“Hech” – randalanmagan yozuvchi yozgan kitob tahlili


Saqlash
15:01 / 09.01.2024 620 0

Bobom haqida tinmay yozishim mumkin. Har aytgan soʻzi, harakati – buyuk. Ixlos qoʻygan odamlarimiz Tangriga eng yaqin odam qiyofasiga kiradi, tirikligida tafakkuriga suyanib, oʻlganida ular haqida oʻzimiz yaratgan illyuziya ichida adashib yurgan sharpaga aylanamiz. Sharpa bor, ammo yoʻqday. Vujudini, balki ruhini yoʻqotgan. Yoʻqotganidan-da qadrli xotirasi yoʻq. Yoʻqligidan oʻsha xotiraga makkam yopishib olgan. Oʻylaydiki usiz hatto sharpa ham emas. Yoʻqotgan kunidan boshlab oʻz hayotini yashamay qoʻygan. Yashalmagan umr bildirmay oʻch oladi. Ogʻrigʻini atrofdagilar yaxshiroq payqaydi. Illyuziya ichidagi sharpa emas.

 

1

Murod Chovush shoir sharpasi. Oʻzi yaratgan asar qahramonining sharpasi. Kamiga oʻquvchini ham sharpalikka undaydi. U maftun odam. Majnun odam. Ha, aynan oʻzi, faqat oʻzi shunday. Gʻashingga tegar darajada mubtalo.

 

2

Zulmga botgan zamonni tasvirlarkan, qoʻrqoqligini tan olib, oʻzini mana shu mardligi (tan olish mardligi) ortiga yashiradi: Dahshatli davr edi. Gungman. Gapirsam eshitib qolishadi... Lekin hech qachon gapirmaydi. Zamon vahshati ovozini yutib yuborgan. Boshqa gapirmaganlarni ham yomon koʻradi. Sharpa gapiradimi yoʻqmi ahamiyatsiz aslida. Shoir gapiradi ammo. Taglama gaplar gapiradi. Gapirib-gapirib gʻoyib boʻladi. Gʻoyib boʻlgan haqiqat sharpasi – Murod Chovush.

 

3

Voqelik bilan toʻqnashmagan xayoliy hodisa hayotdan yiroq – taxminan shunday oʻylaydi muallif. Lekin oʻzi doim xayoliy kenglikda suzadi. Mavjud jarayonga na oʻzi na shoir ishtirok etadi. Balki undan muqaddas xotirani tortib olishlaridan hayiqar? Yagona suyanib turgan narsasini yoʻqotish dahshati, oʻzi yaratgan qoidaga tushmasligiga sabab. Tiniq aytganda, Murod Chovush “Hech” sabab emas, “Hech” dagi xotiralar sabab tirik. Bundan bexabarlar uchun u ega, kesim, olmosh oʻrnini oʻzgartirib, matnda oʻyin koʻrsatgan mijgʻov. Yo kimdir asar qahramonlari aylana harakat qilishini payqadimi? Qadim davr faylasuflari ruh harakatini shunday tasvirlashgan: “A” nuqtadan yoʻlga chiqqan dunyo yana “A” nuqtaga keladi. Yoki kelishga majbur! Yaʼni tepa – xayolda kechayotgan voqea, past – hayotda kechayotgan voqea bilan baribir (ustma-ust ketayotganiga qaramay) toʻqnashadi. Vertikal harakatlanganda ham kesishadi.

 

5

“Qora dengiz” asari Ekzyupereni oʻqib yozilganday... 88-bet boshi – yulduzchalardan oldingi yakun, ayniqsa, “Kichkina shahzoda” tilidan. Sodda, tiniq, balki mukammal ham. Yoʻq, Xuan Rulfo, Murod Chovush Oyxon deb Syuzannani aytadi. Rulfoga “Pedro paramo” ogʻirlik qilgan. Boshqa roman yozmagan. Sababi xotira yuki. Murod Chovush buni biladi. Shuchun atay “Qora dengiz” ni tugatmaydi. Ayyor. Tugatsa tugaydi oʻzi ham. Umuman nima qizigʻi bor? Yozuvchi emas-ku baribir u.

 

7

...Alohida-alohida, dona-dona gapirmaydi kitob qahramonlari. Bir paytda birdan gapiradi. Xayollari ham gapiradi, tabiat ham. Navbat kutmaydi. Oyxon, shoir, doʻstlari, oʻzi, xotira... hamma birdaniga! Lekin eshitadi bir-birini. Qiziq. Joysona oqim. Hech kim, hech narsani nazardan chetda qoldirmaslik. Odam emas xayol gapiradi asosan asarda. Xayol odamga evriladi. Endi unga taqlid qilish mumkin. Yomon koʻrolmaysan faqat. Boʻshliqni yomon koʻrib boʻladimi? Yomonlik, umuman hech narsa yoʻq u yerda. Murod Chovush oʻsha boʻshliqni tasvirlaydi. Absurd emas, undan keyingi yo oldingi bosqich. Dengiz deb oʻylab tushgan joyi akvarium ekanini anglab qolgan baliq qiyofasini yaratadi MUROD CHOVUSH. Oʻzi yoʻq. Yoʻqligidan boshqa qiyofa yaratish oson kechadi. “U sarson izlardi oʻzini oʻzi”. Izlamaydi. Muhabbat qoʻygan xotira-xayollar butini sindirsa, oʻziga qaytadi qahramon. Sindirsa-yu qaytmasa-chi? Qachondir oʻzi boʻlganmi oʻzi? Unutgan. Kimman bu soyalar saltanatida deyolmaydi – Sharpa.

 

8

Uslub. Togʻay Murod haddan tashqari boʻrttirib koʻrsatgan uslub. Murod Muhammad Doʻst ichki garmoniyaga koʻchirgan, yashirgan oqim (uslub). Toʻxtamurod Rustam oʻzlashtirgan, balki tushida koʻrgan uzilmas hikoya qilish ifoda yoʻli. Murod Chovush esa ogʻzaki soʻzlashuv tilini shunday matnga koʻchirib uslub yaratgan. Boshqalar emas, faqat oʻzi soʻzlashadigan tilni. Demak yozuvchi emas, odam oʻziga xos. Har bir odam! Randalanmagan, yuqori-yu pastdagilarga birday yoquvchi koʻrinishga keltirilmagan odam. Biror hokim yo xullas amaldorda uslub koʻrmaysan. Negaki ularni “sozlashgan”. Tabiiy, samimiy tili, istarasi shilib olingan. Ijodkorlarda sal boʻlakcha, kattaroq isteʼdod ohangini kiyib olishadi. Koshki koʻrinmasa! Murod Chovush puxta, har maqomga yoʻrgʻalagan matnlarini oshkor qilmaydi. Uslub uning yozuvi emas, uslub – Murod Chovushning oʻzi! Pikasso uslub – suratlari emas. Paganini uslub – skripkasi emas. U buni biladimi? Bilmaganda boshqalardek oʻzidan tashqarida uslub yaratishga harakat qilgan boʻlardi.

 

9

Hemenguey hayoti oxirida shunday holga tushgan – oʻz-oʻziga gapiradi. Koʻziga koʻrinadi har balo. Murod Chovush koʻziga – Karbalo. Husayn oʻligimi oyoq ostida? Yo xoxol bolakay? Bilolmaydi. Bir xayol ayol shaklida oʻt qoʻyib yuborar mavjudligiga... “Hech”, “Qora dengiz” (ikkovi egizday) sharpalari ogʻir fojiani yashab oʻtgan, ruhiyati izdan chiqqan, jamiyat quvgʻin qilgan. “Borsa kelmas”ga qamalgan, ojizlar, odatiy hayot yoʻliga tusholmaydi birovi. Zararli, yuqumli kayfiyat, pofigist energiya tarqatadi. Gʻarbdagi yoʻqotilgan avloddan farqli, axta qilingan, pichilgan avlod bor bizda. Oʻshalar toʻgʻrida yozgan Murod Chovush. Kitobni oʻqigan yaxshi psixolog yo psixiatr muallifni qabuliga chaqirgan, tekin muolaja taklif qilgan boʻlardi. Chalkashib ketdim. Mayli. Soʻgʻin:

Murod, nega odamlar ichida aytadigan gaplarni erinmay yozib chiqasiz. Xafa boʻlmang-u aljiraysiz. Yolgʻizligingizni qahramonlaringizga teng boʻlib berganingizga qaraganda aqlingiz joyida. Joyida boʻlmaganida qiziqroq kechardi suhbat. Bilmaysizmi, ruhiy kasallarga qogʻoz berib, xayolidagilarni yozdirishga ruxsat bormi bizda? Mana, siz yozgansiz-ku.

“Men hech kimdan ruxsat soʻramaganman”.

Xayrlashib kundaligiga tirkab qoʻyardi: Koʻziga koʻringanlarni oʻzgartirmay yozib chiqqan. Yozish jarayonida ishonib qolgan, shundan muqaddas sanaydi. Odam nimaga ishonsa, oʻsha uning Xudosidir. Dengizdan yasab olgan butingizni hali ham osib yurasizmi, muhtaram Murod Chovush!?

 

10

Muallif oʻtmish – 1990-1999-yillarga botib qolgan. Nazar Eshonqulni oʻqiganda ham bugunni koʻrmaysan. Bugunga hatlab oʻtishni istashmaydi chogʻi. Bugun haqida yozish kelajak vazifasimi? Kechadan chiqolmayotgan odam bugunni koʻrmas. Murod Chovush qisman bugunning yozuvchisi (shartli ravishda yozuvchi deyapman). 90-yildan keyingi karaxtlik. Intellektual falajlik mavzu. Nolish yoʻq. Yigʻloqilik yoʻq. Axir biz yigʻloqi, mazlum oʻrnida turib, tashqaridagi dushmanga “bizni xoʻrlading, hammasiga sen aybdorsan” deb yozilgan asarlarga oʻrganib qolganmiz. Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” ini eslang. Bir qarashda zoʻr. Ikki, toʻrt qarashda yigʻloq. Oʻzi daho, tashqaridan kelib buzishgan. Teatrlarimiz ham atay tomoshabin hissiyoti bilan oʻynashadi, majburlab yigʻlatadi. Kitoblarimiz ham. Murod Chovush esa bunga harakat qilmaydi. Aytdim-ku qisman bugunning... Undan oʻsib chiqajak ijodkor qiziq. Turgʻunlikning turgʻunligi, nuqul kechaning takrori tuqqan yozuvchi. Toʻgʻri! Har kun kechaning takrori boʻlgach, bugunni qanday yozish mumkin?! “Dam bu damdir, oʻzga damni dam dema” deyish uchun Yassaviyni oʻqish kifoya emas. Bugunga yetib kelish kerak. (Qisqartirish bilan olindi.)

 

JONTEMIR

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16793
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi