Qudratli, boshiga qush pati taqib yuruvchi, temir irodali – xitoy manbalarida turkiylarga yana qanday ta’rif berilgan?


Saqlash
17:12 / 06.12.2023 682 0

Ma’lumki, ayni zamondagi turkiy xalqlar, jumladan o‘zbeklar tarixi juda qadim zamonlarga borib taqaladi. Buni nafaqat Markaziy Osiyo tarixchilari, balki jahon olimlari o‘z asarlarida ta’kidlab o‘tishgan. Biroq ushbu asarlarda munozirlik va xato fikrlar ham uchrab turadi. Shunday masalalardan biri “turklar VI asrda Oltoyda paydo bo‘lgan degan qarashdir. Ushbu qarash nafaqat ijtimoiy  fanlarning turli sohalariga, balki qator davlatlarning siyosatiga, ijtimoiy tafakkurga ta’sir ko‘rsatgan. Mantiqan yondoshilganda ham bu qarash shubha uyg‘otadi.

 

Qisqacha qilib aytganda ushbu qarashning kelib chiqishi xitoy manbalaridagi ma’lumotlar yetarli darajada o‘rganilmaganligiga borib taqaladi. Lekin ulardagi eng qadimi turklar tarixiga oid ma’lumotlarni asliyat asosida o‘rganish va xitoy iyerogliflarining qadimgi o‘qilishi  va ma’nolariga e’tibor berish asosida mazkur qarashning noto‘g‘ri ekanligini anglab olish mumkin. Misol sifatida quyidagi ma’lumotlarni keltiraman.

 

Chin manbalari va tarixiy adabiyotlarida ko‘rsatilishicha, xitoy  (xan) xalqining 5 ming yillik yozma tarixi mavjud. Ularning Shya () deb nomlangan ilk davlati miloddan avvalgi XXI–XVI asrlarda mavjud bo‘lgan. Shu davrda shyaliklar turklar bilan munosabatda bo‘lishgan.

 

Shunda, xitoylar turklarning etnik nomini qudrat, kuch ma’nosini anglatuvchi va shu zamonda “tiek” (tiek ) deb o‘qilgan iyeroglif bilan transkripsiya qilishgan. Ma’lumki, turk etnonimi ham kuch, qudrat ma’nosini anglatgan.

 

Ushbu iyeroglif yirik hayvon belgisiga olovning belgisini qo‘shish asosida shakllantirilgan. Ayni zamon xitoy tilida ushbu iyeroglif “di” o‘qiladi. Demak, bu iyeroglifning zamonaviy o‘qilishi turk so‘ziga o‘xshamaydi, aksincha uning qadimgi talaffuzi ushbu so‘zning xitoycha transkripsiyasi ekanligi yaqqol ko‘rinadi.

 

Miloddan avvalgi ikkinchi ming yillikning ikkinchi yarmida turk atamasining ikkinchi xitoycha transkripsiyasi paydo bo‘ldi. Bunga ishlatilgan iyeroglif o‘z davrida “tiauk” (tiauk ) deb o‘qilgan va boshiga qush pati taqib yuruvchilar ma’nosini anglatgan. Hozir bu iyeroglif ham “di” o‘qiladi. Xitoy manbalarining tarjimalarida har ikkala iyerogliflar zamonaviy talaffuzda qo‘llanilgan va ularni turk etnonimining xitoy transkripsiyasi ekanligini anglab olish qiyin kechgan.

 

Miloddan avvalgi birinchi ming yillikda xitoy tarixchilari turk etnonimini tiekliek (tiek-liek / zamonaviy o‘qilishi dili 狄歷), tieklek (t‘iək-lək / zamon. o‘q. chile 敕勒) deb transkripsiya qilishgan.

 

Milodning birinchi 500 yili davomida xitoylar turklarni tietlek (zamonaviy o‘qilishi tele, tele 鐵勒) deb transkripsiya qilishgan.

 

Ushbu 3 ta xitoycha atamalarning qadimgi o‘qilishi turklik, ya’ni turklar so‘zining xitoycha transkripsiyasi ekanligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Bu uchta atamani yozish uchun ishlatilgan iyerogliflarning lug‘aviy ma’nosiga e’tibor berilsa, ular qudratli, kuchli, temir kabi qattiq irodali ma’nolarini anglatganligining guvohi bo‘lamiz.

 

Turk xoqonligi tashkil topgandan keyin shu davrdagi xitoy tarixchilari tuetkiuat / t‘uet-kiuat  (zamonaviy o‘qilishi tujyue突厥) atamasini turk etnonimining yangi transkripsyasi sifatida ishlatishdi. Lekin ular buning sababi haqida kerakli izoh yozib ketishmagan. Ushbu holat xitoy manbalari asosida tadqiqot olib boruvchilar, jumladan, xitoy tarixchilari orasida turli qarashlarni yuzaga keltirdi. Ayrim tarixchilar, ayniqsa rus tilli tarixchilar orasida turklar VI asrda Oltoyda paydo bo‘lgan degan xato xulosaning kelib chiqishiga sabab bo‘ldi.

 

Haqiqatdan, zamonaviy xitoychada tujyue (突厥) deb o‘qilgan etnonim VI asrning o‘rtalarida xitoy manbalarida paydo bo‘lgan. Uni N.Y.Bichurin (Iakinf) “tugyu” deb transkripsiya qilgan. Bu olimning tarjimasi orqali tarixiy adabiyotlarga kirib qolgan.

 

Turk xoqonligi tashkil topishidan ilgari xitoylar ushbu atamani qabila nomi bo‘lmish turkqut  atamasining transkripsiyasi sifatida ishlatishgan. Bu maqsadda tanlab olingan ikki iyeroglif shu davrda tuetkiuat / t‘uet-kiuat deb talaffuz etilgan bo‘lib, u g‘ordan chiqqan odamlar ma’nosini anglatgan. Turkqut atamasini yozish uchun aynan shu ikki iyeroglifning ishlatilishi tasodifan bo‘lmagan.

 

Ushbu qabilani tashkil etganlar turkqutlar Oltoyga ko‘chib borgunicha, bir asrga yaqin vaqt davomida, hozirgi Urumchi shahrining shimoli-g‘arbida joylashgan Jimusa shahri yonidagi tog‘ orasida yashagan. Bu joyga g‘orga o‘xshagan tor tog‘ oralig‘i orqali kirib chiqish mumkin bo‘lgan.

 

Xitoy manbalarining ko‘rsatishicha, turkqut qabilasi ajdodlari azalda Orol dengizining g‘arbiy tomonida yashagan. Keyin sharq tomonga ko‘chgan. Mongoliya hududiga (Yenisey daryosining yuqori oqimi atrofi) ko‘chib kelganida, Saka deb nomlangan xonlik (Suo-guo 索國) tashkil etilgan. Shunda turkqut qabilasi ajdodlariga  Abam-biy (Abangbu / Abangbu 阿謗歩) yetakchilik qilgan. Ushbu davlatning tashkil topgan sanasi noma’lum, lekin u miloddan avvalgi 176-yilda hunlar tomonidan yo‘q qilingan. Ushbu xonlik fuqarolari O‘rdo‘sga ko‘chgan.

 

Hun imperiyasi tugatilgandan keyin turkqut qabilasi ajdodlari O‘rdostdan g‘arb sari ko‘chishgan. 439–460-yillarda ular Xeshi yo‘lagi, Dunxuang (Dashtota) orqali Lobnor ko‘li yaqinidagi Pishamshon (xitoycha Shanshan) viloyatiga kelgan. U yerdan Qorashar va Turfon viloyatlari orqali hozirgi Urumchi shahri yaqinidagi tog‘ orasida joylashgan keng dalada bir asrga yaqin vaqt davomida yashab ko‘paygan. Ushbu joyga g‘orga o‘xshagan tog‘ toshlari orasidan kirib chiqilgan. Shundan keyin janubiy Oltoyga ko‘chgan.

 

VI asrning o‘rtalarida bu yerda qarindosh qabilalarni birlashtirib, Turk xoqonligining tashkil topishiga asos solgan kuch sifatida tarixiy sahnada paydo bo‘lgan va Xitoy bilan aloqa bog‘lagan. Shundan keyin  xitoylar tuetkiuat / tujyue atamasini avvaliga qabila, keyinroq Turk xoqonligi va ushbu yangi davlat  aholisining umumiy nomi sifatida ishlatishgan. Natijada qabila nomi bo‘lmish turkqut  atamasining xitoycha transkripsiyasi bo‘lmish tuetkiuat / tujyue turk etnonimining yangi transkripsiyasiga aylangan.

 

Xitoy manbalarida yana bir ma’lumot keltiriladiki, bundan 4 ming yil ilgari xitoylar ajdodlari turklarga duch kelishganda, ularni “G‘arbiy zamin odamlari” (Shitu chji ren 西土之人) deb atashgan. Bu odamlar kim edi degan savol ochiq qolmoqda.

 

Milodning dastlabki bir necha asrlari davomida turklar katta nufuzga ega bo‘lgan va 40 dan ziyod qabila va qabilalar birikmasini tashkil etgan, hamda tarqoq holda yashagan. Xitoy manbalarida bu qabilalarning nomlari keltiriladi.

 

 

Ular istiqomat qilgan zamin sharqda Koreya yarim oroli va Bo‘xay (hozirgi Sariq dengizi) dengizigacha, G‘arbda Qora dengiz va O‘rtayer dengizi bo‘ylarigacha, janubda esa Markaziy Afg‘oniston va Erongacha cho‘zilgan.

 

Turklar harakat qilgan ushbu ulkan zamin turli iqlimga ega bo‘lgan tog‘li hududlar, cho‘lliklar, ko‘kalamzor vodiylar, daryo bo‘ylaridan iborat. Tabiiy ofatlar, ichki nizolar va urushlar tufayli turkiy qavmlar ushbu zamin doirasida joydan joyga ko‘chishga majbur bo‘lishgan. Ko‘p marta birlashib yirik davlatlar tashkil etgan va parchalanib ko‘p guruhlarga bo‘linib ketgan.

 

II–IV asrlardagi Mongoliya hududida istiqomat qilgan 10 ta turkiy qabilalardan biri zamonaviy xitoy tilida “turuxe”, “turuge” (吐如紇) deb nomlangan. Ushbu 3 ta iyeroglif qadimda “turiag‘et” o‘qilgan.  Bu atama ham turkqut (turk avlodi) qabilasining ma’lum bir tarixiy davrdagi xitoycha atalishi degan fikrga kelindi.

 

Bundan tashqari, xitoy manbalarida turkqut qabilasini tashkil etganlar Ashina (qadimgi o‘qilishi Asenna) urug‘i avlodlaridir degan ma’lumot mavjud. Ushbu urug‘ asoschisining yashagan vaqti miloddan avvalgi III-II asrlarga, istiqomat qilgan joyi esa Mongoliya hududiga to‘g‘ri keladi.

 

Ablat XO‘JAYEV,

tarix fanlari doktori

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19457
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16805
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi