“Dada, sizni yaxshi koʻraman!” – mashhur otalar haqida oʻgʻillarning hikoyalari


Saqlash
16:12 / 28.12.2023 988 1

Insonning orzulari, kelajakda kim boʻlishi, hayotda munosib oʻrnini egallashi, odatda u ulgʻaygan muhitga bogʻliq boʻladi. Yaxshi ota esa farzandining koʻzlagan manziliga qoqilmay yetishida vaqt va imkoniyat imtiyozi. Oyina.uz shunday otalarning farzandlaridan har doim ham aytilavermaydigan izhorlarni taqdim etadi.

 

 

Saʼdinov Jaloliddin MAHMUD oʻgʻli:

 

– Men hayotimni ikki qismga boʻlaman: otam bor vaqtlar va undan keyingi davr. Oʻylab koʻrsam, otam hayotligida hali ulgʻaymagan ekanman. Oʻttizdan oshgan, 4 ta farzandning otasi boʻlsam ham... Otam vafotidan keyin sezdimki, dunyo aslida ikkiga boʻlingan ekan: otam yaratgan oila muhiti – padarim qarashlaridan paydo boʻlgan, menga taʼsir qiladigan rakursdagi dunyo va real dunyo. Tushunyapsizmi, yaʼni hayotiy qarashlarimni ikkiga ajratsam boʻladi: oldinlari men uzoqda boʻlamanmi yoki oʻqishda/ishda/tadbirkorlik faoliyatimdami – farqi yoʻq, orqamda otam borligini his qilib turgandagi tiriklik va otam vafotidan keyingi rostakasim hayot hamda unga boʻlgan munosabat. Oʻylasam, otam borligida butun dunyoqarashimda ularning taʼsiri boʻlgan ekan. Holbuki, tarbiyada biror amalga majburlash boʻlmagan, xatoyim uchun ham kaltak yeyish u yoqda tursin, soʻkish ham eshitmaganman. Qattiqqoʻllik qilmaganlar. Oʻzbek oilasi uchun unikal holat-a? Otam tarbiyani, aytaylik, halollikni oʻzlarining xatti-harakatlari orqali, namuna koʻrsatib olib borganlar.

  

 

Bizning oilada Vatan, millatni sevish degan gaplar siyqasi chiqqan, shunchaki aytiladigan gaplar emasdi. Biz uchun bu tuygʻular oʻta tabiiy va odatiy qabul qilinardi. Otam borligida “chetga surish” degan fikr xayolimga umuman kelmagan. Faoliyatim taqozosi tufayli turfa odamlar orasida muloqotda boʻlaman, ishim bitishi uchun ularning dunyoqarashlari bilan hisoblashishga, eshitishga va maʼlum qismini oʻzimga yuqtirishga majbur boʻlaman – busiz iloj yoʻq. Qolaversa, tashqi dunyodan olinadigan juda koʻp salbiy energiya, informatsiya, inson tabiatini oʻzgartiradigan taʼsirlar boʻladiki, uni hazm qilaverib, qalbingiz, dunyoqarashingiz oʻzgara boshlayotganini sezmay qolasiz. Otam bunga qarshi mening immunitetim edilar. Aslida oldinlari ham ana shunday “insonni oʻzgartiruvchi tashqi taʼsirlar” boʻlgan, lekin uyga kelgach, otam bilan suhbatlashgandan soʻng, hattoki, shunchaki gaplarini eshitgandan keyin barcha yuqtirilgan “gard”lar yuvilib ketardi. Hozir esa inson boʻlib qolish borgan sari katta masʼuliyat va kuch talab qilyapti, endi mening oʻrnimga bunga qarshi turib, qaytaradigan odam yoʻq – Mahmud Saʼdiy Alloh menga bergan ana shunday kuchli himoyachi, suyanadigan togʻ edi.

 

Ishdan toliqib, baʼzan muammolarga uchrab qaytsam, barcha gʻuborlar chiqib ketardi, halovat qaytardi – uyda otam meni kutardi. Oilada shunaqa taft mendayam boʻlishiga umid qilaman. Allohning menga rahmdilligi bilan otam 80-yil umr koʻrdilar. Oʻtganlariga 4-yildan oshdi-yu, lekin qalbimdagi kemtik ketmadi va ular tiriklik paytidagi halovat hissi hali qaytib kelmadi.

 

...Oʻgʻillarim qaysidir ishni bajarmasa, xato qilsa urishib, oʻziga xos jazo qoʻllagan paytlarim otamning shunday vaziyatdagi menga nisbatan qanday munosabat qilganlarini afsuski, kam hollarda eslayman. Hozir xotiramga bir voqea keldi. Qandaydir ahmoqlik qilib, otamni xafa qildim. Ertalab maktabga ketishim kerak, hali tushlik puli olinmagan. Gʻururcha jonivor otadan pul soʻrashga egilmayapti, lekin och qolish ham yoqmayapti. Aksiga olib, hali kechirim soʻrashga ulgurmaganman (hozir oʻshandagi ahvolimni eslab qattiq kulyapman). Xullas, sekin otam xonasiga moʻraladim – uxlayaptilar. Chamasi oʻn yoshlardagi bolaman, “gʻam-anduhga choʻmib” kоrovatim oldida turgan ogʻir portfelimni olish uchun kirsam, tokchaga tushlik puli qoʻyib qoʻyilgan ekan... “Bolamning ahmoqgarchiligi uning och qolishiga sabab boʻlishi kerakmas, iye, och qolsinmi endi?” deb aytardilar. Otamning tarbiyasi shunaqa edi, vijdonga taʼsir qilib, tarbiyalaydigan uslublari koʻp edi...

  

Sardor A’zam ERKIN oʻgʻli:

 

– Bolaligimdan otamning doim kitob yo gazeta oʻqiyotgan holatini koʻrib katta boʻlganman. Bizni koʻproq onam tarbiya qilgan boʻlsalar-da, har qanday jiddiyroq xarxashamiz odatda otamning gazeta ortidan qovoq solib qarab qoʻyishlari bilan barham topardi. Baʼzan yelkalariga chopon tashlagan holda ish stoliga oʻtirib, kechalari bilan ijod qilardilar. Otamga havas qilib, bir kuni men ham “ijod”ni boshlaganim esimda... Sakkiz-toʻqqiz yoshlarda boʻlsam kerak. Otamning yozuv mashinkasi ustidagi sargʻish qogʻozlardan olib, yelkada chopon bilan “qissa” yozganman. Otam ishimni koʻrib jilmayganda, nimagadir uni Doʻrmondagi qoʻshnimiz Nabijon Boqiyga bergan. 3-4 kundan keyin oʻsha paytlardagi “Vatan” gazetasining ikkinchi sahifasini toʻliq qamrab olgan, taxminan “Nomsiz qissa yoxud havaskor yozuvchi S.A.ning yozganlari” deb nomlangan maqola chiqqan. Otam gazetani menga tutqazganida, avvaliga qissa gazetada bosilibdimi deb xursand boʻlib ketganman. Oʻqisam, felyeton ekan, “Qatlnoma”ning oʻzginasi! Bolalikda boshlangan “ijod” shu zahoti yakun topgan. Oʻshanda kattalar nima uchun bunday keskin yoʻl tutishganini hanuzgacha bilmayman. Nabijon akani keyingi koʻrganimda soʻrarman... “Badiiy ijod” qoʻldan kelmagach, universitetda ilmiy maqola yozishga harakat qildim. Ularni otamga koʻrsatganimda, oppoq qogʻozni qop-qora qilib qaytarib berardilar. Shunday paytlarda otamning qanchalik professionalligiga har safar qoyil qolganim rost. Yozib-yozaverib, bugun, mana, fan doktori ham boʻldim. Bunga ham otam sababchi. Oʻqishni bitirganimdan soʻng ilmiy ish qilishga doim undab kelganlar. Professorlikni ham tezroq olishim kerak endi...

 

Umuman olganda, otam mening hayotimda asosiy oʻrin egallaydigan shaxs. Kenja farzand ekanim, koʻp narsani opam va akamdan koʻra mendan kutishlari buning boisi boʻlsa ajab emas. Har qanday qiyin vaziyatda, turmush va ishdagi turli jumboqlarga roʻbaroʻ kelganimda menga doim joʻyali maslahat berib keladilar, kuyinchaklik qiladilar. Men ham otamning ishonchini oqlashga qoʻlimdan kelganicha harakat qilaman. Hafsalalari pir boʻlgan davrlar ham boʻladi, albatta, lekin menga buni bildirmaydilar.

 

 

Otam – halol inson. Bizga halollik haqida koʻp ham gapirmagan boʻlsalar-da, ibratlari bilan koʻrsatib keladilar. Hashamatsiz, boyliksiz bu hayotda maza qilib yashash mumkinligi – otam amal qiladigan oddiy haqiqat. Bizning oilamiz shiori shu aslida. Otam doim yangi fikrga intiladi, uni hurmat qiladi, yangi fikr bildirgan insonga mehri mudom baland boʻlgan. Chamamda, otam oʻzi oʻqigan son-sanoqsiz kitoblari ichida doim yangi fikr izlasa kerak, chunki otam yangi fikrsiz yashay olmaydi, shundan zavq oladi. Yozuvchi sifatida oʻz soʻzi, oʻz stili – safdoshlari ichida oʻz oʻrni bor. Otamdagi originallik yoqadi menga. Otamning men gʻururlanadigan xislatlari talaygina. Aslida-ku, har qanday farzand oʻz otasi bilan faxrlanishi tabiiy. Biroq opam va akam bilan biz esa bu borada ikki hissa baxtliroqmiz, deb oʻylayman. Chunki otamiz xalqimizning eʼtiboriga tushgan inson ekani barobarida chindan ham kamtar va hayotiy prinsiplariga ega inson. Bugun otam bilan onam Doʻrmonda. Ularning diydoriga toʻyib kelishim kerak. Shu oʻrinda soʻzimni tugatsam-da, bizning bebaho boyligimiz – otam va onamga uzoq umr tilasam!

  

Hasanov Otabek ABDURASHID oʻgʻli:

 

– Dadam mening ustozim, motivatorim. Besh yoshimda harflarni tanitganlar, yetti yoshimda ular sabab bemalol kitob mutolaa qila olardim. Bolaligimda dadam bizga kitoblardan iborat “Kutubxona uy” qurib bergandi. Kitob va ilm – shu tushuncha ruhida ulgʻaydik. Biz birga oʻqirdik, birga kitoblar mazmuni haqida gaplashardik. Bu maroqli edi. “Oʻtgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Kecha va kunduz”, “Navoiy” asarlari ruhiyatini bolalarcha anglaganman oʻshanda. Dadam har kuni men oʻqigan kitoblar haqida suhbatlashishni kanda qilmasdilar. “Qani, gapirib bering-chi, bu kitob nima haqida ekan?..” Keyin men toʻlib-toshib, zavq bilan obrazlarim haqida soʻzlab berardim. Dadam xizmat safariga ketsalar qaytishlarini kutardim. Chunki oʻqigan kitoblarim haqida gapirib, olqish olishga oʻrganib qolgandim. 11 yoshimda siyosat haqida gaplashadigan boʻldik. 15 yoshlarimda davlat boshqaruvi haqida kitoblar mutolaasi boshlandi. Dadamning bir odatlari bor edi. Har maoshlarining 5–10 foiziga kitob olib kelardilar. Qizigʻi esa ular oylikdan oylikkacha oʻqilishi kerak edi. Va shunday boʻlardi ham. Meni ilm bilan doʻst qilgan inson dadam boʻladilar.

 

 

Bir haqiqatni bugun aniq bilaman: farzand tarbiyasida otaning oʻrni beqiyos. “Men senga ishonaman!” Shu birgina gap meni doim harakatga keltirgan. Oʻzimni qiynab ilm olishga majburlagan. Mashaqqatlarga duch kelgan paytlarim boʻldi. Doktorlik ishim himoyasida turli kutilmagan holatlarga duch keldim. “Yetadi, ilm qilmayman!”, degan fikr xayoldan oʻtgan kunlarim ham boʻldi. Shunday paytlarda yagona inson – dadam menga motivatsiya berdilar. Oʻtirganimda yurishga, yurganimda yugurishga undadilar. “Sinmasliging, sindirolmasliklari kerak, haqiqiy qilich olovda toblanadi”, derdilar qatʼiy. Shu gaplar meni yanada kuchli, sabrli, matonatli qildi. Bugun har bir ota oʻz farzandining motivatori boʻlishi kerak. Farzand otadan kuch olishi lozim. Bugun, balki har bir oʻzbek oilasida shunday otalar kerakdir. Shunda biz toʻlaqonli ilmli jamiyatga aylanishimiz oson boʻlarmidi...

 

Tursunov Ziyovuddin ANVAR qori oʻgʻli:

 

– Alloh rahmatiga olsin, otamiz, ustozimiz Anvar qori domla koʻp yillar Toshkent shahrining bosh imom-xatibi vazifasida faoliyat koʻrsatdilar. Chorak asrdan koʻproq muddat millatimiz tinchligi, eʼtiqodimiz sofligini saqlash yoʻlida erta-yu kech jonini tikib xizmat qilganini nafaqat otamni yaqindan tanigan doʻst-birodarlari, shogirdlari, balki butun xalqimiz yaxshi biladi. Otamning oʻzim kuzatgan baʼzi xislatlarini eslashga harakat qilaman. U kishi juda taʼsirchan va mehrli edilar. Oilada boʻlsin, koʻcha-koʻy, mahallada boʻlsin, har qanday yaxshi yoki yomon ishga befarq qarolmasdilar. Yaxshi ishdan suyunib, xursandliklarini yashirolmas, albatta munosabat bildirib oʻtar, bu xayrli ishning davomli boʻlishiga kishida ragʻbat uygʻotardilar. Gʻayrisharʼiy, yomon bir ishga guvoh boʻlib qolsa, oʻylab oʻtirmasdan aralashar, koʻchada yo masjidda boʻlsin, toʻxtab, oʻsha ishni qilgan kishiga nasihat qilar edilar. Buzilib borayotgan qancha oilalarning isloh boʻlishiga sababchi boʻlganlarini qarindoshlarimiz, mahalladoshlarimiz, otamning shogirdlari yaxshi bilishadi. Nasihatlari shunchaki til uchida emas, dildan boʻlardi. Ichlarida dinning, xalqning tashvishi boʻlgani uchun yonib soʻzlardilar. Gap-soʻzlari sodda, ayni paytda oʻtkir, nishonga aniq yetib borguvchi edi.

 

 

Esimni tanibmanki, otam ertalabdan kechgacha ishda boʻlar, turli rasmiy va norasmiy tadbirlarda ishtirok etar, qayerda boʻlmasin, Allohni tanitish yoʻlida jon kuydirar, islomiy xulqqa, odob-axloq qoidalariga jiddiy eʼtibor qaratar edilar. Ishdan charchab kelganlariga qaramasdan, oilamiz davrasida har birimizga alohida mehr koʻrsatishga ulgurardilar. Ota-ona haqqini oʻrniga qoʻyar, farzandlarga alohida eʼtibor qaratib, nevaralarni suyub, erkalar edilar. Ha, u kishi shunday mehribon, bolajon edilar. Birortamiz xastalansak, oʻzlari bemor boʻlgandek, ertalabgacha betoqat boʻlardilar. Hammani kitobxonlikka daʼvat qilar, dunyo va oxirat saodatini kitobda, maʼrifatda deb bilgani bois bizni ham hamisha mutolaaga undar, doim qoʻllarida qandaydir kitob bilan uyga kirib kelardilar. Uyimizdan mehmon arimasdi. Suhbatlarini olish uchun kelgan muxlis-u shogirdlar, biror masala soʻrab yo qandaydir tadbirga taklif etib kelgan notanish yoki shunchaki ziyorat uchun tashrif buyurgan kishilar kundalik mehmonlarimiz boʻlardi. Otam imkoniyati darajasida hammalarining hojatini chiqarar, hech kimning koʻnglini qoldirmaslikka harakat qilardilar. Nazarimda, mehribon padarim uchun yechilmas muammo yoʻqdek edi. Har qanday ishga masʼuliyat bilan kirishar va osonlik bilan uddalagandek tasavvur uygʻotardilar. Endi bilsak, u kishiga aslo oson boʻlmagan ekan, hal etilgan har bir ishning ortida qanchalar hayajon, xavotir, bezovtaliklar yashirin boʻlganini, oqibatda salomatlik qanchalik boy berilganini bugun, mana u kishini yoʻqotganimizdan soʻng his etyapmiz.

 

Har holda, bir narsa maʼlum – otamiz butun umr insonlarga yaxshilik sogʻindilar, millatimizning gullab-yashnashini, musulmon ummatining maʼrifiy yuksalishini orzu qildilar, dinning, xalqning gʻami bilan yashadilar... Alloh subhonahu va taolo otamizni, u zotning shu darajaga yetishiga sababchi boʻlgan ustozlarini gʻariqi rahmat, shoyistai jannat aylasin.

 

 

Zokirov Javohir JAMSHID oʻgʻli:

 

– Dadamning men faxrlanadigan jihatlari koʻp edi. Ular odam tanlamas, odamlarga qanday lavozim, qaysi millat vakili boʻlmasin bir xil munosabatda boʻlardilar. Kichkinalarni sizlab muomala qilardilar. Koʻnglida umuman gʻayirlik boʻlmagan. Kimdir muvaffaqiyat qozonsa, zoʻr boʻlib ketsa, albatta, uni birinchilardan boʻlib tabriklardilar. Odamiyliklari ham oliy darajada boʻlgan. Menga oʻrgatgan eng muhim xislatlari – odamlarga hamdard boʻlish edi. Dadam yaxshi ota, yaxshi turmush oʻrtoq, yaxshi aktyor boʻlgan. Dadam hayotligida osh qilib, oilaviy yigʻinlarni tashkillashtirar, Zokirovlar sulolasining barcha vakillarini bir dasturxon atrofida jamlashni uddalardilar. Hozir dadamning yoʻqligi juda bilinadi...

 

 

Imomxoʻjayev Abror AXBOR oʻgʻli:

 

– Otamning ijobiy xislatlari koʻp boʻlgan: samimiy, mehnatkash, rostgoʻy, haqiqatparvar... Lekin yoshligimda undan birinchi bor gʻururlanganim esimdan chiqmaydi.  Otam sharhlovchilikdan tashqari futbol hakami boʻlgan va 10 bor respublikaning eng yaxshi hakamlari qatoridan joy olgan. Lekin, bilasiz, ishqibozlarning aksariyati sevimli jamoasi magʻlub boʻlsa, koʻpincha hakamni aybdor qiladi va hatto uni pulga sotilganlikda ayblaydi. Kunlarning birida otamdan intervyu olgan televideniye jurnalisti shu haqda savol bergan va “men hech qachon pulga sotilmaganman” deb baralla ayta olasizmi, deb soʻragan. Otam “Bemalol ayta olaman, agar kimdir menga pul bergan yoki shu voqeaga guvoh boʻlgan boʻlsa, chiqib aytishi mumkin. Oʻsha kuniyoq men hakamlikni yigʻishtiraman!” degan. Oʻshanda bu bayonot katta shov-shuvga sabab boʻlgan va koʻpchilik uning nihoyasini kutgan. Lekin biror kimsa bunday ayblov bilan chiqmagan, aksincha “biz bir necha bor taklif qilganmiz, lekin Axbor akadan har safar qattiq gap eshitganmiz” deguvchilar chiqqan. Oʻshanda otamdan boshqacha gʻururlangan edim...

 

 

Davronov Temur XURSHID oʻgʻli:

 

– Bolalikda toʻliq anglab-anglamay, ammo yuragimni qattiq hayajonga solgan narsa – bu otamning kitob yozishi boʻlgan. Kitobga boʻlgan mehrim ham otamdan oʻtgan boʻlsa kerak. Maktabning boshlangʻich sinflarida oʻqib yurgandan boshlab otam doʻkonlardan avval yoshimga, keyin qiziqishimga mos kitoblar olib kelardi. Fantastik asarlar orqali ingliz tilini oʻrganish gʻoyasi ham otamniki edi. Bu yoʻnalishni behad sevganim uchun Jon Ronald Ruel Tolkin kitoblarining ingliz tilidagi nashrlarini allaqayerlardan topib olib kelardilar. Televizor oldiga oʻtqazib, ingliz tilini oʻrgatadigan bolalar programmalarini muntazam koʻrish tartibini oʻrnatgan edilar. Ishonasizmi, yoʻqmi, 12-13 yoshimda ingliz adibasi Dodi Smitning “101 dolmatin” nomli gʻishtdek keladigan ertak romanini oʻzbek tiliga tarjima qildirganlar. Oʻzlari ingliz tilini bilmasalar-da, lugʻatdan qanday foydalanishni oʻrgatganlar oʻshanda. Undan ham oldin kichik-kichik fantastik hikoyalarni oʻzbekchaga tarjima qildirgan va ragʻbat boʻlsin debmi, gazetalarda chop ettirganlar. Balki oʻsha ragʻbat tufayli boʻlsa kerak, bugun dunyoning asosiy tillarining koʻpini yaxshi egallaganman.

 

Men hozir olis Kanadada yashasam-da, Oʻzbekiston hayotidan, uning tarixidan, madaniyatidan uzilgan emasman. Bu xislat ham otamning ona yurt tarixiga boʻlgan mehri orqali bizga oʻtgan. Otamning bir oʻgiti hamisha yodimda turadi: Uyatli ishlardan saqlan. Sen faqat mening bolam emas, Oʻzbekiston tarixida, madaniyatida, Naqshbandiya tariqatida izlari qolgan fidoyi va donishmand bobolarning avlodisan, bir uyatli ish qilib, ulargayam azob berma, deb doim takrorlab turardilar. Oʻsha bobolarim tarixini hikoya qilib ham berganlar. Xudo xohlasa, bu hikoyalarni nabiralarimga aytaman, degan umidim bor.

Ana shu “uyatli ishlardan saqlan” nasihatlari mening hayot shiorimga aylangan. Yana shuni yaxshi bilamanki, otamning oʻziyam bu hikmatni ham ijodda, ham hayotda qatʼiy pozitsiyaga aylantirganlar. Eng avvalo, shu sababdan otam bilan faxrlanaman. Bir marta otam “Men sheʼr yozsam, bobong va sen qarab turganday holatda, yozaman” deganlari esimda. Menga bagʻishlangan sheʼrlari ham juda koʻp. Bu mashhur sheʼrni men bir yoshga toʻlgan 1981-yili yozganlar:

 

OʻGʻLIM TEMURGA

 

Oʻgʻlim, bu yer –

Bizning yerimiz.

Oʻzimizning yerimiz.

Qoʻrqmasdan qadam tashla.

Yer juda qattiq –

Bobolarning qoni qotirgan uni,

Momolarning koʻzyoshi qotirgan.

Oʻgʻlim, bu yer –

Oʻzimizniki,

Hadiksirama, ishongin otangga,

Hadeb qarayverma orqangga.

Yiqilsang, koʻtarar

Seni bu tuproq.

Yiqilsang, turmoqni oʻrganasan,

Turmoqni oʻrgan, oʻgʻlim.

Yiqilsang, emaklama,

Emaklaganim yetar, oʻgʻlim,

Qad tiklashni oʻrgan,

Shuning uchun bizga berilgan

Bu yer – bu Vatan.

 

 

Nargiza ODINAYEVA,

Oyina.uz

 

1 Izoh

Сардор Сафаров

17:01 / 05.01.2024

Ассалому алайкум. Жудаям таъсирли ва ажойиб. 👍👍👏👏

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19293
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16365
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi