Xoja Ahror Valiy aybdormi yoxud kanadalik olim nega chalkashgan?


Saqlash
17:01 / 03.01.2024 556 1

 

XX asrning ikkinchi yarmida Yevropa, Amerika va Kanada olimlari tomonidan ham Alisher Navoiyning adabiy-ilmiy merosi bo‘yicha tadqiqot olib borilishi navoiyshunoslik rivojiga munosib hissa qo‘shdi. Bu borada kanadalik olim Mariya Sabtelni xonimning Temuriy hukmdor Husayn Boyqaro saroyi adabiy muhiti va uning siyosiy ahamiyati mavzusidagi tadqiqoti e’tiborga arzigulik. Olim ilmiy izlanishlarida Hirot adabiy muhitining yuzaga kelish omillariga alohida urg‘u berib, buning asosiy ildizi sifatida temuriylar tarixini sinchiklab o‘rgangan. Har bir manbaning qo‘lyozmasiga, original tiliga murojaat qilishi bois olimning tahlil va talqinlarida Alisher Navoiy davri muhitini his etish mumkin.

 

Hirot madaniy muhitining gullab-yashnashini Mariya Sabtelni Husayn mirzoning faoliyati bilan bog‘laydi: 1469-yilda Temur nabirasi Husayn Boyqaroning hokimiyat tepasiga kelishi va Hirotda qariyb qirq yil davom etgan hukmronligi Xurosonning birligi va barqarorligini ta’minladi. Xurosonning asosiy siyosiy markazi Hirot temuriylarning Samarqand  va oqquyunlilarning Tabriz kabi qudratli madaniy markazlari bilan raqobatlashishga majbur bo‘ldi. Bular, o‘z navbatida, temuriy shahzodalar va ularning hokimlari boshqaradigan Balx, Marv, Toshkent, Astrobod, Hisor, Kobul va boshqa ko‘plab markazlar uchun namuna bo‘lib xizmat qildi”[1].

 

Olim Xuroson poytaxti Hirotning boshqa madaniy markazlarga nisbatan yetakchilikni qayta qo‘lga olishiga ham alohida e’tibor qaratadi. Bu shaharda Shohrux mirzo, Boysung‘ur mirzo, Abulqosim mirzolar davrida ham shoirlar, musiqachilar qo‘llab-quvvatlanganini ta’kidlab, Hirot madaniy muhitining moddiy asoslarini temuriy hukmdorlar boshlagan an’analarga bog‘laydi. Agar madaniy muhitga homiylik qilish borasida avvalgi temuriy hukmdorlarning mustahkam asosi bo‘lmaganida Husayn Boyqaroda bunday imkon bo‘lmas edi degan fikrni ilgari suradi. Husayn mirzoning zamonasida bu an’ana eng yuksak cho‘qqisiga yetgani va boshqa madaniy markazlarga etalon vazifasini bajarganini e’tirof etadi.

 

Olim Husayn mirzo homiyligi va rahnamoligida bunyod bo‘lgan Hirot madaniy va adabiy muhitining jozibador tomonlarini e’tirof etish bilan birga uning raqobatchilik ruhini ham tarixiy faktlar orqali tekshirmoqchi bo‘ladi: Samarqand hamon muhim siyosiy markaz bo‘lsa-da, XV asrning ikkinchi yarmiga kelib Ulug‘bek davridagi madaniy obro‘-e’tiborini yo‘qotdi. Shahar o‘sha paytda naqshbandiy shayx Xoja Ahror Valiy ta’sirida bo‘lgan Abusaidning o‘g‘illaridan biri Sulton Ahmad mirzo tomonidan boshqarilardi. O‘z navbatida Xoja Ahror Valiyning ilm-fan va madaniyatga salbiy munosabati shaharni madaniy jihatdan jozibali qilmadi. Qolaversa, Sulton Ahmad mirzoning o‘zi ham, Boburning fikricha, hech narsa o‘qimagan, sodda fikrli turk edi. Bu omillar Samarqandni Hirotdan pastroq qilib qo‘yishiga va jiddiy raqib sifatida yo‘q bo‘lishiga yordam berdi”.

 

Olimning Xoja Ahror Valiy xususidagi fikri taajjublanarli va nuqsonlidir. Tadqiqotning mazkur fikrlar keltirilgan manbalariga diqqat qilsak, bu yerda Alisher Navoiyning Majolis un-nafois va Boburning “Boburnoma” asarlari ko‘rsatilgan. Bu manbalar Sulton Ahmad mirzoning ilmsizligi va Samarqand madaniy muhitining tanqidi bilan bog‘liq.  Lekin olim aynan Xoja Ahror Valiyning “ilm-fan va madaniyatga salbiy munosabati”ni qaysi manbaga tayangan holda bildirmoqchi bo‘lgani mavhum. Asos va manba keltirmagan.

 

“Boburnoma”da  Sulton Ahmad mirzoning sodda va ilmga befarqligi haqidagi ma’lumotni aslida Boburning nozik dididan kelib chiqib tahlil qilish kerak: “...hech nimarsa o‘qug‘on emas edi, omi edi, turk va sodda edi. Tab’din bahrasi yo‘q edi”[2]. Bu ta’rif Sulton Ahmad mirzoning mutlaqo savodsizligini anglatmaydi. Mirzo Bobur yashagan davrlarda temuriylar erishgan mislsiz muvaffaqiyatlarda oqil va ko‘p o‘qiydigan hukmdorlarning ulushi katta bo‘lgan. Shu bois Bobur amakisi Ahmad mirzoning shahar markazida, turli ilmlar o‘chog‘ida ulg‘aya turib, bironta ilmda kamolot hosil qilmagani va badiiyat olamidan yiroqligini omilik deya baholagan bo‘lishi mumkin.

 

Mariya Sabtelni “Boburnoma”ni sinchiklab mutolaa qilganiga hech qanday shubha yo‘q. Olim Boburnoma”ning bir necha o‘rnida Xoja Ahror Valiy temuriylarning feodalistik urushlarini to‘xtatishga erishib, sulh tuzdirgani, umrining qaltis lahzalarida Boburni bir necha bor ruhan qo‘llagani haqidagi ma’lumotlarni o‘qimaganiga ishonish qiyin. Shuningdek, Mariya Sabtelni Boburning ma’rifiy hukmdor bo‘lib shakllanishida muhim o‘rin tutgan Andijon muhitiga Xoja Ahror Valiyning ta’siri va unga ism tanlab bergani haqidagi ma’lumotlarni ham “Tarixi Rashidiy”dan o‘qigan bo‘lishi kerak. Chunki tadqiqotning ko‘p o‘rinlarida mazkur asar ma’lumotlaridan ham foydalangan. Asarning salmoqli qismi esa naqshbandiy tariqati vakillariga ajratilgan bo‘lib, ular orasida Xoja Ahror Valiy markaziy fenomen darajasiga ko‘tarilgan.

 

Qolaversa, Xoja Ahrorning tom ma’nodagi pok siyratini gavdalantiruvchi tasavvufiy asarlardan (Muhammad  Qozining Silsilat ul-orifin, Ali Safiyning Rashahot) ham Mariya Sabtelni xabardor bo‘lgan. Bu manbalarning barchasida Xoja Ahror Valiy tasavvuf ahliga chin ma’noda ustoz va pir bo‘lganiga ishonchli dalillar ko‘p.

 

Shunday ekan, olimning Xoja Ahror Valiy Samarqand madaniy muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan deya xulosa chiqarishiga qanday sabab bo‘lishi mumkin?

 

Akademik Botirxon Valixo‘jayevning Buyuk ma’naviy murshid risolasida keltirilishicha, bunday uydirma va tuhmat ma’lumotlarning aksariyati Xoja Ahror Valiy tirikligidayoq tarqala boshlagan. Noxolis ma’lumotlar uning mulki va obro‘sini ko‘rolmagan dushmanlari tomonidan tarqatilgan. Ali Safiyning “Rashahot ayn ul-hayot asarida ham Xoja Ahror Valiy Samarqandda yashab yurgan kezlari ba’zi bir din peshvolarining ta’qibiga uchragani tilga olinadi. Mazkur asarda yozilishicha, Xoja Mavlono degan kimsa Xoja Ahror Valiyning kundan-kunga oshib borayotgan obro‘sidan tashvishga tushib, atrofdagi beklarni uning uyiga bormaslikka, uni yakkalab qo‘yishga, mulkini musodora qilishga da’vat etadi.

 

Hukmdor temuriy Sulton Ahmad mirzoning esa Xoja Ahror Valiyga ixlosi baland bo‘lib, suhbatini olish uchun a’yonlari bilan pirining huzuriga tez-tez kelib turar edi. Bunday izzat-e’tiborni ko‘ra olmagan, qolaversa, Xoja Ahror Valiy og‘ir xastalik tufayli Samarqand madrasasida o‘qishni tugatmaganini bilgan Xoja Mavlono uning ortidan “qishloqi shayx” deb masxara qilib yuradi. Bir kuni Xoja Mavlono muridlari bilan suhbatda Xoja Ahror Valiyni “bu jual (axlat qo‘ng‘izi), uning ishi mol-mulk to‘plashdan boshqa narsa emas” deb haqoratlaydi. Bu gap Xoja Ahrorning qulog‘iga yetib borgach, shunday deydi: “Oqibatda jualday o‘lgay!”.

 

Oradan ko‘p o‘tmay Xoja Mavlono xastalikka chalinib, es-hushi parishon bo‘lib qoladi va o‘z axlatining ustiga o‘tirib, uni titkilab, hidlab huzurlanadigan holatga tushadi. Umrining oxirgi kuni Xoja Mavlono hushiga qaytadi va huzuriga kelgan Mavlono Muhammad Muammoiyga “Agar muhtaram Xoja Ubaydullohning ziyoratiga borsangiz, bizning gunohlarimizni aytib, uzrimizni ham yetkazsangiz, nima qilgan bo‘lsak nafs-izzattalashlik, obro‘ orttirish uchun qilgan edik. Hammasidan voz kechdik. Karam qilsinlar-da, gunohlarimizni bag‘ishlasinlar” deb tavba qiladi. Xoja Mavlononing uzrini eshitgan Xoja Ahror uning gunohidan kechadi[3].

 

Hirotda madaniy davralarning taraqqiy etishi hukmdor Husayn mirzoning san’atkorlarga xayrixohligi va iste’dodli shoir bo‘lish omiliga ham borib taqaladi. Samarqandda bu paytda uzoq yillar hukmronlik qilgan Sulton Ahmad mirzo, Bobur ta’biri bilan aytganda, “omi edi”. Bundan tashqari, Sulton Ahmad mirzo, Sulton Mahmudxon va Sulton Umarshayx mirzolar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan urushlar, hudud talashishlarning barchasi adabiy-madaniy muhitning vaqtinchalik ortda qolishiga sabab bo‘lardi.

 

Nazdimizda, Mariya Sabtelnining monografik tadqiqotida Xoja Ahror Valiy haqidagi uydirma o‘zani rus sharqshunosligiga borib taqaladi. Olim foydalangan manbalar qatorida rus tarixchisi Vasiliy Bartoldning bir qator asarlari bo‘lib, u aynan Xoja Ahror Valiy bilan bog‘liq iqtiboslarni o‘z xulosalarida keltirmagan bo‘lsa-da, lekin tanishganlik jihatdan bu fikrlar ta’siriga tushgan bo‘lishi mumkin.

 

Vasiliy Bartold o‘z davrida qadimiy qo‘lyozma manbalarni asliyatda o‘qib, tahlil qiladigan tarixchi bo‘lgan. Shunga qaramay uning Ulug‘bek mirzo davridan keyingi madaniy tanazzulni to‘liq Xoja Ahror nomi bilan bog‘lashga urinishi tarixiy faktlarni chalkashtirib yuboradi. Xoja Ahror Valiy davri bilan bog‘liq boshqa muarrixlarning qarashlari bilan tanishgan holda yana bu murshidga sovuq ayblovni qo‘yishda davom etaveradi.  Masalan, “Ulug‘bek va uning davri” asarida birma-bir keltirilgan iqtiboslarni matnda berib o‘tadi-yu, lekin qarshi fikr bildirishda davom etaveradi. Abusaid mirzoning ba’zi harakatlarini yana Xoja Ahror Valiy  faoliyati bilan bog‘lamoqchi bo‘ladi: Ulug‘bekning qirq yillik hukmronligi ham Abu Said tomonidan Toshkentdan chaqirilgan naqshbandiya tariqati vakili Xoja Ahror Valiyning hukmronligi bilan almashtirildi. Shariat va so‘fiylik tariqatining tipik vakili Xoja Ahror Valiy turkistonlik eshonlardan edi va unga kitob ilmi begona edi degan soxta xulosani o‘quvchiga singdirmoqchi bo‘ladi.

 

Afsuski, Vasiliy Bartoldning qarashlari o‘zbek sovet tuzumi ziyolilari uchun asosiy mezon bo‘lib qolgan edi. Bu yolg‘on xulosalar iste’dodli jadid, birinchi o‘zbek professori Abdurauf Fitrat maqolalariga ham soya solgan: Ulug‘bek o‘zi ham musiqiy olimlardan sanalg‘an... Ulug‘bek zamonida mashhur Xoja Ahror Valiyning himoyasi ostida Samarkentda (diniy teskarichilik (aks ul-harakat) paydo bo‘la boshlaydir. Shuning ta’siri bilan Ulug‘bekning o‘lkasida buzg‘unchiliklar yuz  ko‘rsatar-da, Ulug‘bekning o‘limi bilan natijalanar[4].

 

Sevimli adiblarimiz Maqsud Shayxzodaning Mirzo Ulug‘bek fojiaviy dramasida, Odil Yoqubovning Ulug‘bek xazinasi romanida ham ana shu asossiz ayblov, taassufki, davom etgan.

 

Xoja Ahror Valiy bilan bog‘liq noto‘g‘ri qarashlarni o‘rgangan holda rus sharqshunosi Vasiliy Bartoldning nafaqat o‘zbekistonlik, balki xorijiy olimlarning izlanishlariga ham salbiy ta’sir o‘tkazganiga guvoh bo‘ldik. Bu muammo, shubhasiz, olimlarimizni yangi izlanishlarga undamoqda. Mavzu yuzasidan so‘nggi tadqiqotlarning yangi natijalarini xalqaro nashrlarda xorijiy tillarda e’lon qilish har birimizning oldimizda turgan katta vazifa va burchimiz hisoblanadi. Albatta, kanadalik olim Mariya Sabtelnining mazkur tadqiqotida yuqoridagi aytib o‘tganimiz kabi jiddiy chalkashliklar bor. Lekin bu tadqiqot Hirot adabiy muhiti taraqqiyotining boshqa jihatlarini o‘rganish borasida xorijdagi  arzirli izlanishlardan sanaladi.

 

Elmira HAZRATQULOVA,

O‘zFA Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimi

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2023-yil 4-son.



[1]  The poetic circle at the court of the Timurid Sultan Husain Baiqara and its political significance. Harward . 1979.

 [2] Zahiriddin Muhammad Bobur. “Boburnoma”. Sharq NMAK. – T.:2002.44-b.

[3] Valixo‘jayev B. “Buyuk ma’naviy murshid”.  – T.: “Fan”, 2004. – 4.

[4] Fitrat A. O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi. Samarqand. 1926.  – 55-b.

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

 

1 Izoh

Хуршид

07:01 / 04.01.2024

Фикрларингиз уринли. Тасаввуф шайхларига оид тадкикотларни шу йусинда кайта тадкик этиш керак. Бу тарихий тафаккурга сингиб кетган тарихий маълумотларни янгилаш керак.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19457
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16805
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi