O‘zbekiston nomi qachon paydo bo‘lgan?


Saqlash
11:01 / 12.01.2024 5924 2

Joriy yil jahon tarixida O‘zbekiston nomli dunyoviy davlat tuzumiga ega ma’muriy birlik tashkil etilganiga 100 yil to‘ladi. Ya’ni, 1924-yil 27-oktabr kuni SSSR tarkibida amaldagi Xorazm va Buxoro Xalq Sovet Respublikalari hamda Turkiston ASSR negizidagi yagona ma’muriy birlik – O‘zbekiston SSR tashkil qilingan va bu ittifoqdosh respublika yettita viloyat (Samarqand, Zarafshon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Toshkent) va Tojikiston ASSRdan iborat bo‘lgan. 1929-yilda Tojikiston alohida ittifoqdosh respublika sifatida O‘zbekistondan ajralib chiqadi. Dastlab Xorazm SSR va Turkiston ASSR tarkibida bo‘lgan Qoraqalpog‘iston 1936-yilda yana O‘zbekistonga qaytariladi. Shu tariqa O‘zbekiston chegaralarining bugungi konturi yuzaga keladi. (Keyinchalik ham O‘zbekiston SSRning ma’muriy birliklari soni va chegaralari ittifoqdosh respublikalar o‘rtasida hududlar almashinuvi natijasida o‘zgarib turgan. Tan olib aytish kerak, 1991-yil 31-avgust kuni o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston Respublikasi bir paytlar sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan O‘zSSRning siyosiy vorisi sanaladi. Ammo, to 1924-yilgacha O‘zbekiston degan so‘zning o‘zi yo‘q edi, desak to‘g‘ri bo‘lmaydi.)

 

O‘zbeklar dunyoda o‘zining olis tarixiga ega bo‘lgan xalqlardan biri. “O‘zbek” nomi etnonim sifatida nisbatan kechroq iste’molga kiritilgan bo‘lsa-da, o‘zbeklarning ajdodlari – qadimgi turklar, xunlar, qang‘lilar, sug‘dlar, xorazmiylar, baqtriyaliklar dunyo tamadduniga munosib hissa qo‘shib kelishgan. V–VIII asrlarga mansub, turkiy xalqlarning mushtarak yodgorligi bo‘lgan O‘rxun-Yenisey kitobalari ham bugungi turkiy tillar orasida o‘zbek tiliga ko‘proq yaqinligini bilan ajralib turadi.

 

Ko‘pgina tarixchi olimlar millatimiz nomini dunyo tarixida o‘zining shon-u shavkati, jahonshumul ishlari bilan nom qoldirgan hukmdorlardan biri, Oltin O‘rta davlatining hukmdori Sultan G‘iyosiddin Muhammad O‘zbekxon (1283–1341) nomi bilan bog‘lashadi. U Chingizxonning katta o‘g‘li Jo‘chi avlodidan bo‘lib, uning davrida islom Oltin O‘rdaning davlat dini deb tan olingan. O‘zbekxon boshqaruvi Oltin O‘rda qudrati eng yuqori cho‘qqiga chiqqan davr sifatida tilga olinadi.

 

XIV asrda yashab o‘tgan arab tarixchisi ibn Battuta xonga yuqori baho berarkan, “U dunyodagi eng buyuk va qudratli yetti shohdan biridir” degandi. O‘zbekxon 1313-yilda taxtga o‘tirgan bo‘lsa, 1320 (1321)-yilga kelib Hazrati Zangi otaning avlodlaridan biri – Sayid otaning tavsiyasiga binoan islomni qabul qilgan. U saltanat jilovini o‘z qo‘liga olgach, butun mamlakat hududida islom dini arkonlarini yoyishga intilgan.

 

O‘zbekxonning hukmronligi Oltin O‘rda qudratining eng yuksalgan davri bo‘lgan. U Vizantiya, Hindiston, G‘arbiy Yevropa mamlakatlari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan, Misr mamluklari bilan o‘zaro munosabatlar tiklagan. O‘zbekxon bugungi Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Turkmaniston, O‘zbekiston singari davlatlarning katta qismini o‘z ichiga olgan hududda podshohlik qilgan.

 

Mirzo Ulug‘bek “To‘rt ulus tarixi” asarida shunday yozadi: “Hazrati Sayid Ota, – unga Ollohning rahmati va rizoligi bo‘lsin, – hamda Sulton Muhammad O‘zbekxon bilan hamrohlikda Movarounnahrga kelgan kishilardan: “Bu kelgan kim?” – deb so‘rardilar. Ularning sardori va podshohi O‘zbekxon bo‘lgani uchun ularni “o‘zbek” deb atadilar. Shu sababdan o‘sha zamondan boshlab Movarounnahrga kelgan kishilar “o‘zbek” deb atala boshlandi. Dashti qipchoqda qolib ketgan kishilar esa “qalmoq” bo‘ldilar”.

 

Bu va boshqa parchalardan ko‘rinib turibdiki, faqat O‘zbekxonning avlodlarini emas, balki unga tobe bo‘lgan kishilarni ham “o‘zbeklar” deb ataganlar. Ularning bir qismi O‘zbekxon davrida, yana bir qismi Shayboniyxon davrida Movarounnahrga kirib kelgan. Keyinchalik, mamlakatimiz hududidagi xonliklarda ham asosan ana shu Dashti Qipchoq xonlarining avlodlari hukmdorlik qilishgani uchun mahalliy aholiga nisbatan ham “o‘zbek” atamasi qo‘llangan. Ammo, unutmaslik lozimki, Dashti Qipchoq o‘zbeklaridan avval ham Movarounnahr aholisining katta qismini turkiy tilli xalqlar tashkil qilgan. Vatanimiz hududida bugungi ona tilimizga yaqin tilda so‘zlashilgan va u shartli ravishda ilmiy istilohda “eski o‘zbek tili” deb nomlanadi. Xalqaro miqyosda Markaziy Osiyo turkchasi asosan “Chig‘atoy tili”, “Chig‘atoy turkchasi” deb ham yuritilgan.

 

Ayrim mutaxassislar O‘zbekxon, hatto Chingizxondan ilgari ham o‘zbek nomi mavjud bo‘lganini ta’kidlaydilar. Xususan, manbalarda 1115-1116-yillarda Iroqning Mo‘sul viloyatida O‘zbek ismli sarkarda hokimlik qilgani haqida ma’lumotlar uchraydi. Ozarboyjonda hukmronlik qilgan turkiy eldengizlar sulolasining so‘nggi vakilini ham Sulton Muzaffar O‘zbek (1210–1225) deb atashgan. Sulton Jaloliddin Manguberdining xos sarkardalaridan birining ismi ham O‘zbek Toiy edi. Herman Vamberi bu etnonim “o‘ziga o‘zi bek” ma’nosini bildirishini yozadi. Boshqa taxminlarga ko‘ra, “o‘zbek” nomi qadimgi turkiy urug‘­ – o‘g‘uzlar nomidan keldib chiqqani, aniqrog‘i “o‘g‘uz bek” so‘zlarining qisqartmasi ekani aytiladi. Chunki milodiy 735-yilda tiklangan Bilga Hoqon bitiktoshida ham “ey o‘g‘uz beklari, eshit” degan xitob uchraydi.

 

O‘rta asrlarda, xususan Alisher Navoiy asarlarida o‘zbek termini turkiylarning bir urug‘i sifatida tilga olingan. Hazrat Navoiy:

 

“Shoh toj-u xil’atikim, men tamomsho qilg‘ali,

O‘zbegim boshida qalpoq, egnida shirdog‘i bas.”

 

– deganda ana shu urug‘ni tilga olgan. Hazrat Navoiy o‘z davrida turkiylarni asosan ikkita katta guruhga, turklar va turkmonlarga bo‘lgan. Turklar deganda u bugungi Turkiya aholisini emas, sharqiy-turkiy xalqlar, xususan bugungi o‘zbeklarni, turkmon deganda o‘g‘uz guruhiga mansub turkiy xalqlar – bugungi turkman, ozarboyjon, turk va boshqa xalqlarni nazarda tutgan.

 

“Ko‘ngul bermish so‘zumg‘a turk, jon ham,

Na yolg‘uz turk, balki turkmon ham.”

 

– deganda uning asarlari har ikki guruhga mansub turkiy xalqlari tomonidan o‘z davrida katta ehtirom bilan qabul qilinganini ko‘rsatadi. Bunday qarashlar XVII asr, xususan Abulg‘oziy Bahodirxon zamonasida ham mavjud edi. Shu bois u turkiy xalqlar tarixini o‘rganarkan, ularning kechmishi haqida ikkita alohida asar – “Shajari turk” (Turklar shajarasi) va “Shajarai tarokima” (Turkmanlar shajarasi)ni yozgan.

 

Tarixchi olim, professor Shamsiddin Kamoliddin “O‘zbekiston” atamasini turli davrlarda turfa jo‘g‘rofiy hududlarga nisbatan qo‘llanganini aytib o‘tadi. Jumladan, XIV-XV asrlarda yozilgan ayrim manbalarda Oltin O‘rda yeri ham “O‘zbek” deb atalgan. Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida: “Shundan keyin Sohib Qiron Jete va O‘zbekdan kelgan elchilarni qabul qildi va ularga oltin sovg‘alar berib, ularni o‘z xonlari xuzuriga yubordi”, deb yozadi. Nizomiddin Shomiy ham “Xorazmdan shimolda joylashgan viloyat O‘zbek deb atalgan” degandi. Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn” asarida, 1410-yil voqealari bayonida “Dashti Qipchoq va O‘zbek mamlakatlari”, “Dashti Qipchoq tarafdagi O‘zbek viloyati” qayd etilgan.

 

Mirza Muhammad Haydar “Tarixi Rashidiy” asarida Dashti Qipchoqqa nisbatan bir necha o‘rinlarda “O‘zbekiston” atamasini qo‘llaydi. Bu mamlakat chegaralari Volga qirg‘oqlaridan to Mo‘g‘uliston chegarasigacha cho‘zilgan.

 

 

1500-yilda Shayboniyxon Movarounnahrga kelib, temuriylar davlatini qo‘lga olishi bilan O‘zbekiston atamasi ma’no jihatidan kengayib, Markaziy Osiyoning janubiy hududlarigacha bo‘lgan maydonni qamrab oldi. Shu bois, XVI–XIX asrning birinchi yarmida yozilgan manbalarda O‘rta Osiyo mintaqasi “O‘zbekiston” deb atalgan. Xususan, safaviylar sulolasiga mansub Eron shohi Tahmasp I (1524–1576) Movarounnahrda joylashgan Shayboniylar davlatini “O‘zbekiston” deb atagan.

 

Ashtarxoniylar sulolasining yetuk vakili Subhonqulixon ham o‘zbek davlatchiligi tarixida o‘ziga yarasha iz qoldirgan. Subhonqulixonning tibbiyotga atalgan, o‘zbek tilidagi “Xulosat ul-hukamo” risolasining yagona nusxasi Vengriya Fanlar akademiyasi kutubxonasida saqlanadi.

 

Subhonqulixon she’riyatni yaxshi tushungan, Nishoniy taxallusi bilan o‘zbek tilda she’rlar bitgan va mushoiralarda o‘z she’rlari bilan ishtirok etgan. Uning zamonasida mumtoz o‘zbek adabiyotining taniqli vakillari ijod qilishgan. Jumladan, Turdi Farog‘iy (1640–1699) garchi Subhonqulixon va uning a’yonlarini tanqid ostiga olsa-da, uning she’rlaridan o‘zbek yurti, O‘zbekiston singari nomlar aynan Subhonqulixon davrida rasman tilga olina boshlaganini ko‘rishimiz mumkin.

 

Dur ahd-u tang chashmu besar-u ya’juj vaz’,

Muxtalif mazhab guruhi O‘zbakistondur bu mulk...

 

Joyi islom-u musulmonlig‘, Farog‘iy, istama,

Poytaxti kishvari Subhonqulixondur bu mulk.

 

(Bu mamlakat ahdidan yiroq, qisiq ko‘zli, bebosh, Ya’juj singari buzg‘unchi, turli mazhablarga ega guruhlar yashaydigan O‘zbekistondir. Garchi islom hududi bo‘lsa ham, Farog‘iy, sen u yerdan musulmonlikni izlama, bu yer Subhonqulixon davlatining poytaxtidir).

 

Har qalay, Subhonqulixon ham o‘tmishdagi ko‘p podshohlar singari ideal hukmdor bo‘lmagani aniq. Uning davrida ham jabr-zulm, adolatsizliklar bo‘lgani tabiiy. Ammo bu yerda masalaning boshqa tomoni bor. Uning davrida O‘zbekiston degan so‘z tilga olinyapti. Bu atama faqat mamlakat ichkarisida emas, tashqarisida ham uchraydi.

 

Golland kartografi Avraam Maas 1735-yilda tuzgan Yevroosiyo xaritasida Kaspiy dengizidan boshlab Hindiston va Xitoy chegaralarigacha bo‘lgan hudud Usbek deb nomlangan. Ashtarxoniylarga zamondosh usmonli shoiri Enderunli Fozil (1757–1810) “Zanonnoma” nomli asarida ham turli mamlakat va millatlarning ayollari haqida so‘z yuritarkan, Movarounnahr va Xurosonga nisbatan “O‘zbekiston” degan so‘zni ishlatadi.

 

Chor Rossiyasi Markaziy Osiyoni bosib olgan paytda mahalliy aholining katta qismini dastlab o‘zbeklar va sartlar deb ataganini o‘sha davr hujjatlarida ham ko‘rish mumkin. Birgina faktga e’tibor qaratsak. Rossiya imperiyasida 1897-yilgi aholini ro‘yxatga olish qaydlarida Farg‘ona viloyati (sobiq Qo‘qon xonligi)da sartlar qariyb 789 ming, o‘zbeklar 153 mingdan ko‘proq, tojiklar 114 ming kishini tashkil etgan. Bilamizki, hozirda bu hududda etnik sart atamasi umuman ishlatilmaydi. Xo‘sh, Qo‘qon xonligining asosiy aholisi bo‘lgan sartlar kim edi?

 

Mashhur venger olimi 1885-yilda yozilgan “Turkiy xalq” kitobida o‘zbeklarni Markaziy Osiyodagi katta nufusga ega bo‘lgan xalq sifatida tavsiflar ekan, ular bilan birga sartlar haqida ham to‘xtalgan. Vamberining ma’lumotiga ko‘ra, sartlarning katta qismi o‘zbeklar bilan deyarli bir xil tilda gapirgan, kichikroq qismi esa forsiy tilda so‘zlashgan. N.Ostroumov ham “Sart xalq maqollari”, “Sart xalq ertaklari”, “Sart tilinining etimologiyasi” singari tadqiqotlarida asosan bugungi o‘zbek tili, xalqimizning folklor namunalarini nazarda tutgan edi. Uning tashabbusi bilan chop etilgan “Sartcha-ruscha lug‘at”da ham deyarli bugungi o‘zbek tilidagi so‘zlar kiritilgan.

 

Shundan xulosa qilish mumkinki, o‘sha paytlarda o‘zbek atamasi xalqimizning qipchoq lahjasida so‘zlovchi guruhi, asosan qishloq aholisi (j-lovchi qatlam)ga nisbatan ishlatilgan, qarluq va o‘g‘uz lahjasida so‘zlovchilar, shahar aholisi turk, turkistonlik, xorazmlik, buxorolik, farg‘onalik singari nomlar bilan atalgan. Sart atamasi esa, ularga nisbatan faqat Chor Rossiyasi ma’murlari tomonidan umumiy tarzda ishlatilgan. Vamberi ham bu atamani asosan ruslardan eshitgan bo‘lishi kerak. Chunki, XX asr boshlarida ham Behbudiy “Sart so‘zi majhuldur” maqolasida bu atama turkistonliklarning milliy o‘zligiga butunlay yot ekanini, hech kim bu yerda o‘zini o‘zi sart deb atamasligini aytib o‘tgan. Shu sababli 1926-yili aholini ro‘yxatga olishda turkiy tilda so‘zlashuvchi sartlar to‘liq o‘zbeklar tarkibiga kiritilgan.

 

 

Sovet ittifoqi davrining dastlabki yillarida Markaziy Osiyoda milliy respublikalarni tashkil qilishga katta e’tibor qaratilgan. O‘sha paytda millatning yetakchilari sifatida maydonga jadidlarimiz garchi mazkur hududda hur Turkistonni yaratish orzusi bilan chiqqan bo‘lsalar-da, bu niyat amalga oshmadi. O‘sha paytda mavjud bo‘lgan Buxoro, Xorazm Respublikalari va Turkiston ASSR o‘rnida Markaziy Osiyoning sovetlar tarkibidagi milliy respublikalari, ular qatorida O‘zbekiston atalmish navbatdagi ma’muriy tuzilma vujudga keldi.

 

Rustam JABBOROV

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

2 Izohlar

Алаўатдин

00:01 / 26.01.2024

ҳәммеси өтирик, қайсы патшалық дәўири болса сол дәўирге қарап жақсы тәрепи жазылып кете береди. Шынъақыыйқатлық жоқ тек аллаға исенемн

Бекзод Абдиримов

18:01 / 12.01.2024

Мақола учун ташаккур. Вақтида ёзилган ва чоп қилинган. Мулоҳаза учун: Ўзбек этнонимини келиб чиқиши бўйича мантиққа зид бўлган Вамбери версиясидан воз кечиш ва ҳақиқатни излаш вақти келган. Бу борада тарихчи ва тилшуносларимиз ботироқ бўлиши керак деб ўйлайман. Этноним асосини Ўғуз бейи сўзлари туришини тан олиш ва изоҳлаш керак.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19458
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16810
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi