O‘zbekiston Fanlar akademiyasi o‘z funksiyani bajara olyaptimi? Ilmiy dargoh faoliyati tahlili


Saqlash
16:01 / 17.01.2024 1197 2

Muqaddima o‘rnida. 80 yilligi nishonlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi shu qadar keng qamrovli ilmiy muassasaki, uni to‘la-to‘kis tavsiflamoqqa yolg‘iz qo‘l ojiz. Ayni choqda, mazkur muassasaga doxil qalamkash o‘laroq inobatli sana munosabati bilan tabrik yo‘sinida so‘z aytmaslik ham noravo tuyuladi. Fanlar akademiyasi o‘zi nima? O‘zbekistonga bunday muassasa kerakmi? U mamlakat taraqqiyotiga qanday hissa qo‘sha oldi? Maqolamizda shu kabi savollarga baholi qudrat javob beramiz.

 

Etimologiya. Qadimgi Yunoniston zaminida, Afina yaqinida Akademiya nomli bog‘ bo‘lgan (u bizgacha saqlanmagan). Buyuk Aflotun (Afinalik Platon, tug‘ilgan yili aniq emas, vafoti – mil. 348/47-yil) ana shu bog‘da o‘z shogirdlari bilan davra tuzib ilmiy mubohasa qilgan. Shu tariqa “Platon akademiyasi” iborasi paydo bo‘lgan. U bugungi ma’nodagi akademiya, hatto universitet ham bo‘lmagan, uning faoliyatini seminar yoki majozan qo‘llanadigan “ilmiy maktab” deyish mumkin. Mazkur dargohdan yetishib chiqqan Arastu (mil. avv. 384–322) asos solgan ilmiy maktab esa “litsey” deb atalgan. Tarix guvohlik berishicha, Aristotelning litseyi Platonning akademiyasidan ancha katta bo‘lgan. Bu ham etimologiya paradokslaridan biri.

 

Birinchi akademiya. Garchi akademiya yunoncha so‘z bo‘lsa ham, na qadimgi Yunonistonda, na o‘sha davrdan ilm-fani rivojlana boshlagan qadimgi Xitoy va Hindistonda rasmana akademiya vujudga kelgan. Asrlar davomida olimlar ilm-fan bilan yo yakka holda, yoki ilmiy to‘garakka uyushib shug‘ullangan. Zamonaviy fanlar akademiyasiga eng yaqin tarixiy hodisa bu – Bag‘dodda xalifa Horun ar-Rashid asos solgan “Bayt ul-hikma”dir (“Hikmatlar uyi”). U o‘z idorasiga, maosh oladigan “akademik”lari va yordamchi xodimlardan (qog‘oz ta’minotchilar, kitoblardan nusxa ko‘chiruvchilar, muqovalovchi sahhoflar, tarjimonlar) iborat jamoaga ega bo‘lgan. Shveysariyalik atoqli sharqshunos Adam Mes (1869–1917) fikricha, “Musulmon Renessansi” “Bayt ul-hikma”dan boshlangan. Bag‘dod akademiyasi xalifa Ma’mun hukmdorligi davrida nash’u namo topib, umumjahon ahamiyatiga molik tarixiy hodisaga aylangan.

 

XI asrda faoliyat ko‘rsatgan Xorazm Ma’mun akademiyasi, XV asrda yulduzi porlagan Ulug‘bek akademiyasi Bag‘dodda boshlangan renessansning davomchilari sanaladi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ularning qonuniy vorisi, binobarin, eng ilg‘or jabhalarda tadqiqot o‘tkazish an’anasini davom ettirishga mas’uldir.

 

Birinchi akademiya “prezidenti”. Bag‘dod akademiyasida yuzlab olimlar faoliyat olib borgan bo‘lib, ulardan  eng  mashhuri, shubhasiz, Muhammad ibn Muso Xorazmiydir. Allomaning nafaqat “Bayt ul-hikma”dagi, balki butun saltanatdagi mavqei shu qadar yuksak bo‘lganki, ikki xalifaning taxtga o‘tirish (inauguratsiya) marosimida mo‘tabar shaxs sifatida ishtirok etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Xazar xonligiga yuborilgan elchilikka rahbarlik ham qilgan. Bu o‘rta asrlarda keng tarqalgan rasm edi – mashhur olimning elchi etib yuborilishi diplomatik missiyaning xavfsizligi va muvaffaqiyatida muhim o‘rin tutgan. Zotan, u davrlarda olimlar, ayniqsa, ko‘p til bilgan allomalarning shuhrati hozirgi nomdor futbolchilar, estrada va kino yulduzlarinikidan kam bo‘lmagan.

 

Muhammad Xorazmiy asosan matematik sifatida mashhur. Aslida u Arastudan keyingi ikkinchi universal olim – matematikadan tashqari islom Sharqida birinchi zij (trigonometrik va astronomik jadvallar), geografiyaga oid ilk ilmiy asar (“Surat ul-arz”), tarix va etnografiyaga oid kitoblar, meros taqsimlash haqidagi mukammal risola muallifidir. Afsuski, Xorazmiyning “Bayt ul-hikma”dagi rahbarlik faoliyati to‘g‘risida ma’lumot saqlanmagan. Bu ilm dargohida ko‘plab atoqli olimlar faoliyat olib borganiga tayanib, Xorazmiy rahbarlikda ham yuksak maqomga erishgan deya olamiz.

 

Yangi davr akademiyalari. XVII asrgacha fan goh u hududda, goh bu o‘lkada gullab-yashnab turgan, ammo yuksalish muttasil davom etmagan, gurkirash davri inqiroz yillariga ulanib ketgan. XVII asrda ilmiy taraqqiyot estafetasini musulmon Sharqidan Yevropa olimlari olgach, to‘xtovsiz ilgarilama rivojlanish ro‘y berdi. Bunda Frensis Bekon (1561–1626) kabi mutafakkirlarning ilmiy xulosalarni tajriba va sinovdan o‘tkazish lozimligi to‘g‘risidagi ta’limoti muhim rol o‘ynagan. Fanniy tajribalar o‘sha davrda teatr tomoshalariday ommada ham, hukmdorlar saroyida ham qiziqish uyg‘otar edi. Shu tariqa yangi davr akademiyalari paydo bo‘ldi: 1652-yilda Germaniya Milliy fanlar akademiyasi (“Leopoldina”), 1662-yilda London Qirollik jamiyati, 1666-yilda Parij (Fransiya) Fanlar akademiyasi ish boshladi. Keyinroq Peterburg Fanlar akademiyasi (1724), Daniya Qirollik jamiyati (1742), Edinburg Qirollik jamiyati (Shotlandiya akademiyasi, 1783) ta’sis etildi. Bugungi kunda Shvesiyada o‘nga yaqin akademiya yorliqli muassasa mavjud. Ulardan eng yirigi – Shvesiya qirollik Fanlar akademiyasi bo‘lib (1739), Nobel mukofoti qo‘mitasi ham shu muassasaga qarashli.

 

Osiyo qit’asida zamonaviy akademiyalar ancha keyin, Yevropadan ulgi olib ochila boshlagan: 1879-yilda Yaponiya, 1935-yilda Hindiston, 1949-yilda Xitoy va 1988-yilda Eron Fanlar akademiyasi tashkil etilgan. Koreya Respublikasida ko‘p yillar davomida fundamental fanga e’tibor berilmagan. Iqtisodiy yuksalish ma’lum nuqtaga yetgandan keyingina mamlakat fundamental fansiz taraqqiyotda xalqaro raqobatga bardosh bera olmasligi anglangan va 1995-yilda Koreya Fanlar va texnologiyalar akademiyasi tuzilgan. Aynan shu holatni Turkiya Respublikasi misolida ham ko‘ramiz: garchi mamlakat iqtisodiyoti 1980-yillardan jadal rivojlanish ko‘chasiga kirgan bo‘lsa-da, Fanlar akademiyasi 1993-yilda tashkil etilgan.

 

1943-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi faoliyat boshlagani tariximizning yorqin sahifasi, iftixorimiz manbaidir.

 

Muassasami yo klub? Bugun fanlar akademiyasi atamasi bir necha tushunchani o‘zida mujassam etadi. Boya Yevropada dastlabki akademiyalar qirollik huzuridagi jamiyat tarzida tashkil etilganini eslagan edik. Ular “xoslar majlisi” tarzida faoliyat olib borgan – akademiya a’zolari o‘z ixtirolari haqida ma’ruza o‘qigan, yangi tajribalarini namoyish qilgan. Hozir ham shu yo‘sinda faoliyat yuritadigan akademiyalar talaygina. 1863-yilda tuzilgan AQSh Fanlar akademiyasi jamoatchilik asosida ish yurituvchi, iqtisodiyot, fan va ta’lim muammolari yuzasidan hukumatga xulosa va tavsiya beruvchi maslahat organidir.

 

Fanlar akademiyasining yana bir turi XIX asrda Maykl Faradeyning elektromagnetizm, XX asrda Nikola Teslaning elektrotexnika sohalaridagi izlanishlari jamiyat hayotida ulkan inqilob yasagach vujudga kelgan. Shu davrdan akademiyalar qoshidagi laboratoriyalar ilmiy tadqiqot institutlariga aylantirila boshlagan. Keyinroq aviatsiya, materialshunoslik, yadro qurollari va energetikasi, raketasozlik, elektronika va avtomatika kabi sohalar shunday masalalarni qo‘ya boshladiki, ularni hal etmoqqa bir-ikki olimning qurbi yetmas edi. Bu bir necha sohaga mansub o‘nlab iste’dodli olimlarni yirik jamoalarga jamlashni taqozo etdi. Shu tariqa Fanlar akademiyasi kengayib, tarkibi tarmoqlanib, xalq xo‘jaligining alohida sohasiga, akademiya hay’ati esa o‘ziga xos “fan vazirligi”ga aylandi. Rossiya, Xitoy, Fransiya fanlar akademiyalari ana shu turga mansub.

 

Nega vazirlik emas, akademiya? Akademiya ma’lum ma’noda vazirlik vazifasini bajarar ekan, uni biryo‘la vazirlikka aylantirib qo‘yaqolsa bo‘lmaydimi? Ayrim mamlakatlarda shu tarzda ish tutilgan, ammo u muvaffaqiyatli chiqqan deb bo‘lmaydi. Davlat muassasasining vazifasi moliyalashtirish, boshqaruv va nazorat ekani ma’lum. Bunday yondashuv ta’lim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, transport, sanoat, hatto mudofaa sohalari uchun maqbuldir, ammo uni fanga tatbiq etish to‘g‘ri emas. Xo‘sh, ilm-fan qanday moliyalashtirilishi lozim? O‘ta murakkab va dolzarb bu savolga hozirgacha jo‘yali javob berilgani yo‘q. Masalani “Asl fan muammolarini faqat hisobot yoki ilmiy karera uchun qilinadigan yuzaki ishlardan qanday farqlash mumkin?” deya aniqroq qo‘yish mumkin. Unga turli raqam-u ko‘rsatkichlar bilan javob bermoqqa intilishlar mavjud. Bu – sifatni son bilan o‘lchashga urinish bo‘lib, besamar, hatto zararli yumushdir. Harqalay, shu yo‘sinda moliyalashirilgan ilmiy loyiha doirasida biror jiddiy matematik muammo hal etilgan emas. Mazkur xulosa Nobel mukofotiga loyiq deb topilgan fizika, kimyo va fiziologiyaga oid tadqiqotlarga ham taalluqli.

 

Ilmiy tadqiqotlarni grant tanlovi asosida o‘tkazish fanni moliyalashtirish muammosi yechimi yo‘lidagi so‘nggi yaroqli usul bo‘lib turibdi. Muammo – grant qay yo‘sin va qanday loyihalarga berilishi lozimligida. Bu rivojlanayotgan mamlakatlardagi kabi bizda ham byurokratik usulda amalga oshirilmoqda. (Byurokratiya deganda, qat’iy nizom, raqamlar va ko‘rsatkichlarga asosan boshqarish usuli nazarda tutilmoqda.) Oqibatda grantlar kechagi, nari borsa bugungi kun natijalariga qarab ajratilayotir. Holbuki, fan aslan kechagi kunni dialektik rad etish asosida rivojlanadi. Fanni byurokratik usullarda boshqarish va nazorat etish bilan murod hosil bo‘lmaydi, bu hatto teskari natijaga olib keladi. Ilmdagi eng salmoqli yutuqlar uzoq yillik izlanishlar natijasida qo‘lga kiritiladi. Masalan, 2023-yilda fizika sohasida Nobel mukofoti berilgan uch fizikdan biri – Enn Lyuile lazer impulslarini tezkor fotografiyaga asos qilib olish mumkinligi haqidagi g‘oya ustida yigirma yil ishlagan ekan. Grantbop loyihalar esa asosan qisqa muddatni ko‘zda tutadi, hatto yarim yil o‘tmay hisobot talab etiladi. Bu esa tadqiqotchilarni avvalroq ishlana boshlagan yoki qisqa muddatda natija kafolatlanadigan mavzularda loyiha taqdim etishga undaydi. Natijasi oldindan rejalashtirilgan yoki kafolatlangan tadqiqotlar fundamental ahamiyat kasb etmaydi. Ilm-fan xazinasini boyitadigan zalvarli natijalar avvaldan rejalashtirib bo‘lmaydigan, olimning butun vujudi ila, dunyoni unutib olib boradigan izlanishlari natijasida, gohida tilsimli tarzda yuzaga chiqadi.

 

Akademikning ilmiy faoliyatini boshqarish va nazorat qilishni vazirlik yoki boshqa ma’muriy organ xodimiga topshirish ham oqilona ish emas. Fanlar akademiyasining bosh vazifasi – yuksak iqtidorli, katta ilmiy maktablarni ko‘rgan, ilm ufqlariga nazar sola oladigan, fundamental muammolarni fundamentalnamo ishlanmalardan, chuqur ilmiy natijani sayozidan, o‘tkinchisini istiqbollisidan farqlashga qodir, xolislik va halollik prinsiplarida sobit tura biladigan olimlarni yagona jamoaga uyushtirish, tizimga ochiq, tanqidiy ruhdagi muhokama va hisobot asosida rahbarlik qilishdir. Shunday akademiyagina yashashga haqli!..

 

Qaltis savol. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ana shu funksiyani bajara olyaptimi? Bu borada nuqtai nazarlar turlicha bo‘lishi tabiiy. Kamina fikricha, faoliyat ko‘lami talab darajasida emas. Buning bir necha sababi bor.

 

Birinchidan, 1997-yildan 2017-yilgacha akademiya a’zoligi uchun saylov o‘tkazilmagani sababli akademiklarning o‘rtacha yoshi 60 dan ancha yuqorilab ketgan edi. Fanda inqilobiy ixtirolar esa aksar hollarda 3040 yoshlarga to‘g‘ri keladi.

 

Ikkinchidan, sho‘ro davrida akademiya va akademiklar katta imtiyozlar va mavqega ega ediki, buning oqibatida saylovlarda tarafkashlik, guruhbozlik illati ildiz otgan, munosib olimlarni saylash o‘rniga, saviyasi haminqadar bo‘lsa-da “o‘ziga qarashli” kishilar uchun ovoz yig‘ish avj olgan, hatto fitnalar kuzatilgan. (Bu hodisa akademik Vosil Qobulovning kundaligida bayon qilingan. Afsuski, u hamon nashr etilganicha yo‘q.) Misol uchun, nazariy fizika sohasida dunyo e’tirof etgan olim Fathulla Abdullayev akademiyaga saylovda ikki marta “yiqitilgan” edi. 2017-yilgi saylov bunday illatdan deyarli xoli bo‘lganini ta’kidlash lozim. Bundan keyin ham akademiya o‘z safini eng iqtidorli olimlar bilan to‘ldirishga qaratilgan nizomga og‘ishmay amal qiladi, deya umid bildiramiz.

 

Uchinchi sabab – 2000-yillardan “O‘zbekiston uchun akademiya ortiqcha hasham, daxmaza, byudjetga yuk” degan nuqtai nazar ustuvor bo‘lib, tizim keskin qisqartirila boshladi. Bu esa butun ilmiy jamoada tushkunlik uyg‘otdi, kuchli olimlarning xorijga ketishi yoki serdaromad sohalarga o‘tishini kuchaytirdi. Vaholanki, akademiyaga bunday munosabat “O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat” shioriga mutlaqo zid edi. Hatto Afrika mamlakatlarida akademiyalar tashkil etilayotgan edi, axir. Fan-texnika ravnaqi – yuksak taraqqiyotning eng muhim omillaridan ekani kundek ravshan.

 

2017-yilda vaziyat keskin o‘zgardi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ilmga, ayniqsa, akademiyaga bo‘lgan e’tibori tufayli mamlakatimiz fani ustidagi “qora bulutlar” tarqalib, mo‘tabar dargohning maqom-mavqei tiklandi. Ilmiy-tadqiqot institutlarini moliyalashtirishning bazaviy stavkasi byudjetdan qoplanishi olimlarimizga tom ma’noda fundamental tadqiqotlar ustida ishlashga imkon yaratdi.

 

Hozirda davlat grantlari ko‘paytirilgan. Illo grant bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish innovatsiya uchun mas’ul vazirlikka topshirilgani bahsli bo‘lib qolayotir. Amaliy va innovatsion loyihalar uchun bu yondashuv to‘g‘ridir, ammo fundamental loyihalar uchun maqbul emas.

 

Fundamental loyihalarni Fanlar akademiyasi tomonidan moliyalashtirish tizimiga qaytish zarur.

 

Grant uchun taqdim etilgan loyihalarni ham, ularning hisobotlarini ham akademiyaning umumiy majlisida muhokama qilish – fundamental tadqiqotlar sifatini ta’minlovchi samarali yo‘ldir. Bunday muhokamalar xolis va prinsipial tanqidiy ruhda o‘tishi lozim, albatta.

 

Fan va kelajak. Agar jamiyat buguni va ertasinigina o‘ylasa, akademiyaga hojat yo‘q. Amaliy fanlar xalq xo‘jaligi sohalariga mansub ilmiy tadqiqot va loyihalashtirish institutlarida, nazariy fanlar esa universitetlarda ravnaq topaveradi. Oliy ta’limga kiritilgan sarmoya besh-o‘n yilda, umumiy ta’limga sarflangan investitsiya o‘n besh-yigirma yilda natija bera boshlaydi. Amaliy fanga ajratilgan investitsiya ham qisqa muddatda samara berishi mumkin. Fundamental fanga sarflanadigan mablag‘ga kelsak, u qachon hosil berishini hatto prognoz qilib bo‘lmaydi. Shunga qaramay, kelajagi haqida qayg‘uradigan davlat fundamental fanga e’tibor qaratishi shart. Xo‘sh, bu yerda ziddiyat yo‘qmi? Bizningcha, yo‘q. Adabiyot va san’atning jamiyatdagi o‘rnini pul bilan o‘lchab bo‘lmagani singari, Fanlar akademiyasi, umuman, fanning millat salohiyatini ro‘yobga chiqarishdagi o‘rnini ham moddiy xarajat bilan baholab bo‘lmaydi. Zamon shiddat-la o‘zgarmoqda, ilmiy-texnik taraqqiyot ertaga qanday yangiliklarga ro‘baro‘ qiladi – tasavvur etmoqqa taxayyul ojiz. Millatni kelajakka hozirlovchi asosiy vositalardan biri esa, dunyoning ilg‘or ilmiy markazlari bilan bo‘ylasha oladigan akademiyadir. Aks holda, mamlakat ilmiy-texnik qaramlikka duch kelishi mumkinki, uning qarshisida siyosiy va iqtisodiy tobelik hech narsa emas. Obrazli qilib aytganda, Fanlar akademiyasini munosib tarzda ravnaq toptirish – millat uchun farzi kifoyadir.

 

Akademiya va amaliyot. Albatta, akademiya faoliyati faqat fundamental fanlar bilan cheklanib qolmaydi. Har bir ilmiy muassasa imkon qadar olinayotgan natijalar tatbiqi bilan, imkon bo‘lmagan taqdirda tayin amaliy masalalarni hal etish bilan ham shug‘ullanishi darkor. Bunda harakat “fan – ishlab chiqarish” emas, “ishlab chiqarish – fan” yo‘nalishida yuritilishi kerak. Chunki ishlab chiqaruvchilarning buyurtmasi asosida taqdim etiladigan, amaliy va innovatsion muammolar ustida tadqiqot olib borayotgan muassasalar bilan Fanlar akademiyasi institutlarining hamkorlikdagi loyihalari ko‘proq va tezroq samara beradi. Intellektual mulk agentligi, innovatsiyalar idorasi ilmiy tadqiqot muassasalari bilan xalq xo‘jaligining real sektorlari o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tashi lozim. Bu ishga Vazirlar Mahkamasi bosh-qosh bo‘lsa ayni muddao...

 

Akademiya va “O‘zbek sovet ensiklopediyasi”. Birinchi milliy ensiklopediyaning nashr etilishi (1971–1980-yillar) O‘zbekiston Fanlar akademiyasining salmoqli yutug‘i bo‘ldi. “O‘zbek sovet ensiklopediyasi” Bosh redaksiyasi aynan Fanlar akademiyasining bo‘limi sifatida tashkil etilgan, akademiya Hay’ati esa nashrga mas’ul etib tayinlangan edi. Akademiya vitse-prezidenti Ibrohim Mo‘minov (to vafotigacha) bosh muharrir bo‘lgan, turli sohalar bo‘yicha redaksiyalarga ham akademiya a’zolari rahbarlik qilgan. Bosh tahririyatga 150 dan ziyod mahoratli muharrirlar, qilqalam olimlar va boshqa mutaxassislar (bezakchi-rassom, texnik muharrir, fotograf, retushyor, kartograf, bibliograflar) jalb etilgan. Mushtariylar ensiklopediya maqolalari nashrga qanday tayyorlanganini tasavvur qilishlari uchun birgina dalil keltiramiz: matematika redaksiyasi rahbari, akademik Sa’di Sirojiddinov tahririyat a’zolarini oyda bir kun o‘z xonasiga yig‘ar, tayyorlangan har bir maqola o‘qilib muhokama qilinar, shu tariqa so‘zlik to‘ldirib borilar edi.

 

Sho‘ro mafkurasi sharoitida yaratilgan ensiklopediyaning har bir maqolasi “Glavlit” atalmish senzura organi chig‘irig‘idan o‘tar edi. Masalan, birinchi jild uchun “Amir Temur” degan maqolani shaxsan I.Mo‘minov yozgan edi. Uni o‘qigan mafkurachilarning kapalagi uchgan. Masala hatto Markazqo‘mda muhokama qilinib, bosh muharrirga hayfsan e’lon qilingan. Maqolaning o‘zi ancha-muncha qaychilanib, birinchi jilddan boshqa jildga o‘tkazilgan. Bunday tazyiqlarga qaramay, I.Mo‘minov rahbarligidagi Bosh tahririyat O‘zSEga ancha-muncha milliy ruh singdira olgan. Uning jildlarini varaqlagan o‘quvchi bunga ishonch hosil qiladi.

 

Mamlakat fani va obro‘si uchun kurashgani sabab hukmron mafkura qahriga uchragan Habib Abdullayev, Ibrohim Mo‘minov, Sa’di Sirojiddinov kabi fidoyi akademiklar – millatimiz iftixoridir.

 

Milliy ensiklopediya muammosi. O‘tish davri iqtisodiy tala­to‘plari sharoitida ensiklopediya Bosh tahririyati Fanlar akademiyasi tuzilmasidan chiqarilib, Matbuot davlat qo‘mitasi ixtiyoriga o‘tkazildi, shtat jadvali ham, nashr budjeti ham keskin qisqartirildi. Natijada mustaqil O‘zbekistonning birinchi ensiklopediyasi ko‘p qiyinchiliklar bilan chop etildi, “Bobur ensiklopediyasi”ni tayyorlashga esa nashriyotning imkoniyati yetmadi. Alaloqibat nashriyot yopib yuborildi. Fanlar akademiyasi tarkibida va uning rahbarligi ostida “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Bosh tahririyati tiklanmog‘i darkor. Yangilanayotgan O‘zbekiston hayotining hamma qirralarini to‘liq aks ettiradigan milliy ensiklopediya tahririyatini yo‘lga qo‘yish, uni muntazam (har o‘n yilda bir) nashr etish zarur. Bugungi globallashuv davrida mamlakatimizning xalqaro mavqei, hech shubhasiz, ensiklopediyaga ham bog‘liq. Qiyoslash uchun, AQSh ensiklopediyasi (“World book”) har yili qayta chop etiladi, avvalgi nashrlari esa xorijiy davlatlarning ta’lim muassasalari va kutubxonalariga bepul tarqatiladi. Uning to‘liq jildlar yig‘masi O‘zbekistonning ko‘plab ta’lim muassasalari va kutubxonalariga ham hadya etilgan. Garchi “Dunyo kitobi” deb atalsa-da, unda asosan AQSh va Kanada hayot tarzi, ideallari, qahramonlari, siyosiy tuzumi va erishgan muvaffaqiyatlari targ‘ib qilinadi. Anglash qiyin emaski, bu nashrning ta’siri havo kemasinikidan kam emas. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”ning yangi nashrlari o‘zbek va ingliz tillarida, boy va ta’sirchan mazmun, yuksak poligrafik sifat bilan chiqarilib, mamlakatimizdagi xorijiy elchixonalar, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari hamda Markaziy Osiyo tadqiqotlari yo‘lga qo‘yilgan xorij universitetlariga tarqatilsa qanday soz bo‘lur edi!..

 

Xalqaro e’tirof va yutuqlar. Bundan 80 yil muqaddam tashkil topgan akademiyamiz uzun yo‘lni bosib o‘tdi. U erishgan yutuqlarni sanab adog‘iga yetib bo‘lmasa kerak. Namuna keltirish kerak bo‘lsa, tabiiy fanlar yo‘nalishida Toshkentda zilzilabardosh inshootlar mexanikasining nazariy asoslari ishlab chiqilib, hayotga tatbiq qilinganini alohida qayd etish lozim. Bu boradagi ishlanmalar poytaxtimizda metropoliten, ko‘pqavatli uylar va ulkan inshootlar qurishga ilmiy asos bo‘ldi. Yadro fizikasi instituti reaktorlarida tibbiyot uchun radioizotoplar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgani ham katta yutuqdir. 1986-yilda Xalqaro Bernulli jamiyatining birinchi kongressi O‘zbekiston poytaxtida o‘tkazilgani va unda 50 ga yaqin mamlakatdan 600 dan ziyod olim qatnashgani ehtimollar nazariyasi va matematik statistika sohasida Toshkent ilmiy maktabining jahondagi mavqeini yaqqol namoyish etgan edi.

 

Ijtimoiy-gumanitar fanlar yutuqlari sifatida o‘zbek sharqshunoslari tomonidan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek kabi allomalarning buyuk ilmiy merosi nashr etilganini ta’kidlash joiz.

 

Atom energetikasi haqida muxtasar fikr. Mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot muttasil o‘sib borayotgan ekan, elektr energiyasiga ehtiyoj undan-da tezroq ortadi. Iqtisodiyot qonuni shu. Yurtimizda elektr energiyasi asosan gaz va ko‘mir yoqish yo‘li bilan issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqarilmoqda. Bu – cheklangan usul, zotan, gaz va ko‘mir qazib olishni uzluksiz oshirib bo‘lmaydi. O‘zbekiston – serquyosh o‘lka, ammo quyosh energiyasidan elektr olishning ijobiy tomonlari bilan birga salbiy jihatlari ham yo‘q emas. Ulardan eng asosiylari – quyosh panellariga nisbatan akkumulyatorlarning qimmatligi, ishlash vaqti nisbatan qisqaligi va muddati o‘tab bo‘lganlarini utilizatsiya qilish oson emasligi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida o‘tkazilgan uchrashuvda atom elektr stansiyasi istiqbolli soha ekani, 25 foizgacha elektr energiyasi AESlarda olinishiga erishish mumkinligini ta’kidlagan edi. Bu yo‘lda dastlabki qadamlar qo‘yildi. Afsuski, fizikadan yiroq sohalar vakillari OAV orqali bu g‘oyani tanqid qilib kelmoqda. Ularning da’vosicha, “AES xavfli, Chernobildagidek fojia yuz berishi mumkin”. Taassufki, ilmiy jamoatchilik, xususan, fizik akademiklar “toshbo‘ron”ga uchrashdan cho‘chidimi, bu sira iddaolarga javob bermadi. Bizningcha, AESlarni bir tomonlama tanqid qiluvchilar nohaq. Birinchidan, Chernobil va Fukusima fojialari “AES xavfli” ekani emas, balki loyihalashtirish va tasarruf etishdagi xatolar oqibatida yuz bergan. (Chernobilda shirakayf xodim reaktordagi jarayonni sekinlashtirish tugmasi o‘rniga tezlashtirish tugmasini bosib yuborgan. Fukusima stansiyasi esa ko‘rfazda qurilgan. Ma’lum bo‘lishicha, okean to‘lqini ko‘rfazga kirganda kuchayadi.) Elektr energiyasi olishning eng keng tarqalgan vositasi GESlar ekani ma’lum. Ammo 2009-yili Rossiyadagi Sayan-Shusha GESida falokat ro‘y berdi-ku, xo‘sh, GESga qarshi ham kurashish kerakmi?! Yoki issiqlik elektr stansiyasi xodimining yanglish harakati bilan favqulodda xatarli hodisa ro‘y bermaydimi? Yurtimiz seysmik faol hududda joylashgan, biroq Yaponiya bizdan-da ko‘p va kuchli zilzilalar vatanidir. Shunga qaramay, Kunchiqar o‘lka atom energetikasini rivojlantirishdan to‘xtagani yo‘q.

 

Ikkinchidan, yurtimizda uran konlari bisyor. Ko‘mir va gazdan farqli uranimiz zaxirasi yuz yillarga yetadi. Shunday boyligimiz bo‘laturib, undan foydalanmasak, hayhotdek tomorqasiga bitta cho‘p suqishga ham yaramaydigan dehqonga o‘xshab qolmaymizmi?!

 

AES to‘g‘risida so‘z borganda yana bir omilni nazarda tutish lozim – to‘rtta blokli stansiya mamlakatimizdagi gaz yetishmovchiligini to‘liq bartaraf etishi mumkin. To‘g‘ri, AES ko‘p miqdorda chuchuk suv sarflaydi. Ammo boshqa tomondan u suvni chuchuklashtiruvchi qurilmalar ichida eng samaralisidir. Hududlarimizda sho‘rlangan yerosti suv zaxirasi ko‘pligi hisobga olinsa, AES chuchuk suv muammosini hal etishda ham muhim o‘rin tutadi.

 

Uchinchidan, AES loyihasini tanqid qilayotganlar o‘zbek yadrochi fiziklarining ilmiy salohiyati va tajribasidan bexabar bo‘lsa kerak. Ko‘plab fiziklarimiz Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlikda mutaxassis bo‘lib ishlagan. BMT qoshidagi mazkur tuzilma aynan AESlar tasarrufi va xavfsizligini nazorat qiladi. Akademik Behzod Yo‘ldoshev esa yetakchi olimlar qatorida Yevropa yadro tadqiqotlari markazining (CERN) Higgs zarrasini aniqlash tajribasida ishtirok etgan.

 

Sirasi, O‘zbekistonda yadro fizikasi va yadro energetikasini rivojlantirish uchun kadrlar va xomashyo bazasi yetarli.

 

Akademiya salohiyatining timsoli. Maqolani akademiyamiz ilmiy salohiyatini ko‘rsatuvchi ramziy dalil bilan yakunlaymiz. Geologlarimiz tomonidan O‘zbekiston tog‘laridan fanga avval ma’lum bo‘lmagan nodir minerallar topilgan. Jumladan, xamrabayevit – akademik Ibrohim Hamroboyev (1920–2002), mavlyanovit esa akademik G‘ani Mavlonov (1910–1988) nomi sharifi bilan atalgan. Bundan tashqari, Samarqand yaqinidan topilgan yana bir mineralga avitsennit degan nom berilgan. O‘zbek fani shon-shuhratini olamga yoyadigan bu kabi dalillar boshqa yo‘nalishlarda ham oz emas. Yutuqlar yil sayin ko‘payib borishi shaksiz. Yosh olimlarimiz ustoz-u salaflari ishini davom ettirishiga ishonchimiz komil.

 

Abdulla A’ZAM

 

Tafakkur” jurnali, 2023-yil 4-son.

“Donish uyi” maqolasi

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

2 Izohlar

Anarbayev Abdulhamid

18:01 / 25.01.2024

Men, Abdulla A'zam fikriga to'liq qo'shilgan holda quyidagilarni ta'kidlamoqchiman: birinchidan, Respublika Prezidenti Shavkar Mirziyoyevning Fanlar akademiyasini bazaviy stavkasini byudjetdan qoplashga o'tkazgani qolishi kerak; ikkinchidan, Innovasiya agentligi tomonidan berilayotgan grantlardan fundamental grantlar berishni Fanlar akademiyasi ixtiyoriga berilsa yaxshi bo'lardi.

Sherali Kuldashev

08:01 / 19.01.2024

Академик олимимиз Абдулла Аъзамовнинг фикрлари қайсидир маънода Республика Раҳбариятини Фанлар академиясининг истиқболига янада эътибор қаратади, деган умиддаман. Фанлар академиясига Фундаментал лойиҳаларни тайёрлаш ва унинг амалиёти учун имкониятларни қайта кўриб чиқиш лозим. Айниқса, ишлаб чиқариш тизими билан алоқаларни кенгайтириш керак.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19329
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16420
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi