Bolalar kitobxonligi yechimi – Oʻzbekistonga rasmli kitoblar fenomeni kerak


Saqlash
14:01 / 26.01.2024 701 0

 

Uzoq muddatli tadqiqotlarga koʻra, kichik yoshidan kitob oʻqib berilgan bola boshqalarga nisbatan toʻrt karra koʻproq hayotiy imkoniyat va afzalliklarga ega boʻlar ekan[1]. Shuningdek, bolalikdan kitob oʻqishga odatlanish, keyinchalik ham mutolaadan zavqlanish, taʼlimda yetakchi boʻlish imkonini berishi ham aniqlangan[2]. Statistikaga qaraganda, dunyodagi eng yirik onlayn kitob doʻkoni hisoblanuvchi Amazonda aynan kichik yoshdagi bolalarga sotiladigan kitoblar umumiy sotuvning nufuzli salmogʻini tashkil etadi. AQSh, Buyuk Britaniya kabi taʼlim va pedagogika sohasi yuksak rivojlangan, bolalar soni umumiy xalq soniga nisbatan munosib (22%, 8% foiz) mamlakatlarda 2022-yil hisobiga koʻra bolalar adabiyoti barcha kitoblar sotuvining deyarli 1/3 qismini tashkil etgan[3]. Yaʼni bu sotilayotgan kitoblar bolalardan ham koʻproq degani. Bizning hozirgi sharoitimizda fantastik statistika, shundaymasmi?!

 

 

Shuningdek, 2023-yil AQShda bolalar kitobi bozori 2,62 milliard dollarga yetishi, daromad ketma-ket 7 yil davomida oʻsishi kutilyapti. (2023-yilgi maʼlumot – tahr.) Ushbu statistikaning oʻzi raqamli jamiyat, yuqori texnologiyalar davrida kitob va kitobxonlik muhim emas, degan nazariyaga qarshi chiqmoqda. [4] Bizda esa bolalar adabiyoti sotuvining oshishi uyoqda tursin, umuman, uning yashab qolishi haqida savollar paydo boʻla boshlagandi. Biroq soʻnggi yillarda kitobxonlik, kitob sotuvining yaxshilanishiga qaratilgan qator qarorlar, farmoyishlar[5] chiqishi jarayonni yaxshi tomonga oʻzgarishiga umid bera boshladi kishiga.

 

 

“Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda oʻzining intellektual salohiyati, yuksak maʼnaviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda”, deydi Prezident Shavkat Mirziyoyev. Bugun biz xalqimiz oʻrtasida kitobxonlikni rivojlantirishni maqsad qilarkanmiz, eng quyidan – eng kichik yoshdagi bolalarga mutolaani sevdirishdan boshlashimiz kerak. Bunda “picturebook” – rasmli kitoblar fenomeniga alohida urgʻu berish eng toʻgʻri yoʻllardan biri boʻla oladi. Chunki aynan rasmli kitoblar bolaning kognitiv, emotsional rivojlanishida, tanqidiy fikrlash va kreativlik shakllanishida alohida oʻrin tutishi tadqiqotlarda isbotlangan. Bolalar adabiyoti pedagogika bilan mustahkam bogʻlangandir, deydi Mamasoli Jumaboyev[6]. Olimning tasniflashicha, bolalar adabiyoti pedagogika, psixologiya, fiziologiya, tabiatshunoslik, defektologiya, lingvistika, tilshunoslik fanlari bilan chambarchas bogʻliq. Zamonaviy kitoblar esa bunga yanada chuqurroq dalildir. Chunki bugungi dunyo zamonaviy bolalar adabiyoti ilm-fan, tibbiyot, texnologiya, musiqa, teatr sanʼati va boshqa koʻplab fanlar bilan oʻzaro bogʻlanib ketgan. Ayni davrda bolalar kitoblari turli xil janr va texnik koʻrsatkichlarga ega. Ushbu maqolamiz doirasida biz Oʻzbekiston uchun nisbatan yangi janr – rasmli kitoblar haqida soʻz yuritmoqchimiz.

 

 

Nega bizga rasmli kitoblar kerak?

 

Oʻzbek bolalar adabiyoti tarixiga nazar solsak, maktabgacha yoshdagi bolalar uchun asosan ertak, qoʻshiq, topishmoq, maqol, tez aytish kabi xalq ogʻzaki ijodi namunalarini uchratamiz. Bolalar adabiyotining maqsad va vazifalarida bolalar adabiyoti tushunchasi avvalo, turli yoshdagi bolalar va oʻsmirlarga moʻljallangan soʻz sanʼatidir deb belgilangan. Ammo u yerda zamonaviy rasmli kitoblarning maqsadi boʻlmish – bolada vizual tafakkurni rivojlantirish va rasmlarni oʻqish, muhokama qilish kabi qobiliyatlarni shakllantirish belgilanmagan. Xoʻsh, suratli kitoblar bizga kerak emasmi?

 

Bolalar adabiyoti boʻyicha eng ilgʻor mamlakat – Buyuk Britaniyaning Oxford lugʻatida “Bolalar adabiyoti deb bolalar uchun maxsus yaratilgan yoki ularni qiziqtiradigan kitoblarga aytiladi. Bunday adabiyot turli janrlardan tashkil topgan boʻladi: rasmli kitoblar, hikoyalar, sheʼriy toʻplamlar, allalar, ertaklar va taʼlim kitoblari. Bolalar adabiyoti bolalar yoshiga mos kontent, til va rasmlardan iborat boʻlishi kerak. Uning maqsadi bolalarga taʼlim berish, zavqlantirish va ilhomlashtirish boʻlishi kerak”, deyiladi. Yaʼni rasmli kitoblar bu – bolalar adabiyotining alohida mustaqil bir janri. Suratli kitoblar mutaxassisi, professor Nikolajeva “Rasmli kitobda matn bilan rasm oʻquvchi va koʻruvchi orasidagi kreativ dialogni stimulyasiya qiladi, natijada vizual va verbal bilimlarni oshiradi[7]”, deydi. Korney Chukovskiy esa bolalar uchun yozilgan har bir satr mazmuni asosida rasm chizish mumkin boʻlmogʻi shart, deb hisoblaydi[8]. Aslida bu juda muhim. Masalan, illyustratorlar rasmli kitobda ishlatiladigan ranglar yordamida ramziy maʼnolarni, kayfiyatni, muhimlikni, rangga munosabatni ochib beradilar[9].

 

 

Suratli kitoblarga berilgan kengroq ilmiy taʼrifda shunday deyilgan: “Rasmli kitob – bu matn, illyustratsiyalar, umumiy dizayn; ishlab chiqarish obyekti va tijorat mahsuloti; ijtimoiy, madaniy, tarixiy hujjat; va eng muhimi, bola uchun tajriba. Sanʼat turi sifatida u rasmlar va soʻzlarning oʻzaro bogʻliqligiga, ikkita qarama-qarshi varaqning bir vaqtning oʻzida koʻrsatilishiga va varaqning dramatikligiga bogʻliq. “Rasmli kitoblar” dunyoda eng koʻp sotiladigan va pedagogik jarayonda eng koʻp ishlatiladigan kitoblardir. Aynan suratli kitoblar bolalarda kognitiv, emotsional, ijtimoiy va kreativ rivojlanishiga taʼsir qilishi haqida ilmiy izlanishlar mavjud, deb taʼkidlashadi mutaxassislar. Rasmli kitoblarda soʻzlar detallarni berib, keyin yaxlitlikka olib kelsa, rasmlar aksincha, yaxlitlikdan detallarga nazarimizni qaratadi[10]. Umumlashtiradigan boʻlsak, rasmli kitob bu bolaning visual va verbal salohiyatini qoʻzgʻatuvchi va ularni birgalikda sintez qiluvchi kuchli pedagogik instrumentdir.

 

 

Suratli kitoblarga “faqatgina ilk oʻqish tajribasi uchun kerak”, deb yondashish toʻgʻri emas. Chunki oxirgi asrdagi oʻzgarishlar – rasmli kitoblarning mukammallashuvi, matn va rasmlarning uygʻunligi, mavzularning murakkabligi sabab ularga boʻlgan qarash keskin oʻzgarib ketdi. Suratli kitoblar xuddi boshqa adabiyotlar singari oʻquvchining bilimi, qiziqishi va tajribasini boyitishi, kengaytirishi va chuqurlashtirishi mumkin[11]. Ularda baʼzan soʻzlar rasm qila olmaydigan va aksincha, surat soʻzlab berolmaydigan narsalarni koʻrishimiz mumkin. Ularda matn va rasmlar bir-birini inkor etishi yoki muqobil maʼlumot berishi mumkin.

 

Rasmli kitoblarning maqsadi nima?

 

Onalar yaxshi bilishadi: Bola 2-3 yoshga kirganida kuniga “U nima?” “Bu qanday?” mazmunida yuzlab savollar berishi mumkin. Shunday paytlarda hamma jarayonlar haqida ham batafsil tushuntirishning iloji boʻlmaydi. Rasmli kitoblar bilan esa bu muammoni osonroq hal qilish, bola tafakkurini shakllantirishda rangli, yorqin suratlar bilan toʻgʻri maʼlumotni berish mumkin. Shu maʼnoda suratli kitoblar ilk davrda quyidagi jarayonlarda koʻmakchi boʻla oladi:

 

1. Bolaga dunyoni anglashda yordam berish;

2. Bolaga boshqalarni bilishga yordam berish;

3. Bolaga oʻzini bilishga yordam berish;

4. Bola etikaga oid bilimlarni olish.

 

 

Bugungi kun dolzarb masalalaridan biri boʻlgan tolerantlik haqida gapirarkanmiz, aynan rasmli kitoblar kichik yoshdagi bolalarda inklyuziya va etnik ozchilikka nisbatan toʻgʻri munosabat shakllanishiga samarali vosita hisoblanadi. Umuman, suratli kitoblardan bolaga turli voqeliklarni oʻrgatishda foydalanish qoʻl keladi. Rasmli kitoblarning maqsadlaridan kelib chiqqan holda bir necha turlarga boʻlib ajratish mumkin:

 

Boardbooks – kartonlik rasmli kitoblar – chaqaloqlar uchun moʻljallangan boʻlib, hikoyadan koʻra koʻproq suratlardan iborat boʻladi.

Boardbook “Whereʼs Spot”, Eric Hill.

 

Konseptual rasmli kitoblar – bolalarni konsepsiyalar bilan tanishtiradi (ranglar, alifbe, shakllar, buyumlar va hokazo). Konseptual kitoblar bolalarda nafaqat kognitiv faoliyatni rivojlantiradi, balki ularga yangi bilimlarni ham beradi, bu vimmelbuhlarga ham tegishli.

 

Konseptual rasmli kitob “Mening ALIFBE kitobim”, Dinara Moʻminova.

 

Oʻqishni oʻrgatadigan rasmli kitoblar – bu kitoblarning asosiy maqsadi bolalarni qiziqarli kontentga jalb qilgan holda oʻqishga oʻrgatish. Bunday kitoblardagi gaplar oʻta sodda soʻzlardan iborat boʻlib, bolalarni mustaqil oʻqishga qiziqtirishga xizmat qiladi.

 

Oʻqishni oʻrgatadigan rasmli kitob “Green Island”, Roderick Hunt and Alex Brichta.

 

Toʻqima boʻlmagan (Non-fiction) rasmli kitoblar – ularda bolalarga maʼlumot yoki ensiklopedik bilimlar, atrof haqidagi bilimlar rasmlar va hikoya yordamida oson shaklda taqdim etiladi. Non-fiction rasmli kitoblarning oʻzi bir necha turlarga ajratiladi.

 

Non fiction rasmli kitob “Yulduz nega tushmaydi?”, Dinara Moʻminova.

 

Toʻqima (Fiction) rasmli kitoblar – bunda toʻqima hikoya rasmlar bilan uygʻunlashgan holda taqdim etiladi.

 

Fiction rasmli kitob “Uyatchan fil”, Dinara Moʻminova.

 

Matnsiz (Silencebook) rasmli kitoblar – bunda soʻzlar juda kam boʻladi yoki umuman boʻlmaydi. Bu kategoriyaga Vimmelbuh turdagi kitoblarni ham kiritish mumkin.

 

Matnsiz rasmli kitob “Summer”, Suzy Lee.

 

Rasmli kitoblarni oʻrganishda koʻp tarmoqli yondashuv talab etiladi. Yaʼni rasmli kitoblarni ilmiy oʻrganishda adabiyot, sanʼat, sanʼat tarixi, lingvistika, filologiya, kognitiv psixologiya, sotsiologiya, neyrofiziologiya, rasm nazariyasi kabi fanlarning integratsiyasi talab etiladi[12]. Xulosa qilar ekanmiz, bolalar hayotida rasmli kitoblarning oʻrni va ahamiyati biz oʻylagandan ancha katta. Kichik yoshdagi va boshlangʻich sinf oʻquvchilari bilan har qanday pedagogik faoliyatni oʻtkazishda rasmli kitoblar samarali instrument boʻla oladi. Chunki ular bolaning qiziqishini jalb qila oladi, buning yordamida esa bilim berish osonroq va foydaliroq boʻladi. Rasm orqali bola kitob mazmunini chuqurroq anglaydi. Bugun Oʻzbekistonda taʼlim sohasi jahon standartlariga tenglashtirilayotgan bir pallada, inson rivojlanishining eng muhim pallasi boʻlgan bolalikda oʻqish uchun yaratilgan rasmli kitob fenomeniga eʼtibor qaratmasak, yana uzoq yillik vaqtni boy berib qoʻyishimiz mumkin.

 

Dinara Moʻminova,

Pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

________________________________________

[1] Sullivan, A & Brown, M. (2013). Social inequalities in cognitive scores at age 16: The role of reading.

[2] Marıʼa Cecilia Silva-Dı´az, Picturebooks, lies and mindreading. Gretel Research Group, Universitat Autoʻnoma de Barcelona, Spain. Nordic Journal of ChildLit Aesthetics. Vol. 6, 2015.

[3] Web-sahifa: Publisher book sales revenue from childrenʼs books in the United Kingdom (UK) from 2009 to 2022. https://www.statista.com/stati...

[4] Web-sahifa: Childrenʼs Book Sales Statistics Jan. 30, 2023. https://wordsrated.com/childre...

[5] 13.09.2017 yildagi PQ-3271-son, “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi” toʻgʻrisida.

[6] Jumaboyev M. Bolalar adabiyoti va folklor. – Toshkent: Adabiyot, 2006

[7] Nikolajeva, M., & Scott, C. (2001). How Picturebooks Work (1st ed.). Routledge. https://doi.org/10.4324/978020....

[8] Chukovsky K. (1963). From two to five (Rev. ed., Morton M., Trans.). Berkeley: University of California Press.

[9] Albers, P. (2008). Theorizing visual representation in childrenʼs literature. Journal of Literacy Research, 40(2), 163-200.

[10] 8. Campbell A. J. Grammatical Man: Information, Entropy, Language, and Life. Simon and Schuster. 1982.

[11] Cianciolo Patricia J. Picture Books for Children.. American Library Association, 1997

[12] Colomer Teresa , Bettina Kümmerling-Meibauer, Cecilia Silva-Díaz. New Directions in Picturebook Research.Routledge. 2012

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19329
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16420
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi