Oʻyinga asoslangan taʼlim, ilk rivojlanish markazidagi “bogʻcha aka” va uyda taʼlim olayotgan bolajonlar – 69 million dollarlik loyiha bilan tanishuv


Saqlash
12:02 / 07.02.2024 246 0

Bir guruh jurnalistlar Jahon bankining 69 million dollar mablagʻi ajratilgan “Bolalarning erta rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash loyihasi” va uning doirasida qilingan ishlar bilan tanishish maqsadida Samarqandda boʻldik.

 

Loyiha maqsadi – bolaning yoshi va individual imkoniyati, qobiliyati va ehtiyojiga mos ravishda alohida ehtiyojli bolalarga individual taʼlim dasturlari, shuningdek, zamonaviy inklyuziv taʼlim olishiga qulay muhit yaratish.

 

Dastlab matbuot anjumani oʻtkazilib loyiha haqida maʼlumot va savollarga javob berilgan boʻlsa, keyin ajratilgan mablagʻlar asosida qilingan ishlar bilan tanishish uchun Toyloq tumanidagi “Ilk rivojlanish markazi”da boʻldik.

 

 

Bunday namunaviy markazlarda bolalar bilan ishlash oilalarda, ota-onalarning faol ishtirokida “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturiga muvofiq tashkil etiladi. Oʻyin guruhlari asosida ishlanadi. Shuningdek, sogʻligʻi tufayli imkoniyati cheklangan farzandi bor oilalarga boriladi. Alohida taʼlimga muhtoj bolalar bilan ishlashda ota-onalarga zarur psixologik-pedagogik yordam koʻrsatiladi. Bola bilan defektolog, psixolog, tarbiyachilar ishlaydi.

 

Toyloqdagi markaz faoliyatini oʻrganayotgan vaqtimiz bolalar bilan ishlayotgan tarbiyachi yigit, “bogʻcha aka” eʼtiborimizni tortdi. 

 

 

Oxirgi vaqtlar maktablarda erkak oʻqituvchilar soni anchayin kamaydi. Bogʻchalarda esa tarbiyachi erkaklarni deyarli uchratmaymiz. Shu boisdir qahramonimizni bir zumda jurnalistlar oʻrab olib, savolga koʻma boshladi.

 

Jahongir Burhonov Samarqand viloyati Tayloq pedagogika kolleji negizida yoʻlga qoʻyilgan “Ilk rivojlanish markazi” pedagogi. U bilan suhbatlashib markaz ahamiyati haqida yaqindan maʼlumot oldik.

 

Markazimiz bolajonlar uchun bepul, hech qanday toʻlovlar qilinmaydi

 

Yoshim 31da, bu yil Samarqand davlat universitetining maktabgacha taʼlim yoʻnalishini kechki taʼlim asosida oʻqib tugatdim. Oʻqish bilan birga bir yildan beri shu yerda ishlayapman, kichik guruhlarga tarbiyachi-pedagogman.

 

Yoshligimdan bolalar bilan ishlaydigan kasblarga qiziqardim. Maktabda davrida pediatr boʻlaman, xastalikka chalingan bolalarni tuzataman derdim. Keyinchalik pedagog boʻlishga qaror qildim.

 

 

Mana hozir, ertalabki guruhimda 15, 2-smenada 14 nafar bolaga masʼulman. Hozirgacha 50 dan ortiq bolajonlar va ularning ota-onalari bilan ishladim. Markazimiz faoliyatini 2021-yilda boshlagan. Men esa bir yildan ortiq vaqtdan beri ishlayapman. Markazimizning oddiy bogʻchalardan farqi – kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari yoki yashash hududida maktabgacha taʼlim muassasasi yoʻq boʻlgan bolalar qamrab olingani. Bolalarni ota-onasi olib kelib, olib ketadi. Markazimiz bolajonlar uchun bepul, hech qanday toʻlov qilinmaydi.

 

 

Taʼlim oʻyinga asoslangan

 

Bolajonlar bilan oʻyinga asoslangan taʼlim olib boramiz. Taʼlim jarayonida oʻyin muhitini yaratish boʻyicha treninglar olib borildi, ularda qatnashib, amalda qoʻllashga harakat qilyapmiz.

 

Sizga odatiy kunini tasvirlaydigan boʻlsam kunimiz bolajonlarni qabul qilib olish bilan boshlandi. Musiqali badantarbiya hamda shirinlik, choy va mevalardan iborat yengil tamaddi qilinadi. Mashgʻulotlardan soʻng mustaqil faoliyatimiz boshlanadi. Hozir “Zumrad va Qimmat” ertagini sahnalashtiryapmiz. Ertalabki guruh ketib, navbatdagisi kelgunicha boʻlgan vaqt oraligida keyingi smenadagi bolalarni kutib olishga tayyorgarlik koʻramiz.

 

Mashgʻulot xonamizni 5 ta markazga ajratib olganmiz. Fan va tabiat, matematika, sport, sanʼat kabilar. Bolajonlar kelib oʻzlari qiziqqanini tanlaydi, qiziqishiga qarab ishlaymiz. Masalan, syujetli oʻyinlar markazimizda bolalar bilan birga ertaklar sahnalashtiramiz, kichkintoylar qoʻgʻirchoqlar yordamida bir-biriga ertak aytib beradi. Qiziqqanlar uchun oshxona jihozlarimiz ham bor.

 

 

Guruhdagi bolalarning yoshlari turlicha. Aralash guruhning yaxshi tomonlarini koʻp. Koʻpchilik oʻylaydiki, katta va kichkina bolalar bir joyda boʻlsa, urishadi, tortishuv chiqadi deb. Aslida kattalar kichiklarni izzatlaydi, mehribonlik qiladi. Kichkinalar ularga qarab harakat qiladi.

 

Mana bu qizimiz Rohila 4 yoshda. Kelgan payti umuman gapirmas, bolalarga qoʻshilmasdi. Hozir oʻzgarish bor. Hamma bilan gaplashadi, kirishimli boʻlib qoldi.

 

Yana bir qizimiz Jasminaga DSP tashhisi qoʻyilgan. Kelganida hech kimga qoʻshilmay, oʻynamay, savollarga javob bermay oʻtirardi. Treninglarda inklyuziv taʼlimda qanday ishlash kerakligini oʻrganganimiz qoʻl keldi. Misol uchun, badantarbiya mashgʻulotlarini bolajonlar tik turib bajaradi. Jasmina esa stulga oʻtirib qoʻl mashqlarini qiladi. Baʼzan qolgan bolalarniyam stolga oʻtqazib birga mashq qildiraman. Sheʼrlar yodladi, oʻzini oʻzbek va ingliz tilida tanishtira oladi. Xotirasi juda yaxshi, undagi oʻzgarishlarni koʻrib eng koʻp ota-onasi xursand. Har kuni olib kelishadi, uydagilari Jasmina markazga kelolmagan kunlari xarxasha qiladi, deydi.

 

 

Yigitlarimiz ham oʻziga xos xarakterli, ajoyib bolalar. Masalan, Zokirxon kelganida hamma narsaga javobi bitta edi – yoʻq. Yigʻlardi, kiyimi, sumkalarni yechmay, ketishga shay oʻtirardi. Hozir nutqi ravon, guruhga qoʻshilib ketdi, nima xohlayotganini bemalol bildira oladi.

 

Kelgusida ham pedagogik faoliyatimni davom ettirishni maqsad qilganman, shu yoʻnalishda magistraturada oʻqimoqchiman.

 

Bepul deyishdi, boshida ishonmadim

 

Loyihada sogʻligʻi tufayli imkoniyati cheklangan maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalarni inkluziv taʼlim bilan qamrash ham koʻzda tutilgan. Bunda defektolog, psixolog, tarbiyachi bolaning uyiga borib, u bilan ishlaydi. Biz ham pedagoglardan biriga hamrohlik qildik, bolaning onasi bilan suhbatlashdik.

 

 

“Farzandim Muhammadali 7 yoshda, unga DSP tashxisi qoʻyilgan. Doimiy tibbiy koʻriklardan oʻtamiz, duxtirma-duxtir olib chopamiz. Biroq oʻqishi uchun alohida oʻqituvchi yollashga sharoitimiz yoʻq edi. Uyimizga 2022-yil fevralidan beri pedagog kelyapti. Bepul deyishdi, boshida ishonmadim. Bu vaqt ichida bolamda yaxshi oʻzgarishlar boʻldi. Nutqi, odamlar bilan muloqoti yaxshilandi. Darslarga qiziqib, kitob olib beringlar, deya soʻrashni boshladi. Seshanbani kutadi, chunki oʻqituvchisi shu kuni keladi, ertalabdan tayyorlanishni boshlaydi.

 

Men kabi onalar koʻp, ular ham farzandlarini barcha bolalar kabi taʼlim olishini istaydi. Kasalxonada davolanayotganimizda boshqalarga bolamni uyga kelib oʻqitishlari haqida gapirsam hayron boʻlishadi, baʼzan ishonishmaydi. Bunday sharoit, imkoniyatlar barchaga berilishini istardim. Loyiha davom etsa xursand boʻlaman, agar toʻxtab qolsa iloj yoʻq imkoniyat qilib uyga pedagog olib kelish uchun harakat qilaman”, deydi Dilafroʻz Rahmonova.

 

Muhammadalidagi oʻqishga qiziqish, ijobiy oʻzgarishlarni u bilan doimiy ishlab kelayotgan pedagog Maftuna Oʻktamova ham eʼtirof etdi:

 

 

Oʻquvchim Muhammadali Olimov bilan ikki yildan beri ishlayman. Boshida tortinchoq, injiq, mashgʻulotlarga nisbatan juda befarq edi. Turli didaktik oʻyinlar, qurish-yasash mashgʻulotlari bilan ishladik. Hozir qiziqishi bor, keladigan kunim telefon qilib eslatadi hatto.

 

Turli mahallalarda yashaydigan jami 13 nafar bolalar bilan yakka tarzda ishlayapman. Faoliyat boshlaganimdan beri 7 nafar bola davlat va xususiy bogʻchalarga, 2 nafari esa maktabga chiqdi. Hammasiga har xil tashxis qoʻyilgan: eshitishda, koʻrishda, harakatlanish, nutqda nuqsoni bor bolalar. Har kuni mahallalarda yuraman. Har uch oyda bolalarni viloyat markaziga tibbiy-psixologik koʻrikka olib boramiz. Mutaxassislar bolalarni tekshirib oʻzgarishlarni koʻradi, kerakli tavsiyalarni beradi.

 

Bu loyiha bolalarning ijtimoiylashuviga katta koʻmak beryapti. Ular jamiyatga, tengdoshlari bilan muloqotga kirishyapti. Natijalarni koʻrib boshqa ota-onalar ham ariza bilan murojaat qilganlar, farzandi bilan ishlashimizni soʻrayotganlar koʻp.

 

Loyiha tugaydimi?

 

Qariyb 70 millionlik loyihada faqat shu ishlar bilan cheklanmagan, albatta. Uning doirasida 6213 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari 23 xil turdagi mebel va uquv didaktik materiallar bilan jihozlandi. Maktabgacha taʼlim mutaxassislari uchun 4940 noutbuk va printerlar hamda taʼlim jarayonida qoʻllaniladigan uquv-didaktik materiallarni ishlab chiqaradigan bosmaxona uskunalari yetkazib berildi.

 

 

Barchani 2019-2024-yillarga moʻljallangan loyiha bu yil oʻz yakuniga yetib, ishlar shu joyda toʻxtab qoladimi, degan savol qiziqtirdi.

 

Maktabgacha taʼlim agentligining maʼlum qilishicha, tomonlar oʻrtasida loyihani davom ettirish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda. Erishilgan natijalar, amalga oshirilgan ishlarga sifatiga qarab moliyalashtirish yana davom etishi kutilmoqda va bu haqida jamoatchilikka maʼlum qilinadi.

 

Matn: Inobat AHATOVA,

Foto: Bekzod ABDUJABBOROV.

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19320
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16413
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi