“Og‘riqli nuqtalarimiz ochiq-oydin ko‘rsatib berildi” – Prezident raisligida oʻtkazilgan Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yigʻilishidan keyingi mulohazalar


Saqlash
16:12 / 26.12.2023 701 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisda ko‘tarilgan asosiy masalalar, ilgari surilgan taklif va tashabbuslar yuzasidan keng jamoatchilik, xususan, ma’naviyat sohasi vakillari tinimsiz munosabat bildirmoqda. Oyina.uz mana shunday fikr va mulohazalarni sizga ulashishda davom etadi. 


Iqbol MIRZO,

O‘zbekiston xalq shoiri, “Jadid” gazetasi bosh muharriri

 


Muhtaram Prezidentimiz yaqinda  bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining majlisida qilgan ma’ruzasida bizning barcha og‘riqli, dardli nuqtalarimizni ochiq-oydin ko‘rsatib berdilar. Bu nuqtalar nima desangiz: bular loqaydlik, jaholat, o‘zibo‘larchilik, korrupsiya. Eng muhimi, davlatimiz rahbari mazkur dardli nuqtalarni ko‘rsatib berish bilan birga ularning davosini  ham aytib o‘tdilar. Ya’ni, buning yagona davosi, o‘qish-o‘rganish, yuksak bilim-ma’rifat ekan.

 

Ilm-ma’rifat haqida gap ketar ekan, bundan yuz yil avval o‘tgan jadid bobolarimizning qilgan ishlari, ochgan maktablari, chiqargan gazeta va jurnallari, umuman, xalqimiz ongi va ma’rifatini yuksaltirish bobida qilgan barcha sa’y-harakatlari bir-bir ko‘z oldimizdan o‘tadi.

 

Jadid bobolarimiz o‘z maqolalari va kitoblarida millatimizning har bitta o‘g‘il-qizi maktablar va madrasalarda diniy bilimlar bilan birga dunyoviy bilimlarni ham chuqur egallashi zarurligini qayta-qayta uqtirishgan. Ular buni shunchaki uqtiribgina qolmay, balki bu yo‘lda o‘z mablag‘lari, mol-mulklari, hattoki jonlarini ham ayamaganlar. Jadidlar otasi Ismoilbey Gaspirali 1883 yilda ilk jadid maktabini ochgan bo‘lsa, oradan atigi o‘n-o‘n besh yil o‘tiboq bizning bobolarimiz Turkiston zaminida – Toshkent, Farg‘ona, Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlarda xuddi shunday yangi usul maktablarini ochishgan. Bu bejiz emas, chunki xalqimiz tiynatida azal-azaldan ilmga tashnalik, intilish kuchli bo‘lgan. Birinchi renessansning darakchilari Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad al Farg‘oniy, Muhammad Xorazmiy va boshqa  allomalarning  ko‘pgina fan sohalariga tamal toshi qo‘yganlari bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

 

Bugungi jahon manzarasini ko‘rib, uning o‘ta murakkabligini his etmaslik mumkin emas. Milliy mentalitetimiz, qadriyatlarimizga yot bo‘lgan turli guruh va oqimlar o‘zgacha niqoblar va qiyofalarda insonlar, ayniqsa yoshlar  ongi va ma’naviyatiga tajovuzlar qilishayaptiki, bu hammamizni hushyorlikka da’vat etishi lozim. Yana ham aniqroq aytsak, bugungi kun har birimizdan yanada fidoyilik, safarbarlikni talab etmoqda.

 

Yangi yilda ilk soni gazetxonlar qo‘liga yetib boradigan “Jadid” nomli gazetamizga bobolarimizning “Dilda, fikrda va ishda birlik” degan so‘zini shior qilib tanladik. Darhaqiqat, ulug‘ jadidlarning orzu-armonlari ushaladigan, millatni tom ma’noda yuksaltiradigan  fursat yetib keldi. Yurtboshimiz rahbarligida hammamiz qo‘lni qo‘lga berib, birlashib, albatta, uchinchi renessansning poydevorini quramiz.

 

Sarvarjon Gʻafurov,

Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i, siyosiy fanlar doktori, professor

 


Tarixiy jarayonlarning evolutsion taraqqiyot genezisida ma’naviyat, ma’rifat va madaniyat yuksak rivojlangan jamiyatlar jahonning qudratli davlatlari, imperiyalari bo‘lganligini isbotlaydi. Ana shunday xususiyatga ega mintaqalarda ilm-fan va madaniyat misli ko‘rilmagan darajada taraqqiy topdi. Va aksincha, ma’rifatdan uzoqlashgan, ma’naviyati izdan chiqqan sulolalar tanazzulga yuz tutdi. Bunga tarixda misollar bemisl.

 

Bugungi kunda O‘zbekistonda kechayotgan siyosiy jarayonlarni kuzatib, iqtisodiy, ijtimoiy hamda ma’naviy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni tahlil qilgan holda, yurtimizni kelgusi yillarda jahon siyosiy doiralarida markaziy o‘rinlardan birini egallashiga optimistik xulosa qilish mumkin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2023-yil 22-dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishidagi nutqini xalqimiz, jamoatchiligimiz katta qiziqish bilan tingladi. Davlat rahbari yurtimizda ma’naviyat, ma’rifat, madaniyat, ta’lim va tarbiya sohalaridagi ishlarni sarhisob qilib, asosiy e’tiborni Uchinchi Renessansni yuksak ma’naviyatga ega xalqimiz bilan qurishimiz borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga atroflicha to‘xtaldi.

 

Prezidentimizning nutqida ko‘tarilgan masalalar orasida bugun ma’naviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi kerak, ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi shart ekanligi alohida ta’kidlandi. Ma’naviyat sohasining yoshlarni axloqiy yetuk shaxs sifatida tarbiyalash, milliy qadriyatlar asosida dunyoqarashini shakllantirish borasidagi avangard kuchga aylanishi lozimligi ko‘rsatib berilmoqda. Ma’naviyat jamiyat boshqaruvida lokomotivga aylanishi qator aktual vazifalar bilan belgilab berilmoqda. Bu o‘rinda, yoshlarni barqaror, taraqqiy etgan davlat va jamiyat qurishga safarbar etish asosiy yo‘nalishlardan bo‘lishi ko‘rsatildi.

 

Ma’naviyat bazasida yangi kuch va yangi harakatni yaratish, uning faoliyatida fuqarolarni, shu jumladan yetishib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik, ezgulik, birdamlik, bag‘rikenglik prinsiplari asosida ma’rifat va ma’naviyat dasturlari orqali tarbiyalash, ongi va dunyoqarashini shakllantirish ishlari amalga oshiriladi. Harakatning asosiy maqsadlaridan biri – Yangi O‘zbekistonda yangi Renessans poydevorini qurish, uni mustahkamlash, kelajak avlod uchun taraqqiy etgan va barqaror jamiyatni yaratishni strategik vazifa qilib belgilash va uni amalga oshirishdan iborat bo‘lishi kerak.

 

Ma’naviy harakat o‘z faoliyati doirasida bugungi zamonaviy siyosiy jarayonlarni tahlil etgan holda, davlat va jamiyat boshqaruvi, amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida o‘zining munosabatini bildira olishi, o‘rni kelganda, ijtimoiy jarayonlarga oid tavsiyalar, strategik qarorlarga ko‘mak bo‘luvchi takliflar berib borishi mumkin. Harakatga siyosiy jarayonlar, ta’lim, ma’naviyat, madaniyat, san’at, sport va boshqa barcha ijtimoiy sohalarga taalluqli, kreativ fikrlaydigan, innovatsion yondashuvlarga ega, jamiyat boshqaruvida zamonaviy qarashlarga qodir shaxslarni qamrab olishga e’tibor qaratish muhim.

 

Davlat rahbari ma’naviyat va ma’rifat, yoshlarni tarbiyalash nafaqat ta’lim dargohlari va markazlar, jamiyatning barcha sohalari vazifasiga aylanishi lozimligini ta’kidlamoqda. Yoshlarning katta kuch ekanligi, ularning barqaror jamiyat qurilishida faol ishtirok etishini ta’minlash davlatning ustivor vazifasi bo‘lmog‘i lozim.

 

Uchrashuv ma’naviy hayotimizda yangi islohotlar davrini boshlab berishligi aytildi. Islohotlarni amalga oshirish doimo murakkabliklarga ega, bir qator vazifalar izchillik bilan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan jarayon. Darhaqiqat bu oson ish emas. Unda jamiyatimizning barcha a’zosi – davlat va jamoat vakillari, ziyolilar, murabbiylar, tadbirkorlar, yoshlardan tortib nuroniylar, yurtimiz taraqqiyotiga befarq bo‘lmagan barcha qatnashish lozim.

 

Yangi O‘zbekistonni tinch-osoyishta, barqaror, obod Vatan qilib qurishdagi bunyodkorlik ishlari yo‘lidagi mashaqqatli va fidokorona mehnat jasoratni talab qiladi. O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida millati, dinidan qat’iy nazar, O‘zbekistonni o‘zining vatani deb biladigan har bir fuqaro davlat va jamiyat ardog‘ida bo‘lishiga urg‘u berdi. Mazmun va mohiyati jihatidan muhim bo‘lgan mazkur tarixiy ahamiyatga ega uchrashuvda millatning yuksak ma’naviyati, ma’rifati va madaniyatini ulug‘lash, ardoqlash, uning salohiyatini oshirish davlatning mustahkam ruhiy poydevori bo‘lishligi ko‘rsatib berildi.

 

Shodmonqul Salom,

shoir




Keksa, kuchdan qolgan otasidan or qiladigan o‘g‘il akademik bo‘lsa ham uning elga nafi yo‘q. Bunday yigitdan xayr kelmaydi.

 

Insonning jami ishlari uning tabiatidan kelib chiqadi – bundan uzoqqa ketmaydi. Millat ham bir inson kabidir. Tabiatimizga majburlab, mustabid asrlar kuchi bilan singdirilgan o‘zidan, o‘zligidan – boridan uyalish, o‘zgani ko‘rsa jilpanglab qolish hissi afsuski, bizni tark etmayotir.

 

Ijtimoiy hayotdan nolish, qanoatsizlik, “xo‘rozqand xorijniki bo‘lsa, yotib yalash” kabi tamoyillar hayotimizga soya solib turibdi. Bu ufunat ruhiyatimizni tark emas ekan, otamizdan or qilaveramiz, g‘urur hissi bizga begona bo‘lib qolaveradi.

 

O‘tgan haftada Prezidentimizning ma’naviyat masalasida kengaytirilgan yig‘ilishda aytgan so‘zlari bir qalamkash o‘laroq, meni ham o‘ylantirdi. Yig‘ilishda juda katta masalalar, aynan ma’naviyat muammolari ham atroflicha o‘rtaga tashlandi. Bizning qisqa davrda erishgan yutuqlarimiz ham e’tirof etildi, ammo qilinmagan, ayni ma’naviy jabhada javobini kutayotgan masalalar ochiqcha aytildi.

 

Rusparastlik, g‘arbparastlik va boshqa oqimlar ta’siriga tushib qolish, millat, vatan degan tushunchalarga bo‘layotgan tahdidlar biz o‘ylab yurgandan ko‘ra kattaroq salmoqda ekanini his etdim.

 

Dunyoning istalgan burchagida o‘tirgan bir siyosatchi o‘zbek, O‘zbekiston degan qadim va ulug‘ mamlakat sha’niga og‘ziga kelgan gapini aytaverishi mumkinmi? Bunday xatti-harakat uchun u asl kuchni qayerdan olyapti? Asl sabab nima?

 

Asl sabab o‘zbekni hurmat qilmasligi! O‘zini yetarlicha hurmat qilmagan odamni boshqalar ham oyog‘ining uchi bilan ko‘rsatadi. Bu haqiqat! Masalaga ana shu nuqtai nazardan qaralsa, jumboq biroz oydinlashadi. O‘nta o‘zbek o‘tirgan xonaga bitta o‘ris kirib kelsa, o‘zbeklarning hammasi u bilan o‘rischa (bilsa-bilmasa) gaplashadi. Bu bag‘rikeng, mehmondo‘st degan sifatlarini saqlagan, ammo oriyatiga putur ketgan odamlarning holi. Bu achchiq haqiqatdan ko‘z yumolmaymiz.

 

Muhtaram Prezidentimizning ma’naviy va ma’rifiy sohalarga  ko‘rsatayotgan katta e’tibor va e’tirofi majlis davomida qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlab turildi. Notiqlarimiz ham o‘z chiqishlarida buni tasdiq etishdi. Bunday e’tibor, g‘amxo‘rlik asosida Prezident shu ziyolilardan, ma’naviyat vakillaridan xalq qalbiga kirib borish, haqqoniy vaziyatni odamlarga anglatish, bir so‘z bilan aytganda g‘ururi baland xalqni tarbiyalashdek katta vazifalarni talab etishga haqli. Qolaversa, bu narsa biz ziyolilarning ham millat oldidagi asosiy qarzimizdir. Bu vazifani bajarish uchun eng avval ziyolining o‘zi o‘zidan faxrlanishni o‘zlashtirgan bo‘lmog‘i lozim.

 

Biz ko‘p va xo‘p yozadigan vatan tuyg‘usi, vatanga muhabbat degan muqaddas tuyg‘ular haqida keyin gaplashsa bo‘ladi.


O‘xshash maqola:


“Biz uchun tarixiy kun boʻldi”. Prezident raisligida oʻtkazilgan Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yigʻilishidan keyingi xulosalar

           
                                                        
Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19339
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16435
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi