“Biz uchun tarixiy kun boʻldi”. Prezident raisligida oʻtkazilgan Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yigʻilishidan keyingi xulosalar


Saqlash
17:12 / 23.12.2023 646 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisda ko‘tarilgan asosiy masalalar, ilgari surilgan taklif va tashabbuslar yuzasidan keng jamoatchilik, xususan, ma’naviyat sohasi vakillari munosabat bildirib chiqishmoqda. Oyina.uz mana shunday fikr va mulohazalarni jamladi.

 

Abdulhamid Nurmatov,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Andijon viloyati boʻlimi rahbari

 


 

Davlatni davlat, millatni millat qiladigan uning maʼnaviy qiyofasidir. Prezidentimiz bu borada nihoyatda kuyunib gapirib, juda ham taʼsirli chaqiriqni oʻrtaga tashladi: “Biz bugungi keskin sharoitda gʻoyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi? Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy oʻylantiradigan, tashvishga soladigan savollar. Agar biz bu yorugʻ dunyoda “oʻzbek”, “oʻzbekistonlik”, “Oʻzbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan boʻlsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish boʻyicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech boʻladi”.

 

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha sohalardagi islohotlarning pirovard natijasi aslida shu, bizningcha. Yaʼni yangi, taraqqiy etgan, dunyo bilan boʻylashgan Oʻzbekiston atalmish davlatning vatanparvar, el-yurt ishiga fidoyi, millatini, davlatini har qanday vaziyatda ham himoya qiladigan, rivojlantiradigan, asrab-avaylaydigan, qadriyatlari, ajdodlari, maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy, badiiy merosi bilan faxrlanib, unga sadoqat koʻrsatadigan avlodni tarbiyalashdir.

 

Prezidentimiz bu yoʻnalishda ham Oʻzbekistonning aniq maqsadlari borligini qatʼiyat bilan aytdi: “Mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi gʻarb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur deya, bu borada bizga hurlik, ozodlik, vatanparvarlik namunalarini meros qoldirgan jadid bobolarimiz hayoti andoza ekanini taʼkidladi.

 

Kengash yigʻilishida ma’naviyat degan ulkan sohaning har bir yoʻnalishiga alohida eʼtibor qaratildi. Madaniyat, sanʼat, adabiyot orqali yoshlar qalbida vatanparvarlik, millatparvarlik, yurt ishiga daxldorlik tuygʻularini shakllantirish maqsadi yotgani qayta qayta taʼkidlandi. Yana bir quvonarli jihati, oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga alohida eʼtibor qaratilganidir. Ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilari ish haqiga ham 50 foizgacha ustama qoʻshib berilishi, oʻzbek tili boʻyicha xalqaro fan olimpiadasi oʻtkazilishi, gʻolib va sovrindorlari pul mukofoti bilan taqdirlanishi hamda oʻzbek tili filologiyasi yoʻnalishi boʻyicha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinishi  – bu oʻzbek tilining nufuzini koʻtarish, uning rivojlanishiga yangi zamin yaratish deganidir.

 

Kengashda kutubxonalar ishini rivojlantirish, kelgusi yildan milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini koʻp ming nusxalarda chop etish va barcha kutubxonalarga yetkazib berish lozimligi taʼkidlandi. Nashriyotlarning oldida turgan muammolarni yechish, xalqaro maydonda o‘zbek adabiyotining nufuzini oshirish uchun koʻzda tutilayotgan rejalarning barchasi kelgusida oʻqimishli, ziyoli, kitobxon avlodni tarbiyalashga xizmat qilishi shubhasiz.

 

Sohamizga yangi 2024-yildan boshlab har yili 100 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi, albatta, millat maʼnaviyati uchun davlat hamisha gʻamxoʻrlik qilishidan dalolat. Prezidentimiz shu darajada eʼtibor qaratib, gʻamxoʻrlik qilayotgan pallada har birimiz daxldorlik hissi bilan yondashib, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning samaradorligini oshirishda fidoyilik koʻrsatishimiz shart. Zero, millatning  qiyofasi aynan MAʼNAVIYAT bilan belgilanadi. Uning zamirida esa jami goʻzal xulqlar, tarbiya mujassamdir.

 

Bekzod Abdirimov,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Xorazm viloyati boʻlimi rahbari

 

 

Kecha biz uchun tarixiy kun boʻldi. Prezident raisligida Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishi oʻtkazildi. Majlis boshida yurtboshimiz xorijlik shovinistlarning Oʻzbekistonni bosib olish kerakligi toʻgʻrisidagi iddaosiga munosabat bildirib, bu oddiy bir deputatning gapi emasligi, ziyolilarimiz hamisha ogoh boʻlishi kerakligi haqida kuyunib gapirdi. Ushbu murojaatdayoq biz uchun ma’naviyat masalasi naqadar muhimligi ayon bo‘ldi.

 

Yigʻilishda Prezident tomonidan bir qancha taklif va tashabbuslar ilgari surildi. O‘zim qayd etishga ulgurgan ayrimlarini keltiraman:

 

1. Bu yorugʻ dunyoda “oʻzbek”, “oʻzbekistonlik”, “Oʻzbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni shartlari sanab o‘tildi.

 

2. Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari jasorat bilan maydonga chiqishi kerak bo‘ladi. Shuning uchun jadidlar kabi uyg‘oq avlodni tarbiyalash maqsadida “Jadid” gazetasini chop etishni yoʻlga qoʻyiladi.

 

3. Xuddi chet tili muallimlari kabi endi oʻzbek tili oʻqituvchilarining maoshiga ham 50% ustama beriladi.

 

4. Oʻzbekistonda ta’lim boshqa tilda beriladigan maktablarda oʻzbek tili darsi 2-3 karra oshiriladi. 

 

5. Buyuk sarkarda va davlat arboblarimiz, ulugʻ allomalar, madaniyat namoyandalarimiz haqida tarixiy filmlar yaratilishi keskin koʻpaytiriladi.

 

6. Rahbarlarning kitob oʻqishi va teatrlarga borishi shartligi aytildi.

 

7. Nukusda “Orol madaniyati” xalqaro ilmiy anjumani oʻtkaziladi.

 

8. Samarqanddagi Bibixonim masjidi restavratsiya qilinadi. Bu ish amalga oshsa, nafaqat Oʻzbekistondagi balki turkiy dunyodagi eng baland va koʻrkam, muhtasham meʼmoriy ansambl tiklanadi. Istanbuldagi Ayo Sofiya masjidi kabi hashamatli va jozibador boʻladi, Samarqand ramziga aylanadi.

 

9. Mohir tarjimonlar uchun Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot taʼsis etiladi.

 

10. Nashriyot va matbaa korxonalari 5 yilga soliqlardan ozod etilib, boshqa imtiyozlar ham beriladi.

 

Yig‘ilishda ma’naviyat va ma‘rifat sohasida kutilayotgan yana ko‘plab yangiliklar haqida so‘z bordi. Bularning barchasi davlatimizning e’tiboridan dalolat bo‘lib, millat ziyolilariga o‘zgacha kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi.

 

 

Behzod Qobulov,

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari

 


 

Davlatga mafkura kerak. Mafkurasizlik, muayyan bir tizimga solinmagan harakatlar samara bermaydi. Prezident oʻtkazgan selektordagi yangiliklarni koʻrib, Oʻzbekistonning mafkura maydonini toʻldirish boshlanganini tushundim. Prezident jiddiy surʼatda madaniyat, maʼrifat, mafkura  sohasi vakillarini jamlab, oʻzining qarashlarini, aniq talablarini aytmoqda. Bu juda yaxshi. Bu sohadagi noaniq bir davr poyoniga yetayotganidan xursandman.

 

Samarqandda sohibqiron Amir Temurning 14 ta bogʻi qayta tiklanishi esa tarixiy voqea. Turistlar oqimini ikki karra koʻpaytiradigan tadbir bu. Tushunishimcha, bogʻlar oʻz vaqtidagi geografik joylashuvi chegaralarida tashkil qilinadi. Bu xalqimizni gʻururlantiradigan ish boʻladi.

 

Biznes hudud shaklida “Kino parki” ochilayotgani ham milliy kino industriyasi rivojiga katta turtki beradi. “Hollivud”, “Bollivud” singari Oʻzbekistonda ham kino shaharchalari quriladi. Davlat buning uchun xususiy kino kompaniyalarga yer ajratib beryapti.

 

Bularning hammasini jamlab mafkura deydilar, mafkura. Bu jabhadagi kurashga qoʻshildik. Endi bu maydon ichra ham davlatning pozitsiyasi, talablari aniq-ravshan belgilab berilmoqda. Oʻz vaqtida va juda oʻrinli boʻldi shu. Bu siyosat nihoyatda kerak edi.

 

Oyina.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19336
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16433
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi