Insoniy dard, hayrat va sogʻinch bilan yozilgan – Oʻzbek adabiyotidagi mashhur sheʼrlarning yaralish tarixi


Saqlash
14:12 / 06.12.2023 710 0

“Ayol” – Abdulla ORIPOV

 

Abdulla Oripovning Shermuhammad ismli amakisi boʻlib, minglab kishilar boshiga tushgan fojia – ikkinchi jahon urushi uni ham qonli domiga tortgan edi. Afsuski, urush uni ayab oʻtirmaydi, yigitning jismi dunyoning qaysi bir puchmoqlarida qolib ketadi. Uning turmush oʻrtogʻi, 19 yoshli kelinchak – Oybuvi qizalogʻi Rahimani bagʻriga bosgancha qolaveradi. 5-6 yildan soʻng, yaralar biroz bitgandek boʻlgach, Orif buva kelinini yoniga chaqirib: “Hali yoshsiz, bu dunyoga har kim umid bilan keladi. Taqdir ekan, koʻrgilik, chidaymiz-da. Hayotingiz hali oldinda, turmush qurib, unib-ulgʻaying, biz rozimiz!” – deydi. Shunda beva kelinchak: “Agar xonadoningizda sigʻmayotgan boʻlsak, ayting, biz ketaylik. Lekin, bu gapni qoʻying, meni azoblamang, dardimni yangilamang... Men ukangizga mangu sodiq qolish uchun vaʼda berganman, ular men uchun doim tirik!” – deya gapni yakunlaydi.

 

 

Shundan soʻng bu mavzuda boshqa gap ochilmaydi. Vafodor kelinchak yoʻlga intizor, ilhaq boʻlib, umr boʻyi shu xonadonda yashaydi. Oʻn toʻqqiz yoshli ayolning bunchalik sodiqligini koʻrib ulgʻaygan Abdulla Oripov 1965-yili Oybuvi kelinoyisi timsolida ana shunday ayollarga sheʼriy qasida bagʻishlaydi:

 

Yigitlar maktubin bitganda qondan,

Kelinlar firoqdan chekkanda yohu.

Uning ham panohi qaytmadi jangdan,

Oʻn toʻqqiz yoshida beva qoldi u...

 

 

“Bahor, ketma mening bogʻimdan” – Toʻra SULAYMON

 

Shoirning mazkur sheʼri shoira Bahor Xolbekovaga bagʻishlangan. Bahora opa bu haqida shunday eslaydi:

“Maktabda oʻqib yurgan kezlarimda u-bu narsa yozib yurardim. Qoʻlim ancha kelishib qolgani uchun maktabni bitirgach, Toʻra aka kaminani “Guliston” gazetasiga ishga taklif qildi. Yoshlik havosi bilan uchib-qoʻnib yurgan paytlarim edi. Kichkinagina voqealardan ham katta-katta maqolalar yozib, muharrirga topshirardim. Muharririmiz Xolboʻta Xudoyorov yozganlarimni chizib tashlab, kaftdekkina matn qoldiradi. Bu hol bir necha bor takrorlangach, izzat-nafsim zaxa chekib, ketishga ariza yozdim. Feʼlim shunaqa, biror narsa yoqmasa, tez qaror chiqaraman. Xafa boʻlib chiqib ketayotganimda qarshimdan Toʻra aka chiqib qoldilar. Boʻlgan voqeani bayon qildim. “Bahor, hech qayerga ketmaysan!” – dedilar. Ertasi kuni bir sheʼr yozib keldilar. Bilasizlar-ku, shoirning sheʼr yozishiga kimdir yoki nimadir turtki boʻladi. “Bahor, ketma bizning bogʻlardan”, deb boshlanardi bu manzuma. Men sheʼrni eshitib: “Toʻra aka, menimcha, bu satr Oybek domlada bor”, dedim. “Shundaymi?” dedilar-u, jim ketdilar. Oradan bir kun oʻtdi. Toʻra aka sheʼrni qayta ishlab, sayqallab kelibdi. “Bahor, ketma bizning bogʻlardan” satri “Bahor, ketma mening bogʻimdan” satriga oʻzgartirilgandi oʻshanda. Xullas, bir dilbar sheʼr paydo boʻldi. “Bahor, hali koʻrasan. Mening sheʼrim tufayli dunyoga doston boʻlasan!” – dedilar Toʻra aka”.

 

“Yoz boʻyi qorga zorman, qishda bahorga zorman,

Chamanda gul boʻyiga intiqman, intizorman,

Kuz kelmay xazon boʻlgan sevgi, guldan bezorman.

Bahorsiz ham, diyorsiz el ichra benazarman,

Bahor, ketma mening bogʻimdan”.

 

 

Bir kuni Bahor opa ishxonasida oʻtirganida radiodan sohir ovoz sohibi Sherali Joʻrayevning dilbar qoʻshigʻi yangraydi. Qarasa, soʻzlari tanish: “Bahor, ketma mening bogʻimdan”. Shoira bu Toʻra Sulaymon unga bagʻishlangan sheʼri ekanini anglaganida, xonaga sheʼr muallifi kirib keladi va “Seni dunyoga doston qilaman degandim. Endi ishondingmi?” deya tabassum qiladi. Darhaqiqat, hozirda bu sheʼr va unga bastalangan qoʻshiq xalqimizning sevimli asariga, bebaho xazinasiga aylangan, desak yanglishmagan boʻlamiz.

 

 

“Ota” – Xurshid DAVRON

 

“Derazamning ostida tongda

Sayragan qush sizmasmi, ota?

Yo toʻnimga koʻklam, mozorda

Yopishgan gul sizmasmi, ota?”

 

Insoniylik, mehr-muhabbat, burch va fidoyilik singari fazilatlar jamlangan ushbu sheʼrning yaralish tarixi haqida shoirning oʻzi shunday eslaydi:

“Men Germaniya degan yurtning sharqiy qismida harbiy xizmatda burchimni oʻtab yurgan paytda otam vafot etgan. Uzoq mamlakatdan salkam bir oy deganda otam mozori boshiga kela olganman. Men ularning erka oʻgʻli boʻlganman. Otamdan erta ajralish hissi, soʻnggi lahzalarda yonlarida boʻlmaganim, tobutlarini koʻtarmaganim armon boʻlib qolgan... Oradan ancha vaqt oʻtgandan keyin oʻgʻillik boʻlganimda, mana shu nevaralarni bir koʻrsalar edi, degan achchiq oʻy uygʻongandi yurakda. Endi bu insoniy bir dard. Ana shu vaqtda bu sheʼr qogʻozga tushgan...”

 

 

Buni qarangki, sheʼrning mashhur qoʻshiqqa aylanishi ham qiziq kechadi. Taniqli hofiz Azim Mullaxonov mashinada ketayotib, bir jurnalni varaqlab oʻtirganida shu sheʼrni oʻqib qoladi va varaqni yirtib oladi. Keyin oʻsha kuniyoq kuy bastalab, qoʻshiq qiladi. Shu tariqa biz uchun qadrli ashula yaraladi.

 

Rahmat BOBOJON tayyorladi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16792
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi