Sansaraga ishonuvchi, hayvonlarni e'zozlovchi hindlar, oʻlik va yashil shahardagi hayrat – boylik va faqirlik qorishuvidagi Hindistonga boshqacha nazar


Saqlash
13:12 / 13.12.2023 635 0

Birinchi kun

 

Saharmardonlab hind diyoriga qoʻngan samolyot oynasidan oʻzim ham chiqib ketgudek tikilaman. Goʻyo shugina ilk tasavvur hoʻv bolaligimdan koʻrib katta boʻlgan Hindiston bilan mosmi yoʻq ekaniga javob beradigandek. Aksiga olib shoshilgan qizga ilk tasavvur degani shunaqa boʻladi degandek chor-atrofga quyilgan quyuq tuman, samolyotgacha sizib kirgan notanish badboʻy hid umidlarimni puchga chiqardi. Bejirim, shohona sarilarda, boʻynida xaara, qoʻli toʻla churi-yu mexendilar ila oʻsha mahliyo boʻlganimiz jozibali aktrisalar kutib olmadi yo tabla (nogʻora)larni chalib, hind yigitlari peshvoz chiqmadi. Aeroport binosidagi devorlarga qotirilgan xasta-mudra (qoʻl orqali imo-ishora qilish, ishoralar tili)largina Dehlida ekanimni esga soldi.

 

Haqiqiy Hindiston kino va aeroportdan tashqarida boshlanar ekan. Hindiston yoʻllarida belgi-yu svetofordan boʻlak hamma narsa bor: rikshalar quloqni qomatga keltirib signal chalishdan musobaqaga chiqqan, qayoqqadir shoshayotgan olomon duch kelgan joydan yoʻlni kesib oʻtyapti, sigirlar erta tongdan sayrga otlangan, yoʻl chetini boshpana tutgan uysizlar mashina-yu rikshalar shovqinidan bezib, uvadasi chiqib ketgan koʻrpa tagidan koʻzini ishqab moʻralab turibdi, yana kimdir olgʻirrogʻi boshqasini chuv tushirish payida... xullas, erta tongdan hayot qaynagan. Namaste, Hindiston!

 

 

Halovatni Sendan topdim

 

Biz tunab qoladigan mehmonxona Dehlining yangi shaharida joylashgan ekan: ikki tomoni osmonoʻpar binolar, Nokia, Microsoft, Mitsubishi Electric, Toshiba kabi dunyoning eng yirik kompaniyalari ofislari qoʻnim topgan Cyber City, elchixona va amaldorlarning villalari... Sersoya daraxtlar shaharga yanada chiroy, koʻrgan koʻzga quvonch beryapti. Ular bizdek daraxt tanasini ohakka emas, qizil rangli boʻyoq bilan boʻyab qoʻyishgan, suv purkab sugʻorish tizimi yoʻlga qoʻyilmaganmi yoʻlaklar quruq, suv isrofiga guvoh boʻlmadik. Yamuna daryosi boʻyida bino boʻlgan Dehli yashil shaharligi bilan miyamdagi ayrim stereotiplarni parchalab yubordi.

 

Sayohatimiz Hindiston darvozasidan boshlandi. U ingliz-afgʻon urushi va Birinchi jahon urushida halok boʻlgan hind askarlari va godilarga atab qurilgan ramziy yodgorlik. Xorijlik sayyohlardan koʻra mahalliy aholining oʻz tarixi, meʼmoriy obidalariga hurmati baland ekanki, qayoqqa bormaylik, qayoqqa qaramaylik mamlakatning boshqa burchagidan kelgan hindistonliklar. Odamlari samimiy, muloqotga ochiq, chet ellikni koʻrdi deguncha tanishib, oʻsha lahzani suratga muhrlashga oshiqishadi. Savdogaridan tortib tilanchilik qilib yurganigacha yuzida tabassum, xotirjam, koʻnglida halovatni topgan donishmandga oʻxshaydi, oʻtib turgan kuniga shukri bor. Baʼzan koʻchalarda axlatga qorishib, badaniga yillar boʻyi suv tegmagan odamlarini koʻrib, allanechuk koʻnglingiz ozib ketsa-da, shu holdan ham Allohning buyuk hikmatini anglaysiz: odam ham boshqa maxluqot qatoridagi bir maxluq ekaniga, siz dunyoning markazida-yu, u sizning atrofingizdagina aylanmayotganiga amin boʻlasiz. Poklik, farosat odamning fitratida chindan bormi yoʻq degan shubhaga ham borib qolasiz: uni-da sugʻorib, parvarishlash lozim ekan. Yoʻqsa fitrati toza goʻdakni ham muhit oʻz botqogʻiga botirib yuborishi hech gap emas ekan. Aholisining sakson foizi dangasalikni odatga, hatto xarakterga aylantirib olgandek tuyuldi. Faqirligini oʻzining shu feʼlidan deb bildim. Bizga yoʻlboshchilik qilgan Sanjitning aytishicha, xalqning besavod va bechoraligidan hukumat, amaldorlar ayniqsa manfaatdor, qoʻl uzatsa shundoq arzon ishchi kuchi, qolaversa, aqllilarning koʻpligi ortiqcha boshogʻriq, ortiqcha gʻalva... Olomon xalq boʻlmasin, kuchga aylanmasin ekan. Xullas, xoʻrozning qichqirigʻi Hindistonda ham oʻsha-oʻsha, eshitib ham koʻrdik, Xudoning qudrati bilan bir xil-a!

 

 

Bu xalq qanchalar shoʻrpeshona, faqir boʻlmasin, menda dunyodagi eng boy odamlar shular ekan, degan taassurot qoldirdi: qalbida oromi, roziligi, halovati bor. Isyon nima, vasvasa nima, jahl-gʻazab nima bilishmaydi. Kulib turgan chehralarda saodat, buyuklik koʻrdim. Bu buyuklikning siri esa eʼtiqodga borib taqalyapti. Hinduiylik asosida sansara, yaʼni odam oʻlganidan keyin joni (ruhi) yangi shaklga koʻchib (oʻsimlik, hayvon yoki odam misolida), qayta tirilishi yotadi. Hindularning 95 foizi mana shu eʼtiqodda mustahkam, bu esa ularning hozir yashab turgan hayotiga va hayvonlarga munosabatida ham yaqqol koʻrinadi. Ular avvalgi yo keyingi hayotida hayvon yoki qush, oʻsimlik, daraxt va odam boʻlib tugʻilgani, tugʻilajagiga ishonadi. Qay shaklda boʻlmasin, yana qayta dunyoga kelishi ularning hozirgi hayotidan rozi boʻlishga umid beradi. Gidimiz Sanjivning izoh berishicha, koʻchalarda katta xolasining uyida yurgandek gerdayib yurganlar hoʻkiz boʻlib, omoch tortolmay egasiga keragi qolmagan jonivorlar to qarib-qartayib oʻz ajali bilan oʻlmagunicha hech kim tegmas, oʻlgach esa shahardan tashqariga olib chiqib tashlanar, u yerda keyin qush-itlarga yem boʻlar ekan. Bizning koʻzimizda xor boʻlib oʻlgan hoʻkizlardan chiqargan xulosam shu boʻldiki, odam emas, hayvonning erkagi ham ayolsiz shu koʻyga tushar ekan-da... Sigirlar esa qadimda onalar oʻlimi koʻp boʻlgani va ular suti bilan odamzodni ochlikdan qutqarib qolgani uchun muqaddas sanalar, hozir ham mahalliy aholining ehtiyoji koʻproq sigirlarga boʻlgani uchun ular hamon eʼzozda, uyda boqilarkan.

 

 

Taomlari taqdiri kabi achchiqmi koʻzlarimiznigina emas, ogʻizlarimizni ham achishtirib yubordi. Lekin ular koʻnikkan, taqdiriga koʻngan odam taomiga koʻnmaydimi: kulib-kulib tanovul qilyapti. Biz esa shaharni gir aylanib fast-fud qidirish bilan ovoramiz. Amerika deganlari Hindistonda bir jonimizga ora kirdi. Ogʻzingizni lovullatib yuborishini aytmasa, taomlar asosan baliq, tovuq, sabzavot va guruchdan. Oʻzimizning chavatiga oʻxshash chapati nonlari, bozor aylanib topganimiz laddu, gulab jamun, jalebilarning taʼmi esa ogʻzimizda qoldi. Hindiston oshxonasi rang-barangligi, ziravorlari, koʻrinishi-yu taʼmi bilan dunyoning biror boshqa oshxonasini takrorlamaydi, albatta tatib koʻrish kerak.

 

Sayohatimizning asosiy qismi esa tushlik vaqtiga toʻgʻri keldi. Jurnalistlar uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimi raisi Muhammadjon Obidovning tashabbusi bilan Hindiston Jurnalistlar klubi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik rishtalarini oʻrnatish maqsadida memorandum imzolandi. Uchrashuvga Hindistonning eng koʻzga koʻringan jurnalist va muharrirlari jam boʻldi. “Asia Times” gazetasi bosh muharriri Ashraf Ali Bastavi bilan muloqotimiz chogʻida Hindiston matbuotidagi hozirgi holat bilan qiziqdim. Uning aytishicha, 70 foiz gazeta-jurnallar, telekanal va internet nashrlari davlat tasarrufida, 30 foizigina xususiy ekan. Davriy matbuot oʻrnini internet nashrlariga boʻshatayotgani yoki ular internet shakliga oʻtayotganini aytarkan, mushtariylari asosan aholining katta yoshli qatlami ekanini taʼkidladi. Hindlarning qoshi-koʻzi, tabassumga moyilligi, ochiqchehra va mehmondoʻstligi oʻzbeklarga juda oʻxshab ketadi. Rasmiy uchrashuvdan soʻng, hindistonlik jurnalistlar milliy taomlari bilan siylashdi. Tovuqli karri va tvorogli muzqaymogʻi bizning taʼbga juda xush keldi. Ular bilan kelasi safar Oʻzbekistonda uchrashishga kelishib olib, keyingi manzilga yoʻl oldik. U manzil haqida, Hindiston safarida meni eng hayratga solgan 8-moʻjiza haqida alohida yozmasam boʻlmas...

 

Tasavvurga qoʻyilgan haykal

 

Qaniydi bu goʻzallikka, mukammal sanʼat asariga, inson isteʼdodi va tafakkuriga soʻz topolsam... Gohi odamning mayda tashvishlar bilan oʻralashib qolganida yoki Xudo bergan umrni, iqtidorni oʻtin yorishga sarflayotganida, bu kabi yaratiqlarga roʻbaroʻ kelishning hikmati bisyor. Anchadan beri topolmay yurgan Hayratni shu manzildan topdim. Muhtasham sukunat. Aqlbovar qilmas tasavvur. Besh yil davomida yetti mingdan ortiq quruvchilar yaratgan afsonaviy manzilga jami 500 million AQSH dollari sarflanibdi. 12 gektar maydonga qurilgan uzunligi 106, eni 94 va balandligi 42 metrdan iborat markaziy ibodatxona, uni uch tomondan oʻrab turgan koʻl, muzey, suv ombori va favvoralar tashrif buyurgan har kimni ertaklar olamiga olib kirgandek boʻladi. Ruhingizga yoqimli jimlik inadi. Ibodatxona zinalariga choʻk tushgancha, koʻzingizni yumib, oʻsha buyuk Jimlikka singib ketasiz va yana qayta shovqin-suronli hayotga qaytgingiz kelmay qoladi.

 

234 ta ustunga mohirona joylashtirilgan yigirma mingga yaqin kichik, bir-birini takrorlamas tosh haykallarga termilib toʻymaysiz. Ibodatxonaning oʻrtasida muhabbat va hurmat maʼnosida pushti toshlardan XVIII asrning eng buyuk islohotchisi Svaminarayan haykali qad rostlagan, ibodatxonaning ichki qismi esa poklik ramzi oq marmardan binoga kelgan. Shuningdek, asosiy maʼbuddan tashqari yana koʻplab maʼbudlar haykalini koʻrish mumkin. Bu holni yoʻlboshlovchi Sanjiv “Koʻrlar va fil” hikoyati bilan izohladi, yaʼni kimdir qulogʻini, kimdir dumini, yana birovi xartumini ushlab, mana shu fil degan xulosaga kelganidek, odamning ham Xudo haqidagi tasavvurini bir qolipga solib boʻlmaydi, hamma oʻzicha tamsil, oʻzicha tasavvur etadi. Hinduiylik – din emas, yashash tarzi, yashash falsafasi. U eʼtiqod qiluvchilarga chegarasiz erkinlik bergani bilan ajralib turadi. Bu tamoyil hindlarning qon-qoniga singib ketganidanmi qaror-u qonunlari ham erkinlikka qorishiq. Buni til masalasida, odamlarning turmush tarzi, tanlovi masalasida ham koʻrish mumkin. Biz maʼlum qoliplarga tushgan odamlarga bu baʼzi oʻrinlarda zararli ham tuyuldi. Erkinlik – masʼuliyat va javobgarlikni oʻz zimmasiga olish aslida. Bu xalqda esa erkinlik insoniylashishdan koʻra hayvoniy odatlarga qaytish shaklida oʻz aksini qoldirgan. Majburlov yoʻq va hech kim hech nimaga majbur emas, hatto oʻtirgan oʻrnini, yeb uloqtirgan idishini tozalab qoʻyishga-da. Chegara, majburlov yoʻqligidan xudolari ham, tillari ham koʻp, ixtiyor har kimning oʻzida.

 

 

Bir olam hayrat va oʻy ogʻushida mamlakatimizning Hind diyoridagi elchixonasiga qadam qoʻydik. Beqasam koʻrpachalar toʻshalgan soʻri, paxta gulli piyola va choynak, xum va koʻzalar, atlas va adras kiygan oʻzbekoyimlarning suratlari... oʻzga yurtda oʻz yurtimizni koʻrgandek toʻlqinlantirib yubordi. Usta odam har sohada usta deganlaridek, Muhammadjon Obidovning choʻngʻara guruchidan damlagan palovi musofir oʻzbek yurtdoshlarimiz-u hindlarning tilida doston boʻldi. Safarimizga bosh-qosh boʻlib, yelib-yugurgan elchining birinchi oʻrinbosari Sadriddin aka (Suyarov) va ularning oilasi bilan tanishuvimiz safar davomidagi eng unutilmas voqealardan biri boʻldi. Toʻrt oʻgʻilni Xitoy, BAA, Hindistonning nufuzli oliygohlarida oʻqitib, elga qoʻshgan Sohiba opa va Sadriddin akaga har birimizning havasimiz keldi. Elchixonadagi rasmiy qismda esa ikki tomon vakillari, elchi va talabalar, OAV xodimlari oʻzaro fikr almashdilar. Yigirma yildan yildan beri Jomiya Milliya Islamiya markaziy universitetida oʻzbek tili va adabiyotidan tahsil berib kelayotgan Shahid Taslim va uning nutqi xotirimda muhrlanib qoldi: “Siz va mening maqsadimiz, yoʻlimiz bir. Umrim oxirigacha asosiy maqsadim oʻzbek tilini koʻproq yoshlarga oʻrgatish, uning madaniyati va adabiyoti bilan hindlarni tanishtirish” dedi. Oʻzining yurtida oʻzga millat madaniyati, tili uchun xizmat qilayotgan va buni istayotgan odam hikoyasidan allanechuk hayron ham boʻldim. Shu topda negadir til, madaniyat va hokazo omillar insonlarni birlashtirmas, aksincha bir-biridan ajratish, baʼzan gʻururga ketish, baʼzan esa kamsitish vositasi oʻlaroq paydo boʻlgan ekanmi, degan xayolga bordim. Agar odamlar azal-abad bir tilda gaplashganida, bir-birini osonroq tushunar, umrini qaysidir tilni oʻrganishgagina sarflamagan boʻlarmi edi... Bu til, madaniyat masalasi ham “Koʻrlar va fil” hikoyatini yodga soladi. Yer yuzidagi jamiki odamning turli til, turli muhit va turli yoʻllardan yagona Birlikka kelishimikan... Balki hayot degani shunisi bilan ham qiziqdir...

 

 

Odatda bir xil kechuvchi kulrang kunlarga koʻnikkan odamga tigʻiz va rang-barang oʻtgan safarning ilk kuni fikrlash va his etish uchun koʻp sabablar berdi. Avtobus oynasiga urilayotgan yomgʻir tomchilari shuʼlalar ogʻushidagi kechki Hindistonni yana-da goʻzal koʻrsatar, ertalabki shovqin-suron, yoʻl chetidagi axlat-u odamlarning pala-partish hayotini yuvib, ertangi kunga poklayotgandek edi goʻyo... Koʻzga goʻzal koʻringani bilan asl manzaraga guvoh boʻlgan biz ich-ichimizda oʻzbekona hamdardlikni eltib borardik: bechora bevatanlar shu yomgʻirda qayerdan panoh topdiykin?..

 

Ikkinchi kun. Metro va elektr simlari

 

Ikkinchi kuni Boburiylar davrida sopol yo qizgʻish qumdan qurilgan Laʼl qalʼa, Juma masjid, Humoyun maqbarasi va Qutb minorga borish reja qilingandi. Ularning tarixi, arxitekturasi, qurilishi haqida toʻxtalmoqchi emasman. Biz bilmagan Hindistonning ayrim jihatlari bilan boʻlishganim qiziqroq, nazarimda. Birinchisi, chakalakzorni eslatuvchi, tepaga qarasangiz osmonni emas, bir-biriga buralib-eshilib ketgan simlarga koʻzingiz tushuvchi elektr tarmoqlari. Ular qayerdan boshlanib-qayerda tugashini, qaysi biri ishlaydi-yu qay biri yaroqsizligini, yomgʻirda xavfsizmi yoʻqligini bilolmaysiz. Bizning bir koʻrganda gʻashimizni keltirgan simlar oylarki, yillarki ularning halovatini buzmaganiga tasanno ham aytib ulgurdik. Ikkinchi jihat, qaysi ziyoratgoh, qaysi diqqatga sazovor joyga bormaylik, forma kiygan oʻquvchilar. Formasi ham har maktabniki alohida, yorqin ranglardan tikilgan, koʻrib koʻzing quvnaydi. Xorijlik sayyohlardan oʻquvchilarning soni koʻp. Mamlakati tarixi, madaniyatini xarita, darslik orqali – oyning togʻoradagi aksini emas, oʻzini koʻrsatib taʼlim berishi maʼqul keldi.

 

 

Qosh qorayib, soʻnggi manzil – Qutb minorga yetganda, hamrohlarimiz u yerning ziyoratiga, Farmon Toshev bilan ikkimiz mahalliy aholining turish-turmushini koʻrish istagida tor koʻchalar oralab yoʻl oldik. Bir yonda qaddi bukik chol choʻyan dazmolda bir uyum kiyimlarni dazmollayapti, bir yonda ota bilan qiz har turli meva sotgan, bir tomonda goʻsht doʻkoni, bir tomon axlat uyumi... Bir Hindistonga kelibmiz, koʻzimizga qiziq koʻringan mevalarni tatib koʻrmasak boʻlmas, deya ustoz bilan sinashga tushdik. Kartoshkaga oʻxshash chikku degani yumshoq, qoshiq bilan yesa boʻladigan, taʼmi yoqimli bir nimarsa ekan. Eng muhimi, semizlikdan qiynalayotganlarga ayni muddao emish. Guava, hind olmasini esa unchalik xushlamadik, taʼmi yoʻq kesakka oʻxshaydi. Shakarli olma yo sharifa deb ataladigan meva kattaroq shotutni eslatadi, faqat poʻstlogʻi bor, suvli, xushtaʼm. Xullas, papayya, tagdola, chambukka, kokos... hammasidan bir-bir tatib koʻrdig-u, oxiri ananas va banan bilan qaytdik.

 

 

Kechki tamaddini metro ichidagi KFCda qiladigan boʻldik va shundagina aholining savodli qatlamiga roʻpara keldik. Talabalar, davlat ishchilari, firma-kompaniyada ishlovchi xodimlar... uyiga qaytayotgan edi. Dehli metropoliteni shahar ichidagi rivojlangan shaharga oʻxshaydi, uzunligi salkam 349 kilometr. Tezyurar poyezdlar har kuni 9 ta yoʻnalishda 255 ta bekatga uch million odamni eltib-qaytadi. Biz ham avtobusda mehmonxona tomon qaytarkanmiz, bir kunlik emas, bir umrlik taassurotlar ogʻushida edik...

 

Jaypur sari yoʻl

 

Soat sakkizda Dehlidan Jaypurga yoʻl oldik. Ikki shahar orasi 260 kilometr, avtobusda besh yarim soatlik yoʻl ekan. Yoʻlda nimalarni koʻrmadik: tomi bosib qolay deyayotgan xarobalar, yangi qurilayotgan osmonoʻpar binolar, koʻchada sayr qilib yurgan maymun, olmaxon, sigir va fillar, yugurib keluvchi tilanchi bolalar, yam-yashil dalalar, ekin maydonlari, daraxt boʻlib oʻsib yotgan pushti-alvon gullar, haydovchilar toʻxtab, uzoq yoʻldan biroz tin oluvchi kichik tamaddixonalar va sizga hamisha kulib boquvchi koʻzlar...

 

Jaypur Dehlidan arxitekturasi, shaharsozligi, odamlari, hatto doʻkonlari bilan ham farq qiladi. Savdo-sotiq, mato, hunarmandlik shahri. Atrofi togʻ, suv havzalari koʻp. Savdogarlari chuv tushirishga, tilanchi bolalar elanishga moyil. Xalqi Dehli, Agradan ancha qashshoq hayot kechiradi, shu sababmi ilon oʻynatuvchisidan tortib tillafurushigacha pul dardida.

 

 

Jaypurdagi bir-biriga zid hislarni boshqa shaharlardan topmadim. Koʻchada, yerdan otilib chiqayotgan suvda choʻmilayotgan qizlar va togʻ tepasiga qurilgan hashamatli amir saroyi, ikki oyogʻi yoʻq qariyaning yerda sudralib tilanib yurishi-yu XVIII asrda quyoshga, yulduzga tikilib, fasl, taqvim, vaqtni aniqlagan hind olimlari makoni Jantar Mantar rasadxonasi, ming rupiyga chuv tushirgan olgʻirlar-u sovgʻa berib ketgan hind qizlari, ertaklar olamiga, uzoq moziyga eltgan fillar va kelajakka qaytargan data science oʻquvchilari... Ikki kun shuncha kechinmani tuyish, yashab oʻtish va hazm qilish uchun kamlik qilgandek, Jaypurdan Agraga yeta-yetguncha ham hind musiqalari sadosi ostida oʻsha hislarda yashadim. Agra bilan Jaypur orasi ham avvalgicha ekan: 5-6 soatda yetib bordik.

 

Agra. Oʻlik shahar

 

Oʻlik shahar. Nomini eshitganimdan allazamonlar tasavvurim puchmoqlariga berkitib qoʻygan, ahyon-ahyonda bir qarab qoʻyadigan qadim hislarimni jonlantirib, oʻzi tomon oshiqtira boshladi. Oʻlik shahar qanday boʻladi? Rutubatli, kulrang, osmonga boʻylashgan binolar boʻm-boʻsh, koʻchalarda shamol izillaydi, odam deganining qadam izini qor-yomgʻir yuvib yuborganiga ham allazamonlar boʻlgan, qoʻrqinchli sukunatdan qulogʻing tom bitay deydi, ortingdan taʼqib qilayotgan sharpa ichingga kirib oladigandek unsiz qaltiraysan, bu badbaxt makonga qadam qoʻymasingdan qochging keladi... Turqi sovuq Londonni eslatib yuboradi. Qadam qoʻyganimiz Agra yaqinidagi Fatehpur-Sikri esa tasavvurlarimni chok-chokidan soʻkib yubordi: har taraf binolar iliq – pushtirang, darvozadan kiraverishda ikki tomonga yam-yashil maysa yastangan, binolardan baland daraxtlar, shahar shovqinidan orom toptirib yoqimli sukunat ichingizga inadi, sakinatni tuyasiz. Asli har borgan manzilimiz atayin tanlangandek: sershovqin, qaynagan hayotdan olis tarixga, jimjitlikka eltish vazifasi yuklangan-u, bizni hayratda qoldirishning yoʻlini topib olgandek bular. Oʻlik shaharga kirsangiz, chiqqingiz kelmas darajada sokin. Ayni ijodkorga bop joy. Gala-gala sayyohlarning kelgani ham u jimjitlikni yorib kirolmayapti: hayrat va soʻz tosh devorlarga urilib sinib tushyapti. Akbarshoh ustozi Shayx Salim Chishti maqbarasi atrofida tiklagan shaharda nimalar yoʻq deysiz: 11 kilometr uzunlikdagi darvoza yoʻli, saroylar, bogʻlar, hammom, masjid va maqbaralar, shohona tanobiy, gʻaznaxona, haram, devonlar... Bu sukunatni faqat masjid roʻparasida chordona qurib, qavvali aytayotgan soʻfiy-hofizlargina buzayotgandek... Pokistonlik qavvali hofiz Nusrat Fotih Ali Xon ijodi bilan oʻn yillar avval tanishib, oʻsha-oʻsha bu musiqaning shaydosiga aylangandim va bilmasdimki, bir kuni Bobur yurtida uni hofizning yonginasida jonli eshitaman deb: Allohu Allohu Allohu Alloh!

 

 

Oʻlik shahar fayz va nur ingan makon ekan. Uning gʻamnok London bilan oʻxshash jihati maydonining tengligi ekan, xolos. Fatehpur-Sikri muomaladan chiqqani, sayyohlar tashrif buyuradigan maskanga aylanganiga ishora qilinmasa, uning sira Oʻlik shahar deyilishidan maʼni topmadim. U yerdan “tirik shahar” – Agraga yoʻl oldik. Har kim oʻz xonadoshi bilan kechki sayrga chiqdi, biz tunagan mehmonxona Toj mahaldan bir kilometr uzoqlikda ekan. Xonadoshim fargʻonalik jurnalist Hadicha opa Karimova bilan hammadan burun yettinchi moʻjizani koʻrib olaylikmi ham dedig-u, pala-partish yoʻllar, mashinalar, ustingga bostirib kelayotgan rikshalar bu fikrimizdan qaytardi. Jaypurdan farqi tamaddi uchun tanlov koʻp, oʻzimiz taʼmini totib, bilib yurgan yemakxonalarga toʻla ekan.

 

Manzilimizning soʻngiga asrab qoʻyilgan Toj mahalning tarixi, oʻzidan koʻra koʻproq oʻyga toldirdi. Oʻn toʻrtinchi farzandini dunyoga keltirayotib vafot etgan ayolga qoʻyilgan yodgorlik, muhabbat ramzi. Qanday muhabbat boʻlishi kerakki, harami toʻla nozaninlar boʻla turib, bir ayolni boshqasi bilan tenglashtirolmasa! Qanday muhabbat boʻlishi kerakki, Laʼl qalʼa, oʻz qasridan har kuni Toj mahalni – Uni koʻrib turishi lozim boʻlsa! Qanday muhabbat boʻlishi kerakki, davlatning bor bisotini marhum ayolining vasiyati uchun sarflasa, shu harakati evaziga oʻgʻli Avrangzeb tomonidan zindonga mahkum etilsa! Paradoksni qarangki, bir paytlar xalqning puliga qurilgan muhtasham binolar mana necha asrki Hindiston xalqini boqib kelyapti.

 

 

Toj mahal, Laʼl qalʼani koʻrgach, yana mehmonxonaga qaytdik. Hadicha opa bilan mehmonxona yonidagi toʻyxonaga kirib, hindcha toʻyga ham guvoh boʻldik. Filmlardagi Hindistonni, kibor xonimlar va hindcha kuy-raqslarni koʻrish uchun shunaqangi ziyofatlarga kirish lozim ekan. U mamlakatga borguncha biz hindcha toʻyni Hindiston deb yurgan ekanmiz...

 

 Oyning togʻoradagi aksi

 

Safarimiz qarib, ertasiga erta tongdan Dehliga yoʻlga tushdik. Avvaliga oʻzbeklar pakka qilib olgan bozorga, soʻng yangi qurilgan Mallga bordik. Eng qimmat deb bilganimiz gipermarketda ham bizdagidan ikki-uch baravar arzon: kitob, atir-upa, chinni va shisha buyumlar, xona bezaklari... har turidan bor. Xullas, borgan mamlakatimizning mozori-yu bozorini ziyorat qilib, Oyning oʻzini koʻrib qaytdik. Shu paytgacha togʻoradagi oyning aksiga mahliyo boʻlib yurgan edik.

 

 

Sayohat – haqqul yaqiyndir. Biz asosan ilmni kitob yoki boshqa manbalar orqali olib oʻrganganmiz, hanuz ilmning eng past darajasi – ilmul yaqiynda yuribmiz. Aynul yaqiyn, jilla qursa, his qilib, yashab koʻrmasak-da, koʻzimiz bilan koʻrishgacha yetolmayapmiz. Hindiston taʼlimi shu jihati – Oyning togʻoradagi aksini emas, oʻzini koʻrsatishi bilan eʼtiborimni tortdi. Yozganlarim ham Hindistonning mingdan bir aksi. Hamma akslarini koʻrmoqchi boʻlsangiz, albatta Hindistonga boring.

 

Sevara ALIJONOVA

Toshkent-Dehli-Jaypur-Agra-Toshkent

Suratlarni Hotam Mamadaliyev olgan

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19459
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16846
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi