Turkistonim kabi yonar u... Rauf Parfi she’riyatida inson orzusi, jamiyat ideali va ozodlik talqini


Saqlash
16:02 / 07.02.2024 770 0

She’riyatda, ayniqsa, Sharq nazmida poetik mazmun, odatda, ramzlar, obrazlar tilidan talqin etiladi. Turkiy she’riyat bu borada beqiyos ifoda imkoniyatiga ega. XX asrning ikkinchi yarmi – XXI asr avvali o‘zbek she’riyatida Abdulla Oripov, Erkin Vohidov va Rauf Parfi lirik asarlari timsolida badiiy-estetik tafakkurning nodir namunalari yaratildi. Biz O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfi she’riyati misolida sho‘rolar zamonida Turkiston birligi va ozodligi g‘oyasi qanday obraz va ramzlar, qay uslub va mezonlar asosida badiiy talqini etilganini tahlil etishga harakat qilamiz.

 

Istibdod – zulmat. Vatan va millatni zulmat girdobida ko‘rish – chin farzand uchun bundan ham og‘ir fojia bo‘lmas! Bu holdan iztirob chekmaslikning iloji yo‘q... Shukrki, taskin bor. Taskin shundaki, bu charxi davvor betinim aylanib turadi. Tun qachondir o‘rnini tongga bo‘shatmoqqa majbur. Rauf Parfining “Tong otmoqda...” she’rida ana shu qonuniyatning o‘ziga xos poetik talqini kuzatiladi:

 

Tong otmoqda, tong o‘qlar otar,

Tong otmoqda – quyosh zambarak.

Yaralangan yer shari yotar,

Boshlarida yashil chambarak.

 

Mumtoz adabiyotimizda quyosh chiqishi falak maydoniga nurdan bo‘lgan lashkarlarini yuborgan xoqonning yurishiga qiyoslangan, boshqa turli tashbehlar qo‘llangan. Biroq quyoshning to‘g‘ridan-to‘g‘ri zambarakka o‘xshatilgani ma’lum emas. Qorong‘u tunga qarata o‘q otayotgan zambarak – beqiyos obrazli tasvir! Badiiy tasvir zamiriga bunchalik teran mazmunni joylash, tongning – quyoshning zimmasiga zulmatga o‘q otish vazifasini yuklash uchun shoirda ijodiy tafakkur qanchalik teran, taxayyul ko‘lami qanchalar keng bo‘lmog‘i zarur.

 

Yaralangan boshiga yashil chambarak o‘ragan yer shari – istibdod tunida Vatan va millat vujudiga yetkazilgan so‘ngsiz jarohatni muallif o‘quvchi qalbiga iztirob soladigan ana shunday obrazli tasvir vositasida ifoda etadi. Mumtoz she’riyatga xos tashxis (“tong o‘qlar otar”) sifatlash (“yaralangan yer shari”), tashbeh (quyosh zambarak) singari badiiy san’atlarni mahorat bilan qo‘llash natijasida poetik tasvir mukammalligi ta’minlangan.

 

Tong otmoqda, musaffo tongga

Yuragini tutar odamlar.

Shu tong uchun kelar jahonga

Va shu tong deb o‘tar odamlar.

Tong otmoqda...

 

Kutilgan tongning qadri bunchalik baland ekani sababi nimada? Ne boisdan odamlar unga yuragini tutadi. Chunki bu ozodlik tongi, istiqlol tongi. Ozodliksiz o‘tgan har lahza zulmatga mengzaydi. Erkinliksiz inson umrida ma’no bo‘lmaydi. Odamlar shu tong uchun jahonga kelishi, shu tong deb yashab o‘tishi sababi shunda. E’tibor berilsa, shoir mustaqillik, ozodlik so‘zlarini biror o‘rinda ham qo‘llamaydi. Bu ma’noni o‘quvchi tagmatndan anglaydi. Zero, shoirning shoirligi, ijodkorning ijodkorligi ham shunda: aytmasdan ayta oladi, muayyan tushunchani qo‘llamay turib, u haqda to‘laqonli tushuncha bera biladi.

 

Rauf Parfi she’rlari metaforaga, ramzlarga boy. Ijodkor badiiy niyatini, yuksak orzularini ko‘proq poetik timsollar orqali ifodalaydi. Shoir ijodida bu hol yetakchi xususiyatga aylangan. “Hasratlari ko‘pdir dunyoning” she’ridagi mana bu misralar fikrimiz dalilidir:

 

Hasratlari dunyoning ko‘pdir,

Lekin yo‘li bir: quyosh sari.

Uning bir dam oromi yo‘qdir,

U yaproqqa o‘xshagan.... sariq.

 

Dunyo hasratga to‘liq ekani she’riyatda Rauf Parfigacha ham ko‘p bor aytilgan. Biroq keyingi misradagi izoh ko‘hna fikrga yangi badiiy libos kiydirgan. Dunyoning quyosh sari yo‘nalgani tuyg‘uning nekbinligi, ko‘ngilga umid baxsh etishi bilan alohida ahamiyatga ega. Chunki quyosh – yorug‘lik timsoli, ezgulik nishonasi. Zero, orzudan mahrum inson tubanlik sari qulashga mahkum bo‘lgani singari idealdan bebahra jamiyat ham tanazzul girdobiga tushishi muqarrar. Inson orzusi, jamiyat ideali esa adabiyotda aks etadi. Rauf Parfi she’riyatidagi ozodlik talqini ham ushbu fikrni tasdiqlaydi.

 

Shoir talqiniga ko‘ra, dunyo bir dam bo‘lsin orom bilmaydi. Yaproqqa mengzashi, sariq suratda ekani tasviri zamirida dunyoning o‘tkinchi ekani, qachondir zavolga yuzlanishi haqligi xususidagi teran falsafa mujassam.

 

Tuman – tamaki tutunidek,

Go‘yoki dunyoning qayg‘usi.

Quyosh sari ketmakda chekib

Dunyo xayol surib uyqusiz.

 

Tamaki tutuniga mengzaydigan tuman – dunyoning qayg‘usi ramzi. Ma’lumki, tuman yorug‘likni, ziyoni to‘sadi. U – zulmat timsoli. Bu qayg‘uni, bu iztirobni chekmaslik imkonsiz. Shoir “chekib” so‘ziga zalvorli ma’no yuklaydi. Dunyoning qayg‘usini chekish, uning tamaki tutuniga qiyoslanishi buning isbotidir. Zulmat, qayg‘u, iztirob – dunyoning uyqusizligi sababi shular. Faqat bir taskin bor: u quyosh sari ketmoqda. Quyosh esa – nur timsoli. U ozodlik nuri, istiqlol nuridir.

 

“Quyosh”, “chiroq” kabi yorug‘likni ifodalovchi so‘zlar shoirni ohanrabo yanglig‘ o‘ziga tortadi. Uning she’rlarida ushbu badiiy timsollar eng ko‘p qo‘llangan va tabiiyki, ular mag‘ziga chuqur ma’no yuklangan. Mana, yana bir misol:

 

Chiroq. Chiroq yonar bo‘zarib!

Jim. Tinglangiz uning kuyini.

U bir qo‘shiq aytar, do‘stlarim,

Sahargacha aytar kuyinib.

Chiroq. Chiroq yonar bo‘zarib.

 

Badiiy ijodning xos xususiyatlaridan biri jonsiz ashyolarga jon baxsh etmoqdir. Ijtimoiy yoki badiiy-estetik idealni talqin etar ekan, ijodkor istalgan narsani poetik timsol darajasiga ko‘tarishi mumkin. Rauf Parfi nazdida, bo‘zarib yonayotgan chiroqdan kuy taraladi. Odamlarga sahargacha qo‘shiq aytayotgan chiroq kuyini tinglashni tavsiya etadi shoir – Nega? Chunki chiroqning yonishi – sevimli orzu. Chiroqning yonishi – so‘ngi yo‘q hasrat. Bu qanday orzu? Nima sababdan u hasratga yo‘g‘rilgan? Shoir ming iztirob bilan mana bunday yozadi:

 

Turkistonim kabi yonar u

 

Agar she’rning 1964-yilda yozilgani e’tiborga olinsa, shoir hasratining sababi oydinlashadi. Abdulla Oripov va Erkin Vohidovning sho‘rolar tuzumining insoniylikka zid mohiyatini fosh etuvchi asarlari o‘sha kezlari jamiyatni larzaga solgani ma’lum. Rauf Parfi tug‘yoni zamondoshlari tuyg‘ulari bilan hamohangdir. Ona Turkiston ozodligi – shoir ideali ana shu orzuda mujassam.

 

Chiroq yonar – eng go‘zal qismat,

Chiroq yonar – sevimli orzu.

 

Chiroqning yonishi shuning uchun ham go‘zal qismatki, yonmoq – uning asl a’moli. Uning o‘chmog‘i esa – fojia. Chiroqning yonishi – erkparvar ajdodlar ruhining barhayotligi. Chunki mardlik va shijoat, erk va ozodlik chirog‘ini ular yoqqan. Chiroqning yonishi  – ko‘ngillarda ozodlik va istiqlol umidi so‘nmaganidan nishona. Chiroqning yonishi – millat qalbidagi orzular tirikligi belgisi.

 

Chiroqni tinglangiz, odamlar,

Qarshisida egib turing bosh.

Sizni kuylar u tongga qadar,

To navbatni olguncha quyosh.

Chiroqni tinglangiz odamlar...

 

Ko‘ngillarda zulmat hukmron bo‘lishi – fojia! Badiiy timsol sifatida chiroq ko‘ngillarga ulashilajak shu’lani anglatadi. Yana bir jihati, u tun qo‘ynida to navbat quyoshga yetgunga qadar odamlar haqida kuylaydi. Odamlardan uning qarshisida bosh egishni so‘rar ekan, shoir ana shuni nazarda tutadi. Navbat quyoshga yetishi – zulmat o‘rnini tong egallashiga ishora. Bu tong mustaqillik tongidir. Ona Vatanning buguni va istiqbolini yorituvchi tongdir. Uning ozod va obod bo‘lishi elchisidir.

 

Yana boshqa bir she’rida shoir o‘z badiiy-estetik idealini zulmatni shiddat bilan kesayotgan yomg‘ir obrazi vositasida ifodalaydi. Lirik qahramon yuragiga oqib kirgan qorong‘ulik, fikrlarini tilayotgan, zulmat bilan jang qilayotgan  yomg‘ir tasviri orqali shoir yorug‘likka, nurga bo‘lgan intilish tuyg‘usini betakror badiiy talqin etadi. Yomg‘irdan tilingan, cho‘yon parchasidek keskir fikrlari zulmatni tilkalashini umid qiladi.

 

XX asr avvali turkiy adabiyotning atoqli siymosi Jalil Mamadqulizoda ijodkorning Vatan va millat oldidagi burchini, badiiy-estetik idealini mana bunday ta’riflagan edi: “Bir  suratdaki,  har  bir  qalamning  o‘z  muqaddas vazifasi  bor:  birinchi  navbatda  millatning  xushbaxtligi  yo‘lida  xizmat etmak”.  Rauf Parfining estetik ideali ham aynan millat ozodligi – ona xalqining xushbaxtligi, deyish mumkin. Shoirning “Yurak” she’ridan olingan mana bu satrlar ham ushbu fikrni tasdiqlaydi:

 

Mayliga hayqiray iymonim haqqi,

Ko‘klarga termulib solayin uvvos.

Men faqat Turkiston atalgan yorqin,

Bir butun Vatanni istayman, xolos.

 

Rauf Parfi qalamini millat ozodligi, Turkiston birligi singari muqaddas g‘oyalarga xizmat ettirdi. She’rlarida har bir so‘z, har bir obraz, har bir ramz va timsol ana shu maqsadga safarbar qilindi. Shoir millatning g‘aflat uyqusida ekanidan qattiq iztirob chekdi. Turkistonning, turkiy elning uyg‘onishi – Rauf Parfi badiiy-estetik idealining asosini tashkil etadi. “Uyg‘onar Turkiston...” deb boshlanuvchi she’ri ham ushbu fikrni tasdiqlaydi:

 

Uyg‘onar Turkiston, uyg‘onar dunyo,

Porloq umidlarga to‘lib kun botar.

Baxt singari olis yulduzlar, go‘yo

Azal go‘zallikning sham’ini yoqar.

 

Cho‘lpon she’riyatida istiqlol orzusini ifodalagan yulduz obrazi oradan yuz yil o‘tib, Rauf Parfi she’riyatida yana ayni shu ideal talqiniga xizmat qildi. “Baxt singari olis yulduzlar” – ona Turkiston istibdod zulmatida qolgan zamonlarga ishora bo‘lsa, ular  “Azal go‘zallikning sham’ini yoqa boshlagani” yorug‘ kunlar umididan nishona. Chunki shoir nazdida, Turkistonning uyg‘onishi – dunyoning uyg‘onishidir. She’rning keyingi satrlaridagi umidbaxsh so‘z lashkarlari ham millat xushbaxt bo‘ladigan kunlar yaqin ekanidan xabar beradi:

 

Ko‘nglim osmon yanglig‘. Yorishdi osmon,

Kelur ot o‘ynatib Xaloskor Sarboz.

Yorqin saharlarda sen, Ruhim, omon

Yuksak-yuksaklarga qilaver parvoz.

 

Ozodlik shunday tuyg‘uki, unga bo‘lgan umid ham ko‘ngilni osmon yanglig‘ yuksakka ko‘taradi, unga yog‘du ulashadi. Xaloskor Sarbozning ot o‘ynatib kelishi – uyg‘onayotgan millat, uyg‘onayotgan Vatan orzusiga benihoya uyg‘un. Aslida, haqiqiy erkinlik, chinakam istiqlol Ruh ozodligidan boshlanadi. Ruh ozod bo‘lmas ekan, vujudning, mavjudlikning ozodligi haqidagi gaplar orzuligicha qolib ketaverishi aniq. “Yorqin saharlarda sen, Ruhim, omon Yuksak-yuksaklarga qilaver parvoz” satrlari, nazarimizda, ana shu mohiyatni tajassum etadi.

 

Yovlar Chilining qo‘shiqchi shoiri Viktor Xaraning suyukli ona Vatani timsoli – yetti torli muqaddas sozini sindirgani, o‘zini vahshiylarcha o‘ldirgani haqidagi nazmiy asarida ham, zamondoshi Abdulla Orifga bag‘ishlangan “Shoir” she’rida ham, chet el she’riyatidan tarjimalarida ham, umuman, butun ijodida Rauf Parfi ozod ruhni vasf etdi. Ona Turkistonning ozod va obod bo‘lishi haqidagi orzularini baland pafosda kuyladi. Ko‘ngillarga erkinlik va istiqlol tuyg‘usini olib kirdi.

 

Nurboy JABBOROV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16792
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi