Erkaklar ham jabr koʻrishi mumkin: zoʻravonlik psixologiyasi va fojialari


Saqlash
17:11 / 02.11.2023 863 0

2012-yildagi statistikaga koʻra, zoʻravonlik qurbonlari 1,5 million kishini tashkil etgan, taqqoslash uchun shu yilda yoʻl transport hodisalari natijasida vafot etganlar koʻrsatkichi 1,21 millionga teng. Zoʻravonlik bugungi kunda ulkan epidemiya sifatida koʻriladi, uning daxl chegaralari na makon, na zamon (yosh va davr) va na jinsni tan olmaydi. Odatda, biz ayollarga nisbatan bosimlar, tazyiqlar boʻlgani haqida eshitamiz. Biroq zoʻrlik qilish har bir inson tabiatiga xos, shundan kelib chiqib aytish mumkinki, undan bolalar, hatto erkaklar ham aziyat chekishi mumkin. Buni jahondagi, qolaversa, Oʻzbekistondagi maʼlumotlar ham tasdiqlaydi.

 

Ayollarga nisbatan zoʻravonlik

 

BMT tomonidan eʼlon qilingan maʼlumotga koʻra, dunyoda har uch ayoldan biri jismoniy yo jinsiy zoʻravonlikni boshidan kechirgan. Psixologik zoʻravonlik esa bundan-da keng tarqalgan deb aytishimiz mumkin. Ayollarga qarshi zoʻravonlikka ikkinchi feministik toʻlqin (XX asrning 60-yillari oxiri, 70-yillarning boshi)ga qadar jiddiy eʼtibor berilmagan. Boisi XIX asr oʻrtalarigacha ayolni kaltaklash oila boshining toʻlaqonli huquqi hisoblangan. Quyidagi surat XIV asrning 60-yillariga tegishli deb qaraladi. Unda erkak ayolini boshqalarning koʻz oʻngida tayoq bilan ochiqchasiga va bemalollik bilan kaltaklayotganini koʻrish mumkin. Bu tasvir ayolga nisbatan zoʻravonlik ildizlari qanchalik baquvvat va uzoq davrga borib taqalishi haqida tasavvur uygʻotadi.

 

 

Ayollarga nisbatan zoʻravonlikni ikkiga ajratish mumkin: oilada va koʻchada begonalar tomonidan sodir etilgan zoʻravonliklar. Koʻcha-koʻyda sodir etilgan zoʻravonliklar yagona qarash – ayolning ojizligi, jamiyatdagi oʻrni quyida ekaniga ishonishdan kelib chiqadi. Bunda jabrdiydaning ona, rafiqa yo keksa ayol ekani ahamiyatsiz. Oila ichidagi zoʻrlik esa ushbu tushunchalar va boshqa subyektiv omillar, masalan, uyda ayolning vazifalarini taʼkidlovchi yozilmagan hamda qotib qolgan qarashlar sabab yuz beradi. Ammo aytish kerakki, zoʻravonliklar ayol huquqlari va jamiyatdagi oʻrni yuqori baholanadigan davlatlarda ham kam sodir etilmaydi. Demak, uni faqat qaysidir hududga xos boʻlgan notoʻgʻri va eskicha qarashlarga bogʻliq holat sifatida koʻrmaslik lozim. Ildiz bir boʻlgani bilan, kundalik turmushda zoʻravonlik holatlarining sabablari turlicha boʻlishi mumkin: alkogolizm, giyohvandlik, moddiy qiyinchiliklar, rashk, nomus, turli stressli holatlarda vujudga keladigan agressiv energiya va ruhiyat bilan bogʻliq buzilishlar eng keng tarqalgan omillar sirasiga kiradi.

 

Oilada ayolga ota-ona va aka-ukalar tomonidan qilinadigan tazyiqlar ham keng tarqalgan. Ayniqsa, allaqachon ijtimoiy ahamiyatini yoʻqotgan boʻlsa-da, haligacha amal qilinadigan urf-odat va eʼtiqodlar saqlanib qolgan hududlarda bu narsa koʻp uchraydi. Oʻzbekiston misolida olib qaralsa, ota-ona rizoligi, ota hokimiyatining mutlaqligi va boshqa shu kabi faktorlar ortiqdan qizlar oʻzlari istamagan, noteng yoki kamsitiluvchi nikohga majbur boʻlishadi. Afrikada joylashgan Mavritaniya hududida haligacha boʻyi yetgan qizni majburiy semirtirish anʼanasi bor. Mantiqiy asosi umuman tushunarsiz boʻlgan ushbu anʼanani, tub aholining oʻn asrlar oldingi hayotida balki qabul qilsa boʻlardi. Ammo, bugungi zamonni, shuningdek, qizning irodasiga qarshi yoʻsinda amalga oshirilishini hisobga olsak, ayni harakatlar ochiqchasiga zoʻravonlik.

 

 

Tanganing ikkinchi tomoni

Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Shaxsiy qarashlari va feʼl-atvori tufayli nikohda eri tomonidan sodir etiladigan zoʻravonliklarni, qatʼiy boshqaruvni “oʻrinli” deb biluvchi ayollar toifasi ham yoʻq emas. Erix From ayol va erkak munosabatlaridagi bunday noteng muhitni “simbiotik munosabat” deb ataydi va uni passiv va faol koʻrinishga ajratadi. Oʻz juftiga soʻzsiz itoat etuvchi, uning har bir gapini “qonun” deb qabul qiluvchi, shaxsiyatini juda yuqori darajaga koʻtaruvchi tomonni simbiotik aloqaning passiv (mazoxistik) koʻrinishi deb ataydi. Oʻz itoatgoʻyini boshqaradigan, imkon qadar nazorat qiladigan, uni taxqirlaydigan, azoblarga duchor qiladigan tomonning harakatlarini esa simbiotik aloqaning faol (sadistik) shakli deb nomlaydi. Bunda ikkala tomon ham oʻzaro ixtiyorsiz ravishda bir-biriga bogʻlanib qolib, bir-birisiz oʻzlarini yolgʻiz his qilishadi, ruhiy tushkunlikka tushishadi. 2021-yili Oʻzbekistonda “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan soʻrovnoma oʻtkazildi. 18 yoshdan oshgan fuqarolar qatnashgan tadqiqotda ishtirokchilar oilada ayolning jismoniy zoʻravonlikka duchor boʻlishida spirtli ichimliklar va giyohvand moddalar isteʼmol qilish (23,5% ), oʻzaro tushunmovchilik (22,1%), moddiy qiyinchiliklar (20,6%) asosiy sabablar ekanini aytgan. Tadqiqot natijalarida yana bir eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihat bor – qatnashuvchilarning 10,3%i ayrim hollarda er xotiniga kuch ishlatishi mumkin, deb javob berishgan. Ular ayollar oʻz xatti-harakatlari bilan erlarini kuch ishlatishga majbur qiladi deb hisoblaydi…

 

AQShda har kuni oʻrtacha 5 nafar bola zoʻravonlik yoki qarovsizlik oqibatida vafot etadi

 

Xalqaro miqyosda bolalarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi koʻplab qonunlar qabul qilingan, ammo aholi hali buni toʻliq tushunib, qabul qilganicha yoʻq. Ushbu oʻrinda ham bolaga qilinadigan zoʻravonlikka ikki xil munosabatni koʻrishimiz mumkin: yurtdoshlarimiz koʻcha-koʻyda, begonalar tomonidan qilinadigan har qanday zoʻravonlikka toqatsiz, ammo, uy ichidagi zoʻrliklarga oddiy qaraladi. Holbuki, bola eng koʻp zoʻravonlikka uchraydigan joy uning oʻz uyidir. Maʼlumot uchun, 2018-yili AQShda bolaga nisbatan zoʻravonliklarning 76%i aynan oila aʼzolari tomonidan sodir etilgan. JSST farzandni qarovsiz qoldirish yoki yetarlicha eʼtibor bermaslikni ham zoʻravonlik shakllari qatoriga kiritadi. Achinarlisi, AQShda har kuni oʻrtacha 5 nafar bola zoʻravonlik yoki qarovsizlik oqibatida vafot etadi, BMT hisobotiga koʻra esa faqat odam savdosining oʻzi tufayligina har yili 1,2 million bola aziyat chekadi.

 

Bolani “tarbiyalash” vositasi sifatida koʻriladigan kataklash, doʻq-poʻpisa qilish zoʻravonlikning eng yoyilgan shakllari hisoblanadi. Ajablanarlisi shuki, madaniyatlar, ijtimoiy qarashlardagi farqlardan, yaʼni oila yevropalik, osiyolik yo afrikalik boʻlishidan qatʼiy nazar bolani tarbiyalashda kaltaklash usuli odatiy hol hisoblanadi. Masalan, rivojlangan hamda zoʻravonlikka qarshi keskin kurashadigan AQSh va Buyuk Britaniyada 90% bolalarning jismoniy zoʻravonlikka uchragani UNISEF hisobotida qayd etilgan. Bolalarga qilinadigan zoʻravonlikning kelib chiqish sabablari, sodir etish motivlari juda xilma-xil va murakkab. Ular orasida erta majburiy nikoh, majburiy mehnat, jinsiy ekspluatatsiyadan oʻgaylik tufayli qilinadigan zoʻrliklar kabi koʻplab turlarni uchratish mumkin. Farzandiga nisbatan tazyiq oʻtkazishga ota-onaning narsisistik kayfiyati ham sabab boʻladi. Bunda ota-ona bolasidan juda koʻp narsani kutadi, oʻz orzularni bolaning orzusiga aylantirishga urinishadi, farzandlar ular istagan fanni, kasbni, ishqiy va oilaviy munosabatdagi sherikni tanlashga majburlanadi. Natijada bola oʻz xohishlariga teskari boʻlsa-da, ota-onaning istagini bajarishga majbur qilinadi.

 

 

Oilada bolaga nisbatan zoʻravonlik asosan tarbiyalash, toʻgʻri yoʻlga solish, yomonlikdan asrash niqobi ostida sodir etiladi. Biroq, maqsad yoʻlidagi vosita oʻzini oqlaydimi? Mana shu savol juda muhimdir. Agar oqlaydi degan javob prizmasidan qarasak, jamiyatdagi aʼlo xulqli, koʻp narsaga erishgan, ziyoli shaxslar bolaligida zoʻravonlikni eng koʻp boshdan kechirgan insonlar boʻlib chiqadi. Ammo, jamiyat uchun xavfli, seriali qotilliklar, katta firibgarliklarni amalga oshirgan kimsalar ham bolaligida kuchli agressiv holatlar, zoʻrliklarga uchragan, “travmali” odamlar hisoblanadi. Bu borada ilmiy izlanishlar ham olib borilgan. Masalan, Greshovning tahlillari natijasida shu narsa aniq boʻlganki, 87% hollarda jismoniy jazo bolalarning ruhiyati va xulq-atvorida ijobiy tomonga emas, aksiga xizmat qilgan. Yana bir tadqiqotlar hisobotida yozilishicha, koʻp marta jismonan jazolangan oʻgʻil bolalar hayoti davomida axloqiy tomonlama notoʻgʻri tanlovlarni amalga oshirisharkan.

 

Jabrdiyda erkaklar

 

Ikkichi feministik toʻlqindan boshlab ayollarga nisbatan zoʻravonlikka qattiq kurash boshlandi. Har qanday zoʻrlikka qarshi kurash olib borilishi toʻgʻri va talab etiladigan yoʻl, albatta. Biroq, hushyorlikni yoʻqotish barcha narsani aynitishga qodir – mavjud maʼlumotlar streotiplarga qarshi kurashayotgan ijtimoiy faollarning oʻzlarida stereotiplar borligini koʻrsatib beroladi. Buyuk Britaniyada olib borilgan oʻrganishlar natijalarida maʼlum qilinishicha, 2007-2008 yillarda oiladagi zoʻravonliklardan jabr koʻrganlarning 45,5% i erkaklardir. Ayollar huquqi achinarli ahvolda deb koʻriladigan Hindistonda 2019-yil shu masala yuzasidan tadqiqot oʻtkaziladi. Soʻrovnoma natijalari esa kutilmagan boʻlib chiqdi: 21-49 yosh oraligʻidagi 1 000 nafar respondent erkakning 51,6% i hissiy, 6% i esa jismoniy zoʻravonlikni boshdan kechirishgan va bu ularning xotinlari yoki yaqin sheriklari tomonidan sodir etilgan.

 

Erini supurgi bilan urayotgan ayol surati. Kalkutta, 1875-yil

 

Garchi, sotsiolog Shtraus bir necha yil oldinroq oilada ayollar va erkaklarning oʻzaro zoʻravonligi haqidagi tadqiqotlari asosida bir necha solishtirma hisobotlarni eʼlon qilgan boʻlsa-da, bu mavzuda haqiqiy toʻntarish yasagan “Kaltaklangan er sindromi” tushunchasi 1977-yilda Syuzanna Shtaynmets tomonidan ilk marta ishlatilgan. U maqolasida bu atamani avvaldan mavjud boʻlgan “Kaltaklangan xotinlar sindromi” bilan birga qoʻllagan. Shtaynmets oʻsha paytdagi bir necha empirik maʼlumotlarga tayanib, oiladagi zoʻravonliklarning katta qismi ayollarga emas, erkaklarga nisbatan sodir etiladi, degan xulosaga keladi va ushbu masalaga bagʻishlangan 11 sahifalik maqolani 1978-yilda Viktimologi jurnalida chop ettiradi. Maqolada yozilishicha, 54 juftlikda oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, 47 % erkaklar va 43% ayollar oʻz juftlari tomonidan sodir etilgan zoʻravonlikdan jabrlangan. Maqoladan soʻng oiladagi zoʻravonlikni tadqiq etuvchi olimlar orasida juda katta shov-shuv koʻtariladi. Chunki, shu paytgacha maishiy zoʻravonlik haqida gap ketganda jahon sotsiologlari va psixologlari, umuman ijtimoiy soha vakillari koʻz oldida erkak jinsi zolim sifatida tasvirlangan, “mushtipar va bechora” universal qiyofasi berilgan ayolga esa doimo qurbon sifatida qarab kelingan. Syuzanna eʼlon qilgan hisobotga qarshi bir qancha tanqidiy maqolalar chop etildi. Ularda asosan Syuzanna tayanayotgan tadqiqot sof va maqbul usullar bilan oʻtkazilgani shubha ostiga olinadi. Syuzanna esa maqolasida erkaklarga nisbatan sodir etilgan zoʻravonliklarning ogʻirligi va jiddiyligiga emas balki, ularning soniga asosiy urgʻuni bergan edi. Bundan tashqari, tanqidlarning birida ushbu tadqiqotda kaltaklash xohishi va real kaltaklash bir hisobga kiritilgani qayd etiladi. Ayni feminizm kuchayib borayotgan davrda bunday sotsial burilish hosil qilgan hisobot shunchalik qarshilik va tajovuzga uchraydiki, Syuzanna bilan birga tadqiqotlarda qatnashgan olimlardan biri ularga hattoki suiqasd bilan tahdid qilishganini aytib oʻtgan. Shuningdek, u Shtaynmetsni oliygohda egallab turgan lavozimidan ozod qilish soʻralgan koʻplab murojaatlar kelgani, advokatlar va feminist tashkilotlar oʻz yozuvlarida ularning oldingi tadqiqotlariga tegishli boʻlgan ilmiy maʼlumotlardan Syuzannaga boʻlgan munosabatning keskin yomonlashganiga qaramay foydalangan boʻlsa-da, na tadqiqot rahbari va na qolgan aʼzolarning ismlari biror joyda tilga olinmaganini eslaydi. Ammo bu bilan erkaklarga qilinadigan zoʻravonliklar borligini yashirib boʻlmasdi… Shunchaki, ijtimoiy stigmalar tufayli koʻp hollarda ayoldan kaltak yegan erkak buni ochiqlay olmaydi, chunki bu qattiq uyat hisoblanadi. Bizda yana bir kichik narsani eʼtiborga olishmaydi, soʻkinish, haqoratlash, erning oldiga turli nafsoniyatga tegadigan tanlovlarni qoʻyish, xalq ichida sharmanda qilish bilan qoʻrqitish – mana bular ham zoʻravonlik asli. Erkaklar hatto jinsiy tajovuzning ham qurboni boʻlishlari mumkin. Davlat Statistika qoʻmitasi taqdim etgan maʼlumotga tayansak, 2019-yilda nomusga tegish yoki nomusga tegishga urinish jinoyatining 1,9 %i ayollar tomonidan sodir etilgan. Bu albatta, haqiqiy holatni yoritmaydi, chunki, jismonan ojiz hisoblanadigan ayol tomonidan zoʻrlangan erkakka bir tomondan ishonish qiyin, boshqa tomondan jamiyat uni erkak sifatida qabul qilmay qoʻyishi ehtimoli kattaligi sabab holatlar yashirilishi mumkin.

 

 

Biz har kuni zoʻravonlik qilishimiz mumkin, hammamiz – erkak ham, ayol ham, bolalar ham! Zoʻravonlik insonning qonida bor, faqat erkakkina zulmkor, deb qarash bizni yoʻldan chalkashtiradi. Erkaklarning koʻp tajovuzga qoʻl urishi, yuqorida aytganimiz – jismoniy kuch borasidagi ustunligidan deb bilish kerak. Agar bu kuch ayol zotida boʻlganda edi, zolim zoʻravon obrazi koʻproq ularga tushardi. Tasdiq sifatida keltirish mumkinki, ayolning ayolga nisbatan qiladigan zoʻravonliklari erkakning oʻz jinsdoshiga qiladigan tazyiqlari sonidan kam emas, faqat ularning aksariyati jismoniy kuch bilan emas, ruhiy yoki hissiy yoʻl bilan amalga oshiriladi. Shu bois zoʻravonlikka birinchi navbatda insondagi nuqson sifatida qarash kerak, erkak yo ayolga xos narsa deb emas. Negaki ayolga qilingan zulmga qarshi kurashish har qachongidan kuchli, biroq dunyo statistikasiga qarasak, aytarli oʻzgarishlar yoʻq. Yangiliklar “ayolga zoʻravonlik qilma” shiorlari bilan toʻlgan, biroq har qancha targʻibot kuchaymasin, holat yomonlashmoqda. Xulosa kelib chiqadiki, yechim notoʻgʻri fikrdan kelib chiqqan, demak, uni oʻzgartirish kerak, ana shunda nimalargadir erishish mumkin.

 

Javohir ERGASHEV

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19321
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16415
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi