Yuzlab tanklar, samolyotlar va raketa komplekslari. Milliy qurolli kuchlarimiz tarixi va buguni


Saqlash
17:01 / 12.01.2024 1102 0

 

Mustaqil O‘zbekistonda 14-yanvar milliy qurolli kuchlari tashkil etilgan kun sifatida nishonlanadi. 1992-yilning shu kuni O‘zbekiston Oliy Kengashi “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o‘quv muassasalari to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi va bu qarorga binoan respublika hududida joylashgan barcha harbiy tuzilmalar O‘zbekiston respublikasi yurisdiksiyasiga o‘tkazildi. Milliy armiyamizning tarixi va bugungi kundagi qudrati qanday?

 

O‘zbek o‘rdusi tarixi?

 

Markaziy Osiyo zaminida eng qadimgi davrlardanoq harbiy tuzilmalar tashkil etilgan. Ular asosan himoyalanish uchun, ba’zida esa hujum maqsadida yig‘ilgan. Bugungi kunda milliy armiyamiz tarixiy meroslarga ko‘p ham murojaat qilmayotgan bo‘lsa-da, o‘zbek armiyasi boy tarix va an’analarga ega. Ammo negadir SSSR qizil armiyasidan ajralgan kun — 14-yanvar O‘zbekiston Qurolli kuchlari tashkil topgan kun deb hisoblanadi va nishonlanadi.

 

Qardosh davlatlardan Ozarboyjon o‘z qurolli kuchlari tashkil topgan sana sifatida 1918-yil 26-iyunni belgilaydi. Shu kuni Ozarboyjon demokratik respublikasi (ODR) o‘z qurolli kuchlarini tuzish haqida qaror qabul qilgan. Turkiya esa o‘z harbiy tarixini yanada o‘tmishga, Xunnlar davlatiga bog‘laydi.

 

O‘zbek qurolli kuchlari ildizini ham xunnlar yoki Buyuk Turk xoqonligi davridan boshlash mumkin. “Turk” so‘zi tarixda nafaqat xalq nomini, balki “jangchi”, “harbiy”, “chavandoz” ma’nolarini ham bildirgan. Chunki qadimgi turkiylar juda jangovar, chavandozlikda tengsiz xalq bo‘lgan. Markaziy Osiyoda keyinchalik tashkil topgan turkiy davlatlar armiyasida ham ushbu jihat — qo‘shinlarning yengil qurollangan otliqlarga qattiq suyanishi odati saqlanib qolgan. O‘zbek zaminida tashkil topgan davlatlar, hatto Turkiston Muxtoriyati armiyasida ham otliqlar asosiy kuch bo‘lgan.

 

 

Somoniylar sulolasining eng qudratli hukmdori Ismoil Somoniy X asrda yaxshi qurollangan, muntazam harbiy qo‘shin va turkiy qismlardan iborat maxsus saroy qo‘shinini tuzgan. Turkiy qo‘shinda aylboshi (otliq bo‘linma boshlig‘i), hojib (general) lavozimlari mavjud bo‘lib, hojiblar boshlig‘i hojib ul-hujob yoki hojib ul buzruk deb atalgan va bu unvon Somoniylar saroyidagi oliy unvon bo‘lgan. Bulardan tashqari yurishlar paytida to‘planuvchi xalq lashkarlari ham mavjud bo‘lgan.

 

Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar va Xorazmshohlar davlatlari qo‘shinlarida ham otliqlar asosiy harbiy kuch bo‘lishda davom etgan. Biroq bu davlatlar muntazam armiyalarga emas, yurishlar paytida to‘planuvchi xalq lashkarlariga ko‘proq tayangan.

 

 

Chingizxon bosqini Markaziy Osiyodagi harbiy tizimga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, mo‘g‘ullar hukmronligiga chek qo‘yib, o‘zbek qurolli kuchlari tarixidagi eng katta, muvaffaqiyatli janglarni o‘tkazgan Amir Temur lashkari Chingizxon qo‘shinidagi harbiy tizimdan nuxsa olgan.

 

Atoqli tarixchi olim Bo‘riboy Ahmedov o‘zining “Sohibqiron Temur” kitobida shunday yozadi: “Temur va Temuriylar qo‘shini jangovar tuzilishi jihatdan O‘g‘uzxon va Chingizxon qo‘shiniga o‘xshash edi. U otliq va piyoda qismlardan iborat bo‘lib, o‘nlik, yuzlik, minglik va tumanlarga bo‘lingan. Lashkar faqat harbiy yurishlar oldidan to‘plangan”.

 

Chingizxon o‘ziga bo‘ysungan urug‘ va qabilalar, uluslar urush paytida tezda yasolda o‘z o‘rinini egallashi uchun ularni o‘nlik, yuzlik, minglik va tumanlarga bo‘lib chiqqan (mo‘g‘ulcha: aravt – o‘nlik; zuut – yuzlik; myangat – minglik; tүmt –tuman, o‘n minglik). Bu atamalar Chig‘atoy va Jo‘ji ulusi (Oltin O‘rda)da o‘nboshi, yuzboshi, mingboshi, tumanboshi shakllarini olgan. Chingizxon o‘rnatgan bu tartibdan temuriylar, boburiylar va boshqalar foydalangan.

 

Masalan, Amir Temur o‘rdusida ham o‘nboshi (aylboshi), yuzboshi (qo‘shinboshi), ming boshi (mirihazora), tumanbegi (tuman og‘a), beklarbegi, amirul-umaro va boshqa harbiy lavozimlar bo‘lganligi ma’lum. O‘zbekiston armiyasi tarixidagi Amir Temur davri eng shonli bosqichlardan biridir.

 

 

O‘zbek xonliklari davrida hukmdorlar xalq lashkarlariga yanada ko‘proq suyangan. Oz sonli muntazam qo‘shin xon va uning a’yonlari hamda shaharlar osoyishtaligini qo‘riqlagan.

 

Shunday bo‘lsa ham o‘zbek xonliklari armiyasi juda katta harbiy muvaffaqiyatlarga erishgan (masalan, ajoyib jangavor taktika — to‘lg‘ama yaratilgan). Misol uchun, shayboniy Ubaydullaxon va Muhammad Temur Sulton o‘ng mingdan ortiqroq o‘zbek qo‘shini bilan ulardan to‘rt-besh baravar ko‘proq bo‘lgan Safaviylar lashkarini mag‘lub etgan. Shuningdek, Abdullaxon II davrida Buxoro xonligi o‘rdusi yuksak jangovarlik ruhiga ega bo‘lgan va katta g‘alabalarga erishgan.

 

O‘zbek qo‘shinining yana bir mardonavor g‘alabasi 1598-yilda, 70-80 minglik qozoq qo‘shini Buxoroni qamal qilganida sodir bo‘lgan. Buxoro shahrida o‘n mingdan ko‘proq askar bo‘lgan va ular dushmandan samarali himoyalanib, o‘zlaridan bir necha barobar ko‘p dushmanga qo‘qqisdan zarba berib, ularni chekinishga majbur etgan va vatan ozodligini saqlab qolgan.

 

Ushbu o‘ta muvaffaqiyatli g‘alabalar va Boburning Hindistonda erishgan yutuqlari o‘zbek armiyasi Amir Temurdan keyin ham zafarli davr yarata olganini ko‘rsatadi.

 

Buxoro amiri Nasrullo o‘zbek armiyasi tarixida ayniqsa, muhim o‘rin tutadi. U otasi amir Haydar davrida boshlangan muntazam armiya — “navkariya” tuzish ishini davom ettiradi. Xususan, ilk bor yaxshi oylik maosh to‘lanuvchi, yagona harbiy forma va ichki tartib tizimiga ega, zamonaviy armiya tuzadi.

 

 

Amir Nasrullo armiyasida 2 yarim ming sarboz doimiy harbiy bilimlar olgan va umumiy harbiy formaga ega bolgan. Ushbu forma qizil kitel, oq shalvar va qalpoqdan iborat bo‘lgan. Ular nayzali miltiq, to‘pponcha va qilich bilan qurollangan.

 

Shuningdek, amir Nasrullo ilk bor to‘pchilar qo‘shinini tuzgan va xorijdan to‘pchi mutaxassislarni jalb qilgan. Shaharda to‘p quyish ustaxonasi ochilgan.

 

Ushbu muntazam armiya uchun shahar chekkasidan maxsus “shaharcha” barpo qilingan. Bu shaharcha keyinchalik “Sarbozxona” deb atalib, 800 uydan iborat bo‘lgan.

 

Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, amir Nasrullo ilk bor Usmoniylar namunasidagi harbiy orkestr ham tuzgan edi. To‘pchilar qo‘shini tarkibida 14 nog‘orachi va 14 surnaychi, piyoda qo‘shindagi har yuzlikda 2 ta dovulchi, 4 ta surnaychi va 6 ta burg‘uchi sozanda bo‘lgan.

 

 

O‘zbek xonliklarida iqtisodiy hayot og‘irligi, sanoat va savdo yaxshi rivojlanmagani bois, muntazam, tajribali katta armiyani saqlab turish juda qiyin bo‘lgan va hukmdorlar urush paytidagina to‘planuvchi, jangovar tajribaga ega bo‘lmagan xalq lashkariga suyanishda davom etgan.

 

Bu esa o‘zbek qo‘shinlarining qattiq qarshilik ko‘rsatishga qaramasdan zamonaviy, tajribali va muntazam Rossiya armiyasidan mag‘lub bo‘lishiga olib kelgan.

 

Turkiston Muxtoriyati, Buxoro va Xorazm xalq sovet respublikalari o‘zlarining mustaqil, intizomli va muntazam armiyasini tuza olmagan bo‘lsa-da, bu yo‘lda qadamlar tashlagan.

 

Jumladan, 1918-yilning 9-yanvar kunini Turkiston Muxtoriyati armiyasi tashkil etilgan kun sifatida belgilash mumkin. Shu kuni Turkiston Muxtoriyati askarlari ishtirokida birinchi harbiy namoyish oʻtkaziladi. Unda Turkiston Muxtoriyati askarlarini harbiy nozir Ubaydulla Asadullaxoʻjayev oʻzi va yangi hukumat nomidan tabriklab, “Sizlar Turkiston Muxtoriyatining birinchi qahramonlari boʻldilaringiz, bunga faxrlansangiz arziydi, chunki sizlar vatanga birinchi marta oʻz ixtiyoringiz bilan askar boʻldingiz. Men sizlarni muxtoriyatli Turkiston hukumati aʼzolari nomidan tabriklab qolaman”, deya Turkiston yoshlarining vatanparvarlik hissini uygʻotuvchi nutq soʻzlaydi. O‘sha kungi qurollangan qoʻshin soni 500 kishini tashkil etgan, shundan 200 tasi otliq askarlar bo‘lgan.

 

BXSR va Xorazm XSR hukumatlarida ham harbiy nozirliklar tuzilib (Buxoro va Xorazm qizil armiyasi), ularga nozirlar (Buxoroda Bahouddin Shahobidinov, Xorazmda Shayxutdin Hasanov) tayinlangan.

 

Keyinchalik BXSR va Xorazm XSR qizil armiyalari O‘zbekiston SSR tuzilishi munosabati bilan Turkiston fronti tarkibiga o‘tkazilgan.

 

Buxoro amirligi askarlari

 

Bugungi kundagi o‘zbek armiyasi

 

Hozirgi kunda O‘zbekiston armiyasi dunyoning zamonaviy armiyalaridan biri hisoblanadi. 2022-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, milliy o‘rdumiz ixtiyorida 420 ta tank, bir ming ikki yuzdan oshiq zirhli mashinalar, yuzga yaqin raketa kompleksi va vertolyot, ikki yuzga yaqin harbiy samolyotlar mavjud.

 

Samolyotlarning 60 tasi qiruvchi, 20 tasi hujumkor-shturmchi, 18 donasi transport va 7 donasi o‘quv uchoqlaridir. 99 vertolyotning 33 tasi jangavor hujumkor vertolyotlar. O‘zbekiston havo mudofaasi qo‘shinlari va havo kuchlari tarkibi MiG-29 qiruvchilari, Su-25 hujumkor samolyotlari, Il-76, Airbus C-295W CASA harbiy transportlari, qolaversa, Airbus H-125, Airbus H-215, Mi-24 i Mi-35 havo kemalaridan iborat. Shu bilan birga, yaqinda O‘zbekiston havo kuchlarida Turkiyaning “Bayroqdor” harbiy dronlari mavjudligi ham ma’lum bo‘ldi, ammo ularning soni noma’lum.

 

 

Global Firepower Index-2023 ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston armiyasi 197 dona o‘ziyurar, 60 dona og‘ir artilleriyaga ega.

 

Xuddi shu indeks ma’lumotlariga tayanilsa, O‘zbekistonda harbiy xizmatchilarning umumiy soni 65 ming nafarni tashkil etadi. Shundan faol askarlar ulushi — 55 ming nafar, harbiylashtirilgan tuzilmalar esa 10 ming nafarga teng. Solishtirish uchun bu miqdor Qozog‘istonda 77 mingni, Tojikistonda — 16,5 mingni tashkil qiladi.

 

O‘zbekistonning fuqarolarni harbiy xizmatga safarbar qilish salohiyati 13 mln 595 ming nafarga teng. Harbiy chaqiruv yoshidagilar esa 622,8 ming.

 

 

O‘zbekiston 145 davlat qatnashgan Global Firepower Index-2024 reytingida 65-o‘rinni egallagdi, vaholanki 2021-yilda O‘zbekiston 54-o‘rinni band qilgan edi.

 

Reytingdagi ma’lumotlar ko‘ra, O‘zbekistonning 2024-yilgi Mudofaa byudjeti qariyb 10 trillion so‘mni (qariyb 796 million AQSH dollari) tashkil qilgan. Bu borada O‘zbekiston jahon mamlakatlari orasida 95-o‘rinni egallagan.

 

Shunday qilib, O‘zbekiston armiyasi 2023-yilda Markaziy Osiyodagi eng kuchli armiya maqomidan ayrildi. Qozog‘iston nafaqat O‘zbekistonni, ballki Belorus va Ozarboyjonni ham quvib o‘tib, sobiq sovet davlatlari orasida uchinchi o‘rin bo‘ldi. O‘zbekiston esa oltinchi o‘ringa tushib qoldi.

 

 

O‘zbekistonning reytingda pastlashi Rossiya-Ukraina urushidan so‘ng ko‘plab davlatlarning sergak tortishi va o‘z mudofaasini kuchaytirishga jiddiy e’tibor qarata boshlagani bilan bog‘liq. 2024-yilda dunyoda qurollanish yanada kuchayishi taxmin qilinmoqda va O‘zbekiston ham bu tendensiyadan chetda qolmasligi aniq.

 

Muhammadqodir Sobirov,

 

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16809
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi