Yomg‘irli kunning iliq taassurotlari – “Muqaddasdir Vatan bayrogʻi!” tadbiridan reportaj


Saqlash
19:11 / 18.11.2023 671 0

18. 11. 2023-yil.

Davlat bayrogʻi qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan muhtasham “Xalqlar doʻstligi” maydonida “Muqaddasdir Vatan bayrogʻi!” shiori ostida tantanali bayram o‘tkazildi. Shu haqida qisqacha hikoya qilamiz!

 

Yomg‘ir ham tomoshabinlarni tarqatib yubora olmadi

 

Kun davomida ob-havo yomg‘irga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi va tantana avvalida o‘z natijasini ko‘rsatdi. Davlat va jamoat arboblari, taniqli shoir va yozuvchilar, madaniyat va sanʼat namoyandalari, sportchilar, harbiylar, Milliy gvardiya otliq qismlari, faol yoshlar, OAV vakillari va keng aholi ishtirok etayotgan bayramga yomg‘ir to‘sqinlik qila olmadi. Katta ijobiylik bilan yomg‘irga baraka va kuz ne’mati deya qaraldi.

 






Hammani birlashtirgan qo‘shiq

 

Tadbir Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzoning kirish soʻzi bilan ochildi. “Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulugʻ sanaladi. Chunki u xalqning oʻtmishi, buguni va kelajagini oʻzida mujassam etgan vatanning yorqin timsolidir. Shunday ekan, milliy davlatchiligimiz va qadrimiz timsolini hamisha eʼzozlaylik va boshimiz uzra baland koʻtaraylik!”, – mazmunidagi chaqiriqqa javoban maydonda sanoqsiz bayroqlar yuksakka ko‘tarildi.

 

Kirish so‘zi davlat madhiyamizga ulandi: tantanavor qo‘shiq maydondagi yosh-u qari tomonidan katta g‘urur bilan ijro etildi.


 





Mobil telefonlar kamerasi yoqildi

 

Tomoshabinlarga harbiy va vatanparvarlik ruhidagi chiqishlar hamda davlat bayrog‘i ishtirokidagi ommaviy tomoshalar juda manzur bo‘ldi. Tomoshani o‘z mobil telefoniga muhrlashga uringan sanoqsiz tomoshabinlar fikrimizni tasdiqlaydi.

 









Seni ko‘zga surtsam, ko‘zimga quvvat...

 

Bayram shodiyonasining ta’sirchan pallasi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Zulfiya Mo‘minovaning “O‘zbekiston bayrog‘i” nomli she’riga to‘g‘ri keldi. Maydonni zabt etgan otashin misralar tomoshabinlarga yanada iliq kayfiyat ulashdi:

 

“...Seni ko‘zga surtsam ko‘zimga quvvat,

Mag‘rur hilpiragin abadul-abad,

O‘zbekiston bayrog‘i,

O‘zbekiston bayrog‘i!”

 






Sportchilar va’dasi

 

Tantana davomida so‘zga chiqqan bir guruh sportchilar – Boks bo‘yicha Osiyo va jahon chempioni, Olimpiada o‘yinlari g‘olibi Hasanboy Do‘smatov, tosh ko‘tarish bo‘yicha jahon chempioni Nuriddin Ergashev, baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo o‘yinlari sovrindori Nilufarxon Zokirova, kurash bo‘yicha jahon chempioni Abdurahmon Abduvaliyev yurtdoshlarimizni bayram bilan tabrikladi. Ular bundan keyin jahon arenalarida davlat bayrog‘imizni yuksaklarga ko‘tarishga va’da berishdi.




 


Ma’naviyat fidoyilari bilan tanishing

 

“Muqaddasdir Vatan bayrogʻi!” shiori ostida o‘tayotgan bayramning muhim voqeasi – bir guruh san’at va adabiyot vakillariga “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni topshirildi:

 

1. Tesha Mo‘minov, O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyori, O‘zbekiston xalq artisti;

2. Odinaxon Narzullayeva, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri solist-vokalisti, O‘zbekiston xalq artisti;

3. Aleksandr Bekjonov, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri aktyori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist;

4. Yodgora Ziyomuhammedova, O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri aktrisasi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist;

5. Faridaxon Umarova, O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri aktrisasi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist;

6. Hakima Otaxonova, O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri aktrisasi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist;

7. Adolat Ismoilova, Yunus Rajabiy nomidagi o‘zbek milliy maqom san’ati markazi xonandasi;

8. Umida Abduazimova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira;

9. Farog‘at Xudoyqulova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bo‘lim boshlig‘i, shoira;

10. Sayyora To‘ychiyeva, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira, falsafa fanlari doktori, professor.

 






Musiqiy chiqishlar, san’atkorlarning quvnoq qo‘shiqlaridan so‘ng bayramga yakun yasaldi.
Ishonch bildiramizki, tantana tomoshabinlarga chin ma’noda bayram kayfiyatini ulashdi. Har bir yurtdoshimiz yuragida bayroq hilpiradi.

 

 

Sirojiddin RUSTAMOV,

Oyina.uz

 

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19460
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16847
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi