Biz oʻn yetti kishi edik...


Saqlash
18:02 / 12.02.2024 668 0

Biz sinfda oʻn yetti yigit edik. Hozir qay birimiz yurtdamiz, qay birimiz chetda. Sanoqdayam, hisobdayam adashib ketaman baʼzan. Qachon qaysi birimiz chetga ketib, qachon qaytgan boʻlamiz, bilmay ham qolaman. Bular mening eʼtiborsizligimdanmi, kattaligimdanmi, bilmayman. Yoki ularning tez-tez musofir nonini yeyish uchun yurtlab ketishidanmi, bilmayman. Bilganim, tarqoqlashib ketdik. 

 

Bir dona tarvuzni sotib olib yeyish uchun pul yiqqan paytlarimiz boʻlgan. Bitta non va bitta tarvuz oʻn yettimizni toʻydirgan. Qalin edik, yaqin edik. Bitta xoʻrozni sotib olish uchun oʻrtaga pul tashlardik. Bu katta bayram boʻlardi. Toʻyardik. Oylab eslab yurardik. Birga sevardik, yigʻlardik, sarson kezardik.

 

Men koʻpincha xat yozib berardim. Joʻralarimning koʻnglidagini qogʻozga toʻkib berardim. Toʻy boʻlardi. Toʻylar boʻlgan, ularning bolalari bugun xat yozadigan yoshga yetdi. Qizlari toʻy boʻldi... Ayniqsa, biri. “Yaslidosh”miz... Sinfdoshmiz... Qoʻshnim, amakivachcham, sirdosh doʻstim. U bilimdonroq edi, men janjalkashroq edim. U bosiq edi, ixtirochiroq edi, men qaysar edim. U matematikroq edi, men tilchi edim. U “yiqildi” shuncha bilan ham. Men ham “yiqildim”. U ketaman chetga, dedi. Aytdim-ku, qaysar edim, men baribir oʻtaman, dedim... Yillar oʻtdi. U Koreyaga ketdi. Men oʻjarman, “avliyolik” daʼvo qilaman, ketmayman dedim, oʻqidim, qoldim...

 

Yana yillar oʻtib ketdi. Yaqinda u adashmasam, taxminan beshinchi bor qishloqqa qaytdi. Ketganiga oʻn yil boʻlyapti. “Keling, qishloqdaman”, dedi. “Shu shanba boraman”, dedim. Borolmadim. Uni taʼtili tugadi, ertalab telefon qildi, “Yana ketyapman. Hech boʻlmasa, katta koʻchaga chiqing, bir koʻrishaylik, bagʻrimga bosay”, dedi. “Yaslidosh” joʻramni quchoqlamaganimga qancha boʻlibdiya... “Shuncha tez tugadimi taʼtil? Albatta yoʻlga chiqaman dedim”, – xuddi katta himmat koʻrsatgandek.

 

“Salom-xayrmi?”. Bagʻrimga bosdim, joʻramni bagʻrimga bosishni sogʻinibman.

“Qachon qaytasiz endi?” – dedim. “Shu safar oxirgisi”, – dedi. Sochlariga qaradim joʻramni. Ikkimizning ham sochlarimiz basma-basiga oqaryapti... “Oq yoʻl, doʻstim! Borgach xabar qiling”. “Albatta, siz yaxshiroq ish topib qoʻying, u yerlarda yurgim yoʻq, biror ish qilaylik, doʻstim!”

 

U yana ketdi. U mendan bilimdonroq edi, yaxshiroq edi. Oʻn yetti kishi edik. Mendan yaxshiroqlari koʻp edi. Bilmadim, hozir kim shu yerda, kim chetda. Tarqab ketdik, yurtga sigʻmadik.

 

Isomiddin POʻLATOV.

Foto: Abdumannon MUHAMMAD

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19304
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16378
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi