Adabiyotshunoslikni barcha tushunishi shart emas – fanning atay o‘ylab topilmagan mohiyati


Saqlash
18:11 / 15.11.2023 3154 0

Sistemaviy yondashuvdan badiiy asardagi struktura (funksiya/ munosabat)ni aniqlash, tushunish va shundan so‘ng uning tub mohiyatini ochishda foydalaniladi.

 

 

Sistema haqida

 

Sistema – ma’lum funksiyani bajarish uchun bir-biri bilan o‘zaro bog‘langan elementlar majmuyi. Sistemalarni ko‘p jihatdan tasnif qilish mumkin. Dastlab mavhum va aniq sistema farqlanadi. Mavhum sistema aql yordamida tiklanadi va ongda mavjud bo‘ladi hamda shartli ifodaga ham ega bo‘ladi. Masalan, tildagi unli fonemalar sistemasi – mavhum sistema. U – ilmiy tafakkur mahsuli. Kimyoviy elementlarning davriy jadvali ham shunday sistema. Mavhum sistema borliqda mavjud bo‘lmaydi. Ularni “tafakkur sistemalari” deyish ham mumkin. Aniq sistema borliqda bo‘ladi. Borliqdagi har bir narsa / hodisa – aniq sistema. U jismoniy (masalan, mexanizm), biologik (masalan, organizm), ijtimoiy (masalan, tashkilot) bo‘lishi mumkin.

 

Har ikki turdagi sistema ham elementlardan tashkil topadi. Farq shundaki, mavhum sistemalarning elementlari bir xil (masalan, “unlilar” sistemasini tashkil etuvchi fonemalar – o, a, u, o‘, e, i elementlari bir xil o‘lcham va vazifaga ega) bo‘lsa, aniq sistemalarning elementlari har xil (masalan, avtomobilni tashkil etuvchi elementlar – divigatel, shassi, kuzov har xil o‘lcham va vazifaga ega).

 

Demak, sistemaning tenglama ko‘rinishi quyidagicha: sistema=elementlar+munosabat.

 

Sistemaning asosiy xususiyatiga quyidagilar kiradi:

 

elementlardan tashkil topish. Sistema bir-birini taqozo va inkor qiluvchi alohida element (uzv)lardan iborat;

 

elementlarning o‘zaro ta’sirlashuvi. Sistema elementlari bir-biri bilan o‘zaro ta’sirlashadi – birining mavjudligi boshqasini taqozo etadi, o‘zaro bog‘liq bo‘ladi;

 

sistemaning strukturlashganligi. Sistema elementlarning qanday bog‘lanishini belgilaydigan aniq tuzilishga ega.  U ierarxik, tarmoqli yoki boshqa tarzda bo‘lishi mumkin;

 

sistemaning vazifaliligi. Sistema aniq funksiyaga ega.  Vazifa ayon yoki yashirin bo‘lishi mumkin, ular sistema qanday ishlashi va qanday natijaga erishishini belgilaydi;

 

– elementlarning o‘zaro bog‘liqligi. Sistemaning elementlari o‘zaro bog‘liq, bir elementning o‘zgarishi boshqa elementga va butun sistemaning ishlashiga ta’sir qiladi. O‘zaro bog‘liqlik sistemaning yaxlitligi va barqarorligini ta’minlaydi.

 

Aytilganidek, sistema ikki ko‘rinishda bo‘ladi: tafakkur sistemasi va borliq sistemasi. Tafakkur sistemasi borliq hodisalarini umumlashtirish asosida ongda tiklanadi. Masalan, adabiy janrlar sistemasi. Bu sistema faqat ongda yashaydi. Borliqda faqat ma’lum bir janrga mansub aniq badiiy asarlar bo‘ladi. Qo‘limizdagi asar – moddiy va borliq sistemasi.

 

Tafakkur sistemasining elementlari bir xil bo‘ladi. Masalan, adabiy tur sistemasi bir turdagi (gomogen) elementlar janrlardan iborat. Moddiy sistema (ya’ni muayyan badiiy asar) turli elementdan iborat bo‘ladi: mavzu, syujet, kompozitsiya, timsollar kabi. Ularning har biri alohida element hisoblanadi.

 

Tafakkur sistemasi elementlari orasidagi zidlik (farq)lar, moddiy sistemalar orasida uyg‘unlik (moslik) ustuvorlik qiladi. Ular munosabat (struktura)dir. Masalan, mavhum sistema bo‘lgan janrlar orasida farq va tafovutlar ahamiyatli (chunki u tafakkur sistemasi, mavhum sistema), aniq badiiy asar elementlari bo‘lgan mavzu, syujet, kompozitsiya, timsollar orasida moslashuv, uyg‘unlik mavjud (chunki muayyan badiiy asar – borliq sistemasi, moddiy sistema).

 

 

Fanlarda sistemaviy yondashuv

 

Sistemaviy yondashuv fanning turli sohasida keng qo‘llanadi. Ayrim misollar keltiramiz:

 

– sistem biologiya. Sistem biologiya tirik organizm va uning atrof-muhit bilan o‘zaro ta’sirini o‘rganish uchun sistemaviy yondashuvdan foydalanadi. Tadqiqotchi tirik organizmni borliq sistemasi sifatida olib, genlar, oqsillar va metabolik yo‘llarning murakkab tarmoqlarini tahlil qiladi ularning o‘zaro ta’siri va umuman tanada qanday funksiyalarni bajarishini aniqlaydi;

 

– sistem ekologiya. Sistem ekologiyada ekosistemalar va ularning tarkibiy qismlarini o‘rganish uchun sistemaviy yondashuv qo‘llanadi. Tadqiqotchi ekosistemalar qanday ishlashini va bir elementdagi o‘zgarish sistemaning boshqa elementlariga qanday ta’sir qilishi (ya’ni o‘zaro munosabati)ni tushunish uchun tirik organizm, nobiotik omil va biogeokimyoviy sikllar orasidagi o‘zaro ta’sir (munosabat)larni tahlil qiladi;

 

– sistem fizika. Sistem fizikada sistemaviy yondashuv kvant sistemalari, fazaviy o‘tishlar va xaos kabi murakkab fizik sistemalarni o‘rganish uchun ishlatiladi. Tadqiqotchi zarralar va energiya o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir (munosabat)ni tahlil qilib, sistemalar qanday rivojlanishini va ularning xatti-harakatlarini qanday qonun va tamoyillar boshqarayotganini aniqlashadi;

 

– sistem sotsiologiya. Sistem sotsiologiyada sistemaviy yondashuv ijtimoiy sistemalar va ularning shaxs, guruh, tashkilot va jamiyatlar kabi tarkibiy qism (element)larini o‘rganish uchun qo‘llanadi.  Tadqiqotchilar ijtimoiy sistema qanday ishlashini va bir qismdagi o‘zgarish sistemaning boshqa qismiga qanday ta’sir qilishini tushunish uchun odamlar, ijtimoiy tuzilma va madaniy omillar orasidagi o‘zaro ta’sirlarni tahlil qiladi;

 

– sistem informatika. Sistem informatikada sistemaviy yondashuv axborot sistemalari va ularning algoritmlar, malumotlar bazalari va tarmoqlar kabi komponentlarini o‘rganishda foydalaniladi. Tadqiqotchilar axborot sistemalari qanday ishlashini va bir qismdagi o‘zgarishlar sistemaning boshqa qismlariga qanday ta’sir qilishini tushunish uchun axborot, jarayon va foydalanuvchilar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir (ya’ni, bizningcha, munosabat)larni o‘rganadi;

 

sistem tilshunoslik. Sistem tilshunoslikda til (lison va nutq) birliklari o‘zaro qanday bog‘langanligi va qanday butunlikni tashkil etishi, elementlar bu butunlik tarkibida, butunlik (sistema) boshqa butunlik (sistema)larga nisbatan qanday funksiya bajarishini aniqlaydi. Tilshunoslar lisonni tafakkur sistemasi, nutqni moddiy borliq sistemasi sifatida qaraydi.

 

Sistemaviy yondashuv turli sistemadagi murakkablik va munosabatlarni chuqurroq tushunish imkonini beradi, bu esa ilmiy nazariya, model va tadqiqot usullarini qo‘llash va ishlab chiqishga ko‘maklashadi.

 

 

Adabiyotshunoslikda ratsional va empirik bilish

 

Ratsional (nazariy) va empirik (kuzatuv) yondashuv fan, jumladan, adabiyotshunoslikda bilim hosil qilishning ikkita asosiy yondashuvi, bilishdagi ikki bosqich.

 

Kuzatuv (empirik) bosqichi:

 

– ilgari surilgan gipoteza va nazariyani tekshirish uchun kuzatish, tajriba va dalillar to‘playdi;

 

– tekshirish mumkin bo‘lgan aniq dalil va ma’lumotlarni oladi;

 

– axborot yig‘ish va izohlash uchun kuzatish, tajriba, savol va ma’lumotlarni tahlil qilish usullaridan foydalanadi.

 

Empirik bilimning maqsadi kuzatilgan fakt va ma’lumotlarga asoslangan faraz va nazariyalarni tekshirish, tasdiqlash yoki rad etishdan iborat. Umuman olganda, empirik bilish muayyan asar yoki adib ijodi (borliq sistemasi, moddiy sistema) ustida olib boriladigan faktlarni to‘plash, tasniflash, sistema yoki uning unsurini (munosabatlardan xoli holda) o‘rganishdir. Empirik bilim asosida nazariy bilim shakllanadi.

 

 

Nazariy (ratsional) bosqich:

 

– hodisa va jarayonni tushuntirish uchun nazariya, model va tushunchalarni ishlab chiqish va ulardan foydalanishga asoslanadi;

 

– turli holat va vaziyatda qo‘llanadigan mavhum va umumiy tushunchalarni yaratishga qaratiladi;

 

gipoteza va xulosalarni shakllantirishda mantiqiy fikrlash, induksiyadan foydalanadi.

 

Nazariy bosqichda badiiy hodisalar zamirida yotgan qonuniyat va tamoyillarni ochish va tushuntirish asosiy vazifa sanaladi. Nazariy bilim undan keyingi empirik bilish bosqichida o‘z tasdig‘ini topishi kerak. Zero, empirik va nazariy bilish bosqichlari takrorlanib turadi: “empirik bosqich – nazariy bosqich – empirik bosqich – nazariy bosqich”. Bilishda jonli mushohada (empirik bilish)dan abstrakt tafakkur (nazariy bilish)ga va undan amaliyot (empirik bilish)ga o‘tiladi deganda ana shu uzviylik anglashiladi.

 

Adabiyotshunoslikda nazariy bilimdan asar tuzilishi, mazmun va ramz kabi badiiy hodisalarni anglash va anglatishga yordam beradigan qonuniyatlarni ochish va tushunchalarni ishlab chiqish hamda qo‘llashda foydalaniladi. Badiiy qonuniyatlar ustida ish ko‘ruvchi strukturalizm, poststrukturalizm, feministik tanqid kabi nazariy yondashuvlar adabiyotni tahlil qilish uchun turli yondashuv, usul va vositalarni taklif qiladi. Fanda (xususan, adabiyotshunoslikda ham) qonuniyatlarni ochuvchi yondashuv – nazariy yondashuv, bu bilan shug‘ullanuvchi olim nazariyotchi olimdir.

 

Adabiyotshunoslikdagi empirik bilish matn tahliliga asoslangan tadqiqot, muallif yoki kitobxonlar bilan suhbat, so‘rov va asarni qabul qilish ma’lumotlarini tahlil qilishdan iborat bo‘lishi mumkin. Masalan, badiiy asarni idrok etish bo‘yicha tadqiqotlarda so‘rov va ma’lumotlarni tahlil qilish usulidan foydalanish mumkin. Adabiyotshunoslikda empirik yondashuv ochilgan qonuniyatlarning ma’lum bir ijodkor yoki asarda namoyon bo‘lishini tahlil qilishdir, bu bilan shug‘ullanuvchi olim empirik olimdir. Agar asar yoki adib ijodi tahlilidan chiqarilgan xulosa adabiy qonuniyatlarni ochishga olib kelgan bo‘lsa, ya’ni yangi qonuniyat kashf etilgan bo‘lsa, bu tadqiqot to‘la ma’noda nazariy tadqiqotdir.

 

Nazariy va empirik bilimlar ilmiy tadqiqotlar, jumladan, badiiy tanqidda o‘zaro bog‘liq, ular bir-birini to‘ldiradi.  Ya’ni umumiy badiiy qonuniyatlar muayyan badiiy asarda qanday voqelanganini tekshirish amaliyoti (empirik yondashuv) nazariy (ratsional) bilimlar asosida amalga oshiriladi. Empirik tahlillar esa nazariy bilimlarga asos bo‘la olishi kerak.

 

 

Adabiyotshunoslikda sistemaviy yondashmaslik oqibatlari

 

Badiiy asar tahlilida sistemaviy yondashuvdan foydalanmaslik bir qancha salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin:

 

uzilish va yuzaki tahlil. Sistemaviy yondashuvsiz tadqiqotchilar badiiy asarlarning syujeti, personajlari yoki uslubi kabi ayrim jihatlarini, ularning aloqasi va asarning boshqa jihatlariga ta’sirini hisobga olmagan holda o‘rganishga moyil bo‘lishi mumkin. Bu esa badiiy matnning mohiyatini to‘liq tushunmaslik va yuzaki baholashga olib keladi. Yoki biror adib ijodi unga yondosh adiblar ijodidan ayricha o‘rganilsa, bu sistemadagi bir elementni boshqasidan xoli o‘rganish demakdir. U elementni sistem munosabatsiz o‘rganish hisoblanadi. Masalan, Abdulla Oripov ijodini u bilan bir sistemaga kiradigan yondosh ijodkorlardan uzib, yakka holda tadqiq qilish aslida ilmiy yondashuv emas. Buning uchun dastlab ushbu sistemaga qaysi ijodkorlar kirishini aniqlab olish taqozo etiladi. Muhtaram adabiyotshunoslar bu sistemologik aksiomani e’tiborga olishlari kerak;

 

kontekstsizlik. Sistemaviy yondashuv badiiy asar yaratilgan va idrok qilinadigan kontekst (muhit)ni hisobga olishga imkon beradi. Tarixiy, ijtimoiy yoki madaniy kabi kontekstni hisobga olmagan holda, tadqiqotchilar asar mazmuni va talqiniga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan muhim jihatlarni o‘tkazib yuboradi. Kontekstual tahlil uch o‘lchamli yondashuv bo‘lib, maxsus tadqiqotlarni taqozo etadi. Zotan, badiiy matnda ham uch o‘lcham – “to‘g‘ri chiziq”, “yuza” va “hajm” birliklari xususiy ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi;

 

qamrovning cheklanganligi. Sistemaviy yondashuv adabiyotga keng kontekstda va turli nuqtayi nazardan qarash imkonini beradi. Sistemaviy yondashuvning yo‘qligi badiiy asar va uning ahamiyati haqida cheklangan qarashga olib keladi. Tadqiqotchi adabiyotning psixologiya, tarix, falsafa yoki sotsiologiya kabi boshqa bilim sohalari bilan aloqasini o‘rganish imkoniyatini qo‘ldan boy berishi mumkin. Masalan, “O‘tkan kunlar” romanida psixologizmni yoritish personajlarni psixologik tahlil qilish, ularning temperamentlarini aniqlashdan boshlanishi kerak. Biroq psixologizmga urg‘u berilgan ishlarning aksariyatida hatto psixologiyaga doir birorta qo‘llanmaga murojaat qilinganini ham ko‘rmaymiz. Adabiy-estetik tahlillar haqida ham shunday desa bo‘ladi;

 

– obyektivlikdan mahrumlik. Sistemaviy yondashuv tadqiqotning obyektivligiga hissa qo‘shadi, chunki u turli omil va ular orasidagi munosabatlarni hisobga olish imkonini beradi. Sistemaviy yondashuvsiz tadqiqotchi subyektiv va cheklangan nuqtayi nazarga duch keladi, bu esa badiiy asar tahlili va talqinini buzishi mumkin.

 

Adabiyotshunoslikda sistemaviy yondashish badiiy asarni barcha murakkabligi, mazmuni va munosabatlarini hisobga olgan holda chuqurroq va har tomonlama tadqiq etish va tushunish imkonini beradi. Shuningdek, adabiyotning sistema sifatidagi umumiy qonuniyatlari har bir xususiy asarda qanday voqelanganini aniqlashga olib keladi. Bu yanada xolis va chuqur tahlil qilishga hissa qo‘shadi, shuningdek, adabiyot fanining istiqbolini kengaytiradi.

 

 

Badiiy asar sistema sifatida

 

San’at asarini bir-biri bilan o‘zaro ta’sir qiluvchi turli elementdan tashkil topgan yaxlit moddiy borliq sistemasi deb qarash mumkin. Quyida ushbu elementlarning ba’zilari va ularning munosabatlarini keltiramiz:

 

syujet. Badiiy asar asosini syujet tashkil etadi. Bu asarda yuzaga keladigan voqealar ketma-ketligi. Syujet qahramonlarning o‘zaro ta’siri, konfliktning rivojlanishi va muammoni hal qilishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, syujet badiiy asarga nisbatan element bo‘lish bilan birga, o‘zining tashkil etuvchilariga nisbatan sistema sifatida namoyon bo‘ladi. Masalan, syujetni tashkil etuvchi unsurlar uning o‘zaro bog‘lanib, sistemani tashkil etgan elementlaridir;

 

personajlar. Ularning xatti-harakati va boshqa ramzlar bilan o‘zaro munosabatiga ta’sir qiluvchi shaxsiyati, motiv va maqsadlari bor. Qahramonlar asosiy yoki yordamchi obrazlar bo‘lishi ham mumkin, ularning o‘zaro ta’siri (elementlarning o‘zaro munosabati) asarning qanday rivojlanishini belgilaydi;

 

mavzu. Mavzu – muallif o‘z asari orqali aytmoqchi bo‘lgan asosiy g‘oya yoki xabar. U asarning syujeti, personajlari, timsollari va boshqa elementlari orqali ifodalanadi. Bu keng ijtimoiy muammo, insoniy qadriyat yoki shaxsiy his-tuyg‘u bilan bog‘liq bo‘ladi;

 

uslub. Uslub – muallifning asar yaratishda til va badiiy vositalardan foydalanishi. Uslub so‘z, ibora, ritm, metafora va boshqa badiiy vositani tanlash va qo‘llashni o‘z ichiga olishi mumkin. Muallifning uslubi asar muhiti va o‘quvchiga hissiy ta’sir qilishi mumkin;

 

– timsollar. Timsol – tom ma’nodan tashqari qo‘shimcha ma’noga ega narsa, harakat yoki belgi. Timsollar chuqur g‘oya, his-tuyg‘u yoki tushunchani yetkazish uchun ishlatiladi.  Ular takrorlanuvchi motiv yoki ish kontekstida o‘ziga xos ma’noga ega bo‘ladi.

 

Badiiy asardagi bu elementlarning o‘zaro ta’sirlashuvi yaxlit sistemani vujudga keltiradi. Har bir element boshqasiga ta’sir qiladi hamda o‘quvchida fikr va estetik ta’sir shakllanishiga hissa qo‘shadi. Mazkur elementlarning mavqeyi turli asarda har xil bo‘lishi mumkin. Bir asarda syujet ustuvor bo‘lsa, boshqasida uslub kuchli bo‘lishi mumkin. Yoki G‘arb adabiyotini syujet san’ati, Sharq adabiyotini tasvir san’ati (so‘z san’ati) degan hukmimizda ham shunga asoslanamiz.

 

 

Asar tahliliga sistem yondashuv komponentlari

 

Adabiyotda sistemaviy yondashuv tadqiqotchilarga badiiy asarni yaxlit va kontekstual tahlil qilish va tushunishga yordam beradigan bir nechta komponentni o‘z ichiga oladi:

 

kontekst. Kontekst badiiy asarning yaratilishi va idrokini o‘rab turgan tarixiy, ijtimoiy, madaniy va badiiy kabi omillarni o‘z ichiga oladi (bu biz yuqorida ta’kidlagan uch o‘lchamdan biri bo‘lgan “hajm”ga muvofiq keladi). Sistemaviy yondashuv tadqiqotchilari ish va uning talqiniga qanday omillar ta’sir qilishi mumkinligini tushunish uchun kontekstni hisobga oladi. Masalan, Abdulla Qahhorning “Bemor” hikoyasidagi Sotiboldi badiiy shaxsining mohiyati uch o‘lchamda ochiladi: jumlada (“chiziq” – birinchi o‘lcham), matn (“yuza” – ikkinchi o‘lcham) va tashqi omillar (“hajm” – uchinchi o‘lcham). Aynan ushbu hikoyada hal qiluvchi omil – adib tomonidan berilmagan tarixiy davr, muhit hisoblanadi. Adib uslubiga bog‘liq ravishda o‘lcham birliklari teng yoki nomutanosib bo‘lishi ham mumkin;

 

elementlararo munosabat. Adabiyotdagi sistemaviy yondashuv asarning syujet, personaj, mavzu, uslub va timsol kabi turli elementlarining o‘zaro munosabatiga qaratilgan. Tadqiqotchi ushbu elementlarning bir-biri bilan o‘zaro ta’siri va ularning kombinatsiyasi asarning yaxlitligi va mazmunini qanday yaratishini tahlil qiladi (bu biz yuqorida ta’kidlagan uch o‘lchamdan biri bo‘lgan “yuza”ga muvofiq keladi);

 

intertekstuallik. Sistemaviy yondashuv tadqiqotchisi matnlararo aloqalarni, ya’ni badiiy asarlar orasidagi bog‘liqliklarni inobatga oladi. Ular asar qanday qilib boshqa asarga havola qilishi, iqtibos keltirishi yoki qayta talqin qilishi mumkinligini o‘rganadi. Bu badiiy asarning bir-biriga qanday ta’sir qilishini tushunishga yordam beradi (bu biz yuqorida ta’kidlagan uch o‘lchamdan biri bo‘lgan “to‘g‘ri chiziq”qa muvofiq keladi);

 

kompleks tahlil. Adabiyotda sistemaviy yondashuv asarning nafaqat mazmuni, balki uning shakli, tuzilishi, tili va uslubini ham o‘z ichiga olgan kompleks tahlilni taqozo etadi. Tadqiqotchi asarning mazmuni va estetik ta’siriga qanday ta’sir qilishini tushunish uchun uning tafsilot va xususiyatlariga e’tibor beradi;

 

– fanlararo yondashuv. Adabiyotlarda sistemaviy yondashuv fanlararo yondashuvni, ya’ni tarix, falsafa, sotsiologiya va psixologiya kabi turli sohaga oid bilim va usuldan foydalanishni ham o‘z ichiga oladi.  Sistemaviy yondashuv tadqiqotchisi badiiy asarlarni to‘liqroq tushunish uchun o‘z dunyoqarashi va bilimlarini kengaytirishga intiladi.

 

Adabiyotda sistemaviy yondashuv tadqiqotchilarga badiiy asarlarni o‘z yaxlitligi va kontekstida, elementlarning o‘zaro bog‘liqligi va matnlararo aloqalarini hisobga olgan holda ko‘rib chiqishga ko‘maklashadi.

 

 

Adabiy turlar tahlilida sistemaviy yondashuv

 

Adabiyotning turli janr va shakliga ularning xususiyat va munosabatlarini aniqlash uchun sistemaviy yondashuv qo‘llanishi mumkin. Adabiy turlarga sistemaviy yondashuvni qo‘llashga misol keltiramiz:

 

1) Nasr. Roman tahliliga sistemaviy yondashishda tadqiqotchilar syujet, personaj, mavzu va uslub o‘rtasidagi munosabatga e’tibor qaratadi. Ularda turli voqea-hodisa qanday o‘zaro bog‘langanligi, personajlar qanday rivojlanib, bir-biri bilan o‘zaro sistemaviy munosabatda bo‘lishi, asarda qanday mavzu va g‘oya mavjudligi, muallif uslubining umumiy muhit va estetik kayfiyatga qanday ta’sir etishi tahlil qilinadi;

 

2) She’riyat. She’r tahliliga sistemaviy yondashishda tadqiqotchilar she’rning tuzilishi, so‘z va iboraning tanlanishi, ritm va tovush effektlariga e’tibor beradi. Ular bu elementlarning bir-biri bilan o‘zaro ta’siri va qanday qilib maxsus estetik va hissiy muhitni yaratishini tahlil qiladi. Tadqiqotchilar, shuningdek, turli she’riy asarlar o‘rtasidagi matnlararo aloqa va ularning bir-biriga ta’sirini o‘rganishlari mumkin;

 

3) Drama. Dramalarni tahlil qilishga sistemaviy yondashishda tadqiqotchi asarning tuzilishi, personajlar o‘rtasidagi dialog, sahna yo‘nalishi va rejissor fikrlariga e’tibor beradi.  Ular sahnada harakat qanday kechayotgani, qahramonning bir-biri bilan o‘zaro munosabati, asarda qanday mavzu va g‘oya mavjudligini tahlil qiladi. Tadqiqotchi, shuningdek, dramatik asarning she’r yoki nasr kabi boshqa janrlar bilan o‘zaro munosabatini ham o‘rganishlari mumkin. Ta’kidlash lozimki, dramatik asarning sahnasiz tahlil qilinishi sistemaviy yondashuvga mutlaqo ziddir.

 

 

Badiiy sistema elementlari orasidagi munosabat

 

Badiiy adabiyotda uzviy va estetik mazmunli asar yaratishda tarkibiy qismlarning o‘zaro ta’siri muhim o‘rin tutadi. Bu komponentlar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirga misollar keltiramiz:

 

syujet va personajlar munosabati. Syujet va personajlar bir-biriga o‘zaro ta’sir etib, dramatik holat yaratadi. Qahramonlar harakatlanadi va syujet rivojiga ta’sir qiluvchi qarorlar qabul qiladi. Syujet, o‘z navbatida, qahramonning xatti-harakati va evolyutsiyasini belgilaydi. Syujet va personaj orasidagi o‘zaro ta’sir o‘quvchi bilan hissiy aloqani yaratishga yordam beradi va inson tajribasining chuqurligi va murakkabligini namoyon qiladi;

 

mavzu va ramzlar munosabati. Mavzu va ramz asarning chuqur mazmun va g‘oyalarini yetkazish uchun o‘zaro ta’sirlashadi. Ramzlar asar mavzusini ochishga yordam beradigan illuziya, metafora va allegoriyalarni ifodalash uchun ishlatilishi mumkin.  Mavzu va ramzlar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir muallifga turli yo‘l bilan talqin qilinishi mumkin bo‘lgan serqirra va polifonik matn yaratish imkonini beradi;

 

uslub va til munosabati. Uslub va til o‘zaro bog‘lanib, maxsus atmosfera va estetik ta’sir yaratadi. Muallif uslubi, so‘z, ibora va ritm tanlashi asarning o‘ziga xos ovozini vujudga keltiradi. Til tasvirlarini yaratish, kayfiyat va hissiyotlarni tasvirlash, dialog va qahramonlarning fikrlarini yetkazish uchun ishlatilishi mumkin. Uslub va til o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir o‘ziga xos badiiy shakl yaratishga, muallif shaxsini yetkazishga yordamlashadi;

 

– kontekstuallik va intertekstuallik munosabati. Kontekst va intertekstuallik o‘quvchiga asarni tarixiy, ijtimoiy va madaniy kontekstda tushunishga yordam berish uchun o‘zaro ta’sirlashadi.  Kontekst asarning mavzulari, g‘oyalari va uslubiga ta’sir qiladi, matnlararo aloqa esa boshqa badiiy asar va an’analarga murojaat qilishi mumkin. Kontekst va intertekstuallik o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir asar va uning ahamiyatini tushunishni kengaytirishga yordam beradi.

 

Badiiy adabiyotdagi komponentlararo o‘zaro ta’sir asarning estetik va hissiy ta’sirini yetkazishga yordam beradigan murakkab va chuqur bog‘lanishlar tarmog‘ini yaratadi.

 

 

Asar tahliliga sistemaviy yondashuv prinsiplari

 

Adabiyotda sistemaviy yondashuvning metodologik asoslari badiiy asar o‘zaro bog‘liq elementlardan tashkil topgan murakkab moddiy sistema degan fikrga asoslanadi. Ushbu yondashuv turli tarkibiy qismlari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni hisobga olgan holda, bir butun sifatida tahlil qilishni taklif qiladi. Adabiyotda sistemaviy yondashuvning asosiy tamoyillaridan ba’zilariga to‘xtalamiz:

 

– “yaxlitlik” prinsipi. Sistemaviy yondashuv badiiy asarning yaxlit sistema ekanligini, bunda har bir element boshqa elementlar bilan o‘zaro aloqada bo‘lib, asarning umumiy tuzilishi va mazmuniga ta’sir etishini nazarda tutadi.  Demak, asarni to‘liq anglash uchun uni barcha tarkibiy qismlari doirasida ko‘rib chiqish zarur;

 

– “o‘zaro ta’sir” prinsipi. Sistemaviy yondashuv asarning syujeti, personajlari, uslubi, tili va mavzulari kabi turli elementlari orasidagi o‘zaro ta’sirga qaratilgan. U bu elementlarning bir-biri bilan qanday munosabatda bo‘lishi va ular o‘rtasida qanday o‘zaro bog‘liqlik va aloqa mavjudligini tahlil qilishni taklif qiladi;et

 

“ierarxik va mikrosistematik” prinsip. Sistemaviy yondashuv badiiy asarni ierarxik daraja va mikrosistemalarga bo‘lish mumkinligini nazarda tutadi. Masalan, syujetni turli hodisa va harakatlarni o‘z ichiga oluvchi mikrosistema, personajlarni esa ularning xarakterlari, motivlari va munosabatlarini o‘z ichiga oluvchi mikrosistema sifatida ko‘rish mumkin;

 

teskari aloqa va o‘z-o‘zini tartibga solish” prinsipi. Sistemaviy yondashuv badiiy asarda fikr-mulohaza va o‘z-o‘zini tartibga solish bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Demak, asarning bir qismidagi o‘zgarishlar boshqa qismlarga ham ta’sir qilishi, asar o‘qilishi va talqin qilinishi bilan o‘zgarishi va rivojlanishi mumkin;

 

“kontekstuallik” prinsipi. Sistemaviy yondashuv badiiy asarning yaratilishi va idrokiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan tarixiy, ijtimoiy va madaniy kontekst kabi omillarni hisobga oladi. U ushbu kontekstual omillar asarning tuzilishi va mazmuniga qanday ta’sir ko‘rsatishini tahlil etishni taklif qiladi;

 

– “ko‘p darajalilik” prinsipi. Sistemaviy yondashuv badiiy asarni mikrodarajadan (masalan, alohida iboralar yoki tasvirlarni tahlil qilish) makrodarajagacha (masalan, to‘liq tahlil qilish) tahlil qilishning oralig‘ida ko‘rib chiqilishini nazarda tutadi.

 

 

 

Asar tahliliga sistemaviy yondashuv afzalliklari

 

Adabiyotda sistemaviy yondashuvning afzalliklari shundaki, u badiiy asarni chuqurroq va har tomonlama tahlil qilish va tushunish imkonini beradi. Adabiyotda sistemaviy yondashuvning asosiy afzalliklari quyidagilar:

 

asarni yaxlit tushunish. Sistemaviy yondashuv badiiy asarni yaxlit sistema sifatida ko‘rib chiqishga sharoit yaratadi, jumladan, syujet, personaj, mavzu, uslub va hokazo. Bu asarni hamda uning o‘quvchiga estetik va hissiy ta’sirini to‘liqroq, chuqurroq anglashga xizmat qiladi;

 

– aloqalar va o‘zaro ta’sirlarni ochish. Sistemaviy yondashuv asarning turli tarkibiy qismlari o‘rtasidagi munosabat va o‘zaro ta’sirlarni tahlil qilishga imkon tug‘diradi.  Masalan, syujet personajlar rivojiga qanday ta’sir ko‘rsatishi, muallif uslubining ma’lum muhit va hissiy ta’sir yaratishi, mavzu va timsollarning asar teranligi va mazmunini qanday ifodalashi kabi. Bu badiiy asarning murakkabligi va teranligini ochib berishga ko‘maklashadi;

 

– fanlararo yondashuv. Adabiyotda sistemaviy yondashuv tilshunoslik, psixologiya, sotsiologiya, estetika va falsafa kabi turli fanlarning tamoyil va usullaridan foydalanish imkonini beradi.  Bu esa asar va uning madaniyat va jamiyatdagi o‘rni haqida keng va ko‘p qirrali tasavvurga ega bo‘lishga xizmat qiladi;

 

– kontekstual va intertekstual tahlil. Sistemaviy yondashuv badiiy asarni uning tarixiy, ijtimoiy va madaniy kontekstida tahlil qilish imkonini yaratadi. Bu asarning yaratilishiga qanday omillar ta’sir qilgani, shuningdek, uning boshqa badiiy asar va an’analar bilan qanday munosabatda bo‘lishini tushunishga olib keladi;

 

– tanqidiy fikrlashni kengaytirish. Adabiyotshunoslikda sistemaviy yondashuv analitik va tanqidiy fikrlashni, shuningdek, asarning turli tarkibiy qismi orasidagi aloqa va o‘zaro ta’sirlarni ko‘rish qobiliyatini talab qiladi. Bu adabiyot va uning ahamiyatini chuqurroq va tanqidiyroq tushunishga yordam beradi.

 

Umuman olganda, adabiyotga sistemaviy yondashuv asarni chuqurroq va har tomonlama anglash, uning murakkabligi va ahamiyatini ochib berish, analitik va tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga imkon yaratadi.

 

 

Asar tahliliga sistemaviy yondashuvning cheklanganlik jihatlari

 

Adabiyotda sistemaviy yondashuvga tanqidiy qarash bir necha jihatlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin:

 

– soddalashtirish va cheklash. Sistemaviy yondashuv asarni yaxlit tushunishni taklif qilgan holda, ba’zan tahlilni soddalashtirish va cheklash ehtimoli bor. Syujet yoki belgilar kabi ba’zi jihatlarga e’tibor qaratishi va uslub yoki til kabi boshqa muhim elementlarni e’tibordan soqit qilishi kuzatiladi;

 

– muallifning individualligini e’tiborsiz qoldirish. Sistemaviy yondashuv ba’zan muallifning o‘ziga xosligiga diqqat qaratmaslik holatlarini ham yuzaga chiqaradi. Adabiyotning umumiy qoliplari va tuzilmalariga urg‘u berib, muallifning individual uslubi, motiv va maqsadlarini o‘tkazib yuboradi. Bu asarning soddalashtirilgan va stereotipik idrok etilishiga olib kelish ehtimoli yo‘q emas;

 

– usullarning cheklanganligi. Adabiyotda sistemaviy yondashuv ma’lum uslub va yondashuvlardan foydalanishda cheklanishga olib kelishi ham mumkin. U asarning rasmiy tahlili va tuzilishiga e’tibor qaratib, hissiy ta’sir, estetika va metafora kabi kengroq va chuqurroq jihatlarni e’tibordan soqit qiladi. Bu esa asarni yuzaki va cheklangan holda tushunish ehtimolini keltirib chiqaradi.

 

Umuman olganda, adabiyotga sistemaviy yondashuvni mutlaqlashtirish tahlilda soddalashtirish, cheklanish, muallifning individualligini e’tiborsiz qoldirish bilan bog‘liq ayrim jihatlarni yuzaga chiqarishi mumkin. Ammo ta’kidlash kerakki, sistemaviy yondashuv, agar boshqa usul va yondashuvlar bilan birga qo‘llansa, badiiy asarni anglash uchun juda foydali bo‘ladi.

 

 

Xulosa

 

Mavjudlik sistema sifatida yashash. Har qanday butunlik (sistema) qism (element)lardan tashkil topadi. Qism (element) esa butunlik (sistema)ga kiradi. Sistema mohiyati elementlarning o‘zaro munosabatidan keltirib chiqariladi. Sistema tarkibidagi bir elementning mohiyati uning boshqa elementlar bilan o‘zaro munosabatini aniqlash asosida ochiladi. Sistemalar tafakkur sistemasi va moddiy borliq sistemasiga ajraladi. Badiiy asar moddiy sistema. Syujet, personaj(lar), mavzu, uslub, timsol(lar) ushbu sistemaning elementlari. Ularning o‘zaro munosabati asosida badiiy asarning mohiyati tiklanadi. Shuningdek, har biri elementning mohiyati boshqa elementlar bilan o‘zaro munosabati tahlili asosida anglashiladi.

 

O‘simlik va o‘simlikshunoslik, til va tilshunoslik farqlanganligi kabi adabiyot va adabiyotshunoslik ham farqlanishi ma’lum. O‘simlik, til, adabiyot va hokazolar omma uchun, o‘simlikshunoslik, tilshunoslik, adabiyotshunoslik kabi fanlar esa mutaxassislar uchun mo‘ljallangan. Ba’zan adabiyotshunos olimlardan tilshunoslik murakkablashib ketdi, tushunib bo‘lmay qoldi, bunchalik qiyinlashtirish nimaga kerak, degan e’tirozlarni eshitib qolamiz. Ammo ular matematika, fizika, kimyo kabi boshqa fanlar haqida bunday da’volar qilmaydi. Go‘yo tilshunoslik boshqalar tushunmasa, fan bo‘la olmaydigandek. Aslida, fanni hamma tushunishi shart emas (va bunday bo‘lishi imkonsiz ham). Zotan, fanning o‘rganish obyekti hamma uchun teng, ammo fanning o‘zi faqat uning “ega”lari (mutaxassislar) uchun xoslangan. Demoqchimizki, yuqoridagi fikr-mulohazalar adabiyotni murakkablashtirish sifatida qoralanish ehtimoli bor. Biroq bildirilgan fikrlar adabiyotshunoslik (fan)ga doxil. Modomiki, adabiyotshunoslik ham fan ekan, uni ham barchaning tushunishi shart emas va bu ilojsiz ham. Fanning atay o‘ylab topilmagan mohiyati mana shunda.

 

Baxtiyor MENGLIYEV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16793
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi