Iste’dodlari xor bo‘lgan davlatlarning ertangi kuni qorong‘i, so‘roq ostida qolaveradi – Yozuvchi Nazar Eshonqulning achchiq, ammo rost mulohazalari


Saqlash
12:12 / 01.12.2023 943 0

“Ma’naviyat” so‘zi, mening nazarimda, “iymon”, “vijdon”, “madaniy ong” tushunchalari bilan bir xil ma’noga ega. Biz qachon ma’naviyat haqida gapirsak bevosita yoki bilvosita onglilik va iymon haqida gapirgan bo‘lamiz. Avval ham aytganman, men iymon deganda uning diniy ulamolar talqin qiladigan jihatlaridan ko‘ra ko‘proq ma’nolarni tushunaman. “Iymonli odam”, mening nazarimda, botinida Alloh tajalli qilgan, ko‘ngli bilan hamma vaqt Allohga yuzma-yuz turgan madaniyatli, ongli odam. U shaklan emas, mazmunan Alloh bilan yuzma-yuz turibdi. Bunday odam xoinlik, ikkiyuzlamachilik, munofiqlik, vatanfurushlik, vijdonfurushlik qilolmaydi. Va aynan shu jihati bilan u biz nazarda tutayotgan “ma’naviyatli odam” sanaladi. Tiynatida Alloh bo‘lmagan odam esa hech qachon ma’naviyatli bo‘lolmaydi. Bugun biz tushunadigan ma’rifat ana o‘sha o‘zlikni anglash va idrok qilish, o‘ziniki qilish jarayonidir. Bu jarayon o‘ta murakkab, uni shakllar bilan o‘zlashtirib bo‘lmaydi. Uni his qilib, yuzma-yuz kelib, o‘zini ming marta qatl qilib va yana qayta tiriltirib anglanadi, bu manzilga yetib boriladi. Shu anglash jarayoni odamni o‘zligiga yetaklaydi, uni esgan har bir shabadaga qarab turlanishdan, ko‘r-ko‘ronalikdan, eng asosiysi, iymonsizlikdan asraydi.

 

Biroq “ma’naviyat”, “ma’rifat”, “o‘zlik”, “menlik” so‘zlari qanchalar teran va ulug‘ bo‘lmasin, keyingi o‘n yilliklarda ancha qadrsizlanib qoldi. To‘g‘risini aytsam, insonning mohiyati haqida gapirganda imkon qadar ushbu atamalardan kamroq foydalanish kerak degan bir istihola paydo bo‘ladi. Bunga sabab bu istilohlar bugun g‘irt ikkiyuzlamachi, tovlamachi, umuman, tiynati yuqoridagi so‘zlarning ma’nosiga yaqin kelmaydigan kimsalarning ham kundalik isrof lug‘atidan joy olib ulgurdi. Ular shu muqaddas so‘zlardan qalqon sifatida foydalanadilar, o‘zlarining chirkin manfaati yo‘lida bu so‘zlarni tanaffussiz navbatchiga aylantirib, xo‘rlashdan qaytmaydilar. Shu sabab yana bu so‘zlar atrofida gaplashish odamga malol keladi. So‘zbozlik – xudbinlikning eng yumshoq, beozor ko‘rinishi. Garchi o‘zimizni xudojo‘y ko‘rsatsak-da, amalda so‘zbozlikka ruju qo‘yganimiz bor gap. So‘zni isrof qilishdan, uni yolg‘onga aylantirishdan qo‘rqmayapmizmi, demak, munofiqlikdan ham qo‘rqmaymiz. Xullas, bugungi ma’naviy tiynatimiz so‘zbozlikka qurilmasligi kerak. Aslida xuddi yaralishimiz kabi ilohiy, tabiat-u jamiyat qonunlari va ularning taraqqiyotida eng birlamchi asos baribir mohiyat, uni aks ettiradigan fikr. Biroq bir narsani tan olish o‘rinli: kimlardir siyqalashtirgani, bezdirgani bu so‘zlarni tilga olmasligimizga aslo asos bo‘la olmaydi.

 

Ma’rifat, eng avvalo, tafakkurga, fikrga yetaklaydi. Ma’rifatlilik bilish va anglash, xulosa qilish bilan bog‘liq jarayon. Ilm bo‘lmasa anglash, fikr qilish bo‘lmaydi, fikr bo‘lmasa xulosada hamisha adashiladi. Shuning uchun ma’rifat fikrlashning ko‘lami bilan ham belgilanadi.

 

Muqaddas kitoblarga tatabbu qilib, “Avval so‘z paydo bo‘lgan” deb nutqimizga hasham bag‘ishlaymiz. Ammo buning ma’nosiga ko‘pam e’tibor bermaymiz.

 

Shaxsan menga so‘zdan ham avval fikr paydo bo‘lgandek tuyuladi. So‘z – kiyim. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring. Kiyim kiyish uchun oldin tana paydo bo‘lishi kerakmi yoki avval kiyim tikilib, so‘ng shunga mos tana izlanadimi? Aslida so‘z paydo bo‘lishi uchun avval u ifodalaydigan ma’no paydo bo‘lishi zarurligini ortiqcha asoslab o‘tirish, ehtimol, shart ham emasdir. Xo‘sh, o‘sha ma’no nimaga suyanib turadi?

 

Alloh – olim, bilgich. U “Yaral!” degan so‘zni aytishdan avval yaraladigan mavjudlik haqida tasavvur, fikrga ega bo‘lgan. Aks holda yaratishda mantiq bo‘lmas edi. “Yaral”dan oldin yaratilajak borliq borasidagi tasavvur yoki jo‘nroq aytilsa yaratilmish xilqatning mohiyati haqida idrok paydo bo‘lgan.

 

“Ma’naviyat” haqida betinim gapiramiz, ammo “ma’naviyat” o‘zi nima, u qanday bo‘ladi, qanday amalga oshiriladi, amal qilinadi, nimaga asoslanib “ma’naviyatli” yo “ma’naviyatsiz” deymiz, biz intilayotgan “ma’naviy cho‘qqi” o‘zi nimadan iborat? Qaysi fazilatlarimiz ma’naviyatga xizmat qilsa, qaysilari zid keladi? Ma’naviyat haqida va’z o‘qiyotgan odam ikkiyuzlamachi bo‘lib, yolg‘on bilan birga yashashga, qullik va mutelik, soxtalik va adolatsizlikka toqat qila oladimi? Ma’naviyat jaholat va mutaassiblik bilan birga yashay oladimi? Agar yo‘q desangiz, hammamiz o‘zimizga shu savolni vijdonni o‘rtaga qo‘yib berib ko‘raylik. Ana shunda kimligimiz, “ma’naviyat” so‘zi biz uchun mohiyatdan uzilib, ko‘proq shunchaki kundalik isrof so‘ziga aylanib qolayotgani kunday ayon bo‘ladi.

 

Fikrni ifodalamaydigan, ma’noga ega bo‘lmagan so‘z – shunchaki tovushlar yig‘indisi. Agar shu mantiq bilan atrofimizga, tiynatimizga razm solsak, biz fikrdan ko‘ra shaklga o‘ralashib qolganimizni, shakl birlamchiga aylangan borliqda yashayotganimizni teran anglagan bo‘lar edik. Axir, ma’nosi idrok qilinmagan so‘z – ma’nosi yo‘q bo‘shliqday gap.

 

Savodsiz odamga “o‘qi” deyish uni bir qadam oldinga undaydi, ammo savodli va shusiz ham o‘qib yurganga “o‘qi” deyish ma’noni siyqalashtiradi. Ehtimol ming yillar oldin “o‘qi” eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lgandir, ammo bugungi savodli dunyoda o‘qishning o‘zi kamlik qiladi, bugun borliqni anglash, unga munosabat bildirish uchun idrok, tafakkur, anglam birinchi vazifa sanaladi. O‘qilgan, ammo anglanmagan narsaning o‘qilmagan narsadan hech qanday farqi yo‘q. O‘qish – so‘zni o‘rgatadi, uqish – anglashni, dunyo, jamiyat, borliq bilan munosabatga kirishishni, butun olam uyg‘unligini his qilish va shu uyg‘unlik qonunlariga amal qilib, anglab yashashni o‘rgatadi.

 

“Iqra” shu paytgacha “o‘qi” deb talqin qilindi. Biroq uni “idrok et”, “angla”, “fikr qil” deb tushunish ham mumkin, menimcha. Shuning uchun chiroyli gapirgan, chiroyli alday olgan (bu gaplarimning notiqlik san’atiga aloqasi yo‘q) emas, chiroyli va’z o‘qigan, so‘zbozlik qilgan emas, fikrlagan odam hurmat va e’zoz topsa, u yerda taraqqiyot uyg‘unligi sodir bo‘ladi. Bugungi bashariyatning eng katta fojeasi ham fikrga hurmat yo‘qolib borayotganida. Chunki ayrim eski tushunchalarning ish bermay qolgani, aksincha, ko‘plab savollar tug‘dirayotgani, bu savollarga javob topish o‘rniga insoniyatning ko‘r-ko‘rona ishonishga, amal qilishga berilib ketayotgani – o‘ta yomon alomat. Axir zamonaviy dunyodagi intellektual yolg‘onlarning mohiyatini, jimjimali jilvalar ortidagi munofiqlik va ikkiyuzlamachilikni, yovuzlik va qabohatni faqat fikr qilib anglash va keyin unga barham berish mumkin. Anglanish jarayonidan o‘tmagan barcha xatti-harakat – ko‘r-ko‘ronalik. Ko‘r-ko‘ronalikda anglash bo‘lmaydi, faqat qabul qilish va bo‘ysunish bo‘ladi. Ma’naviyat va ma’rifat esa odamni bo‘ysunishga, mute bo‘lishga va ko‘r-ko‘rona ishonishga emas, anglashga, idrok qilishga undaydi, umrning har lahzasini, har bir savolga javobni idrokning qudug‘iga tushib, misqollab yig‘ib olish orqali erishiladigan o‘ta uzun va mashaqqatli jarayonga yetaklaydi. Bu jarayondan o‘tmagan o‘zlikni ham, ma’naviyatni ham, ma’rifatni ham yoqlab bo‘lmaydi. Bizning bobolarimiz ma’naviyat va ma’rifat haqida va’z o‘qishmagan, balki uni hayot tarziga aylantirishgan, amalda qo‘llashgan...

 

Odam o‘zining kimligini anglagandan so‘nggina fikri o‘sadi. O‘zini anglash uchun, bobolarimiz aytganidek, ma’rifatga bir marta bo‘lsa-da cho‘milib ko‘rish kerak. Fikrni ma’rifat uyg‘otadi. Ma’rifat o‘stiradi. Ma’rifat yangilaydi. Keraksiz bo‘lib qolganda almashtiradi. Faqat idrokka qurilgan ma’rifatgina, bilimgina, kitobgina, kitobga bo‘lgan muhabbatgina bizni quyunday bostirib kelayotgan, ongimiz va shuurimizni sayozlashtirayotgan, san’at, go‘zallik, did haqidagi qarashlarimizni, shu paytgacha ajdodlarimiz poydevor qo‘yib bergan va o‘zimiz shakllantirgan tushunchalarni yemirishga kirishgan olomon madaniyati hamda dididan, boshqacha aytganda, fikrsizlik va didsizlikday balodan asray oladi.

 

XXI asrda biz katta taraqqiyotga erishish barobarida olomon madaniyati chohiga butunlay qulab tushish xatari bilan yuzma-yuz turibmiz. Muxtasar qilib aytganda, bizni mazkur xatardan ma’rifat, did va fikrgina qutqarishi mumkin.

 

G‘arb falsafasi, unga manba beruvchi adabiyoti bashariyatning urbanizatsiya erasidagi inson tanazzulini tahlil qila boshladi. Bu, eng avvalo, ma’naviy tanazzullar bilan bog‘liq. Xuddi o‘rmon va chakalakzorlarda yovvoyi qonunlar bilan yashagan ajdodlarimizdek, urbanizatsiya o‘rmonida ham o‘sha qonunlar bugun ustuvorlikka intilmoqda. O‘n millionlab odam yashayotgan shaharlarga borib qolsangiz, o‘zingizni dinozavrlar erasidagi qadim o‘rmonda yurgandek his qilasiz. Tanazzullar yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Mana shu tanazzuldan bizni ma’naviyat saqlab qola oladi. Ma’naviyatlilik faqatgina inson manfaatini o‘zida aks ettirmaydi. U jami tiriklik, borliq uchun mas’uliyatli bo‘lish degani ham.

 

Aslida bizga ancha begona bo‘lgan yovvoyi bozor munosabatlari kirib kelayotgan, barcha fazilatlarni chetga surib, faqat boyib qolishni, kissani qappaytirishni o‘ylashga tushgan, bir so‘z bilan aytganda moddiyat birinchi o‘ringa chiqqan pallada ma’naviyat masalasi o‘z vaqtida to‘g‘ri kun tartibiga qo‘yilgan. Buni inkor qilish o‘ta adolatsizlik bo‘ladi. Ammo muammo boshqa yoqda. Mumtoz adabiyotimizda shirinlikka o‘ch bolasiga nasihat qilib qo‘ysin deb donishmand pirning huzuriga bolasini olib kelgan ona haqida rivoyat bor. O‘sha rivoyatda pir ona-bolani “Sizlar bir haftadan so‘ng kelinglar” deb ortiga qaytarib yuboradi. Bir hafatadan so‘ng esa pir bolaga shirinlikning zarari, uni me’yorida iste’mol qilish kerakligi haqida bir-ikki og‘iz nasihat qiladi. Bo‘ldi. Ona ajablanadi: “Shu nasihatni bir hafta oldin ham qilsangiz bo‘lardi-ku?”. Shunda pir “Hafta oldin, sizlar kelishlaringdan avval men novvot choy ichib o‘tirgandim. Og‘zimda shirinlik ta’mi bo‘la turib shirinlikning zarari haqida gapirishim munofiqlik bo‘lardi” deb javob beradi. Mana shu rivoyat menga ma’naviyat targ‘iboti nega oqsaganini, nega keng miqyosda yuqmaganini oydinlashtiradi. Tasavvur qilingki, ba’zi mansabdorlar “novvot choy” ichib, majlislarda ma’naviy fazilatlar haqida lof urib, “Pora olish – jinoyat”, “Birovning haqini yeyish – gunoh”, “Adolatli odam kuchli bo‘ladi”, “Ojizlarni himoya qilish kerak”, “Hamisha oqni oq, qorani qora deyish shart” deb tursa-yu, o‘zi bunga tirnoqcha amal qilmasa, bunaqa targ‘ibot kimga yuqadi va hammasini ko‘rib, guvoh bo‘lib turganlarga qanday ta’sir qiladi? Oqibat aniq: bu faqat ikkiyuzlamachi, tili boshqa, amali boshqa avlodni tarbiyalaydi, xolos. Shuning uchun ma’naviyatni targ‘ib qilayotgan va uni boshqalardan talab qilayotganlar pirning nasihat qilish uslubiga amal qilishsa bu sohada qilayotgan ishlarimiz allaqachon ommaviy tarzda meva bergan bo‘lardi.

 

Shu o‘rinda dunyo “katta qishloq”qa aylanayotgan bir paytda talay bahs-u munozaralarga mavzu bo‘layotgan milliy mentalitet va umuminsoniylik haqida to‘xtalmoqchiman. Milliy mentalitet va umumbashariylik aslida bitta narsa. Uni faqat biz turli madaniyat, turli din, turli tarbiya an’analaridan turib turlicha deb o‘ylaymiz. Biz “milliy mentalitet” deb yopishib olgan xususiyatlar tagiga, mazmuniga qarasangiz, baribir insonga bo‘lgan munosabat yotadi. Umumbashariylikda ham shunday. Milliylik men uchun mazmundan ko‘ra ko‘proq shaklga o‘xshaydi. To‘g‘ri, har bir millatning yashash tarzi, o‘z odob-axloqi, olamni idrok etish va munosabat qilish an’analari bor. Ammo bu an’analarning hech biri insoniylikka zid emas. Agar u zid bo‘lsa, demak milliy emas. Milliylik – o‘z shaklida turib o‘zini namoyon qila olish degani. Hazrat Navoiy aruz janrida insoniylikni qanchalar baland darajada madh etgan bo‘lsa, u shunchalar umumbashariy siymoga aylangan. Demak, shakldan qat’i nazar, adabiyot insonga va insonparvarlikka qarab intiladi.

 

Bugun milliylik bilan umuminsoniylik orasida farqlar tobora qisqarib bormoqda. Olamga bo‘lgan munosabatda milliy shakllar chegarasi buzilib ketayapti. Bu xavotirli holatmi yoki insoniyat kelajakda faqat bir millat yoki bir vatan doirasida emas, butun zamin miqyosida o‘zini namoyon qilish uchun zamin tayyorlanayaptimi, buni hozircha bilmaymiz. Mening bilganim shuki, insonning millati, tili, dinidan qat’i nazar, insonning ekzistensial holati va kechinmalari, olamni qabul qilish va munosabatga kirishishi bir-biriga yaqinlashayapti. Lekin, ochig‘i, men bunda tanazzul ham, umid ham ko‘rayotganim yo‘q.

 

Bugun jahon adabiyoti insonning olamdagi o‘rnini, uning tiynatini, o‘zidan, olamdan, tabiiy ildizlaridan, o‘tmishidan, qadriyatlardan uzilib qolgan inson mohiyatini ishonchli tarzda aks ettirishda oqsayapti. Jumladan, milliy adabiyotimizda ham e’tirof va talabimiz  davrning ommaviy didiga bog‘lanib qolayotgani bor gap, zamonasozlikdan tortib olomonchilik didi asoratlariga qadar adabiy muhitda o‘zini namoyish qilayapti. Bu keksa avlod adabiyotidan tortib yoshlar ijodigacha umumiy qusurimiz. Keksa avlodda so‘z san’atidagi hafsalasizlik yaqqol ko‘zga tashlana boshladi. Ular bugun ko‘proq o‘zlarining texnik mahoratlarini ko‘z-ko‘z qilishayapti. Yoshlar esa, garchi keskinroq mavzular ko‘tarayotgan bo‘lsa-da, voqelikka baribir ommaviylik nigohi bilan nazar solishdan, ommaviylik bilan hisoblashishdan qutulib olgani yo‘q.

 

Shu sababli, menimcha, adabiyot bugun o‘zining xaloskorlik mavqeidan ancha pastga tushgan palla.

 

San’at, xususan, so‘z san’ati bo‘lgan adabiyotni insonshunoslik deb bot-bot gapiramiz. Lekin ko‘pincha uning ma’nisini to‘laligicha anglab yetavermaymiz. Insonshunoslik – faqat tahlil qiluvchi degani emas, bu insoniylikni himoya qiluvchi, insoniylikka zid narsalardan asrovchi degani. Dunyoda dinlar ko‘p, bu dinlarda mazhablar, yo‘nalishlar bisyor, ularning da’volari ham, himoya qiluvchi, suyanuvchi tayanchlari ham har xil. Ayni paytda, insonning mohiyatiga munosabatlari-da turlicha. Adabiyot mana shu barcha tillarda, barcha mintaqalarda, barcha irqlarda insoniylikni himoya qiladi, insoniylikka suyanadi, insonga insoniylik mohiyatidan turib baho beradi. U shu jihati bilan umuminsoniydir. Faqat milliylik emas, balki umumbashariy milliylikni aks ettira olgan san’at asarlarini umumbashariy deyish mumkin. Fyodor Dostoyevskiy buyuk adib, ammo uning faqat umumbashariy mohiyatga ega asarlari qadrlanadi, rus qo‘shinining O‘rta Osiyodagi bosqinini madh qilganlari emas. Bizda ko‘pincha milliylik va umumbashariylikni bir-biriga zid deb qarash hanuzgacha saqlanib qolgan. Biz milliy deb biladigan narsalar aslida o‘sha umuminsoniylikning bir qismi, zinhor alohida emas. “Qancha milliy bo‘lsa – shuncha umuminsoniydir” degan gapni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushunmaslik kerak. Milliy dard badiiy jihatdan nechog‘li chuqur va keng badiiy ifoda qilinsa, u shuncha umumbashariy bo‘ladi. Biz ko‘pincha mahorat borasidagi no‘noqligimizni milliylik niqobi ostiga yashiramiz. Men mahorat bilan aks ettirilgan har qanday milliylik bu umuminsoniylik, universallikdir deb bilaman. Masala milliylik yoki umuminsoniylikda emas, o‘sha milliy dard, milliy mentalitet qay darajada badiiy mahorat bilan aks etganida. Badiiy mahoratgina har qanday milliy dardni umumbashariy dardga aylantira oladi. Menga milliyligimiz in’ikosi ko‘proq bugungi so‘z san’atidagi mahoratimizning oqsayotgani bilan bog‘liqday tuyuladi.

 

Fikr – botiniy qiyofa, odamning, shaxsning ichki qiyofasini ko‘rsatib turuvchi ko‘zgu. Fikri yo‘q odamning qiyofasi ham yo‘q. Fikr odamning o‘zligini, o‘ziga xosligini bildirib, mavjudligini ko‘rsatib, kerak bo‘lsa, talab qilib turadi. Fikr aslida “men mavjudman” degani. Fikr yo‘q joyda olomonchilik va johillik ko‘pchiydi. Fikr odamning barmoq izlari kabi o‘ta xususiy, o‘ta shaxsiydir. Biz uni o‘z muhitimiz va yashash tarzimizga moslab ifoda etamiz, shu muhitni fikrimiz bilan yangilashni, o‘zgartirishni, moslashtirishni, ommalashtirishni istaymiz. Ammo yo‘q fikrni ommalashtirish imkonsiz. Ommalashishi va jamiyatning e’tirofiga erishishi uchun oldin shu fikrning o‘zi bo‘lishi kerak. Fikr to‘xtagan jamiyatda botiniy tanazzul boshlanadi. Fikr va qalb – Xudo ichimizga solgan ruhning o‘zini namoyon qilishi. Qalb his etish va muhabbat orqali namoyon bo‘lsa, fikr bilim va bilishga intilish orqali tajalli topadi. Fikrning boshi ham Yaratgan edi, oxiri ham Yaratgan. Biz ana shu oraliqda darajamizga mos idrok jilvalarini hosil qilamiz. U toki Yaratgandan boshlanib, Yaratgan bilan tugar ekan, o‘ziga erkinlik talab qilishi tabiiy. Bir so‘z bilan aytganda, fikr erkinligi Yaratganga bo‘lgan e’tiqod va ishonch erkinligidir. Xuddi biz kabi boshqaning ham fikri va haqqi borligini bilish Yaratgan oldidagi mas’ullikni qabul qilish bilan barobar. Bizga hayot deb atalgan so‘qmoqda o‘zimizni tanish va o‘zlikka erishish imkoniyati berilgan. Qalb va fikr muvozanatiga erishish komillik hisoblanadi. Shu paytgacha o‘tgan falsafiy va fikriy oqimlar o‘sha komillikka erishishning turli yo‘llarini targ‘ib qilib keldi. Fuqarolarining ana shu birligi – muvozanati haqida qayg‘ursagina jamiyat ma’rifiy jamiyat bo‘ladi.

 

“So‘z erkinligi” degan salmoqdor talab tagida aslida “fikr erkinligi” yotadi. Fikr erkin bo‘lmas ekan, fikrni ifoda qilish imkoni berilmas ekan, u yerni yolg‘on to‘laligicha o‘ziniki qilib oladi. Fikr – shaxslarning borligini namoyon qiluvchi sahna. Shaxsni tasdiqlovchi dalil. Jamiyatni olomonchilik xohishi emas, shaxslarning fikri, ularning aql-u idroki yangilaydi. Faqat fikrgina yangilanishga poydevor bo‘ladi. Fikr yo‘q joyda yangilanishga sharoit yo‘q.

 

Shu bois fikrsiz, fikr erkinligisiz sodir bo‘lgan taraqqiyotlar hamisha mo‘rt va omonat bo‘lgan. Bunga uzoq tarix emas, yaqin o‘tmishimiz ham guvohlik beradi. Fikr rang-barangligi shaxslar, ular tavsiya qilayotgan tanlovlar rang-barangligidir. Qayerda tanlov ko‘p bo‘lsa, yangilanishga, o‘sishga, taraqqiyotga yo‘l ham ko‘p bo‘ladi. So‘zni yolg‘onga xizmat qildirish oson, ammo fikrni yolg‘onga xizmat qildirib bo‘lmaydi. Chunki fikr, agar u rostdanam fikr bo‘lsa, har qanday vaziyatda tafakkurga, idrokka suyanadi. So‘z qanchalik bejalgan bo‘lmasin, idrok yolg‘onni his qilib turadi. Shuning uchun dunyo idrokni yashash tarziga aylantirgan yoki idrokdan, fikrdan mahrum qilingan jamiyatlarga bo‘linadi.

 

Fikrsizlik faqat ijtimoiy plyuralizm kushandasigina emas. Fikrsizlik madaniyatning ham kushandasidir. Fikr yo‘q joyda madaniyat yaratilmaydi, faqat madaniyat yaratgan mahsulotlar iste’mol qilinadi, xolos. Fikr bo‘lmagan joyda o‘zigacha bo‘lgan madaniyat meva bermaydigina emas, balki taraqqiyotning qachondir fikr tufayli qad ko‘targan qo‘rg‘onlari ham qulay boshlaydi.

 

Millat iste’dodlar hisobiga yashaydi. Iste’dod – milliy mulk. Har qanday xalq iste’dodlar evaziga gullaydi, yashnaydi, ravnaq topadi. Iste’dodlari xor bo‘lgan davlatlarning ertangi kuni qorong‘i, so‘roq ostida qolaveradi. Bu isbotlangan haqiqat. Agar dunyoga bir e’tibor bersangiz, ilg‘orlik ta’mini va hadisini olgan davlatlar boshqa xalqlarning iste’dodlariga yo‘l berish, ularni qo‘llash orqali mamlakatlarining maqomini baland ushlab turishga katta e’tibor berishayapti. Shu ma’noda yosh iste’dodlarni izlash va yuzaga chiqarish tashabbusi ehtiromga loyiq. Mening fikrimcha, agar haqiqiy iste’dodlar qo‘llanayotgan va yuzaga chiqarilayotgan bo‘lsa, marraning oson yoki mashaqqatli bo‘lishi muhim emas. Iste’dod bu – iste’dod. O‘zini har qanday vaziyatda oqlaydi. Toki u haqiqiy iste’dod bo‘lsa... Ammo savol tug‘iladi. Qo‘llanayotgan, yo‘llari ochilayotganlar haqiqatan ham iste’dodmi yoki?.. Mana shu juda muhim. Marrani oson va yo qiyinchilik bilan egallash muammo emas. Muammo haqiqiy iste’dodni topish, unga yo‘l berishda. Biz iste’dodlarning mashaqqat bilan yuzaga chiqishiga ko‘nikib qoldik. Shuning uchun bugun osongina kitobi chiqayotgan, osongina matbuotni egallayotganlar sal g‘ashimizni keltiradi. Bugungi yoshlar e’tirof etilish borasida imkoniyati keng va ko‘p bo‘lsa ham, lekin o‘zlarining ichidagi o‘zliklarini to‘la shakllantirib bo‘lganlari yo‘q. Iste’dodni qadrlash va unga yo‘l berishni faqat targ‘ibot yoki imkon berilayotgani bilan baholab bo‘lmaydi. Iste’od ommaviy tarzda qadrlansa hamda iste’dodni qadrlash butun boshli jamiyatning fazilatiga aylansa, u o‘zini milliy boylik, milliy qudrat sifatida namoyon eta oladi. Xo‘jako‘rsinga yoki shunchaki tadbirbozlik bilan iste’dod kashf qilinmaydi, aksincha, faqat xashakilar kashf etiladi. Xashakilar esa hech qachon hech narsaning qadriga yetmagan. U qanday tug‘ilgan bo‘lsa, shunday o‘limga mahkum. Xo‘jako‘rsinga kashf qilingan iste’dodlar ana shu xo‘jako‘rsinlikning qurboni bo‘ladi, uning targ‘ibotchisiga aylanadi.

 

* * *

Kitobning fazilati haqida ko‘p va xo‘p yozilgan. Men ham yozganman. Yozganlarim bilan reallik hamisha bir-biriga mos bo‘lavermagan. Men u yerda kitob haqidagi orzularimni yozganman, real voqelikni emas...

 

Bitta qiyos. O‘zbekistonda bir yilda qancha kitob o‘qilayapti va qancha go‘sht yeyilayapti? Raqamlarni taqqoslasangiz, savolingizga o‘zingiz javob topasiz. Bu qiyosdan go‘sht yemaslik kerakmi degan aksil ma’no izlanmasin. Agar oilada go‘sht tugasa, uning o‘rnini to‘ldirishning yo‘li izlanadi, qarz olib bo‘lsa ham biror chorasi qilinadi. Kitobga-chi? Men ana shunga ishora qilmoqdaman.

 

Aslida esa kitob insoniyatning eng ulug‘ obidasi. Kitob bo‘lmasa, na bugungi taraqqiyot, na tafakkur, na odamning o‘zi bo‘lur edi. Kitob – inson qalbi haqidagi eng ulkan bilim, eng ulkan tadqiqot. Har qanday jamiyatni kitobga bo‘lgan munosabatidan bilib olish va xulosa qilish mumkin. Kitobi, kitob yaratuvchisi xor jamiyat o‘zini qanchalik gumanist qilib ko‘rsatmasin, baribir bir kuni tanazzulga yuz tutadi. Bunga biz insoniyat tarixida ko‘p marta guvoh bo‘ldik. Insonni hech qaysi fan kitobchalik aks ettirolmaydi, hech qaysi san’at kitobchalik chuqur va keng tasvirlay olmaydi, hech qaysi vosita inson ruhi va xayoliga kitobchalik erk berolmaydi. Kitobdan bir marta lazzat olib ko‘rgan odamning yovuzlik qila olishiga men ishonmayman. Madaniyatsiz, kitobsiz kishigina yovuzlik va zulm qila oladi. Yovuzlik kitobgacha bo‘lgan manzildir. Kitobdan so‘ng ruhiyat, ruh sari va ruh bilan birga safar boshlanadi... Har qalay bizning avlod shunday qarash bilan ulg‘aydi, shakllandi, hamon shu qarashda turibmiz. Ammo bugungi global to‘fon davrida qarashlar o‘zgardi. Jumladan, kitobning o‘rni ham, unga munosabat ham. Virtual dunyo kitobni ham virtual shaklga aylantirayapti. Buni tan olmasdan ilojimiz yo‘q. Virtual avlod dunyoni virtual ko‘rishni istayapti. Shunday ekan, bizga ham kitobning shakli haqidagi tasavvurimizni o‘zgartirish davri kelganga o‘xshaydi. Ammo kitobning mohiyati haqidagi qarashlar hech qachon o‘zgarmaydi. Men shunday o‘ylayman. Shakli o‘zgarishi mumkin, mohiyati o‘zgarmaydi. O‘sha virtual dunyoda ham shakli boshqacha tus olgan kitob insonni va insoniylikni himoya qilaveradi. Chunki u kitob, chunki u adabiyot.

 

Ko‘p kitob o‘qish emlashga o‘xshaydi. Ammo bu kasallikdan to‘la himoya qiladi degani emas. Chunki hamma narsani belgilovchi inson va millat tabiati ham bor. Inson orzusi va istaklari hamisha o‘zining tabiati bilan qarama-qarshi keladi. Hamisha kurashda bo‘ladi. Qaysi xalqni kitob tarbiyalay olgan, tabiatini o‘zgartirgan bo‘lsa, demak u madaniyatli, o‘zgartirolmagan bo‘lsa, unda kitob mutolaasi borasida hali ko‘p ishlar qilish kerak. Harqalay, keyingi besh yuz yillik tarixda kitob orqali o‘zini o‘zgartirgan yoki o‘zgartirmagan xalqlarning dunyoqarashlari orasida juda katta farq bor. Xususan, kitob tarbiyalashga ulgurmagan xalqni qoliplar, stereotiplar tarbiyalaydi, tafakkur tarzini, shunga mos ravishda yashash tarzini, hatto kitobni ham stereotiplashtiradi. Stereotip tafakkur tarzi jamiyatning barcha sohasida o‘zini ko‘rsatadi. Bunday jamiyatda ravnaq va yangiliklar yuz berishi juda qiyin va og‘ir kechadi. Bunday jamiyat iste’doddan ko‘ra o‘zi ko‘nikkan yashash tarzi va qarashlarini ko‘proq qadrlaydi. Bunday tafakkur tarzi mutelikka moyillashgan, mutelikka moslashgan tafakkur tarzidir. Kitob o‘zgartirgan ong esa bu qoliplarni buzadi. U bugun va erta uchun o‘zini yangilay oladi, o‘zgartirish va o‘zgarish uchun o‘zida quvvat topa oladi.

 

Nazar ESHONQUL

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2023-yil 3-son.

Fikrni ma’rifat uyg‘otadi” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19335
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16432
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi