Maʼnaviyat nima uchun oldinda yurishi kerak?


Saqlash
12:12 / 25.12.2023 618 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-dekabr kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Oyina.uz majlisda koʻtarilgan asosiy masalalar, ilgari surilgan taklif va tashabbuslar yuzasidan keng jamoatchilik, xususan, maʼnaviyat sohasi vakillari munosabatlarini jamlash, eʼlon qilishda davom etadi.

 

Yigʻilishda bevosita ishtirok etgan jamoatchilik faoli Shahnoza Soatova maʼnaviyat nima uchun oldinda yurishi kerak degan savol atrofida mulohaza yuritdi.

 

Soʻnggi kunlarda eng koʻp muhokama qilinayotgan mavzu – Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Respublika Maʼnaviyat kengashi kengaytirilgan majlisida qilingan maʼnaviy-maʼrifiy sohaga oid nutq boʻlib turibdi. Tanqidiy-tahliliy ruhda qilingan ushbu chiqish oʻzgacha jonli, kuchli va oʻtkir boʻldi.

 

Nutqni bevosita oʻsha yerda eshitish imkoniyatga ega boʻlganim uchun, uning taʼsiri shaxsan menga boshqacha boʻldi. Men Prezidentni har doimgidan koʻproq tushundim, nutqning baʼzi joylarida “Nimaga shu masala boʻyicha men oʻylamaganman, yonmaganman?» deb uyaldim. Baʼzi joylarida “rostdan ham. Nima uchun shunaqa” deb avval oʻylamagan jihatlarga boshqacha nazar bilan qaradim, mavzuga teparoqdan va teranroq qarashga majbur boʻldim.

 

Mustaqilligimiz uchun maʼnaviyat naqadar ahamiyatli?

 

Nutqning boshidanoq soʻnggi paytlarda kuzatilayotgan xalqaro maydondagi siyosat, xususan, ayrim kuch markazlarining boshqalarga bosim oʻtkazishga urinishlari tilga olindi.

 

“Ilgari oʻz maqsad va manfaatlarini asosan diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim oʻtkazish, qarama-qarshilik va toʻqnashuvlar yoʻliga oʻtganiga hammamiz guvohmiz.

 

Afsuski, bunday keng koʻlamli va oʻta ziddiyatli jarayonlarning taʼsiri Markaziy Osiyo mintaqasi va uning tarkibiy qismi boʻlgan mamlakatimizni ham chetlab oʻtmayapti” – dedi davlatimiz rahbari.

 

Bunday sharoitda bizni faqat oʻzimiz qutqara olamiz: birligimiz, hamjihatligimiz, ilm-tafakkurimiz bilan. Bugun har qanday kurashlar ong, tafakkur uchun boʻlyapti. Odamlarning fikrini zabt etib, keyin yurtiga oson kirib bormoqdalar. Bizda esa mustaqilligimizni asrash va mamlakatimiz manfaatlari uchun harakat qilish uchun avvalo maʼnaviy sobitlik, ishonch, birlik kerak. Shundagina milliy birlik boʻladi.

 

Shuning uchun men koʻp aytib kelayotgan taklifni oʻrni kelganda yana takrorlayman: agressiya namoyon qilayotgan mamlakatlarning davlat telekanallarini yurtimizda taqiqlash kerak! Bu yurtimiz xavfsizligiga daxldor masala.

 

Lekin faqat taqiqning oʻzi bilan ish bitmaydi, ayniqsa hozirgi raqamli zamonda maʼlumotlar oqimini toʻsish deyarli imkonsiz. Faqat bir yoʻl bor, bu ham boʻlsa filtrni insonlar ongiga joylash.

 

Xoʻsh, bu ishni kim qiladi? Kim odamlarga kuchli, asosli va mantiqli tarzda, xalqchil va taʼsirli yoʻllar bilan oqni qoradan ajratishni oʻrgatadi? Albatta, ziyolilar. Har doim hamma zamonlarda hamma joyda shunday boʻlgan.

 

“Tarixdan maʼlum, vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uygʻoq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, sanʼat namoyandalari, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar” – dedi Prezidentimiz.

 

Shu oʻrinda savol tugʻiladi: ziyolilarimiz bugun qaysi mavzularda “jasorat bilan maydonga chiqa olyaptilar”? Masalan, kuni kechagi rossiyalik deputat Prilepinning aljirashlariga javoban (shunchaki fuqaro sifatida ijtimoiy tarmoqda post qoʻyish emas), oʻz isteʼdodi va iqtidori imkoniyatidan kelib chiqib taʼsirli biron soʻz, sheʼr, nutq aytganlarni misol sifatida keltira olamizmi?

 

“Ijtimoiy tarmoqlarda Konstitutsiya va qonunlarimizga qarshi gʻoyalar ilgari surilmoqda? Lekin qalam ahlining ovozi sezilmayapti. Diniy qarashlar, insoniy gʻoyalarni kamsitib ayol uyda oʻtirib, dunyoviy tushunchalardan mahrum qilish degan gʻoyalar targʻib etilmoqda. Bu juda jirkanch fikr”.

 

Bu ham, afsuski, achchiq haqiqat. Nimagadir “mikrofon” subyektiv fikrli tarmoq faollari va diniy voizlar qoʻlida. Ziyolilarimiz huddiki tarki dunyo qilgandek jim. Bu vaziyatni oʻzgartirish kerak.

 

Bir paytlar bu xalq “Oʻtkan kunlar”ni jamoa boʻlib oʻqigan va Kumush oʻldi deb yigʻlagan, Abror Hidoyatovni tik turib tomosha qilgan, Abdulla Oripovni gurillab olqishlagan edi. Isteʼdod masʼuliyati shuki, ziyoli inson xalqning ongi va tafakkuri, manfaati va farovonligi uchun oldi qatorda (“peredovoyda”) turishi kerak. Prezident ana shu masʼuliyatni eslatdi.

 

Yoʻq, biroz keskin ketdim shekilli. Yoshlar chiqishyapti, Mehrinoz, Najmiddinbek, Shahriyor, Begali, Tillaniso, Jontemir. Kinoda Sarvar Karimov bor... Lekin bu kam. Bugun taʼsirli soʻzni blogerlar emas, ziyolilar aytishi kerak, ular jamoatchilik fikrining kamertoni boʻlishi kerak. Oʻylaymanki, kechagi Prezidentning nutqidan soʻng oʻzlari ham buni yaxshi anglashdi.

 

Maʼnaviyat nima uchun oldinda yurishi kerak?

 

“Barcha oʻzgarishlar avvalo odamlarni ongidagi oʻzgarish tufayli roʻy bermoqda. Zamonga munosib boʻlib ish koʻrish lozim. Shuning uchun maʼnaviy sohada 5-yil oldin yurmasak, iqtisodiyot rivojlanmaydi” deya maʼnaviyatchilar oldiga yuqori marrani belgilab berdi Prezident.

 

Nima uchun maʼnaviyat boshqa sohalardan kamida besh yilga oldinda yurishi kerak? Chunki har qanday oʻzgarishlar va taraqqiyot avvalo gʻoya shaklida paydo boʻladi, keyin amalga koʻchadi va islohotga aylanadi. Yaʼni fikr, tafakkur, ong oʻzgarmaguncha amallar oʻzgarmaydi, rivojlanish kelmaydi.

 

Maʼrifatparvarlik harakati dunyoni naqadar oʻzgartirganini koʻring. Boshida u bir gʻoya edi, ammo uning taʼsirida katta islohotlar boʻldi, zulm oʻrnini demokratiya egalladi, insonlar maʼnaviy balogʻatga erishdi, ortidan texnologik va iqtisodiy oʻsish keldi.

 

Bu hol bizning jadid bobolarimizni ham ilhomlantirdi. Munavvar qori dedi: “Ovrupo xalqi osmongʻa uchar ekan, bizda soch va soqol nizolari, ovrupoliklar dengiz ostida suzar ekan, bizda uzun-qisqa kiyim janjallari, Ovrupo shaharlari butun elektrik bilan isitilur va yoritilur ekan, bizda maktablarda joʻgʻrofiya va tabiyot oʻqitish, oʻqitmaslik ixtiloflari... davom etadi”. Bizda ham islohotlar maʼrifat va axloq ortidan kelishini ular yaxshi anglagan edilar. “Uygʻonishdan oʻzga tole istama”, dedilar. Uygʻonish bu maʼrifat, ilm va axloq edi.

 

Bugun ham bu haqiqat oʻzgarmagan. Hamon rivojlanish uchun yuksak axloq, qonun, tartib va madaniyat kerak. Masalan, yurtimizga kimdir sarmoya kiritaman desa, avvalo korrupsiya darajasiga, qonun ustuvorligiga, davlat va shaxslar oʻrtasidagi munosabatlarning naqadar toʻgʻri yoʻlga qoʻyilganiga, tadbirkorlarning halolligiga, insonlarning qadriyatlariga qaraydi. Yaʼni investorlarning prognozlari hamda qarorlari bevosita xalqning bugungi tafakkuri va axloqidan kelib chiqib shakllanadi.

 

Demak, oʻzimizni tuzatishimiz kerak. Ongimiz boyimagunicha xalqimiz boyimaydi.

 

“Darvozasiga bobosi jadid boʻlgan deb yozish kerak”

 

Prezident nutqida shaxsan meni toʻlqinlantirgan ikki muhim oʻrin bor edi. Biri jadid bobolarimiz gʻoyalariga ehtirom, ikkinchisi davlat tiliga eʼtibor. Har ikkisi boʻyicha ham Shavkat Miromonovich taʼsirli fikrlar barobarida jiddiy amaliy chora-tadbirlarni ham aytdi.

 

“Nima uchun bobosi 2-Jahon urushida ishtirok etgan boʻlsa, darvozasi tepasiga “Bu yerda urush ishtirokchisi yashagan” deb yozib qoʻyamiz-u, bobosi jadid boʻlsa, yozmaymiz? Bobosi jadid boʻlgan deb yozish kerak, agar bordiyu yoqmasa alam qilsin” – dedi Prezident.

 

Shuningdek, “Tilda, ishda, fikrda birlik” shiori ostida “Jadid” nomli gazeta chiqarilishi, gazetaning 1-soni yangi yildan chiqa boshlashini maʼlum qildi.

 

Shu oʻrinda men islohotchilik, taraqqiyotga intilish va vatanparvarlik jihatidan Prezidentimizning oʻzini ham jadid bobolarimiz izdoshi, zamonamiz jadidlaridan degim keldi.

 

Davlat tili boʻyicha takliflar ham progressiv va aniq boʻldi. Biz oʻzbek tilini rivojlantirish yoʻlida ancha-muncha hujjatlar qabul qildik. Tartiblar, chegaralar belgiladik. Biroq til oʻrganish uchun ehtiyoj va ragʻbat boʻlmasa, natija ham boʻlmaydi.

 

Milliy sertifikatga ega boʻlgan “Oʻzbek tili va adabiyoti” fani oʻqituvchilariga kelgusi oʻquv yilidan boshlab 50 foiz ustama toʻlanishi qayd etildi.

 

Shuningdek, boshqa tillarda taʼlim olgan hamyurtlarimizni davlat tilini oʻrganishga ragʻbatlantirish choralari koʻriladi. Boshqa tillarga ixtisoslashgan maktablarda davlat tilini oʻqitish soatlari koʻpaytiriladi. Oʻzbek tili boʻyicha xalqaro fan olimpiadasi tashkil etilishi aytildi.

 

Chindan ham, agar hamjihatlik va birlik istasak davlat tilining birlashtiruvchi kuch sifatidagi imkoniyatlaridan foydalanishimiz lozim. Bizni xalq oʻlaroq birlashtiruvchi vositalarning eng kuchlisi ham til aslida. Uni janjalli masala emas, imkoniyat sifatida koʻrilayotgani nutq davomida yaqqol anglashildi va bu quvonarli hol.

 

Ikki soatdan ortiq davom etgan nutq haqida bitta maqolada gapirish, hamma fikrlar va hislarni unga sigʻdirish qiyin. Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, ushbu kengaytirilgan yigʻilishga kirguncha biz boshqa odam edik, undan chiqib boshqacharoq odam boʻldik. Taʼsirlandik, tushundik, yangi maqsadlarni koʻrdik.

 

Umid qilamanki, ziyolilar endi yanada jonlanadilar.

 

Shahnoza Soatova,

adliya vaziri maslahatchisi, jamoatchilik faoli

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19334
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16426
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi