SSSR: dunyoning eng katta samolyoti va yirtiq poyabzal


Saqlash
17:12 / 21.12.2023 649 0

1957-yil 28-iyul–11-avgust kunlari Sovet ittifoqining poytaxti Moskva shahrida Talaba va yoshlarning oltinchi jahon festivali o‘tkazilgan. Unda 131 mamlakatdan 34 ming kishi qatnashgan. Ular orasida kolumbiyalik yosh jurnalist, adabiyot sohasidagi Nobel mukofotining bo‘lg‘usi laureati Gabriel Garsia Markes ham bor edi. Quyida Markesning SSSRga safari haqida yozgan ocherkini qisqartirilgan holda e’lon qilayapmiz.

 

***

Bogotada  ayni paytda qoq tush edi.

 

Vokzalning markaziy zalida, to‘g‘ri shahar maydoniga olib boradigan yo‘lga chiquvchi darvozaning har ikkala tarafida Lenin va Stalinning grajdancha kiyimda, bor bo‘yicha ishlangan kumushrang haykallariga ko‘zingiz tushadi, ular yaqindagina bo‘yalgani bilinib turibdi. O‘ris yozuvi shundayki, e’lonlardagi harflar menga parchalanib ketayotganday tuyuldi va vayrongarchilikni yodga soldi. Bir fransuz qiz odamlarning kambag‘alligidan hayron qoldi, men esa, “temir parda”dan tashqarida yashayotganimga bir oydan oshganiga bo‘lsa kerak, ularning yomon kiyinganini uncha payqamadim, qiz bo‘lsa hozir kamina ilgari Sharqiy Germaniyada his qilgan tuyg‘ularni boshdan kechirayotgan edi.

 

 

Poyezd roppa-rosa to‘qqizda keldi. Aynan jadvaldagidek o‘n bir minutdan so‘ng stansiyadagi ovozkuchaytirgichda gimn yangrab, poyezd asta joyidan jildi, balkonlardagi odamlar ro‘molchalarini silkitib, oq yo‘l tilab xayrlashib qolishdi. Arzon chamadonlar, narsa va yegulik solingan xaltalar, odamlarning kiyinishi va ko‘zga tashlanib turgan kambag‘alligi hashamatli va astoydil saranjom-sarishta qilingan vagonlarga mos emas edi.

 

G‘arblik mehmonlarni ajablantiradigan  narsalar ko‘p bo‘lib, buni yashirishmasdi ham. Masalan, birgina qo‘shqichi bo‘lgan, faqat Moskva dasturini eshittiradigan radiopriyomniklar. Sovet ittifoqida radiopriyomniklar juda arzon, ammo ulardan foydalanish erkinligi cheklangan: yo Moskvani tinglashingiz, yo radioni o‘chirib qo‘yishingiz mumkin.

 

Sovet ittifoqida nega poyezdlar – g‘ildirakli chinakam mehmonxona ekanligi tushunarli; inson bunday bepoyon kengliklarni zo‘rg‘a tasavvuriga sig‘diradi. Cheksiz bug‘doyzorlar va kambag‘al ukrain qishloqlarini oralab Chopdan Moskvaga borish – eng qisqa safarlardan biri: atigi 40 soat yo‘l yuriladi. Tinch okean qirg‘og‘idagi Vladivostokdan dushanba kunlari tezyurar poyezd jo‘naydi, u ekvatordan qutbgacha bo‘lgan masofaga teng yo‘l bosib Moskvaga yakshanba kuni kechqurun yetib keladi. Chukotka yarimorolida soat ertalabki besh bo‘lsa, Baykal ko‘li atrofida yarim kecha, Moskvada esa hali oldingi kun hisobida kechki yetti bo‘ladi. Bu tafsilotlar bor bo‘yi bilan yastanib yotgan ulkan mamlakat – 105 tilda gaplashuvchi son-sanoqsiz millatlarga mansub 200 million aholisi bo‘lgan – ba’zilari hali oxirigacha aniqlangani yo‘q, kichkina respublika bo‘lmish Dog‘istonda yigirma xil millat vakillari yashaydigan qishloqlar bor – uchta Qo‘shma shtatlarga teng hududi yarim Yevropani, Osiyoning uchdan bir qismini, hammasi bo‘lib yer yuzidagi quruqlikning oltidan bir qismini – “Koka-kola”ning bironta ham reklamasi uchramaydigan 22 400 000 kvadrat kilometrni egallagan Sovet ittifoqi haqida taxminiy tasavvur beradi.

 

Chegaradan o‘tishing bilan ushbu farqlar darhol bilinadi. Yer xususiy mulk hisoblanmagani sababli hech qayerda to‘siq yo‘q: statistik hisobotlarda tikanli sim ishlab chiqarilishiga oid ma’lumot uchramaydi. Seni shunday his chulg‘ab oladiki, go‘yo tamomila boshqa olamda cheksiz ufq sari safar qilayotgandaysan, bu yerda hamma narsa inson o‘rgangan o‘lchamlardan katta bo‘lib, ushbu mamlakatni tushunishga urinish uchun me’yor haqidagi tasavvuringni butkul o‘zgartirishingga to‘g‘ri keladi. Aynan shuning uchun poyezdlar mavjud. Poyezdda shuncha uzoq yo‘l yurish va g‘irt bekorchilik tufayli jinni bo‘lib qolish, umidsizlikka tushish va o‘zingni o‘ldirishdan saqlanishning bittagina yo‘li bor – yotib ketish. Yirikroq shaharlardagi bekatlarda tibbiy punktlar bor, bir shifokor va ikki hamshiradan iborat brigada vagonlarni aylanib, kasallarga yordam ko‘rsatadi. Yuqumli kasallik belgilari aniqlangan kishilarni darhol shifoxonaga yotqizishadi. Vabo epidemiyasi boshlanib ketmasligi uchun poyezdni infeksiyalardan himoya qilish kerak.

 

 

Ertasiga ertalab biz hamon Ukraina zaminida ketib borar edik. Olamshumul do‘stlik sharafiga bezatilgan qishloqlarda dehqonlar bizni qutlash uchun peshvoz chiqishdi. Maydonlardagi sanoqsiz gullar orasida, odatda mashhur insonlarga yodgorlik qo‘yiladigan joylarda mehnat, do‘stlik va salomatlik ramzi bo‘lgan haykallar qad ko‘targan, ular sotsialistik realizm haqidagi dag‘al stalincha tasavvur asosida yaratilgan bo‘lib, odam bo‘yi figuralar jonli ko‘rinishi uchun haddan ziyod realistik ranglarga bo‘yalgan edi. Bu haykallar yaqindagina bo‘yalgani bilinib turardi. Qishloqlar dilkusho va ozoda tuyulsa ham dalalarga yakkam-dukkam sochilib ketgan, qudug‘i, og‘ili oldidagi qantarilgan aravasi, tovuq va cho‘chqalari bo‘lgan, paxsadan qurilib usti poxol bilan yopilgan uylar – klassik adabiyot aniq aks etgan manzaralar – faqirona va mungli edi.

 

O‘ris adabiyoti va kinosida vagon oynasidan lip-lip etib o‘tayotgan hayot nihoyatda aniq tasvirlangan. Boshiga qizil durra o‘ragan, oyog‘iga qo‘nji baland etik kiygan baquvvat, sog‘lom, erkakshoda ayollar dalada erkaklar bilan bab-barobar ishlamoqda. Ular o‘tib borayotgan poyezdni ish qurollarini silkitib, “Ko‘rishgancha xayr!” degancha kuzatib qolishar edi. Pichan ortilgan katta aravalarni boshiga gulchambar kiydirilgan otlar ohista tortib borar, aravadagi bola-baqralar ham “Xayr!” deb qichqirishardi.

 

Kiyevda gimnlar, gullar, bayroqlar hamda o‘n besh kunlik festival uchun yangidan o‘rganilgan G‘arbiy Yevropa tillaridagi bir nechta so‘zdan foydalanib sershovqin qabul marosimi uyushtirishdi...

 

Bir kuni qayerdan limon sotib olish mumkinligini so‘ragan edik, shuni kutib turganday bizga har tomondan suvli shishalar, sigaretlar, festival qog‘oziga o‘ralgan shokoladlar, dastxat uchun bloknotlar yog‘ila ketdi. Ta’rifiga til ojiz bu entuziazmning eng ajib jihati shunda ediki, ilk delegatlar bu yerga ikki hafta burun kelishgan edi. Biz kelishimizdan avval ikki hafta mobaynida delegatlar tushgan poyezdlar har ikki soatda Kiyevdan o‘tib turgan. Odamlarda bezor bo‘lishning bironta alomati ko‘rinmasdi. Poyezd joyidan jilgach ko‘ylaklarimizning bir-ikkita tugmasi tushib qolganini payqadik, darchasidan otaverib gulga to‘ldirib tashlangan kupega kirish ham qiyin edi. Biz aqldan ozgan xalqqa mehmonga kelgandaymiz – hatto ishtiyoq va hotamtoylikda ham u me’yorni unutgan edi.

 

 

Men bir nemis delegati bilan tanishdim, bekatlardan birida u o‘ris velosipedini ko‘rib qolib maqtadi. Sovet ittifoqida velosipedlar juda kamyob va qimmat. Velosipedning egasi bo‘lgan qiz nemisga uni hadya qilishini aytdi. U rad qildi. Poyezd qo‘zg‘alganda qiz ishtiyoqmand yordamchilari ko‘magida velosipedni vagonga irg‘itdi va bexosdan delegatning boshini yorib qo‘ydi. Moskvada festival davrida boshi bog‘langan nemis velosipedda shahar kezayotganini har kuni ko‘rish mumkin edi.

 

Zo‘r berib bizga nimadir sovg‘a qilishga intilayotgan o‘rislarning o‘zi hech vaqosiz qolmasligi uchun insof qilishimiz kerak edi. Ular hamma narsani: qimmatlarini ham, bo‘lmag‘urlarini ham hadya qilishardi. Ukrain qishlog‘ida qandaydir kampir olomonni yorib o‘tib menga siniq taroq berdi. Hamma qatordan qolmaslik uchun nimadir sovg‘a qilishni xohlardi. Mabodo Moskvada kimdir muzqaymoq sotib olish uchun to‘xtasa yigirma pors muzqaymoq va qo‘shimchasiga pichini va konfet yeyishga majbur bo‘lar edi. Jamoat muassasalarida o‘zing uchun pul to‘lashning imkoni yo‘q – qo‘shni stoldagilar allaqachon sen uchun to‘lab qo‘ygan bo‘lishardi. Bir kuni kechqurun qandaydir kishi Frankoni to‘xtatib qo‘lini qisib qo‘ydi va uning kaftida podsho davridan qolgan qimmatbaho tanga paydo bo‘ldi; notanish odam rahmat eshitish uchun to‘xtamadi ham. Teatr eshigi oldidagi odamlar ichida qandaydir bir qiz delegatning ko‘ylagining kissasiga yigirma so‘mlik qog‘oz pul solib qo‘ydi, u qizni qaytib ko‘rmadik. Men ma’murlar delegatlarni lol qoldirish uchun odamlarga shunday buyruq bergan deb o‘ylamayman. Ammo ehtimoldan uzoq bu taxmin to‘g‘ri bo‘lgan taqdirda ham sovet hukumati o‘z xalqining intizomi va fidokorligi bilan bemalol faxrlansa bo‘ladi.

 

Moskvaga ertan ertalab soat 9 dan 2 minut o‘tganda yetib borishimizni e’lon qilishdi.

 

 

 

Moskva – dunyodagi eng katta qishloq

 

Moskva – dunyodagi eng katta qishloq – inson o‘rganib qolgan mutanosiblikka mos kelmaydi. Yashillikdan mahrumligi uchun odamni charchatadi, dilini xufton qiladi. Moskva binolari – o‘sha ukrain uychalarining xuddi o‘zi, faqat ulkan o‘lchamlarda kattalashtirilgan. Go‘yo kimdir fikr-xayolini band qilgan hasham havasini ro‘yobga chiqarish uchun ustalarga og‘ziga siqqanicha pul, yer va vaqt berganday. Qoq markazda provinsial hovlichalar uchraydi – bu yerda kirlarini simda quritishadi, ayollar esa bolalarini emizib o‘tirishadi. Biroq ushbu qishloqi turarjoylar ham boshqacha proporsiyaga ega. Moskvadagi oddiy uch qavatli uy ham balandlikda g‘arbiy shahardagi besh qavatli jamoat binosiga teng va shubhasiz qimmatroq, haybatliroq va chiroyliroqdir. Ulardan ayrimlari chindan ham mashinkada gul solingandek ko‘rinadi. Marmar oynaga joy qoldirmagan, savdo-sotiq deyarli yo‘q, nochor va jo‘n davlat do‘konlarida vitrinalar kamdan-kam uchraydi – qandolat me’morchiligi ustuvor. Piyodalarga mo‘ljallangan keng maydonda sekin harakatlanayotgan odamlar oqimi yo‘lida uchragan narsani yutib yuboradigan lavaga o‘xshaydi. Meni mehmonxonaga olib ketayotgan avtomobil uzundan-uzoq Gorkiy ko‘chasida tavakkaliga ketib borayotganda ilk bor Oyga tushib qolganday ta’riflab bo‘lmas tuyg‘uni his qildim. Moskvani to‘ldirish uchun kamida 20 million kishi kerak degan xulosaga kelganimda tarjimon sipolik bilan Moskvada atigi 5 million odam yashashini, shahardagi eng murakkab muammo turarjoy taqchilligi ekanini aytdi.

 

Sinflarning yo‘qolib ketgani – ta’sirli manzara: hamma bir xil, hamma yomon tikilgan ustibosh va xunuk oyoqkiyimda. Ular yugurib-yelishmaydi, shoshilishmaydi, vaqtining hammasi tirikchilikka ketayotganday tuyuladi. Bu xuddi qishloqdagiday nihoyatda ochiqko‘ngil odamlar to‘dasi, faqat ulkan o‘lchamlargacha kattalashtirilgan. “Moskvaga kelganimdan beri lupaga qaraganday bo‘laman, shu taassurotdan hech qutulolmayapman”, – degan edi menga bir ingliz. Moskvaliklar bilan gurunglashsanggina bu omma erkaklar, ayollar va bolalardan iboratligini, ularning har biri boshqalardan farq qilishi va o‘ziga xosligini anglaysan.

 

Yirik o‘lchamli portretlarni aslo Stalin o‘ylab topmagan. Bu qadimdan o‘rislarning shuuriga singib ketgan haddan tashqarilik tuyg‘usining in’ikosidir. Ajnabiylar va sovet sayyohlarini ham qo‘shib hisoblaganda bir haftada Moskvaga 92 ming kishi keldi. Shuncha odamni tashish uchun poyezdlar tinimsiz qatnab turdi. 14 mingta tilmoch chalkashliklarni istisno etuvchi aniq yo‘l-yo‘riqlar bilan belgilangan vaqtda belgilangan joyda hozir bo‘ldi. Har bir xorijlik unga alohida e’tibor qaratilishiga amin bo‘lishi mumkin edi. Yeb-ichish, tibbiy xizmat, shahar transporti va tomoshalar borasida hech qanday anglashilmovchilik yo‘q. Delegatlardan hech kimga hech nima shaxsan taqiqlanmagan, har kim hech qanday nazorat yo cheklovsiz o‘z bilganicha ish tutar va hech kim ustomonlik bilan tashkil etilgan tomoshaning bir qismiga aylanganman deb o‘ylamasdi. Spirtli ichimliklarni sotish ham, ichish ham man qilingan. Har bir delegatsiyaga odam soniga mos ravishda avtobuslar berib qo‘yilgan – hammasi bo‘lib 2300 ta. Yo‘llarda tiqilinch ham, transportlarning kechikishi ham kuzatilmadi. Bundan tashqari har bir delegat ismi, millati, Moskvadagi adresi o‘ris tilida ko‘rsatilgan kartaga ega bo‘lib, bu karta har qanday turdagi shahar transportida tekin yurish huquqini berar edi. Hech kimga qachon uxlash kerakligini aytishmasdi, lekin qoq yarim tunda hamma muassasalar yopilib, soat birda ko‘chalarda harakat to‘xtar, Moskva butunlay huvillab qolardi.

 

Qandaydir ko‘rinmas kuch boshqarayotganday hammayoqda namunali tartib hukm surardi. 120 ming kishiga mo‘ljallangan stadionda festival yopilgan kuni kechqurun hamma delegatlar bir soat davom etgan spektaklda hozir bo‘lishdi.

 

Aftidan gigantizm tuyg‘usi, ommaviy uyushqoqlik ko‘nikmasi sovet odamlari psixologiyasining muhim qismidir. Oxiri bu ko‘lamga ko‘nika boshlaysan. 11 ming mehmon uchun Kreml bog‘ida tashkil etilgan bayramona mushakbozlik ikki soat davom etdi. Zalplardan yer zirillar edi. Yomg‘ir bo‘lmadi: bulutlarni oldinroq tarqatib yuborishdi. Lenin va Stalin jasadi qo‘yilgan maqbara ochiladigan paytda, kunduzi soat birda eshik oldidagi navbat ikki kilometrga yetadi. Kishilar oqimi uzluksiz harakat qiladi, tobutlar oldida to‘xtash mumkin emas. Soat to‘rtda kirish to‘xtatiladi, ikki kilometrlik navbat baribir kamaymagan bo‘ladi. Hatto qishda, qor yog‘ayotganda ham ikki kilometrlik navbat bo‘ladi. Navbatning bundan ham uzun bo‘lishiga militsiya yo‘l qo‘ymaydi.

 

Bunday mamlakatda kamera teatrini tasavvur qilish qiyin. Katta teatrda hafta mobaynida “Knyaz Igor” kuniga uch martadan qo‘yildi, har bir spektaklda navbat bilan 600 tadan aktyor qatnashdi. Hech bir sovet aktyori bir kunda bir martadan ortiq chiqolmaydi. Sahnada spektaklning barcha aktyorlari, bundan tashqari, oltita haqiqiy, tirik ot bo‘ladi. To‘rt soat davom etadigan bu ulkan spektaklni Sovet ittifoqidan tashqarida qo‘yishning iloji yo‘q; faqat dekoratsiyalarning o‘zini tashishga 60 ta temiryo‘l vagoni kerak bo‘ladi.

 

Shu bilan birga sovet odamlari mayda tashvishlarga o‘ralashib qolgan. Biz festivalning ulkan mexanizmiga jalb qilinganimizda Sovet ittifoqining kishini hayajonga soladigan buyuk qudratiga guvoh bo‘ldik. Ammo adashgan kimsadek notanish, begona hayot girdobiga tushib qolgan zahoti mayda byurokratizm botqog‘iga botgan, gangib qolgan, esankiragan, Qo‘shma shtatlar oldida o‘zini noraso sezadigan mamlakatni ko‘rdik. Kechikkan tashrifimiz bizga sovet hayotining bu tarafini darhol ko‘rsatib qo‘ydi. Bizni hech kim kutmagan edi, chunki bir hafta kechikib kelgandik. Aftidan fransuzchani yaxshi biladigan qandaydir ayol vokzalda tasodifan paydo bo‘ldi, u bizni kutish zaliga olib bordi. U yerda bizga o‘xshagan adashganlar – afrikalik uchta negr bor ekan. Bir nechta kal erkak qayoqqadir telefon qilgani-qilgan edi. Menga telefon stansiyasida liniyalar chalkashib ketgan-u bu tugunni hech kim yoza olmaydiganday tuyuldi.

 

Moskvada o‘zgacha vaziyatda bo‘lib turganimiz shubhasiz haqiqiy hayot bilan tanishishimizga to‘sqinlik qilardi. Men hamon hammaga qandaydir yo‘l-yo‘riqlar berilgan, o‘rgatib qo‘yilgan deb o‘ylayman. Gurunglashib-gurunglashib, qiziqishdan “uyingizga bormoqchimiz” deyishimiz bilan samimiy moskvaliklar xuddi kelishib olgandek rad qilishar edi. Kimlardir yorilardi: ular yaxshi yashayapmiz deb o‘ylashar, aslida yomon yashashar ekan. Ma’murlar odamlarga chetelliklarni uyingizga kiritmang deb tayinlagan, shekilli. Yo‘l-yo‘riqlarning aksariyati shunchalik ahamiyatsiz va bema’ni edi.

 

 

Shu bilan birga bu holatlar g‘aroyib muvaffaqiyat ham hisoblanardi: festival 40 yil mobaynida butun dunyodan uzilib qolgan sovet xalqi uchun qiziq tomoshaga aylandi. Hamma ajnabiy bilan uchrashishni, ushlab ko‘rishni, u ham o‘ziga o‘xshagan odamligiga amin bo‘lishni xohlardi. Biz xorijlikni o‘ngi tugul tushida ham ko‘rmagan o‘rislarni uchratdik. Moskvaga Sovet ittifoqining har tarafidan qiziquvchilar kelishardi. Biz bilan gaplashish uchun ular kela-kelguncha til o‘rganishar, bu bilan bizga Qizil maydondan chiqmayoq mamlakat bo‘ylab sayohat qilish imkonini berishardi. Festivalning yana bir afzalligi shunda ediki, to‘s-to‘polonda militsiya hammani birday nazorat qilolmasligi tufayli sovet kishilari ko‘nglidagini erkinroq bayon etishlari mumkin edi.

 

Ro‘yirost tan olishim kerak, o‘ris tilini bilmay turib o‘n besh kunlik yugur-yugurda men hech qanday yakuniy xulosaga kela olmas edim. Shu bilan birga ko‘zga yaqqol tashlanadigan va yuzaki bo‘lsa-da ayrim narsalarni bilib oldim deb o‘ylayman, bu harna Moskvani mutlaqo bilmaslikdan yaxshiroqdir. Kasbim shu – odamlarga qiziqaman, menimcha hech qayerda Sovet ittifoqidagidan ko‘ra qiziqroq odamlarni uchratolmaysan. Murmansklik bir yigitcha, poyezdda besh kun yo‘l yurish uchun yil bo‘yi pul yiqqan bo‘lsa kerak, ko‘chada bizni to‘xtatib, Do you speak English? deb so‘radi.

 

U bundan boshqa bironta ham inglizcha so‘z bilmas edi. Ammo ko‘ylaklarimizdan ushlab olgancha bizga o‘rischalab nimalardir dedi, uzoq gapirdi. Ba’zan, xudoning o‘zi yorlaqab, tilmoch paydo bo‘lardi. Shunda dunyodagi hamma narsani bilishga tashna odamlar bilan bir necha soatga cho‘ziladigan muloqot boshlanardi. Men Kolumbiya hayotidagi oddiy voqealarni gapirib berardim, odamlarning jon qulog‘i bilan tinglayotganini ko‘rib hikoyalarim shunchalik qiziq ekan-da degan o‘yga borardim.

 

Ko‘chada yirtiq botinkada yurgan odamlarning soddaligi, mehribonligi, samimiyligini festival munosabati bilan berilgan buyruq natijasi deb bo‘lmaydi. Og‘ir botishini bila turib, javob qanday bo‘lishini ko‘rish uchungina bir savolni takror-takror berdim: Stalin jinoyatchi bo‘lgan deyishadi, shu to‘g‘rimi?. Ular pinagini buzmasdan Xrushyovning ma’ruzasidagi sitatalar bilan javob berishdi. Biron marta ham agressivlikni ko‘rmadim. Aksincha, bizda mamlakat haqida yaxshi taassurot qolishi uchun harakat qilishdi. Bu menga sovet kishilari o‘z hukumatiga sodiq ekan deb xulosa qilish imkonini beradi. Bu jonga tegib ketadigan olomon emasdi. Ular dil yorishga shoshilishmas, bizga gapirishga botinolmay, qishloqi tortinchoqlik va ehtiyotkorlik bilan qarab turishar edi. Delegatlardan kimdir muloqot qilmoqchi bo‘lsa kimgadir alohida emas, xaloyiqqa qarata “дружба” (“do‘stlik”) deb murojaat qilardi. Shu zahoti bizga nishon va tangalar bilan yopirilishib, evaziga dastxat va adreslarimizni so‘rashardi. Bu odamlar do‘st orttirishga juda tashna. “Hozirgi va o‘tgan davrning qanday farqi bor?” degan savolimizga ko‘p bora “Endi bizning do‘stlarimiz ko‘p” degan ma’nodor javobni oldik. Shu bois ular yana ham ko‘proq do‘stlarga ega bo‘lishni: butun dunyodagi odamlar bilan shaxsan xat yozishib turishni, barchani qiziqtiradigan narsalar haqida gaplashishni xohlashardi.

 

Moskvada ozgina yashagan qiziquvchan sayyoh tushuna boshlaydi: voqelikni baholash uchun u bizdagidan boshqacha o‘lchov tizimiga ehtiyoj sezadi. Bizning hammamizda sovet kishilarining aqliga sig‘maydigan narsalar haqida elementar tasavvur bor va aksincha. Moskvaga kelganimning uchinchi kuni kechqurun Gorkiy bog‘ida meni to‘xtatgan bir guruh qiziquvchilar buni tushunishimga yordam berdi. Ispan tilida ravon gapiruvchi, har holda uch soatlik gurungimizda bironta ham xato qilmadi, Leningrad chet tillar institutining talabasi bo‘lgan qiz taklif qildi: “Biz sizning har qanday savolingizga javob beramiz, sharti shuki, siz ham savollarimizga dangal javob berishingiz kerak”. Men rozi bo‘ldim. U Sovet ittifoqida menga nima yoqmaganini so‘radi. Mening xayolimda esa anchadan beri Moskvada itlarga ko‘zim tushmagani haqidagi fikr aylanib yuruvdi.

 

– Bu yerda hamma itlarni yeb qo‘yishibdi, menimcha bu – shafqatsizlik, – dedim.

 

Qiz o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Javobimning tarjimasi qurdoshlarimda ozgina sarosima uyg‘otdi. Ular bir-birlarining gapini bo‘lib o‘ris tilida nimanidir gaplashib olishdi, keyin to‘dadagi qizlardan biri ispanchalab baqirdi: “Bu kapitalistik matbuot tarqatayotgan uydirma”. Men bu shaxsiy fikrim ekanligini tushuntirdim, ular esa bu yerda itlarni yeyishmasligini aytib jiddiy e’tiroz bildira boshlashdi, ammo rostan ham Moskvada hayvonlar juda kamligiga iqror bo‘lishdi.

 

 

So‘rash navbati menga kelganida esladim: TU-104 reaktiv samolyotining ixtirochisi, professor Andrey Tupolyev – multimillioner, pulini qayerga qo‘yishni bilmaydi. Uni sanoatga tikish, unga uy sotib olish va ijaraga berish mumkin emas. Shuning uchun u o‘lsa pul to‘la sandiqlari davlatga qaytariladi. Shu bois qiziqdim:

– Moskvada odam beshta kvartiraga ega bo‘lishi mumkinmi?

– Albatta, – javob berishdi menga. – Ammo u beshta kvartirada bir paytning o‘zida nima qiladi?

 

Xaritada ko‘p sayohat qilgan va jahon geografiyasini suv qilib ichib yuborgan sovet kishilari dunyoda yuz berayotgan voqealar haqida juda kam bilishadi. Gap shundaki, ularning radiosida faqat bitta dastur bor, gazetalar esa – ularning barchasi davlatga tegishli – faqat “Правда”ning to‘lqiniga moslangan. Bu yerda yangiliklar haqidagi tasavvur juda jo‘n – xorijdagi eng muhim voqealar haqidagi xabarlargina chop etiladi, ular ham g‘alvirdan o‘tkazilgan va izohlangan bo‘ladi. Xorijiy matbuot sotilmaydi, Yevropadagi kommunistik partiyalar chiqaradigan bir nechta gazeta bundan mustasno. Bir kuni “Правда” taxlamlariga to‘la do‘konchaga ko‘zim tushdi, uning birinchi betida sarlavhasi yirik harflarda yozilgan sakkiz ustunli kattagina maqola ko‘zga tashlanib turardi. Men urush boshlanibdi deb o‘yladim. Sarlavhada esa “Qishloq xo‘jaligi haqidagi ma’ruzaning to‘liq matni” deyilgan edi.

 

Tabiiyki, men jurnalistlarga bizning jurnalistik faoliyat haqidagi qarashlarimizni tushuntirganimda hatto ular ham buni aqliga sig‘dirolmadi. Bizning mehmonxonamizga tilmoch bilan kelgan xizmatchilar guruhi mendan G‘arbda xodimlar gazetada qanday ishlashi haqida gapirib berishimni so‘radi. Men tushuntirdim. Ular gazeta xo‘jayinga tegishli ekanligini fahmlagach, ishonqiramay buni muhokama qilishga kirishishdi.

 

– Nima bo‘lganda ham, – deyishdi ular, – u g‘alati odam bo‘lsa kerak.

 

So‘ng o‘z fikrini izohlashdi: “Правда” davlatga keltirgan daromadidan ham ko‘proqqa tushadi. Men e’tiroz bildirdim: G‘arbda ham xuddi shunday, lekin xarajat reklama chop etish hisobiga qoplanadi. Chizib ko‘rsatdim, hisob-kitob qildim, misollar keltirdim, biroq ular reklamaning o‘zi nimaligini tushunishmadi.

 

 

Qizil maydondagi maqbarada Stalin hech ham vijdoni qiynalmay yotibdi

 

Festivalda xizmat qiluvchi shofyorlarga delegatlarni tilmochsiz hech qayoqqa olib bormaslik buyurilgan edi. Bir kuni kechqurun tilmochlarimizni izlab topolmagach shofyorni imo-ishoralar bilan bizni Gorkiy teatriga olib borib qo‘yishga ko‘ndirmoqchi bo‘ldik. U boshini xachirday chayqab “пиривощчик” (“tilmoch”) dedi. Beshta tilda birday bidirlaydigan bir ayol jonimizga ora kirdi: uni tilmoch qilib olishga shofyorni ko‘ndirdi. Bu biz bilan Stalin haqida gaplashgan ilk sovet kishisi edi. Uning yoshi oltmishlarda bo‘lib, ko‘rinishidan Jan Koktoga juda o‘xshar, bo‘yanish va kiyinish jihatidan esa naq Kukarachita Martinesning o‘zi edi: qomatiga yopishib turgan tulki mo‘ynali palto, naftalin hidi anqib turgan patli shilaypa kiyib olgan. Avtomobilga o‘tirgach u darhol oyna tarafga o‘girilib oldi va Qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasining perimetri 20 kilometrga teng temir panjarasiga ishora qildi.

 

– Mana bu ajoyib yaratiq uchun sizlardan minnatdormiz, – dedi u. – Chetelliklar oldida maqtanish uchun ko‘rgazma qurishdi.

 

Uning gapirish tarzi shunday edi. Ma’lum qilishicha, teatrda bezakchi bo‘lib ishlar ekan; Sovet ittifoqida sotsializm qurilishi barbod bo‘ldi deb hisoblar ekan, yangi rahbarlar tuzuk, layoqatli va odamgarchiligi bor insonlar ekanini e’tirof etdi, lekin ularning umri o‘tmishdagi xatolarni tuzatish bilan o‘tib ketar emish. Franko bu xatolar uchun kim javobgarligini so‘radi. U bizga engashib, yoqimli jilmaygancha “Lemoustachu” dedi.

 

Ispanchada bu “mo‘ylovli kishi” degani edi. Butun oqshom u otini biron marta ham aytmay, shu laqab bilan atab Stalin haqida gapirdi, uning zarracha ham xizmatini tan olmadi, gaplarida hurmatdan asar ham yo‘q edi. Uning fikricha, festival Stalinga qarshi eng muhim dalil hisoblanadi: uning davrida bunday tadbirlarning o‘tkazilishi odamlarning yetti uxlab tushiga ham kirmas edi. Odamlar o‘z uylaridan chiqmas, Beriyaning qo‘rqinchli politsiyasi esa ko‘chadagi barcha delegatlarni otib tashlagan bo‘lur edi. Uning aytishicha, agar Stalin tirik bo‘lganida allaqachon Uchinchi jahon urushi boshlanib ketgan bo‘lardi. Dahshatli jinoyatlar, soxtalashtirilgan jinoyat ishlari, ommaviy qatag‘onlar haqida gapirdi. Stalinni Rossiya tarixidagi eng qonxo‘r, mudhish va shuhratparast odam deb ta’kidladi. Men shu qadar tutaqish bilan aytib berilgan bunday dahshatli hikoyalarni hech qachon eshitmagan edim.

 

Uning siyosiy nuqtai nazarini aniqlash qiyin edi. Uning fikricha, Qo‘shma shtatlar dunyodagi yakka-yu yagona erkin mamlakat ekan, biroq shaxsan u faqat Sovet ittifoqida yashay olar emish. Urush paytida u amerikalik ko‘p askarlar bilan tanishibdi, aytishicha, ular soddadil, baquvvat, ammo o‘taketgan nodon yigitlar ekan. U aksilkommunist emasdi, Xitoy marksizm yo‘lidan ketayotganidan o‘zini baxtiyor his qilardi, lekin Xrushyov uning gapiga kirib Stalin haqidagi mifni oxirigacha yo‘qotmagani uchun Mao Szedunni aybladi.

 

U bizga o‘tmishdagi do‘stlari haqida gapirib berdi. Ularning aksariyati – teatr arboblari, yozuvchilar, hurmatli artistlar Stalin davrida qatag‘on qilingan ekan. Qadimdan shuhrat qozongan teatr binosiga yetib borganimizda tasodifiy hamrohimiz unga zavq bilan boqdi. “Biz bu teatrnisharpalar teatri deb ataymiz, – dedi u muloyim tabassum bilan. – Uning eng zo‘r aktyorlari yer tagida yotibdi”.

 

Mening bu ayolni esipast deb hisoblashga zarracha asosim yo‘q, ammo ayanchli bir haqiqat ayon: u tentakka o‘xshar edi. Shubhasiz, u narsa va hodisalarning mohiyati aniqroq ko‘rinadigan muhitda yashaydi. Aftidan, oddiy odamlar Stalin rejimidan jabrlanmagan shekilli – qatag‘on qilichi rahbarlarning boshida o‘ynagan. Lekin men bu fikrni Stalin faoliyatini umumlashtirish uchun ishonsa bo‘ladigan asos sifatida qabul qilolmayman, chunki unga yaqin boshqa birorta dalil eshitmadim. O‘z tuyg‘ularini ifodalashda qattiq hayajonlanish sovet kishilariga xos xususiyat. Ular shodligini shunchalik jo‘shqin ifoda etishadiki, xuddi kazakcha raqsga tushayotgandek, so‘nggi burda nonini baham ko‘rishga tayyor ochiqko‘ngil bo‘lishadi, do‘stlari bilan xayrlasha turib rostakam ko‘z yosh qilishadi. Biroq siyosatdan so‘z ochilgan zahoti ichimdagini top deydigan darajada nihoyatda ehtiyotkor bo‘lib qoladilar. Bu borada ulardan yangi gap olishga urinish foydasiz, hamma javoblar “Правда”da chop etiladi va ular undagi gaplarni takrorlashadi, xolos. 20-qurultoy materiallari maxfiydir, ammo G‘arb matbuotining xabariga ko‘ra ular butun mamlakat bo‘ylab o‘rganilgan va muhokama qilingan. Sovet xalqiga xos xislatlardan biri mana shu – siyosiy xabardorlikdir. Xalqaro ahvol haqidagi axborotning ozligi ichki ahvol haqida aqlni shoshiradigan darajada ommaviy xabardorlik hisobiga qoplanadi. Bebok tasodifiy tilmochimizdan tashqari biz Stalin haqida bunchalik qat’iy fikr bildirgan biron kimsani uchratmadik. Har bir sovet kishisining qalbida aqlini jilovlab olgan afsona yashayotganday. Ular xuddi “U haqda nima bilsak ham Stalin baribir Stalindir, vassalom” deyotganday. Hamma joyda uning portreti ortiqcha shov-shuvsiz olib tashlanmoqda, o‘rniga Xrushyovning portreti ilinmayapti. Faqat Leninniki qolmoqda, uning xotirasi muqaddas. Stalinga qarshi har nima qilish mumkin, lekin Lenin daxlsizdir degan qarash shuurga singdirilmoqda.

 

 

Stalin haqida juda ko‘p odamlar bilan gaplashdim. Menga ular atroflicha tahlil afsonani asrab qoladi degan ishonch bilan ancha erkin fikr bildirayotgandek tuyuldi. Ammo Moskvadagi suhbatdoshlarimizning barchasi “Endi hammasi o‘zgardi...” deyishdi. Biz tasodifan uchratib qolgan leningradlik bir musiqa muallimidan kechagi va bugungi kun o‘rtasida qanday farq borligini so‘radik. U bir lahza ham ikkilanmasdan “Farq shundaki, hozir biz ishonamiz” deb javob berdi. Eshitganlarimiz orasida bu Stalinga qarshi eng qiziq ayblovdir.

 

Dneprdagi gidrostansiya qurilishida qatnashgan bir muhandisning aytishicha, Stalinning shuhrati avjiga chiqqan bir pallada ham muayyan muddat uning tirikligiga shubha bilan qaralgan.

 

Hatto daraxt yaproqlari ham bu ko‘rinmas kuchning iznisiz shitirlay olmas edi. Kommunistik partiya markaziy qo‘mitasi bosh kotibi, Vazirlar kengashi raisi va Oliy bosh qo‘mondon lavozimlarini egallab u tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada cheksiz hokimiyatni o‘z qo‘lida to‘pladi; partiya qurultoylarini o‘tkazmadi. Hokimiyatni markazlashtirishni tashkilotning tayanchiga aylantirib, mamlakatni boshqarish uchun zarur bo‘lgan hamma narsani, hatto eng mayda detallargacha xotirasida saqladi. 15 yil mobaynida gazetalarda uning nomi eslanmagan biron kunni topib bo‘lmaydi.

 

Uning yoshi yo‘q edi. O‘lganida u jismonan charchagan, soch-soqoli oqarib ketgan, yoshi yetmishdan oshgan chol edi. Lekin xalq Stalinni uning portretlaridagi yoshda tasavvur qiladi. Bu tasavvur, ya’ni Stalinning hech qarimasligi haqidagi qarash hatto tundraning eng olis burchaklarigacha kirib borgan edi. Uning nomi hamma yerda: Moskva ko‘chalarida, Chelyuskin burnidagi kichkinagina telegraf stansiyasida, qutb doirasining narigi yog‘ida yangrardi. Uning suratlari jamoat binolarida, odamlarning uylarida osuvli turardi, rubllarda, pochta markalarida va hatto mahsulotlarning qadoqlarida ham chop etilardi. Uning Stalingraddagi haykalining balandligi – 70 metr, kitelidagi har bir tugmaning diametri yarim metrga teng.

 

“Stalin aslida kim bo‘lganini anglashimiz uchun hali ko‘p qovun pishig‘i bor, – dedi menga bir yosh sovet yozuvchisi. – Menga yoqmaydigan birgina jihati uning dunyodagi eng katta mamlakatni xuddi o‘z do‘koni kabi boshqarishni xohlaganidir”. U Sovet ittifoqida hukm surgan ahmoqona did Kremlning hashamati oldida o‘zini yo‘qotib qo‘ygan gurji dehqoni bo‘lmish Stalin shaxsi bilan bog‘liq bo‘lmasligi mumkin emas deb hisoblar edi. Stalin hech qachon Sovet ittifoqidan tashqariga chiqmagan. U Moskva metrosi – jahondagi eng chiroyli metro degan ishonch bilan dunyodan o‘tdi.

 

 

Ehtimol, Stalinning eng katta xatosi hamma narsaga, shaxsiy hayotning sirli puchmoqlarigacha aralashishga intilgani bo‘lsa kerak. Sovet ittifoqida hamma botib ketgan qishloqcha mayda riyokorlik muhiti shu bilan bog‘liq deb o‘ylayman.

 

Stalin tomonidan estetikaning asosiy qoidalari ham yaratilgan bo‘lib, ularni markschi tanqidchilar chippakka chiqara boshlashdi, ular orasida venger Georg Lukach ham bor. Bilimdonlar ichida eng mashhuri bo‘lgan kinorejissor Sergey Eyzenshteynni Sovet ittifoqida ko‘pchilik yaxshi tanimaydi, chunki Stalin uni formalizmda ayblagan. Birinchi ishqiy bo‘sa sovet kinematografiyasida uch yil avval suratga olingan “Qirq birinchi” filmida tasvirlangan. Stalincha estetika mamlakatda ham, G‘arbda ham sovet yoshlari o‘qishni xohlamaydigan juda ko‘p adabiy mahsulot qoldirdi. Leypsigda sovet talaba qizlari birinchi marta fransuz romanini o‘qib chiqish uchun dars qoldirishadi. Hassos bolero desa o‘zini tomdan tashlaydigan moskvalik qizlar ilk muhabbat romanlarini yamlamay yutishmoqda. Stalin jaholatparast deb e’lon qilgan Dostoyevskiyning asarlari qaytadan bosila boshladi.

 

Ispan tilida kitob chiqaradigan sovet nashriyotlarining rahbarlari bilan bo‘lgan matbuot anjumanida “detektiv romanlar yozish taqiqlanganmi?” deb so‘rayman. “Yo‘q” deb javob berishadi. Shunda birdan esimga tushadi: axir Sovet ittifoqida yozuvchilarni ilhomlantirishi mumkin bo‘lgan jinoiy muhit yo‘q-ku. “Bizdagi yagona gangster Beriya edi, – deyishgandi menga bir kuni. – Hozir u hatto sovet ensiklopediyasidan ham chiqarib tashlangan”. Beriya haqida umumiy va qat’iy fikr shunday. Hech qanday munozaraga o‘rin yo‘q. Ammo uning jinoyatlari detektiv asarlarning syujetiga aylanmadi. Stalin zararli deb hisoblagan ilmiy fantastikaga esa sun’iy yo‘ldosh uni shafqatsiz sotsialistik realizmga aylantirishidan atigi bir yil oldin ruxsat berilgan. Bu yil ilk fantastik roman muallifi Aleksey Tolstoy (yo‘q, u Lev Tolstoyning hech qanaqa qarindoshi emas) kitoblari eng ko‘p sotilgan yozuvchi bo‘ldi. Xorijiy nashrlar orasida Xose Eustasio Riveraning “Girdob” asari ancha mashhur bo‘ldi deb hisoblanmoqda. Rasmiy ma’lumot: ikki haftada kitobning 300 mingta nusxasi sotilgan.

 

 

Maqbaraga kirib bir minutga qolmay chiqish uchun to‘qqiz yarim kun kutishimga va yarim soat navbatda turishimga to‘g‘ri keldi.

 

To‘lig‘icha qizil marmar bilan qoplangan maqbaraning ichi xira nur bilan yoritilgan. Biz zinadan tushib, Qizil maydon sathidan pastdagi xonaga kirib bordik. Ikki askar aloqa posti – oltita telefon apparati turgan stolni qo‘riqlashmoqda. Yana bir zirhli eshikdan o‘tamiz va yarqiroq, silliq zinadan tushishda davom etamiz, hech nima ilinmagan devor ham xuddi shu materialdan qilingan. Nihoyat oxirgi zirhli eshikni ortda qoldirib tek qotgan ikki soqchi orasidan o‘tamiz va o‘zimizni muzdek sovuq muhitda ko‘ramiz. Bu yerda ikkita tobut turibdi.

 

Kichkina to‘rtburchak xona, devori qora marmardan, unga qizil toshdan alanganing tillarini eslatuvchi naqsh solingan. Tepaga shamollatish qurilmasi o‘rnatilgan. O‘rtadagi supachaga pastdan kuchli qizil projektor bilan yoritilgan ikkita tobut qo‘yilgan. O‘ng tarafdan yuramiz. Har bir tobutning boshida nayzali miltiq ushlagan ikkitadan soqchi tek qotgan...

 

Odamlar ko‘rganlarini mayda tafsilotlarigacha esda saqlab qolishga uringan holda o‘ngdan chapga qarab supa oldidan o‘tmoqda. Biroq buning iloji yo‘q edi. O‘sha daqiqani eslaysan va xotirangda tayinli hech narsa qolmaganini anglaysan. Men maqbaraga borib kelganimdan keyin bir necha soat o‘tgach delegatlarning o‘zaro suhbatini eshitib qoldim. Ba’zilari “Stalin oq kitelda edi” deyishsa, ayrimlari “yo‘q, ko‘k kitelda edi” deyishardi. Oq deyotganlar orasida maqbaraga ikki marta borgan kishi ham bor edi. Menimcha esa kitel ko‘k edi.

 

Lenin birinchi tobutda yotardi. Egnida odmi to‘q ko‘k kostyum. Umrining oxirgi yillari shol bo‘lib qolgan chap qo‘li tanasi bo‘ylab cho‘zilgan... Beldan pastiga kostyuminikidek ko‘k matodan qilingan choyshab yopilgan...

 

Stalin vijdoni qiynalmasdan abadiy uyquda yotibdi. Chap ko‘ksida uchta oddiy orden kolodkasi, qo‘llari tabiiy holatda cho‘zilgan. Kolodkalarning tagida kitel rangiga mos kichkina ko‘k tasmalar borligi uchun bir qaraganda ular oddiy nishonday ko‘rinardi. Ularni yaxshiroq ko‘rib olish uchun ko‘zlarimni qisib qarashimga to‘g‘ri keldi. Shu bois bilaman, uning egnidagi kitel ham Leninning kostyuminiki singari ko‘k, to‘q ko‘k rangda edi. Stalinning oppoq sochlari projektor nurida qizilday tuyuladi. Yuz ifodasi jonli, ko‘rinishidan nafaqat mushak tarangligini saqlab qolgan, balki tuyg‘uni ifodalayotganday. Bundan tashqari mazax alomati bor. Bag‘baqasini hisobga olmaganda u o‘ziga o‘xshamas edi. Ko‘rinishidan aqlli odamga, hazilni tushunadigan mehribon do‘stga o‘xshardi. Gavdasi pishiq, ammo yengil, mo‘ylovi va sochlari biroz jingalak, Stalinnikiga umuman o‘xshamaydi. Hech narsa menga uning uzun va shaffof tirnoqli qo‘llarining nozikligidek kuchli ta’sir qilmadi. Bu ayollarning qo‘li edi.

 

 

Sovet kishisi kontrastlardan charchay boshladi

 

Sovet ittifoqi inqilobdan so‘ng o‘tgan 40 yil mobaynida iste’mol tovarlariga hech qanaqa e’tibor qaratmasdan bor kuchini og‘ir sanoatni rivojlantirishga yo‘naltirgan. Shunday bo‘lgach, ular nima uchun xalqaro havo qatnovlari bozoriga dunyodagi eng katta samolyotni birinchi bo‘lib taklif etishgani-yu ayni paytda nega ularda aholi uchun oyoqkiyim yetishmasligini tushunsa bo‘ladi. Sovet kishilari keng ko‘lamli sanoatlashtirish dasturini misli ko‘rilmagan falokat – urush to‘xtatib qo‘yganini alohida ta’kidlashadi. Nemislar Sovet ittifoqiga hujum qilgan paytda Ukrainada sanoatlashtirish jarayoni avjiga chiqqan edi. U yerga ham fashistlarning qadami yetdi. Askarlar dushman hujumini qaytarib turganda yetti yashardan yetmish yashargacha safarbar etilgan aholi Ukraina sanoat korxonalarini qismma-qism demontaj qildi. Butun boshli zavodlar to‘lig‘icha Sibirga, ulkan ovloq hududga ko‘chirildi va ularni oshig‘ich tiklab, jadal sur’atda mahsulot ishlab chiqara boshlashdi. Sovet odamlari o‘sha buyuk ko‘chish sanoatlashtirishni 20 yil ortga surib yubordi deb o‘ylashadi.

 

Insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan bu ishlarning bahosi avvaliga inqilobiy janglarda, keyin urushda va nihoyat iqtisodiyotni tiklashda qatnashgan butun boshli avlodning taqdiri bilan to‘langaniga shubha yo‘q. Insoniylikdan yiroq, beshafqat hukmdor deb hisoblanadigan Stalinga qarshi eng og‘ir ayblovlardan biri shundan iboratki, u sotsializm qurilishini jadallashtirish uchun butun bir avlodni qurbon qilgan. G‘arb targ‘iboti vatandoshlarining qulog‘iga yetib bormasligi uchun u mamlakat eshiklarini ichkaridan qulfladi, mazkur jarayonni tezlashtirdi va taraqqiyot borasida misli ko‘rilmagan o‘sishga erishdi. Qoniqmaslik hissini tuyayotgan yangi avlodlar endi oyoqkiyim yetishmasligiga norozilik bildirishlari mumkin.

 

 

Sovet kishilari ko‘pincha o‘zlari bilmagan holda chetelliklar oldida kulgili vaziyatga tushib qolishlarining sababi Stalin millatni dunyodan butkul ajratib qo‘yganligidir. Kolxozga borganimizda biz milliy iftixor namoyish etilgan og‘ir daqiqalarni boshdan kechirdik. Bir kuni o‘nqir-cho‘nqir yo‘lda bizni bayroqlar bilan bezatilgan qishloqlar yonidan olib o‘tishdi, bolalar qo‘shiqlar bilan avtobusga peshvoz chiqib, uning oynasidan o‘zlarining adreslari barcha g‘arbiy yevropa tillarida yozilgan ochiqxatlarni ichkariga irg‘itishdi. Kolxoz Moskvadan 120 kilometr uzoqda bo‘lib, g‘arib qishloqlar bilan o‘ralgan kattagina “feodalcha” mulk ekan. U qishloqlarning ko‘chalari iflos-u uylari yorqin ranglarga bo‘yalgan edi. G‘irt kal, ko‘rmaydigan bir ko‘ziga kinofilmdagi qaroqchi kabi bog‘ich bog‘lab olgan kolxoz raisi, sotsiallashgan feodalga o‘xshash bir kimsa, bizga ikki soat davomida yerga jamoa tomonidan ishlov berilishi haqida gapirib berdi. Tilmoch deyarli butunlay juda katta sonlarni tarjima qilib turdi. Maktab o‘quvchilari xori ijro etgan ko‘hna qo‘shiqlarni tinglab ochiq havoda tushlik qilganimizdan keyin bizni mexanik sut sog‘ish apparatlarini ko‘rishga olib borishdi. G‘oyat semiz, baquvvat bir ayol aftidan xo‘jalikda eng so‘nggi texnik yangilik hisoblanadigan gidravlik sog‘ish qurilmasini namoyish etmoqchi edi. U bor-yo‘g‘i idishga ulangan, so‘ruvchi qurilmasi bo‘lgan rezin ichak bo‘lib, bir tarafi sigirning emchagiga, ikkinchi tarafi jo‘mrakka biriktirilar edi. Suv kuchi bilan ish yurishishi uchun jo‘mrakni burab ochish kifoya edi, o‘rta asr sut sog‘uvchilari shunday qilishgan. Bularning hammasi nazariyada, amalda esa mexanik sog‘ish ustasi moslamani emchakka ko‘ngildagidek ulay olmadi, naq chorak soat urindi, bo‘lmagach, oxiri sigirni almashtirdi – bu bizning safarimizdagi eng o‘ng‘aysiz lahzalardan biri bo‘ldi. Nihoyat vazifa uddalanganida biz qarsak chalib olqishlashga tayyor edik, hech qanday ichiqoralikdan emas, shunchaki noqulay vaziyat ortda qolgani uchun.

 

Amerikalik delegat, o‘z-o‘zidan ma’lum, ozgina bo‘rttirib, ammo to‘g‘risini aytganda yetarlicha asoslar bilan Qo‘shma shtatlarda bir tomonga sigir qo‘yilishi, ikkinchi tomonda esa pasterizatsiya qilingan va hatto idishga joylangan moy olinishini kolxoz raisiga hikoya qilib berdi. Rais xushmuomalalik bilan tasanno aytdi, biroq shamani tushunmagani yuzidan ayon edi. Keyin u tan oldi, sovet gidravlik sut sog‘ish qurilmasi paydo bo‘lguniga qadar insoniyat sigirdan sut olishning mexanik tizimidan voqif bo‘lmaganiga chindan ham ishongan ekan.

 

Moskva universitetining Fransiyada bir necha marta bo‘lgan professorining bizga tushuntirishicha, aksariyat hollarda sovet ishchilari G‘arbda shuncha yillardan beri ishlatilib kelayotgan ko‘p narsalarni ular birinchi bo‘lib kashf etishganiga ishonishar ekan. Aslida sovet kishilari o‘zlarini sanchqidan tortib telefongacha juda ko‘p oddiy narsalarning kashfiyotchisi deb hisoblashi haqidagi eski amerikacha hazilda jon bor. G‘arb sivilizatsiyasi 20-asrda zo‘r taassurot qoldiradigan texnik taraqqiyot yo‘lidan ildamlagan bir paytda yopiq mamlakatda yashayotgan sovet xalqi juda ko‘p oddiy muammolarni hal qilish ustida bosh qotirar edi. Mabodo bir kuni xorijiy sayyoh Moskvada “men sovutkich ixtirochisiman” deb da’vo qilayotgan kalroq asabiy kishini uchratib qolsa uni tentak deb aybsitishi kerak emas: sovutkich G‘arbda kundalik buyumga aylanganidan ancha yillar keyin u odam rostan ham uni ixtiro qilgandir.

 

Ammo chidab bo‘lmaydigan eng ayanchli holatga biz Moskva yaqinidagi qo‘rg‘onda, kolxozdan qaytayotib limonad ichish uchun ko‘chadagi chakana savdo stolchasi yonida to‘xtaganimizda duch keldik. Ehtiyoj bizni hojatxona izlashga majbur qildi. Hojatxona deganlari yog‘ochdan qilingan, uzun supasida oltita teshigi bor, ularning ustida o‘tirgan basavlat, hurmatli olti kishi qizg‘in suhbat qurgancha o‘z ishini qilayotgan bir joy ekan – hech bir ta’limot bunday kollektivizmni ko‘zda tutmaydi.

 

 

Shunday qilib, ayollar yo‘l ishlarida band bo‘lgan bir paytda Sovet ittifoqida 40 yil ichida mamlakatni ikki buyuk davlatdan biriga aylantirgan og‘ir sanoat paydo bo‘ldi, lekin iste’mol mollarini ishlab chiqarish orqada qolib ketdi. Moskva do‘konlaridagi nochor vitrinalarni ko‘rgan kishining o‘rislar atom bombasiga egaligiga ishonishi qiyin. Ammo aynan vitrinalar ushbu faktning to‘g‘riligini tasdiqlaydi: sovet yadro quroli, fazoviy raketalar, mexanizatsiyalashgan qishloq xo‘jaligi, elektr stansiyalari va dashtlarni ekin ekiladigan yerlarga aylantirishga qaratilgan ulkan ishlar – bularning barchasi sovet kishilari 40 yil mobaynida xunuk botinka va yomon tikilgan ustibosh kiyib yurganining hamda deyarli yarim asr og‘ir yetishmovchiliklarni boshdan kechirganining samarasidir. Teskari tartibda rivojlanish amerikaliklarni miriqib kulishga majbur qiluvchi nomutanosiblikka sabab bo‘ldi. Masalan, qudratli TU-104 aviatsion tafakkurning bemisl mahsuli sanaladi – ingliz psixiatrlari mahalliy aholining salomatligini o‘ylab xavotir bildirgani uchun unga London aeroportiga qo‘nish taqiqlangan. Bu samolyotda salonlar o‘rtasida telefon aloqasi mavjud, ammo u eng oddiy shamollatish tizimi bilan jihozlangan. Boshqa bir misol. O‘z mamlakatida uzoq vaqt atoqli mutaxassislar qo‘lida surunkali ekzemadan davolangan bir shved delegati SSSRda bo‘lib turganida mehmonxona yaqinidagi poliklinikaning navbatchi shifokoriga ko‘rindi. Shifokor unga kukun dori yozib berdi va to‘rt kun ichida ekzemadan asar ham qolmadi, eng qizig‘i dorini tayyorlagan dorixonachi uni qo‘li bilan bankadan olib gazeta parchasiga o‘rab bergan...

 

* * *

48 soatdan so‘ng Moskva odatiy hayot tarziga qaytdi. O‘sha-o‘sha odamlar to‘dasi, o‘sha chang bosgan vitrinalar va o‘sha Qizil maydon, maqbara oldidagi ikki kilometrlik navbat – bularning barchasi bizni vokzalga olib ketayotgan avtobus oynasidan boshqa bir davrning timsoli sifatida ko‘zga tashlanar edi. Chegarada Charlz Laftonga quyib qo‘yganday o‘xshash semiz tilmoch tiqilib-surilib vagonga bazo‘r kirib keldi. “Meni kechiringizlar”, – dedi u. “Nima uchun? – ajablandik biz. “Sizga hech kim gul tortiq qilmagani uchun”. So‘ng yig‘lamoqdan beri bo‘lib unga chegarada kuzatish marosimini uyushtirish vazifasi topshirilganini tushuntirdi. Bugun ertalab u hamma delegatlar ketib bo‘ldi degan o‘yda telefon orqali “vokzalga boshqa gul yuborilmasin, stansiyada poyezdlarni qo‘shiq bilan kuzatayotgan bolalar maktablariga qaytsin” deb buyruq bergan ekan.

 

Gabriel Garsia MARKES

 

Rus tilidan Hasan KARVONLI tarjimasi.

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2023-yil 3-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16792
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi