Yigirma ikki ming tirik yetim yoxud ajrim fojealari


Saqlash
16:01 / 06.01.2024 734 0

Besh yoshimda otam Rossiyaga ishlagali ketgan edi. Oltiga to‘lgan kunim menga ko‘ylak va kitob ko‘tarib keldi. Shu kunni hanuz tushlarimda ko‘raman. Bir hafta otamdan boshqa meni tashlab ketmaysiz-a? deb tinmay so‘ragan ekanman. Dugonalarimga otamning sovg‘alarini ko‘rsatib maqtanganman. Bir hafta o‘tib, otam yana Rossiyaga ketdi. Keyin biz bilan xabarlashmay qo‘ydi. O‘n yoshda edim, otam o‘sha yerda boshqa oila qurgani haqida onam xabar topib keldi. Onam idish-tovoqlarni sindirib, dod-faryod qildi. Qo‘rquvdan singlim ikkimiz dag‘-dag‘ qaltirab, javonga qamalib olgandik.

 

O‘sha kuni onam buvim bilan urishib, uydan chiqib ketdi. U kun tushlarimga kiraveradi: shunchaki ortiga o‘girilmay ketgan onam... Nega uning ortidan yugurmadim, meni kechiring, bizni tashlab ketmang deb yolvormadim... U ertaga qaytib keladi, otamni topib, birga ostonada paydo bo‘lishadi, menga quchoqlarini keng ochib, tabassum bilan qani, kel bag‘rimizga deyishadi deb o‘ylardim. O‘shanda shoshib qolmaslik uchun men otamning, singlim esa onamning bag‘riga yugurishini kelishib ham olgandik. Singlim ikkimiz shu holatni tasavvur qilib, o‘zimizni yupatardik. Ba’zan qo‘llarim ikkisini birdan quchib olishga ham yetadi derdim o‘zimga. Ammo mo‘jiza sodir bo‘lmadi... Onamni qarindoshlar uzoq izlashdi, hech yerdan topilmadi. Oradan ikki yil o‘tib, buvim betobligini ro‘kach qilib, meni va singlimni mehribonlik uyiga topshirib yubordi. Bizni keraksiz buyum kabi uloqtirishdi, hammalari birin-ketin bizdan voz kechdi. Aybimiz nima edi?! Hammasini bir kuni Allohga aytib beraman...”.

 

Bu ota-onasi tirik bo‘laturib, mehribonlik uyida yashayotgan Xurshidaning xotiralari. Afsuski, bugun atrofimizda bunday siniq xotiralar minglab topiladi.

 

Dunyo o‘zgarayapti, odamlarning o‘ylash tarzi, hayotni tushunishi o‘zgarayapti. Oila degan qutlug‘ tushunchaning qiymati ham o‘zgarib bormoqda. Afsuski, shunday buyuk ne’mat, buyuk qo‘rg‘onga ham daxl qilinayotir. Bu mavzuda yozish og‘ir. Negaki, oilaning buzilishi – eng avval ko‘ngillarning vayron bo‘lishi. Ko‘ngil titraganda, unga shikast yetganda, dunyoning to‘rt burchi titrab ketsa ajabmas. Ammo bu og‘ir mavzuni ko‘tarishimiz, tahlil etishimizga zarurat ortib borayotirki, boshqa chora yo‘q! Xurshida singari bolalarning ko‘z yoshlari tinmas ekan, bu mavzu ko‘tarilaveradi.

 

 

Yigirma ikki ming tirik yetim

 

Bugun mamlakatimizda 9 606 001 ta oila bor, 2023-yil yanvar-iyul oylarida 10 393 ta yangi oila paydo bo‘lgan. Biroq joriy yilning shu davrida 29 816 ta oila rasman ajrashgan. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ma’lum qilishicha, eng ko‘p ajralishlar Farg‘ona, Andijon va Xorazm viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda. Buning natijasida 22 mingdan ortiq bola ota yoki ona mehridan mahrum bo‘lgan. Bu shunchaki raqam emas, u tirik yetimlar soni, ularning ko‘ngil og‘riqlari, azoblangan ruhiyati, mehrga zor qalbi degani. Bu raqam taqdirlar, iztirob va og‘riqlar yig‘indisidir. Shuncha bolani bir yerga jamlasa, qancha maydonni egallaydi ular? Kamida 9-10 ta maktab to‘ladi, kamida 150–200 ta avtobus liq-liq norasida degani bu. 22 ming degani ba’zi bir shaharlarning umumiy aholisi soniga teng. Afsuski, oila tanazzulining og‘ir yuki hech narsani anglamay, mo‘ltirab turgan mitti qorako‘zlarning nozik yelkalariga tushayotir. Shuncha norasida bugun tirik yetimlikni murg‘ak tanalarida his qilayotgani millat sifatidagi eng katta fojeamiz emasmi?!

 

 

“Men bolalarimni tashlab ketmayman...”

 

Qalin qor yoqqan edi. Yirik savdo rastasi yonida to‘xtadik. Erim ro‘zg‘orlik uchun tushib ketdi. Shu vaqt mashina oynasini kichkina barmoqchalar ohista tiqirlatdi. Qarasam, yetti-sakkiz yoshlar chamasi bir bolakay qo‘lida shirinlik ushlab turibdi. Yong‘oqli shirinlikdan sotib oling. Onam o‘zi pishirgan, uyniki, mazali, oxiri qoldi dedi. Men qutiga emas, bolaning sovuqdan qizarib ketgan puchuqqina burniga va qaltirayotgan qo‘llariga qarab, o‘ylab o‘tirmay Necha pul? Olaman dedim. Bolakay narxini aytgach, mashina ichidan va cho‘ntagimdan pul izlay boshladim. U aytgan miqdorda pul chiqmadi. Biroz kutib turolasanmi? Amaking chiqsa, pulini beradi dedim sovuqda bolani kuttirayotganimga o‘zimni aybdor his qilib. U xursand bo‘lib ketdi. Unga mashina ichida isinib olishni taklif qildim. Orqa o‘rindiqdagi yuzlari issiqdan qizarib turgan bolalarim asta surilib, bolakayga joy bo‘shatishdi.

 

Har kuni sotasanmi bu shirinliklarni? – gapga soldim.

 

Har kuni emas, onam pishirgan kunlari sotishga chiqaman. Onam kasal, ba’zan pishirolmaydi.

 

Otang bormi?

 

Otam bor, lekin bizni tashlab ketgan. Otamning boshqa oilasi bor. Singlim bilan onam uchalamiz yashaymiz.

 

Maktabga bormaysanmi?

 

Boraman. 2-sinfda o‘qiyman. Maktabdan keyin sotaman bularni. Lekin rosa shirin, yeb ko‘ring, mazasi yoqsa, ertaga yana olib kelaman. Ertaga ham olsangiz, ikkita shirinlikni tekinga qo‘shib beraman...

 

Bolakayning so‘zlari dona-dona, nigohi mening bolalarimnikidan ancha katta ko‘rinardi. Ha, u taqdir taqozosi bilan erta ulg‘aygan. Yarim oilani o‘z tanasida his qilayotgan 22 ming norasidaning biri u. Bolakay menga tekinga shirinlik berishini aytganda, men uning bugungi muammosini yechishga hech qanday arzirli yordam berolmayotganimdan uyaldim.

 

– Otangdan xafa emasmisan? – xayolimga kelgan bu savoldan o‘zim ham o‘ng‘aysizlanib qoldim.

 

Onam yig‘lamasa, xafa bo‘lmayman. Ammo onam ko‘p yig‘laydi-da. Lekin men katta bo‘lsam... bolalarimni sira tashlab ketmayman...

 

O‘rtaga uzoq, og‘ir sukunat cho‘kdi. Bolakay pulni olib mashinadan tusharkan, qayta-qayta rahmat aytib, shoshgancha yo‘lning u betiga o‘tdi.

 

O‘ylab qoldim, ota-onasi ajrashgan qancha norasida issiq-sovuqda ro‘zg‘or tashvishini nozik yelkalariga olib kun o‘tkazayotgan ekan?! Ba’zan kattalarga ham og‘irlik qiladigan bu yukni ular qanday ortmoqlayapti?! Ajrashgach, alimentdan bo‘yin tovlayotgan otalar hisobiga bugun qancha bolakayning qorni och, usti yupun?! Tadqiqotlar bormi, ular hisob-kitob qilinadimi? Biz bugun nima qilsak oilalar parokanda bo‘lmaydi? Qanday yo‘l tutilsa bolalar tirik yetimga aylanmaydi? Qanday yashasak oilalarda nizolar kamayadi, jamiyatimizda baxtli va sog‘lom bolalar soni ortadi?

 

 

“Bolalar ruhiy zarbaga uchramoqda”

 

Gulrux Adhamova,

Toshkent shahridagi 1-ruhiy-asab kasalliklari dispanseri psixologi:

 

“Ikki inson ortiq bir uyda yasholmas ekan yoki ulardan biri ajrashishga qaror qilgan ekan, bundan farzandlar aziyat chekishi kerak emas. Dunyo tajribasida ko‘ramizki, ajrimlarda eng katta e’tibor oiladagi bolalarning psixologik majruh bo‘lib qolmasligiga qaratiladi. Ularga avvalgiday sharoitni ta’minlash, tanlov huquqini berish, ham otasi, ham onasi bilan yaxshi munosabatni saqlab qolishga harakat qilinadi. Bizda esa odatda eridan alamzada ayol farzandini u bilan uchrashtirmaslikka urinsa, ayrim otalar alimentdan qochib yoki atay kam maoshli ishlarga joylashib, bola ta’minotiga yetmaydigan aliment berishga harakat qiladi. Er-xotin ajrashsa ham bola uchun ota-ona eng sevimli, eng yaqin inson bo‘lib qolaveradi. Ularning bir-biriga qilayotgan dushmanlarcha munosabatidan farzandlar ruhiyati jiddiy shikastlanadi. Oqibatda ularda ruhiy nosog‘lom muhit vujudga keladi. Buni bolaning o‘zini tutishidan, atrofdagi do‘stlari bilan munosabatidan ham sezish mumkin. Bola otasini ham, onasini ham doim yonida ko‘rgisi keladi. Ayniqsa, uch-besh yosh oralig‘idagi bolalar “Sizni otamga aytib beraman”, “Mening otam kuchli” deganlarini ko‘p eshitamiz. U o‘z otasini qahramon deb biladi. Shunday vaqtda bolaning otasiz qolishi, otasi bilan bir uyda yashamasligi unga katta zarba beradi. Amaliyotda ko‘p guvohi bo‘lamiz, ota-onasi ajrashgan vaqtda bolalar o‘zini boshqalardan chetga oladi, tez yig‘lab yuboradigan yoki jizzaki bo‘lib qolishadi. Bu tabiiy stresslar yoniga onaning zo‘ravonligi qo‘shilsa, murg‘ak tana buni ko‘tarolmaydi. Ayol eridan alamini olib, bolasini ursa, so‘ksa, bunda ayol nafaqat bugungi kunini, balki ertasini ham xarob qiladi. Bolalikda orttirilgan ruhiy zarbalar butun umr insonni ta’qib qilishi, azob berishi psixologiyada isbotlangan”.

 

 

Ayollarga yordam ko‘rsatish tizimi...

 

Adiba Ergasheva,

psixolog:

 

“Ayol kishi tabiatan o‘ch olishga, o‘z hissiyoti, jumladan, nafratini ham to‘kib solishga moyil. Biroq uning ruhiy sinishi va o‘z harakatlarini boshqara olmaslik darajasigacha yetib borishiga atrofdagilar, uning yaqinlari qo‘l qovushtirib o‘tirishi kerak emas. “Chiqqan qiz chig‘iriqdan tashqari” degan gapni ko‘p ishlatamiz. Bugun ajrashgan ayollar ham moddiy, ham ma’naviy qiyinchiliklar girdobida qolmoqda. Ayollarning o‘z joniga qasd qilishi, farzandlarini o‘ldirishi mana shuning oqibati. Hayotning og‘ir sinovlari boshiga tushgan ayollarni o‘z vaqtida psixologlar ko‘rigiga olib borish, ularga ajrimdan keyin hayot yana davom etishini tushuntirish va dalda berish uchun bepul maslahat va muolajalar ko‘rsatiladigan tizimni yo‘lga qo‘yishimiz zarur”.

 

 

Dunyoda ajrimlar masalasi qanday?

 

Mamlakatlarning onlayn ma’lumotlar bazasida dunyodagi eng ko‘p va eng oz ajralish ro‘y beruvchi davlatlar ro‘yxati e’lon qilingan. Unga ko‘ra Hindiston eng kam ajralishlar bilan (1%), Portugaliya esa eng ko‘p ajrimlar bilan (94%) reytingda birinchi bo‘libdi. Bu ro‘yxatda Turkiyani eng kam ajrim ro‘y beruvchi mamlakatlar o‘nligida to‘qqizinchi o‘rinda ko‘rish mumkin. Ajrimlar eng ko‘p kuzatiladigan davlatlar o‘nligida esa Portugaliyadan so‘ng Ispaniya (85%), Lyuksemburg (79%), Rossiya (73%), Ukraina (70%), Kuba (55%), Finlandiya (55%), Belgiya (53%), Fransiya (51%), Shvetsiya (50%) o‘rin olgan. Osiyo mamlakatlaridan Tojikiston eng kam ajrimlar soni bilan uchinchi o‘rinda turgani biz uchun kutilmagan yangilik. O‘zbekiston negadir bu ro‘yxatga umuman kiritilmagan...

 

 

“Bizdagidan farq qilmaydi”

 

Sitora Alixonzoda,

jurnalist, Turkiyada yashaydi:

 

“Turkiyada ham erta turmushga uzatilgan, eri va erining oilasi tarafidan zo‘ravonlikka uchragan ayollar bor. Mushtumzo‘r erga va erning noinsof, vijdonsiz oila a’zolari zulmiga chidashga majbur bo‘lgan holatlar bizdagidan deyarli farq qilmaydi. Asosiy sabablar ularning ojizligi, odamlarning gap-so‘ziga qolishdan qochishi va boradigan joyi hamda orqasida ularni himoya qiladigan insonlarning yo‘qligidir.

 

Va, albatta, ko‘pchiligi bolali bo‘lgandan keyin farzandlarini yolg‘iz, otasiz katta qilishiga ishonmagani yoki istamagani uchun ham achchiq qismatiga ko‘nib yashashga urinadi. Asosiy sabab esa turmushga chiqarkan ularga xudbin, marhamatsiz va johil ota-onalari “Oq libos bilan borgan joyingdan kafan bilan chiqasan” deb aytgani bo‘ladi. O‘zimizning tilda “O‘lsang o‘liging o‘sha yerdan chiqadi” deganga o‘xshash insoniylikdan uzoq bo‘lgan stereotiplar singari”.

 

 

“Ajrimlarning yarmi er-xotinning bir-birini tushuna olmasligidan kelib chiqmoqda”

 

Mavluda Nizomova,

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi Sog‘lom oilani shakllantirish va oilalar mustahkamligini ta’minlash, milliy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boshqarmasi boshlig‘i:

 

“Oilaviy ajrimlarning sabablari ko‘p. Bunga uy masalasi, ishsizlik, yetishmovchilik, yoshlarning hayotga tayyor bo‘lmay oila qurishi, er yoki xotinning ishlash uchun boshqa mamlakatga ketib qolishi, bepushtlik, oilada ma’naviy-axloqiy muhitning yomonligi, oilaga boshqa shaxslarning aralashuvi sabab bo‘ladi. Ajrimlarning 50 foiziga er-xotinning bir-birini tushuna olmasligi, hayotga, oilaga yengil qarashi sabab ekanligi aniqlangan. Qaynona-qaynotalarning o‘zlari nasihatga muhtoj. Ularning ko‘pchiligi hayotga yengil qaramoqda. Yosh oilalarning ajralib ketishini indamay kuzatib turibdi. “Onasi o‘pmagan qizni olib beraman” yoki “Tor qornimga siqqan keng hovlimga sig‘maydimi?” deguvchi onalar ko‘payib ketayapti. Yana bir muammo – shar’iy nikohlarning borligi. Bu ham turli xil muammolarni keltirib chiqarayapti. Ayni paytda shar’iy nikoh asosida yashayotgan 9 mingdan ziyod oila ro‘yxatga olingan...”.

 

 

Qiz va o‘g‘il bola tarbiyasida ikki xillik mavjud

 

Adiba Ergasheva,

psixolog:

 

“Afsuski, biz oilada er-xotin munosabati jar yoqasiga kelib qolganda yoki tomonlar batamom ajrashganda uning oqibatini o‘ylab qolamiz. Ajrimning sabablaridan ko‘ra oqibatlari bilan kurashishga intilamiz. Vaholanki, buzilayotgan oilalardagi muammolar er yoki xotinning tarbiyasidagi qusurlariga borib taqaladi. Xalqimizda qiz va o‘g‘il bola tarbiyasida ikki xillik azal-azaldan mavjud. Qizlarga kichikligidanoq baland ovozda gapirmaslik, o‘z istagini ochiq aytmaslik, sabrli, chidamli bo‘lishi, ko‘nikishi kerakligi haqida bot-bot uqtiriladi. O‘smirlik davrida ularga bo‘lajak kelin, ona sifatida qaralib, ko‘proq ro‘zg‘or ishlari o‘rgatiladi, nari borsa, biror hunarga yo‘naltiriladi. “O‘qib kim bo‘larding?”, “Qiz bolaga o‘qish nega kerak?” kabi gaplarni bolaligidan eshitib ulg‘aygan ayollar oramizda ko‘p.

 

Endi o‘zbek oilalarida o‘g‘il farzandga munosabatni ko‘rib chiqaylik. Yigitlarga asosan bo‘lajak oila boquvchisi deb qaraladi. O‘g‘il bolalarning ta’limi va xohishlari uchun doim pul topiladi. Hali 18 ga to‘lmasidan o‘g‘liga avtomashina rulini ishonib topshiradigan otalar ko‘p. O‘g‘il bola kimnidir ursa, so‘ksa, mushtlashsa, bu normal holat, jasorat, yigitchilik, mardlik deb qabul qilinadi. Shundan bo‘lsa kerak, hozirgi biz oldini ololmayotgan ajrimlarga aksariyat hollarda oilaviy zo‘ravonlik va erkakning xiyonati sabab bo‘lmoqda”. 

 

 

Zo‘ravonlik va xiyonat

 

Hisob-kitoblarga ko‘ra erning o‘z ayoliga jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonligi ko‘payib bormoqda. So‘nggi besh-olti yilda ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzuda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan xabarlar yangradi. Ayoliga pampers yedirgan erdan tortib, nikoh to‘yi vaqtida shapaloq tortganigacha... Xotinini pichoqlagan, chopib tashlagan, yoqib yuborgan, kaltaklab o‘ldirgan...

 

Bugungi kunda oilaviy zo‘ravonlik o‘ta dolzarb muammoga aylandi. Zo‘ravonning aybi isbotlansa ham uni erkakchilik deb oqlashga uriniladi. Deylik, er xotinini pichoqlab o‘ldirgani isbotlangan xabar ostida “ayol o‘zi bir ayb ish qilgan”, “xiyonat qilgandir”, “erkak bekorga xotinini o‘ldirmasa kerak” kabi fikrlar yozib qoldiriladi. Marhumga tuhmat qilingan ba’zi postlar ayollar tomonidan yozilganini ko‘rib hayratga tushmaslikning iloji yo‘q.

 

Oilaviy zo‘ravonlik holatlari hamon yashirilmoqda. Jamiyatda ayollar ayollarni ko‘ra olmasligi, hasad va nafrat kuchli ekani muammolar zanjirining yana bir bo‘g‘ini. Qaynona kelinga kun bermaydi, kelin qaynonasiga. Qaynegachi, ovsin, qudalar o‘rtasidagi ziddiyatni-ku aytmay qo‘ya qolaylik. Vaziyat taranglashib, do‘ppi tor kelganda yana bir ruhiy portlash sodir bo‘ladi. Ayol o‘zini o‘ldirishga, ayanchli holatlarda farzandlarini ham o‘ldirishgacha bormoqda.

 

 

OAVlardagi tomoshalardan ehtiyot bo‘laylik

 

Ommaviy axborot vositalari va internet platformalarida ayollarni tahqirlash, ularni jamiyatdagi ko‘p illatlarga sababchi qilib ko‘rsatish, haqoratlash holatlari ko‘paymoqda. Masalan, teleserial va filmlarni kuzatamiz, nomining o‘zidayoq gap nima haqida ketayotganini bilish mumkin: “Suyuqoyoq”, “Sotilgan nomus”, “Ikkinchi xotin”, “Ayol makri”, “Xiyonatkor kelin”. Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Bunday filmlarda ayollardan nafratlanish (mizoginiya) hissi kuchli targ‘ib qilinadi. Er pichoqlab o‘ldirgan ayol haqidagi xabar ostida marhumning o‘zini ayblaydiganlar ham ayol kishiga nisbatan shuncha nafratni mana shu film va seriallardan olayotgan bo‘lishi mumkinmi?! Albatta mumkin. Yoki kayfiyatni ko‘taruvchi, latifalarga mo‘ljallangan “Kuling” telegram kanalini olaylik. Bir-biridan bemaza aksariyat latifalarida ayolni yerga urish g‘oyasi yotadi. Mana uning birgina latifasi (so‘zma-so‘z keltiramiz):

 

“Bir kishi xotinini ko‘chada urib, tepib tarbiyalayotsa, bir donishmand bu holni ko‘rib, unga dedi:

 

– Taqsir, kaltak hayvon uchun. Xotinni jazolashning eng yaxshi yo‘li xotiningizning ustiga xotin olishdir.

 

Er bu gapni yaxshi tushunmasdan:

 

Kechirasiz, so‘zlaringizga yaxshi tushunmadim, nima dedingiz? desa, kaltak yeb turgan xotini eriga:

 

Chalg‘imang, otasi, tepavering, bu kishiga e’tibor bermang! dermish.

 

Hurmatli erkaklar, ayol zotini urmoq er kishining ishi emas, shuning uchun donishmand aytganiga amal qilavering (tugadi).

 

Bu latifa kimning kayfiyatini ko‘tarayapti? Kimga nimani o‘rgatayapti?

 

 

Muammoning yechimi bormi?

 

Avvalo ota-onalar farzandlari tarbiyasida mas’uliyatli va adolatli bo‘lib, farzandi o‘g‘ilmi-qizmi qat’i nazar unga insoniy fazilatlarni singdirsa, kelajakda ulardan muqaddas rishta bo‘lmish nikoh va sakinat qo‘rg‘oni oilani qadrlovchi insonlar yetishib chiqishi shubhasiz. Bilamizki, bolalar eshitganini emas, ko‘rganini qiladi. O‘g‘il farzandlarimizni yoshligidan boshqa insonning (u xotini bo‘ladimi, farzandi yoki ota-onasi...) hayotiga xavf solish, unga jismoniy yoki ruhiy azob berish mumkin emasligini o‘rgatib tarbiyalashimiz darkor. Qizlar ta’limiga bee’tibor jamiyat butun ummat taqdiriga bee’tibor jamiyatdir. Shunday ekan, qizlarni o‘qitish, o‘zlari qiziqqan soha bo‘yicha bilim olishiga sharoit yaratish bo‘lajak xotinlar va onalarning farovonligiga sharoit yaratish bilan barobardir. Qizlarga hayotda har qanday muammoning yechimi borligini va oiladagi munosabatlarni o‘zgartirish uchun hamma vaqt chora topish mumkinligini, bunda mutaxassislar yordam bera olishini tushuntirish lozim.

 

Ayollar davlatning himoya va yordamiga doim muhtoj, bu o‘rinda ayollarga psixolog xizmatlari bepul yo‘lga qo‘yilishi, to‘g‘ri maslahat bera oladigan mutaxassislardan iborat anonim tashkilotlar faoliyatini kengaytirish kerak. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘ngilli yordam beruvchi kanallar bor, bunga “Sukut saqlama” loyihasini misol qilib keltirish mumkin. U yerda muhtojlarga ko‘mak beruvchi ko‘ngilli psixolog, yuristlar faoliyat yuritadi. Muhimi, yoshlarga to‘ydan avval oila muqaddasligi haqida tushuncha berish bilan bo‘lajak er-xotinlarning ayrim masalalardagi qarashlarini tartibga solish mumkin. Balki dinimiz va qadriyatlarimiz asosida o‘tkaziladigan bu suhbatlarga imomlarni biriktirish maqsadga muvofiqdir? Umuman, oila ilmini maktabdan boshlab o‘rgatish taklifi ham ko‘p bora jamoatchilik muhokamalarida yangragan.

 

Davlat manfaatlari ajralishni minimallashtirishdan iborat, ammo bu hech qachon fuqarolarning shaxsiy hayotga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini buzmasligi kerak. Ajrashish jarayonida byurokratiyaga barham berish maqsadga muvofiq. Dangal aytganda, ota farzandlari ko‘z o‘ngida onasini qonga belagandan ko‘ra o‘zaro hurmat bilan ikki tomon ham o‘z yo‘lida ketgani afzal. O‘zaro hurmatni saqlagan holda ajrimlar bolalar ruhiyatiga kamroq salbiy ta’sir ko‘rsatishi isbotlangan. Albatta, mahalla yarashtira oladigan kichik mojarolar bor, bu arzimagan gap-so‘zlar atrofida aylangan er-xotinning reaksion harakati ko‘rinishida bo‘lsa, bunday kelishmovchiliklar bo‘yicha mutaxassislar yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi lozim. Ayniqsa, ayollar va bolalarga bu juda zarur. Biroq oilaviy zo‘ravonlikning yaqqol belgilarini ko‘ra-bila turib er-xotinni yana bir uyga qamash siyosatini to‘xtatish kerak.

 

Feruza RAYIMJON qizi

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2023-yil 4-son.

“Xudo yoqqan chiroq” maqolasi

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19337
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16435
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi