Britaniyada Anjela, Germaniyada Luiza, Qirgʻizistonda Kantay, Oʻzbekistonda esa Umidani chaqiring — Dunyo boʻylab qanday yordam signallari keng tarqalgan?


Saqlash
16:02 / 07.02.2024 474 0

 

Yodingizda boʻlsa kerak, koronavirus pandemiyasi davrida ommaviy izolyatsiya eʼlon qilindi. Unda yoshu qari, talabayu ishchilar uyda qoldi. Taʼlim va ish faoliyati esa onlayn shaklga oʻtkazildi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, aynan shu davrda oiladagi zoʻravonlik holatlari avj olgan. Ularning asosiysi ayollar bilan yuz bergan boʻlsa, yana bir qanchasi bolalar ishtirokida sodir boʻlgan.

 

Zoʻravonlik qanday turda boʻlmasin, jabrlanuvchiga ogʻir zarba boʻladi. Afsuski, ular doim ham yordam soʻrolmaydi. Bunga asosiy sabab – qoʻrquv yoki chorasizlik.

 

Zoʻravonlik haqida belgi berish oʻzbek jamiyati uchun begonadek. Jabrdiydalar yordam soʻrash tugul, atrofdagilarni xabardor qilishdan ham choʻchiydi. Pandemiya davrida esa bu tortinchoqlik zoʻravonlarning yanada “erkin” harakatlanishiga sabab boʻldi – muammolar toʻrt devor orasida qolib ketdi.

 

Bunga chora sifatida 2020-yilning aprelida kanadalik faol ayollar fondi tomonidan yordam (soʻrash) signali taqdim etildi. Ushbu signal koʻrsatishga qulay, xavfsiz va oson deb tan olinib, xalqaro miqyosda qoʻllanila boshladi.

 

Yordam signali qanday beriladi?

 

Jabrlanuvchi doim ham soʻzlar bilan yordam soʻrolmaydi, aks holda, zoʻravon yanada vajohat bilan harakatlanishi, qarshisidagi odamga koʻproq zarar yetkazib qoʻyishi mumkin.

Xalqaro yordam signali esa qoʻl bilan koʻrsatiladi. Buning uchun jabrlanuvchi avval bosh barmogʻini, keyin qolgan 4 barmogʻini kaftiga bukishi kerak. Ushbu harakatlar qoʻl kaftini tashqi tarafga oʻgirgan xolda, atrofdagilarning eʼtiborini tortgunga qadar, shu bilan birga, zoʻravonga sezdirmasdan amalga oshirilishi lozim.

 

Turli mamlakatlardagi blogerlar ushbu ishoradan toʻgʻri foydalanish boʻyicha koʻrsatma videolar tayyorlagan. Faollar yordam signalidan foydalanishda quyidagi muhim jihatlarga toʻxtalib oʻtadi:

 

  • Agar siz uydan chiqolmaydigan vaziyatda boʻlsangiz, signalni video-kameralar orqali ikkinchi tomonga yetkazishingiz mumkin;

  • Ochiqchasiga yordam soʻrash yoki baqirish koʻp xollarda zoʻravonni battar quyushqondan chiqarishi mumkin. Yaxshisi, atrofdagilarning eʼtiborini ularni turtib jalb qilib, keyin qoʻllar bilan orqadan xavf haqida xabar bergan maʼqul;

  • Ushbu ishoraga koʻzingiz tushsa, oʻsha zahoti IIVning qisqa raqamlariga qoʻngʻiroq qiling. Agar oʻzingiz zoʻravonlik qurboni boʻlsangiz, ushbu harakatlarni agressordan yashirincha, atrofdagilarga koʻrsatish orqali vaziyatingizni tushuntiring.

 

Xalqaro yordam signali dunyo amaliyotida qanday ishladi?

 

Yordam signali dunyo amaliyotida samarali ishlab, u orqali koʻplab jabrlanuvchilar agressordan qutilib qolgan. Ishoraning toʻgʻri ishlashi uchun birinchi navbatda, uni barcha bilishi va yodda saqlashi muhim sanaladi. Bu borada dunyo mamlakatlari turlicha yoʻllardan bordi – baʼzilar film, rolik, ijtimoiy tarmoqlar uchun qisqa videolar tayyorlasa, boshqalar ommaviy axborot vositalari va huquqni muhofaza qilish organlari yordamida targʻibot ishlarini olib bordi.

 

Quyida yordam signali qay usulda tanitilgani, uni qoʻllash qanday natijalar berganini bir nechta mamlakatlar misolida koʻrib chiqamiz.

 

Rossiyada

 

Rossiyalik opa-singillardan biri koʻrsatuvni suratga olish vaqtida xalqaro yordam signalini beradi. Oʻzi esa kameraga onasini qanchalik yaxshi koʻrishi-yu, oilasidagi muhit naqadar ajoyibligi haqida gapiradi. Koʻrsatuvning montaj jarayonida muharrir qizning gaplariga bogʻliq boʻlmagan, gʻalati qoʻl harakatlarini payqab qoladi. Bu harakatlar keyingi dubllarda ham takrorlanadi, yaʼni bu tasodifan bajarilmayotgandi. Shundan keyin kanal xodimlari tergov kengashi va prokuraturaga oilada zoʻravonlik holatlarini aniqlash boʻyicha tekshiruv oʻtkazishlarini soʻrab, xabar beradi.

 

Qizlarning buvisi OAVga maʼlum qilishicha, yordam ishorasini qoʻllagan qiz bu harakatlarni ilk marta Tik-Tok ijtimoiy tarmogʻidagi videoda koʻradi. Buvisi esa qizlariga bu harakat nimani anglatishi va qanday vaziyatlarda qoʻllanilishi haqida tushuntiradi. Uning soʻzlariga koʻra, nabirasi bu ishorani ongli ravishda qoʻllagan. Qizlarning onasi esa ruhiy nosogʻlom ekani maʼlum boʻlgan.

 

Voqea yuzasidan Inson huquqlari kengashi Moskvadagi bola huquqlari boʻyicha ombudsmanga murojaat qiladi. Soʻrovga koʻra, bolalar bilan qanday zoʻravonlik sodir etilganini aniqlashtirish ishlari olib boriladi. Shu tariqa, bu belgi haqida butun Rossiya yaxshi bilib oladi.

 

Qozogʻistonda

 

Qoʻshnimiz boʻlgan qozoq politsiyasiga yiliga yuz mingdan ortiq maishiy zoʻravonlik boʻyicha arizalar kelib tushadi. Biroq jabrlanuvchilarning 60 foizi biroz vaqt oʻtib, oʻz arizasini qaytib oladi. Mamlakat qonunchiligiga koʻra, bunday vaziyatlarda ariza boʻyicha olib borilayotgan ish toʻxtatiladi.

 

Ammo bu muammoga ijobiy yechim emas. Arizaning qaytib olinishi katta ehtimol, zoʻravonning bosimi bilan amalga oshiriladi. Shundan kelib chiqib, mamlakat mediasi xalqaro yordam signali haqida ommaviy maʼlum qila boshladi. OAVlarda yordam ishorasining qanchalik taniqliligini aniqlashga qaratilgan ijtimoiy soʻrovnomalar oʻtkaziladi.

 

OAVlaridan tashqari, qozogʻistonlik politsiyalar targʻibotga oʻz hissasini qoʻsha boshladi – ular ushbu yordam signalini ommaviy eslab qolish tavsiyasi bilan chiqdi. “Agar sizga qarshi zoʻravonlik amalga oshirilsa va siz politsiyaga mustaqil murojaat qila olmasangiz, yordam soʻrash signalini bering!” – deyiladi xabarda. Shu tariqa, yordam ishorasi mamlakat boʻylab keng tarqaladi, qoʻllaniladi va kutilgan natijalarni bera boshlaydi.

 

Yana boshqa usullar ham bor

 

Britaniyada Anjelani, Germaniyada Luizani, Qirgʻizistonda Kantayni, Oʻzbekistonda esa Umidani chaqiring

 

Dunyo miqyosida yuqoridagi signaldan boshqa yana bir qator ishora, kodli soʻz va yordam soʻrash usullari bor. Masalan, Avstraliya, Buyuk Britaniya, va Yangi Zelandiya kabi ingliz tilida soʻzlashuvchi mamlakatlardaAsk for Angela” (Anjelani chaqiring) xizmati mavjud. Unga koʻra, barlarning ayollarga tegishli qismlarida “Agar sherigingiz sizga zoʻravonlik qilayotgan boʻlsa yoki oʻzingizni xavfsiz his qilmayotgan boʻlsangiz, “Anjelani chaqiring”. Bu jumla yordam soʻrayotganingizni bildiradi” deb yozilgan maʼlumotlar osib qoʻyiladi. Anjelani chaqirgan qizni bar xodimi mashinagacha kuzatib qoʻyadi yoki taksi chaqirib beradi.

 

Shuningdek, bu kodli signaldan Germaniyada “Luisa ist hier?” (Luiza shu yerdami?), Rossiyada “Pozovite Galyu” (Galyani chaqiring), Qirgʻizistonda “Kantayni chaqiring” shaklida foydalanib, yordam soʻraladi.

 

Shunga oʻxshash “Angel shot” kodli signal ishorasi ham mavjud. Uning ishlash mexanizmi quyidagicha:

 

Agar mijozlardan biri shunchaki “Angel shot” (Angel zarbasi) kokteylini buyurtma qilsa, u barmendan xavfsizlik yoʻlagi boʻylab kuzatib qoʻyishini soʻrayotgan boʻladi. Agar “muzli Angel shot” soʻralsa, xodimlar unga taksi chaqirib berishi kerak. “Laymli Angel shot” buyurilishi esa politsiya chaqirishlarini soʻrayotganidan darak beradi.

 

BMTning Oʻzbekistondagi Taraqqiyot dasturi va “Sukut saqlama” zoʻravonlikka qarshi kurashish loyihasining mualliflari ishtirokida Toshkentda “Umidani chaqiring” ijtimoiy loyihasi yoʻlga qoʻyilgan. Uning ishlash tartibi ham yuqoridagi kabi: Hamkorlik qiluvchi tashkilot filiallariga loyihaning logotipi qoldiriladi. Oʻsha hududdagi taʼqibga uchragan ayol-qizlar logotip tushirilgan joylarda “Umidani chaqiring” kalit soʻzini aytib, vaqtinchalik himoyaga ega boʻlishi mumkin.

 

Oyina.uz Oʻzbekistonda xalqaro yordam signali bilan bogʻliq keys bormi, degan savol bilan “Sukut saqlama” loyihasi faoliga yuzlandi. Ularning soʻzlariga koʻra, koʻpchilik odamlar bu ishora haqida bilmaydi. Achinarlisi, ular zoʻravonlik qurboniga aylanib ham qanday yoʻl tutish, qayerga murojaat qilish boʻyicha maʼlumotga ega emas. “Xalqaro ishorani-ku tanishmas, lekin oʻzimizning mahalliy “Umidani chaqir” loyihamiz ham afsuski, unchalik ommalashmadi”, — deydi loyiha faoli Nigora Adizova.

 

Mantiqan olib qaralganida, soʻz bilan soʻraladigan yordam usullari jabrlanuvchilar uchun noqulaylik, baʼzan, qoʻshimcha xavf ham tugʻdirishi mumkin. Qoʻl ishoralari esa ancha xavfsiz va oson signal usuli sanaladi.

 

Oʻzbekistonda xalqaro yordam signali bilan bogʻliq vaziyat qanday?

 

Mavzu yuzasidan maʼlumotlar toʻplash jarayonida, uning mamlakatimizdagi ommaviylik darajasini aniqlash uchun internetga oʻzbek tilida “Xalqaro yordam signali” soʻrovini qidiruvga berdik. Natija esa qoniqarli ham emas: “tez yordam”, “SOS yordam” yoki “chaqiriq signali” kalit soʻzlari ishtirokidagi maqolalar paydo boʻldi-yu aynan bu ishora haqida maʼlumotlar yoʻq yoki yetarli emas.

 

 

 

Aholining bu ishora bilan qanchalik tanish ekanini bilish uchun tarmoqlarda soʻrovnoma oʻtkazdik. Unga koʻra, javob berganlarning koʻpchiligi bu belgi haqida bilmaydi. Biladiganlar esa Instagram, Tik-Tok yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi qisqa videolarda koʻrib, eslab qolgan. “Ushbu ishora Oʻzbekistonda qanchalik ishlaydi?” degan savolga aksariyat foydalanuvchilar “Baʼzan mashina signali ish bermaydi-ku, yordam signali ishlarmidi”, “Ovoz chiqarib yordam soʻrasangiz ham yordam berishmaydi, ishorani koʻrganda berishadi deb oʻylaysizmi?” deya hafsalasizlik kayfiyatida javob qaytargan.

 

 

 

Cheklangan doirada oʻtkazilgan soʻrovnoma asl vaziyatni baholash uchun, albatta, yetarli emas. Qolaversa, unda asosan ijtimoiy tarmoqlarning faol foydalanuvchilari oʻz fikrini bildirgan. Ammo bizda internetdan foydalanmaydigan aholi qancha?! Ular bu belgi boʻyicha maʼlumotga qanday ega boʻlsin?! Muammolar, ularning ortidan paydo boʻladigan savollar ham yetarlicha.

 

“Oyina.uz” nashri yordam signallari boʻyicha asosiy muammolar va taxminiy yechimlarini keltiradi:

 

Muammolar:

  • Ishoraning yetarlicha tanilmaganligi: aholida ushbu signal haqida tushuncha boʻlmagani uchun, jabrlanuvchi ishora qilgan taqdirda ham, eʼtibordan chetda qolishi mumkin;

  • Natijaga ishonmaslik: odamlarda ishonchsizlik, qoʻrquv va tortinchoqlik kayfiyati yuqori. Koʻpchilik “zoʻravonlik haqida aytsam, meni “yomon”ga chiqarishadi, ishonmasliklari yoki aybni menga agʻdarishlari mumkin”, degan oʻylar bilan muammoni ochiqlashga haddi sigʻmaydi;

  • Huquq-tartibot organlarida bu ishoraning tan olinishi: jabrlanuvchi bu signalni qoʻllagani bilan, huquq-tartibot organlari uchun bu ishora qanchalik tanish yoki tan olinadi?

  • “Och qornim, tinch qulogʻim” qabilida ish tutish. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan birining aytishicha, koʻchada yuz bergan bir janjalli vaziyatda muammoga barham berish maqsadida, Ichki ishlar organi xodimlariga xabar bergan. Natijada, xabar bergan fuqaroning oʻzini organ xodimlari 1 oyga yaqin bezovta qilavergan. Shundan beri u oʻziga tegishli boʻlmagan muammolardan nari yuradi.

 

Takliflar:

  • Oilada yordam signali ishorasini oʻrgatib, uning qanday vaziyatlarda qoʻllanilishi boʻyicha maʼlumot berish;

  • Zoʻravonlikka uchragan odam qanday yoʻl tutish kerakligi va xavfsiz yordam soʻrash usullari boʻyicha barcha taʼlim muassasalarida tushuntirish berish;

  • Xalqaro yordam signali haqida ijtimoiy roliklar tayyorlab, OAV, koʻchalardagi led-ekranlar va jamoat transportlarida doimiy aylanib turishini taʼminlash.

 

Muqaddas MUSAYEVA,

Oyina.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19334
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16423
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi