“Biz buzuq tarix bilan kurashajakmiz” – G‘oziy Yunusning Turkiston himoyasiga bag‘ishlangan yangi maqolasi


Saqlash
12:11 / 09.11.2023 518 0

“Tarixni o‘z boshidan kechirib ko‘rmaguncha hech kim tarix haqida so‘z ocholmaydi. Butun millatlar haqida ham xuddi shunday fikrni bildirish mumkin” deb ta’kidlagan edi o‘z davrida olmon mutaffakkiri Gyote.  XIX asr oxiri XX asr boshlarida jadid taraqqiyparvarlari ham Turkiston xalqini tarix bilan qurollantirishga, tarixdan ibrat olgan holda olg‘a qadam bosishga da’vat etdilar.

 

Yana bir jihat borki, jadid taraqqiyparvarlari soxta tarix bilan qattiq kurashdilar, “Biz sizlarga madaniyatni olib keldik, biz kelguncha sizlar qoloq, harf tanimaydigan, kelib chiqish ildizi yo‘q bo‘lgan duragay millat edinglar” deb da’vo qilguvchi, o‘g‘ri, yovuz hamda nomussiz bolsheviklar bilan yelkama-yelka olishdilar.

 

 

Toshkentlik taraqqiyparvar G‘oziy Yunusning (1887–1942) “Bilim o‘chog‘i” jurnali 1923-yil 15-may 2-sonida chop etilgan “Qing‘ir tarixchilar” nomli maqolasi ana shunday kurashning yorqin misollaridan biri hisoblanadi.  Adibning ushbu maqolasi ilk marotaba o‘quvchilar e’tiboriga havola etilmoqda.

 

Qing‘ir tarixchilar

 

Hozir, biz o‘tgandagi yozuvchilar, muarrixlar, adiblar tomonidan yozilg‘on hisobsiz ko‘p narsalarni ko‘ramiz. Lekin, bu narsalarning birozi o‘zining nodirlig‘in saqlab kelgan bo‘lsa-da, eng ko‘p qismi buzuq maqsad, tarafkashlik, o‘z millatini ortuqcha ko‘tarib, boshqa bir millatni tahqir etish yo‘li bilan  yozg‘oni uchun o‘zining baynalmilal ahamiyatini yo‘qotib, o‘sha millatning ko‘ngli buzuq qismig‘a xos tarix bo‘lib qolg‘ondir.

 

Ba’zi yozilg‘on tarixiy asarlar yozuvchining sofdillig‘i, betaraflig‘i, orqasida o‘sha asarda qancha mo‘tabar bo‘lsa, shu tarix eskirgan sari e’tibor topadur, o‘zining baynalmilal tarix kitobi ekanligi har kim tomonidan e’tirof qilinadir. Biroq mana bunday tarixlar dunyo yuzinda juda oz uchraydir.

 

Bir ingliz yozuvchisi hindular yoki bular hayotindan bir narsa yozar ekan, ingliz manfaatini qistirib yuboradir. Bu narsa tarixiy asar bo‘la olmasdan hindular yoki bular ustida ingliz hokimiyatini abadiy o‘rnashdirish uchun bir tashviqot bo‘lib qoladir. Bu narsa yolg‘iz kitoblardagina emas, kinomato‘gro‘f lentalarida ham shundaydir. Shuning kabi, butun Ovro‘pa yozuvchilari tomonidan mustamlakachilar to‘g‘risida yozilg‘on asarlar va mustamlakalar hayotidan kinomato‘gro‘f lentalariga oling‘on lavhalarning hammasi mustamlakalar ustida o‘zlarining hokimiyatlarini saqlash uchun yozilg‘on va ishlangan maqsadga shomildir.

 

Biz ko‘rib turamiz, ham tekshirib boqamiz, bir millat tomonidan ikkinchi millatning hayoti tekshirilganda qancha xatolar ishlangani kabi, o‘rinsiz o‘z millatining manfaatini ham qistirib ketadir. Ikki millat o‘rtasida o‘tgan tarixiy bir urush yoki shu ikki millatning iqtisodiy, jug‘rofiy hollarini aralashtirib bir tarixiy kulbani dastalab ekan, bir qancha o‘zining tikanaklarini qo‘shib islom tarixini tekshirgan, o‘zining betaraf tutib, “Islom tarixi”, “G‘azor quraysh”, “Karbalo fojiasi” kabi muhim asarlarni yozg‘on misrlik Jurji Zaydonning  (nasroniy arab) asarlarida ham ehtiyot bilan qaralsa, Rizo qozi[1]  aytganidek nozik qizil chiziq ko‘rina boshlaydir. Lekin Jurji Zaydonning[2] asarlari boshqa din egalari tomonidan musulmonlar haqida yozilg‘on asarlarning betaraf yozilg‘oni deb tanilsa mumkin, Jurji Zaydon butun dunyo muarrixlari ichida ehtiromg‘a loyiq bir kishidir.

 

Yozilg‘on tarixiy asarlar birgina Ovro‘pada emas, Sharq qavmlari ichida ham ko‘pdir. Lekin sharqdagi bunday asarlar Sharqning boshig‘a bir balo keltirib qancha milliy, diniy nizolarg‘a sabab bo‘ldi. Shia, sunniy nizolarin, qabilaviy nizolar, milliy kurashlarning hammasi o‘tgandagi muarrixlarning xatosi orqasida kelib chiqdi va asrlarcha davom etdi.

 

Biz bu yerda Eronning millatchi yozuvchilaridan Firdavsiyni[3] ko‘rsatib ketamiz: Firdavsiy “Shohnoma”ni yozib o‘zini tanitmasa, uning kim ekanini bilmas edik, bugun Firdavsiyning “Shohnoma”sini o‘qub uning Eron millatchisi ekanini Kayoniy tojini dunyo turguncha saqlashni istovchi, Eroniston uchun arab, turk xalqlari qurbon bo‘lsa bo‘lsun, Eronning butunligi uchun tirshuvchi bir kishi ekanligini “Mana men” deb ko‘rsatish bilan bilduk. O‘tkandagi Arabiston, Eroniston, Turon o‘rtasidag‘i tarixiy voqealarni tasvir etganda tarafkashlik qilg‘oni uchun “Shohnoma”sig‘a haqiqiy tarixliq kuchni bera olmag‘on. Balki milliy nizoni qo‘zitaturg‘on bir janjal kitobi bo‘lub qolg‘on, Turon tuprog‘idan bosh ko‘targan, Chin va ham Eronistonni o‘z askari va siyosiy kuchi bilan tiyratgan Afrosiyobning quvvatini, e’tirof etgan holda, uni kofir, eronlilarni Yazdonparast Afrosiyobdan kuchsiz Kayxusravni o‘runsiz maqtab, Siyovushdek jinniga valiylik unvonini berib butun Turon elini so‘kib chiqadir.

 

Afrosiyob jahongir edi, lekin Kayhumaruv, Siyovush kabi “bir-birgina Eron yashasun!” demas edi. Bu narsani biz Firdavsiyning o‘z so‘zidan bilamiz. Afrosiyob har bir Eron shohini qo‘lg‘a tushurdi. Mumkin qadar ozor bermaslik yo‘lini axtardi, Siyovush qo‘lg‘a tushganda unga Piyronvaysning qizini olib berib Xitoyg‘a podshoh qildi. Uning xiyonati bilinganidan keyin o‘ldurtirdi. Lekin bu yerda Firdavsiy ustaliq bilan hamma gunohni Afrosiyob ustiga yuklab ketadir.

 

Eron xalqining jangovorligini Eron pahlavoni Rustamni qancha ko‘tarib maqtaydir, Turon jangovarlarining boshlig‘i bo‘lg‘on Afrosiyob bilan arab pahlavoni Sa’d Vaqqosning kuch-quvvatini e’tirof etgan holda, quturib ularni so‘kadir. Turoniylar bilan arablarning dunyoda yashash uchun haqqi yo‘q degan da’volarni qiladir.

 

Mana yuqorida ko‘rsatilib o‘tganidek tarix yozuvchi muarrixlar qancha suiste’molni o‘zgalar uchun ravo ko‘rganlari bizga xunuk ko‘rinsa-da, buni yoqlovchilar ham juda ko‘pdir. Lekin bunday tarixga jinoyat qiluvchi yozuvchilar qachon yo‘q bo‘lur, qachon tarix yozish tabiiy va to‘g‘ri yo‘lg‘a tushar ekan?

 

Hozir bo‘lsa biz o‘tkanda kelganlarning xatosidan ko‘ra zo‘r xatolar ishlab turadirmiz. Biz sinfiy nuqtayi nazardan qarab kechiradigimiz har bir voqeani tasvir qila olmaymiz. Tuzuk? Biz hurriyatimizni saqlab qolish uchun buzuq ideologiyani tarqatishdan saqlanishimiz kerak. Lekin tarixiy materiallarni to‘plashda turmushimizdan nimalarni kechirganimizni yozib o‘tishimiz lozimdir. Biz mamlakatning budjeti, hukumatning xalq ustiga solg‘on soliqlari va hokazo boshqa ishlar to‘g‘risida, hukumatning fikrini tamasil eta olmas ekan, xalqning fikri o‘z ko‘ksida qolaberadir. Mana bu narsa bizning inqilobiy tariximizning to‘la chiqmasligig‘a sabab bo‘ladir.

 

Uning ustiga tariximizga asoslar yozib qoldirg‘uvchi kishilar ham juda ko‘pdir. Bu asoslarg‘a aldanib tarix yozila qolsa, u tarix emas ertak bo‘lib qoladir.

 

Mamlakatimizga qisqa muddat davolanish uchun kelgan Fathi Burnash Qozong‘a borib “Tatariston” gazetasida o‘zining tamom ijtimoiy ahvolini tasvir etib chiqadir, masxara qiladir. Tandurimiz, o‘chog‘imiz, tokchamiz, devorimizdan kuladir. Lekin bu narsalarni o‘zbek nima deb atashini bilmaydir. Bu ham chetlar uchun tarixiy bir material bo‘la oladir. Agar Fathi Burnash yozg‘onidan foydalanib biror narsa yozilsa, tokchamiz “tovachuq” bo‘lib ketsa, kelgusida uning nima ekanini o‘zbek lug‘atidan  topib bo‘lmas. Bir haftada bir millatning ipidan ignasigacha tushunib olaturg‘on muarrixlar tomonidan bir qancha Turkiston tarixi bor bo‘lsa-da, eng kichik bir voqeadan tortib bir katta voqea to‘g‘risida yozilg‘on narsalar shu voqeani zo‘rligicha va kattaligicha yanglish bo‘lishi mumkindir.

 

1919-yil 15-iyundan boshlab Turkiston milliy ishlar komissariyati qoshidag‘i tatar bo‘limi tomonidan chiqarila boshlag‘on “Sharq” jurnalining 1–4-5-sonlarida, Vali Allamof tomonidan “Turkistonda tatarlar” sarlavhasi bilan yozilg‘on bir maqola (Allamofning da’vosicha: “Tarixiy asoslar” to‘g‘risida  uzoqroq yozib, Allamofning har bir da’vosini sharx etib chiqishi va ham “Sharq” jurnali to‘g‘risida bir qisqaroq tarkiblar qo‘llashni men ham o‘z vazifam deb bilaman: Jurnalg‘a “Sharq” deb nom qo‘yilg‘oni uchun har bir Sharq bolasi suyungan edi. Lekin “Sharq”qa kirib olg‘on “sharqchilar” tor tatar millatchisi ekanliklarini ko‘rsatdilar.

 

Bir tomondan “Sharq dunyosig‘a oid adabiyot va maqolalarg‘a ayniqsa o‘run berdilar” deb “Sharq” jurnalida e’lon berib, ikkinchi tomondan faqat jurnal tatarniki deb yerli yozuvchilarning yuziga shapaloq urub turdilar.

 

“Sharq” jurnali Ibrohim Tohiriy va Burhon Habiblarning har yerdan to‘plab olg‘on materiallari bilan to‘lib chiqqonda, o‘zlari kabi Sharq bolasi bo‘lg‘on yozuvchilarning yozuvini tatarcha qilib bosuvdan imtino qilib “Bu narsangiz shevasida emas, bosilmaydir!” deb javob berib turadilar. Uning ustiga Vali Allamofning “Turkistonda tatarlar” maqolasi “Sharq” jurnalida o‘lturgan “sharqchilar”ni anglatib qo‘ydi.

 

Allamofning yozishig‘a qarag‘onda: “Turkiston jumhuriyati doirasida yashovchi tatarlar taxminan o‘ttiz minglab hisoblanur ekan. Mayli biz uchun tatarlar 30 ming emas, millionlab bo‘lsa yana yaxshi, Allamof aytganidek, bularning tarixi bir tatar uchun emas, biz uchun va ham butun dunyo uchun lozimdir.

 

Tatarlarning “Tyan-Shan” tog‘lari tomonidan mo‘g‘ul qo‘shuni bilan Volg‘a tevaragiga o‘rnashishlari  hammaga ma’lumdir. Tatarlarning Turkistong‘a kelishlari va Turkistonda qancha son tashkil etishlari to‘g‘risida na umumiy tatar tarixida va na Turkiston tarixida hech narsa ko‘rinmagani uchun Allamof bir xizmat qilmoqchi bo‘lg‘on ekan – juda yaxshi, bu fikr har kim tomonidan taqdir etarlik. Lekin “tarixga asos” maqsadi bilan yozilg‘on bir maqola tarixning asosini buzadi. Allamof tutganda, Turkistong‘a ilgari keluvchi bir tatarning o‘g‘lidan Turkistong‘a kelgan tatarlarning tarixini bilib olg‘on: “Turkistonda, umuman Sharqda shul Sharq bolasi tatar, din va qon-qarindoshlari bo‘lg‘on boshqa millatlar orasida juda ahamiyatlik o‘run tutadir. Turkiston tatarlarining tarixig‘a qarag‘onda, badaviy va yarim madaniy musulmon millatlari orasig‘a kelib madaniyat kirutuvchi tatarlar bo‘lsa, so‘ngg‘i milliyat va sotsializm davrlarida ham Turkiston tatarlari kabi ruslardan ikkinchi o‘runda, musulmon millatlari orasida birinchi o‘runda turadir. Shunday moziysi maqtang‘uliq va istiqboli porloq bo‘lg‘on  30 mingga molik tatarlar (Allamofning ta’biri)ning porloq tarixiga asos” tuzar ekan, buning singari bir-ikki teri savdosi bilan o‘z qornining qayg‘usida kelgan terifurushlarning o‘z o‘g‘lig‘a aytib ketgan hikoyasidan bir narsa chiqarish hech mumkin emasdir.

 

Go‘yo tatarlarning “Turkistong‘a boshlab kelishlari taxminan 1780–1790-yillarda bo‘lg‘on. Ul vaqt Turkistonda yashovchi qirg‘iz-qozoqlar badaviy holda, o‘zbek-tojiklarning shaharlarda yashovchilari yarim madaniy holda yashar emish” ekanlar. Bu so‘z hech to‘g‘ri emas. Turkiston bundan 140–150 yil ilgari emas, uch yuz yillar ilgari ham tatarlarni ko‘rgan, hatto bizning eski ertak, hajviya va hikoyalarimizning eng ko‘pida, hatto kim ekanini hozirg‘acha tatarlar tomonidan bilinmagan “Tohir-Zuhra” ro‘monida Tohirning tatar xoni o‘g‘li ekanini va uning qancha askar bilan Turkiston orqali o‘tkanini, tatar xonlari bilan Turkiston xonlari orasida bo‘lg‘on munosabatlar xususida va Amir Temurga asir tushgan qancha tatarning Turkistonda o‘rnashib qolg‘oni to‘g‘risida qancha dalil bo‘la olurliq tarixlar bor.

 

Allamof deydir: “Ul vaqtlarda shaharlar bir qishloq zo‘rlig‘ida bo‘lub daraxtzor orasida bo‘lg‘on uylar, kichkina saroylardan iborat bo‘lib, shunda hozirg‘i kabi sandallar qo‘yilib qirg‘iz-qozoqlar tomonidan keltirilgan saksovul ko‘miri ham og‘ochlarni kesishni bilmaganlaridan tezak yoqar edilar” deydir.

 

Agar 150 yil ilgari Turkiston shaharlari Allamof ko‘rsatganicha bo‘lsa, Turkistonning har bir shaharida bir ming, bir ming besh yuz yilg‘i osori qadimlar, eng kami besh yuz uch yilg‘i tarixiy binolarimiz qaydan paydo bo‘ldi. Shahar xalqi daraxt kesishni bilmas ekan, 500…1000 yilliq usuli me’mordan bizga na’muna qolg‘on nafis ustunlarni kim qilg‘on ekan. Samarqandda mavjud osori qadima, aqlni hayratda qoldirg‘on binolarimizni tatarlar kelgandan keyin solindimi?

 

Bundan 150-200 yil ilgari shaharning ba’zi qismi qamishzor ekan, shaharlar qishloqning emas, balki katta-katta binolar, madrasa-masjidlarning mahobatli gumbaz va mezanalari bilan o‘zini ko‘rsatganini hozir har kimga bildirib turadir. Lekin muarrix afandi sezmagan ekan.

 

“Turkistonga birinchi kelgan tatar, Mulla Husayn Sodiq o‘g‘li degan bir kishi ekan, shuni ko‘rgan mahalliy xalq no‘g‘oy ham odamg‘a o‘xshar ekan, lekin ko‘zi ko‘k bo‘lar ekan” deb qaytib ketmishdir. Bu safsata to‘rtinchini ko‘rmagan ba’zi bosmachilar to‘rtinchini ko‘rganda “to‘rtinchi ham odam bo‘lar ekan, lekin kamzuli qisqa bo‘lar ekan” deb bosmachilarni masxara qilish uchun to‘qulg‘on hangomalar qatorig‘a kiradir.

 

Allamof “Mahalliy xalq oyoq kiyimni tikishni bilmas edi, ul vaqtda birgina bulg‘oridan boshmoq tikib kiyar edi” deydir. Bunday bo‘lg‘onda bizda etik, kavush, mahsi degan nom bo‘lmasdan birgina boshmoq degan narsaning nomi bo‘lishi kerak edi.

 

Tarixning bizga ko‘rsatishiga qarag‘onda vahshoniyatdan tartib milodiy Isog‘acha har bir toifa va qavmning o‘ziga mansub ziynat asboblari bo‘lar edi. Miloddan keyin inson har narsada taraqqiy etgani kabi ziynat asboblari yasashda ham taraqqiy etdi. Shu tabiiy va tadrijiy taraqqiyot XVII-XVIII asrlarda shunday taraqqiy etdiki, Allamof aytganidek, nim vahshiy xalqlar yashayturg‘on Osiyo qit’asida yashovchi xalq ham oltun, kumush, hatto temirlardan o‘zlariga ziynat va qurollar, urush olati bo‘lg‘on qilich, qalqon, sovut, dubulg‘a kabi narsalarni yasab oldilar. Ziynat yasashda Osiyo birinchi o‘runni olg‘on edi. Bundan yuz yil, yuz ellik yil burun Turkiston mazorlaridan chiqg‘on va hozirda ham Turkistonda ko‘p vaqt yashag‘on mo‘g‘ullar va qalmoqlar suyagi bilan chiqqon ba’zi oltun asboblar hali ham kishini hayratda qoldiradir. Allamof esa mahalliy xalq 130–140 yil ilgari kelgan tatarlardangina xotun-qizlarg‘a uzuk, bilak uzuk, cho‘lpiy yasashni o‘rganganlar deyur.

 

Turkiston xalqining baxti uchun Ismoil nomlig‘ bir tatar kelib Turkiston xalqig‘a sham, kirsovun yasashni o‘rgatgan. Shundan keyingina kirsovun va sham iste’molg‘a kirgan. Ungacha chirog‘dong‘a zig‘ir va kunjut yog‘lari solib yoqib kelganlar ekan. Turkiston xalqining asrlarcha sovunsiz yashab qurtlab o‘lmaganiga qaysi aqli bor kishi hayron qolmaydir. Sham to‘g‘risida bo‘lsa juda qiziq.

 

Sharqda mum, sham (sham kafur) ishlatila boshlag‘onlig‘ig‘a ham bir necha asr bo‘lg‘onini ko‘rsatadir. Tatarlar kelganidan keyingina mahalliy xalq kiyim kiyishni o‘rgangan bo‘lmasa, bo‘z, terilariga o‘ralib yurar ekanlar.

 

Allamofning “Asosiy tarixi”da Turkistong‘a birinchi tatar kelganida Turkiston xoni Mallaxon ekan. Xudoyorxon[4] vaqtida ishongan asbob-o‘lanlar bilan ziynat asboblari va ham ipakdan nozik qilib to‘qulg‘on shohi, adras, beqasam, olachalarning qanday ishlanib, qanday tikilganini Allamof bir sari qadam muzaxonaga kirib ko‘rishi kerak edi.

 

Allamof Turkistonga ilgari kelgan har bir tatarni maqtaydir. Har bir maqtag‘on kishisi Turkiston uchun qancha zarar keltirganini ko‘rsatmaydir. Sharifboy degan tatar boyi Rusiya hukumatiga josusliq qilib yurgani sezilganidan keyin Olimqul dodxoh nomidan Qurshabg‘a surgun qiling‘oni to‘g‘risida Toshkent xalqi og‘zida yaxshigina dostonlar bor, bu dostonlarni muarrix afandi ham eshitgan ekan, lekin masalani chetga burib ketgan. Sharifboy tomonidan haftada shahar xalqini to‘plab general Chernyayev[5] sharafiga ziyofat berar ekan, yana bir tatar boyi Chernyayev bilan tog‘da osh yer ekan, bu nima uchun?

 

Bundan 120-130 yil ilgari mahalliy xalq daraxt kesmakni, imorat qilishni bilmas edi deb da’vo qiluvchi muarrixga nima deb ayb qo‘yib bo‘ladir.

 

Allamof maqolasining oxirida: “Tatarlarning Turkistonda bo‘lg‘on maorif ahllari eng zo‘r o‘rinni tutishi kerak” deydir. “Oliya, Muhammadiya, Husayniya, Bubiy va boshqa tatarlarning mashhur madrasalarida o‘qub, ko‘zlari ochilg‘on tatar yoshlari o‘zlarining ellarin tashlab, yiroq Turkistong‘a yo‘l olg‘onliqlari, ularning birgina maqsadlari Turkistondan o‘zlari uchun foyda kutish emas, balki Turkistonning tabiiy boylig‘idan foydalanishning yo‘llarini mahalliy xalqg‘a o‘rgatish, ularning ko‘zlarin ochish edi, lekin ularga rus jahongirlarining qarshilig‘i, mahalliy xalqning ta’assubi bilan kurashishga to‘g‘ri keldi, ular kofir bo‘ldi, ular surgunga ketdi, qamaldi”, deydir. Mana bu so‘zlarni biz to‘g‘ri deymiz, e’tirof qilamiz, lekin biz Rusiya hukumatini Turkistong‘a boshlab kelib, mahalliy xalqni abadiy asoratga uchratganlarga la’nat o‘qiymiz. Tarix yozar ekanmiz, ularning qilg‘on xizmatlariga qarab baho qo‘yamiz, shuncha yolg‘on tarix yozg‘on Allamof 15–20 yildan beri Turkiston uchun ishlagan va bu yo‘lda qurbon bo‘lg‘onlar haqida so‘zlamoqchi bo‘lar ekan so‘zlasun, lekin biz ularning qadrini bunday “tarixchi”lardan ko‘ra o‘zimiz yaxshiroq bilamiz.

 

Shuni ham aytib ketish kerakdirkim, Volg‘a va Tataristonda ochliq orqasida tasodifiy ravishda yoki bir maqsad ta’siri bilan Turkistong‘a kelgan Boychura kabi malakasus tatar yelquvarlari tomonidan buzuq bir maqsad bilan yozilg‘on maqolalarni Tatariston markaziy firqa qo‘mitasining nashri-afkori bo‘lg‘on “Bizning bayroq” gazetasida bosilib o‘tishiga har bir kishi tegishlik bahoni bera oladir.

 

Boychura kabi o‘zining valine’matini tanimag‘on kishilarning bizning firqamiz va ezilgan faqir xalq uchun yetkuzadirgan foydasi ig‘vo, fasod, buzuqchiliqdan nari o‘tmadi.

 

Boychura ham ochliq orqasida tasodifiy bir suvratda Turkistong‘a kelganlardan biri edi. Lekin Turkiston har kimning mehribon onasidir, Turkiston o‘zi och qolsa-da Boychura kabi bo‘ynini qisib kelganlarga shafqat qanotini yozaberadir. Xulosa, Turkiston Boychurag‘a issiq o‘run, yog‘liq taom berdi. Ichki Rusiya ochlig‘i orqasida cho‘b kabi qotib ketgan, kiyim-boshi to‘zib ketgan Boychurag‘a kiydirdi, yedirdi, uning salomatligini saqlash uchun kurortga yuborib semirtirdi. Natija nima bo‘ldi? “It semirsa egasini qopadir” degandek, egasini qopa boshladi. Tarjima qiling‘on “Inqilob” materiallarini o‘g‘urlab borib “Bizning yo‘l jurnalida o‘z imzosi bilan bosib chiqardi. Uning bilan qolmasdan o‘sha oshini yegan o‘zbeklarning sutiga dunyoda qancha iflosliqlar bo‘lsa hammasini matbuot orqali ag‘darmoqchi bo‘ldi. Ul ham qilg‘on hujumig‘a tarixiy tus bermakchi bo‘ldi.

 

Bilmadim yana bu baxtsiz o‘zbeklarning tarixini tekshirish uchun Allamof, Fathi Burnash va Boychura kabi qancha tuturuqsiz muarrixlar kelib chiqar, buni zamonning o‘zi ko‘rsatadir.

 

Qisqasi, biz yangi hayot qurmoqchimiz, biz buzuq tarix bilan kurashajakmiz, bizning tariximizni chetdan turib istaganicha yozuvchilarg‘a o‘zimizning nafratimizni bildiramiz. Unday tarafkashlik bilan yozilg‘on “maqola”lar tarixni bulg‘amoqdan boshqag‘a yaramas.

 

Nashrga tayyorlovchi:

Muslimbek ALIJONOV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori



[1]  Rizouddin ibn Fahriddin  (1859–1936) yirik tatar ulamosi, faylasuf, tarixchi va pedagog.

[2] Jurji Zaydon (1861–1914) arab yozuvchisi, publitsist va olimi. Mashhur "Al-Hilol" jurnalining asoschisi va muharriri.

[3] Abulqosim Firdavsiy Tusiy  (934–1030) fors-tojik shoiri va mutafakkiri. Mashhur “Shohnoma” dostonining muallifi.

[4] Xudoyorxon (1831–1884) Qoʻqon xoni (1845–1875-yillar, tanaffuslar bilan). Oʻzbeklarning Ming sulolasiga mansub.

[5] Mixail Grigoryevich Chernyayev (1828–1898) hozirgi Belorussiyaning Mogilyov viloyatida dvoryan oilasida tug’ilgan. 1864-1865-yillarda alohida Gʻarbiy Sibir otryadiga qoʻmondonlik qilib Qoʻqon xonligiga qarashli Avliyoota, Chimkent va Toshkentni bosib olishga boshchilik qilgan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19457
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16806
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi