddiq, ya’ni iymoni kuchli, eng rostgo‘y degan laqab berganlar. U zot Muhammad (s.a.v.)ning Makkadan Madinaga hijrat qilishlarida yo‘lda hamroh va g‘orda hamnishin bo‘lgan.

 

Navoiy “Navodir ush-shabob” devonidagi Rasulullohga bag‘ishlagan na’tlarining birida sidq payg‘ambarlikning 46 fazilatidan biri ekanligiga urg‘u beradi va ayni paytda Rasuli akramning yuksak sidqini ta’riflaydi.

 

Kelib sidqing ollida siddiqlar,

Aningdekki, siddiq-u ahli riyo.

 

Ya’ni, siddiqlar va riyokorlarning rostgo‘yliklari orasida qancha farq bo‘lsa, hazrat Payg‘ambarning va siddiqlarning sidqlari orasida ham shuncha tafovut bor...

 

3. Oliy toifa valiylarga berilgan sifat. Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”da Abu Hamza Bag‘dodiy q.s.ning siddiqlar haqidagi ushbu teran mazmunli hikmatini keltiradi: “...agar g‘aflat bo‘lmaganda edi, siddiqlar Alloh zikri nash’asidin halok bo‘lur erdilar! Va ham ul debdurkim, faqirlarni do‘st tutish og‘ir, unga siddiqlardan boshqalar chiday olmaydilar”. Va Abu Said Zohid debdurkim, Zakariyyoni ko‘rdum va suhbat tuttim, siddiqlardin erdi. Shuningdek, shoir Abu Said Xarroz va  Zakariyyo b. Yahyo Hiraviy q.s.larning ham Siddiqlardan ekanini aytadi. Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”da  siddiqlarning  o‘ziga xos xususiyatlaridan biri haqida shayx Sirvoniyning shunday so‘zini keltiradi: “siddiqlarning xotiridan ketadigan oxirgi narsa – rayosat sevgisidir.

 

Navoiy  “Mahbub ul-qulub” risolasida ishqning 3- va eng yuqori darajasi siddiqlar ishqi haqida jumladan shunday deydi : “Uchinchi qism. Siddiqlar ishqi bo‘lib, ular Haqning jamolini ochiq ko‘rish istagi bilan kuyib yonadilar. Talablari shudir. Ular Haqni ko‘z bilan mushohada qilish umidi tufayli o‘zni unutish darajasiga yetgan va bundan ham o‘tib, fano maqomini hosil etgandirlar.  ... hollari Ma’shuq jamoli mushohadasi (ko‘rish) talabida va mashg‘ulotlar ham uning mulohazasi bilan va ko‘ngillari visol mayi nasibasidan behush va mast. Ketma-ket tajalliy nuridan a’zolari shikastlangan. Ruhlari visol bodasidan boshqa narsani xohlamaydi va Haq mushohadasidan boshqa narsa bilan ko‘ngillari orom olmaydi...”

 

Yuqorida aytganimiz kabi rostgo‘ylik qancha oliy fazilat bo‘lsa, yolg‘onchilik shu qadar kechirib bo‘lmaydigan gunohdir.

 

Hadislardan birida rivoyat qilinishicha, hazrat Payg‘ambarimizdan so‘rashgan. Mo‘min odam baxil bo‘lishi mumkinmi? Ha, deganlar. Xasis bo‘lishi mumkinmi? Ha, deganlar. Yolg‘onchi bo‘lishi mumkinmi, deganlarida, Yo‘q! deb javob bergan ekanlar. Navoiy “Mahbub ul-qulub”ning 50-51, 59, 60, 123-tanbehlarida yolg‘onchilik, yolg‘on gapirishning gunoh va xunuk oqibatlariga keng to‘xtaladi. Hatto yolg‘onchini Allohning dushmani deb malomat qiladi.  Jumladan: 50-tanbehda Yolg‘onchi – Haq oldida gunohkor, xalq oldida esa sharmanda”, desa, 123-tanbehda “Haqning do‘stlari sadoqat va poklikning konidir. Haq dushmanlari yolg‘onchidirlar” deb ta’kidlaydi.

 

Darhaqiqat, Qur’onning ko‘plab oyatlarida Alloh va’dalarini va Payg‘ambarlar xabarlarini inkor qilgan kishilar la’natlangan va do‘zaxga mahkumliklari aytilgan. Jumladan, “Ankabut” surasi, 68-oyatda shunday deyilgan: Alloh sha’niga yolg‘on to‘qigan yoki haqiqat (Qur’on) kelgan chog‘da uni yolg‘onga yo‘ygan kimsadan ko‘ra kim ham zolimroqdir. Kofirlar uchun jahannamda joy bor emasmi?”

 

Ta’kidlash kerakki,  o‘tmish ulamolarimiz yolg‘onning eng og‘ir ko‘rinishi diniy e’tiqod va haqiqatlarni inkor qilishdan iborat ekanligini alohida ta’kidlab o‘tganlar.

 

Navoiy rostlik haqida so‘z yuritish asnosida ham yolg‘on gapirmaslikni eslatib o‘tgan. “Hayrat ul-abror”da rostlikning fazilatlarini xotirlatgan Navoiy Rasulullohning “...yolg‘onchilar mening ummatim emas” degan hadislarini  eslatib o‘tadi va shunday deydi: “...kimki yolg‘on gapirishni odat qilgan bo‘lsa, uni er-u musulmon desa bo‘lmaydi. “...qanday bir og‘ir vaziyatda qolgan bo‘lsang ham, chin gapirishning iloji bo‘lmasa, yolg‘onni ham gapirma”[3] deydi.

 

Shoir ayrim o‘rinlarda tazod san’ati vositasida ikkala so‘zni yonma-yon qo‘llaydi. “G‘aroyib us-sig‘ar” devonidagi ruboiylaridan birida shunday deydi:

 

Bir aybg‘a garchi xalq qilg‘ay mansub,

Faqr ahlidin iztirob emastur mahsub.

Sidq ersa xud etmak kerak o‘z fe’lini xo‘b,

Kizb ersa, malomat dag‘i bordur matlub.

 

Ya’ni, agar xalq biror aybga mansub qilgan odam faqr maqomiga erishgan kishilardan bo‘lsa, uning iztirob chekishi kerak emas. Agar xalqning gapi rost bo‘lsa, u o‘zini isloh qilishi, yomon fe’lini tuzatishi kerak. Agar xalq gapi yolg‘on bo‘lsa, faqirlar uchun malomat ham xush ko‘rilgan narsa. Chunki  tasavvufda malomatning ham o‘ziga xos yaxshi taraflari bor.

 

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadislardan birida aytiladiki: O‘zingizga rostgo‘ylikni lozim tuting, chunki rostgo‘ylik yaxshilikka olib boradi. Yaxshilik esa jannatga boshlaydi. Kishi rost gapirib, rostgo‘ylikka amal qiladi, hatto Alloh huzurida “siddiq” deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning, chunki yolg‘on gunohga boshlaydi. Gunoh do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapirib, unga rioya qilishda bardavom bo‘ladi, hatto Alloh huzurida “kazzob” deb yozib qo‘yiladi”[4].

 

Anglashiladiki, Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida rostgo‘ylik va yolg‘onchilik haqida juda teran va mulohazali fikrlarni bayon qilgan. Shoirning bu boradagi qarashlari bugungi kunda ham yoshlarimizning ta’lim-tarbiyasi uchun  dolzarb va zarur bo‘lib qolaveradi.

 

 Sayfiddin  RAFIDDINOV,

filologiya fanlari nomzodi



[1] Alisher Navoiy. Mahbub ul-qulub (Hozirgi o‘zbek tiliga tabdil). Mazkur asar, 140-bet.

[2] Qarang: Ahmad Lutfiy. Hazrat Abubakr Siddiq (raziyallohu anhu). Toshkent. “Sharq” nashriyoti. 2014.

[3] Alisher Navoiy. Xamsa (nasriy bayon). Mazkur asar, 78-b.

[4] Abu Abdurahmon as-Sulamiy. Nafs illatlari va ularning muolajasi. Toshkent. “Matbachı’’ nashriyoti. 2023. 118-bet.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19335
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16432
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi