Soxta olimlar yaratayotgan qalbakilikning “quturish” qonuni


Saqlash
18:01 / 22.01.2024 1856 2

“Zavqiy osilurg‘a himmatidin

Dor bog‘ladi bir baland terakka”.

“Ahli rasta hajvi” qasidasidan

 

Internetda bir yilda bir ilmiy rahbar qo‘l ostida tayyorlangan o‘nlab dissertatsiyalar himoya qilinayotgani, boshqa davlatlarda himoya qilingan dissertatsiya o‘zbek tiliga tarjima qilinib yoqlangani haqida xabarlar tarqaldi. Qanday qilib? Axir dissertatsiya degan matoh ilmiy jurnallarda e’lon qilingan maqolalar asosida yozilishi kerak-ku?! Bunday maqolalar orasida xalqaro reytingga ega jurnallarda chop etilganlari ham bo‘lishi talab qilinadi-ku? Haqqast rost. Ammo so‘nggi o‘n yil ichida ana shunday reytingga ega, nomi ilmiy, aslida g‘ayriilmiy jurnallar yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday potirlab ilm dunyosini bosib ketdi. Ular orasida xalqaro miqyosda e’tirof etilgan SCOPUS, WoS kabi ma’lumotlar bazalarida qayd etiladiganlari ham ko‘p (statistik ma’lumotlar uchun (q.: https://nppir.ru/05np121.html).

 

Bunday olib qaraganda, bu juda ham yaxshi – maqola chop etadigan mualliflar, ya’ni olimlar ko‘paymoqdaki, jurnallar ham, soni ham shunga qarab ortadi. Olimlar ko‘paysa, ilmiy-texnika taraqqiyoti kuchayadi, ta’lim, san’at, ma’naviyat yaxshilanadi va hokazo. Amalda biz buning aksini ko‘ryapmiz. Juda yorqin misol: so‘nggi 4 yil ichida mamlakatda pedagogika fanlari bo‘yicha dissertatsiya yoqlaganlar soni keskin ortgan, ammo xuddi shu davrda ta’lim sifatini baholovchi xalqaro PISA test sinovlarida O‘zbekiston 81 ta mamlakatdan 80 o‘rinni egallab, avvalgi sinovlardagiga nisbatan pastroq natija ko‘rsatgan.

 

Son o‘sishi sifatga salbiy ta’sir qilayotgani fanning boshqa sohalarida ham ma’lum bir darajada kuzatiladi.

 

Sababi ravshan: dissertatsiyalar ichida talabga javob beradiganlari qatorida talabga mutlaqo javob bermaydiganlari, jumladan, oshkora qalbakilarining ulushi ko‘paymoqda.

 

Dissertatsiyalar bilan bog‘liq muammo keng qamrovli mavzu. Bu yerda muammo bilan bog‘liq yuqorida zikr etilgan omil – dissertatsiya uchun ilmiy jurnallarda maqola chop etish borasidagi, fan tarixida avval ko‘rilmagan hodisa to‘g‘risida batafsilroq to‘xtalamiz. (Ta’kidlaymiz – aynan dissertatsiya himoya qilish uchun, ilm-fanni yangiliklar bilan boyitish uchun emas. Dissertatsiya yoqlash maqsadidagina chop etiladigan maqolalar yillar o‘tishi bilan unutilishga mahkum.)

 

So‘nggi 20 yil ichida “ilmiy” deb sifatlanadigan jurnallar soni keskin oshdi. Bu jarayon hamon davom etmoqda – har yili har bir fan sohasi bo‘yicha yangi jurnallar ta’sis etilmoqda. Muammo shundaki, yangi ochilayotgan jurnallarning talayi “yirtqich” tabiatli. Bu atama ham xuddi shu davrda tug‘ildi. “Yirtqich” jurnallarda maqola chop etish pullik bo‘lib, puli to‘langan maqolaning sifati qanday bo‘lishidan qat’i nazar qaytarilmaydi, bosaveriladi. Albatta, xolis ilmiy jurnallar orasida ham pul to‘lanishi lozimlari yo‘q emas, faqat to‘lanadigan summa asosan muallifga maqolasidan nusxa yuborish uchun pochta haqini qoplash miqdorida bo‘ladi (50 AQSH dollari atrofida). Ulardan farqli, “yirtqich” jurnallar biznes maqsadida ochiladi. Bu hodisa fan tarixidagi g‘aroyib yangilikdir. Chunki to XX asrning 80-yillarigacha u kuzatilmagan – jurnal biror ilmiy markaz organi bo‘lib, shu markaz mablag‘i evaziga nashr etilgan. Bunday jurnallar xalqaro ilmiy jamoatchilik o‘rtasida obro‘ uchun kurashgan, mavqeini e’zozlagan, yuzaki, past saviyali maqolalarning bosilishiga yo‘l qo‘ymagan. Buning uchun tahririyatga kelib tushgan maqolalar xolis ilmiy taqrizlardan o‘tkazilgan. Misol uchun, 1965-yildan Minskda chop etila boshlagan “Differensial tenglamalar” jurnali hatto maqola muallifiga valyutada gonorar to‘lar edi. Chunki bu jurnal tahririyati chop etiladigan maqolalarga shu qadar yuksak talab qo‘yar ediki, u mashhur Shpringer nashriyot kompaniyasi tomonidan sonma-son ingliz tilida ham chop etilar va dunyo miqyosida minglab obunachilarga tarqatilar edi. (Hozir bu jurnal M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti mablag‘i hisobiga chop etiladi va ingliz tiliga tarjima qilinadi. Bosh muharriri – universitet rektori akademik V.A.Sadovnichiy.)

 

“Yirtqich” jurnallar esa maqola uchun pul to‘lansa bo‘ldi, u nomigagina taqrizdan o‘tkazilib, hatto umuman o‘tkazilmasdan chop etilaveradi. Internetda “bizning jurnalga maqola topshiring, ikki hafta ichida bosib chiqaramiz” qabilidagi e’lonlar ko‘p.

 

Qizig‘i shundaki, “yirtqich” jurnallar ta’sischilari tomonidan xalqaro reytingini ko‘tarish texnologiyasi ham ishlab chiqilgan, shu usul bilan impakt-faktori 5 va undan yuqori ko‘rsatkichga erishib olganlari ham oz emas. (Qiyoslash uchun: “Differensial tenglamalar” jurnalining ingliz tilidagi versiyasi 0,12 impakt-faktoriga ega. Ajoyib albatta, yuksak saviyali jurnalning ko‘rsatkichi 0,12 bo‘lgani holda, qalbaki maqolalarni bosadigan jurnal ko‘rsatkichi undan 50 marotaba katta bo‘lsa!)

 

“Gazeta.uz” sayti o‘zining Лохотрон в современной наукеsarlavhali xabarida diqqatga sazovor namuna keltirgan. U muhokama qilinayotgan mavzuga yaqqol dalil bo‘lgan.

 

“Yana bir shubhali jurnal – Theoretical and Applied Science. Rus va ingliz tilida chop etilayotan bu jurnal bilan tanishish savollar keltirib chiqaradi. Jurnal muqovasida nomining ruscha varianti “Теоретическая и прикладная наука” deb yozilgan! Uning saytida Fransiyada ro‘yxatdan o‘tgani, ta’sischisi esa International Academy of Theoretical & Applied Sciences (Publishers International Linking Association, USA) ekanligi qayd etilgan. Jurnal sahifalarida chop etiladigan joy “Филаделфия, США” deyilib, bog‘lanish (kontakt) uchun Viktoriya ismi berilgan (familiyasi yozilmagan) va Almati shahrining kodi bilan telefon raqami keltirilgan. Jurnalning bosh muharriri A.Shevsov esa Taraz shahridan (Qozog‘iston) bo‘lib, maqola uchun pul uning shaxsiy hisob raqamiga yuborilishi aytilgan.

 

Ilmiy jurnallarning reytingini baholovchi Advanced Science Index saytida ko‘rsatilishicha, uning (ya’ni, Theoretical and Applied Science jurnalining – A.A.) ro‘yxatga olingan raqami (ISSN) noto‘g‘ri. “elibrary.ru” sayti ma’lumotiga ko‘ra, impakt-faktorni aniqlash bilan shug‘ullanadigan, xalqaro miqyosda e’tirof etilgan JSR (AQSH) ma’lumotlar bazasida so‘z yuritilayotgan jurnal ro‘yxatga olinmagan. Ammo jurnal o‘zining saytida impakt-faktorini IF OAJI (AQSH) bo‘yicha 0,360, GIF (Avstraliya) bo‘yicha 0,564, ISI (Birlashgan Arab Amirliklari) bo‘yicha 1,582, RINS (Rossiya) bo‘yicha 3,939, IF ESJI (Qozog‘iston) bo‘yicha 9,035 deb ko‘rsatgan. Holbuki, RINS bu jurnalga reyting bergan emas.

 

Jurnal tahririyatining 37 a’zosidan 16 nafari O‘zbekistondan. 2021-yil 12-sonida 157 ta maqola bosilgan. Shundan bittasi Gruziyadan, uchtasi Indoneziyadan, 15 tasi Rossiyadan va 138 tasi (!) O‘zbekistondan. Va hokazo.

 

“Gazeta.uz” saytining bu xabarida bugun ilm-fanda chuqur tomir otgan qalbakilik haqida boshqa ko‘plab ma’lumotlar ham keltirilgan, unga qarshi turishga qaratilgan takliflar berilgan. Xabar e’lon qilinganiga ikki yil bo‘layotganiga qaramay, bu borada biror chora ko‘rildimi-yo‘qmi – ma’lum emas. Chamasi, qalbakilik “suv yuqmas” illat. Aksincha, bu davr ichida “yara yana ham chuqurroq fasodlab” ketgani – o‘nlab “yirtqich” jurnallar ochilayotgani yaxshi ma’lum. Hatto pul to‘lansa bo‘ldi, maqolani o‘zi yasab beradigan jurnallar, nomi bor-u, o‘zi yo‘q, qiladigan ishi “maqola chop etildi” degan sertifikat berish bo‘lgan “jurnallar” ham paydo bo‘lmoqda.

 

Internetda aniq dalillar keltirilgan boshqa xabarlar ham ko‘p. Wikipedia saytining ma’lumotiga ko‘ra, 2010-yildan 2014-yilgacha “yirtqich” nashrlar maqolalar chop etish faoliyatini 53 mingtadan 420 mingtaga yetkazgan, bunday jurnallar soni 8000 taga borgan. Bugunga kelib bu ko‘rsatkichlar o‘n karra ko‘paygan deyish mumkin. O‘zbekiston fuqarolari bo‘lmish ilmiy daraja talabgorlari ana shunday “yirtqich” jurnallarda maqola bostirish uchun millionlab dollar valyuta sarflayotgani achinarli.

 

Shu yo‘sinda Oliy attestatsiya komissiyasi talablariga muvofiq maqolalar chop etildi ham deylik. Ana shu maqolalar bo‘yicha dissertatsiyalar hozirlanayotgan ekan, hali uni yoqlash ham kerak-ku. Buning uchun maxsus seminarda ma’ruza qilish, seminar ikkita taqrizchi tayinlashi, ular ijobiy xulosa berishi, ma’ruzani tinglagan mutaxassislar savol-javob qilib, ochiq ovoz berish yo‘li bilan himoyaga tavsiya etishi kerak. Ayni paytda seminar yetakchi tashkilot hamda falsafa doktori ilmiy darajasi uchun dissertatsiyaga ikkita, fan doktori ilmiy darajasi uchun dissertatsiyaga uchta rasmiy opponent tayinlashi lozim. Yetakchi tashkilot ham, opponentlar ham dissertatsiyani sinchiklab o‘qib chiqishi, shu asosda xolis xulosa chiqarishga qodir bo‘lishi talab etiladi. Ularning taqrizlarida birinchi navbatda dissertatsiyaning ilmiy natijalari yangimi yo yangi emasmi, natijalarning salmog‘i ilmiy daraja berish uchun yetarlimi yo yetarli emasmi kabi savollarga javob berilishi shart. Shundan so‘ng tegishli sohaning yetuk mutaxassislari jam bo‘lgan ilmiy kengashda himoya o‘tkaziladi. Unda ilmiy darajaga talabgor dissertatsiya yuzasidan kengash a’zolarining savollariga hamda taqrizlarda qayd etilgan xato va kamchiliklarga javob berishi kerak. O‘tkazilgan diskussiya natijasi bo‘yicha kengash a’zolari, bu safar yopiq ovoz berish yo‘li bilan, dissertant tegishli ilmiy darajaga munosib yo munosib emasligi haqida yakuniy xulosa chiqarishadi. Ilmiy jamoatchilikka yaxshi ma’lum bu jarayonni bu yerda tasvirlashdan maqsad – ushbu paradoksal holatga e’tibor qaratish: shuncha chig‘iriqqa qaramasdan, qalbaki dissertatsiyalar eson-omon muvaffaqiyat bilan himoya qilinib kelinayotgan ekan, himoya qilish jarayoni sog‘lom emas.

 

Buning sabablari ko‘p. Ularni birma-bir sanaydigan bo‘lsak, gap cho‘zilib ketadi. Faqat bitta sababga to‘xtalmasdan iloj yo‘q. Uni “qalbakilikning quturish qonuni”, deb atasa munosib bo‘ladi. Bu “qonun” mohiyati shundan iborat: qalbaki falsafa doktorlari qancha ko‘paysa, qalbaki fan doktorlari proporsional ravishda ko‘payadi, qalbaki fan doktorlari qancha ko‘paysa, ular o‘zlari kabi qalbaki falsafa doktorlarini ko‘paytiradi, hatto o‘zlari dissertatsiya himoya qiladigan kengashlar tuzib olishga kirishadilar. Qarabsizki, qalbaki dissertatsiyalar va soxta ilmiy darajalilar soni geometrik progressiya bilan o‘sa boshlaydi. Bir so‘z bilan aytganda, fanda qalbakilik quturadi.

 

Toki keskin choralar ko‘rilmas ekan, bu hodisa yil sayin kuchayib, jamiyat uchun noxush oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin. Ulardan eng asosiysi – qalbaki fan haqiqiy fanni bosib ketishidir. Hozirning o‘zidayoq qalbaki olimlar yetishtiradigan “ilmiy maktablar” vujudga kelgan.

 

Bu hodisa ma’lum nuqtasiga yetganda, uni tuzatish, o‘nglash murakkablashadi, chunki qalbaki olimlar mamlakat iqtisodiy-ijtimoiy hayotining hamma sohasiga kirib boradi, turli pog‘onadagi mansablarni egallay boshlaydi. Qolaversa, “quturish” yuqumliligi bilan xavflidir – hozirgacha halol ish tutayotgan olimlarni ham o‘z girdobiga tortib ketishiga shubha yo‘q. Bu yoqda esa “akademiklikka da’vogar kamida ikkita fan doktori (DSc) tayyorlagan bo‘lsin, qancha ko‘p falsafa doktori va fan doktori tayyorlagan bo‘lsa, shuncha yaxshi”, degan talab. Fanlar akademiyasi a’zoligiga kelgusi saylovgacha ikkita “fan doktori” tayyorlagan da’vogarlar necha marta ortarkin?

 

Yana bir jihat. Kim ilm-fandaki qalbakilik qildi – unday odamdan har qanday qabihlikni kutish mumkin. Ayniqsa, biror “jadid” ilm-fanni qalbakilikdan himoya qilish masalasini ko‘tarsa, uni “qumursqalar yoppa talab” (Abdulla Oripov iborasi) tashlashlari hech gap emas.

 

Nimadir qilish kerak. Bu birinchi navbatda ilm-fan ahlining vazifasi, fan fidoyilarining burchi. Zotan, ilm-fanni qalbakilashtirishga tomoshabin bo‘lib turish aslan unda ishtirok etishdir, qalbaki dissertatsiyalarni qo‘llab-quvvatlab ovoz berish esa shunchaki vijdonsizlik emas, haqiqatga ham, xalqqa ham xiyonatdir.

 

Abdulla A’ZAMOV,

 akademik, O‘zbekiston fan arbobi

 

“Jadid” gazetasi, 2024-yil 4-son.

Quturish” qonunimaqolasi

2 Izohlar

Muhammadali

16:01 / 30.01.2024

Hamma ixtisoslik bo'yicha PhD darajasini olish uchun kamida 1ta, DSc olish uchun kamida 2 ta maqolasini Scopus yoki WOS bazasiga kirgan jurnallarda chop etgan bo'lishi shart qilib qo'yish kerak. Sababi ilmiy ahamiyatga ega bo'lmagan maqolalarni bu bazadagi jurnallar qabul qilmaydi yoki kamdan kam hollarda chop etilib qolishi mumkin.

Ulugbek Mirzalimov

18:01 / 24.01.2024

Va nihoyat bu masalaga nuqta quyiladi sababi Oʼzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024 yil 19 yanvardagi "Ilm-fanni raqamlashtirishni jadallashtirish hamda ilmiy etikani shakllantirish va sifatini oshirish toʻgʻrisi"dagi 21 sonli-buyrug`i bilan Ilmiy faoliyat natijalarini nashr etish uchun tavsiya etilgan nashrlar roʻyxatiga kiritish uchun ilmiy nashrlarga qoʻyiladigan ilmiy etiket va texnik talablari qabul qilindi.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19322
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16417
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi