Ayolning chegarasini kim yoki nima belgilaydi?


Saqlash
18:12 / 12.12.2023 569 0

8-dekabr, juma kuni Oyina.uz portalining X (Twitter) sahifasida “Bugungi oʻzbek jamiyatida ayolning chegarasini kim yoki nima belgilaydi?” mavzusida chat tashkil etildi. Huquqshunoslar Komila Abdullayeva, Murod Najmiddinov, biolog Baxtiyor Sheraliyevlar ekspert sifatida taklif etilgan chatga jurnalist Inobat Ahatova moderatorlik qildi.

 

Chatda bildirilgan ayrim fikrlardan keltirib oʻtamiz.

 

Komila Abdullayeva: Oʻzbek jamiyatida chegara tushunchasi koʻpchilik uchun notanish. Bolaligimizdanoq chegaralarimiz uqtirilmaydi, koʻpchiligimizning boshqalar eshik taqillatib kiradigan shaxsiy xonamiz ham boʻlmagan. Ayrim ibtidoiy, keraksiz odatlardan haligacha voz kechilmagan. Masalan bir maqolimiz bor: Bir bolaga yetti mahalla ota-ona. Men uning mohiyatini tushunmayman. Balki, u oʻz vaqtida ijobiy ma’noda ishlatilgandir. Ibtidoiy, urush davrlarida xavfsizlik maʻnosida qoʻllangandir.

 

Chegaralarimiz shu qadar noaniqki, unga davlat ham jamiyat ham aralashaveradi. Ajrim, oilaviy masalalarda bu yaqqol koʻrinadi.  

 

Insonning jismoniy chegarasi koʻpgina rivojlangan davlatlarda oʻrgatiladi, tushuntiriladi. Bizda bir necha yil avval Senat Raisi tomonidan jinsiy tarbiya darslarini oʻqitish xususida gapirilganda omma tomonidan tanqid qilindi. Aslida juda yaxshi gʻoyani aytgan edilar. Chegaralar tushuntirilib, oʻrgatilsa yashirin jinoyatlar kamayadi, yosh bolalarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish, pedofiliyalar vaqtida aytiladi, jazolanadi. Shu bois shaxsiy chegara masalasi dolzarb va uni tushuntirish uchun yechimni ta’limda koʻraman.

 

Murod Najmiddinov: Men qonunchilikdagi ijobiy diskriminatsiya haqida gapirib oʻtmoqchiman. Oxirgi vaqtlar koʻcha-koʻyda yurganimda bir gap qulog’imga tez-tez chalinyapti: Qonunlarda ayollarimizga koʻp imtiyoz va yengilliklar berib yubordik. Aslida ham shunaqami? Men buni imtiyoz yo yengillik emas mavjud huquqlarni tenglashtirish degan boʻlar edim. Bu narsalar ayollarga erkaklarga qaraganda ustunlik bermaydi, balki ulardagi mavjud huquqlarni himoya qiladi. Mehnat huquqlari, ajrimlar masalalari bunga yaqqol misoldir.

 

Qachon imtiyoz beriladi? Biror sohada muammo boʻlsa. Yaqindan boshlab xotin-qizlarga magistraturada oʻqish xarajatlari davlat tomonidan qoplab berilyapti. Bu tartibga koʻpchilik e’tiroz bildirdi. Menimcha, hammamizning qiz bola boʻlgani sabab kontraktda oʻqiy olmagan tanishlari boʻlsa kerak.

 

Menimcha, ayol va erkak huquqi chegarasini belgilashni ommaga berib boʻlmaydi. Buni oxirgi keys, kafega kechqurun ayollarni kiritmaslik masalasida ham koʻrdik. Aksariyat fuqarolar hatto ayollar ham bu mahalda uyda oʻtirish kerak degan mazmunda fikrlar bildirdi. Asosiy chegara konstitutsiya boʻlib qolishi kerak. Ya’ni xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidir!

 

Baxtiyor Sheraliyev: Ayolning chegarasini kim yoki nima belgilaydi degan savolni kun tartibiga chiqishiga jurnalistimiz Inobat Ahatova bilan bog’liq keys ham sabab boʻldi. Biz bir narsani “Sharq nozik masala”, degan yondashuvni hisobga olishimiz kerak. Gʻarbdagi har qanday narsani bizga toʻgʻridan toʻgʻri singdirish, tatbiq qilish har doim ham ijobiy natija bermaydi. Yana bir jihat bizda azaldan jamoaviylik juda kuchli.  

 

Mentalitet oʻzgaruvchan narsa, ayrim stireotiplarni vaqt oʻtishi bilan qayta koʻrib chiqish yomon degan xulosani boʻlmasligi kerak. Jamiyatimizda nafaqat ayollarni, balki erkaklarning ham chegarasi buzilishi, birovlar tomonidan belgilanishi kuzatiladi. Ayniqsa, bolalar huquqi amalda ishlamaydi, koʻp buziladi.

 

Qonuniy jihatdan olganda ayollar huquqi himoyalangan, aniq koʻrsatib oʻtilgan. Lekin ular amalda ishlayaptimi degan savol tanganing ikkinchi tomoni hisoblanadi.

 

Chatda siyosiy tahlilchi Doniyor Roʻzmetov, gender masalalar boʻyicha mutaxassis Kamola Aliyevalar ham faol ishtirok etdi.

 

Chatda “Ayollar uchun berilgan imtiyozlar zarurmi?”, “Ijobiy diskriminatsiya nima?”, “Qonundagi norma hamda ijtimoiy normalar chegarasi qayerda?” kabi savollar va gender masalalar qizgʻin muhokama qilindi. Tarmoq faollari, foydalanuvchilar ham oʻz fikrlari, savollari bilan ishtirok etdi. Chatning toʻliq variantini Oyina.uz portalining X (Twitter) va Youtube sahifasida tinglashingiz mumkin.

 

Oyina.uz’ni Telegramda oʻqing!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19460
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16847
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi