“Mening medallarim mehnat, qat’iyat va ba’zida to‘kilgan ko‘z yoshlardan yasalgan” – Oksana Chusovitina afsonasi


Saqlash
12:12 / 20.12.2023 657 2

 

Insonni hayratga soladigan narsalar juda ko‘p. Ayrimlari o‘tkinchi, ba’zilari umrboqiy, kishilarga ham hayrat, ham hikmat bo‘lib xizmat qiladi, asrlar osha yashab kelaveradi.

 

Men sportning badiiy gimnastika turi bo‘yicha afsonaga aylangan Oksana Chusovitina haqida o‘ylaganimda hamisha hayratlanaman va uning faoliyatidan ibrat tuyaman. “O‘zbekiston iftixori”, “Mehnat shuhrati” kabi nufuzli mukofotlar sohibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi Oksananing faoliyati ushbu rivoyatni yodimga soldi.

 

Shohning huzuriga bir yigitni juda g‘aroyib hunar sohibi deya olib kelishibdi. Yigit o‘n besh qadam joydan turib shiftga osilgan uzukning teshigidan ignani bexato otib o‘tkazar va ignani istagan nuqtasiga qaday olar ekan. Rostan ham ajablanarli natija, g‘aroyib kasb. Buni uddalashning iloji yo‘qdek, go‘yo... Ammo bu yigit shuni eplabdi.

 

Yigitning mahoratini ko‘rgan dono podshoh o‘zining taassurotini yashirgan holda qovog‘ini uyib, shunday amr qilibdi:

– Bu nodonga qirq darra urilsin! Amrim hoziroq va shu yerda ado etilsin!

 

Shohning vajohatidan qo‘rqib ketgan a’yonlar noiloj buyruqni bajarishga majbur bo‘libdi.

 

Yelkasidan qirq darra yeb holdan toygan, qo‘rquv va zarbalardan qaltirab turgan yigitni kuzatib turgan shoh qah-qah urib kulibdi-da, o‘zi kelib yigitni o‘rnidan turg‘azibdi. Yuzida tabassum va muloyimlik bilan endi boshqa farmon beribdi:

– Bu yigitga bosh-oyoq sarpo, egarlangan ot berilsin, xazinadan katta mukofot ajratilsin!

 

Shubha yo‘qki, shohning bu amri ham so‘zsiz bajarilibdi.

 

Shunda podshohning kayfiyati yaxshiligini ko‘rgan vaziri a’zam shohga savol beribdi:

– Hukmdorim! Bu yigitni oldin qirq darra urishga amr qildingiz, so‘ng esa qimmatbaho sovg‘a-salomlar bilan siyladingiz... Bu ishlaringiz ma’nosi nedur?

 

Shoh javob qilibdi:

– Qirq darra urdirishimning sababi shuki, uning bu ishidan el-u xalqqa hech qanday naf yo‘q. U shu bema’ni ishni o‘rganish uchun shuncha vaqtini behuda sovuribdi. Sovg‘a-salom berib izzat qilishimga sabab esa uning bu ishini hech kim qilolmaydi. Buni bajarish uchun ham ko‘p mashaqqat tortish kerak...

 

Bu rivoyatni bejiz keltirmadim. Insonga Olloh taolo turli kasblarni berib, shuning ortidan tirikchilik ravishini ato qilgan. Bandasi dehqonmi, nonvoymi, ustami, sportchimi, bu uning rizqi qo‘shilgan soha, kasbidir.

 

Oksananing rizqini esa taqdir sportga, sportning san’at bilan, go‘zallik va latofat bilan uyg‘un turiga sochgan. Ammo uning hayoti va qizg‘in faoliyati ibratga to‘la, rivoyatdagi shoh ta’biri bilan aytganda, “el-u xalqqa foydasi yo‘q” emas. Aksincha, juda bisyor.

 

Oksana Chusovitina nomini eshitganimizga 32 yil bo‘libdi. Bu raqam mamlakat mustaqilligi bilan egiz sana. Shuncha yil avval u gimnastika bo‘yicha kerakli yutuqlarni qo‘lga kiritib, Olimpiada o‘yinlariga yo‘l olgan edi. Televizor ekranida kichik jussali, ko‘zlari porlab turgan o‘n olti yoshli qizni ko‘rsatishgan edi. Bir yil ham o‘tmay Oksana Olimpiadada zafar quchdi. Oltin medalni qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston bayrog‘i Oksana sharafi va zahmati evaziga baland ko‘tarildi.

 

 

Uning tanlagan yo‘li va hayotiy maqsadi, erishgan ilk katta natijasi mamlakatimizda va O‘zbekistonda juda katta aks-sado berdi. Minglab-millionlab yoshlarning qalbiga sport mayog‘ini yoqdi. Bitta katta sportchining ta’siri shunday bo‘ladi. Uning faoliyati xalqqa juda katta umid va g‘urur bag‘ishlaydi. Oksana Chusovitina nomi sportning ayni shu turi mamlakatimizda keng yoyilishiga katta hissa qo‘shdi.

 

Oksanadan qiziqishlari, hayotiy qarashlari haqida so‘raganimizda u shunday javob berdi:

 

– Men poklikni sevaman! Hayot go‘zalligini, insonning ichki kuchini o‘zimda ham, boshqalarda ham ko‘rgim keladi! Poklik ham jisman, ham ma’nan bo‘lishi kerak! Poklikka erishmagan inson, ayniqsa, badiiy gimnastikada yulduz bo‘lolmaydi! Bundan tashqari to‘xtovsiz mehnatning ham o‘rni beqiyos!

 

– Oksana, xudodan qo‘rqasizmi, umuman, ilohiy rishtalar, ta’sirlarga qanday qaraysiz?

 

– Xudodan qo‘rqishdan ham ko‘ra unga ko‘proq ishonaman... U bizni hech qachon tashlab ketmaydi.

 

Poklikni har narsadan ustun qo‘yish e’tiqodiga aylangan, taqdirga umidi va ishonchi barqaror bo‘lgan bu inson ixchamgina jussasida juda katta matonatni jamlagan.

 

Ba’zan shoir Shavkat Rahmonning she’rlaridagidek insonning parvozi haqidagi xayol ko‘pchilikning ruhiyatida kechsa kerak. Parvoz qiladigan valiy zotlarning hayoti mutlaq poklikka, o‘zni yengishga, xolisonillo tavakkulga qurilganini bilamiz. Shuning uchun ham inson uchishi kerak degan umidli sado ko‘nglimizni mudom bezovta qiladi.

 

Oksana maydonga tushganida, yugurmaydi, sakrab intilmaydi, baayni uchadi...

Uning parvozi uchun hayot qo‘ygan minglab to‘siqlar, sportdagi raqobat va qarshiliklar pand berolmadi. U bularning barchasini insoniy aql, kuch va mehnat bilan yengib o‘toldi. U badiiy gimnastika turining kashf etilmagan cho‘qqilarini zabt etdi.

 

U bilan telefonda suhbat asnosida o‘zbekcha lutf qildim:

– Bilasizmi, o‘zbekchada Oksana so‘zi bilan uyqash bo‘lgan afsona degan so‘z bor. Ruschada bu so‘z legenda degan ma’noni anglatadi...

 

Qo‘ng‘iroqning u tomonidan uning bolalarcha samimiy kulgusi, “Rahmat, rahmat!” degan ovozi keldi...

 

* * *

Bundan roppa-rosa 48 yil avval Buxoro shahrida tug‘ilgan Oksana gimnastikadagi faoliyatini 1982-yilda boshladi. 1988-yilda – 13 yoshida u o‘smirlar o‘rtasida  SSSR chempionatida mutlaq g‘olib bo‘ldi.

 

Bu uning birinchi katta zafari edi. O‘tgan vaqt mobaynida sportchidan juda katta matonat, did, intizom, parhez talab etadigan gimnastika sohasiga yuzlab sportchilar kirib keldi va faoliyatlarini tamomladi. Ammo Oksana haqida Ginnesning rekordlar kitobiga o‘tgan yilda shunday so‘zlar bitildi:

“U dunyo bo‘yicha sakkizta Olimpiadada qatnashgan yagona gimnastikachidir!”.

 

Bu mashaqqatli, muntazam qunt va mehnat talab etiladigan yo‘lda Oksana o‘zi uchun yaratgan qoidaga qat’iy amal qiloldi. Bu qoida oddiy va lo‘nda: “Ortga qaramayman! Oldinga intilaman!”.

 

Istaymizmi-istamaymizmi, inson o‘z hayotida eng katta kuchni oilasi bag‘ridan oladi. Agar shu ne’matga erisholmasa, jahoniy yutuqlarga erishishi mushkul.

 

Oksananing eri ham mashhur sportchi, Olimpiada ishtirokchisi Bahodir Qurbonovdir. U Oksananing yutuqlari uchun, uning kelajagi uchun katta sportni tark etdi. Uning bu sa’y-harakati Oksanada o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirdi.

 

 

Sidneydagi Olimpiada o‘yinlari tugagach, yigirma besh yoshli Oksana katta sportni tark etishi mumkin edi. Ammo qo‘lidagi go‘dagining saratonning og‘ir ko‘rinishi – oqqonga chalingani sportchining yashirin matonatini ochib yubordi. O‘g‘li Alisherni davolatish uchun nemis diyoriga kelgan Oksana Germaniyadagi musobaqalarda qatnashib, yutuq pullarini o‘g‘lining muolajasiga to‘lay boshladi...

 

Har ishning ortida xayr bor deganlaridek, xudo Oksanaga ham o‘g‘lini qaytarib berdi, ham bugungi kungacha uning nafis sport osmonida tanho yulduz bo‘lib turishiga zamin yaratdi. Vaholanki, o‘sha vaqtda – Oksana sportni tark etish haqida o‘ylab turgan pallalarda 2000 yilning kuzi edi. Oradan o‘tgan yigirma yildan ortiq faoliyati davomida Chusovitina o‘zbek sporti uchun olamshumul natijalarni qo‘lga kiritdi.

 

Oksananing o‘zi, oilaviy muhit haqidagi suhbatidan olingan quyidagi parcha ham sportning oddiy jismoniy yetuklik manbai emas, balki insonning ichki kuchlarining yuzaga chiqishi, ma’naviy qudratining timsoli ekaniga guvohlik beradi:

 

“Men baxtli insonman deb bemalol ayta olaman, negaki hech qachon men boshqa ish bilan shug‘ullanishim yoki boshqa yo‘lni tanlashim kerak degan xayolga kelmaganman. Bolaligimda politsiyachi bo‘lishni xohlaganman, biroq bu uchun insonning “alohida” hayoti bo‘lishi kerakligini tushungach, gimnastikachi bo‘lishga qaror qildim.

 

Maktab davrida jismoniy tarbiya darsini unchalik ham xushlamasdim. Sevimli darslarim esa matematika va adabiyot bo‘lgan.

 

Otam doimo “yaxshi ta’lim olmasang, sportda ham yutuqlarga erisholmaysan” der edi. Chunki miya ishlab, aqlni charxlab turmasangiz, sportda ham natijalar bo‘lmaydi.

 

Oilamizda sportchilar yo‘q. Onam sportni tanlaganimda juda hayron bo‘lgan edi. Katta opam – haykaltarosh, o‘rtancha opam – tibbiyot sohasi vakili, akam – aloqa muhandisi.

 

Ota-onam menga hech qachon baqirishmagan, aksincha, biror ishni noto‘g‘ri bajarsam, yotig‘i bilan tushuntirishardi. Aslida men yoshlikdan juda faol va harakatchan bo‘lganman. Masalan, ko‘chaga chiqib kuchuklarni bir joyga to‘plardim va aravachaga o‘tkazib, uyga olib kelardim. Onam har doim sport bilan shug‘ullanishimga qarshi bo‘lgan. Hatto menga pianino olib berishgandi. Ma’lum vaqt raqs to‘garagiga olib borishga ham harakat qilishdi.

 

Menda sportga qobiliyat bo‘lgan deb aytolmayman. Men shunchaki tez yugurardim va yaxshi sakrardim. Sport mashqlarini maromiga yetkazib bajarish katta mashaqqat talab etardi. Otam biror ishni boshladingmi, oxiriga yetkaz deb ta’kidlardi.

 

Meni shunday tarbiya qilishgan: murabbiy biror mashqni 10 marta qilishni buyursa, 12 marta bajarardim, shpagatda 5 daqiqa o‘tirish kerak bo‘lsa, ko‘proq o‘tirardim. Mashg‘ulot zalida murabbiy doim haq va u eng asosiy odam hisoblanadi.

 

Agar murabbiy senga ahamiyat bersa – bu yaxshi, demak, u sendan harakat va muvaffaqiyat kutadi, bordi-yu, sen uning e’tiboridan chetda qolsang, ana shunisi yomon.

 

Murabbiy doimo sportchining imkoniyatlarini ko‘ra biladi va behuda tanbeh bermaydi. Ota-onalarga esa farzandi va murabbiyning o‘rtasidagi munosabatga aralashmaslikni maslahat beraman. Masalan, farzandingizni jarrohga olib borsangiz, uni qanday davolash kerakligi haqida aytmaysiz-ku? Har birimiz o‘z vazifamizni bajarishimiz lozim.

 

Agar hayotimni yana boshidan yashash imkoni berilganda, men yana xuddi shunday yashardim. Faqat o‘g‘lim kasal bo‘lmasligini va otam mening Olimpiadadagi yutuqlarimni ko‘rishini istardim.

 

Mening medallarim mehnat, qat’iyat va ba’zida to‘kilgan ko‘z yoshlardan yasalgan.

 

Men uchun eng esda qolarli Olimpiada Pekin-2008 bo‘lgan. Biroq men u o‘yinlarda kumush medal sovrindori bo‘lganim uchun emas, Pekindan qaytgach, o‘g‘lim bilan shifoxonada navbatdagi tekshiruvdan o‘tishimiz lozim edi. Xayriyatki, shifokor Alisherning sog‘lomligini va biz boshqa shifoxonada qolishimiz shart emasligini aytdi.

 

O‘g‘lim uch yasharligida leykemiya bilan kasallandi. Avval bu kasallik haqida eshitmagan ham edim, o‘g‘limning xastaligiga ishonolmadim. Biroq turmush o‘rtog‘im bilan tezda o‘zimizni qo‘lga olib, qayerda va qanday davolash, kasallik bilan kurashish haqida o‘ylay boshladik. Barcha yaqinlarimiz bizga yordam qo‘lini cho‘zdi.

 

Kasallik statistikasini ko‘rdim, biroq ichimda barchasi o‘tib ketishi va farzandim tuzalishiga ishonardim, doimo o‘g‘lim bilan hammasi yaxshi bo‘lishini bilardim.

 

Kasallik bilan to‘qnashgan insonlarga esa internetdagi turli manbalarga ishonmaslikni va o‘zboshimchalik bilan davolanmaslikni maslahat beraman. Albatta shifokorlarga murojaat qilish kerak. O‘g‘lim xastaligida kasallik haqida hech qanday ma’lumot o‘qimasdim, bunday narsalar insonni xavotirga soladi. Shifokorlar o‘z vazifalarini bajarishiga xalaqit bermaslik kerak deb o‘ylayman.

 

Hech qachon ortga qaramayman. Nima bo‘lsa ham bari ortda qoladi. Menga oldinga qarab yashash, intilish yoqadi.

 

Qo‘lga kiritgan medalim bilan g‘ururlanaman, chunki unga o‘zim yetishdim, uni menga hech kim sovg‘a qilmagan va sotib olib bermagan.

 

Menimcha, sportdagi eng katta yutug‘imga hali erishmadim. Men bu yutuq sari odimlayapman. Bu mening orzum va maqsadim. Ayol sifatida men judayam baxtiyorman, negaki meni qo‘llab-quvvatlaydigan oilam bor.

 

Men sportchilik faoliyatimni davom ettirishim uchun erim sportni tark etdi. Men undan butun umr minnatdorman, bilmadim, men ham shunday yo‘l tuta olarmidim? Bu qarori bilan turmush o‘rtog‘im menga butun umrga tatigulik quvonch hadya etdi.

 

Muvaffaqiyatlarim kaliti – meni qo‘llaydigan oilam borligida. Sevimli umr yo‘ldoshim va farzandim. Har bir musobaqamdan so‘ng o‘g‘lim menga qo‘ng‘iroq qilib Oyijon, yaxshimisiz, hech qayeringiz lat yemadimi?” deb so‘raydi.

 

O‘g‘lim mustaqil yigit. Ota-ona sifatida biz maslahat berishimiz mumkin, biroq tanlash huquqi farzandimda, uning o‘zi qaror qilishi kerak.

 

Men hech qachon Olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lishni orzu qilmaganman. Hatto yoshligimda televizor orqali gimnastikachilarning chiqishlarini tomosha qilgan paytlarimda ham. Mashg‘ulotlarni boshlagan paytim mashhur gimnastikachilar haqida hech qanday ma’lumotga ega emas edim. Lekin terma jamoa tarkibiga kirgach, barchasini bilib oldim.

 

Faqatgina yakshanba kuni dam olaman, agar tug‘ilgan kunim yakshanbaga to‘g‘ri kelmasa – demak men zalga, mashg‘ulot o‘tkazish uchun boraman.

 

Tan olaman – yugurishni unchalik yoqtirmayman. Undan ko‘ra sakrash ko‘proq yoqadi.

 

Barcha narsani iste’mol qilishim mumkin, lekin me’yorida. Har kuni bir bo‘lakdan shirinlik yeyman.

 

Karantin davrida muzqaymoqdan turli xil kokteyllar tayyorlashni o‘rgandim, hatto kafe ochsam ham bo‘lsa kerak (kuladi).

 

Kelajakda bolalarga murabbiylik qilishni, ularning yuragida sportga mehr uyg‘otishni xohlayman. Nafaqat gimnastikaga, balki umuman sportga.

 

 

Buyuk sportchi Muhammad Ali islom dinini qabul qilganidan so‘ng unga shunday savol berishadi:

– Siz musulmon bo‘ldingiz. Endi boksga munosabatingiz o‘zgardimi, maydonda birovning yuziga musht tushirishni yana istaysizmi?

 

Muhammad Alining javobi esa juda ibratlidir:

– Men ringda hech kimni urmayman. O‘z nafsimni, kibrimni kaltaklayman!

 

Oksana Chusovitina degan nomni dunyoga tanitib, munosib himoya qilolgan, vatanimiz sharafini ko‘p marta yuksaltirgan sportchining tabiatidagi eng katta fazilat uning kamtarin insonligidir. Bu xususiyat nafaqat sportchi uchun, balki barcha uchun namunadir.

 

Parvoz qilish darajasiga yetgan buyuk zotlar ham eng avval o‘zlarini tuproqdek xokisor tutgani uchun ularga parvoz imkoni berilgan.

 

Qolaversa, parvoz qilish uchun albatta osmonga qush kabi uchish shart emas. Yerda yurib ham uchsa bo‘ladi, xuddi Oksana Chusovitina kabi.

 

Shodmonqul SALOM

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2013-yil 3-son.

“Inson uchishi kerak yoxud Oksana afsonasi” maqolasi

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

2 Izohlar

Xushnud

09:12 / 24.12.2023

Shunchaki 2 qaxramongayam ofarin

Nargis

12:12 / 22.12.2023

Haqiqatdan ham afsona.Ulkan iroda egasi.Ota-onalari ham yaxshi tarbiya berishgan ekan.Farzandini to'g'ri yo'naltirishgan.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19298
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16367
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi