“Roman yozishni boshlasam, uning ma’nosizligini anglab qolaman” – qorovullikdan uyushma raisligigacha ko‘tarilgan, nobelsiz buyuk yozuvchi Borxes


Saqlash
13:12 / 04.12.2023 464 0

1899-yilning 24-avgustida Argentina poytaxti Buenos-Ayresda dunyoga kelgan mashhur yozuvchi Fransisko Isidoro Luis Borxesning otasi huquqshunos, onasi esa tarjimon bo‘lgan. Yozuvchi 10 yoshidayoq ispan va ingliz tillarini yaxshi bilgan. Keyinchalik nemis, fransuz, lotin, italyan va qadimgi skandinaviya tillarini o‘rgangan. Hatto umrining so‘nggi yillarida ham til o‘rganishda davom etgan va arab tilini o‘zlashtirgan.

 

Borxes metafizikaga ham juda qiziqqan. Uning o‘ziga xos adabiy uslubiga Injil, Kabbala, ilk Yevropa adabiyoti va falsafasi katta ta’sir ko‘rsatgan. Borxesning sevimli mualliflari Devid Yum va Jorj Berkli, empirizm vakillari Benedikt Spinoza hamda faylasuf Artur Shopengauer edi. Shuningdek, u Eynshteynning nisbiylik nazariyasini va psixologiya fanidagi so‘nggi yutuqlarni ham diqqat bilan kuzatib borgan.

 

Yozuvchining ko‘plab ocherk, she’r va hikoyalarida taqdir, zamon va makon xususiyatlari borasidagi metafizik fikrlar ko‘zga tashlansa-da, o‘zi bu abstrakt g‘oyalarga ishonmagan.

 

Endi adib hayoti va ijodidagi ba’zi qiziqarli faktlarga to‘xtalsak.

 

 

O‘ziga xos bolalik

 

Borxes yoshligidan she’riyatga qiziqqan, 4 yoshida o‘qish va yozishni o‘rganadi. 6 yoshida uy o‘qituvchisi bilan ingliz tilidan dasr oladi. 7 yoshida esa  o‘zining ispan tilidagi “La visera fatal” nomli birinchi hikoyasini yozadi.

 

O‘qish-yozishni erta o‘rganganiga qaramay, yozuvchi maktabga kech, 9 yoshida chiqadi va to‘g‘ri 4 sinfdan o‘qishni boshlaydi. Bu bolakay Borxesning ruhiyatiga yomon ta’sir qiladi, chunki sinfdoshlari uni chiqishtirishmas, tinmay masxara qilishardi.

 

Borxes 10 yoshligidayoq Oskar Uayldning “Baxtli shahzoda” ertagini ingliz tilidan tarjima qilib, atrofidagilarni hayron qoldiradi.

 

 

So‘qirlik qismati

 

Tug‘ilganidayoq otasidan o‘tgan kasallikdan aziyat chekkan yozuvchi 56 yoshida butunlay ko‘r bo‘lib qoladi. Ajablanarlisi, o‘shanda u endigina Argentina Milliy kutubxonasi direktori etib tayinlangandi.

 

Borxes umrining so‘nggi 30 yilini so‘qir o‘laroq yashaganiga qaramay, ishtiyoq bilan yozishda, ma’ruzalar o‘qishda davom etgan va shu davrda boshqa asarlari qatorida 10 ta she’riy, 3 ta nasriy kitobini nashr ettirgan.

 

 

U roman yozishni rad qilgan

 

Borxes nihoyatda boy adabiy maneraga molik yozuvchi. Bu ro‘yxatda nimalar yo‘q deysiz – ocherklar, tanqidiy maqolalar, hikoyalar, she’rlar... Biroq undan “Nega roman yozmaysiz?” deb so‘rashganda, doim shunday javob qaytargan: “O‘ylashimcha, roman yozishni boshlasam, uning ma’nosizligini anglab qolaman va ishni yarmida to‘xtataman. Balki, bu dangasaligim uchun o‘ylab topilgan bir bahonadir, xolos”.

 

Yozuvchi hech qachon 14 betdan oshiq badiiy asar yozmagan va uni shunday izohlagan: “Bu ma’nosizlikka yetaklovchi ahmoqlikning o‘zi. 500 sahifadan iborat ulkan kitobdagi g‘oyani besh daqiqada og‘zaki tarzda, osongina tushuntirish ham mumkin-ku, axir, to‘g‘rimi?”

 

Borxesning birinchi she’ri 20 yoshida Ispaniyaning “Gretsiya” jurnalida bosiladi. Oradan 4 yil o‘tib Yevropaga safari arafasida adibning 33 ta she’rdan iborat “Buenos-Ayres jaziramasi” nomli birinchi she’riy kitobi nashr etiladi.

 

Borxesning “Ishchi”, “Soyalar sharafi”, “Yo‘lbarslar oltini”, “Oy bilan yuzma-yuz”, “Umidim o‘lchami”, “Argentinaliklar tili”, “San Martin kundaligi”, “Evaristo Karrego”, “Abadiylik tarixi”, “Bobil kutubxonasi”, “Munozara”, “Alif”, “Qumsoat kitobi”, “Yetti oqshom”, “Yashirin atirgul”, “Fitnachilar” kabi she’riy va nasriy kitoblari nashr etilib, dunyo kitobsevarlarining javonidan munosib o‘rin egallagan.

 

Yozuvchining oxirgi kitobi “Atlas” hisoblanib, unga Borxesning eng so‘nggi she’rlari, fantastik hikoyalar hamda sayohat kundaliklari kiritilgan.

 

Borxes asarlari asosida o‘ttizdan ortiq filmlar suratga olingan.

 

 

Nobelning “abadiy nomzod”i

 

Yozuvchi xizmatkorining so‘zlariga ko‘ra, har yili Nobel mukofoti sohibi nomi e’lon qilinishidan oldin jurnalistlar Borxes eshigi oldida tizilishgan. Lekin bari behuda. Har safar mukofotni ololmagani haqidagi xabar adibga qattiq ta’sir qilgan.

 

Borxes unga nisbatan bu munosabatni yarim hazil va yarim jiddiy tarzda shunday izohlagan: “Menga Nobel mukofotini bermaslik, menimcha, skandinaviyaliklarning an’anasi. Ular tug‘ilganimdan buyon menga Nobel bermaslikka harakat qilishadi”.

 

Ehtimol, ushbu oliy adabiyot mukofotiga “abadiy nomzod”likning sababi Borxesning siyosiy qarashlaridir. Ma’lumotlarga ko‘ra, yozuvchining rafiqasi ham shunday fikrda bo‘lgan.

 

 

“Alif” yaralishiga turtki bo‘lgan muhabbat

 

Borxes 1944-yil Bioy Kasares va Silvina Okampoga tashrif buyurganida bir paytlari ko‘ngil qo‘ygan qizi – Estella Kanto bilan uchrashib qoladi. Onasining qarshiligiga qaramay yozuvchi Estellaga turmush qurishni taklif qildi, ammo ular oila qura olishmaydi. Ularning munosabatlari 8 yildan so‘ng nihoyasiga yetadi.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Estella Borxesni eng yaxshi asarlaridan biri hisoblangan “Alif” qissasini yozishga ilhomlantirgan.

 

Oradan ko‘p yillar o‘tgach Borxes yoshlikdagi do‘sti, beva Elza Estete Milan bilan oila quradi. Ammo oradan uch yil o‘tgach ular ajrashishadi.

 

Borxes Yevropaga sayohatlari davomida, o‘limidan 1 yil oldin Mariya Kodamaga uylangan.

 

 

Qorovullikdan Yozuvchilar uyushmasi raisligigacha

 

Borxes birinchi ishini o‘z shahridagi kutubxonada qorovullik bilan boshlaydi. Keyinchalik esa kutubxonachi o‘laroq faoliyat yuritadi. Yozuvchi kutubxonachi bo‘lib ishlagan o‘sha 1937–1946-yillarni, garchi ilk durdona asarlari shu yillar oralig‘ida yaratilganiga qaramay,  “to‘qqizta o‘ta baxtsiz yil” deb atadi.

 

Adib umri davomida ko‘plab joylarda turli lavozimlarda, jumladan, gazeta va jurnallar tahririyatlarida, turli kutubxonalarda, hatto universitetlarda ham ishlaydi. Masalan, Buenos-Ayres universitetining nemis adabiyoti bo‘limida dars beradi, AQShga sayohat qilib, u yerdagi ko‘plab universitetlarda ma’ruzalar qiladi.

 

Yozuvchi 51 yoshida Argentina Yozuvchilar uyushmasining raisi etib saylanadi va bu lavozimda 3 yil ishlaydi.

 

 

20 ga yaqin mamlakatda 50 dan oshiq mukofotlar olgan

 

Borxes qator milliy va xalqaro adabiy mukofotlar bilan taqdirlangan.

 

Argentina Yozuvchilar uyushmasining Gran-prisi, adabiyot bo‘yicha Argentina davlat mukofoti, “Formentor” xalqaro nashriyot mukofoti, Argentina Milliy san’at jamg‘armasi mukofoti, Milanning Madonnina mukofoti, Lotin Amerikasi adabiy mukofoti, Quddus adabiy mukofoti, Alfonso Ris mukofoti, Edgar Allan Po mukofoti kabilar shular jumlasidan.

 

Borxes to‘rt marotaba Italiyada adabiyot ordeniga sazovor bo‘ladi. Shuningdek, Fransiyaning “San’at va adabiyot”, Peruning “Peru quyoshi”, Chilining “Bernardo”, Germaniyaning “Buyuk xizmatlari uchun”, Islandiyaning “Islandiyalik lochin”, Britaniyaning “Ritsar”, Ispaniyaning “Avliyo Alfonso”, Portugaliyaning “Santiyago” ordenlari bilan taqdirlangan. Shuningdek, Fransiya akademiyasi yozuvchiga oltin medal taqdim etgan.

 

Borxes Amerika san’at va fanlar akademiyasining a’zosi hisoblanadi. Hatto, 1990-yilda asteroidlardan biriga Borxes nomi berilgan.

 

 

Futboldan nafratlanish

 

Adib futbolni milliy g‘ururi hisoblagan mamlakatda – Argentinada tug‘ilgan bo‘lsa-da, bu sport turini yoqtirmagan, ko‘plab intervyularida bu boradagi fikrini aytishdan tortinmagan. Bir safar u shunday deydi: “Futbol – hamma ahmoqona narsalar mashhurligi sababli mashhurdir. Fikrimcha, o‘n bir kishining o‘n bir kishiga qarshi koptok quvlashi go‘zal manzara emas”.

 

U bu o‘yinni “estetik xunuklik” deya izohlagan bir suhbatida. Yozuvchining ta’kidlashicha, futbol odamlarda millatchilik kabi o‘ta xavfli tuyg‘uni uyg‘otishi mumkin.

 

 

O‘lim intiho emas

 

Adib 1986-yilda ayoli bilan Jenevaga ko‘chib o‘tadi va u yerda 14-iyun kuni – 86 yoshida jigar saratoni va amfizemdan vafot etadi hamda Jon Kalvindan unchalik uzoq bo‘lmagan Jeneva qirollik qabristoniga dafn etaladi.

 

2009-yil fevral oyida yozuvchining qabrini Buenos-Ayresdagi Rekoleta qabristoniga qayta dafn etish taklif etiladi, biroq yozuvchining bevasi buni rad qiladi.

 

Hozirda Borxes arxivi Texas universitetining Garri Ransom markazida saqlanmoqda.

 

Yozuvchi olamdan o‘tganiga 40 yilcha bo‘lib qoldi, biroq aminmizki, uning bizga qoldirgan xazinasi – betakror she’rlari, hikoyalari, qissalari hali asrlar osha ko‘ngillardan ko‘ngillarga, kitoblari javonlardan javonlarga ko‘chib yashayveradi.

 

 

Rahmat BOBOJON tayyoraladi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16793
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi