Xorazmdagi etnik guruhlar to‘qnashuvi. O‘zbek o‘g‘uzlariga eroniy unsurlar qanday singib ketgan edi?


Saqlash
17:01 / 25.01.2024 684 1

Ma’lumki, Xorazm mintaqasi o‘zbek xalqining shakllanishida muhim o‘rin tutgan etnogenetik jarayonlarning asosiy nuqtasi bo‘lgan hududlardan  hisoblanadi. Shu bilan birga Xorazm vohasi etnik jarayonlar eng murakkab kechgan manzillardan biridir. Bundan tashqari, adabiyotlarda chig‘atoy tili deb nomlanadigan mumtoz adabiy tilning asosini Xorazm turkiychasi tashkil etgan. Bu tarixiy-etnografik hududning geografik jihatdan G‘arb va Sharq mamlakatlarini bir-biri bilan bog‘lovchi  yo‘lda joylashganligi va boshqa tarixiy-siyosiy sharoitlar vohada turli etnik guruhlarining aralashuvi va to‘qnashuviga sabab bo‘lgan. Zamonida bir qancha olimlar Old Osiyo, Kavkazorti, Hindiston, Xilmand vodiysidan kelgan etnik guruhlarni ham qidirishga harakat qilgan. Biroq bu hududni to‘liq turkiylashtira olgan, eroniy qatlamni ikkinchi o‘ringa tushirib, o‘zbek tilining uch lahjasidan birini shakllantirgan elat – Xorazm o‘g‘uzlari yoki o‘zbek o‘g‘uzlari bo‘ladi. Xo‘sh, ungacha ham Xorazm mintaqasida turkiy unsurlar bo‘lmaganmi?

 

Zotan Beruniy ham “Kayxusrav Xorazmga ko‘chib, turk podshohlari [ustidan] hukmronligini yurgizgan edi. Bu voqea Xorazmga odam joylashishidan to‘qson ikki yil keyin bo‘ldi” degan ma’lumotni beradi. Ya’qub esa: “... Ibn Xassam al-Habaliy ular haqida menga shunday aytib berdi... Men (yangiliklarni) forslarning rivoyatlarida topdimki, turk podshosi Afrosiyob o‘zining javohirlari va xazinasini dengizning o‘rtasiga, Xorazm hududiga, Kerderdan tepada joylashgan joyga ko‘mgan. Ammo Abarviz ibn Xurmuz davrigacha bu haqda hech kim bilmas edi. U bu xazinalarni topib 12 yil davomida tashib yurgan” deya Turonning yarim afsonaviy hukmdori – Afrosiyob bilan Xorazmni bog‘laydi.  Kerder nomi kelib chiqishi yuejchi yoki xunlarga borib taqaladigan kidariylar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi tadqiqotlarda aytiladi. Beruniy keltirgan 22 ta Afrig‘iy hukmdorlari ro‘yxatida Askajvar shaklida berilgan hukmdorning, Xorazm vohasidan topilgan xorazmiy yozuvli tangalarda wzk’nšw’r (Azkachvar) bilan bog‘liqligini, arab manbalaridagi 712-yildagi Xorazmshoh Chag‘on bilan bitta shaxs ekanligi ta’kidlangan. Chag‘on esa Chag‘oniyondan kelgan eftaliy yoki turkiy hukmdor degan qarashlar mavjud. Xorazm tarixini chuqur o‘rgangan A.Gudkova fikriga tayanilsa, Chag‘on ismi turk-mo‘g‘ul dunyosida keng tarqalgan Azkachvar ismining ikkinchi qismi, “chvar” turkiycha cho‘r unvonining boshqa bir shakli ekani ham aytilgan. Yuqoridagi ma’lumotlar qisman bo‘lsa-da, milodning IVVI asrlarida Markaziy Osiyoga kirib kelgan eroniy bo‘lmagan, sharqiy eron tilida gaplashmagan yangi odamlar – yuechji va xun, xususan xioniylar, kidariylar va eftaliylar guruhinining migratsiyasi Xorazm mintaqasini ham chetlab o‘tmaganini dalillaydi.  Ya’ni, Xorazm hududiga o‘g‘uzlar kirib kelishidan oldingi turkiylashish jarayonining asosini ko‘rsatadi.

 

Endi bevosita mavzuga qaytsak. Avvalo, o‘zbeklar tarkibidagi o‘g‘uzlarni asosan ikki guruhga ajratish mumkin:

 

1. Alohida-alohida etnik nomga ega bo‘lib, o‘z urug‘ nomlarini saqlagan guruh;

 

2. Uzoq asrlardan beri o‘z nomlarini unutib, asosan yashash joylari va kasbi-koriga nisbatan nomlanuvchi guruh.

 

Birinchi guruhga Buxoro vohasining shimoliy tumanlarida yashovchi aholi, ikkinchi guruhga esa Xorazm viloyatida, qisman Janubiy Qozog‘istonning ayrim qishloqlarida istiqomat qiluvchi aholini kiritish mumkin. Shuningdek, ikkinchi guruhga Turkmaniston va Xurosondagi  aholini ham qo‘shish mumkin. Bundan tashqari o‘g‘uz lahjasini unutib, o‘zbek tilining boshqa shevalarida gaplashuvchi o‘g‘uzlarni alohida bir uchunchi guruh sifatida olsa bo‘ladi. Ushbu guruhga Nurota o‘zbeklari va mamlakatimizning bir necha viloyatlarida yashovchi “urganjilar” mansub.

 

Xorazm hududida joylashgan etnoslarni uchta asosiy guruhga ajratish mumkin:

 

1. Qadimgi xorazmliklarning avlodlari (sartlar);

 

2. Alohida-alohida etnik nomga ega bo‘lib, o‘z urug‘ nomini saqlagan guruhlar;

 

3. Turkman  va qoraqalpoq urug‘lari.

 

Xorazm vohasi va unga yaqin cho‘llar o‘g‘uzlar joylashgan mintaqalardan hisoblanadi. O‘g‘uzlarning asosiy qismi VIII–X asrlarda Sirdaryoning quyi oqimlarida, Orolbo‘yi dashtlari va shimoliy hamda janubiy mintaqalarida yashar edilar. IX-X asrda o‘g‘uzlarning ma’lum qismi Orol dengizining janubi-g‘arbiy tumanlarida ham o‘rnashib olgan edilar. Istaxriy Xorazm haqida gapirib “uning shimoliy va g‘arbiy hududlari o‘g‘uzlar chegarasiga ulanib ketadi” deb yozgan edi. Muqaddasiy esa Xorazm vohasining shimoli-g‘arbidagi  rustaqlardan biri bo‘lgan Jitni tilga olib, “Bu o‘g‘uzlar chegarasidagi mustahkamlangan rustaq, ular tomonidan boradigan yo‘l shu yerdan o‘tib boradi” deb ta’kidlagan edi. Beruniy bergan ma’lumotlardan aniqlanishicha, o‘g‘uzlar yana ham g‘arbda Balxan va Kopetdog‘ning g‘arbida, tog‘oldi tumanlarda yashaganlar.

 

Tilshunos olim N.A.Baskakov XI-XII asrlar oralig‘ida o‘g‘uzlarning uchta yirik qismga bo‘linganligi va ularning bir qismi Orolbo‘yi dashtlarida qolib, turkmanlar bilan birga Xorazm o‘zbeklari hamda qoraqalpoqlarning shakllanishida muhim o‘rin egallaganligini ta’kidlaydi. Y.G‘ulomov Ibn Havqalning Amudaryoning quyi deltasida Chaqir-O‘kuz degan tog‘lar mavjudligi va bu tog‘lar yaqinida suv yozgacha muzlab yotishi haqidagi ma’lumotiga asoslanib, O‘kuz nomining X asrda ham ishlatilganligini ta’kidlaydi. 922-yil bahorda Volga Bulg‘oriyasiga tashrif buyurgan Ibn Fadlan Xorazmdan kesib o‘tuvchi yo‘llardan borar ekan, Ustyurt hududlarida o‘g‘uzlar yashaganligi haqida xabar beradi. Ibn Fadlanning xabar berishicha, o‘g‘uzlarning suruv-suruv qo‘ylari nihoyatda serob bo‘lgan, eng shirin go‘shtli o‘g‘uz qo‘ylari haqida ham boshqa manbalarda aytilgan. O‘zaro qabilaviy nizolar to‘xtab, tinchlik o‘rnatilgan paytlarda ular Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘idagi Orol dengizidan bir kunlik uzoqlikda joylashgan Barategin hamda Gurganj shaharlaridagi bozorlarga kelib o‘zlarining suruv qo‘ylarini o‘troq mahalliy aholiga sotganlar.

 

Istaxriyning ma’lumotiga ko‘ra, Siyax Ko‘x yarim oroli (hozirgi Mang‘ishloq – forscha “Qora tog‘”)da yaqin kunlarda (Istaxriy yashagan X asrda – F.J.) bu hudud turklar tomonidan egallanganligini aytadi. Ana shu turklar o‘g‘uzlar edi. Demak, Ibn Fadlan eslatib o‘tgan o‘g‘uzlar aslida Orol dengizidan uncha uzoq bo‘lmagan kenglikda yashagan.

 

Ma’lumki, Mahmud Qoshg‘ariy o‘g‘uzlarning XI asrda 24 urug‘ shaklida yashaganliklarini bildirib, shulardan 22 tasining nomini keltiradi: qiniq, qayig‘, bayundir, yuva, salgur, afshar, beytili, bugtuz, bayot, yazgir, eymur, qora bo‘luk, alqa bo‘luk, igdir, uregir, totirka, ula-yundlig‘, to‘ker, bijanak, juvaldir, jebni, charuqlug‘. O‘g‘uzlarning 24 urug‘i haqidagi  ma’lumotlar Rashididdinda ham uchraydi. Arxeologik va etnografik ekspeditsiya ma’lumotlari va manbalari asosida yirik etnograf olim G.P.Snesarev XIX asr oxiri va XX asr boshlarida o‘zbek urug‘larining Xorazm vohasi bo‘ylab joylashuvi xaritasini tuzgan va ana shu xaritada vohada yashagan o‘zbek urug‘laridan tashqari (xaritada 56 ta urug‘ nomi keltirilgan – F.J.) bayot, afshar, kirlaut, chovdir kabi o‘g‘uz urug‘larining nomini keltirib o‘tadi. XI asrning birinchi choragida o‘g‘uzlarga harbiy va siyosiy jihatdan ta’sir o‘tkazgan qipchoqlar ularning Orol dengizining g‘arbiy hududlariga siqib chiqaradi.

 

Manbalarda aytilishicha, XI asrda Balxan va Mang‘ishloqda  istiqomat qilgan o‘g‘uz urug‘lari bayot, jabni, salor, avshar yazir qabilaviy ittifoqiga birlashadilar. Keyinchalik XIII asrga kelib yazir qabilaviy birlashmasi mo‘g‘ullar istilochilik yurishlari ta’sirida tarqalib ketadi. Qadimgi o‘g‘uz etnik nomlariga aloqador bo‘lgan toponimik nomlardan tashqari hududda yo‘mud, salar, ali eli, chandir, shix, o‘kiz, bayram, kirlaut kabi  o‘g‘uz  urug‘lari nomlari uchraydi.

 

Xorazm vohasida yashagan o‘zbek xalqi tarkibiga singib ketgan o‘g‘uzlarga mansub etnik guruhlarning til hususiyatlari to bugungi kungacha saqlagan. Asrlar davomida o‘g‘uzlarga mansub deb hisoblangan ayrim qabila, urug‘ nomlari fonetik jihatdan turli o‘zgarishlarga uchragan, shunday bo‘lsa-da, ayrim hollarda toponimlar shaklida saqlangan bu nomlarni anglab olish qiyin emas.

 

Bayot etnonimi toponimlar shaklida Xorazm viloyatidagi Xazorasp va Yangiariq tumanlaridagi qishloqlar nomi sifatida saqlanganligini ko‘rish  mumkin. Shuningdek, Mahmud Qoshg‘ariy o‘g‘uzlarning yigirmanchi urug‘i juvaldar (juvaldor, jovuldor) ekanini qayd etadi. Ayrim tadqiqotchilar javuldur etnonimini hozirgi chovdur//choudur bilan aloqador deb hisoblaydilar. Xazorasp tumanida Juvandir nomi bilan ataluvchi qishloq nomi ham bevosita yuqoridagi etnonim bilan bog‘liq bo‘lsa kerak.

 

Imir (eymur) – Xorazm hududida uchraydigan o‘g‘uz etnonimlaridan biridir. Eymur etnonimi o‘g‘uz qabilaviy ittifoqidagi emreli urug‘i bilan aloqadordir. Xorazm hududida o‘g‘uzlarning emur urug‘iga xos etnik guruhlarning yashaganligi uzoq davrlarga borib taqaladi. Xorazmdagi Yumri, Yumritav kabi toponimlar shu etnonim bilan bog‘liq. Yumritav oronimining ma’nosi haqida turli qarashlar mavjud. Ayrim tadqiqotchilar tog‘ nomini jovmard “sahiy, mard, botir” so‘zi bilan ham bog‘laydilar.

 

Yozma manbalardan biri “Nuzxat al-mushtak”da o‘rta asrlarda o‘g‘uzlarning yashagan joylari haqida ma’lumot berilar ekan, ularning Orol dengizi bo‘ylarida ham keng tarqalganligi va shuning uchun bu dengiz bo‘yida joylashgan tog‘ Chakrao‘guz (O‘g‘uz tog‘i) deb nomlanganligi haqida aytiladi, bu tog‘ tizmalarining atroflarida “suv muzga aylanadi va butun yoz davomida ham erimaydi”. Tadqiqotchilarning ko‘pchiligi uni hozirgi Sulton Uvays tog‘i bilan lokalizatsiya qiladi. “Rudjar kitobi”da Chakrao‘g‘uz tog‘ tizmalarining joylashgan o‘rni aniq keltirilmaydi. Idrisiyning o‘rta asr xaritasida esa biroz aniqroq bo‘lgan ma’lumot mavjud bo‘lib, unda bu tog‘ tizmalari Orol dengizi qirg‘oqlaridan janubi-sharqda ko‘rsatilgan. Shuningdek, XIV–XVI asrlarda yaratilgan manbalarda Sulton Uvays tog‘lari Chag‘ra nomi ostida keltirilgan. Gurganjdan shimoli-g‘arbda joylashgan va g‘arbda to xazarlar o‘lkasigacha cho‘zilgan kenglikdagi dasht X asrda Xorazm yoki O‘g‘uz dashti deb yuritilgan. “Xudud ul-olam”da shunday keltiriladi: “Sharqqa yo‘nalganda (bu dasht) Marv chegaralaridan to Jayxunga qadar cho‘ziladi. Janubiy yo‘nalish bo‘yicha u Baverda, Niso, Forob, Dexiston va Xazar dengizidan Atilga qadar kirib boradi. Bu cho‘l Xorazm yoki O‘g‘uz cho‘li deb ataladi. U Balx viloyatidan boshlanib, Jayxundan janubga va Xorazm dengizi (Orol dengizi – F.J.) bilan tutashib ketadi”.

 

Shuningdek, qiniq (Xiva tumanidagi qishloq va Qiniqyop), sandiqli (Buxoro va Navoiy viloyatlari, shuningdek Bog‘ot va Xazorasp tumanlaridagi qishloq nomi), bijanak (Bog‘ot va Yangiariq tumanlaridagi qishloq nomi) kabi o‘g‘uz etnotoponimlarining mavjudligi ushbu komponentning Xorazm vohasida o‘zbek xalqi shakllanishi jarayonida faol ishtirokini ko‘rsatadi. O‘g‘uz etnotoponimlari uzoq asrlardan beri qo‘llanilishi jarayonida fonetik o‘zgarishga uchraganligi tufayli ularning shaklida ba’zi o‘rinlarda “siljish” ro‘y bergan.

 

Yuqoridagilardan shunday xulosa qilish mumkinki, o‘zbek xalqining shakllanishi jarayonida Xorazm vohasidagi o‘g‘uz komponentining ishtiroki quyidagi yo‘nalishlarda borgan:

 

1. X-XI asrlarda va undan keyingi davrlarda arab tarixchilarining ma’lumotiga ko‘ra, Xorazm va unga tutash hududlarga o‘g‘uz qabilalarining ayrim guruhlari kelib joylasha boshlaydi. Ayrim o‘g‘uzlar tarkibida bo‘lgan etnik guruhlar o‘z qabilaviy ittifoqidan ajralib chiqib, mahalliy aholiga qo‘shilib ketadi. Turg‘un aholiga nisbatan to‘q, osoyishta yashashga intilish, chorvadorlar katta qismining turg‘unlikka o‘tish sabablaridan biri bo‘lgan.

 

2. O‘g‘uz qabilalarining turg‘un aholi bilan yaqinlashib borishi hududdagi etnik jarayonning muhim yo‘nalishi hisoblangan. O‘troq aholi bilan aralashib qolgan etnik guruhlar, uzoq vaqtlargacha ularning tarkibida o‘z etnik nomlarini saqlab  qolganlar. O‘troq aholi bilan o‘zaro yaqinlashuvi natijasida etnik nomlarini ba’zan unutib, yashab turgan qishlog‘i yoki mintaqalaridagi aholi bilan o‘zlarini bir xalq deb tushuna boshlagan. Ammo uzoq vaqtlargacha ma’lum  o‘g‘uzlar tarkibidagi etnik guruhlar yashagan qishloq shu etnik guruh nomi bilan atalib (etnotoponim) bo‘lib qolgan.

 

 

Feruza JUMANIYAZOVA,

O‘zR FA Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, dotsent

1 Izoh

Бекзод Абдиримов

19:01 / 25.01.2024

Жуда яхши таҳлил. Қўшимча:Боғот туманида "Ўғузравот" топоними ҳам аслида этноним ҳисобланади. Амударёнинг қадимги ўзандаридан бири Ўзбўй хам ўғузбўйи бўлса керак. Чағриўғуз албатта Султон Увайс тизмаси. Бошқа тоғ йўқ бу жўғрофияда. Кейин туркийлашиш жараёни Кушонлар даври билан бошланса керак, Зеро Хоразм афригийлари тангаларидаги кушон тамғаси уларнинг сиёсий ҳокимияти бу ерда бўлганлигини изоҳлайди. Яна кўплаб машҳур туркман саркардалари борки улар хоразмий нисбаси билан машҳур бўлганлар. Масалан Қуддусни 1171 йилда фатх этган Салжуқий саркардаси Отсиз ибн увақ ал Хоразмий ат туркманий бунга мисол. Лекин бу билан Хоразмдаги этник жараёнларда тўлиқ ўғузлар устунлик қилгган дея олмаймиз. Қанғли-қипчоқлар 1221 йилдан сўнг Жўжи даврида келган туркийлар ва қисман мўғуллар, жўжи улуси даврида шимолий Хоразмда кўпчиликни ташкил этган қўнғиротлар, 1511 йилдан кейин ва Абулғозидан кейин келган қипчоқ элементлари сўнги этник жараёнларда ҳал қилувчи рўл ўйнаганлар.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16812
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi