O‘zbeklar O‘rta Osiyoning superetnosi bo‘lgan – Shamsiddin Kamoliddin


Saqlash
14:01 / 23.01.2024 1544 0

Baxtiyor Alimjanov o‘zining “O‘zbek”dan “O‘zbekistonlik”gacha ... yoxud o‘zliklar to‘qnashuvida tarixning roli” maqolasida o‘zbek xalqiga “o‘zbekistonliklar” deb atalmish yangicha o‘zlikni taklif qilgan. Boshqacha qilib aytganda, endi biz o‘zimizni “o‘zbek” deb emas, “o‘zbekistonlik” deb atashimiz kerak ekan. Muallifning fikriga ko‘ra, “o‘zbekistonlik” atamasiga eng mos keluvchi model qadimgi so‘g‘diy modeli” emish. Menimcha, bu o‘xshatish umuman mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Har qanday olim o‘zi bilmagan narsa haqida fikr yuritmagani ma’qul. Muallif sug‘dlar davri tarixi va geografiyasini chuqur bilmaydi. Shuning uchun uning mulohazalarida qo‘pol xatolar mavjud. Xato ma’lumotlarga asoslangan xulosa ham shunga yarasha bo‘ladi, albatta.

 

Avvalambor, maqolada sug‘dlarning yashagan hududlari va Sug‘d viloyatining chegaralari noto‘g‘ri ko‘rsatilgan: “Tarixning aynan o‘sha davrlariga nazar tashlasangiz, so‘g‘diylarni (ya’ni Markaziy Osiyo hududini) Sharqdan Xan imperiyasi, g‘arbdan Vizantiya imperiyasi, shimoldan Turk xoqonligi qurshab olganini ko‘rasiz”. Birinchidan, “O‘zbekiston tarixi” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qiydigan har talaba biladiki, ko‘rsatilgan davrda (III–VI asrlar) sug‘dlar butun Markaziy Osiyo hududida yashamagan. Ular asosan Zarafshon va Qashqadaryo vodiylarida yashagan. Markaziy Osiyoning janubiy hududlarida boxtarlar, g‘arbiy hududlarida xorazmiylar, shimoliy hududlarida esa asosan ko‘chmanchi qabilalar yashagan. VII-VIII asrlarga kelib, sug‘dlarning ayrim jamoalari Choch vohasi, Farg‘ona vodiysi va Yettisuv, shuningdek, Sharqiy Turkiston hududlarida turklar bilan aralash tarzda yashagan. Ikkinchidan, ko‘rsatilgan davrda (III–VI asrlar) Turk xoqonligi hali yo‘q edi. Turk xoqonligi VI asrning ikkinchi yarmida tashkil topib, VIII asr o‘rtalariga qadar mavjud bo‘lgan. Sug‘d esa unga qo‘shni emas, balki uning tarkibiy qismi, uning bir viloyati bo‘lgan. Vizantiya imperiyasi hech qachon Sug‘d viloyati bilan chegaradosh bo‘lmagan. Sug‘d viloyati g‘arbda Xorazm bilan chegaradosh bo‘lgan. Xorazmdan g‘arbda Kaspiy dengizi, undan ham g‘arbda Kavkaz mintaqasi, undan ham g‘arbda Qora dengiz, undan keyingina Vizantiya imperiyasi joylashgan. Sosoniylar imperiyasi ham Sug‘d viloyati bilan chegaradosh bo‘lmagan. Va Sug‘d viloyati hech qachon mustaqil davlat bo‘lmagan.

 

Ko‘rsatilgan davrda (III–VI asrlar) u avval Qang‘ davlati (III-IV asrlar), keyin esa Eftaliylar (V-VI asrlar) davlati tarkibiga kirgan. Xan imperiyasi ham bu davrda Sug‘d bilan bevosita chegaradosh bo‘lmagan. Xan bilan Sug‘d o‘rtasida Sharqiy Turkiston joylashgan. U esa ko‘rsatilgan davrda (III–VI asrlar) avval Syanbi imperiyasi (93–224), keyin Jujan xoqonligi (330–555) va Turk xoqonligi (552–745) tarkibiga kirgan. VII asr o‘rtalaridan VIII asr o‘rtalarigacha (taxminan 100 yil) Sharqiy Turkiston Tan imperiyasi tarkibiga kirgan. 745–840-yillarda bu yerda mustaqil Uyg‘ur xoqonligi, keyin esa mayda uyg‘ur xonliklari bo‘lgan. Shunday qilib, muallif sug‘dlarning yashagan hududlari va Sug‘d viloyatining chegaralarini umuman noto‘g‘ri keltirgan. Uning sug‘dlar haqida keltirgan boshqa ma’lumotlari ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

 

Endi “O‘zbekiston” atamasi haqida so‘z yuritsak. Muallifning yozishicha, “XX asrning 20-yillarida millat shakllanishi bo‘yicha kechgan bahs va munozaralar orqali (jadidlarimiz xatti-harakatlari bilan) O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi tuzildi. Va aynan shu omil sabab millat tushunchasi endi tarixga, geografiyaga va siyosiy irodaga bog‘liq bo‘lib qoldi. Holbuki, o‘tgan asrning 20-yillarida Markaziy Osiyoni tashlab chiqib ketgan vatandoshlarimiz bir paytda o‘zlarini “turkistonlik” deb atashardi”.

 

Bu gaplardan shunday ma’no kelib chiqadiki, “O‘zbekiston” atamasi o‘tgan asrning 20-yillarida muomalaga kiritilgan, undan oldin esa Markaziy Osiyo mintaqasi “Turkiston” deb atalgan, bu yerda yashovchi xalqlar esa “turkistonliklar” deb atalgan. Lekin bu ma’lumotlar ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, va buning negizida muallifning mintaqa tarixiy geografiyasi va etnografiyasini chuqur bilmasligi yotadi. Bu xato fikrni “konstruktivizm” jamiyatshunoslik nazariyasi tarafdorlari ilgari surganlar. Ularga ko‘ra, “O‘zbekiston” atamasi 1924-yilda yangi o‘zbek millatini “yasash” maqsadida muomalaga kiritilgan, unga qadar esa bu atama mavjud bo‘lmagan. Lekin hozirgi kunda “O‘zbekiston tarixi” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qiydigan talabalar ham biladiki, “O‘zbekiston” atamasi tarixiy ildizlarga ega bo‘lib, Markaziy Osiyo mintaqasining tarixiy nomlaridan biri hisoblanadi. “O‘zbekiston” atamasi manbalarda ilk bor XIV asrda, tarixiy xaritalarda esa XVI asrda muomalaga kirgan. XIV asrda bu atama Oltin O‘rda, XV asrda – Dashti Qipchoqdagi O‘zbek Ulusi, XVI–XIX asrlarda esa O‘rta Osiyoga nisbatan qo‘llanilgan. XVI asrda o‘zbeklar Movarounnahrni egallagandan keyin to ruslar bosqiniga qadar “O‘zbekiston” atamasi butun O‘rta Osiyo mintaqasiga nisbatan qo‘llanilgan. O‘sha davr tarixiy geografiyasida “O‘zbekiston” atamasi Turon va Turkiston tarixiy atamalari bilan tafovutda bo‘lmay, aksincha, ular bilan birga ma’nodosh nom sifatida ishlatilgan. Jahon tarixiy geografiyasida bu atama 1865-yil, ya’ni ruslar bosqiniga qadar 365 yil davomida Turon va Turkiston atamalari singari butun O‘rta Osiyo mintaqasiga nisbatan makrotoponim sifatida ishlatilgan. Ruslar bosqinidan keyin mustamlakachilar Turkiston general-gubernatorligini tashkil qilgandan so‘ng mintaqa “Turkiston” deb atala boshlagan.

 

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, XVI–XIX asrlarda O‘zbekiston aholisi o‘zlarini “o‘zbekistonliklar” deb emas “o‘zbeklar” deb ataganlar. XVII asrda yashagan bir o‘zbek tarixchi va geograf olimi Maxmud ibn Valiy o‘zining “Bahr al-asror fi manoqib al-axyor” asarida bu haqida shunday yozgan: “Turkiston xalqlari turli davrlarda turli nomlar bilan atalganlar: Turk ibn Yofas hukmronligi davrida “turk”, Mo‘g‘ulxon hukmronligi davrida “mo‘g‘ul”, O‘zbekxon hukmronligi davrida “o‘zbek”. Lekin atrofdagi boshqa xalqlar ularni ilgarigidek “turk” deb ataydilar”. Bu gapning tasdig‘ini boshqa manbalarda ham ko‘rish mumkin. Masalan, mo‘g‘ullar tarixchisi Rashididdin o‘zining “Jome’ at-tavorix” asarida bu xususda shunday yozgan: “XIII-XIV asrlarda ko‘p turk lahjalarida so‘zlashuvchi qabilalar va xalqlar “tatarlar” va “mo‘g‘ullar” deb atalar edi, chunki ular “o‘zlarining buyukligi va qadr-qimmatini ularga mansub bo‘lishda deb ishonganlar, shuning uchun ularning nomi bilan tanilganlar”. Mirzo Ulug‘bek ham o‘zining “Tarixi arba ulus” (“To‘rt ulus tarixi”) asarida shunday yozgan: “Sulton Muhammad O‘zbekxon Movarounnahrga kelganda, mahalliy odamlar uning odamlaridan: “Bu kelgan odam kim?” deb so‘radilar. Ularning sardori va podshohi O‘zbekxon bo‘lgani uchun ularni “o‘zbek” deb atar edilar. Shu sababli o‘sha zamondan boshlab kelgan kishilar “o‘zbek” deb atala boshladi. Qolib ketgan kishilar esa “qalmoq” bo‘ldilar”.

 

Bu ma’lumotlardan ayon bo‘ladiki, XVI–XIX asrlarda O‘zbekistonning barcha aholisi uning kelib chiqishidan qat’i nazar “o‘zbek” deb atalgan. Vaholanki, o‘sha davrda O‘zbekistonda turli xil xalqlar va qabilalar, shu jumladan, uyg‘ur, qozoq, qirg‘iz, qipchoq, turkman va qoraqalpoqlar yashagan. Ularning hammasi o‘zlarini o‘zbek deb hisoblaganlar. Dashti Qipchoq o‘zbeklari O‘rta Osiyoni bosib olgan bo‘lsalar ham, mahalliy o‘troq turklar bilan yaqin qarindosh edilar. Shuning uchun ular tezda ularning yuksak madaniyatini qabul qilib, ular bilan qorishib ketdilar. O‘zbeklar hech qachon o‘zlarining nomini boshqalarga berishga harakat qilmaganlar. Aksincha, boshqa xalqlar o‘zlarini “o‘zbek” deb ko‘rsatishga intilganlar, chunki o‘sha davrda “o‘zbek” bo‘lish sharafli hisoblanar edi. XIX asr o‘rtalarida Markaziy Osiyo bo‘ylab sayohat qilgan venger olimi A.Vamberi shunday deb yozgan edi: “Qo‘qon aholisi o‘zbek, tadshik, kaysak, qirg‘iz, qipchoqlardir. O‘zbeklar aholining o‘troq qismini tashkil qiladi, ular Buxoro va Xiva o‘zbeklaridan katta farq qiladilar... O‘zbeklar Turkistonda hukmronlik qiluvchi qavm bo‘lganligi sababli... shahar va qishloqlarda o‘rnashib qolgan qirg‘izlar, qipchoqlar va qalmiqlar, bir zumda o‘z millatidan voz kechib, o‘zlarini “o‘zbek” deb ataydilar”. Boshqa bir joyda u quyidagicha yozadi: “Xitoy Tatariyasi aholisining ko‘pchiligi, ya’ni 4 viloyat – Koshg‘ar, Yorkand, Oqsu va Xo‘tan – dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi o‘troq aholidan iborat. Ular o‘zlarini “o‘zbek” deb ataydilar, lekin ularning kelib chiqishi qalmiq ekanligi birinchi qarashdan ko‘zga tashlanadi. Buxoro va Xivada “o‘zbek” deb ataluvchi odamlar Xitoy Tatariyasida hech qachon bo‘lmagan. Bu yerda shimoldan ko‘chib kelgan qalmiqlar, qirg‘izlar va bu yerlarning tub aholisi – forslarning qorishmasi “o‘zbek” nomi bilan ataladi”.

 

Yuqorida qayd qilganimizdek, XVI–XIX asrlarda O‘zbekiston joy nomi Turkiston va Turon joy nomlarining sinonimi va davomchisi bo‘lib, Markaziy Osiyodagi bir-biriga qavm-qarindosh barcha xalqlarni birlashtiruvchi siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan. “O‘zbek” atamasi esa kelib chiqishidan qat’i nazar Markaziy Osiyoning barcha aholisi uchun superetnos vazifasini bajargan. Mahmud ibn Valiyning yuqorida keltirilgan so‘zlari bunga yaqqol dalildir. Bu jihatdan Markaziy Osiyo va Buxoro ahlining boshqa xalqlar orasida, ya’ni o‘zga yurtlarda qanday atalganligi diqqatga sazovordir. Masalan, Falastinda Quddus shahrining musulmonlar yashaydigan qismidagi al-Aqso masjidi yaqinida “al-Zaviya al-Naqshbandiyya” nomli bir qadimiy xonaqoh joylashgan bo‘lib, o‘rta asrlarda u Markaziy Osiyodan kelgan “naqdshbandiyya” tariqatiga mansub so‘fiylarga qarashli bo‘lgan. Bu xonaqoh yana “al-Zaviya al-Buxoriyya” yoki “al-Zaviya al-Uzbekiyya” deb ham atalgan, u 1010/1602 yilda qurilgan va hozirgacha mavjud. Bundan 400 yil oldin asos solingan so‘fiylarning bu xonaqohini markaziy osiyolik shayxlar boshqargan bo‘lib, ularning ismlariga al-Buxoriy va al-Turkistoniy nisbalari bilan bir qatorda al-Uzbekiy nisbasi qo‘shilgan. Bu xonaqoh karvonsaroy vazifasini ham bajargan bo‘lib, Markaziy Osiyoning turli yerlaridan haj safariga borgan barcha ziyoratchilar Quddusdan o‘tganda unda to‘xtaganlar. Bunday xonaqoh va karvonsaroylar Yaqin Sharqning boshqa shaharlarida ham bo‘lgan. Masalan, Turkiyadagi Istanbul shahrida jami 5 ta “O‘zbek” takkalari, ya’ni karvonsaroylari bo‘lib, ulardan 3 tasi hozirgi kungacha saqlangan. Misrdagi Qohira shahrida “al-O‘zbekiyya” mahallasi, Saudiya Arabistonidagi Madina shahrida ham bir nechta “O‘zbek” karvonsaroylari bo‘lgan. Mahalliy aholi bu karvonsaroylarda O‘zbekiston yoki Turkiston, ya’ni Markaziy Osiyodan kelib to‘xtagan barcha ziyoratchilarni kelib chiqishidan qat’i nazar “o‘zbeklar” deb atagan.

 

Va nihoyat endi “o‘zbekistonliklar” atamasiga ham yetib keldik. Xo‘sh, bu atama qachondan boshlab ishlatila boshlagan va kimlarni anglatgan. Avvalambor shuni aytish kerakki, o‘zbek tilida “o‘zbekistonliklar” atamasi hech qachon ishlatilmagan, har qalay, sovetlar davriga qadar. Bu atama 1924-yildan keyin rus tilida “uzbekistanes” shaklida ishlatila boshlagan, va O‘zbekistonda yashovchi ruslar va rus tilida so‘zlashuvchilarni anglatgan. Hozir ham xuddi shu ma’noda ishlatiladi. O‘zbekistonda yashovchi ruslar va rus tilida so‘zlashuvchilar o‘zlarini “uzbekistanes” deb ataydilar. Bu bilan ular o‘zlarini mahalliy o‘zbeklardan ajratib ko‘rsatadilar. Hujjatlarda millatini ko‘rsatish kerak bo‘lganda esa, o‘zlarining kelib chiqishini ko‘rsatadilar. Bunday yondashuv sovetlar davrida qabul qilingan edi.

 

Sovet Ittifoqida 100 dan ortiq millat va elatlar bor edi, lekin ularning hammasi birga yagona “sovet xalqi”ni tashkil qilar edi. “Uzbekistanes” atamasi ularning yashash joyini bildirgan, xolos, xuddi “москвич” – “moskvalik”, “ленинградец” – “leningradlik”, “кубанец” – “kubanlik” singari. Butun dunyoda esa hujjatlarning “millati” degan joyida davlatning nomi, ya’ni fuqarolik ko‘rsatiladi (Angliya, Fransiya, Germaniya va hokazo). Lekin jonli tilda ular, masalan, Fransiyada yashovchi barcha odamlar kelib chiqishidan qat’iy nazar (arman, arab, yahudiy, rus va hokazo) “fransuzlar”, Angliyada yashovchilar “inglizlar”, Germaniyada yashovchilar esa “germanlar” (fransuzchada “olmonlar”, ruschada “nemislar”) deyiladi. Sovetlar davriga qadar Rossiya imperiyasida yashagan barcha mashhur davlat, fan va madaniyat arboblari “rus” deb atalgan. Masalan, kelib chiqishi habash bo‘lgan Aleksandr Pushkin “buyuk rus shoiri”, kelib chiqishi tatar, nemis yoki yahudiy bo‘lgan davlat, madaniyat va fan arboblari “rus olimlari”, “rus sayohatchilari”, “rus dvoryanlari” va hokazo deb atalgan. O‘zbekistonda ham sovetlar davriga qadar shunday bo‘lgan. Kelib chiqishi turli bo‘lgan davlat, fan va madaniyat arboblari “o‘zbek” deb atalgan. Masalan, samarqandlik Mahmudxo‘ja Behbudiy, buxorolik Abdurauf Fitratning ona tili fors tili bo‘lgan, lekin ular o‘zlarini “o‘zbek” deb bilganlar.

 

Shunday qilib, yuqorida keltirilgan ma’lumotlar asosida xulosa aytish mumkinki, xalqimizning asrlar davomida ishlatilib kelgan o‘z nomi bor – “o‘zbeklar”. Buni XVII-XVIII asrlarda G‘arbiy Yevropada chizilgan xaritalar va yasalgan globuslarda ham ko‘rish mumkin. Ularda O‘rta Osiyo hududlari USBEK, USBEKIA, USBEGISTAN, uning aholisi esa Usbeks (inglizchada), les Ousbek (fransuzchada), Uzbesiis (lotinchada), ya’ni “o‘zbeklar” deb ko‘rsatilgan. Hozirgi kunda bunday holatni o‘zgartirishning hech qanday hojati ham, zarurati ham yo‘q. Aksincha, buni O‘zbekiston aholisi orasida keng targ‘ib qilish kerak. “O‘zbek” atamasi o‘tmishda turli xalqlarni birlashtiruvchi etnosiyosiy va etnomadaniy ma’noga ega bo‘lib, O‘rta Osiyo mintaqasida yashagan barcha xalqlar uchun superetnos vazifasini bajarib kelgan bo‘lsa, bugun ham bu atama O‘zbekiston hududida yashovchi barcha xalqlar uchun xuddi shunday superetnos vazifasini bajarishi kerak. Xalqaro maydonlarda O‘zbekiston davlati nomidan harakat qiluvchi barcha O‘zbekiston vatandoshlari “o‘zbek” deb atalishi kerak: o‘zbek olimlari, o‘zbek sportchilari, o‘zbek tadbirkorlari va hokazo. Qolaversa, butun dunyo tajribasi ham aynan shuni taqozo etadi.

 

Bu yerda yana bir savol tug‘iladi. Xo‘sh, bugungi kunda bu masalani ko‘tarib, sun’iy ravishda yo‘q narsadan muammo yasash va odamlarni chalg‘itish kimga kerak? Bundan kim manfaatdor? Buning javobi oddiy. Hech kimga sir emas, oxirgi yillarda Rossiyadan O‘zbekistonga yuz minglab odamlar ko‘chib kelishi kuzatilmoqda. Ayniqsa, Ukrainada urush boshlangandan keyin bu jarayon yana ham avj oldi. O‘tgan bir yil ichida “urushga jalb qilinmaslik” bahonasi bilan Rossiyadan bir milliondan ortiq odamlar ko‘chib keldi. Bu jarayon hali ham to‘xtaganicha yo‘q va jadal ravishda davom etmoqda. Yaqin yillar ichida bunday kelgindilarning soni 3-4 millionga yetishi hech gap emas. O‘zimizda ruscha maktablar yetishmayotgandek, ular O‘zbekistonda Rossiya o‘quv dasturi bo‘yicha o‘qitiladigan maktablar ochishmoqda. Rossiyadan minglab rus tili o‘qituvchilarini olib kelishmoqda. Tabiiyki, bu kelgindilar “o‘zbek” bo‘lish u yoqda tursin, o‘zbek tilini o‘rganishni ham istamaydilar. Shuning uchun ularga “o‘zbekistonlik” atamasi juda ham qulay va mos keladi. Eng achinarlisi shuki, O‘zbekistonda ularni qo‘llab-quvvatlovchi va Rossiyaning manfaatlariga xizmat qiluvchi kuchlar bor. Ular turli yo‘llar bilan Rossiya ta’sir doirasiga tushib qolgan. Kimdir Rossiyaga borib o‘qib yoki ishlab kelgan. Kimdir Rossiyadan grantlar olib manfaat ko‘rgan. Kimdir o‘zimizdagi ruscha maktablarda o‘qib tarbiya olgan, va shunchaki rus tili va madaniyatiga sajda qilib, o‘zining milliy qadriyatlarini unutib yuborgan. Aynan ana shunday odamlar bunday masalani ko‘tarib chiqishi mumkin, deb o‘ylayman. Va bunga ishonchim komil.

 

Shamsiddin KAMOLIDDIN,

tarix fanlari doktori, professor

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19457
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16805
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi