Oʻzbek ziyolilari oʻzbekcha kitob oʻqimaydimi?


Saqlash
18:01 / 04.01.2024 1459 3

Hamma davrlarda ham kitob gʻoyaviy targʻibotda bemisl qurol boʻlib kelgan. Bugun oʻzbek jamiyatida aynan shu quroldan foydalanishga ehtiyoj katta. Boisi bugungi oʻzbekistonlik – tolerant, insonparvar, oilaparvar, adolatparvar, ammo, chinakam maʼnoda vatani, yurt ozodligi uchun har ishga tayyor boʻlgan vatanparvarmi? Yapon, nemis, fransuz, xitoylar kabi oʻzbekligidan faxrlana oladimi? Afsuski, bu savolga har doim ham toʻgʻri javob berishga gʻururimiz yoʻl qoʻymasa kerak. Xoʻsh, bu hol oʻz-oʻzidan roʻy berdimi? Holatga kimlar, nimalar sabab boʻldi? Buning yechimi qanday, vaziyatni toʻgʻrilash uchun nimalarga eʼtibor berish kerak? Aytish kerakki, buning sabablari koʻp, bosib oʻtilgan salkam bir aslik mustabidlik, undan keyin davom etgan bir muddatlik turgʻunlik, iqtisodiy krizislar, xullas, juda koʻp omillar bugun bu masalani kun tartibiga olib chiqib qoʻydi. Shuningdek, bizning milliy, oʻzimizni tanituvchi kitoblardan uzoqlashganimiz ham. Oyina.uz portalida berib borilayotgan kitob tavsiyasi loyihasi ham ayni haqiqatni isbotlab bergandek… Quyida shu jarayoni tahlil qilamiz.

 

***

Xorijiy mamlakatlarda nufuzli nashriyot kompaniyalari, davlat va nodavlat tashkilotlar tomonidan oʻqish kerak boʻlgan kitoblar roʻyxatini eʼlon qilish tajribasi mavjud. Biz ularning ayrimlarini tahlil qilib koʻrish jarayonida roʻyxatning koʻp qismini vatanparvarlik asarlari egallaganini koʻrdik:

 

- Rossiyaning Oltoy oʻlkasidagi kutubxonalardan biri oltoyliklar oʻqilishi kerak boʻlgan 100 asar roʻyxatini tuzib chiqqan va uning 20 dan ortigʻi (20%) tarixiy mazmundagi vatanparvarlik, jasorat, mardlikka daʼvat etishga qaratilgan kitoblar[1].

 

- Hindiston tayms sayti eʼlon qilgan “Har bir hind oʻqishi kerak boʻlgan 7 kitob” ning 5 tasi (71%) tarixiy asarlarni tashkil qiladi.[2]

 

- Gruzin yoshlari oʻqishi kerak boʻlgan 30 kitobning 6 tasi[3] (20%) tarixiy syujetdagi asarlardir.

 

- Nemislar oʻzlari oʻqishlari uchun tavsiya qilgan 10 kitobning 3 tasi (30%) vatanparvarlik, davlat siyosati va mafkurasi manfaatlariga xizmat qilishiga qaratilgan. Ammo bizda biroz boshqacha…

 

Oyina.uz portali tomonidan ham ikki yildirki, nufuzli shaxslar, mashhur kishilar, ziyolilardan qanday kitoblar oʻqish lozimligi borasida tavsiyalar olib kelinmoqda. Portal tomonidan oʻtgan ikki yil davomida 73 nafar kishidan tavsiyalar olingan boʻlib, ularning 40 nafari ijodkorlar (3 nafar noshir, 8 nafar yozuvchi, 9 nafar shoir, 5 nafar adabiyotshunos, 2 nafardan tarjimon va artistlar, 1 nafardan sanʼatshunos, prodyuser va dizayner, 4 nafardan rejissyor va xonanda). Shuningdek, 10 nafar jurnalist, 13 nafar olim, 7 nafar siyosiy arbob, 1 nafardan tadbirkor, din vakili hamda sportchilarni tashkil qiladi. Ular tomonidan jami 722 ta kitob tavsiya qilingan. Kitoblarning 60 foizi (428 tasi) xorijiy, 40 foizi milliy adabiyotimiz namunalari. Shularning ichida 8 foiz (58 tasi) diniy kitoblar, 6 foizdan ortigʻi (46 tasi) esa ilmiy asarlar boʻldi. 73 ziyolining 31 nafari Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanini, 28 nafari Navoiy asarlarini, 14 nafari Choʻlpon asarlari (asosan “Kecha va kunduz” romani) ni oʻqish kerakligini taʼkidlagan.

 

Yuqoridagi raqamlardan bir qator xulosalarga kelish mumkin boʻladi. Xususan, ziyolilar milliy adabiyotdan koʻra, koʻproq jahon adabiyotini oʻqiydi va tavsiya etadi (60/40 nisbatda). Diniy-maʼrifiy manbalarning ham inson tarbiyasidagi oʻrni katta ekanini jamiyat ziyolilar eʼtirof etmoqda. Jumladan, ularning 58 nafari yurtdoshlarimiz diniy adabiyotlarni albatta oʻqishini istaydi. 46 nafari esa ilmiy adabiyotlarni ham tavsiya etgan.

 

Tarixiy mavzudagi vatanparvarlikka chorlovchi badiiy asarlar 100-yil oldin ham dolzarb boʻlgani, bugunga kelib ularning ahamiyati yanada ortganini yuqorida taʼkidlagan edik. Ammo taassufki, 73 kishi tomonidan tavsiya etilgan 722 kitobning bor-yoʻgʻi 37 tasi (5,2%) tarixiy mavzudagi vatanparvarlikka chorlovchi kitoblardir. Tavsiyalar ichida Amir Temur tarixiga bagʻishlangan kitoblar 4 ta boʻlsa, Toʻmaris, Shiroq, Jaloliddin Manguberdi, Shohrux mirzo, Shayboniyxon singari oʻzbek davlatchiligi taraqqiyotida muhim oʻrin egallagan buyuklarimiz haqidagi asarlarning yoʻqligi taajjubli hol.

 

Biz bot-bot davlatchiligimiz, qahramonlarimiz haqida toʻxtalarkanmiz, ularning sharafli nomlarini sanab oʻtishdan charchamaymiz. Lekin aslida-chi? Aslida ular haqida bilgan maʼlumotlarimiz, bilimlarimiz haminqadar. Yiqilganni tepgandek, Turonga yurish qilgan ahamoniylarga qarshi gʻalabali kurashgan Toʻmaris, makedoniyalik bosqinchilarga qarshilik koʻrsatgan Spitamen va Shiroq, moʻgʻullarga qarshi mardlarcha kurashgan Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron soyasida qolib ketgan Shohruxmirzo, ajdodlarni oq yoki qoraga ajratish anʼanasi natijasida “olaboʻji”ga chiqqan Shayboniyxon singari siymolar haqidagi asarlar ham siyrak. Kam boʻlgani kamdek, targʻiboti yoʻqligi, ommalashmagani uchunmi yo boshqa sababdan ular har xil roʻyxatlardan ham tushib qolishyapti. Hatto ziyolilarimiz roʻyxatidan ham…

 

Toʻgʻri, jahon adabiyotini oʻqish, dunyoviy ilmni egallash, ulardan foydalanib yurtning oʻmganini koʻtarish kerak. Ammo, oʻzligimizni bilmay, oʻzligimizdan faxrlanmay bu ishlarni qilishning imkoni bormi? Qilinganda ham faqat moddiy foyda uchun amalga oshirishning oxiri qayergacha? Axir, pul uchun yurtni sotmoqchi boʻlayotganlar, qoʻshnisining haqini qoʻrqmasdan yeyotganlar, meroslarimizga davlat mulki-ku, menga nima, deb beparvo qarayotganlar, har fasliga havasing ketguvchi tabiatimizni changga belayotganlar oʻzimizning qorakoʻzlar-ku?! Agar shularning ichida zarra boʻlsin, oʻzbekman, oʻzimniki, buyuklardan qolgan vatanim bu, degan bir qatra nur boʻlganida bugun vaziyatimiz boshqacharoq boʻlarmidi, degan oʻy oʻtadi kishi koʻnglidan. Kamiga soʻnggi vaqtlarda ayrim “katta” mamlakatlarning u yoki bu darajadagi amaldorlari Oʻzbekiston suverenitetini nafaqat shubha ostiga olayotgan, balki hatto bosib olish kerakligi haqida qalin devor ortida emas, ochiq matbuotda iddao qilayotgan bir davrda oʻzlikni anglash, millatni sevish, millat bilan faxrlanish tuygʻusi ehtiyoji har doimgidan ham kerakroq boʻlib boryapti. Bu holatlar, avvalo, ziyolilarni sergak torttirishi kerak. Ular yozishlari, gapirishlari, xalqni jipslashtiruvchi, vatanparvarlikka, oʻzlikka chorlovchi durdona asarlarni yaratishlari, tavsiya qilishlari lozim. Shundan keyin bu kitoblarni hammaga, har bir oʻzbekka aytish, ommalashtirish, qoʻlma-qoʻl qilish har birimizga tan boʻladi. Ammo ungacha, ungacha borini ham eslab turaylik, bu bilan ziyoli degan toʻnimiz yechilib qolmaydi, aksincha, millat siz orqali oʻzligini tanib boraveradi.

 

Bekzod ABDIRIMOV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

Xorazm viloyati boʻlimi rahbari

 

Gʻulomjon OTAJONOV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

Xorazm viloyati boʻlimi bosh mutaxassisi

________________________________________

[1] https://kamen-lib.altai.muzkult.ru/100knig/

[2] https://theculturetrip.com/asia/india/articles/top-10-books-every-indian-should-read

[3] https://edu.aris.ge/news/30-wigni-romelic-unda-waikitxo-sanam-30-wlis-gaxdebi.html

 

 

3 Izohlar

Rahmatjon

15:01 / 11.01.2024

Ilm olish va kitob o'qish yoshlar hayotida muhim bo'lmay qolgan. Qayerdan yengil ish topib tezroq boyish maqsad. Ijtimoiy tarmoq vasvasi orqali yangi yo'nalishlar bloger,treyder, mobilagraf va shunga oʻhshash dunyo hamjamiyatida hozirda eng ommalashgan kasblar bilan ovvora. Biz rivojlangan davlatlardan kamida 50 yil orqadamiz . Shuning uchun ham ziyolilarimiz chet el yozuvchilarining kitoblarini oʻqishni tavsiya qiladi. SSSR bizni oʻz mafkurasiga qul qilgan. Qachon bizda ilm rivojlanadi? Robbisini tanigan,paygʻambariga ergashgan va dinini yahshi anglagan avlod chiqsa yana biz ilmda oldinlab ketamiz. Paygʻambarimiz Muhammad ( s.a.v) Chin( yani Xitoy)ga borib boʻlsa ham ilm olinglar degan. Al Xorazmiy , Beruniy , Farobiy , Ibn Sino , Fargʻoniy , Imom Buhoriy , Imom Termiziy va shular qatoridagi boshqa olimlar chiqishi uchun din muhim roʻl oʻynaydi. Din bizni ilm olishga va axloqlarni kamoliga olib borishga targʻib qiladi. Dinini oʻrgangan inson : Tarixini yahshi anglaydi va ilm oladi,ilm ulashadi.

Мадрахим Сафарбоев

21:01 / 06.01.2024

Хак гап. Бизнинг зиёлиларимизда космополитлик иллати бор. Нафакат зиёлиларимиз, балки хокимият тизимида хам шу иллат илдиз отган. Миллий гурур етишмайди.

Billura

22:01 / 05.01.2024

💯

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16792
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi