Buyuk Britaniyada XVIII asrda yaratilgan globusda O‘zbekiston bor edi


Saqlash
16:01 / 24.01.2024 750 0

Buyuk Britaniyada XVIII-XIX asrlarda yasalgan globuslarda O‘rta Osiyo hududida Amudaryo havzasi boshlanish yeridan Orol dengiziga quyilishi yerigacha USBEGISTAN (O‘zbekiston), Sirdaryoning o‘rta va quyi oqimi havzasi esa Turkistan (Turkiston) deb ko‘rsatilgan (1-surat).[1]

 

 

 

1-surat

 

Orol dengizining sharqiy sohilida CAZACI (qozoqlar), janubi-sharqiy sohilida esa ARALI (orolliklar), O‘rta Osiyoning shimolida CARACALPACI CONDOSIDES (qoraqalpoq jung‘orlar),  shimoli-sharqida TARTARIA INDEPENDENS (mustaqil tatarlar) qabilalari yashaganligi ko‘rsatilgan. Orol dengiziga shimoli-g‘arbdan NTAG nomli o‘ralgan hudud tasvirlangan (2-surat).

 

 

2-surat

 

Mazkur globuslardagi O‘rta Osiyo mintaqasining bunday tasviri ilk bor buyuk britaniyalik taniqli geograf olim va xaritashunos Jon Seneks (John Senex) 1738-yilda yasagan globusi (Terrestrial table globe)da berilgan. Bu globusning bir nusxasi Londondagi Milliy dengiz muzeyi (National Maritime Museum, Greenwich, London, Caird Collection)da (3-surat), shuningdek, uning yana bir nusxasi Ilm-fan tarixi muzeyi (Science Museum Group Collection, Fleet Street, London, UK)da saqlanadi.[2] Bundan tashqari Jon Seneksning “Osmon globusi” (Celestrial Globe) ham bo‘lib, XVIII asrda bu ikkala globus Buyuk Britaniyada geografiya va astronomiya sohasidagi tadqiqotlarda, va shu fanlarni o‘qitishda asosiy manba bo‘lib xizmat qilgan. Jon Seneks (1678–1740) XVIII asrning birinchi yarmida Londonda yashagan mashhur noshir, xarita ishlab chiqaruvchi va globus yaratuvchisi edi. O‘z ishlarining yuksak sifatliligi uchun u odamlar va ayniqsa, olimlar orasida katta hurmatga sazovor bo‘lgan, u Buyuk Britaniyadagi taniqli tabiat faylasuflari bilan yaqin aloqada bo‘lgan va 1728-yilda Qirollik Geografik Jamiyati (The Royal Geographic Society)ning a’zosi etib saylangan.

 

 

3-surat

 

Jon Seneksning Qirollik Geografik Jamiyatida xaritachi bo‘lib xizmat qilgan va uning asosiy vazifasi jamiyatga turli yo‘llar bilan kelib tushgan  qo‘lyozma xaritalarni o‘rganish, ularni nashrga tayyorlash va nashr qilish bo‘lgan. To‘plangan kartografik ma’lumotlar asosida u globuslar ham yasagan. Uning mazkur globusi ham qo‘l ostida mavjud bo‘lgan boy xaritalar to‘plami asosida qilingan. Xususan, globusning O‘rta Osiyo qismini chizishda u 1732-yilda o‘zi nashr etgan yunon sayohatchisi Vasilios Vatatzisning “Kaspiy dengizi va Orol dengizi xaritasi” (Sharta, in qua cruditis spectanda exhibeteur pas Asiae […] Tabula Maris Caspii et Maris Aral) nomli xaritasidan foydalangan [Battatzis 1732]. Yunon va lotin tillaridagi yozuvlarga juda ham boy bo‘lgan bu noyob ikki tilli xaritaning 1730-yilda chizilgan asl qo‘lyozma nusxasi Buyuk Britaniyadagi “Qirollik Geografik Jamiyati” (The Royal Geographic Society)ning xaritalar xazinasida (RGS, mrAsia Div. 464), uning nashr etilgan nusxalari esa Britaniya kutubxonasi (The British Library)ning xaritalar bo‘limida (BL, Maps, King’s Topographical Collection, 114, 53), shuningdek, Yevropaning boshqa kutubxonalarida saqlanadi [Kamoliddin 2005: 36–41].

 

Vasilios Vatatzis (Basilios Battatzis) asli Usmon imperiyasining Trapeya shahrilik savdogar bo‘lib, uning otasi Konstantinopol (Istanbul)da nasroniy cherkovining boshlig‘i bo‘lgan. U yoshligidan xalqaro savdo ishlari bilan shug‘ullanib, ko‘p yillar davomida Yevropa va Osiyo mamlakatlari bo‘ylab sayohat qilgan va o‘zining qilgan sayohatlari haqida yunon tilida xotiralar yozib qoldirgan. Bu xotiralar 1886-yilda Parijda Y.Legrand tomonidan nashr etilgan [Legrand 1886]. Xotiralarda yozilishicha, V.Vatatzis Eronda Nodirshoh saroyida ma’lum vaqt yashab, unga xizmat qilgan va uning sirati, ya’ni tarjimai holini ham yozganligi ma’lum. 1727–1730-yillarda u Nodirshoh topshirig‘iga binoan Kaspiy dengizi atrofida joylashgan mamlakatlar bo‘ylab sayohat qilgan. Taxminan 1730-yilda u Kaspiy dengizidan sharqda joylashgan mintaqa, ya’ni O‘rta Osiyo xaritasini tuzib, 1732-yil 7-dekabr kuni Londonga kelgan va uni Qirolliq Geografik Jamiyatiga sovg‘a qilgan. O‘sha yilning o‘zida V.Vatatzis xaritasi o‘rganish uchun londonlik xaritashunos olim Doktor Xalliga beriladi, keyin esa Qirollik Geografik Jamiyatining kartografi Jon Seneks unga ishlov berib nashr etadi. Xaritadagi yozuvga ko‘ra, bu xarita Buyuk Britaniyada nashr etilgan O‘rta Osiyoning birinchi xaritasi bo‘lgan ekan (4-surat).

 

 

 

4-surat

 

Vatatzis xaritasida yunon va lotin tillarida yozilgan yozuvlar juda ko‘p. Bu yozuvlarda u turli shaharlar, xalqlar, qabilalar, shuningdek, daryolar, ko‘llar, tog‘lar va cho‘llar haqidagi o‘zining izohlarini bergan. Bu ma’lumotlar uning yunon tilida yozilgan safarnomasida ham kengroq va batafsilroq berilgan. Xullas, Vatatzisning chizgan xaritasi va yozib qoldirgan safarnomasi O‘rta Osiyoning XVIII asrdagi tarixiy geografiyasi bo‘yicha muhim birlamchi manba hisoblanadi [Kamoliddin 2020: 54–61]. Demak, ushbu xarita asosida 1738-yilda mohir xaritachi Jon Seneks tomonidan yasalgan globusdagi O‘rta Osiyo tasviri ishonchli va aniq ma’lumotlarga asoslanib chizilgan deb aytishimiz mumkin. Bundan keyingi davrlarda yasalgan va XIX asrning oxirigacha keng tarqalgan barcha globuslarda O‘rta Osiyoning aynan shu tasviri hech qanday o‘zgarishsiz ishlatilgan. Demak, Yevropada tarixiy geografiya va xaritashunoslik sohalarida eng ilg‘or bo‘lgan Buyuk Britaniyada XVIII-XIX asrlarda “O‘zbekiston” atamasi keng ishlatilgan va bu nom geografiyaga oid barcha adabiyotlarda va o‘quv globuslarida ifoda etilgan. Bu esa yaqin vaqtlargacha keng tarqalgan “O‘zbekiston” atamasi 1924-yilda ruslar tomonidan o‘ylab topilgan” degan uydirma gapni butkul inkor etadi.

 

Shamsiddin KAMOLIDDIN,

tarix fanlari doktori, professor

 

Karimjon ORIPOV

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar

 

Kamoliddin 2005 – Kamoliddin Sh.S. Vasilios Vatatzisning O‘rta Osiyo xaritasi haqida // Moziydan sado, 2005, 3 (27). S. 36–41.

Kamoliddin 2020Kamoliddin Sh.S. O‘zbekistonning tarixiy xaritalari // INFOLIB axborot-kutubxona jurnali, 2020, № 3. S. 54–61.

Batatzis 1732 – Sharta, inqu’a cruditis spectanda exhibeteur pas Asiae […] Tabula Maris Caspii et Maris Aral, Karta, di es tois filomathesi parekhetai eidein meros ti tes Asias . . . Nin proton tipois ekdotheisa par’ ema, Basileia Batatzi . . . Scale [1: 7 500 000]; 38 x 32,5 cm. / Ed. J. Senex. London, 1732.  

Kamoliddin 2011 – Shamsiddin Kamoliddin. The Map of Central Asia by Basilio Batatzi (1730) // Central Eurasian Studies: Past, Present and Future. Editors H.Komatsu, S.Karasar, T.Dadabaev, G.Kurmangalieva Ercilasun. T.C.Maltepe Üniversitesi Yayinlari No. 46 (2011/5). Istanbul, Maltepe University, 2011, p. 315–339.

Legrand 1886 – Legrand, Emile (ed.), Voyages de Basile Vatace en Europe et en Asie, Paris: E.Leroux, 1886, p. 183–295 (Nouveaux Melanges Orientaux, Memoires texts et traductions, publie par les professeurs de l’Ecole Speciale des langues orientales vivantes).



[1] Internet resource: https://images.app.goo.gl/2A1HnUfvfscqytty6

[2] https://collections.rmg.co.uk/media/3/486/146/large_s5654_008.jpg

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16811
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi