Oy. Nur. Iztirob – erkin ruh, rost soʻz va botiniy tuygʻular bilan yozilgan sheʼrlar tahlili


Saqlash
17:12 / 05.12.2023 994 2

OY.

 

…Oy gulchambar toʻqir barmoqlarimdan…

…Oyning kulgichlaridan

Sizib chiqar oʻlik tun…

…Oy — qaqnus pat…

 

Men sizga oy tasviri bilan bogʻliq tashbehlar yasashni koʻrsatib qoʻymoqchi emasman. Butun boshli sheʼrdan ayirib olingan satr hech narsani anglatmasligi yoki ayni vaqtda hammasini koʻrsatib berishi mumkindir, faqat mening maqsadim boʻlak. Maqsadim tengqurlarim orasida ajralib, uchqunlab turgan shoiralar ijodi haqda ikki ogʻiz (maqtov va tanqiddan holi) xolis fikr yuritishga jazm etdim. Endi ildizga koʻchamiz, eshiting:

 

…Oppoq etik kiygan suluv daraxtlar

Bazmida uchrashgan edik biz ilk bor.

Nechun parishonsan, tutqun oʻylarning

Qafasini chil-chil sindirib yubor…

 

Oy timsoliga berkilgan Madina Norchayevaning murosasiz xarakteri, u haqda nimadir qoralashga undadi meni. Shoira bilan azaldan tanishligimiz bor gap, lekin bu qaysarligimni yengib, uning ijodini “koʻz-koʻz” qilishimga ikki dunyo sabab boʻla olmaydi. Shunchaki tan olishni bilaman xolos.

 

…Oyning nigohidan uchgan pari qush

Tunning tushlarini toʻzgʻitgan sabo.

Togʻlar – zamin tilin bogʻlab turgan tish

Chugʻurlasam joning ogʻrirmi dunyo…

 

Baʼzida oʻylab qolaman, Madina, sen oʻgʻil bola boʻlib dunyoga kelishing kerak edi! Negaki sheʼrlaringda ayollik nafosatidan koʻra, magʻrur ohanglar birlamchi, deyarli barcha yoziqlaringda jangovarlik boʻrtib turadiki, seni tanimagan, sheʼrlaring ostida ismingni oʻqimagan kishi, hech shubhasiz bu sheʼrlarni kuchli jins vakili yozgan deya xulosa yasaydi.

 

O, aprel…

Dashtning lablariga toshadi uchuq,

Sajdadan boshini koʻtarsa qirlar.

Darbadar oʻgʻildek kuttirdi buncha,

Ona tuprogʻini koʻhna yomgʻirlar…

 

 

Men toqqa yaqin yerda oʻsganman, sen tugʻilgan Chiroqchining biyday dalalari begona menga. Ammo tasvirlaring… bir dumalab (aslida ham shundayman) oʻsha dalasini sogʻintirgan yomgʻir – darbadar oʻgʻilga aylanaman-u, lablari yorilib yotgan doʻngliklarga yogʻa boshlayman shovullab. Va oʻzim uchun chiqargan – “shoirning jinsi boʻlishi shart” degan qatʼiy qarorimga putur yetganday boʻladi goʻyo.

 

…Qaldirgʻochman,

Kesib uchdim koʻngling zanjirlarini

Tutqun hislaringga keltirdim sharaf.

Elchilik onimda bahorni sezsang.

Men kuzni oʻylayman koʻzingga qarab…

 

Shoir gʻalati mavjudot. Masalan, sen kenglikda tugʻilgansan-u tagʻin torlikka talpinib – Toshkentga kelding. Yerdan tuvakka koʻchirilgan gulday ancha dovdirab yurding bu shaharda. Allaqayda oʻqigandim: Yesenin bir umr shaharga talpingan-u, ammo yetib borolmagan. Nima deb oʻylaysan, manzilga “yetib borish” shunchalik muhimmi?!

 

Adashmasam 2014 – yil, Qashqadaryo hokimiyati binosida joylashgan “Barkamol avlod” gazetasida ishlar, oʻshanda birinchi mashqlaringni nashrga tayyorlab bergandim. Unda men Madinani tanimasdim. Xayriyatki oʻzingdan oldin sheʼrlaringni taniganman. Ishonaver, bu sening yutugʻing! Hazil… Qisqasi Toshkentdasan va nihoyat yana portlading:

 

…Chayqab yubor jom ichinda tirilsin may…

 

Xalqda “ogʻzi polvon” degan ibora bor. Bugun “ogʻzi shoir”lar urchib ketdi. Hadisda “hali shunday kunlar keladiki, hatto Alloh degan soʻz ham avom tugul imomlarning boʻgʻzidan chiqadi” deyiladi. Tushunyapsanmi, yuragidan emas, boʻgʻzidan! Shoirlik ham ruhda aks etadi. Sening ruhing esa shak-shubhasiz baquvvat. Satrdagi jom – vujuding boʻlsa, may – ruhingdir. Uni chayqab yuborishni tilanayotganing – Alloh! Koʻrinishingdan dinamitga oʻxshaysan, oʻzi kichkina-yu, portlasa…

 

Shoir va Sheʼr tushunchasi oxirgi oʻn yillikda shu qadar pastlashib ketdiki, endi uni yuqoriga olib chiqish uchun kamida Abdullo Orif kerak. Yanada joʻn aytganda, birlashish lozim. Haqiqiy isteʼdod tan olish va eʼtirof etishdan choʻchimaydi. Oʻshandagina katta adabiyot yaratish mumkin.

 

…Oy gulchambar toʻqir barmoqlarimdan,

Erkimni yulduzlar choʻqir betinim.

Meni tanidingmi, har bahor

bedor,

Bogʻingda unguvchi maysa men edim…

 

Oy, oy, oy… koʻp oʻyladim bu toʻgʻrida. Juda koʻp. Nega aynan oy? Nega unga qayta-qayta murojaat qilaverasan?! Va topdim! Agar xarakteringdan kelib chiqqanim, izlanishlarim xulosasi toʻgʻri chiqsa, oy – tanholik ramzi. U osmon toqiga qadam ranjida qilganda, yulduzlar mum tishlab qolishadi. Buning kibrga aloqasi yoʻq! Men yagonaman degan iddaoga ham. Shunchaki –

 

…Sen afsun istaysan…

 

Bilasanmi, adabiyot, sheʼr davri oʻtib ketgani yoʻq! Odamlar (bunga oz qoldi) texnikaning choʻqqisiga chiqishganda, yuraklarini yoʻqotib qoʻyishganlarini tuyqus anglab qolishadi va yoppasiga oʻzlarini adabiyotga urishadi. Uraverishadi, uraverishadi… toki qotib ketgan diydalari chil-chil boʻlmaguncha. Faqat bu hol qachon roʻy beradi – qorongʻi.

 

…Uch, dengizim…

Ruhim senday

Sheʼr ishqida chayqaladi,

Manov dasht ham,

Manov qir ham, asli qushdir.

Bagʻritoshday odamlarning zalvori deb

Shoʻrliklarim qushligini unutmishdir.

Uch, dengizim…

 

Dengizga qanot bogʻlagan tasavvuringga balli. Koʻzga koʻringan adabiyotshunoslarimiz yo izlanishdan toʻxtab qolishgan, yo atay tarixda qolish uchun tarixda qolgan buyuklar toʻgʻrida qayta-qayta yozishga berilib ketishgan. Aslida ulardan gina qilishga haqqimiz yoʻq. Har bir avlodning oʻz tanqidchisi, adabiyotshunosi boʻlishi zarur. Yoʻqsa, bir qop chirigan kartoshka ichida qolgan yagona sogʻini asrab qolish oʻta mushkul kechadi. Hech yoʻq 30 yoshgacha boʻlgan yozarmanlarni saragini-sarak, puchagini-puchakka ajratish vaqti keldi nazarimda.

 

Sen ulardan eʼtibor kutma, eʼtibor ham berma. Uch, uchaver, keng yozilgan qanotlaring soyasi tushgach, payqab qolishar balki.

 

 

NUR.

 

Uni Toshkentda uchratdim. Oʻta nozik koʻngli va siniq chehrasi bilan xotiramga muhrlandi. Ana shundan keyin sheʼrlarini jiddiy, sinchiklab oʻqiydigan, oʻzimcha tahlil qiladigan boʻldim.

 

…Hech kimni sevmasang, O, qandayin erk!

Sayr etsang xazonrang poyandozlarda.

Yoʻlingga koʻz tikib, saqlagancha kek

Uzumlar yigʻlasa zardama – zarda…

 

Aslida ruhiyati ichkin boʻlishiga qaramay, oʻzini quvnoq kayfiyatda koʻrsatishga urinadi – kuz – mahzun fasl. Tushkunlikdan baxt undirish, bu endi shoirlik alomati – va buni eplaydi ham.

 

...О bu Kuz! Bu yomgʻir gurungidaman,

Osmon qizgʻonarkan meni tobora.

Tobora tomchilar va yaproqlar ham

Koʻylagim rangiga qilar ishora…

 

(Koʻylagim emas, yuragim rangiga, deyilsa tasvir orginallashardi)

Rosti, “qulogʻigacha gʻamga botgan” bugungi adabiyotimiz uchun bu kabi koʻtarinki sheʼrlar – boʻrttirib aytganda – unutilgan yangilik. Nozima(Habibullayeva)ga chuqurroq shoʻngʻir ekanman, unda kulgidan koʻra yigʻiga, yigʻi boʻlganda ham tomchilari billur yigʻiga moyillikni payqaganday boʻldim.

 

...Koʻzyosh – olmos,

koʻzim – xazina…

 

deydi u bir sheʼrida. Koʻrinib turibdiki, shoira ich-ichiga qamalgan “xazina”sini shunchaki ulashib yuborishni istamaydi. Toʻgʻrida, xazina kerakmi, izlang!

 

…Qoʻllarimga qizil olov tutqazdi u,

Million yillar sovqotmasam kerak endi.

 

 

Sevgi oʻta siyqa mavzu. Agarki tosh usta zargarning qoʻliga tushsa, qarashlar oʻzgaradi. Oshiq maʼshuqasi qoʻliga tutqazgan “qizil olov” gulmi yo qaynoq qoni chakillab turgan yurak?! Yaxlit sheʼrdan “uzib” olingan mazkur toʻrtlikni bir butun holda oʻqib koʻramiz:

 

…Qoʻllarimga qizil olov tutqazdi u,

Million yillar sovqotmasam kerak endi.

Ishonchimni yutib, dilin yutqazdi u

Koʻksimdagi koʻksidagi yurak endi…

 

U shu paytgacha koʻksidagi “narsa” yurak ekaniga shubha bilan qarar, million yil yashashi tugul ertangi kuni ham mavhum edi. Endi uning umidi bor. Ana shu umidga esh qoʻrquvi ham.

 

…Ammo, keyin qayga ketar shuncha suv

Toʻkilib ketmasmi aylanganda yer?

Tortishish kuchi! O, bunchalar qudrat

Tortilib – tortilib yozilarmi sheʼr.

Ey, mani sahroga yetaklovchi kim,

Sheʼrlar toʻkiladi bagʻriga kuzning.

Ey, manim ashklarim, uvol durlarim,

Tortishish kuchingiz yoʻqmidi sizning?..

 

Va shu yerga kelganda Nozimaning “siri” fosh boʻladi. U butun borligʻini egallab olgan qoʻrquvning shafqatidan umidvor! Koʻzlari tubida chayqalib yotgan shoʻrtak durlar nurga evrilib qoʻrquv – zulmatdan yorugʻlik axtaradi. Talpinishi shu qadar kuchliki, oʻzini yoʻqotib:

 

…Musaffo koʻzlarning derazasidan

Chiqsang-u ishq qolsa sendan arazlab.

Suhbatlashi-i-ib ketsang soyabon bilan

Odamlar tentak deb oʻylashsa,… mazza!..

 

deya baralla hayqirib yuboradi. Umuman olganda qoʻrquv nurning – qora, nur esa qoʻrquvning oqargan shakli. Ammo oraliqdagi shoiraning kechinmalari-chi?!

Nozima musiqachi ham, buni sheʼrlaridagi ohangdorlikdan payqash mumkin.

Sadolar samodan keladi shaksiz,

 

Xazonlarni bosib oʻtaman –

ingranadi daraxtning uchi…

Koʻzlarim quyoshning ovozin ichur

koʻzingga uning nuri-la botinimni

yozib

yozib oʻtaman…

 

U barcha ayollar singari aslan zaif, lekin buni tan olgisi kelmaydi. Faqatgina ohangdorlik evaziga yutib ketishga urinmaydi. Birinchi bosqich – oʻz hududiy qobigʻini yorib chiqqani bilan ham shoirani qutlash mumkin. Eng muhimi sheʼrda aql oʻrgatmaydi! Tasavvurga musavvirona yondashib, …Men nomini bilmaydigan ranglar bilan…(Nozimaning satri) tabiat, hodisa, kechinmalarini munchoqday tizib ketaveradi:

 

Terilmagan qoshim,

toʻkmagan yoshim

qarolmay – qaroshim ostida bor u.

Kulgichimga ingan

Oromi tingan

Yolgʻon dunyolarning rostida bor u…

 

Yana savol tugʻiladi, “U” kim yoki nima?! Men baribir NUR deb javob beraveraman.

 

…Azizim, ket!..

Atay sogʻintir.

Qalam bilan qoʻlimdan tut san.

Dahshat axir!

Va gʻoyat ogʻir,

Nahot endi yigʻlamay oʻtsam?!..

 

Yigʻlamaslik, yigʻlay olmaslik dahshati haqda eshitganlar bormi? Aslida bu baxt-ku, deyishingiz mumkin, shoira esa sizning tosh qotgan xulosalaringizni chil-chil sindirgan holda oʻz “deyaridan” qolmaydi. Endi tushunyapsizmi, koʻzyosh uning uchun nur – najot ekanligini.

 

…Baxtning iforlari kelmasa sizdan

Faqat kuzlagani kelsangiz… kelmang!..

 

Ha, shoiraning qalbiga kirib borish mushkul. Garchi tashrif shartini dangal aytib turgan boʻlsa-da. Inson qalbi kabi asl sheʼrga yetib borish ham oʻta qiyin kechadi. Bir kechada oʻnlab sheʼr yoziladi baʼzida va eng oxirgisi sal koʻnglingga oʻtiradi. Demak oʻshangacha yozilgan oʻn balki yuzlab mashqlar, bor yoʻgʻi yoʻl vazifasini oʻtab bergan. Ehtiyot boʻlish kerakki, asliga yetmay turib, xomlariga mahliyolik uygʻonsa bormi…

 

Shundogʻam kuragim iborat kuzdan

Shundogʻam koʻzimning oynalari chang.

Chap koʻksimda nedir shaklini buzgan –

Yurak va xarsanglik oʻrtasida tang…

 

Yuqorida u koʻksidagi “narsa” nima ekanini anglolmayapti degandim, mana isbot! Sheʼrdan sheʼrga oʻtgan sari, kalavaning uchini topish osonlashib borayotir.

 

…Shundogʻam koʻzimning oynalari chang…

 

Demak Nozima nurni tevarakdan emas (yoʻqsa koʻzlariga tayangan boʻlardi) “men”idan, ichkarisidan izlayapti. Va niyat qilamanki (yaxshi maʼnoda!) oʻsha izlayotganini topmasin. Topsa, oʻzi yozganidek, “Sadolar samodan” kelmay qoʻyadi.

 

 

IZTIROB.

 

Ezgin odamlarni juda koʻp koʻrganman. Yoʻqchilikdan, baxtsizlikdan, yolgʻizlikdan, befarzandlikdan… Undagisi esa butunlay boshqa. Hatto havas qilsa arziydi.

 

Suratlaringni yoqib yubordim…

Musiqa tinglamay qoʻyganman

allazamonlardan buyon.

Koʻz yoshlarimni qayta-qayta

ichkariga qamayveryapman…

 

Siz qofiya izlamang, shaklparastga ham yoʻymang shoirani. Tashqariga chiqishdan orlanib, qayta-qayta ichkariga qamalayotgan koʻzyosh haqda oʻylang faqat. Bundagi chorasizlikni shunchaki hazm qilib boʻlmaydi axir. Balki men anglami ogʻirroq yoziqlarni sevganim uchun, sizni ham shunday sheʼrlarni oʻqishga undashim notoʻgʻridir, yana bilmadim.

 

…Imlayapsan, undovlar qator,

Menga yetar qaddi bukilib.

Sabr desam peshonamningmi,

Chiziqlari ketdi toʻkilib…

 

Agar undovlarni hayajon deb olsak, to qahramonga yetib kelgunicha qaddi bukilib (?) soʻroq shakliga kirish holatini koʻz oldingizda gavdalantiring. Ajoyib a! Iztirobning, shoira iztirobining yangicha, faqat oʻzigagina xos ifodasini payqadingizmi? Oldindan aytib qoʻyay, shovqinni, baqirib oʻqiladigan sheʼrlarni xush koʻruvchilar Feruza Xayrullayevani oʻqishmagani maʼqul. Ibodat ikki xil boʻladi – jahriy va botiniy. Men hozir misol keltirayotganlarim botiniy his qilinadigan sheʼrlar.

 

Har kun…

Chiqillaydi soat boricha,

Yasolmaydi oʻzidan baxtni.

Irgʻitaman oʻrgimchak kabi

Bilagimga ilashgan vaqtni…

 

Oʻqir ekansan, satrlar tilingni sindirmaydi, bir quchoq saodatga ham, hissiyotlaringni qaygʻuga ham botirmaydi, qaytanga, ichidagi alamzadalikning ustidan achchiq kulib (bunga kuch topganini qarang!), tagʻin, ming urinmasin oʻzidan baxt yasay olmayotgan soat (yaʼni oʻz umriga) hamdardlik bildirayotganday goʻyo.

 

…Qush tilida soʻzlar koʻzlarim,

Hovuchimga toʻladi isming…

 

Qush tili – metafora. Feruzaning koʻzlari hayqirmaydi, soʻzsiz soʻzlaydi. Ixtiyorini topshirishga tayyor kimsasini esa har duosida eslaydi. U kimsa kim ekanidan Parvardigor va oʻzigina voqif. Yana u tengqurlari kabi sermahsul emas. Juda kam yozadi, eng qizigʻi oʻsha yozugʻini bayroq qilib yurmaydiki, bu ham uning xilvatnishinligidan dalolat. Hozir ham shoiraning sheʼrlarini tasodifan “topib” oldim, toʻgʻrirogʻi, ataylab, ish kompyuteridan oʻgʻirladim.

 

 

…Koʻrinmagay kulgi yoqasi,

Lek hasratning koʻylagi yoniq.

Qay eshikni qoqmay, deyishar:

“Yopiq,

Yopiq,

Yopilgan,

Yopiq!”…

 

Bir qarashda muallif zarda qilayotganday koʻrinadi, lekin siz boshlanishdagi ikki satrnigina oʻqing… Xoʻsh? Ha, uning quroli – gʻam, xomashyosi ham. Masalan, Van Gog sariq rangni yaxshi koʻrgan va undan deyarli barcha suratlarida foydalangan. Buni biz torlik, yaʼni bir xillikka yoʻyolmaymiz.

 

…Bulutlar boshimga yogʻdirib oʻtar,

Sogʻinchning havorang azoblarini…

 

Qiynoqning lazzati haqida oʻqigandim. Oʻzimda sinab ham koʻrganman baʼzi tajribalarini. Feruzada esa “azob-rohat” eleksiri tugʻma. Yoʻqsa, hamma shodimonlik ila tasvirlovchi yomgʻir uning koʻzlariga “havorang azob” boʻlib koʻrinmasdi. Dunyoni alohida koʻrish – ijodkorga va telbalarga xos. Maktabda oʻqib yurganimda quyoshni qoraga boʻyaganim uchun rasm oʻqituvchimdan shapaloq yeganim esimda. U kishiga quyosh menga qora koʻrinayotganini tushuntirib berolmaganman bola aqlim bilan. Ilon oq-qora koʻradi tevarakni, nega uni jazolamaymiz? Qanday koʻrish, his qilish, tasvirlashni ijodkor tabiatiga qoʻyib beraylik, yoqsa qabul qilaylig-u, yoqmasa jim ketaylik.

 

…Gunohlar,

Gumrohlar,

Gung ohlar,

bular –

Hammasi koʻplikda, hech emas yakka.

“lar”ni olib tashlab boʻlmaydi,

Yana,

“lar”ning koʻzlarini choʻqimas hakka…

 

Ham shaklan, ham mazmunan oʻzgacha yechim. Toʻgʻri, bu kabi sheʼrlarning oʻquvchilari siyrak keladi, oʻzi umuman shoirga “ommabop”lik tamgʻasini yopishtirish shartmikin?! Feruza aynan iztirob kishisi boʻlgani uchun ham oʻziga ogʻir yoʻlni tanlagan. Boshqalar daryoning narigi sohiliga doimgidek koʻprik ustidan oʻtaverishsin, faqat u buni xohlamaydi. Kim nima desa deyaversin, quloqlarini mahkam berkitadi-yu, bosiqlik bilan:

 

…Men dard chizaman –

Daraxt shoxlariga qoʻnmaydi qushlar…

deya oʻz ohangida kuylashda davom etaveradi.

 

Feruza, qachondir lop etib BAXTni topib olishingni istayman va shu bilan birga qattiq qoʻrqaman. Negaki uni topgan kuningdan boshlab yangi sheʼrlaringni oʻqishdan mosuvo boʻlishim turgan gap. Oʻzing oʻyla, mana bunday dardi tirik sheʼrni yana kim senday yoza biladi?

 

…Kuzakka qarama – unda men borman,

Soyabon tutib ol – yomgʻirman, qorman.

Men oʻsha – bir koʻrib oʻlmoqqa zorman…

Lekin, izlama!..

 

Kechirasan, biz seni izlayveramiz, izlayveramiz. Bunga sheʼrlaring va ohanrabo iztirobing aybdor…

 

* * *

 

 

Madina Norchayeva, Nozima Habibullayeva, Feruza Xayrullayeva. Ularni bejiz tanlamadim – oʻrtalarida allaqanday koʻz ilgʻamas bogʻliqlik bor. Buni sheʼrlarini oʻqish, maqolaga nom qoʻyish jarayonida, yanayam chuqurroq angladim. OY. NUR. IZTIROB. Uchala setorni esa yaxlit kenglik – TUN birlashtirib turadi, aynan TUN!..

 

JONTEMIR

 

2 Izohlar

Bobur

20:12 / 07.12.2023

Juda yaxshi tahliliy maqola bo'lgan. Yengil nafas olgandek totli. Shunday yoziqlarni kutib qolaman yana 👍

Alpasli

02:12 / 07.12.2023

bu kabi maqolalar koʻpaysin

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16794
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi