Qatʼiy mafkuraviy talablar asosida ishlangan kino. “Alisher Navoiy” haqidagi yagona oʻzbek badiiy filmi tahlili


Saqlash
17:02 / 08.02.2024 401 0

Bir asar tarixi

 

Shoʻro davrida tarixiy filmlar, tarixiy-biografik badiiy asarlarning ekran talqinini taʼminlashda birlamchi manbaning asl mohiyati saqlanishi muhim boʻlmagan. “Sanʼat – badiiy umumlashma, tarix esa aniq faktlar”, degan “qoida” sovet kinorejissorlari ijodiga birdek tegishli boʻlgan. Bu haqda rus kinosining rivojlanish bosqichlarini oʻrgangan kinoshunos Y.Dobrenkoning fikri diqqatni tortadi: “Tarixni bunday chigallashtirib aks ettirish (tarix haqiqiy sanʼatlar sintezidan iborat) stalincha loyihaning siyosiy-estetik xususiyatiga bogʻliq edi”.  Bu davrda kinorejissorlar oʻz asaridagi har bir kadr, har bir soʻz, har bir obraz yuzasidan savol-javobga hamisha tayyor boʻlib turish haqida qaygʻurar edi. Shuning uchun ham oʻzbek milliy tafakkuri, intellektual zaxiralarining badiiy ifodasi sifatida eʼtirof etilgan “Alisher Navoiy” filmining ayrim kemtik jihatlari sabablarini tushunish uchun film yaratilgan davr haqida ham, asl sanʼat talablari haqida ham bilishga arzirli jihatlar bisyor. Bugun Oyina.uz'ning “Bir asar tarixi” ruknida mazkur film haqida mulohaza yuritdik.  

 

Film haqida qisqacha

 

Yaratilgan yili – 1947

Senariy mualliflari – I.Sulton, Uygʻun, A.Speshnev, V.Shklovskiy

Sahnalashtiruvchi rejissor – K.Yormatov.

Operator – M.Krasnyanskiy

Bosh rassom – V.Yeremyan

Bastakorlar – R.Glier, T.Sodiqov

Rollarda: Navoiy – R.Hamroyev, Guli – T.Nazarova, Boyqaro – A.Ismatov, Majididdin – O.Jalilov, Moʻmin Mirzo – Sh.Azimov

 

Filmning dastlabki syujetlarida Navoiy bilan Husayn Boyqaroning yigitlik damlari koʻrsatiladi. Ular kelajak orzularidan soʻzlaydilar.

 

Navoiy: – Siz Iskandar boʻlasiz, kamina Arastuyingiz.

Husayn: Lekin bizga nasib etarmikin Iskandarning shuhrati?

 

Filmda Navoiysiz Husayn Boyqaro hech kim emasligiga koʻp bora urgʻu beriladi. Jumladan, jang maydonida Navoiy oʻldirilsa, Husayn Boyqaro oʻz-oʻzidan yengilishini nazarda tutib, “Demak, qilichlar vodiyda-yu, Aql chodirda ekan-da. Oʻsha Aqlni gumdon qilsak, qilichlar oʻz-oʻzidan yengiladi”, deydi shahzoda Yodgor.

 

Yodgor: – Siz Alisherning koʻlankasisiz.

Husayn: – Alisher bilan men bitta daraxtmiz!

Yodgor: – Siz daraxtning koʻlankasisiz.

Husayn: – Hm, kamina koʻlanka boʻlsa, koʻlankadan yengilibsiz-da!

 

 

“Alisher Navoiy” filmida bugungi tarixiy filmlarda urf boʻlganidek, aniq sanalar koʻrsatilmagan. Unda 1455-yildan 1500-yillar orasidagi davr qamrab olingan boʻlsa-da, tarixiy hodisalar bilan bogʻliq biografik ism-shariflar oʻzgartirilgan. Jumladan, Moʻmin Mirzoning oʻlimi bilan bogʻliq tarixiy faktda Husayn Boyqaroning rafiqasi malika Xadichabegim va vazir Nizomulmulkning nomlari keltiriladi. Filmda esa bu qabih ish vazir Majididdin obraziga yuklatilgan. Umuman, kinokartinada Alisher Navoiy Husayn Boyqaroning maktabdosh doʻsti, keyinchalik saroyida muhrdor va vazir sifatida uzoq yillar unga maslakdosh, maslahatchi boʻlgani hamda xalq sevgan rahnamo qiyofasida koʻrsatilgan.

 

Film fabulasi Husayn Boyqaro – NAVOIY – Majididdin zanjiri asosiga qurilgan. Bunda: Shoh – Hokimiyat, Shoir – Adolat va tafakkur, Majididdin – Adovat. Yaʼni, Adovat Adolat va Tafakkurning dushmani timsolida Hokimiyatga intiladi. Shuning uchun ham Majididdin Moʻmin Mirzoning qatl etilishi chogʻida “Ustozingiz tafakkur va adolat bogʻini barpo etmoqchiydi. Ammo adolat bormi oʻzi bu dunyoda, mirzam? Ular oʻrtasidagi adovat mening maqsadim edi... Istaymanki, niyatim tiriklar orasida mangu kezib yursin... Aminmanki, siz bilan hozir yuz beradigan voqeadan soʻng Alisher bilan Husayn men oʻlgach, mangu adovatda u dunyoga ravona boʻlgaylar. Alisherning orzusi hazon boʻlgay!” deydi gʻurur bilan.

 

 

Filmda shu kunning nuqtayi nazaridan katta ahamiyatga molik jihat shundaki, 1947-yilda, 37-yillar boʻronining izlari oʻchmagan bir vaqtda oʻzbek xalqiga ekran orqali turkiy til – oʻzbek tili haqida, millat dardi haqida ayta olingan: “... Nima uchun bugun tildan gap ochdim? – deydi Navoiy jang maydonidagi chodirda shogirdlariga saboq berarkan. – ... Biz saltanatimizda xalqni yakzabon qilurmiz. Tili kamol topgan xalq oʻz qismatini anglab olur. Zero, til hamjihat qiladi xalqni”.

 

Navoiyning xoin ekanligiga dalil sifatida Majididdin uchun qurol boʻlgan mana bu satrlar ham filmda bir necha bor, turli obrazlar tilidan turlicha yangraydi. Va har bir kishi bu misralarni turli ohang, maʼno, yondashuv bilan oʻqishi qiziq.

 

Qaysiki, shoh oʻz qoʻli ila yurtni barbod aylagay,

Xisrave Parvezi yangligʻ boʻlgʻuvchi beoqibat.

 

Film yakunida Moʻmin Mirzo oʻlimidan qaygʻuga choʻmgan, nabirasining beixtiyor qotiliga aylangan Husayn Boyqaroga qarata aytilgan quyidagi satrlar ham muxlislarning sevimli baytlari qatorida.

 

Aniq toj, garchi yoqut, garchi zardur,

Xaloyiq boshiga bitgan zarardur. 

 

Jahonga mashhur oʻzbek shoiri va mutafakkiri timsolini ekranda jonlantirish uchun mustamlaka siyosati posbonlari tomonidan 1 soat-u 20 minut vaqt ajratilgan. Bu vaqtda Alisher Navoiyning siymosi qanchalik maromiga yetar darajada yaratilgan, deb qiziqqan tomoshabin, albatta, film ishlangan zamon va makondagi siyosiy-ijtimoiy hodisalarni ham inobatga olish muhim.

 

 

Kinosenariyning adabiy asosi

 

Adabiyotshunos olim va dramaturg Izzat Sultonning Alisher Navoiy ijodi bilan bogʻliq ilmiy izlanishlari 1930-yillardan boshlangan. Bu paytda ulug‘ mutafakkirning yaqinlashib kelayotgan 500 yilligini davlat miqyosida keng nishonlashga qaror qilingan edi. Shu bois Alisher Navoiy siymosining adabiyotdagi, sahna va kinodagi badiiy talqinlarini yaratish, uning ijodini ilmiy oʻrganishga kirishiladi.

 

1941-yili boshlangan urush tufayli Alisher Navoiy yubileyini oʻtkazish ortga suriladi. Lekin shunga qaramay, Izzat Sulton va Uygʻunning ijodiy hamkorligi davom ettirilib, 1942-yili drama yozib bitiriladi. Alisher Navoiyning 500 yillik yubileyi munosabati bilan 1945-yilning 1-aprelida namoyish etilgan pyesaning ilk sahnaviy talqini jiddiy tanqidga uchraydi. Munaqqidlar mualliflarni shoir obrazini oʻta ideallashtirib yuborganlikda ayblaydilar. 1948-yili pyesa qaytadan tuzatilib, spektakl qayta sahnalashtiriladi. Qayta tuzatilishda birinchi sahna variantida tanqidga uchragan jihatlar olib tashlanadi va Navoiy obraziga Boyqaro obrazi keskin qarshi qoʻyiladi.

 

Spektakl ikkinchi marta sahnalashtirilishi bilanoq, matbuotda bir qator mulohazalar eʼlon qilina boshlaydi. Aksariyat taqrizlarda spektaklning ilmiy xususiyati haqida fikrlar bildiriladi. “Qizil Oʻzbekiston” gazetasining 1948-yil 21-noyabr sonida chop etilgan maqola muallifi, falsafa fanlari doktori V.Zohidov jumladan shunday yozadi: “Asardagi hodisalarning bir qanchasi tarixiydir. Dramaturglar ularga katta mahorat bilan bichilgan va tikilgan liboslar kiygizganlar. Koʻp jihatdan asar shu hodisalar zaminidan qurilib boradi”.  

 

V.Zohidov oʻz davri mafkurasining koʻrsatmalari asosida yaratilgan Alisher Navoiy obrazi va XV asr muhiti xususida mulohaza bildirar ekan, tarixiy hodisalarga “katta mahorat bilan bichilgan va tikilgan liboslar”ning yaqqol sezilib turganini ham aniq misollar bilan taʼkidlab oʻtadi. Olimning fikricha, Husayn Boyqaro oʻz davrining oʻta murakkab sharoitida katta bir mamlakatda 30 yildan ortiq hukmronlik qilib, markazlashgan davlatni saqlab tura olgan, baʼzi ijtimoiy-siyosiy masalalarda maʼlum darajada musbat rol oʻynagan shoh edi. “Asarda esa Boyqaro oʻz taxtidan boshqani koʻrmaydigan, mast-alastlikdan, kayfi-safodan boshqani bilmaydigan, Navoiydan doimo oʻz taxtini mahkamlash uchun foydalanish maqsadini kutgan prinsipsiz despotgagina aylanib qolgan... Asarda Husayn har qadamda xoinlik qilayotgan, uning siyosiy mavqeyiga, davlatga suiqasd qilayotgan ashaddiy teskarichi, hech chidab boʻlmaydigan Majdiddinlarning oʻyinchogʻi, quroliga aylantirilgan. Bu narsa Navoiy obrazini ham bir qadar rahlanib qoʻyishga olib boradi...”

 

Koʻrinadiki, dramaturglar Izzat Sulton va Uygʻunning hamkorligida yaratilgan dramaning sahnaviy talqini tomoshabin tomonidan yuksak darajada olqishlar bilan kutib olinganiga qaramay, pyesaning juzʼiy kamchiliklari oʻz davridayoq tilga olingan. Lekin teatrshunos M.Rahmonov qayd etganidek: “...Spektaklning boshidan to oxirigacha tomoshabin nigohi va oʻy-fikri hayajonda kechadi, Navoiy maʼnaviyati bilan yashaydi. Navoiy dahosiga muhabbatlari spektaklni qayta-qayta koʻrish uchun teatrga yoʻllardi. Afsuski, uzoq yillar oʻynalgan, hammaga yod boʻlib qolgan bu spektaklning umri Mannon Uygʻur, Abror Hidoyatov, Olim Xoʻjayev, Sora Eshontoʻrayeva, Obid Jalilov, S.Tabibullayevlar ijodining xotimasi bilan tugaydi. Bundan keyingi sahnalashtirilgan Navoiy spektakli endi boshqacha spektakl edi”.

 

Kinosenariy

 

“Alisher Navoiy” filmi senariysi ustida ham aynan oʻsha 1942-43-yillarda ish olib borilgan. Olim va dramaturg Izzat Sulton bilan Uygʻunga ikki kinodramaturg Viktor Shklovskiy va Aleksey Speshnev koʻmaklashgan. Ular kinematografiyaning oʻziga xos qonuniyatlariga koʻra sahnabop asarni ekranbop senariyga aylantirganlar. 

 

Manbalarga nazar tashlasak, haqiqatan ham, Husayn Boyqaro Hirotda madaniyat gullab yashnashiga bosh-qosh boʻlgan va oʻzi ham hech bir shoirdan kam boʻlmay nazmda goʻzal gʻazallar bituvchi shoh boʻlgan. Uning Alisher Navoiyga nisbatan mehri ham boʻlakcha boʻlib, barcha saltanat va raiyatga bogʻliq ishlarni amir Navoiy bilan kengashar edi. Bunday tafsilotlar kinosenariyga umuman kiritilmaydi.

 

 

Kinosenariyni yozish vaqtida, bir tomondan, filmga xronometraj uchun ajratilgan vaqt qisqaligi, ikkinchi tomondan qatʼiy mafkuraviy talablar sababli podsho va shoir oʻrtasidagi nizo yanada kuchaytirildi. Har qanday kinofilm ishlash uchun Moskvaning tasdigʻi olinadigan, senariylar, rejissor, aktyorlar tasdigʻini ham “markaz”ning ruxsatisiz amalga oshirib boʻlmaydigan zamonda “Alisher Navoiy” filmini yaratish uchun ruxsat olish oson boʻlmagani haqida rejissor Komil Yormatov “Kechmishlarim” asarida aytib oʻtgan.  Ehtimol, shuning uchun ham kinofilmda spektakldan farqli tarzda Navoiy va Husayn Boyqaro orasidagi konflikt oʻta kuchli qilib ko‘rsatilgan. Ayrim oʻrinlarda Navoiy obrazi ikkinchi planga oʻtib qolgan hollar ham mavjud. Senarist V.Shklovskiy esa Navoiy obraziga oʻz davri mafkurasidan kelib chiqib yondashilganini ochiq qayd etadi:  “Navoiy ziddiyatli shaxs edi. ...Uning hurriyatparvarligi chegaralangan edi: chunki uning oʻzi boy odam boʻlib, feodal edi”. Koʻrib turganingizdek, boy odam – ziddiyatli shaxs va ideal boʻlishi mumkin emasligiga chin ishonilgan zamon va makonda bu film suratga olingan.

 

Navoiyni ideal shaxs darajasiga chiqarish uchun Husayn Boyqaro bilan konfliktga kirishish syujetlari toʻqilganini V.Shklovskiyning qaydlaridan sezish qiyin emas: “Chunki, – deydi senariynavis, – biz unga zamonamiz tomon toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻl koʻrsatdik, goʻyoki bugun yaratilgan Navoiy haykalini XV asrga olib borib qoʻygandek edik”.

 

“Alisher Navoiy” badiiy filmi rejissor K.Yormatovning shoh asarigina emas, oʻzbek kinosining ham munosib boyligi hisoblanadi.

 

Ijodiy tajriba maktabi

 

Biz oʻzbek kinosining tarixi va buguni haqida bilimdonlik qilayotgan baʼzi vaqtlarda, kirish soʻzimizda aytib oʻtganimizdek, har doim ham ijtimoiy-siyosiy voqelik taʼsirini inobatga olmaymiz. Ijodkorning erkinligi masalasi har bir asrda katta ahamiyatga ega ekanligini oʻtmishdagi buyuklarimiz hayotidan anglashimiz mumkin. Navoiy va Boyqaro tandemi boʻlmaganida, ehtimol, Alisher Navoiy nomi bu kungacha yetib kelmas edi. Yoki Izzat Sulton va Uygʻun, ularga hammuallif V.Shklovskiy va A.Speshnev hamkorligi boʻlmaganida film hanuzgacha maroq bilan koʻrilmasdi. Agarda rejissor K.Yormatov oʻzining ishonchli ijodkorlari –operator, rassom, aktyorlar ansambli, bastakor va boshqa barcha ijodiy guruhni yagona maqsad atrofida jipslashtirmaganida biz ayni shu damda bu film haqida soʻz yuritib oʻtirmagan boʻlardik.

 

Shunchaki, oʻzbek kinosi maktabi deyilganda “Alisher Navoiy” filmi yana boshqa koʻplab milliy shoh asarlarimiz qatorida tilga olinishi va u shunga har jihatdan loyiqligini tan olishimiz kerak. Xususan, senariy kompozitsiyasi, rejissor postanovkasi, rassom yaratgan XV asr muhiti va har jihatdan mukammal ijro texnikasini namoyon etgan aktyorlar mahoratini suratga olgan operator obyektivi, qalbga malhamdek yoquvchi musiqa – bular barchasi yetishib kelayotgan yosh senariynavis va rejissorlar, qolaversa, har bir kinoijodkor uchun katta ijod maktabidir.

 

Hozir Alisher Navoiy haqida yana qayta film yoki serial suratga olishga katta ehtiyoj bor. Bu fikrga qarshi, ehtimol, mablagʻ masalasi roʻkach qilinar – shoir yashagan joylarga borib, suratga olish ishlarini amalga oshirish katta pul talab qiladi, deya... Ammo urush yillarida, Toshkent kinostudiyasida och va yupun holda, oʻzbekning buyuk shoiri va mutafakkiri haqida kartina yaratish ustida ishlaganlar. Ular qatoridagi XV asrning betakror Hirot, Xuroson shaharlari muhitini oddiy polotnoda aks ettirgan rassom Varsham Yeremyan mahorati haqida soʻz aytishga ojizmiz...

 

Nazarimizda, tarixiy asar boʻladimi, zamonaviy boʻladimi, mukammal senariy va film bu – yakka tartibdagi tadbirkorlik emas. Buyuklar haqida buyuklarni oʻta yaxshi bilgan va masʼuliyatni yurakdan his etgan buyuk ijodkorlar yozishi, film suratga olishi kerakmikan. Albatta, hamjihatlik va muhabbat bilan. Afsuski, oradan 80-yilga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, “Alisher Navoiy” filmiga salgina yaqin keladigan ham boshqa yangi bir kinokartina yaratilgani yoʻq.

 

Shohida ESHONBOBOYEVA,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19314
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16391
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi