“Byurokratiya insonning fikrlashiga qarshi ishlaydigan eng ayovsiz va dahshatli “qurilma” – Ibrohim Haqqul haqiqatlari


Saqlash
16:11 / 02.11.2023 722 0

Atoqli adabiyotshunos Ibrohim Haqqul jurnalimizning salkam o‘ttiz yillik faoliyati mobaynida hamisha unga maslakdosh bo‘lgan faol va inobatli mualliflarimizdan edi; talay yil tahrir hay’atining a’zosi sifatida ham yaqindan hamkorlik qilib keldi. Olimning navoiyshunoslikka, mumtoz hamda zamonaviy o‘zbek adabiyoti va jahon adabiyoti masalalariga oid ko‘pdan-ko‘p maqolalari, shuningdek, ijtimoiy-falsafiy mavzudagi dolzarb publitsistikasi jurnal sahifalarini bezaganini marhum safdoshimizning unutilmas xotirasi haqqi, minnatdorlik ila qayd etishni farz deb bilamiz.

 

O‘zbek adabiyotshunosligida Ibrohim Haqqulchalik sermahsul va ko‘p kitob yaratgan ijodkor sanoqlidir. Sadoqatli izdoshlari olimning ana shu ulkan ilmiy-ijodiy bisotidan asl ibratli fikrlarni saralab, “Ibrohim Haqqul haqiqati” degan nom bilan to‘plam nashr ettirdilar. Biz bu himmatga ofarin aytib, ziyoliman deganga har tomonlama manfaatli ushbu kitobni jamoatchilikka tanishtirarkanmiz, jurnalimizda undan chashna yoritmoqni lozim topdik.

 

Erkin A’zam

 

 

Fahm-u farosati o‘tkir ijodkorning birinchi “dushmani” – o‘zi! Boshqalar unga mehr-shafqat ko‘rsatib, asarini har qancha ko‘kka ko‘tarmasin, u baribir o‘ziga o‘zi birinchi g‘anim” bo‘lib qolaveradi.

 

•••

Ulug‘ odam beomon ruhiy zahmat, tushkunlik va nekbinlik mashaqqatlari ichidan yolg‘izlik marrasiga ko‘tariladi. Hamma narsa pul bilan o‘lchanadigan, mansab, vijdon va e’tiqod manfaat-u obro‘ga sotiladigan, muomala-munosabat samimiyati yemirilgan jamiyat kishilari davrasida vijdoni uyg‘oq ijodkor yanada yolg‘izdir.

 

•••

Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon, Usmon Nosir kabi san’atkorlarga ega adabiyot – buyuk adabiyot. Ularning ijodida o‘lmas va parchalanmas Turkiston ruhi hukmron. So‘nggi nafasiga qadar “Go‘zal Turkiston, senga ne bo‘ldi...” deya yurt dardiga darmon axtargan ular.

 

•••

Istaymizmi-yo‘qmi, haqiqiy yozuvchi shaxsiyati ochiqlikni xush ko‘radi. Shuning uchun u har qanday yopiq jamiyat bilan chiqisha olmaydi, hamma jabhada ochiqlik bo‘lishini xohlaydi. Bunday ijodkor, hatto ortidan bolta ko‘tarib yugursalar ham, o‘z so‘zi va jur’atiga sodiq qoladi.

 

•••

Menga qolsa, shoirlarni ikki toifaga ajratgan bo‘lardim. Birinchisi – vatan haqida qancha ko‘pirib satr tizmasin, siyrati baribir bo‘m-bo‘sh qofiyabozlar. Ikkinchi toifa esa, vatanini topgan yoki uni anglashga intilayotgan, yuragida vatani yashaydigan shoirlar. Bular, shubhasiz, she’riyatni qismat bilgan, qalb va vijdon amri bilangina qalam tebratadigan yuksak iste’dodlardir.

 

•••

Haqiqiy shoir ovozi – favqulodda uyg‘otuvchan ovoz.

 

•••

E’tiqod va unga sadoqat inson farzandini azal-azaldan kurashga undab kelgan. E’tiqodning fe’l-atvori hamma zamonlarda aytarli bir xil. U hech vaqt ehtiyot ko‘rpasiga burkanib yashamagan. Doimo uning murosasi – murosasizlik, qudrati – liqildoq haqiqatlarga suyanmaslikdir. Asosiy shiori – qarshilikni qarshilik kuchi bilan yengish.

 

•••

Dunyodagi eng kechirilmas qabohat – she’rini yolg‘onga ko‘ndirish.

 

•••

...O‘zni topish – g‘am-u alamlar salmog‘ini aniq his qilish hamdir. Jahonda g‘am ko‘p. Kulfat istalgandan ziyoda. Armon so‘ngsiz. Ammo ularni bag‘riga sig‘dirishga qodir yurak kam.

 

•••

Chinakam ozodlik bu – inson siyratining tashqi ta’sirlardan ozod bo‘lib, o‘z ko‘nglida mutlaq xo‘jayinga aylanmog‘idir.

 

•••

Bizning tanqidchi, adabiyotshunos va ijodkorlar orasida g‘alati bir qitmirlik mavjud: o‘zi tushunmagan asarlardan yo ayb axtaradi, yoki befarosatlarcha inkor etadi.

 

•••

Isyon ruhidan mahrum olomonni xohlagancha ezish, istagan yo‘sinda tahqirlash mumkin. U chidayveradi. Chidam – erksizlikning ikkinchi nomi.

 

•••

Tariximizdagi barhayot siymolarning deyarli barchasi eng og‘ir, eng murakkab shart-sharoitlarda ham aqlni kishanlardan ozod aylash, fikr hurligiga yetishish, vijdon erkinligiga yo‘l ochish uchun kurashgan.

 

•••

Yaqinda men bir yigitchani o‘zimcha rag‘batlantirgan bo‘lib, “Odam yoshlikda ko‘p narsani o‘qishga, bilishga urinmog‘i kerak”, desam, u “Yo‘q, domla, odam faqat naqd foyda chiqadigan narsaga vaqt sarflashi lozim”, dedi. Men bu gapni eshitib jimib qoldim. Demak, kitob o‘qishdan hech foyda yo‘q, kitobsiz ham yaxshi yashash mumkin, deb o‘ylaydigan va shunga qat’iyan ishonadigan avlod shakllanayotir!..

 

•••

Iniga cho‘p suqilsa, ari ham odamga yopishadi, talaydi. Yurt bosib olinsa, vayron etilsa, elning qoni to‘kilsa, hokimiyat zo‘ravonlikka, qaramlikka asoslansa, odam farzandi ari qadar qarshilik ko‘rsatmasinmi, arichalik ham qahri yo‘qmi uning?!

 

•••

Vatan avomlik balosidan forig‘ bo‘lganda qudratli yurtga aylanadi. Vatanda... hech kim olomondan tayanch axtarmasa – bu o‘lkaning har go‘shasi ma’rifat va ma’naviyat, tafakkur va haqiqat poytaxtiga aylangusi. Zero, millatning ulug‘ saodati va hurriyati ham shudir.

 

•••

Hayotda bosh haqiqatlar bor: Vatan, Tarix, Til, Xalq, Erk, Ishq... Bularning har biri qismatni hal etadigan tushunchalar. Shunday tushunchalarga umrini tikkandagina inson kurashchiga aylanadi. Shundagina hayotda nima muhim, nima nomuhim – xatosiz farqlanadi.

 

•••

“Vatandosh bo‘lmasa, vatan bo‘lmaydi”, deydi Ibn Arabiy. Demak, har qanday vatanning tarixi, buguni va kelajagi vatandoshlik tuyg‘usining qanday shakllangani, nechog‘lik kuch-qudratga ega ekaniga bog‘liq. Haqiqiy vatandoshlikdan mudom maslakdoshlik tug‘iladi. Maslakdoshlik esa o‘zni anglash va o‘ziga ishonishga, hech narsadan cho‘chimay, qo‘rqmay yashashga ruhlantiradi.

 

•••

G‘addor dunyo eng kurashchan shaxslarni-da charchatadi. Ko‘pincha shular ham yaxshi-yu yomon, yolg‘on-u rost, arzirli va arzimas – hamma-hammasiga etak silkigisi keladi. Ammo har qanaqa holatda ular ko‘nglida hayot sevgisi, yurt mehri, inson muhabbati chaqnab-charaqlab turadi.

 

•••

Adabiyot tarixiga bir nazar tashlang, talantsiz qalamkashlarda shijoat va kurashchanlik tuyg‘usi bo‘lganmi? Bo‘lmagan. Shuning uchun o‘zidagi ma’naviy kuch va imkoniyatga emas, balki boshqalarning shafqat va muruvvatiga suyanib, ich-ichdan yaltoqlanib yashagan. Iste’dodning tabiati esa boshqa. Uning kuch-quvvati – o‘ziga, eng og‘ir vaziyatlarda ham o‘z haqligiga ishonchda.

 

•••

Adabiyot – diyonatli yurak ishi.

 

•••

Adabiyot taqdiri yurt va millat taqdiri bilan uzviy bog‘liq. Millat ruhi butun murakkabligi va ziddiyatlari bilan avvalo adabiyotda aks etmog‘i lozim. Millatning qalb dardlariga ham dastlab so‘z san’ati malham topadi.

 

•••

Yozuvchi ham inson: qo‘rqadi, fikr-qarashini o‘zgartiradi, adashadi. Ammo adabiyot qo‘rqoqlikni ko‘tarmaydi. U tub mohiyatda adashmaydi, harakatdan to‘xtamaydi, har qanday qarshilik yo to‘siqni yengib yangilanaveradi.

 

•••

Adabiyotning ulkan vazifasi bor: u har qanday sharoitda ham, o‘zini himoya etolmaydigan, ma’naviy huquqlari toptalgan kishilar uchun kurashmog‘i shart. Adabiyotning o‘z ozodlik muhiti, dunyodagi jamiki yolg‘onlarga nafrati... bor.

 

•••

Agar bir-birini maqtab ko‘klarga ko‘tarishdan adabiyotga manfaat yetganida edi, hozir o‘zbek adabiyotidan ko‘ra taraqqiy topgan adabiyot bo‘lmasdi.

 

•••

Iste’dodsizlarning oldinga chiqishiga loqayd bo‘lmaslik kerak.

 

•••

Yashash uchun fikrlash boshqa-yu, fikrlash uchun yashash boshqa narsa.

 

•••

Mashhur turk shoiri Mehmed Akif Ersoy “Biz asarlarimizni nomusli oilalarda o‘qilishini ko‘zlab yozurmiz. Zotan, ijtihodimizga ko‘ra, adabsizlik boshlangan nuqtada adabiyot tugaydi”, degan edi. Axloq-odob buhroni adabiyotni tanazzulga mahkum aylashi shubhasiz. Ammo adabiyotni yemiradigan, o‘ldiradigan asosiy falokat iymonsizlik va e’tiqodsizlikdir.

 

•••

Millat ongi va axloqini illatlardan poklash uchun, eng avvalo, adabiyot tilyog‘lamalik va yolg‘ondan tozalanmog‘i kerak.

 

•••

Adabiyot hech qachon hech bir xalq qornini to‘ydirib, ust-boshini but qilmagan, qilolmaydi ham. Adabiyotsiz yashash mumkin, badiiy kitob o‘qimasa ham kun o‘taveradi. Ammo bu – kun emas, zulmat bo‘ladi! Ruh va ko‘ngil zulmati, aql va tafakkur qorong‘iligi! Boshqa nomlari ham bor uning: g‘aflat, jaholat, avomlik! Did, saviya va idrokni adabiyot tarbiyalamasa, nima tarbiyalaydi?!

 

•••

Axir, har qanday millat buyuk adabiyot sohibi bo‘lgandagina kurashchan, jasur, ma’naviyat va tafakkuri yuksalgan millat mavqeini egallaydi. Chunki millatning butun madaniy va ruhoniy yutuqlari, yaratuvchanlik salohiyati uning adabiyotida mujassamlanib, boqiylik kasb etadi.

 

•••

Adabiyotsiz yashashni ko‘zlash – millat qismati, ma’rifat, ma’naviyat, ruhoniyat borasidagi fikrlarning bari omonat va keraksiz deganidir... Holbuki, adabiyotga ishonch o‘ta mustahkam diniy-ilohiy ishonch qadar bezavoldir.

 

•••

Adabiyot qachon ruhiy qashshoqlik, soxta chechanlik ofat-u balolaridan o‘zini qutqazadi? Qachonki, haqiqatni haqiqat, yolg‘onni yolg‘on suvratida, qayg‘uni qayg‘u, shodlikni shodlik rangida ko‘rsata olsa; qachonki, nurni, yorug‘likni sharaflab, zulmat-u qorong‘ilikdan ko‘z yummasa, baxtni baxtsizlikdan ajratib, xursandlikni musibatga tobe ko‘rmasa!

 

•••

Adabiyotning hozirgi ahvoli... Kim nimani xohlasa, shuni yozayotir. Kim eplasa, o‘sha kitob chiqarayotir. Yaroqlisi qaysi, qay birlari yaroqsiz – bu xususda bosh qotiruvchi ham, gapiruvchi ham topilmaydi. Bu holat yana ma’lum muddat davom topsa, adabiy tanqid va adabiyotshunoslik nomini eslatishga ham hojat qolmas.

 

•••

Haqiqiy adabiyot – madaniy-ma’naviy tamali baquvvat saltanatning o‘ziga xos muhtasham ko‘zgusi bo‘lgani singari, erk, adolat, insonparvarlikka tayangan saltanat ham qon-u jonida haqiqat hissiyoti jo‘sh urgan adabiyotning odil g‘amxo‘ri hisoblanadi. Ilm-fan, madaniyat, san’at, ayniqsa, adabiyotning jamiyatdagi umumiy ahvoliga qarab, har qanday davlat yoxud hokimiyatning ichki dunyosi, ijtimoiy-siyosiy boshqaruvdan ko‘zlangan tub maqsadini bemalol anglasa bo‘ladi.

 

•••

...Sharqning buyuk farzandlari iymon va e’tiqoddan chekinishdan ko‘ra o‘lim tomon dadil bormoqni afzal va ustun ko‘rgan.

 

•••

Tarixga nazar tashlash – yurakka igna sanchishday bir gap, deyishadi. Agar ko‘zni kattaroq ochib, xalqimiz o‘tmishiga qaralsa, yurakka nayza sanchiladi. Chunki g‘am, alam, kulfat va tengsizlik shu qadar ko‘p!..

 

•••

Insonning fikrlashiga qarshi ishlaydigan eng ayovsiz va dahshatli “qurilma” bu – byurokratiya. U hur fikr va demokratiyaning jallodi erur.

 

•••

O‘zbek ziyolilariga xos bir xususiyat bor: haq so‘z uchun jazo berilmasligiga aniq ishonch hosil qilmaguncha, aksari haqiqatdan so‘z ochmaydi.

 

•••

Qo‘rquvning zanjirlari ko‘p. Haqsizlik va zulmdan qo‘rquv, amal va amaldordan qo‘rquv, jallod va josusdan qo‘rquv, hokimiyat va o‘limdan qo‘rquv – shunga o‘xshash yuzlab qo‘rquv kishanlaridan ozod bo‘lmagan xalqning qismati ayanchlidir. Bunday xalqqa “Qo‘rqmang!” deyish qo‘rquvga undash bilan barobar.

 

•••

Fikrda, ishda, yashashda hurlikka erishmoq – komillikning tamali ana shu. Balandparvozroq eshitilsa ham aytish kerakki, erkinlik yo‘li – ma’no va ma’naviyat, haqiqat va ruhoniyat yo‘li.

 

•••

O‘limni bilmoq – undan qo‘rqish yoki dunyo zavqi, hayot go‘zalliklaridan ko‘z yumib, qabrga yuz burmoq degani emas. Aksincha, tiriklik va go‘zallikni sevish, vaqtni g‘animat bilib, ezgu ishni kechiktirmay bajarish, foniy umrni yuksak haqiqatlarga bag‘ishlashdir. O‘limni Haq hadyasi sifatida qabul qilishga tayyorlanmagan kishi Ma’rifat sirlarini o‘zlashtirmoqqa ham rag‘bat etmaydi.

 

•••

Inson umri – ruhoniy olamdan borliq olamiga, undan yana oxirat dunyosiga muborak bir safardir. Shu sababdan ham uning hayoti va taqdir yo‘li bir hijrat, bir safar, bir xotira mazmuniga ega...

 

Tafakkur” jurnali, 2023-yil 3-son.

“Haqqul haqiqatlari” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19452
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16792
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi